Matlab ut-tolibin

Muhammad Tolib as-SIDDIQIY

 

(Asardan boblar)

 

Toʻgʻrilik va haqiqat sahifasining sarlavhasi, umid va ustuvorlik doirasining markazi, xayru saxovat koni, hilmu hayo manbai, miskinu gʻariblar panohi hazrat Abdurahimxoja rahmatullohning tavalludi, xojaligi, hashamati va vafoti haqida

 

Uchinchi fasl: Hazrat Abdurahimxoja rahmatullohning asbob va mulklari, ziroat va doʻkonlari, tegirmon va chorvasi hamda elu aymogʻi

 

Xoja sakkiz yuz boʻlak mulk va ekinzor egasi edi. Uning qirqta chahorbogʻu bogʻi bor edi. Shuningdek, Buxoro viloyati va uning tumanlarida, Balxda va Movarounnahrning boshqa viloyatlarida rostbozorlari bor edi. Otxona va qoʻralarida zotdor otlar, oʻn beshta tuya, mingta yilqi, koʻplab qoʻy va qoramol podalari bor edi. Dashtu sahrolarda toshdan saroy, uy va manzillar qurdirgan edi. Xojaning yillik daromadi Buxoro vazniga binoan yuz ming man gʻalla va qirq ming xoniy tanga edi.

Naql: Xojaning daftarxonasidagi bitikchilardan biri mullo Muhammaddoʻst oʻz uyida taom hozirlab, xojani chaqirishni orzu qilardi. Shu maqsadda vositalar topib, nihoyat, xoja uning uyiga bordi. Taomdan soʻng qoʻl yuvdirish uchun oftoba va sopol tovoqni xojaning oldiga eltdi. Mullo Muhammaddoʻstning uyidan chiqqach, otda sayr qilishayotganida xoja mullo Xojabek devonga dedi: “Mullo Muhammaddoʻst bizning xizmatimizda u qadar oʻzini tiklab ololmabdiki, oftoba va dastshoʻyni birga keltirmadi”. Mullo Xojabek dedi: “Ehtimol, unda yoʻq boʻlsa kerak”. Bu narsa xojaning esida qoldi va uch-toʻrt kundan soʻng Qarshi sarkorlari bilan muomalani unga (mullo Muhammaddoʻstga) topshirdi. Bu safarda u oʻz xizmati uchun besh ming xoniy mablagʻ oldi va shu tarzda boyib ketdi.

Naql: Nazarbiy oʻgʻlon shunday degan edi: “Bir vaqti otam oʻz ehtiyoji uchun Nasaf sarkori boshqaruvidagi Yangikent mulkidan bir ming man gʻalla olgan edi. Soʻngroq otam Buxorodagi oʻziga qarashli tanxoh[1] daromadidan shuncha gʻallaga xat yozib, qarz evaziga olishlari uchun xojamning mulozimlariga yubordi. Otamning xatini Qarshidan men olib kelib, xojamga yetkazganimda soʻradi: “Bu nima?” Shunday arz qildim: “Otam Qarshi viloyatidagi sizning sarkoringizdan ming man gʻalla olgan edi. Ushbu gʻallani oʻz tanxohidan bermoqchi. Mulozimlaringiz borib, uni qabul qilib olsinlar”. Xoja dedi: “Oʻsha gʻallani otangizga bagʻishladik!” Men taʼzim qildim. Xoja otga minish uchun chiqqanlarida men uning ehsonidan hayron boʻlib, mulozimlari ortidan borardim. Xojaning mulozimlaridan biri menga dedi: “Xojam sizga sarpo ham inʼom qildilar!” Meni orqaga qaytarib, yaxshi sarpolar kiygizishdi. Xojaga taʼzim qilib, qaytib ketdim”.

