Ijod qanotidagi parvozlar

Ustoz Ozod Sharafiddinovning tavallud kunlari borasida xiyla chalkashlik bor. Davlat bergan shahodatnoma boʻyicha 1929 yil 1 iyul sanasi koʻrsatilgan. Domla esa buvilarining guvohligicha, erta bahor – oʻrik gullagan pallada tugʻilgan ekanman, deya mart oyi boshlariga ishora qilar edilar. Insoniy tabiatlari, ijodiy mayllariga koʻra ehtiros, qizgʻinlik, har qanday davrani jonlantirib yubora olish xislatlariga nisbat berilsa, domlaning oʻz eʼtiroflari haqrost ekaniga shubha tugʻilmaydi. Shu mulohazalarda ustozning farzandi, adabiyotshunos olima, filologiya fanlari doktori Muhabbat Sharafutdinovaning Ozod domla ibratlaridan hikoya qilguvchi mazkur xotira maqolasini eʼtiboringizga havola etmoqdamiz.


 

Ajoyib inson, mehribon ota, benazir ustoz, atoqli olim va jamoat arbobi Ozod Sharafiddinovning oramizdan ketganlariga salkam sakkiz yil boʻldi. Domla oʻzlaridan keyin noyob meros – ajoyib ilm bogʻini, iymonli, eʼtiqodli, keng mushohadali, teran fikrlaydigan, qalami oʻtkir shogirdlarni, adabiyotshunoslikka oid nodir tadqiqotlaru oʻquvchi eʼtiborini tortadigan tarjimalarni, oʻtkir publitsistik maqolalarni qoldirdilar. Shu bilan birga, domlaning turli uchrashuv va anjumanlarda, radio-televideniyeda milliy maʼnaviyatimiz, ajdodlarimizning boy merosi, mustaqillikning maʼnaviy asoslarini mustahkamlash haqidagi koʻplab maʼruza va suhbatlari hamon xotiramizda.

Ustozning fikricha, hayot tarzimizni puxta oʻylangan andozalarga moslasak, odamlar harom-xarishdan hazar qiladigan boʻlsa, ular oʻrtasida adovat va hasad yoʻqolib, shafqat va muruvvat qaror topsa, har bir odam oʻzining insoniy shaʼnini har narsadan yuqori qoʻya bilsa, vijdonini pok saqlasa, iymon-eʼtiqodli boʻlsa, jamiyat maʼnan boy, mamlakat esa qudratli boʻladi. Lekin bu fazilatlar jamiyatga osmondan tushmaydi. Buning uchun mehnat va harakat qilmoq kerak. Inson maʼnaviy dunyosini boyitadigan, aqlini peshlaydigan vositalar esa koʻp. Shulardan biri kitobdir. Kitob bilan sirlashmoqni inson oʻzi uchun hayotiy zaruriyatga aylantirmogʻi zarur.

“Lekin ming afsuski, – degan edilar domla, – hozirgi kunda adabiyotga, kitobga boʻlgan ehtiyoj sezilarli darajada pasaygan. Toʻgʻri, yoshlar zamonaviy texnik vositalar – kino, video, kompyuter orqali muayyan maʼlumotga ega boʻlishlari mumkin, biroq bularning bari fikrni ifodalab berishga xizmat qilmaydi. Vaholanki, insonni fikrlashga undaydigan vosita bu kitobdir’’. Fikrlash, kitob mutolaasi bu – mehnat. Domlaning nazarida yoshlar aynan ana shu mehnatdan qochishyapti. Bilishmaydiki, kitob inson ongini tarbiyalaydi, zehnini, nutqini, rivojlantiradi.

Men rus maktabida oʻqiganman. Maktabimiz matematikaga ixtisoslashgan boʻlishiga qaramay, adabiyot fani ham juda kuchli oʻtilar edi. Sinfdoshlarimiz bilan hech bir qistovsiz kitob oʻqir edik. Oʻqituvchilarimiz faqat yoʻnalish berardi, xolos. Oilada ham xuddi shunaqa ijodiy muhit bor edi. Ota-onam ziyoli insonlar boʻlganligi uchun uyimizda juda katta kutubxonamiz bor. Ustozning kitob javonlaridan bolalar uchun nashr etilgan “Qiziqarli matematika”, “Bolalar uchun fizika” kabi kitoblar, “Jahon xalqlari ertaklari” turkumlari, shohmot oʻyiniga oid kitoblar ham oʻrin olgan. Domla bolalarning aynan shunday kitoblar bilan oshno boʻlishiga katta eʼtibor berar edi.

