“Eng qora ish, eng toza ish – bizning ishimiz”

Bolalik yillarimni eslaganimda olmazor hovlimiz ayvoni oldida uzun qilib tortilgan patgilamning oʻrmagi koʻz oldimga keladi. Oʻrmakning kuzuvini onam bogʻlar, (odatda kuzuvni asosan kayvonilar, ishining ustasi boʻlgan chevarlar bogʻlaydi) biz uning turini (oʻrmak iplari) yugurardik.

Keyin onam “Bismillahir rohmanir rohiym” deb ot ustida oʻtirgandek oʻrmakning ustiga oʻtirib toʻqishni boshlar, onamning har qilich qoqib, bir yoʻl arqov oʻtkazganlarida patgilamning gullari ochilib, kattarib, toʻlishib borishini havas bilan kuzatar, oʻzim ham onam bilan basma-bas patning turini chalishardim. (Yerda tortilgan patgilamning oʻrmagi ikki tarafda oʻtirib toʻqiladi) Bilasizmi, oʻshanda hali maktabga borib-bormagan vaqtlarim edi.

Onam bilan yonma-yon oʻtirib oʻrmak toʻqirdik, iroqi doʻppilarning iroqisini tikardik. Mana bu toʻrtliklar oʻshanday paytlar, onamning oʻrmak toʻqib yoki doʻppi tikib oʻtirib aytgan xirgoyilaridan esimda qolgan:

 

Iydirgin mardga meni,

Kuydirgin mardga meni.

Alloh, Alloh, zorim eshit,

Suydirgin mardga meni.

 

Yoki:

 

Talh hijronni yutgayman,

Kuyib noma bitgayman.

Seni nafaqat tirik,

Qabrimda ham kutgayman.

 

Onamning ovozi shirali, xirgoyilari chiroyli edi. Bu satrlarning maʼnosini chuqur tushunmasam-da, u kishiga qoʻshilib xirgoyi qilib oʻtirganlarimni kuni kechagiday eslayman.

Muhitda gap koʻp.

Otamning Abdurahmon bova, Rajabov bova, Abdumoʻmin bova, Eshon bova kabi yetti-sakkiz nafar qadrdonlari har oʻn, oʻn besh kunda uyimizda kitobxonlik qilishardi. Bu suhbatlarda Navoiy, Fuzuliy, Bedil singari ulugʻlarimiz gʻazallaridan tashqari ishqiy, sarguzasht dostonlar ham oʻqilardi. Goʻroʻgʻli, Kuntugʻmish, Avazxon, Alpomish kabi dostonlar qahramonlari otamning doʻstlari singari menga ham qadrdon boʻlib qolgandi. Bu kitobxonlik kechalarida dostonu gʻazallarni koʻproq otam Ummatqul Xudoyberdi oʻgʻli oʻqirdi. Chunki u kishining ovozlari baland, qiroatlari yoqimli edi. Bu ovozni hali-hanuz baʼzan tushlarimda eshitganday boʻlaman.

Bunday kechalarda men doim otamning yoniga suqilib kirib olib, xayolan Barchinga aylanardim. Boychiborga dardimni aytardim. Xullas, dostonlar olamida yashardim.

Bu dostonlarda yengilmas kuch, qudrat timsoli Hazrat Ali oʻzi bilan “Yengsang senga tegaman, yengilsang oʻldiraman” sharti bilan kurashga tushgan Zufununni yengar va uni shu muzofotga hokim qilib qoldirib, oʻzi yangi muzofotlarni zabt etish yoʻlida ot solib ketardi.

Men Hazrat Alining yollari boʻron yangligʻ guvillab ketayotgan qorabayir otining har yelkasi bir muzofotni koʻtarib ketayotganiga ishonib yashardim. Bu vaqtlarda otam bogʻbon, onam pillachilik agronomi boʻlib ishlardi.

…Ozgina ortga qaytamiz.

