Kibr minorasi

Olis Qofqoz togʻlaridan boshlanib, vahm solib, girdoblanib oqadigan boʻtana Furot anchadan beri bezovta. Yerga urugʻ tushish arafasida daryoning oʻzanidan chiqib toshganini yoshi yuzga borib qolgan keksalar ham xotirlay olishmasdi. Buning ustiga, keyingi kunlarda shaharda boʻgʻiq va ogʻir havo turib qolgan. Quyosh ham koʻrinmaydi. Goʻyo bulutlar zamindan oʻrlayotgan gardga obdon toʻyinib, uzala tushib olgandek. Ulugʻshaharni fayz tark etgan. Ammo avomning bu bilan ishi yoʻq. Oliy hukmdor fuqaro koʻngliga dunyolar havasini solib qoʻygan: nima qilib boʻlsa-da, minorani bitirish! Odamlarning na ichishi, na yeyishida halovat bor. Ularning oʻy-xayolini nafaqat yerda, balki osmonda ham hukmron boʻlish egallab olgan.

Bugun ham ertalabdan havoning avzoyi buzuq, ora-sira yomgʻir tomchilab qoʻyadi. Keng Sinaar tekisliklaridagi yomgʻir mavsumini faqat Ulugʻshaharda yashaydiganlar biladi. Furot va Dajla shunday quturadiki, odamlar: “Dunyo endi suvga aylandimi”, degan oʻyga ham boradi. Eng yomoni, daryolar hovuridan tushguncha dalalarning boʻlari boʻladi.

Bulutlar tamom egallagan koʻkka termilarkan, Hammudaning koʻngli gʻashlandi. Yomgʻir mavsumi choʻzilganidan, oʻtgan yili hosilning mazasi boʻlmadi. U kabi yuzlab dehqonlar koʻzlangan hosilni ololmay, zamindorlardan ancha qarzdor boʻlib qolishdi. Oʻtgan yili dalalarga oʻroq tushishi arafasida Dajla quturgan boʻlsa, bu yil hatto urugʻ yerga tushishga ham ulgurmadi.

U oyogʻi bilan toshqindan soʻng qatqaloqlangan tuproqni ezib koʻrdi. Qotib qolgan loyqa yoqimli qisirladi. “Daryo qachon tinchlanarkin? – oʻyga berildi u. – Balki u ham norozidir? Ayni haqiqat! U ham norozi!”

Uning koʻz oʻngida Ulugʻshaharning qoq markazidan koʻkka boʻy choʻzgan, bulutlar koʻksini-da teshib oʻtgan minora. Minora deyishga ham til aylanmaydi – naq qoyaning oʻzi! Minglab odamlar qoplarda, aravalarda tuproq, gʻisht tashir, dargʻazab ishboshilarning ovozlari, ora-sira yuqoridan qulagan yoki ogʻir narsa bosib qolganlarning dodlashlari eshitilardi. Chang-toʻzon ostida qolgan yovvoyi izdihomdan otlarning jon achchigʻidagi kishnashlari eshitilardi-da, kishining yuragidagi gʻulu va vahimani yanada kuchaytirardi. Ammo quruvchilar oʻzgacha ishtiyoq bilan ishlaydilar.

Ulkan oʻchoqlarda pishirilgan gʻishtlardan, olis togʻlardan keltirilgan toshlardan qad rostlayotgan minora kishi diliga hadik solar darajada haybatli edi.

Minoraning yuqorisida ishlayotganlar pastdan qaralsa xuddi chumoliga oʻxshab koʻrinardi. Shunda Hammudaning xayoliga ilk bor: “Odam bolasi oʻzi yaratgan narsasi qarshisida yoʻq boʻlib ketsa-ya!”, degan oʻy oralagandi. Shaharliklardan biri, koʻrinishidan savdogar yoki zamindor, uning yelkasiga nuqib: “Koʻrdingmi buni! Ulugʻshaharliklarning faxri bu, bizning kuch-qudratimiz ramzi!” – degandi. U oʻsha odam aytganidek gʻurur yoki faxr tuygʻusini emas… qoʻrquvni tuygan, nazarida Ulugʻshahar ahli tamoman jazavaga tushib qolgandi.

– Namuncha xayolga berilding? – nariroqda kuymalanayotgan ayoli Yosida uning oʻylarini toʻzgʻitdi.

Hammuda qatqaloq yerni bosib, unga yaqinlashdi. Aybdorlardek yelka qisib, iljaydi.

– Hali ham xayoling minoradami? – Yosidaning oʻzi ham magʻrib ufqida koʻkka tahdid solayotgan qoya-minora tomon qarab qoʻydi.

Ayol eridan xavotirda edi. Chunki Hammuda qurilayotgan minorani koʻrish uchun Ulugʻshaharga borib, bir ahvolda qaytib kelgandi. Uning oʻng yonogʻi pir-pir uchar, ostki labi bilinar-bilinmas titrar, taajjub ila qarshilab, soʻz kutgan xotiniga anchagacha gapirolmay turgandi. Oʻshandan beri u taomga hafsala qilmas, keyingi kunlarda esa hatto oʻziga ham qaramay qoʻygandi.

– Koʻz oldimda minoraning aql bovar qilmaydigan boʻy-basti, – oʻziga oʻzi gapirgandek dedi u. – Odamlar ham hukmdorga koʻr-koʻrona ergashayaptilar.

Yosida yogʻoch chopqichni tashlab, erining yoniga keldi. Uning koʻzlariga yolvorgandek termilib, dedi:

– Azizim, hammasini tushunaman, anavi qoʻshnilarimiz, – Yosida ancha narida yer yumshatayotgan dehqonlar – hamqishloqlari tomon bosh irgʻadi. – Tushunishadi. Boshqalar-chi? Shaharliklar seni ne koʻylarga solishganini unutdingmi? Oʻtinaman, endi bu haqda boshqalarga ogʻiz ocha koʻrma!

Ha, ayoli ming bora haq. Boshiga it kunini solganlarini esidan chiqara oladimi? Shahardan uni toshboʻron qilib quvgan odamlar uning gapini yana eshitarmidilar! Bu safar quvgʻin qilib oʻtirishmaydi, minoraning eng yuqorisidan yerga uloqtirishadi…

Quyosh yotogʻiga shosharkan, gʻarb ufqiga ajib va xayoliy yolqin parda tortdi. Qizgʻish shafaqda koʻkka gʻazabnok bosh koʻtargan minora choʻng qoyaga oʻxshab koʻrindi. Harchand qaramaslikka oʻzini majbur etsa-da, savqi tabiiy bir kuch uning koʻzlarini shahar tomon burib yubordi. Har oqshom, dalada ish tugagan paytda negadir shunga odatlanib qoldi. Balki kun boʻyi uzoq-uzoqlarda gʻoʻdayib, yuraklarga allaqanday qoʻrquv va vahima solayotgan minorani ertasiga, quyosh qaytadan bosh koʻtarguncha soʻnggi marta koʻrib olish uchunmikin… Kutilmaganda quloqlari ostida tahdidli ovoz yangradi: “Odam nafaqat yerda, balki samoda ham hukmron boʻlishi kerak!..”

– Bunga baribir chek qoʻyish kerak, – oʻziga oʻzi gapirgandek dedi u.

 

* * *

 

Oʻsha kunlarda Hammuda qandaydir tushkun, odamovi boʻlib qolgan, koʻpincha xilvatga oshiqardi. Koʻnglida bir-biriga zid tuygʻular kurashardi. Shunday kunlarning birida u tush koʻrdi. Tushida… ulkan minora Ulugʻshahar ustiga qulab, hammayoqni vayron qilganmish-da, birorta ham tirik jon qolmaganmish.

Oʻshanda Hammuda tushiga qanday taʼbir koʻrishni bilmagan edi. Oradan bir muddat oʻtgach, xuddi oʻsha tush – qulayotgan minora yana oromini oʻgʻirladi. Aynan bir xil tushni ikki marta koʻrishi unga goʻyo nimaningdir bashoratiday tuyulib, koʻngli gʻashlanib qoldi. Koʻp oʻtmay Ulugʻshaharda qurilajak minora haqida ovozalar tarqagach, tushining taʼbiri ayonlashdi-qoʻydi. Odamlar faqat minora xususida gapirishar, bahslashishardi. Oliy hukmdor minora nafaqat Ulugʻshahar, balki butun saltanat ahlini qudratli qiladi, deya nutq soʻzlagandan soʻng ulugʻshaharliklarning barchasi – yoshu qari, erkagu ayol – yoppasiga quruvchiga, aniqrogʻi, mashaqqatli va ogʻir ishga yollangan qulga aylandi.

