Oʻzbek mumtoz adabiyotida “Yusufnoma” mavzusi

Annotatsiya: Ushbu maqolada Sharq, xususan, oʻzbek mumtoz adabiyotida katta oʻringa ega boʻlgan “Yusufnoma” mavzusi talqiniga eʼtibor qaratilgan. Unda “Yusufnoma” mavzusi boshqa mumtoz asarlar bilan qiyosiy tahlil etilgan.

Annotatsiya: V nastoyashʼey statye analiziruyetsya interpretatsiya temiʼ “Yusuf-name”, imevshey osoboye znacheniye v vostochnoy, v chastnosti, uzbekskoy klassicheskoy literature. V ney sopostavlyaetsya temaYusufnames drugimi klassicheskimi proizvedeniyami.

Annotation: In the present article the attention of interpretation of the theme “Jusufname”, taking a special place in East, namely, the Uzbek classical literature is paid. In it it is comparative analysed a theme “Jusufname” with other classical products.

Tayanch soʻzlar: istiqlol va badiiy adabiyot, “Yusufnoma”, sayyor syujet va obraz, qiyosiy tahlil, adabiy tasvir, epik talqin, ramz va majoz.

 

Jahon badiiy-estetik tafakkuri taraqqiyotida oʻzbek klassik adabiyoti munosib oʻrin egallaydi. Oʻzbek adabiyotida dunyo xalqlari soʻz sanʼati bilan tutash nuqtalar ham koʻp. Shulardan biri “Yusufnoma” mavzusi talqini hisoblanadi. Adabiyotshunoslik ilmida ushbu mavzu badiiy talqini masalasida bir qator ilmiy tadqiqotlar yaratilgan. Ammo muammoning muhimligi shundaki, “Yusufnoma” dunyo xalqlari adabiyoti uchun doimiy mavzu boʻlib kelganligi singari adabiyotshunoslik va adabiy-estetik qarashlarning ham bardavom manbalari sirasiga kiradi. Maʼlumki, Sharq klassik adabiyotida sayyor syujetli asarlar turkumi mavjud. Bunda bir fabula va yoki bir xil nomdagi obrazlar ishtirokidagi xilma-xil asarlar, odatda, shu tipli ijod namunalari sifatida baholanadi. Jumladan, “Farhod va Shirin”, “Layli va Majnun”, “Sabʼai sayyor”, “Iskandarnoma” kabi mavzularda Oʻrta asrlar Sharq adabiyotida koʻplab badiiy asarlar vujudga kelgan. Shuni alohida taʼkidlash lozimki, bu asarlardagi mavzu va obrazlar bir xilligi faqat tashqi belgilariga koʻra boʻlib, aslida, ularning har biri oʻziga xos mustaqil asarlar sanaladi. Xuddi shunday syujet va obrazlar migratsiyasi hodisasi “Yusufnoma”ga ham tegishlidir. Eng muhimi, yuqorida nomlari qayd etilgan asarlar sayyor syujet sifatida, asosan, Sharq xalqlari adabiyotlarida keng tarqalgan boʻlsa, “Yusufnoma” esa jahon xalqlari badiiy tafakkurini ham qamrab olganligi bilan xarakterlidir. Buning sabablaridan biri, fikrimizcha, “Farhod va Shirin”, “Layli va Majnun”, “Vomiq va Uzro” singari asarlarning kelib chiqishi Sharq xalqlari ogʻzaki ijodi va yozma manbalaridagi anʼanalar bilan bogʻliq boʻlsa, “Yusufnoma” turkumi qadim ilohiy manbalar asosida shakllanganligi bilan izohlanadi. Shuningdek, bunday manbalardan oʻzlashgan boshqa bir badiiy syujetlar turkumi ham “Yusufnoma”lar singari keng quloch yoyganligini xotirga keltirish qiyin kechadi. Ehtimol, bu syujet mavzusiga oʻxshash yoki yaqin turdagi fabula oʻzga diniy manbalar, xususan, buddaviylik kitoblarida ham uchrar, lekin mavjudlari ham tamoman boshqa tip talqin asarlari hisoblanadi. Hatto ayni mavzu va syujet tasvirlansa ham ifoda, ruh, mohiyat gʻayri motivlarni keltirib chiqarar edi. Biroq shuni alohida taʼkidlash kerakki, qayd etilgan syujetlar qanday maʼnoda izohlanishidan qatʼi nazar, dunyo xalqlari badiiy tafakkurining eng qimmatli yodgorliklaridan sanaladi.

