Ishxonadagi koʻrgazma

Asror Valiyevich – ishning odami. Bugungi yumushni ertaga qoʻymay, jon-jahdi bilan tirishib ishlaydiganlar toifasidan. U idorasiga kelib taqaladigan yuzlab muammolarning kalavalarini qoʻlida mahkam ushlab turadi. Bu kalava chuvalib-chuvalib, ado boʻlgunga qadar zinhor-bazinhor koʻzdan qochirmaydi. Dasturlangan allaqanday mashinaday bir meʼyorda erinmay mehnat qiladi. Hamma narsani eslaydi, hamma narsani biladi, hamma narsani nazorat qiladi. Uning qoʻlidan oʻtmay, bir parcha qogʻoz ham tashqariga chiqmaydi. Kallasi ham kompyuterning oʻzi  – kerakli paytda zarur raqammi, koʻchirmami, chiqib kelaveradi. Bir ming toʻqqiz yuz ellik uchinchi yil mamlakatda ekin maydoni qancha boʻlgan? Asror Valiyevich shiftga qarab biroz oʻylanadi-da, soʻng qogʻozdan qiynalibroq oʻqiyotgan kabi har bir soʻzni dona-dona aytishga tushadi: “Bir… million…” Falon zavod qachon ishga tushirilgan? Yana shiftga qaraydi. “Bir ming…” Falon yigʻinda pistonchi nima degan edi? Yana shiftga koʻz tikadi. “Xoʻsh, yozing… “Biz xalqning manfaatini oʻzimizning manfaatdan…” Uni yaxshi bilmaganlar tablo-mablo yoʻqmi deganday shiftga ham qarab qoʻyadilar. Baʼzilar kitob ochib, tekshirib ham koʻrishgan: hech qanday xato yoʻq! Raqamlar ham, koʻchirmalar ham xuddi Asror Valiyevich aytganday!

Aytishlaricha, Asror Valiyevich engashgan boshini ilkis bir koʻtarsa, tepadagi kabinetlarning polini bemalol teshib chiqadi. U oʻsha kabinetlardagi kreslolarda oʻtirsa ham yarashadi. Ammo ishga koʻmilgan bu odam boshini koʻtarishni xayoliga ham keltirmaydi. Shundoq ham undan negadir barcha choʻchiydi, tepadagilar esa hurmat qiladi. Idoralarda beposhna gapirish jonkuyarlik namunasi sifatida rasmga kirib ketayotgan hozirgi zamonda ham unga hech kim ovoz koʻtarib gapirolmaydi.

U xodimlari bilan ham teng muomala qiladi. Ovozini pactlatmaydi ham, balandlatmaydi ham; birovni yaqin ham olmaydi, olislatib ham yubormaydi. Bu oʻrinda ham allaqanday mashinaga oʻxshashlik sezilib turadi. Ishni doʻndirib qoʻydingmi? Rahmat. Rasvo qildingmi? Yana bir urin. Qoʻlingdan kelmadimi? Boshqa joydan ish topishingga toʻgʻri keladi… Birovning oʻrtaga tushmogʻiga hojat yoʻq. Chunki bu toʻnka ishdan boshqa hech narsani bilmaydi, hech narsani yuzxotir qilmaydi. Bunday vaziyatda, ayniqsa, xushomadgoʻylarga qiyin: rahbarlar qoʻyniga kirib ketishning mashqini olgan bu kimsalar, yangi xodimliklarida Asror Valiyevichning ham issiq bagʻriga bir-ikki talpinib koʻradilar. Ammo “akaxon”ning issiq bagʻri tugul, tafti urib turadigan masofaga ham yetib kelolmay, biroz gangib yurishgach, oʻzlariga xos uddaburonlik bilan, faoliyatlariga mos keng maydon axtarib, boshqa idoraga ishga oʻtib ketadilar.

Asror Valiyevichning ayniqsa, ranglarni farqlashda ajabtovur qobiliyati bor. U “bu koʻk”, “bu yashil” deb qoʻya qolmaydi. U turfa nimranglarni, nimchorak ranglarni va hatto nimmingranglargacha koʻradi. Masalan, matolarning nusxalarini koʻzdan kechirar ekan, “bu biz kelishganday yashil emas”, “bu argʻuvon tus boʻlishi kerak edi”, “havorang bunday boʻlmaydi” kabi juda koʻp qisqa, lekin zaharxanda tanbehlar aytadi. Tajribali mutaxassislar uning tanbehlarini ortiqcha mulohazalarsiz, taqdirning hukmiday qabul qilishadi. Chunki Asror Valiyevichning rangni sezishda tengsiz ekanligini ichlarida allaqachon tan olishgan. Ular bir-birlariga nimtabassum-la koʻz urishtirishib, “qoyil” deganday boshlarini sarak-sarak qilib qoʻyishadi, xolos. Baʼzan yangilardan birortasi ishonqiramay, andaza nusxani pesh etib qolgan paytlari ham boʻladi. Bunday paytlarda Asror Valiyevich eʼtiroz bildirmaydi, faqat bu haqtalabga koʻrga qaraganday achinib bir nazar tashlaydi-da, “Van Gog”ni chaqirishlarini soʻraydi.

“Van Gog”, idoraning tan olingan qiziqchilaridan Shodmonbekov aytganday, “sonda yoʻgʻu sifatda bor”lardan. Kamgap, odamovi, sochlari yelkasiga tushgan, bir qadar isqirt kiyinib yuradigan bu odamning asl ismi Boqibek. Idorada uning nima vazifada ishlashini hech kim bilmaydi. Lekin boʻsh oʻtirganini ham hech kim koʻrmagan. Shior yozadimi-yey, banner yasaydimi-yey, kompyuterda surat soladimi-yey… Idoradagi hamma xonalarning dizayni ham shu “Van Gog”ning qoʻlidan chiqqan. Bu xonalarning birortasiga ish bilan kirgan odam, “ammo… lekin… zoʻr-ku!..” qabilidagi soʻzlarni chaynab, nimaga kelganini birdam unutib qoʻyadi. Ulardan baʼzilari idoralarini yoki uyini xuddi shu yoʻsinda yasantirmoq orzusida Boqibekni “arenda”ga ham olmoqchi boʻlganlar. Ammo ustasi farang ularning taklifini bosh egib eshitganu, lekin hech yoqqa bormagan. Gapi yerda qolishga koʻnikmagan baʼzilar qizishib, katta-katta pul ham vaʼda etishgan. Boqibek tushunmaganday yelka qisib qoʻya qolgan. “Bu bolani qoʻyinglar,  – degan gapi qaytmaydiganlarning dunyo koʻrganlaridan biri. – Pulga qiziqmas ekan. Shuncha pulni vaʼda berib turibmizu koʻzi yaltiramadi-ya!” Boqibek baʼzan besh-toʻrt kun ishda koʻrinmay qoladi. “Ichayapti”, deyishadi bu yolgʻonchi dunyoda biror-bir yaxshilik roʻy berishidan umidini uzganlar; hali ham gʻaroyib moʻjizalardan umidvorlar esa, uning “surat chizayotganidan” bashorat qilishadi. Xodimlar boʻlimining boshligʻi Muyassar Qodirovnaning qiyofasi esa bu kunlar juda oʻzgarib ketadi: qovogʻi osiladi, rangi oʻchadi, ingichka lablari yanada ingichkalashadi. Uning yurish-turishi jangda halok boʻlgan eri uchun qasos oʻtida oʻrtanayotgan yosumannimi-yey, jodugarnimi-yey eslatadi. U yoʻlakda duch kelib, hol soʻraganlarga idorada tartib qolmaganidan shikoyat qiladi. Stalin zamonida bunday tartibbuzar zararkundalarni turmaga tiqishganini televizordan oʻz qulogʻi bilan eshitganini allaqanday orzumandlikda soʻzlab beradi. Bizda esa!.. Idorada qiziq voqealar roʻy bermasa, zerikib qoladiganlar, Boqibekning shoxi yoʻqligini Muyassar Qodirovnaga eslatadilar. Bir parcha qogʻozga raport yozib, “katta”ning oldiga kirishni maslahat beradilar. Muyassar Qodirovna Van Gogni shoxli tarzda tasavvur etadi, shekilli, benajot qoʻl siltaydi-da, jahlgʻayrat yurishda oʻz xonasiga yoʻl oladi. Uning boʻzarib ketgan yuzi endi koʻkimtir tus ola boshlaganini barcha aniq koʻradi. Shu idora ham oʻlib ketsin, Van… Nima edi?… Oʻsha ham ordona qolsin! Nima, “katta”ga raport yozib kirmaganmi? Kirgan. Bir emas, bir necha marta kirgan. Asror Valiyevich oʻqib koʻrgach, uning koʻzi oldida raportni yirtib, chiqindi qutiga tashlagan! Bechora Muyassar Qodirovna uning bu ishini anglishmovchilikka yoʻyib, gap sababsiz uch kun ishga chiqmay, mehnat intizomini qoʻpol tarzda buzgan Boqibek haqida ketayotganini aytgan. Gap nima haqida ketyapti? Asror Valiyevich oʻz odatiga koʻra his-tuygʻusiz, biror-bir soʻzga urgʻu bermasdan soʻragan boʻlsa ham, jerkinibroq gapirgani har holda sezilgan. Mehnat intizomi uchun jon kuydirib turgan sodda Muyassar Qodirovna buni payqarmidi! Boqibek-chi… Normurodov… Van Gungmi… Oʻsha alkash uch kundan buyon… U oxirigacha gapirolmagan. Boshliqning labida zohir boʻlgan bilinar-bilinmas zaharxanda tabassumga nazari tushgach, miyasida fikri bir damda chalkashib, noqulay tortib, soʻzdan toʻxtagan. “Sizga bir topshiriq bor”, degan Asror Valiyevich. Muyassar Qodirovna shosha-pisha qalam-daftar olib, yozishga chogʻlangan. Xoʻsh?.. Bundan buyon Boqibek Normurodovning ustidan shikoyat bilan bu kabinetga kirmang. Nega? Axir… Tushunmagan ishingizga aralashmang… Shu alkashni tushunmaydimi? Tushunmaysiz. Boring. Van Gunglaringiz bilan shugʻullanib yuravering. Ha, aytganday odamlarni taʼqib qilishni ham bas qiling. Bu yer SRU emas, idora. Odamlar erkin oʻtirib, emin ishlashi kerak…

Muyassar Qodirovna yer bilan bitta boʻlib chiqib ketgan. Ayniqsa, biroz vaqt oʻtgach, Shodmonbekovday tilining suyagi yoʻqlar orqavoratdan unga ham “Van Gung” deb laqab qoʻyib olganlarini sezgan. Bular Muyassar Qodirovnaning ildizi qayerga borib taqalishini bilmaydilarmi? Bilishadi. Bilib turib gapirishadi. Umrida biror bir kitob oʻqimagan Muyassar Qodirovna yana televizorda eshitgan Stalin zamonini eslaydi.

Xullas, Asror Valiyevich yoʻqlagandan keyin Van Gog kabinetga salom-aliksiz kirib keladi. Boshliqning imosidan soʻng, andazaga va boshliqning eʼtiroziga sabab boʻlgan matoga bir qur nazar tashlaydi-da, bosh chayqaydi. Bu harakat  – uning qatʼiyan qaror chiqargani. Asror Valiyevich Van Gogni savolga tutadi. Nima boʻlgan ekan? Shu… Nima shu? Bu mato andazadagiday moviy emas. Nega? Texnologiya buzilganmi? Yoʻq. Nima boʻlgan? Boʻyoqni ayashgan.

