Hamza, ishq, olovli kulcha yoxud tomoshabinni hamdardga aylantirish sanʼati

Ilk bora “Oʻzbekiston xalq yozuvchisi” unvoniga sazovor boʻlgan adib, Shoʻrolar tuzumi tomonidan olqishlanib, keyinchalik bir qadar xijolatomuzlik bilan esga olingan yo, aksincha, hadeganda yodga olinmay qoʻygan siymo – Hamza Hakimzoda Niyoziyning shaxsiyati aslida qanday boʻlgan? Yozuvchi va dramaturg tavalludining 124 yilligi munosabati bilan shu va shu kabi savollarga javob topish maqsadida Oʻzbekiston xalq artisti, atoqli rejissyor Bahodir YOʻLDOSHYeVni muloqotga chorladik.

Mashhur sanʼat arbobi bilan muayyan mavzu doirasidagina suhbat qurib boʻlmasligi tayin. Mubohasada bugungi kun teatri, dramaturgiyasi va sanʼatkorlari xususida ham jiddiy fikr-mulohazalar aytildi. Mulohazalarki, kishini mushohada yuritishga chorlaydi. Shu bois, mavzudagi baʼzi chekinishlarga qaramay, suhbatni boricha eʼtiboringizga havola etmoqdamiz.


 

Bahodir aka, XX asrda oʻzbek mumtoz adabiyoti anʼanalari davomchisi va ayni paytda yangi davr adabiyoti namoyandasi sifatida tanilgan Hamzaning hayotiy qarashlari borasida oradan qariyb yuz yil oʻtgach, qanday yangi fikrlar aytish mumkin?

Oʻzbek dramaturgiyasi haqida koʻp yozilgan, bundan keyin ham turli mulohazalar bildiriladi. Gapni ibtidodan boshlasak – oʻzbek dramaturgiyasi asoschisi kim? Bir paytlar bu savolga juda toʻgʻri javob aytilgan: Hamza Hakimzoda Niyoziy! Rost, bundoq oʻylab qarasangiz, oʻzbek dramaturgiyasi tarixida Hamzadan kuchliroq dramaturg yoʻqdek… Menga qolsa-ku, birinchi dramaturgimiz deb Hazrat Alisher Navoiyni aytgan boʻlardim. Uning “Farxod va Shirin” dostonida dramaturgiyaning ilk uchqunlarini koʻrish mumkin.

Hamzaga qaytsak. Hamma balo shundaki, Hamza ijodini shoʻro mafkurasiga moslashtirish maqsadida uning koʻp pyesalari oʻzgartirib yuborilgan. Gʻoyalari buzilib, keng omma, oddiy tomoshabinga ham moslashtirishga urinilgan. Vaholonki, uning dramaturgiyasi koʻpchilikning duyoqarashidan baland. Bundan anglashiladiki, asarlari oʻzgartirilibdimi, demak, Hamzaning oʻzi ham oʻzgartirib yuborilgan. Mana, bir misol: “Boy ila xizmatchi” pyesasi sahnalashtirilganda Gʻofir shunday deydi: “Qozi domla, xotinim Jamila erga tegmoqchi ekan, tegaveradi, mendan nima istaysiz?!” Oʻylab koʻring, qaysi oʻzbek yigiti “Xotinim erga tegaversin, meni tinch qoʻyinglar!” deb aytadi?! Aslida Hamzaning qahramoni “Xotinimning inon-ixtiyori oʻzida”, deydi. Bu bilan u sharq ayolining erki, haq-huquqlarini koʻrsatgan. Aslida sharq ayoli hech qachon qul boʻlmagan. Sharq ayoliday ozod ayol boʻlmagan hech qayerda. Bibixonimdan tortib, boshqa oʻzbek ayollarigacha… Oilada xotin er bilan barobar roʻzgʻorni boshqargan, ayni paytda hech qachon eridan ruxsatsiz biror ish qilmagan. Yana bir misol: Solihboy, Hamzaning yozishicha, baquvvat, chiroyli, ustiga-ustak yoshroq erkak boʻlgan. Gʻofirning esa yuzi choʻtir, husni oʻziga yarasha, yoshi oʻtinqiragan. Pyesadagi Jamila nihoyatda muhim obraz! U boy-badavlat odamni nazar-pisand qilmaydi, shu choʻtir, kambagʻal erini unga alishmaydi. Bizda esa shu paytgacha Solihboy xunukroq, keksaroq obraz sifatida tasvirlanadi-da, Gʻofurni koʻrkam yigitlar oʻynaydi. Qaysi xotin chiroyli, yoshgina erini tashlab, boy boʻlsa-da, cholga tegarkan?! Koʻryapsizmi, Hamza har bir obrazini puxta oʻylab yozgan.