“Yusufnoma” turkumi mohiyatan “Iskandarnoma” bilan qaysidir jihatlardan yaqinlik kasb etadi. Chunki “Iskandarnoma”da ham Iskandar Zulqarnayn yakka oliyshoh qahramon etib tasvirlanadi. Bunda Iskandar ijtimoiy global masalalar, yaʼni adolat va odillik posboni timsolida koʻrinadi. Badiiy talqinlarda Iskandar jahon shohi sifatida tasvirlanadi. Bunday xususiyat “Yusufnoma”ga ham xos boʻlib, faqat unda ilohiy ishq Yusuf timsolini roʻyobga chiqaradi. Bunda Yusuf oʻzi ishq va oshiq, oʻzi maʼshuq obraz sifatida barcha masalalar yetakchisi boʻlib gavdalanadi. Yaʼni obrazlar badiiy talqinini birida ijtimoiy-siyosiy, ikkinchisida esa maʼrifiy-ishqiy mavzu taʼmin etadi. Yanada aniqroq etib aytadigan boʻlsak, Iskandar – majoziy maʼnoda jamiyat boshqaruvi, odil hokimlik timsoli, Yusuf esa husn va ishq bobidagi majozga badiiy ifoda boʻlib keladi. Bu mumtoz sheʼriyatda lirik kechinmalarga asos sifatida talqin etiladigan “shohi mulk” va “shohi husn” timsollari tasviriga ramz vazifasini ham bajaradi. Yaʼniki, ilohiy zuhurotning ikki xil tajallisi shu ikki obraz-timsolda ifodalab beriladi. Ikkinchi tomondan esa har ikkala syujetning mumtoz adabiyotda bino boʻlish manbalari ham bir. Alisher Navoiy “Tarixi mulki Ajam” asarida Iskandarga baho berar ekan: “Valoyat bila hikmatu shohlik, Nubuvvat ishidan ham ogohlik”da ekanligini taʼrif etadi. Mumtoz adabiyotdagi “Farhod va Shirin”, “Layli va Majnun” mavzulari bilan taqqoslanganda esa “Yusufnoma” oʻzgacha bir ruhiyat hosil qiladi. Masalan, keyingi tadqiqotlarda Farhod obrazi komil inson timsoliga prototip sifatida qaralayotgan boʻlsa, Layli ishq jamoliga timsol deb baholanmoqda. Shirin shu komillik belgisi, Majnun esa ishq surati jazbasidan mastu mustagʻraq dil timsoli tarzida taʼrif etilmoqda. Yaʼni, adabiyotshunos Najmiddin Komilov taʼbiri bilan aytilganda, “Majnun – Haq jazbasi tekkan, Haq jamolini kuchli shavq bilan sogʻingan solik timsoli boʻlsa, Layli ilohiy tajalliyot nuri porlagan oʻsha “mazhar”dir”.[1] Bu asar obrazlarida haqiqat ifodasi uchun majoz bashar olamidan tanlangan boʻlsa, “Yusufnoma” esa bunday tasvir uchun goʻyo atay tayyor boʻlgan voqelik hisoblanadi. Bunda, yaʼni Farhod, Majnun, Vomiq obrazlari tasvirida visol dunyoviy ishq kamoloti bilan amalga oshirilib boʻlinmasligiga ishonch paydo boʻladi. Shu bois bu qahramonlarning dunyoviy ayriliq lahzalari fano matlabidir. Sodda qilib aytilganda, ushbu ishq juftliklarining mavjud hayotdagi “ayriliq oni” boqiy olamdagi vasl sururi sanaladi. Hech bir falsafa yoki talqin ishq bobini bu qadar muborak tarzda taftish etib bera olgan ham emas. Bunda oshiq ham, maʼshuqa ham, ishq ham zavol koʻrmaydi. Oʻz mukarram va barnoligi bilan abadiyatga daxldorlik kasb etib boraveradi. Bu donishmand Sharq olamining badiiy-falsafiy tafakkur taraqqiyotidagi ulkan kashfiyoti hamdir. Bu masala talqinida “Yusufnoma” turkumi hech narsa yutqazmaydi. Unda “azal kotib”larining muqarrar yoziqlari bor. Chunki “Yusufnoma”dagi biror bir harakat tasodif tufayli sodir boʻlmaydi. Barchasi “taqdiri azal” belgilab qoʻygan qarorlarning soʻzsiz ijrosidir, xolos. Yusuf quduqqa tashlanishi lozim edimi, tashlandi. Arzimas aqchaga sotilishi kerak edimi, sotildi. Zindonband etilishi zarur edimi, zindonband etildi. Zulayho bilan topishishi shart edimi, topishdi. Yaʼqub bilan qayta uchrashishi taqdir etilgan edimi, uchrashdi. “Yusufnoma” boshqa sayyor syujetga ega yoki ishqiy-ijtimoiy mavzularni talqin etgan asarlardan farqli ravishda tarixan nihoyat uzoq asrlarga borib taqaladi. Bu timsol va voqelik qadim ilohiy manbalar Tavrot, Injil, Qurʼon sahifalarida darj etilganligi maʼlum. Sharq, jumladan, oʻzbek mumtoz adabiyotida ham “Yusufnoma” anʼanasi uchun Qurʼon poydevor hisoblanadi. Shundan boʻlsa kerak, unda Farhod, Shirin, Layli, Majnun obrazlari singari ishq talqini “fano vodiysi”dagi firoq yoki Otabek va Kumush kabi “visol”ning maʼlum muddat davom etishi hollari tasvirlanmaydi. Yaʼni “Yusufnoma”da ishqiy sarguzasht ham, ota hajri ham taqdir belgilaganidek vasl ayyomi bilan yakun topadi. Chunki Yusuf tarixiy shaxs va badiiy obraz sifatida ham odamzod uchun qaysidir jihatlari bilan ibrat boʻlmogʻi lozim edi. Shuning uchun Yusufning ishq, hajr, tuhmat, razolat, kibr, qoʻyingki, qismat va hayotning barcha mashaqqatli sinovlaridagi saboti qadrdon bir timsol-siymoga aylantiradi. “Yusufnoma” nubuvvat halqasi qissalari bilan qiyos etilganda ham batamom suratda oʻziga xosligini namoyon etadi. Masalan, ahli nubuvvat