Ayniqsa, nabiralarining shohmot oʻyini sirlarini chuqur egallashi, bu oʻyinga jiddiy qiziqishi u kishini nihoyatda quvontirardi. “Shohmot oʻyini xotirani peshlaydi, vujudga kelgan murakkab vaziyatlardan chiqib ketishning toʻgʻri yoʻlini topishga oʻrgatadi”, derdilar.

Shuning uchun ham farzandlarimiz Shahnozaxon, Saodatxon, Muzaffar Mirzo va Shirinxonni Ozod buvalari oldiga tez-tez borib turishini istardik. Chunki buvalari har bir diydorlashuvda nabiralari qaysi kitobni oʻqigani va u nima haqida ekaniga qiziqib, savolga tutishlari sababli bolalar bunday suhbatlarga alohida tayyorgarlik koʻrishardi. ‘‘Bu safar nimalarni soʻrashlari mumkin?’’ deb, bir birlari bilan bahslashishi, bizga maslahat solishi zavqimizni uygʻotardi. Shu tariqa donishmand bobo nabiralarida oʻqish, masʼuliyat, xotira va kitobga muhabbat koʻnikmalarining shakllanishiga sababchi boʻlgan. Domla bolalarning oʻqigan kitoblari mazmunini aytib berishinigina emas, balki olgan bilimlaridan toʻgʻri xulosa chiqarish hamda mustaqil fikrlash qobiliyatini ham sinovdan oʻtkazardi.

Maʼlumki, hayotlarining soʻnggi oʻn yilligida “qand” kasalligining zoʻrayishi tufayli Ozod domlaning sogʻliqlari yomonlashdi. Shunga qaramasdan, bu yillar xayrli keldi, deyish mumkin. Chunki domlaning atroflarida yuksak shuurli, isteʼdodli hamkasblari, doʻstlari, shogirdlari bor edi. Ustoz ular bilan muloqot qilishni xush koʻrardilar, ularda ham bunday suhbatlarga katta ishtiyoq bor edi. Ijod qilish, ijoddan boʻsh paytlarda esa mana shunday oʻzaro muloqotlar u kishi uchun nihoyatda yoqimli onlar hisoblanardi.

Ozod domla vaqtni behad qadrlaydigan inson edilar. Kim bilandir uchrashuv tayinlansa, erta ham, kech ham bormasdilar. Bu qadar aniq vaqt bilan yurishlarining sababini soʻrasak, kulib: “Erta borib oʻz vaqtimni, kechikib borib ularning vaqtini yoʻqotishni xohlamayman’’, derdilar. Aniqlik – u kishining qatʼiy talabi edi. Shu fazilat domlaning hayot tashvishlarini, ijodiy ishlarini, munosabatlar va aloqalarini ham qamrab olgan edi. Hatto dardlari kuchaygan yillarda ham bu talabchanlik va aniqlikdan chekinmadilar. Biz dam olishlarini iltimos qilsak, qoʻllaridagi tarjima qilinayotgan kitobga ishora qilib, “Men axir dam olyapman, huzur qilyapman”, deb javob berardilar.

Agar dadamning kutubxonasiga diqqat bilan nazar solsak, kitoblar nashr qilingan vaqtga qarab adabiyotda koʻtarilgan muammolardan, jahon madaniyati tarixidan xabardor boʻlish mumkin. Shu tariqa, kitob javonidan joy olgan nashrlar ham shunchaki sotib olinmaganligiga guvoh boʻlamiz. Bu yerda antik davrdan hozirgi kungacha boʻlgan Gʻarb adabiyotini ham, qadimgi Sharq adabiyotini ham, turli janrlarga oid fundamental tadqiqotlarni, dunyo dinlari, tarix, geografiya, sanʼat, meʼmorchilik borasidagi kitoblarni ham uchratish mumkin. Bu – olimning bilim doirasi naqadar kengligidan dalolat beradi. Shoʻro davrining soʻnggi yillarida taʼqib etilgan shoir va yozuvchilar asarlarining nashr qilina boshlashi munosabati bilan yozilgan tadqiqotlar olimga XX asrning 20-30-yillar adabiyotini keng kitobxonlar ommasiga tanishtirish imkonini berdi. Bir soʻz bilan aytganda, kitobxonga qaytarilgan adabiy meros tufayli domla yanada ishga shoʻngʻib ketdilar.

