Hellados

Nodar DUMBADZE

 

 – Jamol – skripka!

 – Yanguli – mishiqi!

 – Jamol – choʻchqa!

 – Yanguli – ipirisqi grek!

 – Jamol – sassiqtaka!

 – Chivinbotir!

 – Eshshak!

 – Chuvrindi!

 – Bezori!

 – Tbilisilik landovur!

 – Sheni deda vatire, Yanguli!

 – Imana su ine prostikasa ineka, Jamol!

Yanguli – suxumilik grek Xrista Aleksandridining oʻgʻli. Choʻpday ozgʻin, yelkalari turtib chiqqan, qirraburun, koʻzlari charosdek qop-qora, qoʻllari uzunligidan tizzasiga tushib turadigan oʻn toʻrt yoshli bu bola yon-atrofdagi tengqurlari uchun naqd azroilning oʻzi edi. Mushtlashishda hech kim unga bas kelolmasdi. Ana-mana deguncha birvarakayiga ikki-uch bolani yerga chalpak qilib qoʻyaverardi. Mushukday chaqqon, qayishday chayir bola edi u. Qishin-yozin oldi ochiq qora satin koʻylak kiyib yurardi.

Yanguli otasi bilan Venetsian koʻchasida, Chalbash daryosining boʻyida yashardi. Onasini eslolmaydi – chaqaloqligidayoq yetim qolgan. Ota-bolaning bor-yoʻq davlati bir parcha tomorqa, bittagina sigir va eshakdan iborat. Oshkoʻk, sut-qatiq sotib kun koʻrishadi.

Yanguli hech qayerda oʻqimasdi. Otasining yumushlariga qarashar, ahyon-ahyon eshakda qoʻshnilarga sut-qatiq tarqatar edi. Oʻziga oʻzi inʼom etgan bor vaqtini u koʻchada oʻtkazardi. Temiryoʻl kesib oʻtiladigan joyda maktabdan qaytadigan bolalarni poylab turar, bittama-bitta ularning choʻntaklarini timirskilab, tamakimi, sariq chaqami, soat zanjirimi yoxud rangli qalammi – nimaiki boʻlsa, barini ship-shiydon qilib olib qoʻyar edi. Ertasiga esa oʻsha narsalarni yana oʻsha bolalarning oʻziga arzonroqqa pullar, soʻng tushgan aqchaga ular bilan qimor oʻynab, noshud sheriklarining bor-budini obdon shilardi-da, choʻntaklarini qappaytirib uyiga qaytardi.

Xudoning bergan kuni ahvol shu edi…

Oʻn toʻrt yoshli bu zolim Venetsian koʻchasida istiqomat qiluvchi barcha ustidan, jumladan, xolavachcham Koka ustidan ham tanho hukmronlik qilardi.

Xullasi kalom, Yanguli dahaning tan olingan sardori edi.

Bizning tanishuvimiz oʻttiz sakkizinchi yilning kuzlarida boshlangan. Nina xolam meni Tbilisidan olib kelgan kunning ertasigayoq butun Suxumiga nomi ketgan musiqa muallimi Yelena Mixaylovna Navrodskayaning uyiga boshlab borib, oʻzini tappa uning oyoqlari ostiga tashladi:

 – Yetimchaga rahmingiz kelsin! Onasi skripkaga olib borardi… Olloning irodasi ekan, bir kunda onasidan ham ajraldi, skripkasidan ham judo boʻldi… Shu bolani tarbiyangizga oling… Qancha soʻrasangiz ham mayli…

Navrodskaya eshitish qobiliyatimni tekshirdi, har turli notalarni oʻqitib koʻrdi, barmoqlarimni koʻzdan kechirdi, iyagim ostidagi qadoqni siypaladi. Soʻng biroz ikkilanib turdi-da, narigi xonadan skripka koʻtarib chiqib, uni sozlashni buyurdi. Xolam tipirchilab qoldi, ammo topshiriqni tuppa-tuzuk uddalaganimni koʻrib sal xotirjam boʻldi.

 – Endi Betxovenning “Surka”sini chal! – Yelena Mixaylovna shunday dediyu kresloga yastangancha chalishimni kuta boshladi.

Betxovenning nomini eshitib, xolamning avzoyi buzildi.

 – Muhtaram Yelena Mixaylovna, balki boshqa, mundogʻroq kompozitorni tanlagan maʼqulmikin? – dedi u roʻmolchasi bilan peshonasidagi terni artib.

 – Ie, “Surka”ni chalolmaydimi hali? – deya hayratdan Navrodskayaning qoshlari chimirildi.

Hayotimdagi orziqib kutilgan daqiqalar yetib keldi. Olti yoshimdan buyon meni ezib-yanchib kelayotgan shafqatsiz musiqa jabr-zulmidan biratoʻla va bir umrga xalos boʻlish imkoniyati tugʻilgan edi. Shu tobda birgina “Yoʻq!” degan afsungar soʻz ogʻzimdan chiqsa, butun azoblarim barham topgan boʻlardi. Ammo… xolamning yolvorganday moʻltirab qarab turishimi, Navrodskayaning taajjublanganimi yoxud oʻn uch yashar bolaning gʻururimi – bilmadim, ishqilib, allaqanday sehrli kuch meni kamonchani qoʻlga olishga majbur qildiyu… xona ichi “Surka”ning sodda va bemisl ohanglariga toʻlib ketdi…

Nihoyat, kuyni chalib boʻldim. Xolamning koʻzlarida liq-liq yosh, Navrodskayaning chehrasi esa yal-yal yonardi.

Yelena Mixaylovna rozi boʻldi…

Uyga qaytaturib, temiryoʻl kesib oʻtiladigan joyda, koʻprik ustida oʻtirgan bolaga koʻzimiz tushdi. U bir parcha gʻisht bilan zoʻr berib yongʻoq poʻstini ishqalardi.

 – Salom, Nina Ivanovna! – dedi u.

 – Salom! – dedi xolam quruqqina qilib.

 – Koka qayerda?

 – Maktabda-da, qayerda boʻlardi? Hamma senga oʻxshagan bekorchimi?

 – Kim bu bola?

 – Ishing boʻlmasin! – deb javob berdi xolam yelkamga niqtab.

