Ijod – maʼnaviy hodisa…mi?

Bundan salkam 50 yil avval soʻz sanʼatkori Abdulla Qahhor Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Oʻtkir Hoshimovning “Choʻl havosi” qissasini oʻqib: “Birdan lov etib alanga bilan boshlangan ijod­ning kelajagi porloq boʻladi. …Shu alanga hech qachon pasaymasin, ijodingiz hech qachon tutamasin!” deb tilak bildirgan edi.

Oradan yillar oʻtdi. Buyuk Abdulla Qahhorning duolari ijobat boʻldi. Oʻzbek adabiyotida yozuvchi Oʻtkir Hoshimov qalamiga mansub goʻzal qissalar va hikoyalar paydo boʻldi. Bu asarlar asosida suratga olingan videofilmlar yillar davomida zangori ekrandan tushmay, xalqimizning oltin merosiga aylandi. Urush degan baloning inson hayoti va ruhiyatidagi tajovuzkorona “aksi” – “Ikki eshik orasi” romanida mohirona “chizib” berildi. Oʻtgan asrda xalqimiz boshiga tushgan fojealar, adolatsizliklar va buning oqibatida toptalgan taqdirlar “Tushda kechgan umrlar” romanida aks ettirildi. Yoki…

Bir soʻz bilan aytganda, “alanga pasaymadi”. Ishonamizki, oʻzbek kitobxoni bu “alanga” taftidan hali uzoq yillar bahramand boʻlajak.

 

– Adabiyot insonni bedorlikka undaydi. Tiriklik puchmoqlaridan maʼno, mohiyat axtarishga oʻrgatadi. Bu “axtarish” jarayoni esa insonga oʻzini tanitadi. Zero, oʻzni tanimoq, Oʻzlikni anglamoqdir! Shu maʼnoda, haqiqiy ijodkor ruhiyat muallimidir.

Chinakam badiiy asar oʻquvchi ruhiyatini yuksaltiradi. Hayajonga soladi. Asar qahramoni yigʻlasa qoʻshilib yigʻlaydi, iztirob cheksa u ham iztirobga tushadi. Kitob oʻquvchining hayotiga, oʻquvchi kitob sahifalaridagi “hayot”ga aralashib ketadi. Siz yozibsizki, “Shunday asarlar yozsangki, kitobxon uni oʻqiganda hamma narsani unutsa. Asar qahramonlari hayoti bilan yashasa. Quvonsa, iztirob cheksa…”. Nazarimda, bu orzuga  erishish yozuvchi uchun eng buyuk baxt va eng yuksak natija boʻlsa kerak.

Bugungacha yozgan kitoblaringiz ichida ana shunday “natija”ga erishgani qaysi deb oʻylaysiz? Umuman, soʻnggi yillarda adabiyotimizda sizni oʻquvchi sifatida hayajonga solgan, yozuvchi sifatida havas uygʻotgan asarlar paydo boʻldimi? 

– Savolingizning birinchi qismiga men emas, kitobxon javob qilgani maʼqul. Menga qolsa, ikkita hakam – Kitobxon va Vaqt sinovidan eson-omon oʻtgan asar – haqiqiy asar boʻladi. Savolning ikkinchi qismiga kelsak… Oqqan daryo oqaveradi. Adabiyot asrlar davomida yashab kelgan va bundan keyin ham yashayveradi. Oʻquvchini hayajonga solayotgan asarlar bor. Birini aytsak ikkinchisi xayoldan koʻtarilib, ukalarim va singillarimni ranjitib qoʻyishdan istihola qilaman. Yozuvchilar bogʻida boʻlgan yoshlar seminarida juda puxta shoirlar va yosh adiblar borligini koʻrib, boshim osmonga yetdi…

– Sizning asarlaringizdagi qahramonlarning aksariyati xatolari uchun jazo tortishga mah­kum etilgan. Misol uchun, “Bahor qaytmaydi” qissasidagi Alimardon, “Ikki eshik orasi”dagi Raʼno yoki “Tushda kechgan umrlar”dagi Komissar. Yozuvchi qahramonlariga “jazo tayinlash”da oʻz ruhiyatidan kelib chiqadimi yoki voqealar silsilasi buni taqozo qiladimi?