Kitobni jonu dilidan sevgan alloma respublikamizning deyarli har bir viloyatidagi hatto koʻzga tashlanmaydigan kitob doʻkonlarigacha juda yaxshi bilar edilar. Sotuvchilar qishloq sharoitida zaruriyati kamroq boʻlgan yoki oʻquvchisini topolmagan, lekin mutaxassis uchun noyob hisoblangan adabiyotlarni domla uchun kitob omborlarida ataylab saqlab qoʻyardilar. Ozod domla oʻzlarining deyarli barcha mablagʻlarini ana shunday kitoblarga sarflardilar. Ustozning kitobsevarligi haqida-ku oʻzbek xalqining ardoqli yozuvchilari Said Ahmad, Oʻtkir Hoshimov koʻp va xoʻp yozishgan. U kishining kitoblarga nisbatan ichki tuygʻusi, muhabbati nihoyatda kuchli edi. Domla oʻsha vaqtlardayoq oʻzbek oʻquvchisi uchun zarur, biroq taqiqlangan adabiyotlarning, hamma oʻqishi shart boʻlgan kitoblarning roʻyxatini tuzib qoʻygan edilar. Bu muhim ish bilan u kishi butun umr shugʻullandilar.

Domla hayotiy zarur narsalar orasida kitobni eng muqaddas bilar, nihoyatda eʼzozlar edilar. Ayniqsa, kitoblarni qoʻllarida ushlashlarini bir koʻrsangiz edi, yuzlari yorishib ketardi!

Har bir sotib olingan kitobni sinchiklab varaqlar edilar. Dastavval mundarija, kirish va xulosa qismlarini diqqat bilan koʻrib chiqar, shundan soʻnggina oʻqish uchun ajratib qoʻyilgan kitoblar qatoriga joylardilar. Zamonaviy yoshlar orasida kitob oʻqishga boʻlgan eʼtiborsizlikni u kishi “eng katta falokat” deb atardilar. Chunki dadamiz inson dunyoqarashi, hayot tarzining shakllanishida kitobning oʻrnini beqiyos deb bilar, bundan tashqari, turmush har kuni oldimizga qoʻyadigan koʻplab savollarga ham faqat kitobdan toʻgʻri javob topish mumkin, deb hisoblardilar.

Oyim ham uyda oʻzbek tilidagi hamma kitoblarni oʻqib chiqqanlar desam, mubolagʻa boʻlmaydi. Bir kuni oyim kasalxonada davolanayotgan edilar. Koʻrgani bordim. Dadangga ayt, ertaga kelsalar, menga kitob olib kelsinlar, dedilar. Dadamga aytsam, qaysi kitobni olib boraman, hammasini oʻqib boʻlgan-ku, deganlar. Bu gaplar oyimga dadam tomonidan berilgan eng katta baho, nazarimda.

Hozirgi yoshlar shunday yoshda ham odam kitob oʻqiydimi, deb hayron boʻlishadi. Oyim esa kitobsiz tura olmaydilar, hali-hanuzgacha har juma “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasini olib kelsinlar kelmasak, bir narsalarini yoʻqotganday boʻladilar. Yangi chiqqan kitob va yangiliklardan xabardor boʻlib turadilar.

Oʻquvchi yozuvchi tasvirlagan voqelikni qabul qilishi yoki qilmasligi mumkin. U holda ham, bu holda ham, baribir kitobxon mutolaadan ozmi-koʻpmi maʼnaviy ozuqa oladi. Shuning uchun ham kitob insonning eng sodiq doʻsti ekanligini domla oʻz maqolalarida doim taʼkidlab kelganlar. V. Belinskiy, N. Dobrolyubov, L. Tolstoy, O. Uayld, I. Bunin, A. Krus, P. Koelo, I. Bunich va boshqa ijodkorlar dunyoqarashi uning tafakkuriga ham ijobiy taʼsir koʻrsatdi. Natijada aynan mana shu beqiyos zakovat unga yashash va ishlash, oʻzini kimlar uchundir nafi tegadigan inson deb hisoblash imkonini berdi.