Yanguli choʻzib hushtak chalib qoʻydi. Biz yoʻlga ravona boʻldik.

 – He-yey, skripka!

Men oʻgirilib qaradim.

Yanguli tilini chiqazgancha bir koʻzini qisib, xuddi skripka chalayotganday, oʻng qoʻlini chap bilagiga ishqadi. Jon-ponim chiqib ketdi.

 – Maymun! – deb qichqirdim uzoqdan musht oʻqtalib.

 – Ertaga biznikiga kir, musht oʻqtalishni oʻrgatib qoʻyaman! – dedi u xaxolab.

 – Qachon bezoriliging qoladi, a? – Xolam kuyinib boshini sarak-sarak qildi.

 – Kim bu?

 – Grek bola, Yanguli. Otasi uyimizga sut opkeb turadi… Unga yaqinlasha koʻrma! Bezori u… Kunu tun koʻchaga tanda qoʻygan.

Men yana bir bor oʻgirilib qaradim. Yanguli yongʻoq ishqalagancha masxaraomuz tirjayib turardi.

Xolam meni joylashtirgan oʻn uchinchi maktab temiryoʻl koʻtarmasining narigi tomonida boʻlganidan deyarli har kuni Yanguliga duch kelishim muqarrar edi.

Qariyb bir oygacha u menga mutlaqo eʼtibor bermadi. Oʻzining odatiy mashgʻuloti – atrofiga oʻrtoqlarini yigʻvolib, oshiq tashlash yoki qimor oʻynash bilan andarmon boʻlib yuraverdi. Ammo har gal men yaqinlashganimda Yanguli bolalardan birortasiga tashlanib qolar – goh telpagini koʻziga bostirib qoʻysa, goh hech narsadan hech narsa yoʻq, yumshoq joyiga tepar edi. Shunda negadir nigohini men tomondan uzmasdi.

Ayni paytda, men ham oʻzimni na Yanguli, na uning oʻrtoqlari zigʻircha ham qiziqtirmaydiganday tutardim. Aslida esa hoziroq bolalarga qoʻshilib ketgim kelib turar – ularga oʻzimning nimalarga qodirligimni koʻrsatib qoʻyishni istardim. Biroq mahallada yangi odam edim, yon atrofimda Kokadan boʻlak yor-doʻstim yoʻq edi, binobarin, Yangulining kallakesarlariga yaqinlashishga yuragim dov bermasdi. Ammo oʻrtamizdagi betaraf maydon tobora qisqarayotganini, vishillab yonayotgan pilik pistonga yaqinlashib qolganini, bir kunmas-bir kun portlash yuz berishini koʻnglim sezib turardi.

Oradan roppa-rosa bir oy oʻtgach, ana shu kun keldi…

Yelena Mixaylovna ichkarida boshqa bir shogirdi bilan mashgʻulot oʻtkazar, men dahlizda navbat kutardim.

Doira stol ustida akvarium turar, uning ichida suv oʻtlari, biri biridan chiroyli chigʻanoq va toshlar oralab tilla baliqchalar suzib yurar edi. Baliqlar ogʻzini kap-kap ochib, pufakchalar chiqaraverganidan negadir ularning qorni och, degan xulosaga keldim. Darrov choʻntagimdan qogʻozga oʻrogʻliq bir boʻlak qora non bilan pishloqni chiqardim-da, apil-tapil ushoqlab, akvariumga sepdim. Baliqchalar avvaligʻa hurkib ketib, toshlar ortiga berkinishdi, keyin, goʻyo niyatim yomonmasligini sezganday, birin-ketin pana joylaridan chiqib, yemishga tashlanishdi.

Men suv ichida koʻtarilgan oltin quyunni zavq bilan tomosha qila boshladim. Akvarium bamisoli jajji okeandek joʻsh urib, burqirardi. Asta-sekin toʻlqin bosildi. Nafsi orom olgan baliqchalar suv ichida yana u yoqdan-bu yoqqa xotirjam suza boshlashdi. Ayrimlari akvariumning shisha devoriga yaqin kelishardi-da, xuddi menga minnatdorlik bildirganday, dumlarini xiyol qimirlatib, jilpanglab qoʻyishardi. Toʻsatdan baliqchalardan biri – eng kattasi – toʻnkarilib qoldi. Keyin yana bittasi shunday boʻldi. Hayal oʻtmay akvariumdagi jamiki baliqchalar qornini osmonga qilib, orqasi bilan suza boshladi. Qoʻlimni suvga tiqib, jonivorlarni oʻnglab qoʻyishga harchand urinmayin, ular yana lip etib toʻnkarilib qolishardi. Shundagina nojoʻya ish qilib qoʻyganimni anglab yetdim. Hash-pash deguncha akvarium ichidagi hayot soʻndi. Zaharlangan baliqchalar suv yuzasiga qalqib chiqdi… Dahshatdan yuragim orqaga tortib ketdi. Skripka solingan gʻilofimni koʻtarib sekin juftakni rostlamoqchi boʻlib turuvdim – e, voh! – ichkaridan shogirdini kuzatib Yelena Mixaylovna chiqib keldi.

 – Kir! – deb murojaat qildi u menga. Qoqqan qoziqdek turaverdim.

 – Kiraqol! – dedi u yana yelkamdan eshik tomon sal niqtab. Turgan joyimdan jilmadim.

 – Nima balo, darsingni qilmadingmi? – Yelena Mixaylovnaning ovozi oʻzgardi. Miq etmadim. U menga taajjublanib qaradi, soʻng nigohi nigohimga ergashib, akvarium tomon ogʻdiyu… faqat baliqshunoslargina tasavvur qila oladigan hodisa yuz berdi. Yelena Mixaylovnaning tizzalari qaltiray boshladi, bir zumda lablari koʻkarib ketdi, arang borib kresloga oʻtirdiyu titroq ovoz bilan menga soʻz qotdi:

 – Sen… nima qilib qoʻyding, yaramas!

 – Bilmabman, Yelena Mixaylovna… Xayolimda… Qora non bilan pishloq sepdim, xolos…

 – Zaharlabsan! – dedi u ingrab. Keyin, xuddi birov arzanda bolasini boʻgʻizlab qoʻyganday, ikkala kaftini yuziga bosib hoʻngrab yubordi.