– Siz aytayotgan asar qahramonlari qismati anchayin murakkab. Agar muallif “dunyoda yaxshilik taqdirlanadi, yomonlik jazolanadi”, degan qadimiy aqidani shior qilib olsa, u nasihatgoʻyga aylanib qolar edi. Asar yozilayotganida qahramonlar muallif boshida oʻylagan “koʻcha”dan emas, butunlay boshqa tomon yurib ketishi mumkin. Menga desa Alimardon tirik qolsa ham asarning taʼsir kuchi pasayib qolmas edi. Biroq u siz bilan men oʻylagandan koʻra murakkabroq shaxs. Unda xudbinlik bilan birga mardlik ham bor. U birovdan magʻlub boʻlib yashagandan koʻra hayotdan ketishni afzal koʻradi. Uni men emas, oʻzi halok qildi. “Tushda kechgan umrlar”dagi Komissar esa yetmish yillik zulm saltanatining timsoli. Oddiy emas, oʻta xavfli manqurt! Eng muhimi, oʻquvchi asardagi odamlar (“personajlar” emas, aynan ODAMLAR) qismatiga ishonsa, hayajonga tushsa, adibga shunisi kerak!

– XX asrni qaritgan “…izm”lar insoniyat boshiga mislsiz kulfatlar keltirdi. Inson ruhi, qalbi va maʼnaviyati siyosiy mafkuraning quliga aylantirildi. Gʻayriislomiy va gʻayriinsoniy gʻoyalar doyaligida “pioner”, “komsomol”, “kommunist” singari mavjudotlar tugʻildi. Mavjud siyosiy mafkura bilan “oziqlanib” ulgʻaygan bu avlodlar goʻyoki odamiyatning ideal vakillariga aylandi. Tabiiyki, ana shunday vaziyatda bu “vakillar” urush maydonlaridan, mehnat lagerlaridan, choʻlu sahrolardan badiiy kitob sahifalariga koʻchdi. Adabiy qahramonlarga aylandi. Ayni holat oʻzbek adabiyotida ham shaklan milliy, mazmunan “…izm”lar gʻoyasini tarannum etuvchi asarlar paydo boʻlishiga olib keldi.

Bugun bu achchiq tarixni eslab, hech kimni malomat qilmoqchi emasmiz. Zero, haqiqiy yozuvchi oʻz davrining vijdoni, millatining ovozidir! Agar bu “vijdon” ogʻrimasa, agar bu “ovoz” yolgʻon ohanglar taratsa… bu endi boshqa masala. Aytmoqchi boʻlganimiz: ne tongki, oʻzbek adabiyotida ana shu gʻoyaviy ur-surlardan omon chiqqan asarlar talaygina. (Bu – nihoyatda jiddiy va quvonlarli holat) Jumladan, sizning asarlaringiz ham bu dolgʻali davr sinovlaridan deyarli talofatsiz chiqdi. Albatta, bu haqda adabiy tanqidchilarimiz ham ancha-muncha yozdilar. Ularning eʼtiroficha, bu yozuvchining rostgoʻyligi bilan bogʻliq ekan. Ayting-chi, yozuvchining “rost yozishi” degani nima oʻzi?