tarixida Yusuf va Zulayho singari juftlik Odam va Havo, Ibrohim va Sora, Sulaymon va Bilqis kabi ishqiy sarguzashtlarda ham uchraydi. Ammo ularda ham ishq mazhari “Yusufnoma” singari oshiq timsolida ifodalanmaydi. Yaqinlik faqat Odam, Ibrohim, Sulaymon va boshqa nabiylar (yuz yigirma toʻrt ming) egnida “nuri nubuvvat” aks etishida koʻrinadi. Shu “nur” tufayli sevimlilik yuz beradi. Masala Haq “nur”ni ilk borliq sifatida bino etganligi va unga boʻlgan muhabbat tufayli borliq olamlar yaratilganligi mohiyatiga borib taqaladi. Yaʼniki, inson va borliqqa muhabbat Haqning oshiqligiga oshiqlik, deb qaraladi. Bu talqin nubuvvat xaylining ham barchasiga taalluqli boʻlsa-da, ular badiiy adabiyotda Yusuf singari “husnobod” timsoliga majoz tarzida emas, balki tabiiy bir tuygʻu sifatida tasvir etiladi. Fikrimizcha, Yusuf timsolida ishq mazharini idrok etish masalasi, shubhasiz, tasavvuf adabiyotidagi badiiy talqin mahsulidir. Sharq adabiyotida nubuvvat ichra faqat Yusufgina shunday talqinga sazovor boʻlgan timsoldir. Bunda Yusufning ilohiy manbalarda behad goʻzal va barno shaxs sifatida taʼrif etilishi asos boʻlib xizmat etgan. Ikkinchi tomondan, mumtoz tasvirlarda Layli, Shirin yoki tarso (Shayx Sanʼon) kabilarning shunday timsol boʻlib kelishida esa talqin mazharni bashariy obrazlarda aks ettirganligi bilan izohlanadi. Toʻgʻri, baʼzi manbalarda goʻzallik bobida Havo Yusufdan-da yuz chandon zeboligi qayd etiladi. Buning ustiga, Havo yor-maʼshuqa timsoliga mantiqan ham mos keladi. Bu masala talqinida mazhar nima sababdan Havoda emas, balki aynan Yusuf obrazida aks ettirilishi lozim koʻrilgan degan savol tugʻilishi tabiiy. Birinchidan, Sharq adabiyotida jamol tajallisi, ishq mazhari uchun timsol yoki ramz tanlashda shaxs, predmet masalalarida tafovut boʻlmaydi. Bunda faqat asosli badiiy mantiq, haqiqat ifodasini tom maʼnoda aks ettira oladigan majozgina rol oʻynaydi. Sharq mumtoz adabiyotida esa bunday majoz ifodalari koʻp. Ular goh shaxs-siymo, goh narsa-predmet, goh jonzot obrazlarida ramz-timsol boʻlib kelaveradi. Bunda ruhning Mutloq Ruhga intilishi, tobeligi singari “oshiqni ham maʼshuqaga aylantiradigan” holat ifodasi kifoyadir. Shundan, bunday tasvirlar ifodasi uchun Yusuf, Layli, Shirin shaxs timsollariga, gul, sham, qamishzor, dengiz narsa-predmetlar majoziga obʼyekt boʻlib keladi. Zulayho, Majnun, Farhod yoki bulbul, parvona, nay, xum obrazlari esa shu mazharlik haqiqatlariga dalil va chin bir oshuftalikdir. Shundan Havo badiiy talqinlarda Yusuf singari ishq mazhari etib olinmagan koʻrinadi. Shu jihatlari bilan ham “Yusufnoma” yoki boshqa mavzular alohida xususiyatlarga ega boʻladi. Turkiy-oʻzbek adabiyotida ushbu mavzu bitta doston (Durbek “Yusuf va Zulayho”), bitta badiiy qissa (Rabgʻuziy “Yusuf Siddiq alayhissalom qissasi”), bitta tarix (Navoiy “Yusuf alayhissalom”) va VI-VII asrlardagi mumtoz sheʼriyat satrlarida rangin poetik manzara ijrochisi sifatida tasvirlanib kelindi. Ushbu badiiy talqinlar shuni koʻrsatadiki, “Yusufnoma” mavzusining ilohiy kitoblardagi ilk syujetlari sanʼat, xususan, soʻz sanʼati uchun ham oʻchmas bir xazina manbai hisoblanadi. Shu bois aytishimiz mumkinki, har bir ijodkor, muhit, davr, zamon, hayot oʻz “Yusufnoma”, “Firoqnoma”, “Mehnatnoma”, “Ishqnoma”, “Dardnoma”lariga, Yusuf, Majnun, Farhod, Vomiq singari qahramonlariga egadir. Eʼtiborli jihati shundaki, Sharq adabiyotida bunday asarlar haqiqat talqinlarining majoz ifodasi uchun eng maqbul badiiy voqelik, syujet va timsollik xususiyatlariga ega ekanligi bilan ham ijodkorlarni oʻziga maftun etgan. Ularda ishq uchun “mazhar”lik ham (Yusuf, Shirin, Layli, Uzro), oshiq uchun “manzar”lik ham (Zulayho, Farhod, Majnun, Vomiq), maʼshuq uchun “mahzar”lik ham muhayyodir. Chunki Sharq adabiyoti haqiqat talqiniga mos va xos majoz ifodasini tayin etganligi hamda ular orasidagi monandlik, uygʻunlik, mantiq birligini taʼminlaganligi bilan ham betakrordir. Bunda Sharq, xususan, oʻzbek mumtoz adabiyoti lirik tasvirlarda haqiqatning majoz ifodasi uchun “may”, “jom”, “soqiy”, “yuz”, “xol”, “xat”, “lab”, “zulf” kabi ramz timsollaridan qanday foydalangan boʻlsa, epik talqinlarda Yusuf, Farhod, Majnun, Layli, Vomiq singari obrazlardan ham shunday foydalanadi. Turkiy-oʻzbek mumtoz sheʼriyatida bu mavzuga murojaat etmagan shoirni uchratish amrimaholdir. Lekin umumiy tarzda olib qaralganda, Mavlono Atoyi bilan Alisher Navoiy sheʼriyatida bu obraz talqini boshqalarga qaraganda unumliroq boʻlib koʻrinadi.