Boshliq Boqibekka javob beradi-da, u bilan bahslashishga jurʼat etgan haqtalabga oʻgiriladi. Nima dedi? Boʻyoqdan tejalgan dedimi? Jaydari til bilan aytilsa, oʻgʻirlangan… Haqtalab nodon nimadir demoqchi boʻladi. Ammo Vali Asrorovich chilla ayozining nafasi ufurib turgan bir qarash bilan uning tilini tanglayiga yopishtirib qoʻyadi. Soʻng allaqanday behis – oʻsha mashina ovozda bir tekis gapira boshlaydi: “Yo bu sohaning odami emassiz, yo ishlashni bilmaysiz, yo firibgarsiz, yo firibgarlarning qoʻlida oʻyinchoqsiz! Iltimos, ertaga soat oʻnda taxminlarimning qaysi biri toʻgʻri ekanligidan meni ham xabardor etib qoʻying… Xoʻsh, endi navbatdagi masalaga oʻtamiz…”

Butun mamlakat boʻylab shox otgan bu idorada ish tigʻiz, hatto allaqanday zalvorli. Masʼuliyatning zilini barcha xizmatchilar har daqiqada yelkasida sezib ishlashadi. Bu yerda vaqt ham allatovur zich bir tarzda oʻtadi. Vazifa aniq ekanligidan paydo boʻladigan qizgʻinlik bu yerda yaralib, idoradan tashqariga lovullab chiqadi. Ammo baribir ish zalvori odamlarni toliqtiradi. Shunda bir xillikka yana Van Gog allaqanday oʻzgacha bir rang kirgizadi.

 

* * *

Ertalab ishga kelgan odamlar ishxonaning foyesi va yoʻlaklari birdan oʻzgarib, ajabtovur tusga kirganini his qiladilar. A!.. Devorlarda rasmlar… Rango-rang, turli-tuman rasmlar! Ular oʻzga dunyolardan kelgan moʻjizalar kabi atrofga bilinar-bilinmas – allaqanday sirli mavjlar tarab turganini hamma birdan sezadi. Idoraning biror xodimi odatdagiday shoshib xonasiga oʻtib ketolmaydi. Suratlardan oqayotgan maftunkor kuch ularni beixtiyor toʻxtatadi. Hamma suratlarni tomosha qilishga tushadi. “Juda zoʻr ekan!”, deydi kimdir, kimdir vaqt topib, muzeylarga bormaganidan afsuslanadi, kimdir jimgina “Qoyil!” deganday bosh chayqaydi. Kollejni bitirib, bu idoraga yaqindagina ishga kelgan yoshgina qiz – Jasmina foyega kirgan zahotiyoq, devorlarga bir qaraydi-da, birdan quvonchdan yarqirab, “Voy!” deb yuboradi. Nafaqa yoshidan oshib, ishdan boʻshatilishini qoʻrqibgina kutib yurgan Joʻra Olimovich esa “Bizlar ham yurgan ekanmiz”, deydi yuz-koʻzi yorishib. U negadir tetik tortadi. Bosh hisobchi Jamila Gʻafurovna esa, qip-qizil gullar aks ettirilgan natyurmortga tikilgancha koʻzlari yoshlanadi. Ayol koʻzyoshlarini bildirmay artarkan, qachonlardir unga sovgʻa qilingan qirmizi guldastani eslaydi. Guldastaning rangi shu qadar nafis, shu qadar jozibali ediki, keyinchalik biror-bir anvoyi gul oʻshanda tuygan shavqini unga hadya etolgan emas. Koʻnglida hozirgacha yarali qonga mengzab yashovchi gullarni hayotda hech qachon uchratolmadi. Mana endi oʻsha guldasta ramkaga solingan mana bu suratdan, tiriklikdan tirik bir asnoda, uning koʻz oldida lovullab turibdi…

Xodimlar oʻzlarini hamishagiday tutishga harakat qilishadi, ammo aniq fikrlashdan boshqa hech narsa yoʻlamaydigan bu ishxonada nimadir oʻzgargani shundoq sezilib turadi. Topishningmi, yoʻqotishningmi, yoxud sogʻinchningmi – armonli bir sururning boʻyi havoni tutgan, bu hol koʻngillarni mayda-chuyda tashvishlardan birdam ozod etib, odamlar unutib yuboryozgan hurlikkami-yey, cheksizlikkami-yey – allatovur koʻngil yoʻliga chorlayotgani tobora ayon boʻlib boradi.

Bu xatarni barchadan avval Muyassar Qodirovna payqaydi.

– Ish vaqti boshlandi! – deydi u allaqanday rasmiy, bir qadar robotning ovozini eslatadigan quruq tovushda.

Hamma oʻziga keladi. Chunki deyarli tiriklik alomati sezilmaydigan bu ovozning ohangida allaqanday pinhon vahima bor edi. Bu ovoz – temir mantiqli qonunlarning, ulugʻvor idoralarning, derazasiz moshinalarning, pogonli odamlarning – inson taqdirini bir imo bilan hal etadigan dahshatli qudratning shu yergacha yetib kelgan oqovasi ekanligini hamma biladi. Xodimlar aziz bir nimadan ayrilib qolayotganday yuraklari achib, suratlarga yana bir qur nazar tashlagan koʻyi, negadir xijolat tortib, xonalariga tarqashga hozirlanadilar va… birdan taraddudlanib toʻxtaydilar. Birov shosha-pisha qoʻlini koʻksiga qoʻyadi, birovning yuzida yasama kulgi jilvalanadi…

Foyega Asror Valiyevich kirib keladi. U odatdagiday, xodimlarning salomiga yoʻl-yoʻlakay alik olgancha, shiddat bilan yoʻlak toʻrida joylashgan kabineti tomonga yoʻnaladi. Ammo bir-ikki qadam bosgach, nimnigohi bilan devorlardagi rasmlarni payqaydi-da, shiddati pasayib, toʻxtaydi. “Adashmadimmi?” degan asnoda devorlarga betartib osilgan rasmlarga negadir garangsib qaraydi… va oʻzgara boshlaydi. U lahzada atrofidagi odamlarni, ishxonani, ishxonaga nima kelganini, martabasining viqorini – hamma narsani tamom unutadi. Hatto atrofdagilarga u oʻzining kimligini ham esdan chiqarayotganday tuyuladi. Xodimlar uni allaqanday bir tarzda ichidan nurlana boshlaganini va hozir yuraklarni ne ajib koʻylarga solgan devorlardagi rasmlarga nimasi bilandir oʻxshay boshlaganini his qiladilar. Asror Valiyevich, suratlardan koʻz uzmagan holda, unga mashinaning oldida peshvoz chiqishga ulgurmagan, shu sababdan ortiqcha shoshib, yoʻlakdan yugurgilab chiqqan yordamchisiga plashini va portfelini nimbehush bir holatda uzatadi-da, suratlarni yutoqib tomosha qilishga tutinadi. Qachonlardir oʻlib ketgan aziz odamini nogahon tirik uchratib qolgan kasning karaxt hayronligiga mengzash bu yutoqish uning butun vujudini qamrab olgan – u hadeb yutinadi, burni va peshonasida reza ter paydo boʻladi.

Negadir jimlik choʻkadi. Asror Valiyevich bu jimlikni ham sezmaydi. Muyassar Qodirovnani esa endi beixtiyor boshliqni hayajonlanib tomosha qilishga tushgan odamlar xavotirga soladi. Ular negadir hozirgina suratga lolu hayronlikda termilishganday boshliqqa tikilib qolishgan edi. Xullas, bu yerda xodimlar boʻlimi boshligʻining fahmi yetmaydigan nimadir roʻy berayotganday… “Nima, rahbar hayvonot bogʻidagi maymunmidiki, ular tomosha qilishsa!”, deb kuchi yetganicha oʻylaydi ayol.

– Ish vaqti boʻldi! – deydi u endi qatʼiylik bilan.

Muyassar Qodirovna bu gapini koʻproq boshliq eshitishini xohlaydi. Ammo Asror Valiyevich eshitmaydi.

Uning ovozining temir jarangi faqat xodimlarni hushyor torttiradi. Ular foyeni qamrab olgan, allaqanday nafis va sogʻinchli boʻylarga toʻlgan havoni tark etgilari kelmay, istar-istamas, ikki tarafga shox otib ketgan yoʻlaklarga taraladilar. Boshliq esa kartinalarni birin-birin tomosha qilarkan, vaqt oʻtayotganini sezmaydi. Har kun ertalabki qisqa majlisga koʻnikkan katta-kichik rahbarchalar daftarchalaru ruchkalarini hozirlab, odatdagiday, Asror Valiyevichning qabulxonasi tarafga yoʻnaladilar. Ammo boshliq hamon foyeda ekanligini koʻrishib, arosatda toʻxtab qolishadi. Muyassar Qodirovna endi bu quyushqondan chiqishga jiddiy aralashmasa boʻlmasligini jonu taniga singib ketgan teran masʼuliyat bilan his etadi. U odamlarga qoʻli bilan “yoʻqolinglar” ishorasini qiladi. Ularning gʻoyib boʻlganiga ishonch hosil qilgach:

– Asror Valiyevich… – deydi yurak yutib. – Asror Valiyevich…

Boshliq unga qayrilib ham qaramaydi. Faqat rasmlardan koʻz uzmagan asnoda, butun vujudi bilan ogʻrinib:

– Jim, – deydi. – Jim!..

U rasmlarni navbat bilan, sinchiklab tomosha qila boshlaydi. Ayniqsa, bir kartina roʻparasida uzoq ushlanib qoladi.

…Bulutsiz osmon. Huvullagan dashtu qir. Qip-yalangʻoch. Oʻt-oʻlanni yozu kuz allaqachon yanchib, vaqtga sovurib yuborgan. Bir chetda ahyon-ahyonda oʻtadigan mashinalarning izi qolgan jaydari tuproq yoʻl. Yoʻlning chetida bir qishloqi chol nevarasi bilan moshina kutib oʻtiribdi. Egnida chopon. Boshida salla. Nevarasi ham choponginada. Ular juda mitti tasvirlangan, hatto yuz-koʻzlari ham koʻrinmaydi. Ammo ularning bu ushoq tasvirlaridan allaqanday intiqlik, intizorlik, shu bilan birga yurakni orziqtiradigan nomaʼlumlikning havosi taralmoqda… Umri shu dashtu qirlarda oʻtgan chol nevarasini qay taqdir sari boshlamoqda? Ular qayerga ketyapti? Kimni kutishyapti? Ularning boshidan ne savdolar kechadi? Nechun bunchalar hasrat? Dala-dashtning sukunatiga qorishgan bu keksaligu yoshlik allaqanday cheksiz qamrovli qudratning changalida nega bu qadar some turibdi? Taqdir ularni qayga uchirib ketadi?..

Birpasdan soʻng Asror Valiyevich ilkis bezovtalanadi-da, koʻzlarini rasmdan uzolmay, bir qoʻlini ortiga choʻzib, koʻrlar kabi nimanidir betoqat izlashga tushadi:

– Qani! – deydi u besabrlik bilan. – Qani!..

Muyassar Qodirovna hech narsani tushunmay, lekin tashabbuskor xodimga xos shijoat bilan boshliq soʻrayotgan narsani muhayyo qilgani yoʻlakka otiladi. Ammo bu bemaʼnilik yugurishining muddaosini oʻzi ham anglamay, toʻxtab qoladi:

– Asror Valiyevich! Nimani olib kelay?

Boshliq oʻziga oʻxshamay gʻijinadi:

– Qanaqa “nima”?.. Van Gogni toping!

Iloyo, shu Boqiboy Van Gung boʻlmay ado boʻlsin! Shunga shuncha vahima-ya! Yurgandir-da bir ochiq lahatda, ipirisqi tortib! U tartib-intizomni pisand qilarmidi! Oʻzi xon, soyasi maydon! Mushugini “pisht” deb boʻlmasa! Ishdan haydab boʻlmasa!..

Bu soʻzsiz monolog Muyassar Qodirovnaning alamli yuragidan bir “tiz” etib, tovushsiz otiladi… va shu zahotiyoq xodimlar boʻlimi boshligʻining koʻzi Asror Valiyevich tomon sharpasiz yurib kelayotgan Van Gogga tushadi. Voy, qurib ketgur! Arvohga oʻxshamay, battar boʻlgur! Osmondan tushdimi?

– Topibsan! – deydi Van Gogga allaqanday hayajonlanib boshliq. – Juda topibsan! Yaydoq kuz boʻlgani ham yaxshi! Mezonlar uchadigan paytda, a?