Bir nimalar deb gʻudranganim, oʻzimni oqlaganim, alamzada ayolni yupatishga uringanim esimda. Qani endi nafi tegsa. Ayol oʻrnidan turib, akvarium yoniga bordi. Suvdan jonsiz baliqchalarni bittama-bitta olib, har birini alohida-alohida oʻpib, yana akvariumga tashlarkan, yigʻi aralash nuqul:

 – Azizlarim, oltinlarim, nuridiydalarim… Sizlarni zaharladilar, oʻldirdilar! – deya sannardi.

Keyin u menga yuzlandi. Quti oʻchgan, iyagʻi titrar, koʻzlaridan duv-duv yosh quyilar edi. Qoʻqqisdan Yelena Mixaylovna yuzimga tarsaki tortib yuborgan edi, agʻdarilib tushishimga sal qoldi.

 – Joʻna bu yerdan, vahshiy! Ikkinchi qadamingni bosma!.. Yoʻqol!

Shapaloq ogʻrigʻini ham, boʻgʻzimga qadalib turgan alam yoshlarini ham bazoʻr ichimga yutib, xonadan chiqdim.

Esankiragan, sharmandayu sharmisor, chala oʻlik bir ahvolda uyga qarab joʻnadim. Temiryoʻl kesib oʻtiladigan joyda, odatdagidek, Yangulining toʻdasi uymalanardi. Beixtiyor boshim oʻsha tomon ogʻdi – hozir uyga borishdan nima foyda! Bolalarga yaqin qolganda qadamimni sekinlatdim-da, atayin engashib, botinkamning iplarini titkilay boshladim.

 – He-yey, skripka!

Yangulining ovozini darrov tanidim.

 – Nima deysan?

 – Bu yoqqa kel!

 – Ishing boʻlsa – oʻzing kel!

Yanguli oʻzidan ham battar taajjublangan oʻrtoqlariga bir qarab qoʻydi-da, asta men tomongʻa yura boshladi.

 – Kimligimni bilmaysanmi hali? – deb soʻradi u kishining gʻashiga tegadigan bir ohangda.

 – Bilaman, – dedim koʻzlariga tik qarab.

 – Boʻlmasa, nega chaqirganda kelmaysan?

 – Kim boʻpsan meni chaqiradigan? – dedim yana bepisanddik bilan, ammo, har ehtimolga qarshi, skripka solingan gʻilofni yerga qoʻydim.

Yanguli oʻyinni ham unutib, bizni qurshab olgan bolalarga yana bir-bir qarab chiqdi.

 – Yanguli, kimligingni bir koʻrsatib qoʻy! – dedi bolalardan biri.

 – Sol, Yanguli! – deya qoʻshimcha qildi ikkinchisi.

 – Bir shapaloqqina! – deb maslahat berdi uchinchi bola.

 – Oldin zoʻrligini bir koʻraylik-chi! Yanguli shunday deb, yuzimni bir siypalab qoʻydi.

 – Qoʻlingni tort! – deb baqirdim unga.

 – Ol-la! – deya hayron boʻldi Yanguli.

 – Uni qaranglar-a!

 – Papirosni chiqaz! – dedi Yanguli birdan qoʻlini choʻzib.

 – Chekmayman!

 – Pulni ol!

 – Pulim yoʻq.

 – Choʻntaklaringni agʻdar!

Bolalar pichirlasha boshlashdi. Yanguli dovdirab qoldi, ammo darrov oʻzini bosib, skripkaga qoʻl choʻzdi.

 – Tort panshaxangni! – deb baqirdim skripka ustiga engashib. Lekin Yanguli oʻzgʻirlik qildi – gʻilofni ochib, asbobni menga uzatdi.

 – Qani, birorta kuy chalib bolalarni xursand qilgin-chi!

 – Chalmayman!

 – Nega boʻlmasa bu dahmazani koʻtarib yuribsan? Esi yoʻq eshakmisan?

 – Ber skripkani!

Yanguli asbobni orqasiga yashirib, bir qadam tisarildi.

 – Petya, Fema, Kurlik, Pancho, Tena! Umrlaringizda skripka ovozini eshitganmisizlar, – dedi u bolalarga murojaat qilib. Ular baravariga chuldirashdi.

 – Radiodan eshitganman! – dedi Petya.

 – Boʻlaqol, Yanguli, bir koʻrsatib qoʻy!

Skripkamning ovozini hammadan oldin oʻzim eshitdim: Yanguli qulochkashlab turib skripka bilan boshimga tushirdi.

“Zi-i-ng… qars…” etgan tovushdan soʻng asbob ikkiga boʻlindi. Uning qorni, xuddi shartta chopib tashlangan qoʻlday, nozik simlarga osilgancha lapanglab turardi.

Bolalar xaxolab, yerga dumalashdi.

Yuragim goʻyo toʻxtab qolganday boʻldi, miyamga qon urildi, quloqlarim bitib qoldi. Men hech narsani eshitmas, sezmas edim, faqat qornini changallab kulayotgan bolalarni, pachoq boʻlgan skripkani va Yangulining turtib chiqqan ozgʻin iyagini ilgardim, xolos. Birdan bor kuchim bilan ana shu iyak ostiga musht soldim.

Es-hushimni yigʻib olganimda Yanguli koʻprik ustida oʻtirar, menga hayratomuz tikilgancha oʻng qoʻli bilan iyagini ishqalar edi. Bolalar churq etishmasdi.

Shartta burilib, uyga joʻnadim.

Oʻsha kuni kechqurunoq qoʻshnimiz va Yangulining oʻng qoʻli hisoblanmish Petya majaqlangan skripka bilan gʻilofni uyimizga olib kelib, ostonaga tashladi-da, quyonni survordi.