Keyin oʻsha tushni yana koʻrdi. Minora xuddi qudratli bir qoʻl turtib yuborgandek bir yonga ogʻdi-yu, gulduros solib quladi, atrofni toʻzon qopladi… Hammuda bildiki, bu – ogohlantirish. Shungacha jurʼati soʻnib, tili bogʻlangandek yurgan yigit ulugʻshaharliklarni tushidan voqif etishga ahd qildi. Qurilishga kelib, yaqindagina koʻtarilgan tuproqtepaga chiqib, baland ovozda soʻz boshladi:

– Ey, Ulugʻshahar ahli, soʻzlarimga quloq tuting! Qanday ishga qoʻl urganingizni fikr qiling, oʻylab ish koʻring! Odam bolasi samoda tugul, hatto yerda ham omonat! Oʻzingiz oʻylang, Furot yoki Dajla oʻzanidan oshib, toshqinlar ichida qolsak, qoʻlimizdan biror ish keladimi? Yomgʻirlar mavsumi tugashini kutib, kunlar sanashimiz xotirimizdan koʻtarildimi? Oddiygina bezgakdan har yili necha-necha oilalar yaqinlaridan ayriladi. Shularning oʻzi ojizligimizni roʻyirost koʻrsatib bermaydimi?..

Yuz-koʻzi ter va changdan qora-qura, ust-boshi ogʻir ishdan yagʻir, yelkasi tosh va xarsangdan ezilgan minglab quruvchilar Hammudaning soʻzlaridan anchagacha jim boʻlib qolishdi, hatto pashsha uchsa seziladigan sukunat choʻkdi. Koʻplar hayratda edi – Ulugʻshaharda hukmdorga qarshi borgan odamning nomi hatto koʻhna bitik va rivoyatlarda ham uchramasdi. Hammuda esa hukmdorning gaplarini oshkora inkor etmoqda edi.

Odamlar orasidan teridan tikilgan korjoma kiygan, koʻrinishidan ish boshqaruvchiligi bilinib turgan kishi chiqib, dargʻazab boʻlib dedi:

– Ey, Ulugʻshahar ahli, kimning gaplariga quloq solyapsiz? Oliy hukmdor sizga nafaqat yerning, balki samoning ham yoʻlini koʻrsatib berdi. Unga eltuvchi koʻprik – minora! Hech kim bizga qarshilik koʻrsata olmaydi! Biz baribir samoga yetamiz va unda ham hukmron boʻlamiz!..

Olomonga shu soʻzlarning oʻzi kifoya edi.

– Bu odam, – ish boshqaruvchi Hammudani koʻrsatdi. – Bizning dushmanimiz! Uning jazosini berib qoʻyaylikki, ikkinchi bunday gap-soʻzlari bilan yoʻlimizga toʻgʻanoq boʻlishni xayoliga ham keltirmasin!

Olomon quturdi:

– Jazo! Jazo!

Ish boshqaruvchining ishorasi bilan besh-olti kishi olomondan ajralib chiqib, Hammudaning qoʻllarini qayirib, arqon bilan chandib tashladi. Xuddi shu tuproqtepaga ustun oʻrnatishib, uni shunday bogʻlashdiki, minora qurilishini kuzatishdan oʻzga chorasi qolmadi.

– Koʻrib qoʻy, – qichqirdi ish boshqaruvchi. – Minoramiz naq samoga yetib boradi, biz yulduzlardan ham yuqoriga chiqamiz, butun dunyo oyogʻimiz ostida boʻladi, sen esa yerda, tovonlarimiz tagida qolib oʻlasan!

Hammuda bir hafta ustunga bogʻlangan holda och-nahor qolib ketdi. Quyosh shoʻrlikning vujudini jizgʻanak qilar, ochlik va tashnalik benihoya azoblar, har nafas olganida koʻkka oʻrlayotgan chang-toʻzonni yutardi. Butkul holsizlanib, bogʻlangan arqoniga shalvirab osilib qolganidan keyingina uni ustundan yechib olishdi. Nafas olayotgani ham bilinmayotgan yigitning suvsizlikdan yorilib ketgan lablariga, quyoshning ayovsiz tigʻi kuydirgan yuziga boqarkan, ish boshqaruvchi mamnun boʻlib ishshaydi. Minoraga qarshi chiqqanlarning joni qil ustida boʻladi, deb oʻyladi chogʻi.

– Bu aqli noqis minora qurilishiga qarshi chiqqandi! – ish boshqaruvchi ishchilarga yuzlanib, qichqirdi. – U minoraga emas, bizning samoda hokim boʻlishimizga qarshi edi. Bunga oʻxshaganlar shunday ahvolga tushadi!.. Uni Ulugʻshahardan tashqariga chiqarib tashlanglar! Toki minoraga chiqolmay bir umr armon va alamda oʻtib ketsin!

Olomon jazavaga tushdi:

– Armon va alamda oʻtib ketsin! Armon va alamda oʻtib ketsin!

Madorini yoʻqotgan Hammudani tuproq tashiydigan zambilga solishib, Ulugʻshahardan tashqariga olib chiqishdi-da, yaydoq dalada qoldirib ketishdi. Uni qishloqqa qaytayotgan dehqonlar topib olishdi. Shu tariqa u bir oʻlimdan qoldi.

Oradan olti oylar oʻtib Hammuda yana oʻsha tushni koʻrdi. Minora Ulugʻshahar ustiga quladi

 

* * *

 

Hammuda qoʻli ishdan boʻshashi bilan mayda-chuyda toshlarni olib yoʻnar, katta-kichik haykalchalar yasar, yasaganlari binoyidekkina boʻlib, ancha xaridorgir edi. Baʼzi doʻstlari unga buyurtmalar ham berib qolishardi. U magʻrib tomonlardagi hazoralarda nafaqat odam boʻyi, balki Ulugʻshahar hukmdorlari saroyi bilan boʻylashadigan haykallar yasalishi, ular avom oʻrtasida moʻjizadek qabul qilinishini koʻp eshitgandi. Magʻrib va mashriq oʻrtasida qatnaydigan savdogarlar oʻsha haykallar xuddi tirikka oʻxshaydi, Ulugʻshahardagi haykallar ularning oldida ip esholmaydi, deyishar edi.

Oʻtgan yili Ulugʻshaharga Finikiya sohillaridan kelgan karvonning mollari orasida oq marmardan yoʻnilgan, raqs tushayotgan raqqosaning haykalchasi ham bor edi. Uni koʻrib qolgan Hammuda ijodkorning taʼrifga til ojiz iqtidori va mahoratiga tan bergan, anchagacha raqqosadan koʻz uzolmay qolgandi. Oddiy tosh boʻlagidan shunday sanʼat asarini yoʻnish odam bolasining qoʻlidan kelarmikin, degan oʻyga ham borgandi u.

Quyosh yotogʻiga chekinib, atrof-javonib tun pardasini yopinganida u qoʻlidagi moʻjaz fil suyagini aylantirib oʻtirarkan, oʻsha raqqosa haykalchasini esladi. Fil suyagidagi sargʻimtir dogʻlar shamning zaif shuʼlasida ham koʻzga tashlanardi. Uni sham yorugʻiga tutib, yana bir-ikki aylantirib koʻrgach, xayoliga kutilmagan oʻy kelib qoldi: “Shundan biror haykalcha yasab koʻrsammikin…”

Koʻnglida yengib boʻlmas ishtiyoq ulgʻaygan sayin yasalajak haykalchaning turfa tarhlari xayolida chizila bordi. Shunday narsa yasasinki, koʻrganlar ijodkor nima demoqchi boʻlganini anglab yetsinlar, unga tan bersinlar. Shu oʻyi daldasida u kichkinagina pichoqchasini olib, suyakka taxminiy chiziqlarni tortdi… U oʻzgacha shavq bilan ishlar, tizzasiga tashlab qoʻyilgan korjomasi oq kukunga qoplanar, fil suyagi esa asta-sekin haykalchaga aylana borardi. U qancha vaqt oʻtganini, samodagi oy va yulduzlarning yoʻqolganini ham sezmadi. Aft-angori, kiyim-boshi tamom oqqa belangan Hammuda tongga yaqin tayyor boʻlgan haykalchani ohista yerga qoʻydi. Tamom erib bitgan shamning soʻnayotgan shuʼlasi va quyoshning ilk nurlari qorishgan bir paytda mushtdek keladigan, koʻkka hadik bilan qarayotgan odam haykalchasi namoyon boʻldi. Yaxshiroq razm solinsa, odamning yuzida ilohiy qoʻrquv koʻrinadi. Tuyqus paydo boʻlgan xatardan oʻzini himoya qilishga uringandek, qoʻllarini xiyla oldinga choʻzgan. Ortga tisarilishga tayyor oyoq mushaklari asabiy boʻrtgan…

– Kim… bu?! – oʻzidan oʻzi soʻradi Hammuda.