– Sezdingizmi? – deydi Van Gog koʻzlari beozor nurlanib. – Albatta, mezonlar uchib yuribdi-da!

Soʻng jiddiy bir tarzda qoʻshib qoʻyadi:

– Buni koʻrgan koʻradi!..

Muyassar Qodirovna ham kartinaga ilk bor koʻz tashlaydi. Bu ikkovi uni masxara qilishyaptimi? Mezon qani? Jinni-pinni boʻlib qolishmaganmi?

– Shamol-pamol yoʻq! – battar quvonadi Asror Valiyevich. – Mezonlar havoda behushgina suzib yuribdi…

– Ha-a!.. – deydi boshliqning tushunayotganini maʼqullab Boqiboy. Keyin allaqanday oʻyga tolib gapira boshlaydi. – Bu kartinani, shu… kattaroq qilib chizish kerak edimi-yey! Oʻshanda yana-da…

– Yoʻq! – keskin eʼtiroz bildiradi boshliq. – Shu holida yaxshi! Umuman teginmang! Oʻzi Xudo bergan narsalar boʻladi! Bu kartinani sizga Xudo bergan! Tegmang! Buzasiz!

– Endi… – soʻz axtarib kalovlanadi Boqiboy. – Yana-da… kartinada havo moʻl boʻlardimi, deb oʻylayapman-da…

– E, dunyoning hamma havosi bor, bu kartinada…

– Shoshmang-da… – Van Gogning tiliga yana soʻz kelmaydi.

– Bu-za-siz!

Boqiboy koʻnmay bosh chayqaydi. Asror Valiyevich negadir quvonib, Boqiboyning yelkasidan quchadi:

– Yuring, ichkarida gaplashamiz! Yuring!..

Boshliq ajib bir gʻayratu shijoatda Boqiboyni yelkasidan qoʻyib yubormay, kabineti tomon boshlaydi.

Muyassar Qodirovna serrayib qoladi. Soʻng yoʻlakdan chiqib kelayotgan bosh hisobchi Jamila Gʻafurovnaga koʻzi tushadi. U xodimlar boʻlimining boshligʻini koʻrmaganday oʻtadi-da, teskari turgancha, qirmizi gullar chizilgan kartinani tomosha qilishga tushadi. Yuzi koʻrinmasa-da, bosh hisobchining hayajon girdobida toʻlgʻonayotganini, chuqur-chuqur nafas olganini; hatto zoʻriqishini bosib, besas xoʻrsinishga harakat qilayotganini Muyassar Qodirovna his qiladi va nogoh uning yelkasi titrayotganini koʻradi.

– Nima boʻldi?

Muyassar Qodirovna shoshgancha borib, bosh buxgalterning yelkasiga astagina qoʻl tashlaydi:

– Nima boʻldi?

Jamila Gʻafurovna allaqanday karaxtlikda burilib, tanimaganday unga qaraydi. Koʻzlari jiqqa yoshga toʻlgan. Soʻng ilkis oʻzini qoʻlga olib, yoshlarini shoshib artadi:

– Oʻzim… – deydi jilmayishga harakat qilib. – Oʻzim…

Ammo ichini oʻpirib kelayotgan oʻkirik yuzlarini qiyshaytirib yuboradi. U bosh eggancha, yoʻlakka otiladi.

 

* * *

Shu kun idorada marom buziladi. Natijada antiqa voqealar roʻy bera boshlaydi. Avvalo, bu idora paydo boʻlganidan buyon oʻtkaziladigan, nafas olish kabi odatiy holga aylanib qolgan ertalabki yigʻin oʻtmay qoladi.

Qabulxonaga odatdagiday birinchi boʻlib Shodmonbekov bosh suqadi va hamishagi hazili bilan kotibaga murojaat qiladi:

– Yosumanxon, – deydi u kabinetga imo qilib. – Kiraveraylikmi?

Kotibaning peshonasi tirishadi:

– Yuz marta aytaman, Zafar Rasulovich, menya zovut Jas-mi-na!

Shodmonbekov ham yuzinchi bor gapidan qaytmay, takrorlaydi:

– Oʻzbekchasi “Yosuman” boʻladi-da, onajonim! Davlat tilida aytayapman!

– Nu, chto mne teper delat? Roditellarim oʻrischa oʻqigan…

– Mayli, onam, mayli… Faqat mustaqil boʻlganimizga ham, mana, yigirma yildan oshib qoldi-yov… Shu ismingizni oʻzbekcha qilib, yozdirib oling, tamom-vassalom!

Kotiba battar tutoqadi:

– “Yosuman” deb yozolmayman! U, axir oʻzbekchasiga, okaziʼvayetsya… Naqa… “Jodugar” degani ham ekan-ku!

Shodmonbekov xandon otib kuladi.

– Yosuman shunaqa gul, onam. Unga qoʻngan hasharot qaytib ucholmaydi. Yopishadi-qoladi. Sehrlab tashlaydi. Xuddi sizning oʻzingiz! Sizga ham bir koʻzi tushgan ishqingizda jodulanib, ado boʻladi! Siz esa ularga hasharotga qaraganday ham qaramaysiz! Voh, qancha odam koʻyingizda hasharotday oʻlib ketdi!.. Eh, Yosumanxon! Yosumanxon!.. – u yana Asror Valiyevichning kabinetiga imo qiladi: – Kiraveraylikmi?

Jasmina postda turgani esga tushganday, birdan jiddiy tortadi:

– Yoʻq, – deydi u va kompyuterda qandaydir bir matnni jadal tera ketadi. Bu – kotibaning “gap tamom, hazil tugadi” degani ekanini hamma biladi. Ammo ertalabki yigʻinni bekor qilish…

Shodmonbekov ham hazillashishni unutadi:

– Hozir… majlis!

Jasmina vaziyatning ahamiyatiga mos sukunat saqlaydi.

– Asror Valiyevich, – deydi u soʻng negadir qizishib. – “Hech kimni kirgizmang”, dedi! Men: “Hozir pyatiminutka”, skazala. “Oʻzbekchani tushunmaysizmi?” dedi u kishi… Nu, dalsya mne etot uzbekskiy!..

Jasminaning barmoqlari negadir juda jadal ishlay boshlaydi.

Shodmonbekov nima boʻlganini tushunolmay garangsiraydi. Axir bu idorada yigirma yildan buyon xizmat qiladi. Xudo bergan ish kuni shu yigʻin bilan boshlangan. Bu yigʻin kayfiyatingu koʻnglingga qaramasdan, “avval mendan oʻtib ol, qolganini koʻramiz” yoʻsinida bezrayib, xuddi taqdirning tavqi laʼnatiday naq sakkiz yarimda yoʻlingni qaroqchiday toʻsadi. Buning ustiga anavu Asror Valiyevich!.. Na bir hazilni biladi, na bir xush gapni… Xuddi moshinaning oʻzi! Undan koʻra temir bilan, tosh bilan majlis oʻtkazgan yaxshi! Har holda ularning koʻzi yoʻq. Boshliqning koʻzi! Bir sovuq qarasa, muzing bir hafta erimaydi!.. Endi qanday qilib?..

Xohlasa hammani gap bilan oʻtqizib qoʻyadigan, xohlasa mutoyiba bilan koʻngillarni bahor qiladigan Shodmonbekov birdan dovdiraydi:

– Men… nima qilay?

Jasmina birdan ishdan toʻxtaydi:

– Zafar Rasulovich… Kak-to… naqa… a? Ne to!…

– Onam, ichkarida biror odam bormi?

Jasmina davlat ahamiyatidagi sirni oshkor etishga chogʻlanganday chuqur nafas oladi. Klavishlarni oʻzlari topib ishlayotgan barmoqlari keskin toʻxtaydi.

– Bor! – deydi u. – Bor! Anu… Kak yego… Van Gog! Oni tak bes-se-duyut!… Shunaqa gaplashishayati-i-i!…

– A-a…

Shodmonbekov birdan nimanidir fahmlaydi. U duch kelmagani allaqanday haqiqat bu ishxonaga oralab qolganini, bu haqiqatni faqat ichkaridagilar – majlisni bir tiyin qilib oʻtirgan Asror Valiyevichu suratlar osib, foyeni sehrli bir maskanga aylantirgan Van Gog anglashini; ular hozir bu anglamoqning shavqida mastu alast suhbat qurayotganlarini negadir yuraklari orziqib tasavvur qiladi. U Jasminaning ham allatovur xayollanib turganini koʻradi.

– Yaxshi boʻldi-ya, Zafar aka? – deydi qiz allanechuk boʻlib. – Suratlar… Kak xorosho!..

– Nimasini aytasiz!..

Shodmonbekov mana shu yurak orziqishi yetagida oʻrnidan xayollanib turadi-da, koʻksi notanish – farahli havoga toʻlib, foyega qarab joʻnaydi.

U suratlar osilgan foye ham mana shu notanish havo bilan toʻlganini, bu havo foyedan toshib yoʻlakka, xonalarga, kabinetlarga – butun ishxonaga va hatto xizmatchilarning yuraklariga ham sochilib borayotganini; ishxonaning devorlaridan oshib oʻtib, tushunuksiz sogʻinch va hazinlik sochgancha dunyo boʻylab taralib borayotganini ham his qiladi.

 

Jasmina esa shu allanechuk kayfiyatda oʻtirib qoladi. Boshi qushga aylanib, bexos uchib ketayotganday kallasini ikki qoʻli bilan mahkam changallaydi. Koʻzlarini yumgan tariqa, bor boʻyicha oʻziga choʻkib, oʻyga toladi. Soʻng nogoh yongʻin xizmatiga falokatdan xabar beradigan odam hovliqishida shoshilib, telefon raqamlarini tera boshlaydi.

– Allo… Allo!.. Meni kechir!.. – deydi u oʻrtanib telefonga. – Prosti!.. Men aybdorman!.. Nima? Vstretimsya? Koʻrishamizmi? Qayerda?.. Tushunarli! Mogu! Boraman! Hozir javob olaman-da, yuguraman! Begu, jonim! Begu!..

U shoshgancha oʻrnidan turadi-da, Asror Valiyevichning kabinetiga qarab yuradi. Soʻng “e, nima boʻlsa, boʻlar” qabilida qoʻl siltab, yoʻlakka, yoʻlakdan odamlar suratlarni tomosha qilayotgan foyega, foyedan goʻyo yiqilib tushayotgan osmonga koʻzi tushganday vahimada turgan Muyassar Qodirovnaning yonidan yugurgilab oʻtgancha uni kutayotgan, sogʻinayotgan, oʻrtanayotgan tashqariga yoʻl oladi.

 

* * *

– Nihoyatda quvondim, – deydi Asror Valivich xonasida chir aylanib yurar ekan. – Zoʻr! Bunaqa boʻladi deb oʻylamagan edim! Qoyil! Faqat… u suratni buzmang!

Van Gog boshliqni tanimaydi. Bu soʻzidan koʻngil boʻyi ufurib turgan odam qaydayu, Asror Valiyevich qayda! Toʻgʻri, Asror Valiyevich uni juda hurmat qilishini, hatto mehr bilan ardoqlashini u hamisha sezib, qadrlab yurgan, ammo uning ichidan quyosh chiqib kelayotganday porlab turishini birinchi bor koʻrayapti! Goʻyo qarshisida samimiyat taratib koʻngilning oʻzi soʻzlayotganday!

Van Gog beozor jilmayadi:

– Yoʻq… Men sezib turibman-da, agar…

– Men ham sezib turibman! – Asror Valiyevich ijodkorlarda boʻladigan qizgʻinlikda uning gapini shartta kesadi. – U mukammal surat! Tushinayapsizmi? Mu-kam-mal! Qosh qoʻyaman, deb, koʻz chiqarib qoʻyasiz!..

– E!.. – Van Gog ham ilkis oʻrnidan turib ketadi. – Chalaligi bor-da!..