Har qanday buyuk odam, ayniqsa ijodkorning oʻzgacha ruhiy qudrati boʻladi. Bu qudrat salbiy taʼsirga egami yoki ijobiymi, yaratuvchimi yo vayron qiluvchi – boshqa masala. Shubhasiz, Hamza Hakimzoda Niyoziy ham kuchli shaxs boʻlgan. Shoʻrolar davrida nafaqat uning qahramonlari, balki oʻzi ham toʻgʻri talqin etilmagani haqida gapiryapsiz. Kim edi aslida Hamza? Zoʻrma-zoʻraki “qizil” niqob taqilgan, botinan esa lirik, hissiyotlarga beriluvchan insonmi yoki…

– Bu gap nafaqat Hamzaga taalluqli. Konstantin Stanislavskiy degan rejissyor oʻtgan, bilasiz. Uning hozirda hammaga maʼlum teatr sanʼatiga oid sistemasi kundalik daftar shaklida, muhimi, shaxsan oʻzi uchun yozilgan. Lekin shoʻrolarga har jabhada boʻlgani kabi, sanʼatda ham “bayroq” kerak edi. Ular Stanislavskiyni ham “bayroq”, uning yozganlarini shior-qoʻllanma qilishdi. “Bugun Stanislavskiy sistemasi boʻyicha oʻynaymiz”, deyilardi teatrlarda. Stanislavskiy kabi, Hamzadan ham tuzum qurol, namuna sifatida foydalangan. “Shoirmisan? Hamzaday yozasan! Aks holda, bizlardan emassan!” qabilidagi qarash boʻlgan. Hamza oʻziga xos etalon, andoza vazifasini oʻtagan. Boshqacha aytadigan boʻlsak, undan oʻsha zamon uchun kerakli “trafarset”ni yasab qoʻyishgan.

Hamzaning ana shu yasama “trafaret”dan farqli tomonlari nimada edi? Biz koʻrmagan, bilmagan, shu paytgacha ochilmayotgan qanday qirralari bor bu ijodkorning?

Hamzaning shaxsiyatini u yozgan pyesalarda koʻrishingiz mumkin. “Paranji sirlari”dagi Norboyvachcha obrazini oling. Bundoq qarasangiz, u oʻta salbiy qahramonga oʻxshaydi, aslida unday emas. U shunchaki, ishqiboz. Deylik, pichoqning ishqibozi bor, otning ishqibozi bor, gulning ishqibozi bor. U esa goʻzallikning ishqibozi, shaydosi edi. Norboyvachcha Masturaga: “Biz husn gadosimiz, tan gadosi emas. Shu qizning qoʻlidan bir piyola choy ichsam boʻldi, qirq kunlik sholipoyamni beraman”, deydi. Hamza siymosi mana shu soʻzlarda, qolaversa, Mulladoʻst, Maysara obrazlarida ham sochilib turibdi. Xullas, Hamza – ishq shaydosi, ishqiboz odam!

Yana bir gap. Mana shu qahramonlarning oʻzi, ularning hayoti – Isyon! Isyonkor boʻlish uchun albatta bayroq koʻtarib chiqish, tomoqni yirtgudek baqirib-chaqirish, inqilob koʻtarish shart emas. Haqiqiy inson isyon bilan yashaydi. Lekin bu isyon birinchi navbatda odamning oʻziga qaratilgan, oʻziga qarshi boʻladi. Navoiyning “El netib topgʻay menikim, men oʻzimni topmasam” misralari aynan shu – oʻzlikni topish, anglash, oʻzlikka isyon qilish, dard chekishni bildiradi. Bu misralarni shon-shuhrat qozonish maʼnosida emas, aksincha elga qoʻshilish, uning bir boʻlagiga aylanish maʼnosida tushunish kerak. “Men”ini topgan odamgina elga qoʻshila oladi.

Bir paytlar “Oʻzbek teatrini Hamza qutqaradi”, degan fikrni aytgandingiz. Oradan ancha yil oʻtdi. Zamon oʻzgargandan keyin qarashlar oʻzgaradi, tomoshabinning, oʻquvchining didi oʻzgaradi. Odam oʻzgaradi! Jumladan, Bahodir Yoʻldoshev… Hozir ham oʻsha fikrdamisiz?

Yoʻq! Yoʻq, hech narsa oʻzgarmaydi! Hamma gap shunda! Hayot tarzi oʻzgarishi mumkin. Ammo odam oʻzgarmaydi. Tomoshabin oʻzgarmaydi. Uning didi pasayishi yoki taʼbi noziklashishi mumkin. Bir zamon kelib, didi baland tomoshabinlar koʻpayadi yo aksincha… Lekin mohiyatan odam oʻzgarmaydi!