Uning uyqu ola boshlagan koʻzlari katta-katta ochildi. Xiralashayozgan zehni tiniq tortdi. Haykalchaning qiyofasi unga juda-juda tanish. Avval qayerdadir koʻrgan. Uning qoshlari chimirildi, beixtiyor oʻyga berildi. Koʻzlari achishib, yumilib keta boshladi…

 

– Hamma oʻz qismatidan bahs yuritadi! – dedi kimdir.

U ovoz qaysi tomondan kelganini bilish uchun atrofga alangladi. Hech kim koʻrinmadi. Shunday tuyuldimikin, degan oʻy oraladi xayoliga. Qaddini rostlab, ortiga oʻgirilmoqchi boʻlganida qarshisida minglab haykallar turganini koʻrdi-yu, hayrat va qoʻrquvdan tili bogʻlandi. Uni hayratga solgan narsa – haykallar hozirgina oʻzi yasagan haykalchaning ayni nusxalari edi. Ularning bari bir tomonga – Ulugʻshaharga qarab yuzlangan, xuddi kibrga ketgan shahardan oʻzini himoya qilishga uringandek qoʻllarini oldinga choʻzgan, yuzlarida esa Hammuda yasagan haykalchaning yuzidagidek dahshat qotib qolgandi.

“Bu haykallar qayerdan paydo boʻldi?!” – oʻyladi u.

– Hamma oʻz qismatidan bahs yuritadi! – oʻsha ovoz yana takrorlandi. – Va boshqalarning ham shuni his qilishlarini istaydi.

Nega koʻrmay qoldi?! Ular shundoq roʻparasida turishgan ekan-ku! Hammudaning qarshisida, haykallar oʻrtasida oq matoga oʻrangan, soch-soqollari oqargan keksalar turishardi. Qizigʻi, bari ikki tomchi suvdek bir-biriga oʻxshash. Ular bir qator saflanib olishgan. Yana eng hayratlanarlisi – keksalar va haykallar ortida, siyrak chang pardasi ortida… oʻsha minora elas-elas koʻrinadi. U gapirolmay qoldi.

– Hamma oʻz qismatidan bahs yuritadi, – keksalardan biri uchinchi marta takrorladi.

– Siz… haykalchani… nazarda tutayapsizmi? – tutilib-tutilib soʻradi u oʻsha qariyadan.

– Ha.

– Unda… unda anavi haykallar qayerdan paydo boʻldi? – u keng maydonni toʻldirgan haykallarga ishora qildi.

– Ular ulugʻshaharliklar, – dedi boshqa qariya.

– Men… men… ularni yasashni xayolimga ham keltirmagandim, – oʻzini oqlashga urindi Hammuda.

– Bilamiz, – qoʻshildi yana boshqa qariya. – Shuning uchun ham hamma oʻz qismatidan bahs yuritadi.

Hammuda ularning nima demoqchi boʻlganini endi angladi.

Qariyalar bir-birlariga qarab olishgach, tasdiq ishorasida birdek bosh irgʻashdi. Hammuda qoʻrqa-pisa ulkan maydonni ishgʻol qilgan, minoraga hadik bilan yuzlangan haykallarga qaradi. “Nahotki shularning hammasi men boʻlsam”, pichirladi uning lablari.

– Xuddi shunday, – deyishdi qariyalar bir ovozdan. – Oʻzingdan ortiq narsani gapira olmaysan…

 

Hammuda koʻzlarini ochganida quyosh saxiylik bilan nur sochar, uyi yorugʻ edi. Ust-boshi, qoʻllari oppoq chang, qarshisida esa tuni bilan yasagan haykalchasi turardi. Yodiga tushi tushdi: oppoq kiyingan qariyalar, minglab haykallar, chang-toʻzon ichida elas-elas koʻrinayotgan minora…

– Nega bunday tush koʻrdim? – ajablandi u.

Endi uning xayolida birgina jumla aylanardi: “Hamma oʻz qismatidan bahs yuritadi…” Tushiga taʼbir koʻrishdan ojiz edi.

 

* * *

 

Sinaar kunbotishidagi xarobalar toʻgʻrisida Ulugʻshahar ahli ogʻzida azaldan turfa rivoyat va asotirlar yurar, ular turlicha talqin qilinardi. Ularning birida Buyuk Toʻfon tasvirlanar, bani bashar oʻsha toʻfondan omon qolgan sanoqli odamlardan tarqagani hikoya qilinardi. Oʻsha rivoyatlarda Sinaar adogʻidagi xarobalar oʻrnida avval hazoralar boʻlgani, ularning egalari toʻfondan omon qolganlarning avlodi ekani ham aytilardi. Azaldan qiziquvchan boʻlgan Hammuda xarobalarga koʻp borgan, tosh qotgan sopolaklardagi koʻhna bitiklarni ilk bor koʻrganda hayratdan anchagacha oʻziga kelolmagandi.

Koʻngli Ulugʻshahardan soviy boshlaganidan beri u negadir oʻsha xarobalar ziyoratini qoʻmsay boshladi. Safar xaltasini tayyorlayotganida Yosida taajjublanib soʻradi:

– Qayoqqa otlanayapsan?!

– Xarobatepaga.

Yosidaning qoshlari chimirilib, eriga hayratlanib qaradi. Xarobatepa

– U yerda nima qilmoqchisan?

– Oʻzimni topmoqchiman, – xaltasiga mayda-chuydalarini solishda davom etarkan, yarim chin, yarim hazil dedi Hammuda.

– Men ham boraman, – eʼtirozga oʻrin qoldirmaydigan ohangda dedi Yosida.

– Xohishing…

…Vaqtning ayovsiz hukmi ostida chuqur sukutga tolgan xarobalar uzoqdan ulkan tepalikka oʻxshab koʻrinadi. Shuning uchun odamlar uni oddiygina qilib Xarobatepa deb qoʻya qolishgan.

Qoʻli ishdan boʻshaganida yoki koʻngli ziq boʻlgan vaqtlarda u Xarobatepaga oshiqar, quyosh tigʻi va yomgʻirlar obdon “savalagan”, nurab, yer bilan bitta boʻlayozgan choldevorlarga termilib oʻtirardi.

Bu safar ham shunday boʻldi. U xarobalarni oralab yurib, doim oʻtiradigan joyiga choʻkdi. Safar xaltasidan kecha tunda yasagan haykalchasini chiqarib, roʻparasiga qoʻydi. Erining yoniga oʻtirgan Yosida ajablanganicha haykalchaga tikilib qoldi.

– Bu kim? – anchaga choʻzilgan jimlikdan soʻng soʻradi u.

Kutilmaganda xayoliga kelgan oʻydan Hammuda beixtiyor jilmaydi.

– Oʻzimga oʻxshamayaptimi? – ayoliga savolomuz qaradi u.

Yosida nima deyishini bilmay qoldi. U ham shuvoqlari koʻchgan, ayrim joylarida gʻishtlari yalangʻochlangan devorga termildi. Bu choldevorlar orasida Hammudaning qanday maʼno-yu tasalli topishi unga qorongʻi. Agar eridan xavotir olib yurmaganida Xarobatepaga kelmagan boʻlardi.

Keyingi kunlarda Ulugʻshaharda yomgʻirlar tingan, quyosh atrof-borliqni jingirtob qila boshlagan. Tuproq va qum ostidagi Xarobatepa quyoshning otash nafasidan unsiz azoblanayotgandek, hatto unda vaqt ham toʻxtab qolgandek. Yosida issiqdan lohaslanar, har nafas olganida qaynoq hovur dimogʻini kuydirgudek boʻlar, betoqatlanib eriga tez-tez qarab qoʻyardi. Hammudaga esa jazirama taʼsir qilmayotgandek edi. U koʻzlarini nuragan devordan uzmay oʻtirardi. Shunda… kutilmaganda uning yonidagi haykalcha kattalasha boshlab, rosmana odam kepatasiga kirdi. Haykal-odam hatto… entikib nafas olar, koʻzlari ola-kula boʻlgan, yalangʻoch soni va qoʻllarining muskullari taram-taram boʻrtib turardi. Suyakdan qanday yoʻnilgan boʻlsa xuddi shunday – hayrat va qoʻrquvdan ortiga tisarilishga tayyor, oʻzini himoya qilishga chogʻlangandek qoʻllarini koʻtargan…

– Sen… kimsan?! – tili soʻzga aylanib-aylanmay soʻradi Hammuda.

– Men… senman! – unga qaramay dedi haykal-odam.

Hammudaning yodiga bir-biriga ikki tomchi suvdek oʻxshash qariyalar va ularning aytgan soʻzlari tushdi: “Hamma oʻz qismatidan bahs yuritadi!”

– Men?!.. Nega bu alfozda turibsan?

– Devorga qara! – hanuz siyoqini oʻzgartirmay dedi haykal-odam.

Hammuda devorga qaradi. Harchand urinsa-da, shuvalgan paxsadan boshqa narsani ilgʻamadi.