 

Oltinchi fasl: Xoja rahmatullohning Hindistonga safari va vafoti

 

Hindiston viloyatidan shunday xabar keldiki, unga koʻra bu mamlakat podshohi Shoh Salimning[2] oʻgʻli Shoh Xurram[3] otasiga qarshi muxolifat qilib, buning oqibatida Hindistonda fitnalar koʻtarilgan. Xoja har uch-toʻrt oyda Imomqulixonning koʻrinishiga borardi. Bir kuni u xon koʻrinishiga borganida mazkur podshohlarning muxolifatini bayon qildi va xonga dedi: “Agar biz kabi duogoʻylaringizni yuborib, ota-oʻgʻil orasida sulh tuzdirib, kin-adovatlarni bartaraf qilsangiz, sizdek zotga munosib ish boʻlar edi!” Imomqulixon dedi: “Bunday xizmatlar sizga ajdodlaringizdan merosdir!” Aytilgan soʻz – otilgan oʻq, deganlaridek, shundan soʻng xoja yoʻl tadorigini koʻra boshlab, andak muddatda bisyor asbob-anjomlar hozirlandi.

Naql: Xojaning mulozimlari tayyorgarlik ishlarini tugatgach, xoja oʻgʻli Muhammadsiddiqxojani hamroh qilib Buxoro viloyatidan chiqdi. Balx viloyatiga yetgach, baʼzi ishlar yuzasidan bu yerda bir necha kun toʻxtashdi. Nadrmuhammadxon xojaga hamroh boʻlgan odamlardan olinishi lozim boʻlgan bojni xojaning niyozi uchun bagʻishladi va benihoyat hashamatu ulugʻvorlik bilan Balx shahridan chiqishdi. Mulozimlardan tashqari chor-atrofdan kelgan savdogarlar va boshqa yoʻlovchilardan iborat katta bir guruh xojaning atrofida toʻplangan edi. Hazrat xojaning mulozimati va himoyasida boʻlgan barcha bu odamlar osuda va xotirjam holda yoʻl bosishar edi.

Xoja qaysi bir viloyat va qishloqqa yetsa, u yerning hokimi va odamlari istiqbolga chiqib, mulozimat qilishar, peshkashlar berishar edi. Xoja ularning har biriga sarpo, egarlangan ot va gazlamalar hadya qilardi. Xoja va mulozimlari Chinob daryosidan oʻtgach, Nurjahonbegim,[4] Osafxon va xoja Abulhasandan anvoyi mevayu qandolatlar bilan birga maktublar keldi. Musaviyxon podshohning soʻzlarini xojaga bayon qildi: “Movarounnahr podshohlari bilan qay tarzda muloqot va koʻrinish qilgan boʻlsalar, biz bilan ham shunday muloqot qilsinlar!” Musaviyxon xoja hamrohligida Lohur sari otlandi.

Podshohning koʻzi xojaga tushgach, taxtda oʻtirgan joyidan xitob qildi: “Assalomu alaykum, bizning xojamiz! Xush kelibsiz, qadamlaringizga hasanot, yuqoriga chiqing!” Xoja taʼzim bajo keltirib, taxt tepasiga chiqdi. Podshoh joyidan turib, xojani quchoqladi. Xoja Imomqulixon va hazrat padari buzrukvorimizning duolarini yetkazdi. Podshoh dedi: “Imomqulixon bizning farzandimizdir. Sizni biz tarafga yuborganidan ham uning bizga nisbatan doʻstligi va muhabbati ayon boʻladiki, uni alohida taʼkidlashga hojat yoʻq. Sizu bizning oramizda begonalik yoʻq. Siz bizga barobarsiz, oʻtiring!”

Xoja oʻtirdi va doʻppisi tagidan butun bir mamlakat xirojiga arziydigan laʼlni olib podshohga uzatdi. Podshoh laʼlning kattaligidan taajjub qildi. Xoja taxt tepasida oʻtirar, podshohning oʻgʻli Sulton Shahriyor otasining mulozimatida tik turar, shuningdek, barcha amirlar ham tik turib, oʻtirish rasm emas edi. Faqat xojaga oʻtirish ijozat etildi.

Ikki kundan keyin Nurjahonbegim xoja uchun taomlar hozirlab yubordi. Podshoh amirlarga navbati bilan xojani mehmon qilishni buyurdi. Xoja Osafxon, xoja Abulhasan va Irodatxonning uylariga bordi va quyuq mehmondorchiliklar boʻldi. Shundan soʻng xoja Osafxonga dedi: “Biz baʼzi maslahatli ishlar yuzasidan kelgan edik. Podshohning amrini bajardik. Endi amirlar mehmonga chaqirishni bas qilsalar”. Osafxon buni podshohga arz qilganida, u bisyor tahsin aytib dedi: “Barakalla, barakalla, xoja oʻzining ulugʻligini namoyon qildi!” Yuzma-yuz oʻtirishganida podshoh xojaga dedi: “Qanday soʻzingiz va muddaongiz boʻlsa, mening oʻzimga ayting. Sizu bizning oramizda vositachi darkor emas. Dilingiz rizoligi nimada boʻlsa, oʻshani hozir qilamiz!”