Figʻoni falakka chiqqan xolam avval Petyani, soʻng Yanguli Aleksandridini, oxirida oʻzimni bisotida bor yomon soʻzlar bilan qargʻashga tushdi:

 – Ha-a, yer yutsin seni, Petya kasofat!.. Iloyim, boʻyginang goʻrda chirisin… Sen ham bir, koʻkatfurush otang ham bir! Senlar skripkani qadriga yetasanlarmi? Paganinimi, Stradivarimi, arrakashmi senlarga bari bir!.. Eng avval sening goʻshtingni qiymalash kerak edi, Yanguli Aleksandridi! Hayf senga musiqa! Eshakning hangrashini eshitib katga boʻlgan bola musiqani tushunarmidi! Hammasiga uyimdagi yangi bezori aybdor! Mana shuni oyogʻidan osish kerak! O, opajonim Aniko! Oʻzimning tashvishim yetmayotuvmidiki, yana manovi gʻurbatni boshimga balo qilib tashlab ketding-a! Nima gunoh qildim, ey parvardigor…

Oʻsha kuni musiqa olamidagi sarguzashtlarimga nuqta qoʻyildi. Hayotimda yangi davr yashash uchun kurash davri boshlandi…

Ertasi kuni Yanguli bilan Petya bizni maktab darvozasi oldida qarshi olishdi. Yuragim shuv etdi, ammo, goʻyo kecha hech narsa boʻlmaganday, yonidan beparvo oʻtib ketdim.

 – Skripka! – Petyaning ovozi edi bu.

Toʻxtadim.

 – Gaplashvolishimiz kerak! – dedi Yanguli yonimga kelib.

 – Nimani gaplashamiz?

 – Bu yer noqulay, – deya u maktabdan chiqib kelayotgan oʻquvchi va muallimlarga ishora qildi.

 – Qayerda boʻlmasa? – deb soʻradim.

Temiryoʻlning naryogʻida, koʻprik ostida.

 – Ixtiyoring.

Yanguli yoʻl boshladi, Koka ikkalamiz unga ergashdik. Petya esa orqada kelardi. (“Kochib ketmasligimiz uchun”, degan oʻy kechdi koʻnglimdan).

 – Tamom boʻldik! – dedi sarosimaga tushgan Koka. U mendan ikki yosh kichik, buning ustiga, Yangulining tarsakilari yodidan koʻtarilmagan edi.

 – Qoʻrqma! – dedim unga tasalli berib, lekin ichimdan oʻtganini oʻzim bilib turardim.

Temiryoʻl koʻtarmasidan pastta tushayotganimizda Koka qochib ketmoqchi boʻldi, bazoʻr bilagidan uxplab qoldim:

 – Qayoqqa?! Sharmanda boʻlging kelyaptimi?

 – Sen uni bilmaysan! Ikkalamizniyam dabdala qiladi! – dedi Koka yalinchoq ovozda.

 – Qilsa qilar! Oʻldirmaydi-ku harqalay!

Koka xuddi qurbonlikka atalgan buzoqday chor-nochor yana menga ergashdi.

Yanguli temiryoʻl koʻprigi ostida toʻxtab, atrofga alangladi. Hech kim yoʻq edi.

 – Mana, keldik. Xoʻsh, nima demoqchisan? – dedim.

Yanguli bir oz indamay turdi, keyin asta soʻz boshladi:

 – Kecha meni bolalarning oldida sharmanda qilding… Qattiq urding, qoʻqqisdan… Oʻrnimdan turolmadim, shuning uchun ham sen nasibangni olmading… Turmoqchi boʻldim-u, turolmadim.

Yangulining bunday ochiq, samimiy gapirishidan angrayib qoldim.

 – Men rahbarman. Mahallaning xoʻjayiniman, shunday boʻlib qolaman… – deya davom etdi u.

 – Boʻlsang boʻlaver lekin meni tinch qoʻy, – dedim men ham oʻshanday samimiylik bilan.

 – Mendan katta boʻlganingda mayli edi! Lekin mendan yoshsan, shunga qaramay, qoʻl koʻtarding… Bunaqasi ketmaydi. Podada serka bitta boʻlishi kerak – yo sen, yo men!

 – Aytdim-ku, menga hech narsa kerak emas! – deb takrorladim men.

 – Yoʻq, urgʻochi gap bu… Mushtlashamiz!

 – Mayli, – dedim rozi boʻlib.

 – Faqat halol mushtlashamiz!

 – Halol deganing nimasi?

 – Petya bilan Koka aralashmaydi! Soʻkishish yoʻq! Tosh bilan urish yoʻq! Yiqilganga tegilmaydi!

 – Boʻpti!

 – Agar bugun seni yengsam ertaga kechagi bolalarning oldida yana bir marta uraman. Shu bilan tamom.

 – Koʻramiz hali kim kimni yengadi…

Yanguli qora satin koʻylagini yechdi. Keng, tarang koʻkragini koʻrib, seskanib ketdim. Bu ham mayli, chap toʻshining ustiga koʻkish rangda naqshlangan lotin harflaridagi yozuv meni negadir butkul dovdiratib qoʻydi: “Hellados”.

Yanguli Petyaga grekchalab bir nimalar dedi. Petya miq etmadi.

Yanguli yana takrorladi. Petya istamaygina ikkala choʻntagidan ikkita kattakon toshni chiqarib, bir chetga uloqtirdi. Yanguli Kokaga qaradi. Koka shosha-pisha qoq-quruq choʻntaklarini agʻdarib koʻrsatdi.

 – Boshladik! – dedi Yanguli.

 – Boshladik! – dedim men ham.

Olishuv ikki-uch minutgina davom etdi.

Men mushtlarimni tugib, Yanguli esa besh panjasi bilan urardi. Men urganda ovoz chiqmas, ammo Yanguli har tushirganda atrofdan qarsillagan aks sado kelardi. Petya Yanguliga grekchalab dalda berar, Koka esa menga gruzinchalab bidirlar edi:

 – Kalla qil, Jamol, kalla qil!

Mushtlashganda kalla qilish nimaligini oʻzim ham bilaman, biroq Yanguliga yaqinlashib bulmayotgan edi: uning chayir, terlagan gavdasi har gal sirgʻalib qoʻlimdan chiqib ketaverardi.

Yana bir qarsillagan tovush eshitildiyu burnimdan tizillab qon otildi. Qonni artgunimcha Yanguli tagʻin bir marta tushirdi; natijasi shu boʻldiki, kecha xuddi Yanguli agʻdarilganday gup etib yerga quladim, faqat bitta farqi bor: hozir men turadigan holdaman, ammo Yanguli kecha oʻrnidan turolmagan edi.