– Hech narsani koʻrmayapman, – dedi u.

– Koʻrayapsan! Shundoq koʻz oldingda!

Devorda hech narsa koʻrinmasdi. Shunda haykal-odam qoʻllarini tushirib, uni silkita boshladi.

– Qara! Qara! Koʻrdingmi?!

Birdan Hammudaning koʻz oldida hamma narsa ayqash-uyqash boʻlib ketdi. Sal oʻtib idroki tiniqlashdi. Endi uni haykal odam emas, Yosida silkitardi.

– Hammuda! Hammuda! Menga qara, meni eshitayapsanmi?!

Shundagina jaziramaning haddi aʼlosiga yetgani, maʼlum muddat ongi xira tortganini fahmladi. Koʻzlariga koʻringani roʻyomi yoki aloq-chaloq tushmi, endi unga ahamiyatsiz edi. U darhol choʻkkalab, shosha-pisha qarshisidagi devorga yaqinlashdi. Devorga oʻtirgan qalin changni qoʻli bilan sidirdi, sidiraverdi. Kutilmaganda rangi oʻchgan, tars-tars yorilib ketgan koshinlar koʻrindi. Aql bovar qilmasdi. Hammuda koʻhna bitiklarda Buyuk Toʻfondan omon qolganlarning avlodlaridan boʻlgan qavm hatto hozir Ulugʻshaharga maʼlum boʻlmagan koshinlar tayyorlashni bilishi haqida oʻqiganini esladi…

– Biz… biz… nimadir topamiz, Yosida! – hayajonlanib dedi u.

 

* * *

 

Uning hayrati cheksiz edi. Yemirilayotgan devorlar ostidagi koshinlar, ulardagi bitik va rasmlarda butun boshli tarix silsilasi yashiringan edi. Yuz-koʻzidan ter shovullab oqayotgani, koʻylagi badaniga chippa yopishib qolganiga ham eʼtibor bermay, choʻkkalaganicha bitiklarni hijjalab oʻqishga tushdi: “O, bepoyon Sinaar… Sen… necha-necha hazoralarga guvohsan. Va, har doim… ularning soʻnishini… jimgina… kuzatib turasan…”

– Bu nima deganing?! – jaziramadan erimning esi ogʻib qoldimikin, degan qoʻrquvda soʻradi Yosida.

– Yosida, bular koshinlardagi bitiklar! – hayajonlanib dedi Hammuda.

– Qanday bitiklar?

– Koshinlardagi! Mana, bularni qaragin! – Hammuda tushuniksiz, uzuq-yuluq shakllar uzra barmoqlarini yurgizdi.

Yosida bu shakllardagi maʼnolarni anglamadi. U koʻhna yozuvlarni oʻqishni bilmasdi. Hammuda devorning qolgan qismini ham tozaladi. Yana yozuvlar, shakllar koʻrindi. Bu yozuvlar avvalgilariga oʻxshamasdi. Hammudaning vujudini yengil titroq oldi.

– Yosida… bularning nima ekanligini bilasanmi?

– Yoʻq…

– Bu… yanada koʻhnaroq yozuv… Bu degani, bu yerda bir necha avlod… bir necha hazora yashagan…

Koʻhna bitiklarga Ulugʻshaharda ikki-uch keksaning tishi oʻtar, ularning aytganlari avom oʻrtasida xuddi asotir va rivoyat kabi tarqalardi. Yosida ham ana shunday rivoyatlarni koʻp eshitgandi.

Hammuda esa bobosidan ana shunday bitiklarni oʻqishni oʻrgangandi. Vafotidan avval bobosi Ulugʻshahardagi eng keksa kishi hisoblanar, oʻzining shohidlik berishicha, Furot hamda Dajla oʻzanidan oshadigan mavsumlarni yuz, bir yuz oʻn marta koʻrgandi. Oppoq soqoli koʻksiga tushadigan, qalin qoshlari ostidagi xira koʻzlari horgʻin boqadigan qariya – Ehudr umrining shomida loy taxtachalarga nimalarnidir bitish bilan kun oʻtkazadigan boʻlib qolgan edi. Qavmu qarindosh va farzandlar qariganda miyasi aynibdi-da, degan oʻyda uni koʻpda bezovta qilishmas, yolgʻiz Hammudagina uning pinjiga tiqilib, ishlariga hamroh boʻlardi. Kulollardek hafsala bilan loy iylab, har xil taxtachalar kesib, ularning nami qochmay shakllar oʻyarkan, keksa Ehudr nevarasiga tushuntirardi: “Manavi belgi – quyosh, bunisi – yer, bu esa suv… Bularni birlashtirib, “Quyoshli zamindagi ummon”, deb oʻqiymiz, tushundingmi?” Belgi va shakllardan maʼnolar chiqishidan murgʻak Hammuda hayratga tushardi.

Bobosi oʻzidan keyin minglab sopol taxtachalarni jamlagan kutubxonani meros qoldirib ketdi. Baʼzi vaqtlarda Hammuda ularni mutolaa qilar, hatto tonglarni kutubxonada qarshilardi.

– Bobom ham aytgandi! – anchaga choʻzilgan jimlikni buzdi Hammuda. – Har bir hazoraning oʻz belgi va shakllari boʻlgan. Koshinlardagi belgi va shakllar ham shunday ekan…

Uning koʻrsatkich barmogʻi satrlar uzra yugurarkan, lablari ojiz pichirladi:

– “Avlodlar… soʻzlarimizni unutdilar…” Tushunmadim, buni qanday anglamoq kerak? Ajdodlar avlodlarga nima demoqchi boʻlishgan?..

– Balki yozuvlarning qolganini oʻqirsan? – dedi Yosida.

Aksiga olib koshinning qolgan qismi kuyib ketgan, uning oʻrnida burishiq loy qotib qolgandi.

– Qiziq, – oʻziga oʻzi gapirgandek dedi Hammuda. – Bu jumlani oldin ham oʻqigandekman…

– Qanaqasiga?! – ajablandi Yosida. – Bu belgi va shakllarni hozirgina tuproq ostidan ochdik-ku!

Ayoli haq boʻlsa-da, Hammuda koʻnglining tub-tublarida xuddi shunday maʼnoli shakllarni avval ham koʻrganiga ishonchi komil edi. Aynan bir xil belgilar, shakllar…

– Issiq avjiga chiqayapti, – dedi Yosida uning oʻylarini toʻzgʻitib. – Qaytmasak boʻlmaydi.

Shundagina Hammuda jaziramaning olovli taftini his qildi. Mubham oʻy-xayollar ichida oʻrnidan turib, koʻylagini qoqarkan, oʻtirgan joyda qoldirgan oʻsha haykalchaga qarab qoldi. Asta egilib haykalchani oldi. Endi uning butun borligʻini haykalcha, hozirgina koʻrgan belgi va shakllar tamom egallab olgandi…

 

* * *

 

Etagi uzun ridoga oʻranib, asoga tayanib yuradigan keksa Ehudrni Ulugʻshaharning kattayu kichigi tanirdi. Uning atrof-javonibdagi yurtlar, olis va yaqin oʻtmishda oʻtgan hukmdorlar tarixi haqidagi bir-biridan qiziq hikoyalarini avom maroq bilan tinglardi. Umrining oxirgi kunlarida u loy taxtachalarga bitiklar bitishni boshladi-yu, Ulugʻshaharda koʻrinmay qoldi. Chol ertadan kechgacha moʻjaz ustaxonasida kun qaritar, goh loy qorar, gohida esa qandaydir matnlarni yoddan oʻqib (baʼzida ular tushuniksiz tilda ham boʻlardi), qurib ulgurmagan taxtachalarga belgi va shakllarni oʻyib chiqardi. Keyin esa taxtachalar shunday koʻpayib ketdiki, qariyaning oʻlimidan soʻng ularni ustaxonaning shiftiga qadar taxlab tashlashdi. Qavmu qarindoshning unga cheksiz hurmat va ehtiromi sabab, ustaxonaga, undagi minglab sopol taxtachalarga hech kim tegmadi.

Faqat Hammudagina ustaxonaga – kutubxonaga kirar, koʻplab bitik va koʻhna matnlarni oʻqir edi.

Bobosining nafaqat koʻhna bitiklarni koʻchirish, balki qandaydir tushuniksiz belgi va shakllarda yozuvlar bitish odati ham bor edi. Hammuda avval ularni koʻrmagan, tabiiyki, ularning qanday maʼnolar berishini bilmasdi. Bobosidan soʻraganida u maʼnoli bosh irgʻab, beozor jilmayar, “vaqti kelganda hammasini oʻzing bilib olasan”, derdi.

