Jimirlaydi sirli yogʻdular

SEN VA YOMGʻIR

 

Yomgʻir yogʻar. Tom uzra qitmir

Bola kabi sakrar tomchilar.

Yomgʻir yogʻar. Tomchilar ritmin

Tinglab, yodim guldek ochilar.

 

Yomgʻir yogʻar. Zamin olar tin –

Oʻylamasdan mehnat darsini.

Koʻz oldimga keltiraman jim

Shtrausning shoʻxchan valsini.

 

Hoʻl boʻladi pichan gʻarami,

Tevarakni tutar yoz isi.

Huv, terakzor – hislar harami,

Yuviladi izhorlar izi.

 

Bosiladi yoʻllarda gʻubor,

Majnuntollar qaraydi oʻksib.

Chuqur nafas olar tutqator

Nam havoga toʻldirib koʻksin.

 

Sen oynadan boqasan gʻamgin,

Nahot, soflik yetmadi sanga?

Yomgʻir singan oyna koʻzidan

Sizib kira boshlar xonangga.

 

 

DILGA BORAR YOʻL

 

Somon yoʻli qalbingga eltar,

Biroq unda adashmoq oson.

Baxt izlagan yoʻqolar-yitar

Soʻngan yulduz kabi – begumon.

 

Ipak yoʻli – qalbingga koʻprik,

Hislarimdan karvon tortaman.

Tuyalarga mangu ayriliq

Va koʻzyoshim durin ortaman.

 

Somon yoʻli – samo xilvati,

Jimirlaydi sirli yogʻdular.

Ipak yoʻli – gʻarib ulfati,

Zarralari – porloq injular.

 

Yor, qalbimni tevaga ortdim,

Tuya choʻkib oldi, yurmadi.

Ikki yoʻldan tanlab qay birin,

Senga qanday borar – bilmadim!

 

 

SOYa

 

Sen yoʻq eding. Eshikdan kirib

Keldi gʻamning kulrang soyasi.

O, yoʻq edi bunda sir, firib,

Tingan edi baxtning ham sasi.

 

Qafasiga oʻrgangan qushdek

Unga boqdim umidvor, sokin.

Nigohimda yoʻq edi hadik,

Qalbim titrab turardi lekin.

 

Yarim kecha qaytding kayfing chogʻ

Soʻzlagancha yolgʻon-rostingni.

Koʻzlaringda suzardi charchogʻ,

Sen koʻrmading yangi doʻstimni.

 

Men unga: “Qol!” demovdim, ishon,

Nega hanuz ketmaydi, bilmam?

Oʻrtamizda oʻshandan buyon

Yashayotir kulrang soya – gʻam.

 

 

TOʻRTLIK

 

Oshiq dilim nayda manim,

Nayistonim qayda manim?

Yerda nega giryon kezgum,

Gʻamim buncha mayda, manim?

 

 

SUZAYOTGAN OY

 

Halok boʻlgan botir qalqoni

Misol koʻkda suzar toʻlin oy.

(Nikolay GUMILYOV)

 

Qishda uygʻoq qolgan ayiqday

Besaranjom kezinar kecha,

Oy suzadi kumush qayiqda

Oshiqlarning xayolin icha.

 

Osmon yigʻar bulutdan qoʻshin,

Chorlov kabi yonadi chaqmoq.

Oy tushmayin kumush qayiqdan

Nurin tarar: moviy, sargʻish, oq.

 

Chaqmoq yonar yana dargʻazab –

Birlashganday million koʻzlar.

Shoh qahridan qoʻrqqan kanizak

Kabi titrab turar yulduzlar.

 

Noz qiladi oy, nimasiga?

Bulut uni qoʻymagay xoli –

Yelenani oʻz kemasiga

Chorlayotgan Paris misoli.

 

 

TUGʻDONA

 

Tugʻdona butasiday

Metindir koʻnglim manim.

Fursatni qoʻldan bermay

Tumor yasa, suyganim.

 

Yoʻldosh boʻlayin toki,

Tulporing hech tolmasin.

Beli zirqirab yoki

Ora yoʻlda qolmasin.

 

Tigʻingni ushla mayin,

Yor, qahrga ber barham.

Mehr yumshatar tayin –

Hatto tugʻdonani ham.

 

 

HOVUZ VA MAJNUNTOL

 

Hovuz – pahlavonning hovuchi,

Unda sochin chayar majnuntol.

Kaftigacha yetib soch uchi

Botir qalbi titranar xushhol.

 

Goʻzallikka matonat panoh,

Guvoh boʻlar makon va zamon:

Shu majnuntol quriguncha to

Hovuchini tortmas pahlavon.

 

Gulnoz MOʻMINOVA

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2015–3

https://saviya.uz/ijod/nazm/jimirlaydi-sirli-yogdular/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x