– Hozir men uchun eng muhim va eng qiyin jarayon – tanlangan asarlarni tanlash boʻlayotir. Ijod degani betakror boʻlmogʻi kerak. Roman va qissalar, sahna asarlari va hikoyalar, hajviyalar va badialar orasidan eng yaxshilarini tanlash va ular bir-birini tak­rorlamasligi shart. Yaratganga shukronalar qilaman: badiiy asarlarning hammasi iloji boricha Inson haqida, uning qismati haqida yozilgan ekan! (Ularning badiiy saviyasi har xil boʻlishi mumkin, eng yaxshilari, yaʼni bugungi kitobxonni ham oʻylatadiganlarini tanlash kerak). Xullas, oʻsha asarlarni qayta koʻr­ganimda butun-butun boblarni qaytadan yozish, ayrim qahramonlar qismatini “oʻzgartirish” yoki asardan umuman chiqarib tashlash zarurati boʻlgani yoʻq. Biroq oʻsha paytdagi ayrim tushuncha va soʻzlarni toʻgʻrilash kerak boʻldi. Deylik bugungi kitobxonga “telefon budkasi”, “telefon trubkasi”, “avtobus toʻxtash joyi”, “student”, “ikkinchi kurs”, “rayon”, “uzel”, “uchastka”, “perashka” deganga oʻxshash soʻzlar begona. Ammo bular shunchaki, yoʻl-yoʻlakay tuzatiladigan detallar xolos.

Rostgoʻylik masalasiga kelsak. Bu prinsip bizning avlodga Qahhor domla va Ozod domlalardan yuqqan. Abdulla Qahhorning yaxshi taʼbiri bor, eshitgansiz: “Adabiyot – atomdan kuchli, uning kuchini oʻtin yorishga sarflamaslik kerak”. Ustozning tagʻin bir goʻzal tashbehi bor edi. “Haqiqiy yozuvchi SOʻZni tonnalab olib, grammlab sotadi!” Bunga kim qanchalik erishgani yoki erishmaganini aytolmayman. Biroq asarda har bir soʻz, har bir jumla maʼno tashishi va jaranglab turishi kerak.

Ijodkor degan nomga munosib boʻlish uchun avvalo isteʼdod kerak. Isteʼdod degani esa pulga sotilmaydi yoki uni  oʻqib oʻzlashtirib boʻlmaydi. Bu jihatdan yozuvchilik qalb amri bilan bogʻliq jarayon. Shuning uchun boʻlsa kerak, yozuvchilikni “koʻngil ishi” deydilar. Harqalay, adabiyotimiz dargʻalari ana shu aqidaga binoan faoliyat yuritganlar. Yaʼni, bu zotlar boshqa kasb bilan tirikchilik qilib, boʻsh vaqtlarida “koʻngil ishi” bilan mashgʻul boʻlishgan. Darvoqe, ular “koʻngil ishi” uchun birovdan qalam haqi ham olmaganlar. Ammo keyinchalik yozuvchilik tom maʼnoda ijtimoiy-maʼnaviy masalaga aylanib qoldi…

– Ijod – chindan koʻngil ishi. Haqiqiy yozuvchi Xudo koʻngliga solganini yozadi. Soʻzning ilohiyligi, badiiy ijodining qudrati ham shunda. Toʻgʻri, Alisher Navoiy hazratlaridan tortib Maxmurgacha barcha ijodkorlar biron davlat ishida faoliyat koʻrsatgan yoki maʼlum hunar egasi boʻlganlar. Muqimiy xattot, Gulxaniy hunarmand, Zavqiy mahsidoʻz, Ogahiy mirob, Avaz Oʻtar sartarosh, Maxmur sarboz boʻlgan. Biroq haqiqiy ijod hech qachon “shaxsiy masala”, “koʻngil ishi” boʻlib qolgan emas. Agar shunday boʻlsa, shoir yozgan sheʼrini oʻzi sevgan mahbubasiga, adib esa romanini ulfatlariga oʻqib bersa, shu bilan kifoya qilgan boʻlur edi. Qalamkashlar asarlarini kitob qilib chiqarib ovora boʻlib yurmasdi.