– Qanaqasiga oʻzim bilib olishim mumkin?! – oʻshanda soqol-moʻylovi sabza ura boshlagan Hammuda ajablanib soʻragandi. – Bularni hech koʻrmagan boʻlsam… Men bilgan yoki koʻrgan bitiklarga oʻxshamasa…

Tusi oʻzgarishsiz Ehudr koʻzlarini mubham nuqtaga tikib, uzoq jim boʻlib qolgan, soʻng tuyqus xayollaridan bosh koʻtarib, unga yuzlangandi.

– Belgilar, shakllarni oʻrganish, yodlash shart emas, bolajonim. Vaqti kelib ularni oʻz-oʻzidan tushunasan.

Hammuda hech narsani anglamagandi. Shunday boʻlishi ham mumkinmi?! Nomaʼlum yozuvlarni tarjimonsiz tushunsa?

Oradan yillar oʻtib bu belgi va shakllarni bobosi kashf etganini tushunib yetdi. Oʻttizdan hatlaganda Hammuda koʻp qavmlar ishlatadigan belgilar, shakllarni puxta oʻzlashtirdi. Bobosining ayrim sopolaklari, aniqrogʻi, yirikroq lavhlardagi bitiklari hech qaysi yozuvga oʻxshamasdi. Ular kutubxona-ustaxonaning alohida burchida saqlanar, ustiga yashil mato tashlab qoʻyilgandi. Hammuda sopolaklarni Ulugʻshahardagi hamma donishmandlarga, hatto oʻz bitiklaridan boshqalarini tan olmaydigan kohinlarga ham koʻrsatdi. Ehudrning matnlariga tishi oʻtadigan odam topilmadi. Ulugʻshaharning eng yirik kohini, oliy hukmdor saroyi xodimi “Ehudrning matnlari eng koʻhna bitiklar boʻlishi ham mumkin”, degan fikrni oʻrtaga tashladi. Ulugʻshaharning aql sohiblari hayratda edi. Yana boshqacharoq aytilsa, Ehudr katta jumboq tashlab ketgandi…

…Keyin Ulugʻshaharda minora qurilishi boshlandi-yu, Ehudrning bitiklari hammaning yodidan koʻtarildi…

Xarobatepadan qaytgan Hammuda avvalo Ulugʻshaharning hamisha ochiq turadigan janubiy darvozasi tomon yuzlandi. Uning qarori Yosidani tong qoldirdi. Shaxdam qadam tashlab ketayotgan eriga yetib olaman, deya u ham tez-tez yurar, oʻpkasiga havo tiqilib, boshi aylana boshlagandi. Hammudani esa ayolining ahvoli qiziqtirmas, uning butun borligʻini bobosining kutubxona-ustaxonasidagi oʻsha siri ochilmay qolgan matnlarni yana bir bor koʻzdan kechirish ishtiyoqi egallab olgandi.

Shaharning janubiy darvozasi lang ochib qoʻyilgan, otliq kibor va savdogarlar, eshaklarga mingan oddiy fuqaro va yana ola-quroq olomon – dehqonlar, hunarmandlar, daydi-bekorchilar va isqirt tilanchilar shaharga kirib-chiqishar, darvoza yonidagi qurollangan soqchilar esa kim kirayapti yoki chiqayapti, kuzatib turishardi. Shaharning birinjdan quyilgan ogʻir va ulkan darvozasi, boʻrtma haykallar ishlangan baland, ustida bir necha otliq bemalol yonma-yon yura oladigan qalin toshdevorlarining oʻziyoq Ulugʻshahar haqida qoʻrquvga qorishiq tasavvur hosil qilardi-qoʻyardi. Devorlar va darvoza qarshisida esa odamlarning kichkina boʻlib qolishini koʻrganda qoʻrquv yanada ulgʻayardi.

Hammuda har gal shaharga kirayotganida ana shu qoʻrquvni tuyar, bu qoʻrquv toshdevorlarni ortda qoldirgunicha uning vujudini tamom holsizlantirib qoʻyardi.

Bu safar ham shunday boʻldi. Yurak urishi tezlashib, nafas olishi qiyinlashdi. Oyoq-qoʻlidan mador ketib, anchagacha qanday ketib borayotganini his qila olmay turdi. “Bu yerni bekorga Ulugʻshahar demaydilar”, oʻy oʻtdi xayolidan. Erining ahvolini sezibmi, Yosida darhol uning qoʻlidan tutdi.

Hammudaning yodiga bobosining hikoyalari tushdi. Hikoyalardagi odamlar bunday toshdevorlar koʻtarish, birinjdan hayratangiz darvozalar quyishni bilishmasdi. Ular koʻtarilgan yogʻochlarga tashlangan matolar – chodirlar ostida yashashardi. Chodirlar ham baland boʻlmas, katta odam boʻyini rostlasa boshi shiftga tegardi…

Odamlar Hammudani darrov tanib qolishdi. Hamma unga birdek tikilib qoldi. Ayrimlar yurishdan taqqa toʻxtab, angrayganicha qaragan boʻlsa, yana kimlardir bir-biri bilan pichirlashishga tushib ketgandi. Asabiy jimlikni doʻkonida oʻtirgan baqqol buzdi:

– Bu oʻsha – Ehudrning avlodlaridan boʻlgan Hammuda! – qichqirayozdi u. – Mana shu minoraga qarshi chiqqan!

– Xuddi oʻsha! – dedi darvozadan kirib, otini yoʻrttirishga tushgan savdogar.  – Uni shahardan badargʻa qilishgan!

– U yana nega keldi shaharga? – qoqsuyak qoʻllarini titilib, dagʻal iplari chuvilib qolgan yenglaridan chiqarib dagʻdagʻa qildi irkit bir daydi. – Men ham tuproq tashidim shu minoraga mehnatim qoʻshilsin deb! Bundaqalar esa ochiqdan-ochiq bizga qarshi soʻzlab yuribdi.

Yosidaning kapalagi uchib ketdi. U dam eriga, dam shovqin solayotgan odamlarga javdirardi. Erining miq etmay turganidan sabri chidamay, dedi:

– Bizning hech qanday qarshiligimiz yoʻq! Axir, biz ham Ulugʻshahardanmiz, ulugʻshaharliklar qaysi yoʻlni tutishsa, biz ham ana shu yoʻldamiz!..

Yosidaning gaplari odamlarni ancha shashtidan tushirdi. Fursatni gʻanimat bilgan Yosida erini sudragudek boʻlib yurib ketdi. Odamlar indamay ularning ortidan kuzatib qolishdi.

 

* * *

 

Ehudr umrining soʻnggi kunlarini moʻjaz hovli adogʻidagi ustaxonasida oʻtkazdi. Chol uzzukun muk tushib olib, matnlari ustida ishlardi. Qariya charchoq bilmas, taomga hafsala qilmas, xatti-harakatlaridan shoshayotganga oʻxshardi. Keksa vujudini jon tark qilganida ham qoʻlida yogʻoch-qalam tutganicha qarshisidagi hali qurib ulgurmagan loy taxtachaga yuztuban yiqilgandi. Qariyaning yuzi aksi qolgan oʻsha taxtacha undan soʻnggi yodgorlik boʻlib qoldi. Boshqacha aytganda, mazkur taxtacha kutubxona-ustaxonadagi bitiklarga qoʻyilgan muallif-muarrixning imzosi edi.

Hammuda shahardan badargʻa qilinganidan beri kutubxona-ustaxonaga hech kim kirmaganidan hammayoqni oʻrgimchak toʻri egallagan, eshik va derazalarga qalin chang oʻtirgandi. Uning yodiga bobosining bashoratomuz soʻzlari tushdi: “Bolajonim, sendan boshqa hech kim bitiklarni oʻqimaydi…” Beixtiyor koʻzlarida yosh halqalandi, boʻgʻziga nimadir tiqildi. Bobosi bilgan ekan, nabirasidan boshqa odam bu yerga kirmasligini. U koʻzlarini artib, oʻziga yaqin qatordan birinchi sopol taxtachani oldi. Undagi bitik va shakllarni osongina tushundi. U taxtachani qoʻyib, kutubxona-ustaxonaning olis burchiga, ustiga yashil mato tashlab qoʻyilgan qatorga bordi. Matoni olib, oʻziga yaqin taxtachani oldi. Nomaʼlum belgi va shakllar, tushuniksiz matn. Bu Ehudr shaharning aql sohiblariga qoldirib ketgan jumboqli matnlar edi. Ikkinchi taxtacha. Unda ham tushuniksiz bitiklar. Tushunmasa-da, hamma taxtachalarni birma-bir koʻzdan kechirib chiqdi. Mashgʻulotiga shunchalar berilib ketganidan quyoshning koʻtarilib, soʻng botgani, atrof-borliqni qorongʻilik olganini ham sezmadi. Koʻzi yozuvlarni ilgʻamay qolganidagina kech kirganini payqadi…

Nazarida sopolaklardagi nomaʼlum bitiklar sirini ochish uning taqdiriga aylangandi.

