Ikkiliklar

Havasning yuzlari yorugʻ hamisha,

Hasadning yuzlari yorilgan shisha.

 

* * *

Koʻnglim koʻchasiga kirmoqchi edim,

Koʻnglimning oʻzidan tarsaki yedim.

 

* * *

Yengiltak odamlar changdan ham yengil,

Odamsan, eng avval, nafsingni yenggil.

 

* * *

Men koʻnglimning koʻziga boqdim,

Otashida jonimni yoqdim.

 

* * *

Suvdek serob boʻlgin, deydilar, onam,

Bobo oʻgʻlin gʻamin yeydilar onam.

 

* * *

Elning bevaqt ketgan qancha mardi bor,

Tanbur nolasining shuncha dardi bor.

 

* * *

Piyola tagida sovib qolgan choy,

Yerga sepilishin bilar, hoynahoy.

 

* * *

Dilingni oʻrtasa gunohing har on,

Demak, vujudingda uygʻoqdir iymon.

 

* * *

Oqillar ruhini shod etgan odam,

Chiroqsiz yurgaydir qaro tunda ham.

 

* * *

Yulduz bilan yuzlashsang, bedor boʻlgin,

Bulbul bilan boʻzlashsang, xumor boʻlgin.

 

* * *

Nogoh oyogʻingga kirgan ul tikan,

Bilki, oʻzing ekkan yomonlik ekan.

 

* * *

Gunoh – gunohkorning qoʻlin tutmakdir,

Savob – hojatmandning yoʻlin tutmakdir.

 

* * *

Oʻylab aytsang, har soʻzning oʻz nuri bor,

Oʻylab aytganlarning elda joʻri bor.

 

* * *

Koʻzgu bilan koʻrishsang gar, yuzing soʻzlar,

Diling bilan tillashsang gar, koʻzing soʻzlar.

 

* * *

Oshiqlikni daʼvo qilishdan oldin,

Majnunning holiga bir nazar solgin.

 

* * *

Koʻzing koʻzgusini qoplabdi parda,

Sen esa, quyoshga qilasan zarda.

 

* * *

Omad koʻkdan tushmas, u ham feʼlingdan,

Qoʻlingdan bermasang, bergin yoʻlingdan.

 

* * *

Qadrni misqollab topasan, ayon,

Botmonlab yoʻqotish juda ham oson.

 

* * *

Ovoza qilinmay qilingan savob,

Mahsharda boshingga tushguvchi oftob.

 

* * *

Qoʻshiq tinglab koʻkka uchgaysan,

Qoʻshiq tinglab koʻkdan tushgaysan.

 

* * *

Yoʻl yursang ham moʻl yurdim, dema,

Eshitmasin u choʻbin kema.

 

* * *

Oʻtgan kun – umrdan uzilgan tomchi,

Qoʻlingdan kelsa gar bir ushlab qol-chi.

 

* * *

Koʻksingni togʻ qilgan eʼtibor boʻlur,

Eʼtiborsiz qolsang dunyo tor boʻlur.

 

* * *

Umidli dunyoning umidi goʻzal,

Umidli odamning, bil, didi goʻzal.

 

* * *

Osmon uzoqligin bilib hammasi,

Yerni tepkilaydi bilsam chamasi.

 

* * *

Soatni orqaga surib boʻlmaydi,

Qalb koʻzi koʻr boʻlsa, kirib boʻlmaydi.

 

* * *

Sen oyning ortidan ovvora yurma,

Qoʻling yetmas joyda bechora yurma.

 

* * *

Dil-dilga koʻprik tashlashi mumkin,

Dil toshning koʻzini yoshlashi mumkin.

 

* * *

Gar koʻzing ochiqdir, avval, nur koʻrgin,

Tiling tishlasang ham diling hur koʻrgin.

 

* * *

Kim siylab aytadi, kim tigʻlab aytar,

Gar qandoq aytilsa, bil, shundoq qaytar.

 

* * *

Soʻzdagi salomning sadosi bordir,

Koʻzdagi salomning shifosi bordir.

 

* * *

Tongdan tilaganing oppoq nur boʻlsin,

Shabnamlar kaftingda misli dur boʻlsin.

 

* * *

Chumchuqlar pirillab uchgani-uchgan,

Musicha halovat suvini ichgan.

 

* * *

Tunda gar koʻngilning bedorligi bor,

Jismingdagi jonning hushyorligi bor.

 

* * *

Mehrning malhami har joyda oliy,

Mehring chashmasidan jom tut, ey soqiy.

 

* * *

Xayol ummonining cheki yoʻq sira,

Qani xayol sursang baxtdek bokira.