Oʻz onam Sharofat Xonnazar qizi paxta dalasidagi oʻqariqdan dorilangan suv ichib qoʻyib, oʻttiz besh yoshlarida olamdan oʻtganlarida men ikki yoshga yetmagan goʻdak ekanman. Shunda amakim Ummatqul Xudoyberdi oʻgʻli bilan xolam Qarshigul Xonnazar qizi meni oʻz tarbiyasiga olgan ekanlar. (Biznikilar aka-uka, opa-singillarga uylanishgan ekan).

Men oʻz onamni eslay olmayman. Hatto birorta suratlari ham qolmagan. Bu dunyoda kun koʻrmay, yosh ketgan onajonimning huru gʻilmonlarga qoʻshilgani rost boʻlsin.

Ammo amakim (“amaki” deganim uchun Xudo meni kechirsin, chunki men dunyoda farzand uchun u kishidan mehribonroq ota boʻlishiga ishongim kelmaydi) va xolam tufayli hech bir kamim yoʻq edi. Xoladan onaning hidi kelarkan. Bu ikki jannatmakon insonlar – amakim bilan xolam meni onam dunyodan oʻtgan kundan boshlab oʻzlarini “ota, ona” deyishga oʻrgatishgan ekan. Joylari jannatda, tuproq toʻshaklari pardan boʻlsin ularning. Ular hali-hanuz yer ostida yotib ham meni qoʻllayotganlariga ishonaman.

Shunday qilib, onam agronom boʻlib ishlayotgan yillarga kelgandik. Haqiqiy mehnat hamma zamonlarda ham oʻz qadr-qimmatini topadi. Onaizorimning 3-4 marta Moskvaga, sʼyezdga delegat boʻlib borib kelganlarini eslayman.

Onamning toʻq koʻk rangli oti boʻlib, peshonasida katta oq qashqasi boʻlardi. Shuning uchunmi uning nomi “Ola qashqa” edi. Otning koʻzlari shunday aqlli ediki… Keyin men umrim davomida bunday otni boshqa uchratmadim. U haqiqatan ham shunday betakror xushsurat otmidi, yo bolalikning koʻzlari katta boʻladi, deganlariday bu mening bolalik tasavvurimmidi, bilmayman… Shuning uchun ham birinchi sheʼrimni 7-sinfda oʻqib yurganimda shu otimizga bagʻishlab yozganman va bu sheʼr tuman gazetasida bosilgan.

Qishloqda nima koʻp – ish koʻp. Kunduzlari maktabga, pillaga, dalaga, paxtaga… xullas, tinim bilmasdik. Kechasi yozishga odatlangandim. Tarki odat – amri mahol. To hanuz asosan tunda ishlayman. Garchi uyqusizlik sogʻlikka zarar ekanini bilsam-da, tunda maza qilib ishlayman. Har qalay, tunda hech kim sizga xalaqit bermaydi. Maktabda oʻqib yurgan vaqtlarimda ham yarim kechasigacha oʻtirib yozaverardim. Bu hol onamning jahlini chiqarar, xonaning chirogʻini oʻchirib, meni yotishga buyurib chiqib ketardilar. Shunday paytlarda onamning uxlab qolishlarini kutib yotardim. Shu yotishda xayolimda bir-ikki sheʼrni toʻqib qoʻyardim-da, keyin sekin turib qogʻozga tushirardim. Chiroqning yana yonganini koʻrgan onam yana kelar, endi yotib uxlamasam otamni uygʻotishini aytib qoʻrqitardilar. Bu hol 2-3 martadan qaytariladigan kechalar ham boʻlardi.

Rahmatlik onaizorim haqida keyingi yillarda Lila opa degan tatar qoʻshnimiz (ular onam bilan egachi singilday qadrdon edilar) aytib bergandi. Oʻsha yillarda onam qoʻshnilarga chiqib kuyinarkan: “Kechasi bilan oʻtirgan bola ertalab yuzini yuvib maktabga chopqillab ketaveradi. E, Xudoyim-ey, nima qilsam ekan, bolam bechora uvuz etida kuyib ketayapti”.