– Bu asar, – Asror Valiyevich Van Gogning qarshisiga bahs mavjida yurib keladi. – Mana shu chalaligi bilan goʻzal!..

Endi Van Gog ham qarshisida boshliq turganini tamom unutib qizishadi:

– Tavba, chala asar ham mukammal boʻlar ekanmi?

Asror Valiyevich ham nimadir demoqchi boʻladi, ammo birdan jiddiy tortib, Van Gogning koʻziga tik qaraydi:

– Ichmaymizmi?.. – deydi u zoʻriqibroq. – Yigirma yildan buyon ichmaganman. Ammo hozir… bir oʻtiraylik!

Van Gog yuzida yana beozor jilmayish paydo boʻladi.

– Mayli, – deydi u boshliqning gapidagi zoʻriqishni ilgʻamaganday va tashqariga qarab yoʻnaladi.

– Toʻxta!

Asror Valiyevich burchakdagi devorga oʻrnatilgan seyf yoniga shaxdam yurib boradi-da, allaqanday gʻayrat bilan murvatlarni “sharaq”latib burab, eshikni ochadi. Bir pachka pul olib, Van Gogga uzatadi.

– Ol! – deydi u gʻayrati qoʻzib. – Bir oʻtiraylik!.. Gazak olishni ham unutma.

Van Gog pulni oladi-yu, negadir ikkilanib turadi.

– Balki… – deydi boshliqqa sinovchangina nazar tashlab. – Tashqarida, biror pastqam joyda oʻtirarmiz…

Asror Valiyevich derazaga, cheksiz tashqari huvullab yotgan tarafga negadir noxos choʻchib qaraydi:

– Yoʻq, – deydi u shoshib. Uning yuzida bir zumgina nimadandir choʻchish alomati “lip” etib paydo boʻladi. Ammo Asror Valiyevich unga yon bosmaydi: – Yoʻq! Shu yerda oʻtiramiz! Shu yerda!..

– Gap-pap boʻlmaydimi?

Boshliq “boʻlsa, boʻlavermaydimi” deganday qoʻl siltaydi.

Van Gog negadir quvonib, chiqib ketadi.

 

 

* * *

Yigʻinning boʻlmasligi haqidagi xabar ishxonaga birpasda tarqaladi. Ishxona bugun jang qilish-qilmasligini bilmaydigan qoʻshinday beqaror bir vaziyatda turib qoladi. Goʻyo qurol-aslaha tayyor turibdi, dushman moʻljalga olingan, ammo oʻq-dori yetkazib beradigan aravalar karvoni nomaʼlum bir joyda qolib ketganday. Departamentu boʻlim boshliqlari majhul bir qiyofada yoʻlakda sanqishga tushadilar. Har-har joyda mayda-chuyda suhbatlar davrasi paydo boʻladi. Ammo bir zum oʻtib, hamma foyega yigʻiladi. Boshqa xodimlar ham xonalardan birin-ketin chiqib kelib, suratlarni tomosha qilishga tushadilar.

– Oʻrtoqlar! Ish boshlandi!

Ammo negadir Muyassar Qodirovnaning gapiga ehtimol ilk bor hech kim parvo qilmaydi. U namoyishkorona tarzda bu tartibbuzarlarni roʻyxat qila boshlaydi. Maoshidan chegirib tashlashsin, keyin bilishadi surat tomosha qilishni! Qovun qovundan rang oladi deyishadi. Barcha xodimlar shu kallasi aynigan Van Gungning ishlashiga oʻtib olsa, nima boʻladi? Ishxonaning ishxonaligi qoladimi? Dunyo ostin-ustun boʻlib ketadi-ku!.. Ana, boshlandi!.. Yasan-tusandan boshqa narsani bilmaydigan boʻyning uzilgur Jasmina unga parvo qilmay, yugurgilab koʻchaga chiqib ketdi. Birpas oʻtib, Van Gung ham sirli jilmaygancha, oʻzining besharpa yurishida koʻchaga sirgʻalib chiqadi…

Va foyeda Muyassar Qodirovnaning aqliga sigʻmaydigan ishlar roʻy bera boshlaydi. U avval Shodmonbekovning, soʻng Joʻra Olimovichning oyoqlari yerdan uzilib ketayotganini koʻradi. Ayol aqldan ozmadimmi, degan xayolda koʻzlarini ochib yumadi. Ammo birin-ketin boshqalarning ham havoga koʻtarilayotganini fahmlaydi. Muyassar Qodirovna ham negadir oʻzini yerdan koʻtarishga urinadi. Ammo zil-zambil gavdasini yerdan uzib boʻlmasligini payqaydi. Shu bilan birga bu parvozlarning oldini olish kerakligini, agar olinmasa, dunyo toʻs-toʻpolon girdibodida adoyi tamom boʻlishini aniq tasavvur qiladi. Odam qushmas-ku, axir! Idoraning ishini kim bajaradi? Oxir-oqibat “koʻzing qayoqda edi, nega bunga yoʻl qoʻyding”, deb undan soʻrashadi-ku! Tezroq bu tartibsizlikning oldini olish kerak. “Bir tosh yiqilsa, togʻ qulaydi”, deb qaysi bir shoirmi, mashoyixmi aytgan-ku, axir! U bor jon-jahdi bilan baqiradi:

– Men sizlarga aytayapman! Ish boshlandi!

Xodimlar boʻlimi boshligʻining ovozi bu safar nihoyatda vahimali va qoʻrqinchli tarzda jaranglaydi.

Birinchi boʻlib, oqsoqol Joʻra Olimovich yerga “tap” etib tushadi.

– Obbo!.. – deydi u. – Odam ham shuncha nodon boʻladimi? Inson, bu koʻrgazma har kun boʻlayotgani yoʻq-ku! Xudo shu ishxonaga bir inoyat qilib yuboribdi! Bu boʻlsa…

Joʻra Olimovich gapini tugatmay, anchadan buyon kechirayotgan ehtiyotkor umrguzaronligidan nogoh toshqinlab, jadal yurishda xonasiga chiqib ketadi.

Asabiy bir sukunat foyeni tutadi. Oyoqlari yerdan uzilgan xodimlar birdan Yerning tortish kuchini his qiladilar va ularning parvozlari soʻlish olib, qovjirab, birin-ketin yerga qaytib tusha boshlaydi. Ular xodimlar boʻlimining boshligʻidan taralayotgan qudratni ham birdan his qiladilar va endi nima boʻlishini kutgan asno, qizarib-boʻzarib ketgan Muyassar Qodirovnaning qarshisida karaxtlanib turadilar. Birozdan soʻng Joʻra Olimovich toshqin yurishda foyega chiqib keladi-da, lolu hayronlikdagi xaloyiqning koʻzi oldida uning bu misli koʻrilmagan qilmishidan karaxtlanib qolgan Muyassar Qodirovnaning qoʻliga bir varaq qogʻoz tutqazadi:

– Mana! Ariza! Shu idorada dimiqib oʻlib ketmasimdan, nafaqaga chiqib olay! Axir, dunyoda koʻngil bor-ku! Dunyo keng-ku, axir! Dunyoni buncha tor qilib yubordingiz! Nafas olib boʻlmaydi-ya!..

U Muyassar Qodirovnadan shartta ters oʻgiriladi-da, kartinalarni tomosha qilishga tushadi.

Ammo idoralarda roʻy berib turadigan har kungi koʻngil xiraliklardan biri boʻlmish bu majaroning gʻuboridan rasmlar jozibasini birpasda yoʻqotadi. Ularni koʻngillar bilan bogʻlab turgan rishtalar “chirs-chirs” uzilib ketayotganini xodimlar shundoq sezib turadilar va noxos uyqudan uygʻongandek, gʻalati bir ahvolga tushadilar. Soʻng uyat ish qilib qoʻygan kas kabi hamma uyalgannamo bir holatda xonalarga asta-asta tarqala boshlaydi. Xodimlarning bu hol ketishidan esa Muyassar Qodirovnaning ruhi koʻtariladi. U gʻolib bir yurishda xonasiga shaxdam yoʻnaladi. Ammo qip-qizil guldastani bagʻriga bosgancha, yoʻlakdan uchib kelayotgan Jasminaga nogoh koʻzi tushadi-da, esi oqquday boʻlib, toʻxtab qoladi. U uchayotgan odamni birinchi koʻrishi edi. “E, odamzod bu dunyoda ivirsib-ivirsib, oʻlib ketadi” deguchi edi rahmatli onasi. Bu gap Muyassar Qodirovnaning qulogʻiga mahkam oʻrnashib qolgan. Shuning uchunmi, ayol koʻzlariga ishonmaydi va vahima ichida oʻzini chetga oladi. Jasmina esa nogoh paydo boʻlgan bu toʻsiq yonidan qanot qoqib oʻtgancha, parvozini uzmasdan, qabulxonaga kirib ketadi.

 

Jasminaning toʻsatdan uchib kirishidan qabulxona ham bir seskanib tushadi-da, hushidan ketguday bir alfozda lol qotib qoladi: televizor televizorligini esdan chiqaradi, telefonlar jaranglamaydi; hatto xonaga qamalib qolgan ariga mengzab mudom gʻoʻngʻillab turadigan muzlatkichning ham ashulasi xayolidan koʻtariladi. Jasmina esa ularga parvo ham qilmasdan ucha-ucha qoʻlidagi qip-qizil guldastani guldonga qoʻyadi. Gulning guldonda barq urib turishiga qanot qoqqancha erkalanib qaraydi. Soʻng kapalak monand havoda bir-ikki charx uradi-da, kompyuter qarshisidagi kresloga ilkis qoʻnadi. Va birdan mudom ishlab turadigan kompyuter yuzi qorongʻi tortib turganini koʻradi. Ammo u kompyuterning bu holi oʻzi bilan bogʻliq ekanligini his qilmaydi.

– Chert! – deydi u uchib borib, chiroq tugmani “shiqil”latib koʻrar ekan. – Yana tok yoʻq…

Shu payt eshikdan Jamila opa kirib keladi. U horgʻin. Yigʻi nuqsi qolgan yuzu koʻzlari shishinqiraganday…

– Asror Valiyevich?..

Jamila opaning soʻzi chala qoladi.

Uning koʻzi guldondagi gullarga tushadi.

– Voy!..

Allaqaydan bostirib kelgan bexos quvonch bosh hisobchining yuzu koʻzidan yigʻi nuqsini bir lahzada yuvib ketadi.

– Bu gullar… qayerdan?

Jasmina baxtiyor kuladi:

– Podarili!.. Sovgʻa qilishdi!..

Uning gap-soʻzi, butun vujudidan yogʻilib kelayotgan shodiyona bu gullarni kim tortiq qilganini shundoq aytib turadi.

– Qulluq boʻlsin! – deydi Jamila opa ham ajib bir baxtiyorlik ichida. – Xuddi oʻzi… Ana u, foyedagi qizil gullar solingan rasmni koʻrdingizmi?

– Natyurmotnimi?

– Ha-ha!.. Oʻshaning xuddi oʻzi… Oʻsha gullar! Oʻsha!.. Bu qiz qayoqqa uchib ketyapti desam!..

– Qayerda koʻrdingiz?

– Koʻchada… Derazadan koʻrdim! Bilsam, qizil gullarni bu qiz ham sogʻingan ekan-da!.. Jasmina, siz bu gullar qaysi uzoqlardan kelganini bilmaysiz!

Jamila opa birdan yerdan koʻtariladi-da, mastona bir uchishda gullarga engashadi. Koʻzlarini yumgan tariqa hidlaydi. Yuzlariga gullarni ohista tekkizib silaydi – erkalaydi…

Shu payt Muyassar Qodirovna eshikda paydo boʻladi.

– Yarim soat ishda boʻlmadingiz! – deydi u Jasminaga yuraklarga vahima soladigan rasmiy ohangda. – Tushuntirish xati yozing!

Jasmina ham, Jamila opa ham noxos yerning tortish kuchi paydo boʻlganini, qanotlari esa qovjirab qolayotganini his qiladi. Ular suyanchlari birdan yoʻqolib, osmonu falakdan yerga bor boʻylaricha – beayov qulab tushganlarini sezadilar.

