“Chin ahd boʻlur uning tugʻi”

Tafakkur

 

Mustaqillik, u nimadir,

Ozod qushlar parvozidir?!

Shabnamlarda yaralgan dur,

Buloqlarning ogʻozidir.

 

Yerdan soʻrang oning nafin,

Neʼmat tutar sizga totli.

Taratib jannatning isin

Yelgan Alpomishning oti.

 

U lolazor kulgisidir,

Dilu koʻzim etar ravshan.

U bugundir, kelajakdir,

U tuganmas obi-kavsar.

 

Shaharlarning, qishloqlarning

Belidagi belbogʻi u.

Diydor talab oshiqlarning

Chanqoq bosar bulogʻi u.

 

Chorak asr – shaʼni uning

Asrlarga boʻlgay bezak.

Chin ahd boʻlur uning tugʻi

Hilpiraydi mangu desak.

 

Vatan

 

Elga yuk boʻlma, yukchi boʻl!

(Yusuf Xos Hojib)

 

Vatan, deya, jondan kechdi kim moziyda,

Kim Vatanin sotdi kechib eʼzozidan,

Kim yigʻlatdi, kim madh etdi oʻz sozida,

Kimga naqdu kimga orzu-havas Vatan,

Biz yukchimiz unga, yukchi emas Vatan!

 

Sevganlar koʻp uni besoʻz, ich-ichidan,

“Sevganlar” bor uni foyda ilinjida,

Onalar, der, Vatan – onam, nuri diydam,

Kimga naqdu kimga orzu-havas Vatan,

Biz yukchimiz unga, yukchi emas Vatan!

 

Otalar ham uni sevib – onam, dedi,

Otalarni sevib Vatan – bolam, dedi,

Uning koʻrkam boʻy-bastini olam koʻrdi,

Kimga naqdu kimga orzu-havas Vatan,

Biz yukchimiz unga, yukchi emas Vatan!

 

Xor etganlar uni bir kun xor boʻlgaylar,

Boy etganlar uni baxtga yor boʻlgaylar,

Vatan borki, samandarlar bor boʻlgaylar,

Kimga naqdu kimga orzu-havas Vatan,

Biz yukchimiz unga, yukchi emas Vatan!

 

Muhabbat izhori

 

Ilk bora koʻriboq seni bogʻimda,

Sevib qolganim rost bola chogʻimda,

Joylashgan eding-da, qorachigʻimda,

Shundoq, sevganman va sevaveraman!

 

Yigitlik chogʻdaku boʻlib telbavor,

Ogʻushingda turib sezdim oʻzni zor,

Men kimman, sen menga qiyosi yoʻq yor,

Ochiq va oshkora sevaveraman!

 

Bilurman, bisyordur senga shaydolar,

Senga maftun erur shohu gadolar,

Mayliga, oʻzicha sevsinlar ular,

Men seni oʻzimcha sevaveraman!

Yillar oʻtgan sayin yasharasan, sen,

Qalbim izhoriga yarashasan, sen,

Nurdan koʻylak kiyib, yasanasan, sen,

Yasan-tusansiz ham sevaveraman!

 

Jamiyki joziba jamolingda jam,

Ikki olam ikki hilolingda jam,

Bugun, mana, endi, sakson yoshda ham,

Oʻ, hayot, men seni sevaveraman!

 

…Yoronlar

 

Hayratkoʻlda ikki oqqush suzadir,

Qamishlarning uyqularin buzadir.

 

Soʻliganga oʻxshar ammo patlari,

Yoʻq emasdi ichlarida dardlari.

 

Oʻshal mashʼum kunni esga oldilar,

Koʻlga qoʻnib toʻrga tushib qoldilar.

 

Qay bir zotning qindan chiqib pichogʻi,

Oqqushlarning qora tortdi qarogʻi.

 

Sohil yuzi tuman, qonga boʻyaldi,

Quyosh botdi – jaholatdan uyaldi.