Nima boʻlganda ham bugungi olishuvning yakuni maʼlum: men yutqazdim. Yanguli bir oz kutib turdi, mushtlashishni davom ettirish niyatim yoʻqligiga ishonch hosil qilgach, shoshmasdan koʻylagini kiya boshladi. Nigohim yana koʻksidagi gʻalati soʻzga tushdi: “Hellados”.

 – Ertagacha! – dedi Yanguli. Ustki labi shishib ketganini, chap qoshi yorilganini shundagina payqadim.

Yanguli bilan Petya tepaga koʻtarilib, temiryoʻl yoqalab ketishdi, Koka ikkalamiz pastda qoldik.

 – Hechqisi yoʻq, u ham oladiganini oldi! – deya Koka menga tasalli bergan boʻldi.

 – Ertaga baribir uni yengaman! – dedim.

 – Oldin bir oynaga qaravolsang boʻlardi! – dedi xoʻrsinib Koka.

 – Yuzim yomon shishibdimi?

 – Koʻpchigan xamirning oʻzginasi! – dedi Koka chetga qarab.

 – Oʻ-oʻ, yaramas!

Bu gal xolam indamadi. Yuzimga avaylab hoʻl latta bosdi. Ertasiga ertalab xuddi oʻshanday xotirjamlik bilan qatiq toʻla hurmachani Xristo Aleksandridining boshiga urib sindirdi, baayni Yanguli skripkani mening boshimga urib sindirganday. Keyin, sovet pionerini vahshiylarcha kaltaklagani uchun bezori oʻgʻlingni qamoqda chiritaman, deya unga obdon poʻpisa qildi.

Ertasiga maktabga bormadim – yuzimdagi shish va moʻmataloqlarni davoladim. Uchinchi kuni temiryoʻl kesib oʻtiladigan joyda Yangulidan boshqa deyarli butun mahallaning bolalari toʻplanib turganini koʻrdik. Ular bizni hushtak va tahqirlar bilan kutib olishdi.

 – Qalay, Skripka, tavbangga tayandingmi?

 – Endi uni tinch qoʻyarsan? Yo oʻlging kelyaptimi?

 – Bu yer senga Tbilisi emas!

Butun toʻda oʻtgan kungi magʻlubiyatimni eshitib boʻlgan edi.

Ularning gap-soʻzlariga eʼtibor bermay sumkamni asta yerga qoʻydim, oʻzim ham oʻtirib, Yangulini kuta boshladim.

 – Kelyapti! – deb qichqirdi kimdir birdan.

 – Hozir koʻramiz tomoshani! – dedi yana birov,

 – Salom! – Yanguli hamma bilan soʻrashdi, keyin menga koʻzi tushdiyu baqa boʻlib qoldi.

 – Mana, Yanguli, lahm goʻsht oʻz oyogʻi bilan keldi. Tezroq yeyaqol! – dedi Petya uni gijgijlab.

 – Shundoq yeyaverasanmi, ikra yo saryogʻ bilanmi?

Yanguli amirona ishora bilan hammaning ovozini oʻchirdi, soʻng bamisoli qabila oqsoqoliday oʻz qavmiga yuzlanib, tarixiy nutq irod etdi:

 – Bolalar! Men, Yanguli Aleksandridi, sizlar saylagan sardor, sizlarga, Venetsian koʻchasining hur farzandlariga murojaat qilaman! Roʻparangizda tbilisilik rangpar laqma bilan uning jiyani – vatan va qabila xoini, mishiqi Koka turibdi. Mana bu rangpar kelgindi bizning mehmondoʻstligimiz va muruvvatimizdan bahramand boʻlish oʻrniga – xudo siylagan yerimizni, dengizimizni, jamiki daryolarimiz, oltin va kumushlarimiz, oʻtloqlarimizni oʻziniki qilib olmoqchi…

 – Bas qil maynavozchilikni! – dedim uning gapini boʻlib. – Mushtlashamiz!

Yanguli menga tikilib turdi-da, soʻzida davom etdi:

 – Hozir sizlarga rangpar goʻshtdan qanday qilib qovurdoq tayyorlashni koʻrsatib qoʻyaman.

 – Oliftagarchilik qilma! Boshlaymiz!

 – Hoʻy mishiqi! – Yanguli Kokaga murojaat qildi. – Yugur, “Tez yordam”ga qoʻngʻiroq qil, besh minutdan keyin kelib xolavachchangni olib ketsin. Ungacha behush boʻladi.

Bolalar huzur qilib kulishdi.

 – “Tez yordam” butun seni olib ketadi! – shunday deb, oʻrnimdan turdim.

Tomoshabinlar davra olishdi.

Yanguli Petyaga ikki ogʻizgina pichirladi. U kamarini yecha boshladi. “Nahotki, kamar bilan ursa?” degan oʻy oʻtdi koʻnglimdan.

Petya kamarni Yanguliga uzatib, davraga qaytdi. Yanguli toʻplanganlarga viqor bilan bir nazar tashlab chiqqach, dedi:

 – Men bu rangpar bilan ikki qoʻllab mushtlashmayman. Bunga bitta qoʻl ham kifoya. Petya, chiq bu yoqqa, qoʻlimni bogʻla!

Atrofdan “Qoyi-il!” degan xitoblar eshitildi, mening esa yuragim orqaga tortib ketdi. Bu yana qanaqa nayrang!

Petya urtaga chiqib, Yangulining chap qoʻlini gavdasiga qoʻshib bogʻlab qoʻydi.

 – Masxaravozlikni bas qil! Chiqaz qoʻlingni! – dedim men.

 – Yoʻq, sen bilan ikki qoʻllab mushtlashish menga uyat!

Bolalar tagʻin zavqlanib kulishdi.

 – E-e, unaqada mushtlashmayman! – Men sumkamga engashdim.

 – Qoʻrqyapsanmi? – deb soʻradi Yanguli.

 – Yoʻq, qoʻrqayotganim yoʻq, xohlamayman. Chiqaz qoʻlingni! Baribir bugun kaltak yeysan!