 

* * *

Asror Valiyevich derazadan koʻchaga tikilib turibdi.

Koʻchada kuz. Sarigʻu qizgʻish ranglarda alangalanayotgan kuz. Daraxtlardan toʻkilayotgan barglar beshamol havoda qalqinib-qalqinib yerga, koʻchaning ikki chetida qator terib qoʻyilgan mashinalarning ustiga beozor qoʻnadi. Yoʻlovchi avtomobillarning ortidan xazon toʻzgʻib qoladi. Ishxonani oʻrab turgan koʻm-koʻk chimzorda oʻrikning qirmizi barglari sochilgan… Xazonrez! Daraxtlarda, havoda, yoʻlkalarda, gulzorda – butun dunyoda xazon! Naqadar bu kuzning hasrati ulkan. Dunyoning bor-budini – har bir zarrasigacha – bu zaʼfaron soʻlgʻinlik zabt etganday!

Asror Valiyevich derazadan koʻchaga necha yillardan buyon negadir ilk bor qoʻrqmay qarayapti. U hatto kuzning bahaybat gʻussasi derazadan sizib oʻtib, zimillab yuragiga kirayotganini ham payqaydi. Nima boʻlsa, boʻldi! Qarshilik qilmaydi. Mayli, kirsin!.. Mayli, uning ham yuragi xazon boʻlsin! Axir, bir kungina yuragi ixtiyorida yashashi mumkin-ku! Uni asir olib ketishi mumkin boʻlgan dunyodan qanchalar yashirinib yashadi. Qanchalar qochdi. Qishning ham, bahorning ham, yozning ham, hatto mana shu suyukli kuzning ham koʻziga tik qaramadi. O, bu jodugar faslni u qanchalar yaxshi koʻradi! Ammo kuz bilan yurakni ochib, jim suhbat qilishdan qanchalar qoʻrqdi! Chunki aniq biladi: kuz uni koʻngli qoʻmsagan tomonlarga olib ketadi. U shuncha yillar oʻzini jilovlab, kishanlab qurgan hayotidan mosuvo boʻladi! Kunpayakun boʻladi hayoti!

U ichidagi tubsiz zindonga oʻzi tashlagan narsaning kuchini yaxshi biladi! Har on uning hamlaga tayyor quvvatini ham sezib turadi! Biroz erkini ixtiyoriga bersang, girdobiga tortadi-ketadi! Osmonu yerning farqi qolmaydi oʻshanda! Sezgilaring oʻtkirlashadi. Dunyo koʻzingga aldoqsiz koʻrinadi. Goʻzalliklari, jilvalari, toshqinlari, fojialari, mehru muhabbati; adolati va adolatsizligi; pastligi va yuksakligi; sayozligi va teranligi bilan qarshingda namoyon boʻladi. Sen esa bu koʻrinishning beayov azobida toʻlgʻonasan!

Unga qachonlardir bu azobdan xalos etishga koʻmak berishgan. “Odam boʻlib yashash” ilmini oʻrgatishgan. Hamma qatori kun koʻrish lozimligini uqtirishgan va goʻyo barcha odamlar oʻynab-kulib yashayotgan koʻchaga kiritib qoʻyishgan. U oʻshanda bu koʻchada Munis borligi uchun abadulabad baxtiyor boʻldim, deb butun ruhu vujudi bilan ishongan.

Ammo bariga kuz sabab…

Bundan yigirma yil avval kuz uni jodu aylab, Munisning ortidan sarson-sargardon ergashtirmaganmidi? O, oʻsha kuz! Daraxtlardan beshamol havoga ixtiyorini tashlab, uzilib-uzilib tushayotgan, yoʻlkalarga benajot choʻzilib yotgan xazon yaproqlar! Yoʻlkaning boshida xazonni bosib oʻtishga jurʼat topolmayotganday turgan qiz… Kuz ming jilvada toʻlgʻonarkan, shu qizga roʻbaroʻ etgan. Asror esa aqlu hushidan ayrilib  – oʻzi ham tushunmaydigan kuchning uni uchirib borayotgan taqdirining qanotlari chirsillab yonib borayotganini ilgʻab tursa ham qarshilik qilishning ilojini topolmagan. Umidini, maqsadini, jonu jahonini baxshida etib yuboravergan. Ammo taqdir tinchgina yonib ketavermas ekan-da! Burqsib, choʻgʻlanib, gʻashlanib, koʻnglini kul toʻzoniga chulgʻab, kunlarini xufton etgancha ortidan it kabi ergashib kelavergan. Bu taʼqibning bezovta hasrati uni bir lahza ham tinch qoʻymagan. U esa faqat oʻsha kuzda uchragan qiz koʻziga tikilgancha, qachonlardir gardaniga qoʻyilgan majburiyatni bor kuchiyu irodasi bilan bajarishga urinavergan. Shuning uchun ham uni chorlab, har damda qaylargadir – koʻngilni mast-alast etib, yerning qaʼrigami, yetti qavat falakkami, olib ketgisi kelib turadigan dunyoga tik qarashdan choʻchigan. Ayniqsa, kuzdan koʻzlarini olib qochgan! Bu fasl – sehrgar! Qoʻyib bersang, inon-ixtiyoringdan bir zumda judo qiladi!

Ammo bugun bu nogahoniy koʻrgazma, oʻzini oʻzi zoʻrlab tiqqan zindonlaridan uni bexos ozod qildi! Mana, dunyoga shundoq tikka qarayapti! Nima boʻlsa, boʻlar!.. Bu Van Gog degan dahoning hunarini qarang! Tavba, ranglar ham shunaqa oʻrtanadimi? Bu suratlarning qarshisida oʻtirib, faqat oʻkirib yigʻlasang! Vujuding yoʻqolib, nurga aylangancha hoʻngrasang! Buning ustiga bu kuz!…

Temir iroda bilan yasagani – hayajonu joʻshishlardan xoli zindonning temir eshiklari qulab, yurak-bagʻri hurlik havosida toʻyib nafas ola boshlaganini u yaqqol sezib turibdi! Nima, temir eshiklarning toqati toq boʻlib, qulashga bahona izlab turganmidi yo?..

 

* * *

Eshikdan Van Gog kiradi. Lablarida oʻsha beozor tabassum. Qoʻlida qappaygan yelimxalta. Ammo endi yurish-turishida qandaydir ishchanlik va bilinar-bilinmas tantanavorlik bor. U boshliqning kabinetini besh qoʻlday biladigan odamday kengu moʻl kabinetning toʻridagi istirohatxona eshigiga imo qiladi:

– Kiramizmi?

Asror Valiyevich esa ichishni betoqat kutayotgan aroqxoʻr kabi xurram kayfiyatda kaftlarini bir-biriga gʻayrat bilan ishqalaydi.

– E, tezroq boʻl! Shu yerda ocha qol!

Van Gog qoʻlidagi yelim xaltani kabinetning bir tarafini egallagan keng – moʻl “majlis” stolning ustiga qoʻyadi. U yoq-bu yoqqa qarab, Asror Valiyevichning stoli ustidagi gazetani oladi-da, stolning bir chetiga dasturxon qabilida toʻshaydi. Xaltachadan plastmassa idishlarni chiqarib, bir zumda qopqoqlarini ochib qoʻyadi. Keyin qayerdandir qoʻlida ochqich paydo boʻladi. Sehrli xaltadan chiqqan konservalar ham hademay yelkanli antiqa qayiqlar shakliga kirib, ularning hukmiga hoziru nozirlik holida turadilar… O! Van Gog bunday ishlarni qoyil qilar ekan-ku! Tajribasi borligi shundoq koʻrinib turibdi. Shoʻr pomidoru bodring, kolbasa, qoqlangan baliq, shprot, kabob… Buning ustiga, qisqa qadah soʻzi – “Qani! Qani!”ga behad qizgʻin maʼno kirgizadigan qancha gazaklar! Ishtahani ochib, sabrni yoʻqotadigan moʻjizalar! Bu tuygʻuni u qachon tuygan edi? Ha, yigirma ikki yil avval! Yigirma ikki yil!..

– Tezroq ochsang-chi!

Van Gog boshliqning betoqat buyrugʻiga parvo ham qilmay, toʻgʻri istirohatxonaga yoʻl oladi-da, lahzada ikkita piyola koʻtarib chiqadi.

– Qadahingiz ham yoʻgʻ-a!..

– Boʻl!..

Van Gog xaltachadan nihoyat shishani oladi.

– Oʻzimizniki. Lekin zoʻr!

Piyolalarga Van Gog aniq harakatlar bilan aroqni quyadi.

– Ammo, lekin qoyil! – deydi boshliq kimgadir taqlid qilib. – Bu ishda ham aʼlochi ekansan!

Van Gog esa qoʻrqinchli boshliqning bu bola qiliqlariga parvo ham qilmaydi:

– Qani!

– Ichdim!..

Asror Valiyevich nogahon bayramga duch kelib qolgan bola kabi quvonib, piyolani bir koʻtarishda boʻshatadi. Yuzlarini bujmaytirib, gazakni xuddi ertaklardagiday bir yamlab, ikki yutadi. Soʻng jilmayganicha Van Gogning ichib boʻlishini kutib turadi. Ulfati piyolani boʻshatib stolga qoʻygach esa, birdan jiddiy tortib, gap boshlaydi:

– Bilasanmi, – deydi u, bu gaplarni endi kashf qilayotganday. – Hayotning maʼnosi nimada? Sanʼatda!..

U allaqaydan koʻngliga oqib kirayotgan, oʻzi ham, unut boʻlib ketgan davradosh birodarlari ham sarxush hushyorlikda qachonlardir gapirgan fikrlarni takrorlayotganini sezib turadi. Ammo soʻzlar ekan, ruhu vujudi yayrab qizishayotganini, bu tarzdagi suhbatlarni chidab boʻlmas intiqlikda sogʻinganini his qiladi.

 

Muyassar Qodirovna bugun birdan masʼuliyatni unutib qoʻygan boshliqsiz ham idorani yoʻlga solganidan, ishxona xuddi soatday bir maromda “chiqillab” ishlay boshlaganidan gʻururlanib, yoʻlaklarni ikki-uch bor aylanib chiqadi. Soʻng xonasini ichidan berkitib, Joʻra Olimovichning “delo”sini oladi. Har bir varaqni sinchiklab koʻzdan oʻtkazadi. Ayniqsa, qarindosh-urugʻlari haqidagi maʼlumotlarni alohida oʻrganib chiqadi. Bu qurgʻur miyasi achigan chol bekorga dagʻdagʻa qilmayotgandir? Biror suyangan togʻi bordirki, hammaning orasida arizani Muyassar Qodirovnaning yuziga otib chiqib ketdi! Ishongan togʻi bor!

Ammo Muyassar Qodirovna qancha oʻrganmasin, miyasi achigan cholning ishongan togʻini topolmaydi. Maʼlumotlarni qayta-qayta koʻzdan kechiradi. Yoʻq! Tep-tekis! Sahro!.. Endi uyi kuydi buning! Hech kiming yoʻq ekan, nega koʻpirasan? Tinchgina yurmaysanmi, maoshingning ustiga nafaqangning yarmini qurtday sanab olib! Endi ketding! Har oyda nafaqani kuti-i-ib, toʻrt devor ichida oʻlganday boʻlib oʻtiraverasan! Sen hali Muyassar Qodirovna bilan oʻchakishasanmi? Mana, hozir feʼlingga yarasha buyruq tayyor boʻladi! Qarabsanki, nafaqaxoʻrsan! Bu idorani endi tushingda koʻrasan! He, oʻlib ket!..

Xodimlar boʻlimining boshligʻi mana shunday gʻalvali ishlardan bosh koʻtarolmay oʻtirarkan, ishxonada nimalar roʻy berayotganidan ham, qachon ish kuni tugaganini ham bexabar qoladi.