Endi savolingizning ikkinchi qismi – ijod ahli mehnatini ragʻbatlantirish masalasiga kelsak. Hazrat Navoiy bilan shoh Boburga til tekkizmay qoʻya qolaylik. Navoiy hazratlari ulkan saltanatning bosh vaziri boʻlganlar. Vaqti kelsa, sulton Husayn Boyqaroning oʻzi ham Mavlonodan qarz olib turgani haqida gap-soʻzlar yuradi. Bobur esa oʻz nomi bilan shoh boʻlgan. Binobarin, ular qalam haqiga ehtiyoj sezmaganlar. Bundan tashqari, ushbu allomalarning asarlarini xattotlar nari borsa, yuz nusxa, ming nusxada koʻchirganlar. Siz aytgan boshqa shoirlar ham qalam haqi nimaligini bilmaganlar. Ammo ayting-chi, koʻzi tirikligida Gulxaniyning nechta kitobi chop etilgan? Muqimiyning-chi? Ogahiy, Zavqiy, Avaz Oʻtar, Maxmurning nechta kitobi necha ming nusxada chiqqan va necha yuz mingga sotilgan?

Bugungi kunda kitoblar (haqiqiy badiiy asarlarni nazarda tutayapman) oʻn minglab nusxada chop etilib, millionlarga sotilyapti. Yaʼni, kitob – tovarga, tovar esa – pulga aylanyapti. Bu – tabiiy hol. Adib asar yozmasa, nashriyotga olib bormas edi. Nash­riyot uni kitob qilib chiqarishdan moddiy manfaat koʻrishga koʻzi yetmasa, tahrir qilmasdi. Matbaa korxonasi foyda koʻrmasa oʻn minglab, yuz minglab nusxada chop etmasdi. Kitob savdosi foyda koʻrmasa, “erkin narxda” sotmasdi. Demak, yozuvchining “koʻngil ishi” faqat maʼnaviy emas, moddiy boylikka ham aylandimi? Uning mehnatidan boshqalar ham ozmi-koʻpmi naf koʻryaptimi? Shunday ekan, kitobdan boshqalar qatori muallif ham moddiy manfaatdor boʻlishga haqli. Negaki asarni yoʻq joydan bor qilgan muallifdir.

Jahon qonunchiligida, jumladan “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar toʻgʻrisida”gi Qonunda muallifga kitob nominal bahosining oʻn foizigacha haq berish mumkin, degan mezon bor.

Bugun hamma yerda boʻlgani kabi bizning mamlakatda ham kitob nashr etish butun bir industriyaga aylangan. Bu esa yozuvchilik qandaydir “shaxsiy yumush” emas, jiddiy, maʼnaviy, ijtimoiy hodisaga aylandi, degani. Negaki, kitob oʻn minglab xonadonlarga kirib boradi va kitobxonlar ongini shakllantiradi.

–  Oʻtkir aka, rostini aytsam, yuqoridagi mulohazalarni endi berilajak savolga zamin hozirlash  uchun aytgan edim. Haqiqatdan ham yozuvchilik “shaxsiy yumush” emas. Chunki bu “yumush” oʻn minglab xonadonlarga kirib borar ekan, endi u ijtimoiy-maʼnaviy ahamiyat kasb etadi. Agar mana shu talab nuqtai nazaridan qaraydigan boʻlsak, keyingi paytlarda paydo boʻlayotgan ayrim “asar”lar kishini tashvishga soladi. Deylik, hamyoni baquvvatroq bir oʻrtoq “koʻngil ishi”da – “roman” yozadi. Xarobgina “roman”ni nashriyot muharriri “uh” torta-torta tahrir qilib chiqadi. Matbaa korxonasi chop etadi. Kitob savdosi “roman”ni sotadi. Qarabsizki, “asar” kitobxonga yetib boradi va… endi, natijani siz ayting.

– Adabiyotimiz ravnaqi uchun muhim ahamiyat kasb etadigan bosqich, bu – qalamkash va nashriyotning aloqasi masalasidir. Bugungi kunda Respublikamizda oʻnlab nashriyotlar, yuzlab bosmaxonalar faoliyat koʻrsatmoqda. Qonunga binoan layoqatli har bir yuridik yoki jismoniy shaxs noshirlik faoliyati bilan shugʻullanishga haqli. Ommaviy axborot vositalari singari nashriyotlar ham koʻp boʻlgani yaxshi. “Sharq”  nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi, “Oʻzbekiston”, “Yangi asr avlodi”, Gʻafur Gʻulom nomidagi va boshqa  nashriyotlar bilan bir qatorda bir qancha nodavlat va xususiy nashriyotlar ham bor. Insof bilan aytganda, ularda ham yaxshi-yaxshi kitoblar nashr etilmoqda. Masalan, “Mumtoz soʻz” nashriyotida…