 

Oqqushlarning qanotlarin kesgan kas

Qonga mayni qoʻshib ichar, mast-alast.

 

Qamishlarning egildi bosh-qadlari,

Oʻt-oʻlanni bosdi chivin va ari.

 

Koʻkda qushlar chugʻur-chugʻur, oh, chekar,

Qochib har yon, adr kechar, togʻ kechar.

 

Ikki oqqush odamzodga asirdir,

Ne balokim, odam dili basirdir.

 

Qanotlini qanotidan ayirsa,

Osmonidan-hayotidan ayirsa,

 

Koʻzlariga tor aylasa olamni,

Bu ham endi odammi, ey, odammi?!.

 

… Men oqqushlar figʻoniga chulgʻandim,

Boʻrondagi daryo kabi toʻlgʻandim.

 

Odammi, qush, hech joyda, hech zamonlar

Qanotidan ayrilmasin, yoronlar!

 

Ruh ramziyati

 

Dushimda bir bulbul koʻrdim,

Uchib kelmish gulzorinnan.

(Maxtumquli)

 

Ayni bahor chogʻi erdi,

Ogahiyning bogʻi erdi.

Oqar erdi mayi noblar

Hofizlarning sogʻarinnan.

 

Qirq yil avval, kelib Qiyot

Eshitgandim undan bayot.

Oshno boʻlib dardiga men

Hikmat topdim iqrorinnan.

 

Koʻzga surtib yaralarin,

Silab xasta shoxalarin,

Borligʻimni qamradi dard,

Oʻqtin-oʻqtin ingrorinnan.

 

U Ogahiy soʻzi erdi,

Na soʻzi, xud oʻzi erdi.

Kam boʻlmagin bolam, dedi,

Oshno aylab asrorinnan.

 

E, voh, dedim, hayhot, dedim,

Oʻzim oʻzimda yoʻq erdim.

Bir tomirda tursa hamki,

Shuʼla sachrar sharorinnan.

 

Bir shuʼlaki, toti malham,

Shundan boʻlib beli mahkam,

Tut shoxasi oʻn tugʻibdir,

El koriga yarorinnan.

 

Raqs etadir yaproqlari,

Anvoyidir yanoqlari.

Manim dilim kuy chaladir

Ulgi olib soz torinnan.

 

Soz ichinda sinoat koʻp,

Til uchinda rivoyat koʻp.

Bari ogoh etgandayin

Keksa tutning bahorinnan.

Ajab, tutga bir gul qoʻndi,

Bir gul emas, bulbul qoʻndi.

U ruh, dedi, Shakar aya[1]

Maʼlum, dedi, ruxsorinnan.

 

Hayron erdi ichda soʻzlar,

Til oʻrnida soʻylar koʻzlar.

Ore, ruhi Ogahiyning

Ayon qarab turorinnan.

 

Oʻylaydurmen, ruh, ne degay,

Ne tilsimdan xabar bergay?

Balkim, ul Ogahiy lutfi

Eliga “ishq tumorinnan”.

 

…Oʻngimda, tutda ruh koʻrdim,

Uchib kelmish gulzorinnan.

 

 

Qalb qatidagi baytlar

 

Sevmoq koʻngil ishi, yurak urishi,

Senda ne bor bunisimi, unisi?

 

* * *

Umri qisqa boʻlar, derlar, yolgʻonning,

Bilmadim, nashtari koʻp uzun oning.

 

* * *

Togʻdan oshib tushgan shalola

Qoʻshigʻidan uygʻonar lola.

 

* * *

Ishonchni yoʻqotgan kishining

Changi chiqaverar ishining.

 

* * *

Menga bir soʻz ato ayla, ayo, doʻst,

Yuragimga ul soʻz boʻlsin, ziyo, doʻst!

 

Erkin SAMANDAR

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016–7

[1] Shakar aya – Shakarjon Xoʻjaniyozova, viloyat hokimining birinchi oʻrinbosari.

 

https://saviya.uz/ijod/nazm/chin-ahd-bolur-uning-tugi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x