Qalbimizda davom etar yil boʻyi bahor

 Qutlugʻ boʻlsin

 

Yurtim, bu kun tarovating oʻzgachadir,

Baxt-iqboling, saodating oʻzgachadir.

Musaffo nur yogʻilgaydir jamolingdan,

Ishonch, gʻurur yogʻilgaydir kamolingdan.

Yigirmaga kirgan kabi goʻyo olam,

Yigirmaga kirgandayman goʻyo men ham.

Yuragimda ajib tuygʻu, ajib hislar,

Butun borliq yigirmada, qanday koʻrkam.

Qutlugʻ boʻlsin, qutlugʻ yoshing, istiqlolim,

Porlab tursin baxt quyoshing, istiqlolim!

 

Koʻngillarni ravshan etgan tong asli bu,

Dilga surur bergan bahor, gul fasli bu.

Ajdodlarning ushalgan dil armoni bu,

Avlodlarning baxti kulgan zamoni bu.

Yigitlikning kuchga toʻlgan shijoati,

Boʻyga yetgan goʻzallikning tarovati.

Shijoating, tarovating mangulikdir,

Baxt-iqboling, saodating mangulikdir.

Sen buyugim, muqaddasim, jonim Vatan,

Ham gʻururim, orim mening, shonim Vatan!

 

Xalqona

 

Togʻlarning qori goʻzal,

bogʻning bahori goʻzal.

Ishq ichra har yigitga

oʻz sevgan yori goʻzal.

Har kimniki oʻziga

oy koʻrinar koʻziga.

Suluv kim – suygan suluv,

tinglang elning soʻziga.

Oʻchoqdagi oʻt boshqa,

yurakdagi choʻgʻ boshqa.

Oʻrtanadi oshiqlar:

senday goʻzal yoʻq boshqa.

Muhabbat oʻlmas ekan,

qalb guli soʻlmas ekan.

Boʻy qizlar orasinda

xunugi boʻlmas ekan.

 

Yoʻl qoʻshigʻi

 

Yoʻllar, bu qadim yoʻllar,

nurdek bir qatim yoʻllar,

goho olis shafaqdek,

gohi bir odim yoʻllar.

Aytgil, ravon yoʻl qayda,

charogʻon yoʻl bormikan?

Yurtimning yoʻllariday

qadrdon yoʻl bormikan?

Dil tubida porlagan

goʻzal orzu singari,

yoʻllar chorlaydi bizni

kelajak manzil sari.

Dilda tugarmi orzu,

umidlar ham moʻl ekan.

Asli inson umri ham

past-baland bir yoʻl ekan.

Insonki, gar istasa,

qush misoli uchgaydir,

samolarga yoʻl topib,

yulduzlarni quchgaydir,

lekin koʻhna dunyoning

bir hikmati shul ekan –

barchasidan bir qalbga

yoʻl topmoq mushkul ekan.

 

Eng qisqa ertak

 

Bahor. Gullar chamanda

chalar edi chirmanda,

taralardi baralla

noz boʻyga choʻmgan xanda.

Yuragimda osoyish,

bir surur bordi tanda,

qoʻshiq kuylab borardim

oʻynoqlagan samanda.

 

Oʻtib chamandan nari,

ot soldim buloq sari,

dilda ajib ishtiyoq

kezar edi sarsari.

Ammo, ne hol boʻldi bu,

uchib quvonchim bari,

otim qoqilgan kabi

lol qotdim bunda gʻarib.

 

Buloq boʻyida bir qiz

koʻk maysaga choʻkib tiz,

koʻzda shashqator yoshi,

yigʻlab turardi sassiz.

Bilmadim, yigʻlatgan kim,

ne gʻam unga soldi iz,

qaynardi buloq va qiz,

goʻyo ikkov bir ildiz.

 

Kecholmasdan oʻzimdan,

qizga qaradim zimdan –

mavjli-mavjli buloqday

akslanardi koʻzimda.

Qoʻshiq kuylab borardim,

kuyib qoldi boʻgʻzimda.

Oʻtdim. Ketdim. Yurakka

bir qaygʻu kirdi zumda…

 

Bilmadim, ne sababdan

koʻnglimni uzolmadim,

garchi koʻklam seliday

toʻliqardim, tinmasdim,

lekin bu qizga yordam

qoʻlini choʻzolmadim,

chunki ushbu ertakning

qahramoni menmasdim…

 

Yur, yur

 

Yur, yur, yur,

yur ketamiz oʻzimizning osmonlarga.

Yur, yur, yur,

yur ketamiz oʻzimizning boʻstonlarga.

Oʻzimizning osmonimiz musaffo,

oʻzimizning boʻstonimiz begʻubor.

Jannatlarda topilmaydi bu safo,

yuraklarda chin sevgi, chin vafo bor.

 

Bunda shabnam shabnam emas goʻyo marvarid,

bunda yomgʻir yuvar dunyo gʻuborlarini.

Bunda quyosh sevgimizni aylar parvarish,

bunda koʻngil sezmas hijron ozorlarini.

Qanday ajib, chaman ichra raqsga tushar nur,

qalbimizda davom etar yil boʻyi bahor.

Gullardan olguvchi va berguvchi surur,

jonday aziz yurtimning hur navolari bor.

Yur, yur, yur…

 

Ikrom ISKANDAR

 

“Sharq yulduzi”, 2011–5

https://saviya.uz/ijod/nazm/qalbimizda-davom-etar-yil-boyi-bahor/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x