 – Boshla, keyin afsuslanasan! – Yangulining jahli chiqa boshladi.

 – Solsang-chi, nimani kutyapsan! – deb shivirladi menga Koka.

Bosh chayqab turaverdim. Axiyri boʻlmagach, Yanguli yaqin kelib, tarsaki tortib yubordi. Yuzimdan olov chiqib ketdi, lekin qoʻlimni qimirlatmadim. Yanguli yana urdi, keyin yana. Sezib turibmanki, bor kuchi bilan urmayapti. Uning tarsakilari raqibiga zarba berishdan koʻra oʻyinqaroq bolaga poʻpisa qilishga oʻxshardi. Javob qaytarmayotganimni koʻrib Yanguli qoʻlini tushirdi. Men shartta burilib, bir ogʻiz ham gapirmay, jang maydonini tark etdim. Bolalar indamay yoʻl boʻshatishdi.

 – Hoʻ Skripka! – Bu Petyaning ovozi edi, shu zahotiyoq charsillagan tovush ham eshitildi. Yanguli Petyaning yuziga tarsaki tortgan edi.

Orqamga qaramadim – men yigʻlardim, bolalar koʻzyoshlarimni koʻrishlarini istamasdim.

Yigʻlardim-u, lekin bugungi olishuvda gʻolib chiqqanimni ich-ichimdan his etardim.

Tongotar, hali gʻira-shira paytda men Aleksandridilar darvozasi oldida turardim. Xristo eshakka toʻqim urar, Yanguli esa unga yordamlashar edi. Meni koʻrib yonimga keldi.

 – Ha, arz qilgani keldingmi? – dedi u otasi tomon bosh irgʻab. Xristo orqa oʻtirib turganidan meni koʻrmasdi.

 – Kim kepti? – deb baqirdi u ishidan koʻz uzmay.

 – Oʻrtogʻim.

 – Yangulining vaqti yoʻq, bozorga boradi! – Xristo oʻgirilib meni koʻrdiyu hayron boʻldi: – Ie, yarashdinglarmi?

 – Yarashdik! – deb javob qildim men.

 – Ha, mana bu boshqa gap! Ikkoving ham zoʻr yigitsan-ku! – Xristo suyunib ketdi. – Kir bu yoqqa!

 – Rahmat, shoshib turibman… Qachon qaytasan?

 – Kechki payt, – deb javob berdi Yanguli.

 – Koʻprik tagida kutaman!

Shunday dedimu izimga qaytdim.

U keldi, indamay eshagini bir chetga bogʻladi-da, koʻylagini yechib toʻqim ustiga tashladi, shunda yana koʻksidagi afsungar soʻzga koʻzim tushdi: “Hellados”.

Bugungi olishuvimizga faqat eshak shohid boʻldi. Mushtlashish uzoq davom etdi. Har qancha urinmayin Yanguli oʻzgʻirlik qildi – birinchi zarbani u berdi. Men yiqilmadim, faqat chayqaldim, xolos. Ikkinchi marta hamla qilganida chaqqonlik bilan gavdamni orqaga tashladim, qoʻli burnim yonidan shuvillab oʻtib ketdi. Ammo u shu qadar shiddat bilan quloch otgan ediki, muvozanatini yoʻqotib, munkaygancha bir qadam oldinga tashladi. Shunda… Hoʻ oʻsha birinchi bor mushtlashganimizda boʻlganiday, ozgin iyagi oʻngimga kelib qoldi. Men ham oʻsha iyak ostiga qattiq musht soldim. Yanguli yiqildi, bir muddat qimir etmadi. Endi oʻrnidan turolmaydi, deb oʻylagan edim. Ammo u birdan sapchib turdiyu yana menga tashlandi. Uning ochiq panjasi bilan mening mushtim nishonga bir vaqtda tegdi. Koʻzim tinib, choʻkkalab qoldim, beixtiyor kaftlarimni yuzimga bosgan edim, burnimdan tizillab qon oqayotganini sezdim. Sal oʻzimga kelib qarasam, Yanguli ham choʻkkalagancha yorilib ketgan lablaridagi qonni artyapti. Bir amallab qaddimni rostladim. Yanguli ham oʻrnidan turdi.

Biz bir-birimizga uzoq tikilib qoldik. Pishillab nafas olayotganimizni har ikkalamiz ham eshitib turardik. Men Yangulining yana hamla qilishini kutardim, ammo, taajjubki, mushtlashishga menda na xohish, na kayfiyat qolgan edi. Biroq endi hech qachon Yanguli menga zoʻravonlik qilolmasligini ham bilib turardim.

 – Bas! – dedi Yanguli kutilmaganda.

 – Boʻpti! – Men ham rozi boʻldim. – Lekin ertaga bolalarning oldida mushtlashamiz! – deya qoʻshib qoʻydim har ehtimolga qarshi.

 – Keragi yoʻq. Zoʻr bola ekaningni bolalarga oʻzim aytaman. Lekin, bilib qoʻy, birinchilikni senga bermayman!

 – Keragi ham yoʻq!

 – Xohlasang, ikkinchi boʻlaqol.

 – Menga hech narsa kerak emas! Sening yoʻling boshqa, mening yoʻlim boshqa! – Men ketishga chogʻlandim.

 – Toʻxta! Bunaqasi ketmaydi. Har kuni mushtlashavermaymiz-ku, axir. Ke, kelishvolaylik: ertadan boshlab faqat soʻkishamiz. Kim qoyillatsa – oʻsha gʻolib!

 – Mayli, roziman.

Mana, yana bolalar qurshovidamiz. Bu gal oʻrtamizda dahanaki jang avjga chiqqan.

 – Jamol – eshakmiya!

 – Yanguli – koʻkatfurush grek!

 – Tbilisilik mishiqi!

 – Eshakboqar!

 – Toʻngʻiz!

 – Chirigan bodring!

 – Toshbaqa!

 – Itbaliq!

 – Meduza!

 – Ovsar!

 – Paganini!

Bisotimdagi haqoratbop soʻzlar tugadi. Yanguli kutib turardi – navbat meniki edi.

 – Boʻlaqol, yutqazasan! – deb turtkiladi Koka.

 – Menda boshqa yoʻq!

 – Onasiga oʻt!