 

* * *

Koʻzing gulxanida kuygim kelgandi,

Seni gulxan boʻlib suygim kelgandi.

 

* * *

Koʻngil koʻchasiga kirib chiqding koʻp,

Lek, koʻngil koʻziga solib chiqma choʻp.

 

* * *

Oqil odamlarni eli xush koʻrgay,

Chunki, boshlarida Humo qush koʻrgay.

 

* * *

Boychechak yuz ochsa qishni qaritar,

Qishdan qolgan dardlarni ham aritar.

 

* * *

Gar iymon dilingda soʻnmas chiroqdir,

Bilginki, gumon ham sendan yiroqdir.

 

* * *

Kimda-kim dardini ovoza qilur,

Shamolning shakliga andoza qilur.

 

* * *

Taroq soch koʻrmasa qaqshab yotarkan,

Har tigʻi tikonga oʻxshab yotarkan.

 

* * *

Qushni qaritguvchi qafas boʻladi,

Qaritguvchilar shum nafas boʻladi.

 

* * *

Orzu seni osmonga boshlar,

Armon yerdan otadi toshlar.

 

* * *

Yaxshiga yarashgan har bitta qiliq,

Yomonga doim boʻlarkan ortiq.

 

* * *

Baxtning etagini baxtsizlik tutgan,

Baxtidan ayrilur uni unutgan.

 

* * *

Nayning navolari koʻngil malhami,

Chunki, asil mashshoq koʻngil odami.

 

* * *

Tikanlar tigʻidan tolgan atirgul,

Shu tigʻdan panoh ham olgan atirgul.

 

* * *

Bogʻlarga yarashsa qumrilar nozi,

Togʻlarga yarashar burgut parvozi.

 

* * *

Umid gulshanida – umid chechagi,

Sovuq singunchadir qishning ertagi.

* * *

Dilim – daryo, toʻgʻoning bekor,

Girdobiga boʻlma giriftor.

 

* * *

Koʻzin ochgin kelsa hikmat bulogʻin,

Oʻzing izlab borgin mashaqqat togʻin.

 

* * *

Agarchi, mardlarning mardi emassan,

Dunyo tegirmonin gardi emassan.

 

* * *

Qaytib koʻray desang, doʻsting diydorin,

Ostonangga kelsa tinglagin zorin.

 

* * *

Osmon uzoq, demak, yerda turibsan,

Osmon mehri bilan yashab yuribsan.

 

* * *

Sozning sadosida samoviy ishq bor,

Har oshiq koʻnglida oh bor, qoʻshiq bor.

 

* * *

Olam goʻzalligi gulning rangida,

Tilning goʻzalligi dilning rangida.

 

* * *

Mehrim mehvarida onamni koʻrdim,

Koʻzim gavharida bolamni koʻrdim.

 

* * *

Savol ber, tagida savobi boʻlsin,

Dilga hikmat solar javobi boʻlsin.

 

* * *

Ishonch – koʻksingdagi qudratning togʻi,

Qoʻlingdan tushmasin uning chirogʻi.

 

* * *

Gumon – jon chimchilar aldamchi alam,

Aksar yuzi shuvut gumondor odam.

 

* * *

Koʻksingda oʻchmasa ishq alangasi,

Demakki, sen baxtning oltin tangasi.

 

* * *

Koʻngil daraxtining shonasi kitob,

Har aql durining donasi kitob.

 

* * *

Mehr bu, aslida, koʻngil chashmasi,

Chashmani yaratar yor karashmasi.

 

* * *

Muhabbat ikki dilning bir toridir,

Muhabbat ikki dilning bir yoridir.

 

* * *

Oqil oʻz aqlini chiroq, deb, bilar,

Johil oʻz chirogʻin dimogʻ, deb, bilar.

 

* * *

Novvot shirinman, deb, nonga kerildi,

Lek, dasturxon toʻri nonga berildi.

 

* * *

Qor ustida qishning qafasi,

Qor ostida bahor nafasi.

 

* * *

Bolalik bogʻida xazon koʻrmaysan,

Odamning qadrini arzon koʻrmaysan.

 

* * *

Yuksakka zinalar bilan chiqilgay,

Kim aytar ginalar bilan chiqilgay?

 

* * *

Koʻngil koshonasi doʻst bilan obod,

Vale, yomon boʻlsa doʻst bilan barbod.

 

* * *

Demang, qaydan Mahmudning bayti,

Sheʼr – koʻnglimning gullagan payti.

 

Mahmud TOIR,

Oʻzbekiston xalq shoiri

 

“Sharq yulduzi”, 2011-5

https://saviya.uz/ijod/nazm/ikkiliklar/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x