Yildirim yillar bir-birini quvib shu alfozda oʻtaverdi. Maktab davri tugab, betakror talabalik yillarim boshlandi. Jurnalistika fakultetining birinchi kursida oʻqiyotganimda “Ilk muhabbat” nomli kitobim chop etildi. Bu kitob shunchalar katta mehr-muhabbat bilan kutib olindiki, buning uchun muxlislarimdan, ayniqsa, universitet domlalari – ustozlarimdan minnatdorman. Ularning bir yutugʻimga oʻn yutuq qoʻshib maqtashlari, baʼzan imtihon paytlari Rasul Hamzatov, Silva Kaputikyan yoki Eduard Mejelaytisdanmi yo Bella Axmadullinadan birorta sheʼr oʻqitib (oʻzbekcha tarjimada albatta yod oʻqirdim) imtihon daftarchamga “5” baho qoʻyib berishlari meni qanotlantirib yuborardi. Abdugʻafur Rasulovning sanʼatkorlarga xos nutq sanʼati hammamizni rom etib qoʻyardi. Baʼzan darslardan qochib ketgan paytlarimiz ham u kishining darsiga qaytib borardik.

U vaqtlarda sheʼriyat kechalariga odamlar oqib kelar va biz ham bu anjumanlarga bayramga borayotgandek shoshilib borardik. Adashmasam, bu yillarda “Minbar sheʼriyati” davri boshlanib kelayotgan edi. Moskvada Yevgeniy Yevtushenko, Robert Rojdestvenskiy, Bella Axmadullina, Andrey Voznesenskiy kabi rusning vijdoniga aylanib ulgurgan shoirlari sahnada 2-3 soatlab sheʼr oʻqir, ularning soʻz aytish jozibasi, voizliklariga mahliyolik kundan-kun ortar va bu holatning taʼsiri bizning yurtimizda oʻtayotgan uchrashuvlarda ham sezila boshlagan edi. Biz Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Rauf Parfi, Omon Matjon kabi shoirlardan soatlab sheʼr eshitishdan zerikmasdik. Oʻz navbatida ular ham sheʼr oʻqishdan charchashmasdi.

“Bu shoirlar, – degandi universitetdagi bir uchrashuvda adabiyot va sheʼriyatnig katta bilimdoni, aziz domlamiz (joylari jannatda boʻlsin) Begali Qosimov, – daryolarga oʻxshaydi. Gurrosi, shiddatli gʻalayonlari boshqa-boshqa daryolarga. Asov daryolarga”.

Bu haqda adabiyotimizning tolmas, otashnafas targʻibotchilaridan biri Hamid Sulaymondan yana bir taʼsirli gap eshitgandim: “Sizlar hozir juda gurkirab yetilib keldilaring. Xuddi bugʻdoy boshoqlariday. Shunday yetilish jarayonlarida har xil voqealar ham sodir boʻlishini biz koʻrdik, sizlar koʻrmanglar. Ilohim, sizlarni Xudo oʻz panohida asrasin”.

Adabiyot muzeyida (u kishi muzey direktori edilar) Gerkules domlamizning (ular haqiqatan ham juda basavlat, kelishgan, doston qahramonlarini eslatadigan odam edilar), 3-kurs talabasi bilan shu qadar jiddiy, samimiy suhbat oʻtkazganlari bir umr yodimda qoldi.

Shamolday oʻtib borayotgan umrimiz dovonlarida shoir akalarimizning hayot yoʻllarini kuzatib, jannatmakon ustozlarimizning bu eʼtiroflari qanchalar haqligiga amin boʻldim.

Xalqimizning bu sevimli shoirlari oʻzbek sheʼriyatining yuqori pogʻonalarga koʻtarilishida zamondosh ijodkorlarga yalovbardor boʻldilar deb ikkilanmay ayta olaman.