Afsuski, noshirlar orasida bozor boshida oʻtirib olgan chayqovchilarni eslatadiganlari ham yoʻq emas. Yuqorida aytilgan, yozuvchilikning koʻchasiga kirmagan “adib”larning bozorini chaqqon qilayotganlar shunday noshirlardir. Ular eshikdan kirib kelgan muallifning isteʼdodi, yozgan asarining badiiy quvvatiga emas, choʻntagiga qarab baholaydilar. Bir tanishim shunday nashriyot direktorining xonasiga kirib, tasodifan guvohi boʻlgan hangomani aytib bergan edi.

Shunday qilib, bashang kiyingan bir odam xonaga kiradi va direktorga “zoʻr roman” yozib tashlaganini, shuni tezroq va chiroyliroq kitob qilish kerakligini, taxminan besh ming nusxada chop etishning “xarajati” qancha boʻlishini soʻraydi. Nashriyot rahbari kitob oʻrtacharoq hajmda boʻlsa, shuncha tirajdagi nashr bahosi taxminan falon soʻmlarga tushishini, shuning uchun oʻn besh-yigirma foizini oldindan “predoplata” qilish lozimligini aytadi. Boyagi “klassik adib” diplomatidan bir salapan xalta pul chiqarib, “mana, oʻsha “predoplata”, uch oyda kitobimni chiqarsangiz, qolganini olasiz”, deydi.

Bilmadim, balki bu anchayin oshiribroq aytilgan gapdir. Qolaversa, bozor iqtisodi sharoitida noshirlarga ham oson emas. Jamoaga maosh berishi, qogʻoz sotib olishi kerak, yana allaqancha xarajatlar bor. Lekin u “roman” qoʻltiqlab kelgan oʻsha “janob”dan “baraka topgur, oʻzingiz kimsiz, avval biron satr yozganmisiz, qoʻlyozmangizni kim oʻqidi, kim tavsiya qildi?” deb soʻrashi kerak-ku! Yo buyogʻi “taka boʻlsin, sut bersin”mi? Oʻsha romannavis muallifda Xudo yuqtirgan isteʼdod boʻlsa-ku, haloli boʻlsin! Isteʼdod boʻlmasa-chi? Roman yozish gʻisht quyish emas-ku! Lev Tolstoydek daho adib yetmish yil faol ijod qilganiga qaramay nima uchun bor-yoʻgʻi uchta roman yozgan? Xohlasa, yetmishta romanni qoyil qilib tashlashi mumkin edi-ku! Oʻzimizning ustozlar – Abdulla Qodiriy, Oybek, Abdulla Qahhor, Gʻafur Gʻulom, Said Ahmad, Asqad Muxtor, Shuhrat domla, Hamid Gʻulom, Mirzakalon Ismoiliy, Odil Yoqubov, Pirimqul Qodirov, Oʻlmas Umarbekovlar ham xohlasa besh-oʻntadan roman qoldirishi mumkin edi-ku! Nega bunday qilishmagan? Gap shundaki, roman yozish uchun roman tafakkuri, roman qamrovi kerak. Qolaversa, uch yuz yoki besh yuz sahifaning hammasini bab-baravar yoritib turadigan qalb alangasi kerak! Kitobxonni larzaga soladigan insonlar qismati, xalq va jamiyat hayotining katta qatlamini tasvirlash zarur. Oxir-oqibat oʻsha asar kitobxonning maʼnaviy mulkiga aylanishi kerak. Badiiy adabiyot degani shunchaki “shaxsiy kuzatuvlar” yoki oldi-qochdi “voqeanavislik” emas!