 

* * *

 

Hammudaning keyingi kunlarda koʻngli ancha notinch, tunlari uxlay olmasdi. U bobosining ustaxonasidan chiqmay qolgan, umrining soʻnggi kunlarini oʻtkazayotgan keksa Ehudrning oʻziga oʻxshab qolgan edi. Quyoshning chiqib, botayotgani, tun va kunlarning birin-ketin almashayotganini sezmas, butun borligʻi bilan yozuvlar – belgilarga shoʻngʻigandi. Bunday vaqtlarda uni ishidan alahsitish befoyda ekanini bilgan ayoli erini oʻz holiga qoʻydi.

Hammuda belgilarni tushunmasa-da, ularni zoʻr ishtiyoq, hafsala va qiziqish bilan nazaridan oʻtkazar, qanday maʼnolar berishini taxminlardi. Ammo bitiklar maʼnolarini ochavermasdi. Hammudani esa hayratangiz sarkashlik boshqarayotgandek edi…

…Sham erib bitayotganida ham u sopolaklariga tikilib oʻtirardi. Koʻzlari qum tiqilgandek achishar, boshi loʻqillar, vujudida mador qolmagandi. Qancha vaqt ustaxonada oʻtirganini bilmadi. Eng alam qiladigani – bitiklar sirini ocha olmadi. Yozuvlarga tikilib oʻtirarkan, ich-ichidan qoʻlidan hech narsa kelmasligini his qildi. Bobosi bu belgilar sirini oʻzi bilan olib ketganiga juda-juda afsuslandi. Yonib tugayotgan sham shuʼlasiga qaradi. Hamma narsa ana shu shuʼla kabi soʻnayotgandek tuyuldi unga.

Xira tortib borayotgan yozuvlardan maʼno topolmasligini anglagach, beixtiyor boshini uyum qilingan sopolaklar ustiga qoʻydi. Ruhi va vujudiga allaqanday yengillik yugurdi…

 

Feruza osmon toqini zabt etgan quyosh saxiylik bilan nur sochadi. Huzurbaxsh shabboda yam-yashil dalalar, palmazorlaru uzoq-uzoqlarga yaslanib ketgan uzumzorlar oʻrtasida yugurib charchamaydi. Qut-baraka yogʻilib turgan goʻzal vodiy uzra oppoq-oppoq bulutlar soyabon.

Koʻchalar ravon, tekis, odamlar esa… xiyla oʻzgacharoq. Boʻy-basti, shakl-shamoyili oʻsha-oʻsha, lekin ularning qarashlari, yurish-turishlari qandaydir oʻzgacha. Ularning nigohida qoʻrquv yoʻq. Koʻchadan ilgarilab yuqorilansa – keng maydon. Bu yerdagi manzara esa hayratlanarli. Son-sanoqsiz haykallar. Bari oppoq marmardan yoʻnilgan, qiyofasi, ayniqsa, nigohi bir xil. Xuddi ikki tomchi suvdek. Hozirgina koʻchada koʻrgan odamlarnikidek. Lablar istehzoli qimtilgan, qarashlarda ozgina kibr, shuningdek: “Bor-yoʻgʻi shumi?” degan savolni oʻqish mumkin.

Nimadandir qoʻrqib, qoʻllari bilan oʻzini himoya qilishga urinib ortga tisarilgan, koʻzlarida cheksiz dahshat muhrlangan oʻsha haykalchaga bu haykallar aslo oʻxshamasdi.

Haykallar orasida kimdir koʻrinish berdi. Yurish-turishi juda-juda tanish. Boshi quyi solingan, ketib boradi. U asta ortiga oʻgildi. Bu… Ehudr edi. Keksa, yelkasi bukchaygan qariya emas, ayni kuchga toʻlgan, barvasta va koʻrkam.

“Bu yerda nima qilib yuribsiz?!” – soʻradi u.

“Haykallarni tadqiq etib yuribman, boʻtalogʻim!” – javob qildi Ehudr.

“Bu toshlarning nimasini tadqiq etasiz?”

“Hamma oʻz qismatidan bahs yuritadi, chirogʻim… Bu haykallar shu hazoraning surati!”

Boshqa soʻz aytmay Ehurd ortiga burilib, yoʻlida davom etdi. Hech qancha oʻtmay haykallar orasida koʻzdan yoʻqoldi…

 

Hammuda koʻzini ochganida qorongʻi ustaxonada ekanini sezdi. Sham erib bitgan, qarshisida bir uyum sopolaklar. Vujudi jiqqa terga botgan. Koʻz oldida tushi gavdalandi. Haykallar, bobosi va uning aytgan soʻzlari: “Har kim oʻz qismatidan bahs yuritadi…” U bir muddat jim boʻlib qoldi. Haykalchani yasaganida ham shunday tush koʻrgan, bir-biriga ikki tomchi suvdek oʻxshaydigan qariyalar ham xuddi shunday deyishgandi. Bu safar esa bobosi… Bunda biror maʼno bormikin? Nega bunday tush koʻrdi? Beixtiyor nigohi sopolaklarga tushdi. Balki shular bilan bogʻliq emasmikin? Ulardagi bitiklar hamon oʻz sirini ochishni istamasdi…

 

* * *

 

Qurollangan askarlarni koʻrib Yosida juda qoʻrqib ketdi. Norgʻul, mushaklari oʻynab turgan, lablari qalin yigit oldinga bir qadam tashlab, qahrli nigohini unga tikdi. Yosida ularning kim ekanligini darhol fahmlagandi. Oliy hukmdorning rahm-shafqat hissidan mahrum xos soqchilari. Hukmdor raʼyiga oʻtirmagan ishlar qilgan fuqarolarni jazolash shularning zimmasida. Yosidaning oyoq-qoʻlidan mador qochib, paxsa devorga suyanib qoldi.

– Hammuda degan odam shu yerda yashaydimi? – soʻradi yigit. Dagʻdagʻali gapirishidan soqchilarga boshliq ekanini payqash qiyin emasdi.

Yosidaning ortidan Hammudaning oʻktam ovozi eshitildi:

– Menman!

Erining ovozini eshitib, oʻziga kelgan Yosida shoshib ortga oʻgirildi. Hovlidan Hammuda chiqib kelardi. Uning nigohi qatʼiy, xuddi savashga kirayotgan jangchidek shaxdam qadam tashlardi.

Soqchiboshi shuncha yoʻl yurib kelishga majbur qilgan odamni yaxshilab koʻrib olish maqsadida uni boshdan-oyoq koʻzdan kechirdi. Dagʻal matodan uzun kiyim, teridan tikilgan shippak kiygan Hammuda soqchiboshining gʻarib tasavvuridagi fitnachi yoki jinoyatchilarga oʻxshamasdi. Soqchiboshi bir muddat ikkilanib turgach, ortidagi askarlarga buyurdi:

– Qoʻlini… bogʻlanglar!

Qiziq, avvallari u buyruqlarni hissiz, yuragi achimay beraverardi. Bu safar esa unday boʻlmadi. Yuragida qandaydir… gʻashlikni sezdi.

Askarlar Hammudaning qoʻllarini orqasiga qayirib bogʻlaganlarida Yosida oʻziga keldi. Jonholatda oʻzini erining ustiga tashladi. Askarlar bir amallab uni eridan ajratib olishdi. Hammuda koʻzlaridan duv-duv yoshlar oqayotgan ayoliga yuzlandi.

– Shahardan ket, Yosida! – dedi u.

Yosida hayratdan qotib qoldi. Quloqlariga ishonib-ishonmay erining koʻzlariga tikildi. Bu safar Hammudaning qarashlari muloyim edi.

– Aytganimni qil, tezroq ket, – dedi u yana.

Askarlar Hammudani oʻrtaga olishib, soqchiboshining ortidan yoʻlga tushishdi.

 

* * *

 

…Sinaar kengliklaridagi eng muhtasham bino – hukmdor saroyi. Uzoqdan qaralsa qaldirgʻoch inini eslatadigan, avomning bir-birining pinjiga tiqilib olgan past-baland uylari orasida saroy yanada koʻrkam, ulugʻvor koʻrinadi. U baland, kungurador devor bilan oʻralgan boʻlib, toʻrt tarafida sher boshi tushirilgan bittadan darvoza. Darvozalardan faqat bittasi ochiladi, qolganlari doimo taqa-taq yopiq.