Muyassar Qodirovnaning zugʻumidan keyin qanotlari singan qushday qunishib, ishga qoʻli bormay, derazaga qarab oʻtirgan xodimlar esa yana bir antiqa voqeaga guvoh boʻladilar. Tushlikka yaqin Van Gog ishxona eshigidan allaqanday bir mastona parvozda uchib chiqib, barglarini sochib yotgan daraxtlarni oralab birpas parvoz etgach, qaysidir bir falak sori qanot qoqib ketganini aniq koʻradilar. Yoʻq, koʻpchilik bunga ajablangani yoʻq! Chunki u devona odam-da! Uchsa, uchib ketaveradi! Ammo ular allaqanday zavq-shavqli parvozda ishxonadan otilib chiqqan Asror Valiyevichga koʻzlari tushganda, oʻzlarga ishonmay, lolu karaxtlikda koʻchaga qaragancha qotib qoladilar.

 

* * *

Asror Valiyevich piyoda yurmaganiga ancha boʻlgan. Shuning uchunmi, kuzga qorishib yotgan shaharni avval tanimadi.

Buning ustiga, mashinada yuraverganidanmi, mashina oynasidan boʻlsa ham dunyoga dadil koʻz bilan qarashga choʻchiganidanmi, koʻrganlari bilan koʻngli oʻrtasida devor tashlab, atrofga nazar tashlaganidanmi, bu joylar unga notanishday tuyuldi. Axir, uch-toʻrt yoʻnalishdan mashina uni gʻizillatgancha olib borib, olib kelavergan – uydan xizmatga, xizmatdan uyga, idoradan falon majlisga, majlisdan ishga, ishdan uyga… Demak, bu shaharning shakli shamoyili xotirasidan koʻtarilganiga ajablanmasa ham boʻladi. Demak, qachonlardir umrini yetaklab ketayotgan devonavash taqdirdan ayrilish oson kechmagan! Buning uchun inson xotirasini, hatto oʻzini ham esdan chiqarishga majbur boʻlar ekan-da!

Ammo Asror Valiyevich noxos atrofida sochilib yotgan kuzni taniydi. Qachonlardir bu kuzakdan olgan toshqin gʻussali darslar qaylardandir kelib, vujudini yana toʻldirgancha, yuragini boshlab ketayotganini ilgʻaydi. Qayoqqa ketyapti? Qayoqqa? Choʻchimaslik kerak! Yurak aldamaydi! Yoʻq, aldamaydi!.. Ha, u bugun chalgʻidi. Kamgap haydovchini hayron qoldirgancha, kutilmagan bir joyda hapriqib, “Toʻxtat!”, dedi-da, mashinadan shartta tushdi. Yuragi boshlayotgan yoqqa shoshilib ketarkan, mashinasi yonida unga hayron qarab turgan haydovchiga “ketaver” ishorasini qilgach, birov ushlab qoladiganday, shoshgancha yoʻlida davom etdi. Nega chalgʻidi? Ehtimol, chalgʻimagandir? Ehtimol, qodir parvardigor faqat uning uchun yaratgan yoʻlga qaytib tushayotgandir?

Nima boʻlsa ham, koʻngli qaylargadir ishonch bilan boshlab ketayotganini sezib turibdi.

Qayerga kelib qoldi? Anhor boʻyidagi bu bogʻni nega tanimaydi?.. A, oʻsha bogʻ-ku! Xazonlari shamolsiz havoda behush qalqigan oʻsha bogʻ! Tanimaganini qarang. Axir, shu chorbogʻda Munisni uchratgandi-ku. Munis… Kuzgi bogʻning shundoq chegarasida – mastu alast xazonrezga xalaqit berishdan choʻchib, yoʻlak boshida toʻxtagan qiz! Mahobatli xazonrez toʻlgʻonishlarining bir chetida jurʼatsizgina turgan qiz unga sehrli va nihoyatda goʻzal koʻringan. U yuragi hilvirab, mahliyo boʻlgancha serrayib qolgan…

Soʻng qizning ortidan ergashib ketavergan. Ketavergan. Oʻzini unutib, dunyoni unutib – maqsadu orzulardan mosuvo boʻlguncha ketavergan. Tokim qiz uni bir koʻrgandan yaxshi koʻrib qolganini, lekin otasi qizini unga bermasligini aytguncha ergashib yuravergan. Bu qiz baxt va bebaxtlikni qanday qilib bir jumlaga jo etdi? Garchi Asror bu ogʻir gapni eshitganda, bir qalqinib, toʻxtab qolgan boʻlsa ham, baxtga oʻrab tashlangan qarshisidagi noxos togʻdan, oshiqlarga xos bepisandlik bilan sakrab oʻtgan. Oʻtgan-da, yana ergashib ketavergan. Ketavergan, ketavergan…

Borib-borib Munisning otasi – Samigʻ Nigʻmatovich Mirkalonovning roʻbaroʻsidan chiqqan.

 

* * *

Samigʻ Nigʻmatovich – katta odam. Nomini hamma biladi. Biror maʼrakami, toʻygami shotirlari bilan kirib kelsa, barcha tipirchilab qoladi. Yugur-yugur boshlanadi. Alohida tayyorlangan xosxonaga kirgiziladi. Xizmat talash boʻladi. Savlatidan shahar hurkiydigan odamlar ham tovoq koʻtaribmi-yey, shisha koʻtaribmi-yey, nimanidir bahona qilgancha xosxonaga kirib, “shunday ulugʻ odamga” bir koʻrinish berishga harakat qiladilar. Biror bir milisa mashinangni toʻxtatsa, “aka”ga qarashli odamligingga ishora etsang, boʻldi, uzr soʻrashu chest berishlarni qoyilmaqom etib, hurmatingni joyiga qoʻyishadi. Qoʻzgʻalganingdan keyin “xayriyat-yey” deb qutulganiga shukr qiladi.

Uning ismu sharifi qandaydir bir parol. Birovga eslatsang, bitmagan ishing bitganini bilmay qolasan. Hurmatu vahima aralalash nimadir odamlarni yugurgilatib xizmat qildiradi…

Shunday odam sening taqdiringni oʻn besh daqiqada hal qildi. Naqa… Ahrolmisan? Yaxshi… Rostini aytsam, senga beradigan qizim yoʻq edi, xoʻpmi? Ammo bir ishing yoqib qoldi. Hamdam Rasulovichning oʻgʻlini kaltaklaganingga qoyil qoldim, xoʻpmi? Yonidagilarni ham qoʻshib uribsan! Qizlarga gap otganning jazosi shu! Seni milisadan oʻzim olib qoldim. Xoʻpmi? Ammo endi bunday ishlarni yigʻishtir! Xoʻpmi? Nega jim turibsan? Qiziq bola ekansan-ku! “Xoʻp” demaysanmi? Boshingga baxt qushi qoʻnyapti… Xoʻpmi?

Asror “xoʻp” dedi. Samigʻ Nigʻmatovich nima aytsa, Munis tayinlaganday, faqat maʼqulladi.

Bu kasbingni tashlaysan, xoʻpmi? Xoʻp! Qaytib qoʻlingga naqani… moʻyqalamni tekkizmaysan, xoʻpmi? Xoʻp! Tikistilda oʻqiysan, gaplashib qoʻydim, xoʻpmi? Xoʻp. Mani bitta-yu bitta farzandim – mana shu Munis. Agar toʻy boʻlsa, menga oʻgʻil boʻlasan, xoʻpmi? Xoʻp! Bu uy-joylar ikkovlaringniki boʻladi, xoʻpmi? Xoʻp. Men seni koʻtaraman. Menday hamma hurmat qiladigan rahbar boʻlasan, Xudo xohlasa, xoʻpmi? Xoʻp! Xoʻp!.. Xoʻp!.. Xoʻp!..

Asror hamma shartga rozi boʻldi. Bu shartlarni bajarish nima boʻpti! Jonini soʻrashsa ham beradi-ku! Faqat Munis yonida boʻlsa bas! Nimadan kech deyishsa, kechadi! Nima qil deyishsa, qiladi! Axir Munissiz bu hayotning nima keragi bor?

Yigit Munis uchun bor dunyosidan kechdi. Tashlab ketgan orzu-maqsadiga burilib qaramaslikka qaror qildi. O, u kuchli odam! Biroq Asror kechgan dunyo, u Munisning ortidan qanday ergashgan boʻlsa, xuddi shunday izma-iz izillab kelaverdi. Tashlab ketilgan taqdir ogʻrinib, oʻrtanib, kuyib, oʻksinib, bir qiynoq dardga aylanib, jon-holiga qoʻymadi. Yigirma ikki yil uni tinmay taʼqib qilgan taqdirning tayziqiga miq etmay dosh berdi. Koʻnglining ravishini tosh iroda ichida tutdi. Rahmatli qaynatasining rejasi va rahnamoligi ostida qurayotgan yangi taqdirini chindan urinib qurdi: soha odamlarining tiliga tushgan mutaxassis boʻldi; mehnatidan unib, “koʻtarildi” ham. Xuddi Samigʻ Nigʻmatovichning orzusidagiday odam boʻldi. Ammo bugun… Hammasiga Van Gog va mana shu kuz aybdor! Mana, u koʻngil yetagida, boshi oqqan tarafga ketyapti…

 

* * *

Asror Valiyevich bogʻ toʻridagi peshtoqiga yonarharflardan “SUHBAT” deb yozib qoʻyilgan imoratga koʻzi tushgach, quvonib ketdi. Ie, oʻzlari-ku! Shuncha toʻs-toʻpolondan omon qolibdilar-da! Barakallo! Peshonangizga yonarharflardan maqtovingizni keltiradigan reklamalar qoʻndirib olganingizni hisobga kiritmasak, hech oʻzgarmabsiz, birodar! Haqiqatdan ham birodarimsiz-da! Ijoddan charchagan, ijodga tashna, ijodning siru asrorini bilishga intilgan, koʻngildoshlarini uchratganidan baxtiyor odamlar davrasini bagʻriga bemalol sigʻdirgan bu kamtar qahvaxona birodar boʻlmasdan, nima boʻladi! O, sizda… Kechirasiz, “sen”lab gapirsam boʻladimi?.. Rahmat!.. Xullas, senda hur bazmlarimiz qanday gurillagan! Rauf Parfi aytganiday, “darvishlar bazmi”! Shoirning oʻzi ham senga ishga kelganday qatnagan. Aroq bilan boshlangan bahs pivoga qadar tushib kelgan; pivodan boshlangan suhbat, aroq bilan yuksalgan. U suhbatlarning nihoyasi boʻlmagan. Senda avjlangan daryo suhbat, keyin irmoqlaru ariqlarga boʻlinib, qayerlargadir, zilziladan soʻng buzilmay qolgan uvada hovlichalarga, ijara uylarga, rassomlarning ustaxonasiga, yotoqxonalarga oqib borgan. Senda boshlangan mavjlanish koʻngillardan koʻngilga oʻtgan, toshlar erigan, daraxtlar meva bergan, nihollar bogʻ boʻlgan, bu toshqinlarda butun Toshkent mavjlangan. Xuddi shunday! Men ham mavjlanganman! Men ishlagan suratlar dengizday toʻlgʻongan! “Nu, yego!.. – degan rahmatli Roʻzi Choriyev koʻzyoshini artib. – Yigʻlatadi!” Ha, men ham odamlarni yigʻlatganman! Kim chizgan suratlarimni koʻrgan boʻlsa, lolu hayronlikda qotganligi rost! Faqat Munis… U suratlarimga sovuqqina qaragan-da, “yaxshi” deb qoʻya qolgan, xolos. Suratlardagi tugʻyonlardan unga hech narsa oʻtmagan. Suratlar ham undan begonasiragan… Men Munisni sheʼru suratlarga oshno etishni, oʻzimday mavjlanishini juda istaganman. Uni dengizday toʻlgʻonib yotgan davraga boshlab ham kelganman. Ammo u ozroq hadiksirabmi, ozroq jirkanibmi-yey bir chetda oʻtirgan. Dasturxonga qoʻl choʻzmagan, suhbatga qoʻshilmagan, birpas oʻtmasdan unga “ketdik” deb ishora qila boshlagan. Serfahm Rauf Parfi buni ilgʻagan: “Sizning bu kelishingizdan umidim katta edi,  – degan u hammaga yoqadigan tabassumida Munisga. – Safimiz yana bir darvishkaga koʻpayadi deb oʻylovdim. Afsus, ishonchimni oqlamaydigan koʻrinyapsiz. Endi… Asrorni ham oʻgʻirlab ketasiz-da, a!” “Iloyo, shu qiz meni oʻgʻirlasin!”, deb Xudoga nola qilib oʻtirgan yigitni oʻgʻirlab ketish oson: Munis oʻsha zahotiyoq bir imo bilan oldi, ketdi! Na parvardigor unga atagan taqdir qoldi, na koʻngilda tinchlik…

O, xayollarga berilib ketibman!..