Ustoz Abdulla Qahhorning bir gapi bor edi. “Uchuvchilikni bilmagan odamni samolyot shturvaliga yaqin yoʻlatmaydilar. Ammo yozuvchilikning koʻchasiga kirmagan odam “asar” yozib tashlasa, hech kimning ishi yoʻq!” Isteʼdodi mundayroq boʻlsa ham “qoʻli uzun yozuvchi”ning “shedevr” kitobini qanday qismat kutadi? Bu holat ikki xil boʻlishi mumkin: kitob chiqqach, yillab doʻkonlarda chang bosib yotadi yoki aksincha, muallifning “taʼsiri” bilan sotilib ketadi. Ammo har ikki holatda ham bunday “ijod namunasi”ning foydadan koʻra zarari koʻproq boʻladi. Sababi, u kitobxonni haqiqiy adabiyotdan chalgʻitadi. Xalqqa maʼnaviy zarar keltiradi. Shu kitob oʻrniga bosilishi mumkin boʻlgan boshqa isteʼdodli asarlarning yoʻlini toʻsadi. Bunisi ham maʼnaviy zarardan boʻlak narsa emas.

“Samizdat” degan tushuncha boshqa mamlakatlarda ham bor. Mayli, kimdir “nom qoldirish” uchun kitob chiqarmoqchi ekan, bunga yoʻl berish kerakdir. Biroq bunaqa kitoblar isteʼdodli qalamkashlar, ayniqsa yosh ijodkorlarning asari oʻrniga chiqmasligi kerak.

Yurtboshimiz taʼkidlaganidek, “Bugungi kunda nashriyotlarga toʻla erkinlik berilgan, ularning faoliyatiga hech kim chetdan turib aralasha olmaydi. Lekin ana shu erkinlikni toʻgʻri tushunish, masalaga masʼuliyat bilan yondoshish darkor. Yaʼni, faqat iqtisodiy manfaat ortidan quvib, badiiy jihatdan zaif, milliy maʼnaviyatimiz, qadriyatlarimizga toʻgʻri kelmaydigan, adabiyotning obroʻsini tushiradigan kitoblar nashr etilishiga yoʻl qoʻymaslik kerak!”

Koʻpchilik qalamkashlarni tashvishga solayotgan bu masalaga davlatimiz rahbarining oʻzi bu qadar oydinlik kiritgani jiddiy gap!

Albatta, soʻz erkinligi, hurfikrlik ulugʻ tushuncha. Bu oʻrinda gap taqiqlash, “senzura qilish” haqida ketayotgani yoʻq. Biroq isteʼdodi bormi-yoʻqmi, xohlagan odam xohlagan “asarini” yozaversa, xohlagan noshir xohlagan kitobini bosaversa, xohlagan “savdo xodimi” xohlagan kitobini xohlagan joyida “erkin narx”da sotaversa, bular maʼnaviyatga qanday taʼsir qilarkin?

– Modomiki, oʻquvchiga asar taqdim qilish, kitob nashr etish jarayoni shu qadar masʼuliyatli ekan, endi tayyor kitobni sotish muammosi ham chakana masala emas. Zero, millat maʼnaviyatiga, maʼrifatiga daxldor masalalarga shunchaki qarab boʻlmaydi.

– Kitob savdosi – adabiyot taraqqiyotida muhim rol oʻynaydigan masala. Tan olishimiz kerak, kitob savdosi sohasida ham muammolar yetarli. Albatta, kitob savdosini toʻgʻri va  oqilona yoʻlga qoʻygan tashkilotlar yoʻq emas. Masalan, “Sharq ziyokori” kitoblar markazi faoliyati koʻp tomonlama oʻrnak boʻlarlidir. Bu yerda “Sharq” nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi bosh tahririyati tomonidan chop etilgan kitoblargina emas, boshqa nashriyotlarning mahsulotlari ham sotiladi. Markazning hamma viloyatlarda boʻlimlari bor. Hozir Toshkentdagi bir necha oliy oʻquv yurtlarida kitob savdosi tashkil etilmoqda. Muhimi, markaz tasarrufidagi tarmoqlarda kitoblar qatʼiy belgilangan narx bilan sotiladi. Bu masalaga alohida toʻxtalishga toʻgʻri keladi.