Abdullohxon Naqshbandiy chahorhazoriy mansabida boʻlib, podshoh unga gʻazab qilib, oʻz nazaridan uzoqlashtirib, faqir odam holiga tushirib qoʻygan edi. Xoja podshohdan mazkur Abdullohxonning gunohidan oʻtib, uni yana oʻsha mansabga tayinlashni soʻradi. Podshoh qabul qilib, Abdullohxonni oliy mansabga tayinlab, yana oʻsha davlat va shavkatga noil qildi. Bundan oldin podshoh Abdullohxonning koʻzlarini oʻyib olishni buyurgan edi. Podshoh odam yuborib, uning koʻzlariga zarar yetkazmaslikni buyurdi. Mana endi uning koʻzlarini oʻyish oʻrniga, podshoh huzuriga keltirib, xoja uning ketgan mansabini podshohdan qaytarib olib berdi.

Podshoh xojaning oʻz darboriga tez-tez kelib turishini istardi. Xoja odatda juma kunlari ertalab, baʼzan esa hafta oʻrtasida ham borar va muloqot sodir boʻlar edi.

 

Valiylik va karomat boʻstoni daraxtining mevasi, shavkat va shijoat sohibi, saxovat manbai Abdixoja rahmatullohning tavalludi, voyaga yetishi va vafoti haqida

Uchinchi fasl: Xoja rahmatullohning sipohigarlik qilgani haqida

 

Abdulmoʻminxon[5] oʻldirilganidan soʻng Abdulloh Bahodirxonning amirlari zaruratdan Pirmuhammadxonni[6] viloyatda podshohlik taxtiga koʻtarishdi. Hech kim undan hayiqmas edi. Viloyat xalqi orasida besaranjomlik boshlandi. Boqimuhammadxon Samarqand viloyatida edi. Abdixoja birodarlariga xabar qilmasdan Samarqand viloyatiga ketdi va sipohigarlikni ixtiyor etdi. Boqimuhammadxon uning qadamini Ollohning inoyatlaridan hisoblab dedi: “Xojam, sizning tashrifingizni yaxshilikka yoʻydim. Sizning ota-bobolaringiz va ulugʻlar ruhlari sharofatidan Buxoroni zabt etgumdir”.

Oʻsha kechasi xoja tushida ulugʻlar xonni taxtga chiqarayotganini koʻrdi. Ertasiga u Boqimuhammadxonga dedi: “Poytaxt Buxoro muborak boʻlsinki, uni ulugʻlar sizga berishdi!” Boqimuhammadxon shodlanib umidvor boʻldi. Oʻz singlisini niyoz qilib, xojaning nikohiga kiritdi. Xoja qariyb bir yil mobaynida Samarqandda boʻldi.

Naql: Pirmuhammadxon sonsiz lashkar bilan Samarqand sari yoʻlga tushdi va Boqimuhammadxon kam sonli guruh bilan xoja hamrohligida Samarqanddan chiqib, unga roʻbaroʻ boʻldi. U Pirmuhammadxonning lashkarini magʻlub qilib, gʻolibu muzaffar holda Buxoroga podshoh boʻldi. Boqimuhammadxonning xojaga nisbatan mehribonlik va muhabbati yuz barobar oshdi. Xon xojaga har yili ellik ming xoniy berardi. Shuningdek, u xojaga podshohlarga maxsus boʻlgan uch narsa – shunqor, sandali va surnay yubordi.