Mening Toshkentga kelib qolishimga jannatmakon ustoz, davlat arbobi Sharof Rashidov sabab boʻlganlar. U kishi Sirdaryoga borganlarida “Sirdaryo haqiqati” gazetasida mening sheʼrlarimni oʻqib, oʻsha yillardagi viloyat hokimi Nosir Mahmudov va gazeta bosh muharriri Ismoil Sulaymonovga otam bilan gaplashib, maktabni tugatganimdan soʻng meni (unda 9-sinfda oʻqirdim) Toshkentga oʻqishga yuborishlarini tayinlab ketgan ekanlar. Keyinchalik bu haqda Ismoil Sulaymonov oʻz kitoblarida batafsil yozdilar. Toshkentda aziz ustozlarim Mirtemir aka, qadrli Zulfiya opa, Komil Yashin kabi millatimizning faxr-iftixoriga aylangan odamlardan koʻp mehr-muruvvatlar koʻrdim. Ishlash, yashash saboqlarini oldim. Allohga shukrki, menga ana shunday ustozlardan tahsil olish saodatini berdi. Shuning uchun ham Toshkent va Moskvada tahsil olgan yillarim hayotimning eng yorqin fasllari boʻlib qoldi.

Ijodkor oʻz ijodiga, hayot yoʻliga oʻzi baho berishi qiyin. Biroq insonda koʻngil degan narsa bor. Koʻngil – oʻz sohibining xolis hakami! Odam koʻngli toʻlmagan narsasini birovga koʻrsatgisi kelmaydi. Shu nuqtai nazardan aytishim mumkinki, men ham sheʼrlarimni koʻnglim toʻlgani uchun nashr ettirganman. Ammo gazeta yoki jurnallardagi ayrim chiqishlarda baʼzan qandaydir kamchiliklar boʻlganday, kitoblarimda ham baʼzan shunday kamchiliklar boʻlib turadi. Demoqchimanki, har tomonlama mukammal deb oʻylagan kitobimni hali chiqarolganim yoʻq. Shu tuygʻu ham insonni ishga, ijodga undab tursa kerak.

Adabiyot, nazarimda, koʻngillarni zang bosishdan saqlab, poklab turadigan toza daryo suvlariga oʻxshaydi. Biz maʼnaviy koʻtarilishlarsiz hech qayoqqa borolmaymiz. “Qobusnoma”da “Aql bilan pul topish mumkin, ammo pul bilan aql topib boʻlmaydi” degan purhikmat bir gap bor. Jamiyat binosining qad koʻtarishida maʼnaviyat poydevor vazifasini oʻtaydi.

Adabiyot – koʻngil uchun ishlaydi. Uni dagʻallashib, toshga aylanib ketishdan saqlaydi. U odamlarni mehr-muhabbatga oʻrgatadi. Bir-biridan teskari tomonga emas, bir-biriga peshvoz yurishga undaydi. Peshvoz yurganda ham birinchi qadamni ikkilanmay oʻzing tashlashing kerakligiga oʻrgatadi. Qanday sevish, qanday yashash kerakligini oʻrgatib oqayotgan toza daryo suvlaridan ichmay yashab boʻladimi?!

Shu pok suvlardan bir qultum – Sent Ekzyuperining “Istehkom” romanidan bir jumla keltirmoqchiman: “Ayol zoti sevishini bildirishi uchun ayolning soyasi va aks-sadosiga aylanishga rozi boʻlgan erkakdan nafratlanadi. Oʻz aksi bilan soʻzlashishning kimga ham qizigʻi bor. Unga sening “istehkom” singari mustahkamliging zarur. Zero, har bir toshingdan senliging bilinib tursin”.