 – Yoʻq, onani aralashtirib boʻlmaydi!

 – Sheni deda vatire, degin! Uyat joyi yoʻq buni!

 – Oʻrischasiga nima degani?

 – Sen gruzinchasiga aytaver! U baribir tushunmaydi! – Koka hol-jonimga qoʻymasdi.

 – Yanguli, sheni deda vatire! – gruzinchalab shunday dedimu javobini jon hovuchlab kutib turardim.

 – Imana su ine prostikasa ineka, Jamol!

Sezdimki, Yanguli ham onamga til tekkizdi, ammo bu soʻzlar shu qadar xushohang, shu qadar yoqimli eshitildiki, goʻyo u goʻzal bir qoʻshiqni boshlaganday boʻldi nazarimda. Men yana takrorladim:

 – Sheni deda vatire, Yanguli!

 – Imana su ine prostikasa ineka, Jamol!

Bu hol yarim yilcha davom etdi. Soʻng ehtiroslarimiz asta-sekin soʻndi. Ikkalamizning ham haqorat repertuarimizda bittayu bitta jumla qoldi, har uchrashganimizda men: “Sheni deda vatire, Yanguli!” derdim, u boʻlsa: “Imana su ine prostikasa ineka, Jamol!” derdi.

Oftob charaqlab turardi. Koka ikkalamiz maktabdan qaytardik. Temiryoʻl kesib oʻtiladigan joyda, odatdagidek, Yanguli oʻrtoqlari bilan ivirsib oʻtirardi. Meni koʻrdiyu shartga oʻrnidan turib, istiqbolimga yura boshladi.

 – Yanguli, sheni deda vatire! – deya oʻzgʻirlik qildim men.

U toʻxtab, maʼyus nigoh bilan uzoq tikilib turdi.

 – Sheni deda vatire, Yanguli! – deb takrorladim yana.

Yanguli boshini egdi, keyin burilib, asta… uyi tomon keta boshladi. Men dong qotib qoldim.

 – Koʻrdingmi quyon boʻlganini?! Endi xoʻjayinlik qilolmaydi! – dedim Kokaga.

 – Yoʻq, endi boshlandi! – Koka miyigida kulib qoʻydi.

 – Qanaqasiga?

 – Shunaqasiga-da. U seni yengdi, Jamol!

 – Nega soʻkinmadi boʻlmasa!

 – Kecha oyingni surishtirgan edi: kim, qayerda… Men nima deyin… Shunaqa, shunaqa… haligi… Yoʻq… oʻlgan, dedim. Shuning uchun ham soʻkmadi-da seni…

Gʻalati boʻlib ketdim.

 – Ahmoq, ovsar! Nega kecha shuni menga aytmading?

 – Qaydam…

 – Yanguli! – deb qichqirdim orqasidan. Ammo u ancha uzoqlashib ketgan, ovozimni eshitmasdi. Yo eshitsa ham, eshitmaganga oldimi…

Shu ondan boshlab Yanguli oʻn baravar ulgayganday boʻldi mening nazarimda. Oramizda gʻanimlik bulmaganidek, yaqin dust ham boʻlolmadik u bilan. Uchrashib qolganimizda bir-birimizga jilmayib, qoʻl silkib quyardik, xolos. Ahyon-ahyon, otasining oʻrniga uyimizga sut yoki qatiq olib kelganida uch-toʻrt ogʻiz gaplashardik. Shunda ham suhbatimiz sut-qatiqning bahosiyu eshakdan nariga oʻtmasdi.

Oʻsha kuni Yanguli sut opkeldi. Hovlida unga koʻzim tushdiyu… taniyolmay qoldim. Basharasi moʻmataloq boʻlib ketgan edi.

 – Nima boʻldi? – deb soʻradim ajablanib.

Aql bovar qilmasdi – bu atrofda Yanguliga kim qoʻl koʻtarishi mumkin?! Yoki birorta kattaroq yoshdagi odamning ishimikan bu?

 – Hech narsa! – dedi u chetga qarab.

 – Aftingga bir qaragin…

 – Hechqisi yoʻq! – deya jilmaydi u.

 – Yanguli, kim urdi? Agar kuching yetmagan boʻlsa, birga boramiz!

Yanguli bosh chayqadi.

 – Eshagingni bogʻla, hoziroq boramiz! – deb sut solingan xurmachani zinaga qoʻydim.

 – Keragi yoʻq, unga baribir kuchimiz yetmaydi! – dedi Yanguli siniq kulimsirab.

 – Nega yetmas ekan?! Ikkalamizniyam-a?

 – Ikkalamizniyam, butun Venetsian koʻchasiniyam…

 – Kim ekan u mushtumzoʻr?!

 – Otam!

 – Otang?

 – Otam.

 – Nima gunoh qiluvding? – deya uning shishib ketgan chakkasiga avaylab qoʻlimni tekkazdim.

 – Sababi bor-da…

 – Nima ish qilib qoʻyding?

 – Uch kundan keyin Suxumiga Gretsiyadan paroxod keladi. Bu yerlik greklar Elladaga qaytishyapti. Otam ham…

 – Xoʻsh, nima qipti?

 – Ketmoqchi emasman… Otamning gapiga qaraganda, bizning vatanimiz, ona tuprogʻimiz oʻsha yerda… Bizni ajdodlar ruhi chaqirayotganmish, bu nidoga quloq solish shart emish…

 – Nega birga ketmoqchimassan? – deb soʻradim astoydil taajjublanib.

Yangulidan ancha vaqtgacha sado chiqmadi. Nuqul eshagining qulogʻini silardi. Silab turganida quloq kaftiga yotar, ammo qoʻyib yubordi deguncha, xuddi suhbatimizni eshitolmay qolishdan qoʻrqqanday, darrov yana dikkayib olar edi.