Naql: Xojaning ulugʻlik va hashamati shu darajaga yetdiki, agar biron kishi jinoyat va gunoh sodir etib, azob va jazoga mustahiq boʻlsa ham, xojaning mulozimlariga panoh soʻrab iltijo qilsa, hech kimsa unga zugʻum qilolmas edi. Xojaning mulozimlari butun viloyatda chunon gʻolib boʻlishgan ediki, biron kimsaning ularga gapirishga jurʼati yoʻq edi. Shu asnoda xojada Boqimuhammadxonga nisbatan hafsalasizlik paydo boʻlib, aksar u bilan oshnolik qilsa-da, xonni manzur koʻrmas edi. Xon biron kishini oʻz huzuridan quvib, iltifotidan mahrum etsa, xoja uni chaqirib, koʻpincha xalq oldida xonga dashnom berardi. Butun xalq va sipoh xojaga moyil boʻldi. Har kuni zodagonlar va sipoh saf-saf, guruh-guruh boʻlib, xojaning mulozimatiga yugurib kelishar, sipohdan baʼzilar xojaga shunday derdi: “Siz bizning podshohimizsiz, sizni podshoh qilamiz!”

Naql: Bu gaplar tarqalib, xojaga nisbatan sipohning eʼtimodi va xalqning yuzlanishi kuchaygach, Boqimuhammad mulohazaga tushib, xojadan hadiksiray boshladi. U ham koʻnglida xojaga qarshi kin-adovatni parvarishladi va uni yoʻqotish uchun bahona izlay boshladi. Xojaning rioyatsizligi haddan oshgach, Boqimuhammadxon xojaning mol-mulkini xatlab, xazina foydasiga oldirdi. Shaharda chunon shoʻru gʻavgʻo koʻtarildiki, qiyomat kunini yodga soldi. Bir necha kun shu tarzda oʻtdi. Xonning gʻazabi biroz bosilgach, xojaning mol-mulkini qaytarib berishdi.

Naql: Shu voqeadan soʻng ham xoja oʻzining bebokligi va bemulohaza jasoratidan qaytmadi. Xonga koʻp zahmatlar yetkazib, Samarqandga ketdi. Hazrat padari buzrukvorimiz va Abdurahimxoja xojani chaqirishdi. U qaytib keldi. Xon Nadr kalta va Aflotun qalmoqni xojani olib kelish uchun yubordi. Ular xojani shahar tashqarisidagi Vajundun nomli oʻz chahorbogʻida topishdi. Aflotun qalmoq qurollangan holda chahorboqqa kirdi va xojaga dedi: “Xon hukmiga koʻra, siz shaharga borishingiz kerak!” Xoja indamay otlandi. Chahorbogʻ tashqarisida bir guruh sipoh turgan edi. Xojani ushlab, qozi Oshiqning uyiga keltirishdi va oʻsha yerda saqlashdi. Uning molu mulkini taftish qilib xatlashdi va viloyat xalqi gʻoyat gʻulgʻulaga tushdi. Koʻpchilik odamlar ittifoqlikda shunday deyishardi: “Xojani Hindistonga joʻnatishmoqchi. Biz bunga yoʻl qoʻymaymiz va jang qilamiz!” Gumashtalar bu voqeadan xabar topib, qozi Oshiq va boshqa bir guruh, xon hukmiga koʻra xojani zoʻrlik bilan shahardan chiqarib, Hind viloyatiga joʻnatib yuborishdi.

  

Toʻrtinchi fasl: Xoja rahmatullohning kuzatib qoʻyilishi

 

Xoja shahardan tashqari chiqdi. U egniga darvishona libos kiyib, qirchangʻi otga minib olgan edi. Yoshu qari, qul va ozod, erkak va ayoldan iborat bir guruh odamlar koʻchaga va tomlarga chiqib, faryodu figʻon koʻtarib, oʻzlarini xojaning oti oyoqlari ostiga tashladilar. Xojani surʼat bilan viloyatdan chiqarib, Balxdan oʻtkazib, dovonga yetkazishdi. Nadr kalta va boshqa bir guruh qaytadigan odamlar shu yerdan qaytishdi. Qolganlar dovondan oʻtishdi. Bir hindi xojani yelkasiga opichlab, dovondan oʻtkazib qoʻydi. Shu tariqa Kobulga kirib kelishdi. Kobul hokimi xojani eʼzoz qilib, olam ahlining maxdumzodasi kelganligi haqida podshoh Jaloliddinga[7] arznoma yozib joʻnatdi. Podshoh xushvaqt boʻlib, xoja har bir viloyatga yetganida izzat-hurmat koʻrsatishni buyurdi. Viloyat hokimlari eʼzoz-ikrom bilan xojani Akbar podshohning poytaxtiga yetkazishdi.