Soqchilar qurshovidagi Hammudani shu darvozadan ichkariga olib kirishib, saroyning yuqori oshyoniga olib chiqishdi. Bu yer keng zal boʻlib, alohida ziynatlangan edi. Zalning ikki devoriga ilingan mashʼalalardan ichkari ancha yorugʻ. Oyoq ostiga yotqizilgan, yuzasiga hafsala bilan ishlov berilib, silliqlangan toshlar, devorlardagi turfa afsonaviy mavjudotlar tasvirlangan koshinlarda mashʼalalar akslanib, ajib jilvalanar, zalga xayoliy, odamning tasavvuriga ham sigʻmaydigan manzara berardi. Shahardagi oddiy fuqaro hayoti boshqa olam boʻlsa, bu yerdagisi tamoman oʻzgacha. Hammuda oʻzini bir dunyodan ikkinchisiga qadam qoʻygandek his qildi. Unga qarama-qarshi tomonda beligacha yalangʻoch mulozimlar qoʻl qovushtirib, oliy hukmdor tashrifini kutib turishardi.

Nihoyat, boshqa mulozimlari ihotasidagi hukmdorning oʻzi ham koʻrinish berdi. U ogʻir qadam tashlar, qovogʻi soliq, qarashlari vazmin, goʻyo tuzalmas xastalikdan azoblanayotgan bemorga oʻxshardi. Mulozimlar uning rioyasida qadam tashlardilar. U Hammudaga eʼtibor bermay taxtiga borib oʻtirdi.

Hukmdorni endi koʻrayotgan Hammuda fuqaro itoatini ham unutib, unga qiziqish bilan tikildi. Zamin kamlik qilib, osmonlar hukmdorligiga daʼvo qilgan odam. Oddiy fuqarodan hech qanday farqi yoʻq. Osmonlarga hukmfarmolik qilish unga nega kerak? Shunda uning koʻz oldidan tushidagi haykallar va ular orasida yurgan bobosi oʻtdi. Ayniqsa, bobosining sermaʼno nigohi uning koʻz oldidan ketmay qoldi. Goʻyoki unga nimadir demoqchi boʻlayotgandek. Kutilmaganda uni sarosimalik oʻz zabtiga oldi. Nazarida… ustaxonadagi sopolaklar oʻz sirini ocha boshlagandek edi.

Hukmdor taxtiga oʻtirgach, Hammudaga sinovchan tikildi.

– Senmi oʻsha Ehudr avlodlaridan boʻlgan Hammuda? – soʻradi u uzoq davom etgan jimlikdan soʻng.

– Ha, hukmdorim, – saroyga kelganidan beri endi bosh egib, taʼzim qildi Hammuda.

– Sen haqingda koʻp eshitdik, – davom etdi hukmdor. – Shaharda har xil boʻlmagʻur gaplarni tarqatayotgan ekansan, shundaymi?

Hammuda befoydaligini bilsa-da, koʻpdan beri dilini qiynab kelayotgan oʻylarni aytishni zarur deb topdi.

– Hamma narsada men… qanday tushuntirsam ekan, buyuk qonuniyatni koʻraman. Doim bir vaqtda quyoshning chiqishi va botishi, kun va tunning almashishi… hamma-hammasida. Inson bularning tartibini buzishga qodirmi? Hech! Hatto, mana, oʻzanidan oshgan Furot oldida ham chorasiz! Shunda anglaymanki, inson bolasi olamda hokimi mutlaq boʻla olmaydi. Sababi, u ham ana shu qonuniyatlarga boʻysunib yashaydi. Insonning dunyoga kelishi, oʻsib-ulgʻayib, qarigandan soʻng yoʻqlik dunyosiga doxil boʻlishida uning chorasizligini anglash, oʻqish mumkin.

Hukmdorning koʻz oʻngida itoatkor fuqaro emas, isyonkor odam boʻy berdi. Hukmdorning nazarida bu odamning siymosida vayronkor va tajovuzkor kuch mujassam edi. Soniya sayin bu kuch ulgʻayar, uning qarshisida esa hukmdor oʻzini tobora ojiz sezardi. Bundan bir necha daqiqalar avval Hammudani izmiga boʻysundirgan sarosimalik endi hukmdorni muvozanatdan chiqardi. U bunga chiday olmay oʻrnidan turib ketdi. Kosasidan irgʻishga tayyor koʻzlari ola-kula boʻlib, qon qochganidan yuzi kesak tusiga kirdi.

– Oʻzingni kim deb oʻylayapsan! – saroyni boshiga koʻtargudek boʻkirdi u. – Hamma gaplaring safsata! Yer va samoga men hukmdor boʻlaman! Men! Men!

Jazavasi qoʻzigan hukmdorning siyoqi Hammudaga juda tanish koʻrindi. Uni hukmdorning soʻzlari emas, aynan tahdidli kepatasi hayratga sola boshladi. Umrida birinchi marta koʻrayotgan boʻlsa-da, uni koʻpdan beri taniydigandek edi. Uni avval ham koʻrgan. Lekin qayerda, qachon? Biroq hech eslolmasdi.

– Minora – mening qudratim! – davom etdi hukmdor. – Minora bu menman!

U qoʻlini paxsa qildi. Shunda Hammuda hayrat va dahshatdan qotib qoldi: hukmdorning bu holati unga tushida koʻrgan oʻsha haykallarni eslatardi! Xuddi oʻsha haykallar. Uning yurak urishi tezlashib, tomogʻi quruqshadi.

– Nega indamaysan? – gʻazabnok soʻradi hukmdor.

Hammuda uning koʻzlariga tik qaradi.

– Hukmdorim… bizning oʻrnimiz yerda, samoda emas…

– Bas! – hukmdorning guldurak ovozi devorlarni titratgudek akslandi. Aʼyonlar va mulozimlar hukmdorning qahrli nigohini uchratib qolishdan choʻchib, koʻzlarini yerga qadashdi.

– Qanday hadding sigʻdi menga qarshi chiqishga?!

– Hukmdorim, men aslo sizga qarshi chiqqanim yoʻq, – dedi Hammuda. – Men sizga… – kutilmaganda u jim boʻlib qoldi va tuyqus soʻyladi: – Men sizga… azaliy haqiqatni aytdim.

Hukmdor itoat zanjirini uzgan fuqarosini jallod ixtiyoriga topshirmoqchi boʻldi-yu, soʻnggi soniyalarda ahdidan qaytdi. Qasos olishga ulguraman, degan xayolga bordi. Tez orada minora bitadi, bunga shubha yoʻq. Ana oʻshanda hukmdor minoraning eng yuqori oshyoniga koʻtarilishini mana bu nobakor oʻz koʻzlari bilan koʻrishi kerak. Minoraga koʻtarilgan avom orasida bu isyonkorga joy boʻlmasin. Va aytgan bu beibo soʻzlariga afsus qilsin. Xuddi gʻalaba qozongandek, hukmdor shirin entikdi.

– Marhamatimiz keng, – dedi u kutilmaganda hovuridan tushib. – Joning hozircha omon boʻlsin, istagimiz shu.

Aʼyon va mulozimlar hukmdor gʻazabidan tushganiga ancha yengil tortishdi.

– Buni zindonga tashlanglar! – buyurdi hukmdor.

Eshik yonida qoʻl qovushtirgan soqchilar darhol Hammudaning qoʻllarini orqaga qayirishdi-da, turtib-surtib tashqariga olib chiqib ketishdi…

 

 

* * *

 

Kichkinagina tuynukchadan ichkariga sizgan yorugʻlik zax devorlarni arang yoritadi. Agar shiftdan tomayotgan tomchining ovozini demasa, oʻlik sukunat hukmron. Hammuda bu yerga tashlanganiga qancha boʻlganini ham esidan chiqardi. Quyoshning chiqishiyu botishi unga farqsiz. Surati ichkarida, siyrati… bobosining ustaxonasida. Koʻz oldidan oʻsha bitiklar oʻtaveradi, oʻtaveradi…

Oxiri yerdan tosh boʻlakchasini olib, devorga oʻsha bitiklarni tushira ketdi. Ustaxonaga taxlangan sopolaklardagi bitiklar miyasiga shundoq naqshlanib qolganidan ularni adashmay, bexato yozardi. Oradan qancha vaqt oʻtganini bilmadi. Ortiga bir qadam tisarilib devorga qaradi-yu, avval koʻzlariga ishonmadi. Uning qoʻllari titrar, tili soʻzga aylanmasdi. Oʻsha belgi-yu bitiklarni qanday boʻlsa shundayligicha yozgani yoki sopolaklardagi biror nuqtani ham qoldirmagani uchun emas, balki ularni tushunayotgani tilini bogʻlagan, madorini olgandi. Ishongisi kelmasdi: u Ehudrning shu daqiqalargacha maxfiy qolgan matnlari sirini ochgandi! Har bir belgi, bitikning maʼnosini tushunmoqda edi. Oʻzini qoʻlga olgach, devorga asta yaqinlashdi. Titroq qoʻli bilan bitiklarni silab, pichirlab oʻqishga tushdi. Goʻyo bitiklar hali zamon yana maʼnosini yashirib oladigandek, yozuvlar mazmunini anglashga ulgurmay qoladigandek shoshar, shoshgani sayin tutilib qolardi. Nihoyat, soʻnggi belgiga yetib kelib, tomogʻi aql bovar qilmas darajada quruqshagani, aʼzoyi badani jiqqa terga botganini tuyqus angladi. Bobosining bitiklari mashʼum bashorat edi. Yodida qolgan eng soʻnggi jumla lablaridan zaif un boʻlib uchdi:

– “Keyin odamlar Sinaardan quvildilar…”

U bir muddat oʻqiganlariga ishonmay turgach, jonholatda oʻzini eshikka urdi. Qalin yogʻochdan ishlangan eshikni mushtlarkan, qichqira ketdi:

– Hoy, eshikni ochinglar! Ochinglar eshikni! Oliy hukmdorga aytadigan soʻzlarim bor!..