Xulosa qilib aytish mumkinki, “Yusufnoma” mavzusi badiiy adabiyotning barcha tur va janrlari uchun dildor tuygʻu va ruhbaxsh kechinmalar manbai boʻlib xizmat etadi. Badiiy adabiyotga oshno dillarga orom bagʻishlaydi. Koʻngil va ruh maʼrifatini oshiradi.

 

Foydalanilgan adabiyotlar roʻyxati:

 

Nosiruddin Burxonuddin Rabgʻuziy. Qisasi Rabgʻuziy. – T.: “Yozuvchi” nashriyoti, 1990. – 235 b.

Atoyi. Devon. – T.: “Fan” nashriyoti, 2008. – 319 b.

Alisher Navoiy. Toʻla asarlar toʻplami. Oʻn jildlik. – T.: Gʻ. Gʻulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi, 2012.

Komilov Najmiddin. Xizr chashmasi. – T.: “Maʼnaviyat”, 2005. – 320 b.

Rafiddinov S. Majoz va haqiqat (Atoyining poetik mahorati). – T.: “Fan”, 1995. – 154 b.

 

Usmon QOBILOV

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2015–3

 


[1] Komilov Najmiddin. Xizr chashmasi. – T.: “Maʼnaviyat”, 2005. – 320 b.

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/ozbek-mumtoz-adabiyotida-yusufnoma-mavzusi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x