“Bahosi erkin narxda” degan, bosh-ketining tayini yoʻq tushuncha mavjud ekan, odamlarga maʼqul kitoblar savdosida mantiqqa zid vaziyatlar paydo boʻlaveradi. Noqulay boʻlsa ham bir misol aytishim mumkin. “Sharq” kompaniyasida chop etilgan bir kitobimning “nominal bahosi” ikki yarim ming soʻm deb belgilangan edi. “Sharq ziyokori”dan oʻzim ham shu bahoda sotib oldim. Oradan koʻp oʻtmay, shahar markazidan taxminan besh chaqirim naridagi bir joyda shu kitobning oʻzi yetti ming soʻmdan sotilayotganini koʻrib hayron qoldim. Tasavvur qiling, kitobni bir doʻkondan sotib olib, nariroqqa borib sotayotgan “ishbilarmon” har bir kitobdan uch hissa “daromad qilsa” va bu bir necha yil ijod qilib, asar yozgan muallif olgan qalam haqidan anchagina koʻp boʻlsa, gʻalati tuyular ekan. Yana talay el sevgan adib va shoirlarning kitobi ham turli joylarda ikki-uch hissa qimmatiga pullanayotganini koʻrdim. Albatta, kimdir sening mehnating mevasidan ozmi-koʻpmi manfaatdor boʻlsa, Xudoga shukr qilmoq kerak. Biroq insof sari baraka, degan gap ham bor.

Menga qolsa (boshqa hamkasblar ham bu fikrga qoʻshiladi, deb oʻylayman) kitobim qancha arzonroq sotilib, qancha koʻproq oʻquvchiga yetib borsa, shuncha yaxshi. Demoqchimanki, kitob savdosi masalasida ham toʻplanib qolgan ancha muammolar bor. Mamlakatimizning chekkaroq shahar va qishloqlarida kitob doʻkonlari yoʻqligi, borlari ham yopilib, oʻrniga boshqa narsalar sotiladigan savdo  “tochkalari”ga aylanib ketgani juda jiddiy muammo. Kitob narxini nazorat qilish ham allaqachon yetilgan masala. Bu oʻrinda “bozor iqtisodi”ning “erkin narx” degan tushunchasi oʻzini oqlamaydi. Jahon tajribasidan  oʻrgansak boʻladigan misollar bor. Deylik, Germaniyada har yili aholi jon boshiga oʻrtacha yuz dollarlik kitob xarid qilinadi. (Kattalar va bolalar adabiyotini qoʻshib hisoblaganda). Eng muhimi – u yerda kitob qatʼiy narx bilan sotiladi. Xuddi aptekadagi dori-darmonlarni belgilanganidan qimmat sotish mumkin boʻlmagani kabi kitobni ham “ustama narx” qoʻyib pullagan sotuvchi qonun oldida javob beradi! Menimcha, bu tajribani ham oʻrgansak zarar qilmaydi.

Xulosa qilib aytish mumkinki, qalamkashlik shunchaki havas uchun qogʻoz qoralash emas. Adabiyot – hali aytganimizdek jiddiy maʼnaviy-ijtimoiy hodisa, maʼnaviyat binosini tutib turgan ustunlardan biri. Ijodkor esa xuddi qadimiy yunon afsonalaridagi atlantlar kabi oʻsha ustunni yelkasida koʻtarib turishga mahkum. Zero, ijod – vaqti-vaqti bilan sayribogʻ qilinadigan “shon-shuhrat” gulshani emas, zavqli, ayni paytda ogʻir va masʼuliyatli yumushdir.

 

Suhbatdosh:  Alisher NAZAR                            

 

“Yoshlik”, 2011 yil, 3-son

https://saviya.uz/hayot/suhbat/ijod-manaviy-hodisa-mi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x