Dadam hech qachon dangasalik koʻchasiga kirmaganlar. U kishi tonggi soat oltida oʻrindan turib, olti yarimgacha badan tarbiya bilan shugʻullanar, soʻng ijodiy ish, mutolaaga kirishar, soat sakkizdan sakkiz yarimgacha nonushta qilib olib, yana ishga shoʻngʻirdilar. Soʻng bir yarimgacha tushlik. Bir yarimdan uch-uch yarimgacha dam. Shundan soʻng beshgacha yana ishga shoʻngʻirdilar. Soat beshdan shohmot boshlanar edi. Sheriklar ham doim topilar, chunki eshikdan albatta kimdir kirib kelar edi. Domlaning har bir kuni deyarli shu tarzda oʻtardi.

Domlaning kasali qanchalik ogʻir boʻlmasin, bu haqda oʻylamaslikka intilar, kasallikdan qutulishning birdan-bir yoʻli – ijod qilish, deb bilardilar. Shunday qilganida, kasallik goʻyo chekingandek boʻlardi, shekilli. Kuch-qudratni, irodani bunday yoʻnaltirishni biz faqat Ozod domla siymosida koʻrdik. Ular ijod bilan yashadilar va Ollohning bu inoyatidan baxtli edilar.

2002 yilning yozida dadam koʻkrak jarrohligi shifoxonasida yotdilar. Qiziloʻngach yoʻli yopilib, ovqat oʻtmay qolgan edi. Ustiga-ustak, qand kasalligi tufayli u kishini operatsiya ham qilib boʻlmasdi. Biroq bu safar ham Xudoning oʻzi yana qoʻlladi… Shifokor professor I. Strutskiy qiziloʻngachni koʻzdan kechirib, hech qanday shish yoʻqligi, qon tomirlari aniq koʻrinib turgani va qiziloʻngachning bunday holati qand kasalligi natijasi ekanligini, yaʼni qiziloʻngach torayganini aytdi. Professor domlaning qiziloʻngachini bir necha bor kengaytirib, kasaldan forigʻ qildi. Aynan shu kunlarda Ozod Sharafiddinovga Oʻzbekiston Qahramoni unvoni berilishi haqida Prezident Farmoni chiqdi.

Domla “Jahon adabiyoti” jurnali xususida, uning kelajagi, bosilajak yangi tarjimalar haqida koʻp oʻylardilar. Shu vaqtda men V. Nabokov ijodi bilan shugʻullanayotganligim tufayli dadamga adibning “Priglasheniye na kazn” romanini jurnalda chop etishni taklif qildim. Lekin domla “Nabokov asarlarini nashr etishga hali erta, buning uchun oʻquvchini tayyorlash kerak, uni tushunmasliklari mumkin”, degan javobni berdilar. V. Nabokovni bosish uchun ungacha boʻlgan narsalarni – adibga ruhan yaqin boʻlgan boshqa yozuvchilarning asarlarini tarjima qilib berish lozimligini taʼkidladilar. Koʻramizki, u kishi doimo oʻquvchi haqida oʻylagan, yaʼni oldin jurnalxonni mutolaaga tayyorlash, qiziqtirish, soʻngra Nabokovday yozuvchilarning asarlarini chop etish lozim, deb oʻylardilar.

Ahvollari yaxshilanishi bilan domla darhol ishga kirishib ketdilar. Bu orada dadam Gʻafur Gʻulom, Abdulla Qahhor, Said Ahmad, Zulfiya, Gʻayratiyga bagʻishlangan maqolalar, tadqiqotlar chop ettirdilar. Shu jumladan, “Tafakkur” jurnalida H. H. Niyoziyga bagʻishlangan katta maqola chop etildi. Gʻayratiy haqidagi maqola “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasi sahifalaridan oʻrin oldi. Hamzaga bagʻishlangan maqolada uning hayot yoʻli, ijodiy izlanishlarida koʻndalang boʻlgan davr muammolari, shoirning Turkiston maʼrifatchilik harakatiga qoʻshgan ulkan hissasi misollar orqali koʻrsatib berildi. Shu maʼnoda, Gʻayratiyning isteʼdodi ham davr qurboni boʻlganligi izohlab oʻtildi.