 – Qandoq tushuntirsamikin… – deya gap boshladi u nihoyat. – Onam yoʻq, hatto eslolmayman ham. Otam uzzukun tomorqada yoki tirikchilik tashvishida… Men koʻchada, Venetsian koʻchasida katta boʻldim… Mening vatanim, mening Elladam bu – Suxumi, koʻcha, Chalbash; bu – Koka, Petya, Kurlika, Fema, Qora dengiz, koʻprik… – U bir yutinib olib, davom etdi: – Bu – Mida… qolaversa, sen…

Midaning ismini mening oldimda Yanguli birinchi marta tilga olayotgan edi. Ammo men Mida – bir axbaz kishiga turmushga chiqqan grek ayolining qizi ekanini, Suxumida undan goʻzal qiz yoʻqligini, Yanguli uni yaxshi koʻrishini bilardim.

 – Tushundingmi endi?

Aʼzoyi badanim jimirlashib ketdi. Bunaqa soʻzlarni umrimda birinchi marta eshitayotgan edim.

 – Bu nima boʻlmasa? – Men Yangulining koʻkragini ochib, baland ovozda oʻqidim: – Hellados.

 – Bu – naqsh, Jamol. Vatan – ichkariroqda, naqd yurakning oʻzida! – Yanguli qoʻlini koʻksiga qoʻydi.

Oʻpkam toʻlib, tomogʻimga achchiq bir narsa qadaldi, unga yana bir nimalar demoqchi edim-u, ammo Yanguli eshagini noʻxtasidan yetaklab, hovlidan chiqib ketdi.

Oradan uch kun oʻtgach, erta tongda hovlimizga eshagini yetaklab Yanguli yana kirib keldi.

 – Otam hamma narsani sotdi: sigirniyam, uyniyam, boshqa lash-lushlarniyam. Eshakni hech kim olmayapti. Bilaman, sizlar uyda eshak saqlamaysizlar, urf-odatinglarga toʻgʻri kelmaydi. Lekin chakki qilasizlar. Bundan beozor jonivor yoʻq dunyoda – mehnatkash, beminnat dastyor… Nima qilaman buni endi? Greklarning hammasi ketyapti… Koʻchaga haydavorolmayman-ku… Qoʻrqma, bunga parvarishning keragi yoʻq. Bir tutam xashak boʻlsa kifoya… – Yanguli tutilib-tutilib gapirar, toʻxtovsiz eshakning boʻynini silar edi.

 – Sen-chi? Sen ham ketyapsanmi?

 – Ketyapman… Eshakni opqolasanmi?

 – Boʻpti!

 – Lekin haydavorma!

 – Yoʻq, yoʻq!

 – Nina Ivanovnaga ham aytib qoʻy, haydamasin!

 – Albatta aytaman.

 – Koka yordamlashadi… Eshakka koʻp narsa kerak emas. Bir tutam xashak…

 – Tashvishlanma, Yanguli.

 – Ismi Apollon.

 – Bilaman.

 – Avaylaysanmi?

 – Xotirjam boʻl.

 – Mayli, men ketdim… Paroxod kechqurun joʻnaydi…

 – Boraqol…

 – Xayr, Jamol!

 – Kechqurun portga chiqaman, Yanguli!

Biz quchoqlashdik. Yanguli ancha vaqtgacha meni bagʻridan boʻshatmadi. Keiyin shartta burilib, goʻyo allaqanday mudhish va yovuz narsadan qochganday, chopib chiqib ketdi…

Kechqurun portga butun Suxumi koʻchib chiqdi.

Hammayoq gulga koʻmilgan, orkestr jaranglar, odamlar qoʻshiq aytib, raqsga tushishar edi. Vagʻir-vugʻur orasidan “rahmat”, “xayr”, “omon boʻlinglar” degan soʻzlar quloqqa chalinar, ammo koʻz bshlari undan ham bisyor edi.

Suxumiliklar oʻzlari bilan et-tirnoq boʻlib ketgan qadrdonlari greklar bilan xayrlashishardi. Greklar allaqachon nuqraday oppoq “Poseydon” kemasiga chiqib olishgan, oʻsha yerdan turib qoʻl silkishar, grekcha, ruscha, gruzincha, armancha lafzda bir nimalar deb qichqirishar edi.

Men bolalarga qoʻshilib, sohildagi panjara devorga qapishgancha, nigohim bilan Yangulini izlay boshladim. Va uni topdim. Egnida oʻsha oʻzi yoqtiradigan oldi ochiq qora satin koʻylak.

 – Yanguli, Yanguli! – deya qiyqirishga tushdim qoʻl silkitib. Yanguli kuzatuvchilarga uzoq, juda uzoq razm soldi va birdan meni koʻrib qoldi. Ikkala qoʻlini baland koʻtarib, nido berdi:

 – Jamol, ego agapo imana su!

 – Jamol, oyingni yaxshi koʻraman!

U grekcha nimadir deb baqirdi-yu, ammo menga qoʻshiq aytgandai tuyuldi. Tagʻin shu narsani sezdimki, nazarimda, kemadan qochib ketmasin debmi otasi uni bilagidan mahkam ushlab turardi. Yana uning qoʻshigʻini eshitishga, yana unga moʻltirab turishga bardoshim yetmadi. Kemaga ters oʻgirildim-da, yigʻlagancha uyga joʻnadim.

Oradan bir kun oʻtib, Kelasuri daryosining quyilish joyida dengiz toʻlqinlari bir bolaning jasadini sohilga chiqarib tashlabdi. Toʻgʻrirogʻi, uni keksa baliqchilar suvdan tortib olib, qumga yotqizishibdi. Soʻng murdaning kimligini aniqlash uchun shu atrofda oʻynab yurgan bolalarni chaqirishibdi.

Marhumning basharasi shu qadar dabdala boʻlib ketgan ekanki, uni hech kim tanimabdi.

Uni men tanidim. Chap toʻshining ustidagi “Hellados” degan sehrli yozuvni koʻrgandan keyin tanidim.

Nafasimni ichimga yutgancha sohildan, soʻng temiryoʻl boʻylab, keyin Venetsian koʻchasidan toʻxtovsiz yugurib, telbalarcha uyga otilib kirdim.

 – Ha, nima boʻldi?!! – Xolamning kapalagi uchib ketdi.

 – Nina xola… Yanguli qaytib keldi…

Soʻng xolamning oldida choʻkkalab, oyoqlarini quchoqlagancha hoʻngrab yigʻlab yubordim…

 

Nizom Komil tarjimasi

https://saviya.uz/ijod/nasr/hellados/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x