Naql: Jaloliddin Akbar podshoh oʻlimidan soʻng bir guruh amirlar ittifoq boʻlib, Shoh Salimni emas, balki Akbarning oʻgʻillaridan boshqa birini taxtga chiqarmoqchi boʻlishdi. Biroq xoja qabul qilmadi va Shoh Salimni podshoh qilishdi.

 

Beshinchi fasl: Xoja rahmatullohning vafoti haqida

 

Xoja dardga chalinib, ushbu kasallikdan vafot etdi. Baʼzilar, xojaga zahar berishgan ham deyishadi. Xojaning jasadini muvaqqat dafn qilishdi. Olti oydan soʻng hazratning jasadini Buxoroga keltirib, viloyatning Poyirud dahasidagi Zarmoti[8] qishlogʻiga eltishdi. Hazrat padari buzrukvorimiz va Abdurahimxoja mazkur qishloqqa kelishdi. Valimuhammadxon ham Buxoro viloyatining bir guruh umaro, akobir va ashrofi hamrohligida keldi. Xojaning jasadini koʻtarib, Sumitanga borishdi va ulugʻlarning fayzli sarmozorida janoza oʻqishdi. Shundan soʻng ulugʻlar dahmasining orqa tarafiga dafn etishdi. Joʻyborda gʻoyatda qaygʻuli taʼziya boʻldi. Xoja yigirma yetti yoshida bir ming oʻn oltinchi yilda vafot etdi[9]. Boqimuhammadxonning singlisidan xojaning ikki oʻgʻli va bir qizi qolib, ular kichik yoshda edi. Katta oʻgʻlining nomi Ibodullohxoja[10] va kichiginiki Qudratullohxoja edi. Qudratullohxoja farosatli bola boʻlib, xushchehra edi va xatni chiroyli yozar edi. Oʻn toʻrt yoshida chechakdan vafot etdi. Abdixojaning qiziga togʻavachchasi Abdulloh sulton uylandi.

Ibodullohxoja Balx viloyatiga Nadrmuhammadxon xizmatiga bordi. Nadrmuhammadxon xojaning kelganidan nihoyatda xursand boʻlib, uni gʻoyatda rioyat qildi. Xoja bir necha yil Balxda shu tariqa hayot kechirib, soʻngra Buxoroga keldi. Xoja fozil va oliyhimmat kishi edi. Ming afsuski, koʻknorga mubtalo boʻldi. Oltmish yoshida bir ming yetmish uchinchi yilda vafot etdi[11]. Zamon podshohi Abdulazizxon qarindoshlik jihatidan xojaning maʼrakasiga bosh boʻlib, katta obroʻ bilan oʻtkazib, ulugʻlar yoniga dafn qilishdi. Hazrat Abdixojaning farzandlaridan avlod qolmadi.

 

Fors tilidan Gʻulom KARIMIY va Erkin MIRKOMILOV tarjimasi

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2015–3

 


[1]  Tanxoh – xizmat uchun davlat tomonidan amaldorlarga berilgan yer.

[2]  Shoh Salim – Hindiston podshohi Nuriddin Jahongir, 1605-1628 yillarda hukmronlik qilgan.

[3]  Shoh Xurram – Hindiston podshohi Shohjahon, 1628-1659 yillarda hukmronlik qilgan.

[4] Nurjahonbegim – Nuriddin Jahongirning xotini.

[5] Abdulmoʻminxon – Shayboniylar sulolasiga mansub hukmdor boʻlib, 1598 yilda otasi Abdullaxon vafotidan soʻng olti oy podshohlik qilgan.

[6] Pirmuhammadxon II – Shayboniylar sulolasiga mansub hukmdor boʻlib, 1598-1599 yillarda podshohlik qilgan.

[7] Jaloliddin Akbar – 1556-1605 yillarda hukmronlik qilgan Hindiston podshohi.

[8] Zarmoti – Buxoro shahrining gʻarbiy tarafida joylashgan qishloq.

[9] Melodiy – 1607-1608 yil.

[10] Ibodullohxoja – baʼzi qoʻlyozmalarda Atoullohxoja deb yozilgan.

[11] Melodiy – 1662-1663 yil.

https://saviya.uz/ijod/nasr/matlab-ut-tolibin/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x