Yana bir voqea yodimda. 2004 yilning sentyabrida, shifokorlar dadamni navbatdagi operatsiyaga tayyorlayotgan bir paytda u kishi “Agarda Xudo menga yana ozgina umr bersa, Oybek domla haqida yozgan boʻlar edim. Maqola miyamda tayyor boʻldi”, degan edilar. Dadam operatsiyadan omon chiqdilar va Oybek haqidagi “Millatni uygʻotgan adib” nomli maqolani eʼlon qildilar. Oʻsha kunlarni domla shunday xotirlagan edilar: “Men shifoxonada hayotimdagi eng ogʻir kunlarni boshdan oʻtkazdim. Dardchil tunlarda necha martalab ajalga roʻpara keldim va bu gal ham choh labidan omon qaytdim. Bunda adabiyotni, adabiyot dunyosidagi tozalik va poklikni oʻylaganimmi yoki qay bir sifatim maʼqul kelib, oʻsha ogʻir kunlarda Oybek domlaning ruhiy madadi meni qoʻllagan boʻlsa, ajabmas”. Mana shu birgina misolda biz bu insonning adabiyotga boʻlgan munosabatini, ijodga sadoqatini, millatimiz oldidagi burchni qay darajada anglaganini koʻramiz. Shu davrda ustozning “Dovondagi oʻylar” va “Ijodni anglash baxti” nomli kitoblari nashrdan chiqdi. Ularda zamondoshlar, Istiqlol va uning yaqin-olisdagi jonfidolari, dargʻalarining obrazlari tasvirlandi. Maqola va badialarda mehr-muhabbat, insoniy muruvvat masalalari keng, asosli mushohada, hayotiy voqea-hodisalar orqali tasvirlandi. Barcha maqolalar muallifning Olam va Odam haqidagi keng, teran oʻylari ila oʻzaro bogʻlagan edi.

Domlaning asarlari emas, hatto sarlavhalari ham oʻzgacha maʼno va mazmun anglatishi bilan ajralib turardi, nazarimda. Birgina maqolalarining sarlavhalarini olib koʻraylik: “Sizni sogʻindim, Zulfiya opa”, “Magʻzi puch soʻzlardan bir tosh nari qoch”, “Umarbekovning oʻlmas fazilatlari”, “Aʼlo hazratning hasratli kunlari” (Aʼlo Ashrapov haqida), “Izzatga munosib otaxon ijodkor” (Izzat Sulton haqida), “Soʻnggi jadid qissasi” (Begali Qosimov haqida).

Soʻnggi yillarda uning ish joyiga aylangan yotoqxonadagi kitoblar bir qarashda betartibdek koʻrinsa-da, aslida unday emasdi. Chunki kitoblar domlaning oʻzlari oʻrnatgan qatʼiy tartib asosida joylashgan – yozuv stolida, uning yonidagi stullarda ijod uchun birinchi galda zarur boʻlgan nashrlar joy olgan boʻlsa, sal narida ish davomida kerak boʻlib qoladigan kitoblar turardi. Dadam kitoblarni oʻziga qulay tartibda taxlab qoʻyishni xush koʻrardilar.

Ozod Sharafiddinov jamoatchilikka birinchi navbatda adabiyotshunos – tanqidchi sifatida tanilgan boʻlsa-da, u tarjima bilan ham faol shugʻullanib keldi. Tarjima qilgan asarlari orasida turli: roman, qissa, hikoya, fantastika kabi janrlarga oid asarlar, esselar, adabiy-tanqidiy maqolalar, falsafiy izlanishlarni koʻrish mumkin. O. Sharafiddinovning birinchi tarjimasi 1955 yilda eʼlon qilingan. 1955 yildan 2005 yilgacha boʻlgan davr oraligʻida 150 dan ortiq (1955–1998 yillarda – 35 ta, 1998 yildan 2005 yilgacha 120 ga yaqin) asar oʻzbek tiliga oʻgirilgan. Tarjima qilingan asarlar orasida Xoʻja Ahmad Abbosning “Hindiston farzandi”, E. Kazakevichning “Koʻk daftar”, V. Katayevning “Devordagi kichkina temir eshik”, A. Ribakovning “Arbat bolalari”, Genlinning “Stalin va Bulgakov”, L. Tolstoyning “Iqrornoma”, E. Savelaning “Toʻxtating samolyotni, tushib qolaman”i kabi katta-kichik asarlar bor, yana, V. Belinskiy, N. Dobrolyubov, Laroshfuko, J. J. Russo, O. Uayld, X. Ortega, Z. Freyd, F. Sagan, O. de Balzak, X. Vamberi, J. Golsuorsi, Kobo Abe, H. Hesse, A. Morua, V. Bikov, N. Gogol, V. Voynovichlarning maqola, qissa, romanlar, tadqiqotlar… bu roʻyxatni yana uzoq davom ettirish mumkin. Aslida gap roʻyxatda ham, sanoqda ham emas, gap – tarjimonning mahorati va mehnatsevarligida, xalq oldidagi burchni his qila olishida.