Koʻrinishing yaxshi! Bogʻning toʻrida, xazonrez sochqiniga yelkangni tutib, menga kulibgina qarab turibsan. Tanidingmi? Nimani eslayapsan? Oʻsha xotiralar hozir ham shu yerda yashayaptimi? Qoldirib ketilgan taqdirlar bu bogʻni arvohlarday aylanib, seni bezovta etayotgandir? Yoki ular faqat kuz kelganda, eshigingni taqillatib, noxos keladilarmi? Sen meni ham arvoh deb oʻylayotgandirsan?… Juda sirli koʻrinayapsan. Ostonangdan hatlab kirsam… nima qilasan?

U oʻzining tevaragiga qurgan hamma hushyor chegaralardan bir necha soatlarda hatlab oʻtganini va bu yaxshilikka olib kelmasligini anglab turadi. Agar qarshisida turgan qahvaxona sari bir necha qadam masofani bosib oʻtsa, orqaga hech qachon qaytib boʻlmasligini shundoq his etadi, vujudida qoʻzgʻalgan allaqanday zilzila ogʻushida titrab-qaqshaydi. Shu bilan birga, qudratli bir kuch Asror Valiyevich oʻzini zoʻrlab kirgazgani temir qobiqdan qoʻporib, allaqanday sururli, mastona dunyolar tarafiga uchirib borayotganini ham tushunadi. Uzoqlardan boʻylari elas-elas kelib turadigan, qachonlardir ogʻushida ozod uchgani – oʻsha qolib ketgan dunyoni sogʻinganini, uningsiz ortiq yasholmasligini; hamma qatori kun kechirishga harakat etib qurgan omonat hayotidan bir zarb bilan voz kechishi shartligini ham fahmlaydi. Zotan, bugun Van Gogning koʻrgazmasidan soʻng, bu zarb ichida yetilib kelganini, “taqdirim” deb oʻylab avaylab-asragan umrguzaronligi ustida qandaydir bir shavq-la parvozda koʻtarilganini va endi… tavakkal etish lozimligini sezadi.

Xudoyim! Nega tavakkal etmay? Nega?.. Axir, bu kuzni – umrimning oʻsha kunida qolgan mana bu faslni ham roʻbaroʻmdan chiqarib turibsan-ku!.. Men uni, sinovingga dosh berolmay tashlab ketgan edimmi? Demak, hayotimni qachonlardir uzilgan joyidan endi qayta boshlashim kerakdir-da!.. Boshla, meni boshla!

 

* * *

Asror Valiyevich qahvaxonaga kiradi. Qahvaxona oʻsha paytlardagiday yorugʻ emas, nimqorongʻi edi. Ammo kiraverishda – avvalgiday – bar! Biroq u nihoyatda olifta koʻrinish olgan; stollar ham oʻsha paytdagiday: yarim aylana zalning devorlari boʻylab terilgan. Biroq endi har bir stolning sathiga devordan pastga qarab oʻrnatilgan chiroqlar xira-shira nur taraydi. Nimqorongʻilikda stollar orollarga oʻxshaydi. Oʻsha paytlardagiday barda pivo ham sotishyapti. Faqat endi qoʻllarida qoʻsh-qoʻsh bokallarni tutib, pivo talashayotgan pivoxoʻrlar yoʻq. Yangicha nafis idishlardan koʻpiklari toshib turgan pivolarni ofitsiantlar patnislarga solib, xoʻrandalar oldiga qoʻyishyapti. Hamma joy ozoda, ilgarigi baqir-chaqiriqning ham uni oʻchgan.

Barmen unga koʻzi tushgan zahoti bir seskanib tushadi:

– Ie, Abror oka! Qoʻrqib ketdim-e!

U shoshib zal tomonga qaraydi va kulib yuboradi:

– Egizmisizlar?

Asror Valiyevich gap nimadaligini tushunmasa-da, bu mayda gapning tagiga yetgisi kelmaydi:

– Ha, – deb qoʻya qoladi u. – Egizmiz.

– Abror oka bir daqiqa burun zalga kirib ketgan edilar. Qarasam, yana kirib kelyaptilar!.. Jinni-pinni boʻldimmi deb!.. Bor boʻlinglar-e! Oʻtakamni yorib yubordilaring!.. Hoʻv ana, oʻtiribdilar!..

Asror Valiyevich u koʻrsatgan tarafga bir qarab oladi. Soʻng shoshmasdan barning tokchalariga terib qoʻyilgan ichimliklarga koʻz yugurtiradi.

– Anavudan bormi? – deydi u fransuz konyagiga ishora qilib.

– Bizda hammasi bor-de, oka! Qancha?..

– Ikki yuz…

– Buni oz-ozdan ichilsa, ja rohat… – Barmen Asror Valiyevichning yuziga bir koʻz tashlab, undan taralib turgan viqorni koʻrgach, gapi ogʻzida qoladi: – Xoʻp-de, oka!

Asror Valiyevich konʼyakni, barmen uchun kutilmaganda, juda oson ichadi. Na yuzi burishadi, na chuqur nafas oladi. Soʻng iltifot bilan uzatilgan shokolad boʻlagiga parvo ham qilmasdan, barmen koʻrsatgan stol tarafga yuradi.

Asror Valiyevich stolga yaqinlashib kelarkan, unga teskari oʻtirgan odamlar stullarni taraqlatib, oʻrnidan qoʻzgʻalishadi. “Meni kutishayotgan ekan”, degan fikr Asror Valiyevichning koʻnglidan “yilt” etib oʻtadi. U bu xayolning mantiqsizligini oʻylab koʻrmaydi ham.

– O, inson!.. Inson keldi!

Davra uni shu xitob bilan shodon kutib oladi. U sogʻingani rahmatli odamga yuzma-yuz kelganday, birdan seskanib ketadi. Bu soʻzlar qayerdan keldi? Hali ham shu tarzda aytishadimi?.. Kimdir uni bagʻriga bosadi, kimdir qoʻllarini havodan aylantirib kaftiga kaft uradi, kimdir yuziga yuz urishtiradi.

– Qani, qani…

Bu jumla ham qadrdon! O, Rauf Parfining mehmonga iltifoti! Oʻsha!.. Nahotki, ustoz shu yerda boʻlsa!.. U koʻrsatilgan oʻrindiqqa choʻkar ekan, atrofdagilarga bir-bir qaraydi. Yoʻq, Rauf Parfi yoʻq. Ammo kimdir qarashining maʼnosini ilgʻaydi:

– U kishi yoʻq. Davra toʻlib kutib oʻtirgan edik. Uch-toʻrt kishi sizni kuta-kuta ketib qolishdi.

– Dunyoning ishi-da!..

Bu kimning gapi?.. Oʻziniki! Bir paytlar shu jumlani boʻlgan-boʻlmagan joyda ishlatib, barcha doʻstlarning kayfiyatini koʻtarar edi. Falonchi oʻqishga kiribdi. Dunyoning ishi-da! Pistonchi ishdan haydalibdi. Dunyoning ishi-da! Kecha tonggacha oʻtiribmiz! Dunyoning ishi-da! Im-m… Boshim ogʻriyapti! Dunyoning ishi-da! Bir tiyinim ham yoʻgʻ-a! Dunyoning ishi-da!..

Asror Valiyevich davradagilarga yana bir bor razm solib chiqadi. Tavba! Bu notanish odamlar unga… tanish edi. Hatto qadrdon! Hatto ular bilan umrguzaronlikda hayotning achchiq-chuchugini birgalikda totishganday edi. U oʻzi bir paytlar aytgan gapini takrorlagan odamga sinchiklab qaraydi. Bu odam… bu odam… bu odam unga oʻxshar edi. Eski jinsi va dagʻal jemper kiyib olgan, sigaretni oliftalik bilan puflab, gapni palaxmonning toshiday har tarafga otgancha, gulgun ochilib oʻtirgan bu oʻrta yosh odam uning xuddi oʻzi edi. Barmen uni shu odam bilan adashtirganini Asror Valiyevich anglaydi.

Davra qulfi kalitsiz – nihoyatda ochilib oʻtirar, shu sababdanmi, unga singib ketish juda oson kechadi. Buning ustiga, Asror Valiyevichning koʻngli ham avj baxtiyorlik havolarida joʻshgan, u bu avjning toshqinida har qanday davraga yoqishini aniq his qiladi.

– Keldingizmi? – deydi unga qiyofadoshi xuddi kecha koʻrishgan odamning ohangida. – Bu bozor dunyo sizni ham tamom yutib yubordimi, deb xavotirda edik.

– Yutolmadi! – deydi u. – Kattalik qildim!

– Zoʻr! – deydi qiyofadoshi.

Negadir uning bu gapi barchaga yoqadi. Hamma kuladi.

– Albatta, kattalik qilgan, albatta! – deb negadir qiynalib gapiradi oriqqina odam. – Men ham kattalik qilaman! Yutib boʻpti!.. Mana!.. – U mushtini kimgadir qoʻrqmay koʻrsatib, poʻpisa qiladi.

– Bu yerda hamma omon qolganlar – dunyoning ogʻziga sigʻmaganlar oʻtiribdi! – deydi barvasta odam. – Bizni yutolmaydi! Xoʻsh, endi… Mehmon keldi… Murod-maqsadga yetamizmi?

U chaqqonlik bilan qadahlarga aroq quyadi.

– Bu finjonni endi kelgan inson uchun koʻtaramiz!

Yana Rauf Parfining ovozi! U qayerda? Yo birov taqlid qilyaptimi? Asror Valiyevich bu qadahsoʻzni kim aytganini anglamay qoladi.

– Ey!.. Inson yigʻlab dunyoga keladi, yigʻlab dunyodan ketadi!.. Davayte!

U bu gapni ham kim aytganini koʻrmaydi. Ammo bu gap Roʻzi akaning – ustoz Roʻzi Choriyevning oʻrischa oʻzbekchasi ekanligini biladi-ku! U ham shu yerda, shu yerda!..

– Iching-da endi! – deb uni oʻziga keltiradi qiyofadoshining hazil aralash quvnoq tovushi. – Kechikib kelganingiz yetmaganday, tiralib oʻtirishingizni qarang!..

Asror Valiyevich qadahni bir koʻtarishda boʻshatadi.

 

* * *

Asror ertasi tongda uygʻonib, kecha nima boʻlganini eslay olmaydi. Koʻzini yumib yotar ekan, nimalardir elas-elas xayolida jonlanadi. Avval mastona davraning betoʻxtov hazil-huzilu, tortishuvu bahslari qanday gurillagani xotirasidan oʻtadi! Oʻ, qanday yayrab oʻtirishdi! Na Kafka qoldi, na Gogen, na Behzod, na… Hammasining ijodi kavlab chiqildi! Oʻzi… Oʻzi nima qildi? Ha, hech kimga gap bermay, monologlar oʻqidi! Miyasi birdan yorishib, allaqanday qotib qolgan haqiqatlarning avra-astarini agʻdarib tashladi; barchaning ogʻzini ochgancha, sanʼat endi qanday rivojlanishi haqida ehtiros bilan nutq irod etdi; nima uchun tasviriy sanʼatga tomoshabin kerakligi haqida, beshafqat taqdirning oʻyinlari daholarning boshiga ming turfa savdolar solishi toʻgʻrisida kuyib-yonib gapirdi. Fikrati mantiq dovonlaridan yengil sakragancha, uchib borar ekan, shu daqiqalarda yayrab yashayotganini his qildi! Davradagilar ham bir erka maʼqullashda uni qoʻllab-quvvatlab turishdi. Badiha fikrlash miyaning qatlarida mudrab yotgan notanish maʼnolarni shiddatli tugʻyonlarda uygʻotib borar ekan, vujudi qanotlanib borayotgani fahmladi… Hatto uchib ketayotganini his qildi… Ha, uchdi! Ilgari u shunday yashagan! Faqat uchgan!..