Darhaqiqat, adabiyot rivoji millat maʼnaviyati va kelajagi uchun shunchalik muhim ekan, bu sohaga yana-da diqqatli boʻlishimiz kerak. Ulugʻlarimizdan meros anʼanalarni davom ettirishimiz va shu bilan birga yangi anʼanalarga muallif boʻlmogʻimiz lozim boʻladi. Kurashchan qozoq shoiri Oʻljas Sulaymon yozadi: “Yangi deb hamma yangiliklarni qabul qilib, eski deb hamma eskilardan voz kechib boʻlmaydi. Sivilizatsiya uchun xizmat qiladiganlarini olib qolish kerak”.

Bu fikrni hamma masalada tadbiq qilish mumkin. Xayolimga dastlabki kitoblarimdan birida yozgan satrlarim keldi:

 

Bundan agar el uchun,

Kelar boʻlsa qilcha naf.

Qilday tilini topib,

Tillashaver mard bilan.

 

Taraqqiyotimiz, ertangi kunimizning tinchligi, obodligi uchun xizmat qiladigan har qanday anʼana, qadriyatlarni koʻz ustiga qoʻyib saqlash va uning aksi boʻlgan hodisotlardan zudlik bilan voz kechish yoʻllarini topish kerak.

Sevimli adibimiz Asqad Muxtor shunday degan ekanlar: “Klassika – bu shunday chuqur va poʻrtanali dengizki, uning shiddatli toʻlqinlari kuch bilan bir urilishdayoq har qanday “izm”larni qirgʻoqqa chiqarib tashlaydi”.

Haqiqatan ham mumtoz adabiyotimizning qudrati cheksiz. Hammamiz shu buyuk daraxtning ildizlaridan oziqlanib oyoqqa turganmiz. Ammo masalaning yana bir tomoni borki, yuki yengil, maza-matrasiz, fikran qashshoq sheʼru gʻazallarni baʼzan mumtoz adabiyotimizda ham, modern sheʼriyatida ham uchratish mumkin.

Modern soʻzining tarjimasi “zamonaviylik”dir. Zamonaviylikka, yangilikka kim intilmaydi? Modern qoʻrgʻonlarida yurgan shoirlarimizning chaqmoqday chaqnagan fikrlari koʻngilni yoritib yuboradigan paytlar koʻp boʻladi. Bizning sheʼriyatimiz mavqei baland sheʼriyat va bu balandlik bizning “modern”chilarimiz ijodida ham asta-sekinlik bilan koʻzga tashlanib boryapti.

Dadil, nozik fikrlovchi yosh shoiramiz Oydinniso misralariga diqqat qiling:

 

Shu lahza,

aynan shu lahza

hamma-hammasidan kechaman!

Hayot yoʻq,

oʻlim yoʻq,

Sevgi bor lim kosa,

Yurak toʻlguncha ichaman.

Shu lahza,

faqat shu lahza…

Qolganini Xudo biladi.

 

Yoki:

 

Men togʻni sevaman

U menga lolalar tutmaydi.

Faqat

Meni jarliklardan

Jimgina qizgʻanadi u.

 

Hajman siqiq, lekin oʻquvchini oʻyga toldiruvchi bu kabi sheʼrlarni modernning yaxshi namunalaridan degim keladi.

Xullas, adabiyotimizni rivojlantirish uchun biz juda koʻp ishlarni amalga oshirish bilan birga har birimiz oʻz ustimizda ishlashimiz, qattiq ishlashimiz kerak boʻladi. “Eng qora ish, eng toza ish – bizning ishimiz”, deydi yozuvchining mehnati haqida Robert Rojdestvenskiy. Qora mehnatdan qochmaslik fazilati oqliklar, yuksakliklar beradi. Biz bu fazilat bilan koʻzlagan manzillarimizga yetib boramiz.

 

 

Halima XUDOYBERDIYEVA,

Oʻzbekiston xalq shoiri

 

 

“Yoshlik”, 2011 yil, 3-son

https://saviya.uz/hayot/suhbat/eng-qora-ish-eng-toza-ish-bizning-ishimiz/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x