Ustoz jahon adabiyoti va madaniyatining bilimdon mutaxassisi sifatida oʻzbek oʻquvchilariga turli xalqlar adabiyotining durdona asarlarini ona tilida oʻqish imkonini yaratishga harakat qilganlar. “Jahon adabiyoti” jurnali tashkil topgandan keyin (1997 y.) u nafaqat adabiy-badiiy, tanqidiy, ijtimoiy-publitsistik vazifani bajarishi, shu bilan birga oʻquvchi dunyoqarashini kengaytirishi, uning estetik didini yuksaltirishga xizmat qilishi kerak deb hisoblardi. Domla, tarjima uchun asar tanlay bilish – ijodiy mahoratning boshlangʻich nuqtasi, deb bilganlar va oʻzlari ham nihoyatda ehtiyotkorlik, yuqori did va bilimdonlik bilan tanlangan asarni tarjima qilishga kirishganlar. Aytaylik, qayta qurish davrida rus yozuvchisi A. Ribakov birinchilardan boʻlib Stalin shaxsiga sigʻinish masalalari koʻtarilgan “Arbat bolalari” epopeyasini yozgandi. Domla oʻsha qayta qurish yillarida (1988 y.) mazkur asarni bosim oʻtirib oʻzbek tiliga oʻgirgan edilar. Ozod Sharafiddinov tarjimalari nafaqat “Jahon adabiyoti”, balki “Tafakkur”, “Saodat” jurnallarida, “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasida Ozod Obid, Sherzod, Nodirabegim, Muzaffar Mirzo, Azizxon taxalluslari bilan ham bosilib turdi. Domla “Jahon adabiyoti” jurnali tashkil qilingandan to vafotlariga qadar jurnalning 100 ta soniga bosh boʻlib, imzolaganlar.

Koʻramizki, ustoz amalga oshirgan tadqiqotlarning ham, tarjimalarning ham mavzulari nihoyatda rang-barang. Ular orasida badiiy adabiyot, dehqon hayoti va qishloq muammolari, tarix va inqilob, mashhur shaxslar, bankirlar, xalqaro astronavtika masalalari, jahon xalqlari hikmatlari, latifalari, yozuvchilik kasbining sirlari, islom va boshqa dinlarga oid mavzular oʻrin olgan.

2005 yil oilamiz uchun juda ogʻir yil boʻldi. Ukam Farhod qazo qildi. Oyim bilan dadamning ahvolini tasavvur qilishning oʻziyam ogʻir… Bu ogʻir kunlarda oyim bilan dadam bir-biriga suyanchiq boʻlishdi. Oyim Farhodnikiga ketsalar, chaqirib olib, arzimagan ishlar bilan chalgʻitib qoʻyar edilar. Shunaqa paytlarda oyim hayron boʻlib, gazeta-jurnallarni nabiralar oʻqib bersa ham boʻladi-ku, derdilar. Dadam oyimning ezilmasligi uchun shunday qilarkanlar. Ammo farzand dogʻi dadamni qanchalar oʻrtagani oʻzlariga ayon edi.

Dadamning boshidan nimalar oʻtmadi? Bularning hammasini polvon boʻlib koʻtardilar, lekin farzand dogʻini koʻtarolmadilar. 2005 yil 4 oktyabrda maʼrifatparvar inson, adabiyot fidoyisi Ozod Sharafiddinov olamdan oʻtdilar. Vafotlaridan avval biz – oila aʼzolaridan rozi-rizolik soʻradilar. Menga qarab kitoblarni, qoʻlyozmalarni, rasmlarni asrashimni tayinladilar.

Xulosa oʻrnida, bir paytlar domlaning Choʻlpon haqida aytgan gaplarini ularning oʻzlariga nisbatan ham aytish mumkin: Ozod Sharafiddinov “… biron boshqa janrda ijod qilmaganda ham, tarjimalarining oʻziyoq uning nomini oʻzbek adabiyoti tarixining eng moʻtabar joyiga qoʻyish uchun kifoya qiladi. Uning tarjimalari oʻzbek xalqi madaniyatining rivojiga katta hissa qoʻshgan va allaqachon xalqimizning maʼnaviy boyligiga aylanib qolgan”.

 

Muhabbat ShARAFUTDINOVA,

filologiya fanlari doktori

 

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–3

https://saviya.uz/hayot/nigoh/ijod-qanotidagi-parvozlar/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x