Keyin… keyin… keyin… nima boʻldi?

Allamahal qahvaxonadan hamma birga uchib chiqqanini biladi, ammo boshqalar qaysi tarafga parvoz qilganini eslay olmaydi. Uni haligi qiyofadoshi Abror ustaxonasiga taklif qilgach, bu taklifga bir vaqtlar yoshlikda kechadigan kabi osongina rozi boʻladi. Chunki rozi boʻlmasa, bu ajib parvozning qanotlari shu zahotiyoq qovjirab qolishini tushunadi. Ikkalasi chiroqlar tilkalab tashlagan kechaga nim yashiringan kuzakni oralab, bugun yechimi qiynalmay topilayotgan mangu muammolardan bahslashgancha qizgʻin suhbat asnosida shaharning qoq markazida joylashgan rassomlarning uyiga – shundoq birinchi qavatdagi ijodxonaga uchib kiradilar.

 

Ijodxonaga kirishlari bilan Asror Valiyevich butun vujudi besabr betoqatlikda oʻrtanayotganini sezadi. U hozir nimadir – allaqanday moʻjiza yuz berishini anglab turadi.

Hamrohi Abror ham mana shu betoqatlikda harakatlanadi – qoʻlidagi shishalarni va gazaklarni shoshib choy stoliga qoʻyadi va “hozir… hozir” deganicha, devordagi chiroqyoqar tugmachalarni birin-ketin bosadi.

Devorlardagi va shiftdagi chiroqlar porlaydi-da, ijodxona charaqlab ketadi.

Ijodxona juda katta: unda narsalar faqat ijodkorgagina tushunarli betartib tartibda sochilib yotar va butun xona nogahon keladigan ilhomni ushlab qoladigan antiqa hushyorlikda edi.

Asror Valiyevich eski javondagi kitoblarni, yerga toʻshalgan qandaydir katta hayvonning terisini, devorlarga osilgan qoʻngʻirotcha oynaxalta, tuzliq va belqarslarni, kiraverishdagi burchakda qoʻpolgina yoʻnilib va shu bilan birga ajib did bilan yasalgan stol-stullarni, chala ishlangan suratli molbertni, daroz taburetka ustidagi bejirim vazaga solib qoʻyilgan moʻyqalamlarni – ustaxonadagi bor narsalarni negadir yuragi zirqirab tomosha qiladi.

Bu ustaxona va undagi jihozlar Asror Valiyevichga tanish edi.

U bu ustaxonani qayerda koʻrganini eslashga zoʻriqib urinadi va… topadi! Bu oʻsha ustaxona! Oʻsha!.. Yoshlik chogʻlari uning xayolida ming bor jonlangan ustaxona! U xayolida oʻzining boʻlajak ustaxonasini xuddi shunday tasavvur etgan! Jahonni zabt etadigan suratlar xuddi shu ustaxonada yaratilishi lozim edi. Asror Valiyevich maqsadini tashlab ketgach, egasiz qolgan orzu, nahot, bu yerga kelib qoʻngan boʻlsa…

Abror esa unga parvo qilmay, “hozir… hozir”ni tilidan qoʻymagan asno, ustaxonaning bir tomonini bor boʻyicha bekitib turgan uzun pardani sharillatib tortadi va hozirgina sehrgarligini qoyilmaqom bajarib, oʻzini olqishlash uchun tomoshabinga ijozat berayotgan sehrgar kabi ikki qoʻlini nazokat bilan tepaga koʻtaradi.

Asror Valiyevich entikib ketadi.

Devorda suratlar… suratlar… suratlar… Devorning enini ham, boʻyini ham suratlar zabt etgan! Osilgan, devorga suyangan – katta-kichik, ramkali va ramkasiz suratlar…

– Oʻ!.. – deyoladi xolos Asror Valiyevich.

U yuragi hapqirib, suratlarni tomosha qilishga tutinadi, ammo Abror “hozir”lagancha, uni ustaxonaning toʻriga boshlaydi-da, ustiga boʻz tashlab qoʻyilgan odam boʻyi kartinaning ustidan matoni yulqib oladi va boʻsh qoʻli bilan yana sehrgarga xos “marhamat, tomosha qilavering!” deganday harakat qiladi.

Kartinadan surati bor boʻyicha ishlangan yoshgina ayol etagi yergacha choʻzilgan zangori koʻylakda, qoʻllarida qirmizi kuzgi barglardan xazondasta tutgan koʻyi ajib bir jodu qarashda naq… Abror Valiyevichning koʻziga tikilib turar edi. Abror Valiyevich lol karaxtlikda qotib qoladi. Munis?.. Bu nimasi?

– Bu qizni yoshlikda devona boʻlib yaxshi koʻrganman, – deb suratga izoh bera boshlaydi Abror. – Ammo ajralib ketishga toʻgʻri keldi. Oʻlib ketsam kerak degandim… Ammo oʻlmadim! Xudo qoʻlladi…

– Nega, – deydi Asror Valiyevich ovozi titranib. – Ajralib ketgansizlar?

– Toʻgʻri kelmagan… Uning uyidagilar… Oʻzi ham “rassomlikdan kechsang…” degan shart qoʻygan…

Asror Valiyevichning boshi hayajondan zimillab ketadi.

– Siz… koʻndingizmi?

– Yoʻq, – deydi Abror qatʼiy, ammo bilinar-bilinmas hasrat anqigan ovozda. – Yoʻq! Men rassomlikni tashlayolmadim. Xudo buyurgan ishdan qayoqqa qochib ketaman… Bu dunyoga odam yigʻlab keladi, yigʻlab ketadi!.. Hozir!..

U kiraverishdagi javondan likoblar va finjonlar oladi-da, choy stoli ustida boʻlajak “tongotdi” suhbat uchun yemak va gazaklar tayyorlay boshlaydi.

– Shu portretni Parijdagi koʻrgazmaga qoʻyganimda, bir hind milliarderi millionga sotib olmoqchi boʻlgan edi… Sotmaganman! Hozir ham odam qoʻyib yuribdi… Ammo sot-may-man!.. “Odamlarning suratlari oʻzlaridan chiroyli!” Qaysi shoir aytgan? Nozim Hikmatmi?..

Asror Valiyevich Abrorning gaplarini eshitmaydi. U Munisning qarshisida ilon qarshisida sehrlangan jonivorday qotib turadi. Soʻng Munisning koʻzlaridan koʻzini arang olib qochib…

…boshqa suratlarga koʻz tashlaydi…

E, Xudoyim! Parvardigor! Meni nima qilyapsan? Bu suratlar ham… Bular ham… Devordagi hamma suratlarni uning xotirasi birin-birin taniydi – bu kartinalarning bir qismini u bir vaqtlar chizishni oʻylagan, bir qismi esa… agar… agar… rassomlikni davom ettirsa, xayoliga ilhom olib keladigan rasmlar edi. U hayotini, koʻngil buyurganday qurganda, xuddi shu rasmlarni chizgan boʻlardi! Xuddi shunday!..

E, Xudoyim!…

Yaratgan!..

Parvardigor!…

 

Keyin… keyin… Nima boʻldi?

Esida yoʻq.

Hech esida yoʻq.

 

* * *

Asror Valiyevich ishxonaga kelib, Rassomlar akademiyasiga qoʻngʻiroq qiladi. Yaxshimisiz, doʻst… Bir zoʻr rassomlaringiz bor ekan-a! Daho! Ismu sharifi Abror Rixsi… Tanimaysizlar? Nega? Shunday zoʻr rassomni ham bilmasalaringiz… Manzili? Hozir… Hozir… Bayram koʻchasi, birinchi uy, birinchi xonadon… Nima? Bu manzilda men yashayman deyapsizmi? Yoʻgʻ-ye! Bayram koʻchasi, birinchi uy, birinchi… Men adashmayman. Xudoga shukr, xotiram joyida… Rostdan aytayapsizmi? Bunaqa rassom yoʻq deng… Ha, ehtimol… ehtimol… chalkashtirgandirman… Xoʻp… Xoʻp… Salomat boʻling…

U goʻshakni qoʻyib oʻylanib qoladi.

E, Xudoyim!..

Yaratgan!

Parvardigor!

 

* * *

U oʻziga gʻarq boʻlib, qimirlamasdan uzoq oʻtiradi.

Asror Valiyevich endi hammasini tushungan: bu dunyoni yaratgan qodir Egamning qudrati bilan u kecha oʻzi bilan, tashlab ketgani taqdirdagi oʻzi bilan uchrashgan edi. Bu xayoldan koʻngli nogoh ravshan tortib, vujudi kuchga toʻlayotganini, ruhi esa qanotlanib borayotganini shundoq sezib turadi. Oʻzining sukut turishiga arang sigʻib oʻtirar ekan, endigi har qanday harakati oʻsha qachonlardir tashlab ketilgan Oʻzi sari boshlashini tushunadi va negadir benihoya quvonadi. Asror Valiyevich shartta ruchka oladi-da, yuz-koʻzidan nurli bir tabassum taralganicha, oʻziga oʻzi ovoz chiqarib aytib turgan koʻyi, yozishga tutinadi.

Xoʻsh…

“… ga Ariza… oʻz arizamga koʻra… lavozimimdan ozod etishingizni soʻrayman…”.

Xoʻsh… Mana, endi gajak qilib imzo qoʻyamiz… Xoʻsh… Sanasini qani? Uni ham yozamiz… Ikki ming oʻn uchinchi yilning yigirmanchi noyabri… Barakallo! Qoyil!

U birpasda yigʻishtirinib, portfelini koʻtargancha qabulxonaga chiqadi va Jasminani hayratga qoldirib, baxtiyor yengiltaklikda “gud bay” degancha, xonadan shundoq… uchib chiqib ketadi. Jasmina yugurib borib, derazadan qaraydi. Ishxonadan uchib chiqqan Asror Valiyevichning oldini haydovchi toʻsadi. Unga qoʻl telefonini koʻrsatib, nimalardir deydi-da, shoshib mashina eshigini ochadi. Boshliqni mashinaga taklif qiladi. Asror Valiyevich unga parvo ham etmay, bir qalqinib, adl havoga koʻtariladi… u daraxtlarni oralagan asno yuksalib borar ekan, molu dunyo orttirish, kiyishu yeyish, maishat qilish, qorin gʻamida tentirash, yuksaklik va tubanlik aro dovdirash, tushunish va tushunmaslik, muhabbatu nafrat, dushmanligu doʻstlik… – ming turfa savdolarda gʻimirlab yotgan dunyoga falakdan qaraydi. U bu dunyoning ogʻrigʻi shunday koʻtarilib, jismi jahonini zabt etganini his etadi. Endi bu Dardlarning suratini chizmasa, shu uchishda chilparchin boʻlib, qulab tushishini ham fahmlaydi. Asror uni parvoz ettirayotgan qudratning ismini ham biladi. Aniq biladi. Ijod. Faqat bu parvoz tugamay oʻzini topib olsa, boʻldi. Oʻzing koʻmak ber! Oʻzing qoʻlla! Bilaman, bu yoʻldan qaytmasam, meni uchirib toldirmaysan! Chunki sen eng… eng… eng ulugʻ ijodkorsan! Cheksiz-chegarasiz ijodkorsan… Cheksiz-chegarasiz!

Yo, Rahmon!

Yo, Rahim!

Yo, Qahhor!..

 

Usmon AZIM

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016–7

https://saviya.uz/ijod/nasr/ishxonadagi-korgazma/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x