Biroq hech kim uni eshitmadi. Balki, eshitsa ham eʼtibor bermadi. U bu azim shaharda yolgʻiz qolgan edi. Buni alam bilan his qilgan Hammuda eshikka suyandi. Shu alfozda qancha oʻtirganini sezmadi… Shitirlagan ovozdan choʻchib, ovoz kelgan tomonga yuzlandi. Ne koʻz bilan koʻrsinki, hozirgina belgi-yu bitiklarga toʻldirib tashlagan devordan… oppoq matodan rido kiygan, koʻzlari avvalgidek xira, soʻnik emas, balki porlab turgan, qaddi tik Ehudr tushib kelardi. U xuddi zinadan tushib kelayotgandek salmoq bilan qadam tashlardi. Hammuda beixtiyor oʻrnidan turib, bobosi tomon yurdi. Ehudr goʻyo hozirgina qayergadir chiqib ketib yana qaytib kelgandek nabirasiga bir qarab qoʻydi-da, qayerdandir paydo boʻlib qolgan kursiga oʻtirdi.

– Seni koʻrganlar yuz yoshga kirdimikin, degan xayolga boradi, bolajonim, – dedi u yoqimli jilmayib.

– Men… hali oʻttizga ham kirmadim-ku…

– Aytaman-da… – Ehudr hozirgina chiqib kelgan devorga qarab, oʻzining matnlarini taniganidan yuzi yana-da yorishib ketdi.

– Buni qara, bolajonim, seni shunchalar azobga qoʻyaman, deb oʻylamagan ekanman, – davom etdi u. – Oxir-oqibat bu bitiklarning sirini ochibsan-da, qoyilman senga!

– Nahotki… nahotki shaharning qismati shunday boʻlsa?!

– Shaharning nomi… Bobil boʻladi, chirogʻim. Yaʼni, tugʻyon va kibrga berilgan shahar.

– Najot yoʻqmi unga?

– Bolajonim, Bobil oʻzining qismatini oʻzi belgiladi, – dedi Ehudr. U ridosi ostidan qator haykalchalarni chiqarib, Hammudaning qarshisiga birma-bir terib chiqdi.

– Bularni tanidingmi?

Hayratdan Hammudaning tili bogʻlandi. Axir bu oʻsha… tushida koʻrgan haykallar-ku! Bobosi bularni qayerdan oldi ekan? Ajab, birovning tushidagi narsalarni qoʻlda tutib, ularni yonma-yon terib boʻlsa-ya!

– Esingda boʻlsa oʻshanda senga “haykallarni tadqiq etib yuribman”, degandim, esladingmi?

– Tushimdami?

– Ha.

– Esimda…

– “Bu toshlarning nimasini tadqiq etasiz”, deb ham soʻraganding. Qanday javob berganim ham yodingdami?

– Yodimda. “Bu haykallar shu hazoraning surati”, degandingiz…

– Xuddi shunday, bolajonim, Ulugʻshahar endi Bobil boʻldi! – uning koʻzlariga jiddiy tikildi Ehudr.

Yigitning vujudini muzdek ter qopladi.

– Faqat mana shu haykalchagina omon qoladi, – Ehudr qoʻynidan boshqa haykalchani oldi.

Hammuda hayratdan toshdek qotib qoldi: bu oʻzi yasagan oʻsha haykalcha edi.

– Bu haykalcha Bobil ahlidan guvohlik berib turadi! – Ehudr shunday degach oʻrnidan turdi.

– Bu yerdan ket, bolam, soʻnggi soʻzim shu!

U ortiga oʻgirildi. Belgi va bitiklar bitilgan devor tomon yurdi.

– Toʻxtang! Toʻxtang! – qichqirib yubordi u.

…U koʻzlarini ochganida hamon eshikka suyanganicha oʻtirardi.

 

* * *

 

Qamoqxona eshigidagi zanjirning shiqirlashidan oʻylari toʻzgʻidi. Eshik ogʻir surilib ochildi. Avval soqchi koʻrindi.

– Mahkum, ayoling kelibdi. Narsalarni ol-da, gapni qisqa qil! – buyurdi u.

Hammuda eshik tomon oshiqdi. Ostonada Yosida koʻrindi. Uning yuziga qoʻrquv koʻlanka solgan, koʻzlari jonsarak edi.

– Nega shahardan ketmading? – Hammudaning birinchi aytgan soʻzlari shu boʻldi.

– Nega?! Axir sen shu yerdasan-ku!

– Ketishing kerak, Yosida, fursat borida ketishing kerak! – eri gaplaridan es-hushini yoʻqotgan odamga oʻxshardi.

– Meni qoʻrqitma, azizim… – Yosidaning koʻzlarida yosh halqalandi.

Kutilmaganda tashqarida nimadir gumburladi. Chaqmoq chaqib, qamoqxonaning quyosh nurlari yetib bormaydigan olis-olis burchaklarini ham yoritib yubordi. Ikkovi choʻchib eshik tomon qarashdi. Shoshqaloq oyoq tovushlari, kimlarningdir baqiriqlari eshitildi. Bir muddat ikkilanib turgan Hammuda tashqariga chiqdi. Qamoqxona nozirlari, soqchilari qayoqqadir yugurishardi.

– Nima boʻldi? – eriga xavotirlanib qaradi Yosida.

– Nimadir boʻldi shekilli…

Hammuda gapini tugatishga ulgurmadi. Kutilmaganda qarshilaridagi devor avval ikkiga ajradi-da, agʻanadi. Koʻz oldilarida qiyomat qoʻpayotgan shahar namoyon boʻldi. Soniya sayin kuch olib quturayotgan shamol yoʻlida uchragan narsani chirpirak qilardi. Hammuda beixtiyor ortiga tisarilib, xuddi unga kimdir hujum qilayotgandek qoʻllari bilan oʻzini himoya qilmoqchi boʻldi. Yosidaning xayoliga eri yasagan oʻsha haykalcha tushdi-yu hayrat va qoʻrquvda qotib qoldi. Shamol quturgancha hammayoqni chang-toʻzonga oʻrar, Hammuda esa qoʻllarini koʻtargancha qayoqqadir iltijo bilan tikilardi.

– Hammuda! – Yosidaning asablari bunga dosh bermay qichqirib yubordi.

Hammuda ayolining chinqirigʻidan oʻziga keldi. Chang-toʻzon pardasi ortida endi togʻdek qad rostlagan minora koʻrindi. U… bir tomonga ogʻa boshlagan edi! Yigit nafasini yutganicha minoraga tikilib qoldi.

– Qulayapti… – pichirladi Hammuda.

– Nima?! – hech narsaga tushunmadi Yosida.

– Ulugʻshahar… Bobil qulayapti!

Hammudaning koʻz oldidan Ehudrning sopolaklaridagi bitiklar birma-bir oʻta boshladi. Ehudr Ulugʻshahar ustidan shafqatsiz hukm oʻqigandi. Endi qulayotgan minora ustida boʻron quturardi. Minoraga goʻyo jon kirib, titrab-qaltirar, boʻron esa uni ermak qilib, uvullardi. Hammudaning nazarida qulayotgan minora ustida boʻron raqsga tushayotgan edi! U sopolaklardagi bitiklarni baqirgancha takrorlay boshladi:

– Yerda ular tarqaldilar! Koʻpaydilar! Yer kamlik qilib, samoga koʻz tikdilar! Koʻprik-minora qurish vasvas etdi qavmlarni. Koʻprik ularni samoga emas, yer tubiga eltdi. Koʻprik ustida gʻazabnok boʻronlar raqs tushdi…

U bir zum boʻlsin tin olmasdi. Boʻron kiyim-boshlarini tortqilar, sochlarini yulgudek boʻlar, ammo u bunga parvo qilmasdi. Keksa Ehudrning sopolaklarida bitilgan har bir belgi, ishorani yoddan aytib qichqirardi. Bular Ulugʻshahar hazorasi ustidan oʻqilgan shafqatsiz hukm edi.

 

Baxtiyor ABDUGʻAFUR

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016–7

https://saviya.uz/ijod/nasr/kibr-minorasi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x