Oʻzbek dramaturglari orasida Hamzaga yetadigani boʻlmagan, hozir ham yoʻq. Albatta, Maqsud Shayxzoda, Abdulla Qahhor kabi adiblarning dramaturgiyasini ham eʼtirof etamiz. Lekin baribir, ular ham Hamzaga yetolmaydi. Biz hali-hanuz Hamza asarlarini munosib darajada sahnalashtira olmaganmiz. U soʻzning qadrini bilgan holda pyeslarini yozgan. Hamzani oxirigacha tushunib yetadigan rejissura hali shakllanmagan bizda.

Unda oʻzingiz sahnalashtirgan spektakllar haqida nima deyish mumkin?

Albatta, iloji boricha Hamzaning oʻzini saqlab qolishga harakat qilganman. Pyesalarini sinchiklab, hatto, avaylab oʻrganganman, matnning har bir soʻzini anglab yetishga uringanman. Umuman, hech qaysi obrazga bu – salbiy, bunisi – ijobiy, deb qarab boʻlmaydi. Hammayam tirik odam. Har birimizning ikkinchi “men”imiz boʻladi. Xususan, sizga intervyu berayotgan kaminaning ham, meni savolga tutayotgan “Jahon adabiyoti” jurnali muxbirining ham atrofdagilarga koʻz-koʻz qiladigan jihatlari boʻlganidek, hammadan bekitadigan, fosh qilishni istamaydigan qirralari ham topiladi. Muhimi, har qanday vaziyatda, istalgan davrada odam samimiyligini, haqiqiy qiyofasini yoʻqotmasligi kerak. Rejissyordan esa qahramonlarning aslini, haqiqiy qiyofasini koʻra bilish talab etiladi.

Chetdan qaraganda, zamondosh dramaturglarning pyesasini qoʻyishdan koʻra, bu dunyodan oʻtgan mualliflar asarlarini sahnalashtirish osondek tuyulishi mumkin. Sababi, zamondosh muallifingiz jarayonga aralashadi, fikrini aytadi, talabini ilgari suradi… Tarixiy shaxslar bilan esa bunday muammo yoʻq. Balki, bu vaziyatda aksincha, masʼuliyat koʻproqdir?

“TEATR NIMAGA KERAK?”

Toʻgʻri, rejissyorlar orasida xuddi shunday gap yuradi: “Iloji boʻlsa, oʻtib ketgan muallifning pyesasiga qoʻl ur. Qarindosh-urugʻlariyam oʻtib ketgan boʻlsa, yana yaxshi, bemalol ijod qilishing mumkin”.

Bilasizmi, gap bunda emas. Koʻpchilik maqsadni toʻgʻri belgilay olmaydi. Pyesa qoʻyishdan maqsad nima oʻzi? Maqsad anketaga “bu rejissyor falon-falon asarlarni sahnalashtirgan”, degan qaydlarni kiritishgina boʻlmasligi kerak. Sanʼatda ishq boʻlishi lozim! Talabalik paytlarimizda “Pyesani qoʻlga olganingda uni tushunishga harakat qil, u bilan doʻstlash, maqsadini tushun, dardini his qil!”, deya uqtirishgan bizga. Teatr nimaga kerak? Uning maqsadi nima? Tomoshabin teatrga zavq olgani, hordiq chiqargani keladi. Lekin biz uni qahramonga hamdard qilishga tirishamiz. Yaʼni, qahramon kulsa – kulishi, yigʻlasa – yigʻlashi, hatto uning sevgilisini ham sevishi kerak! Agar rejissyorning oʻzi muallifga hamdard boʻla olmasa, aktyorlarni ortidan ergashtirishni uddalarmidi?! Tomoshabinni-chi?! Oʻzbeklarda “dardingni olay”, degan ibora bor. Haqiqiy sanʼatkor birovning dardini ola biladi va shu dard bilan yashaydi ham.

Shu oʻrinda yana bir mulohaza. Jahonga mashhur qaysi dramaturg hayotiga nazar solmang, har biri bevosita teatrga aloqador boʻlgan. Masalan, Hamza. U oʻzi sahnaga chiqqan, artistlar tanlagan, ularni oʻqitgan, oʻrgatgan, boringki, grimgacha oʻzi qilgan. Hamzani yaxshi tanigan, birga ishlagan odamlar, masalan, Zamira Hidoyatova, Xolida Xoʻjayevalarning aytishicha, u unniqib ketgan doʻppisini bostirgancha zalning bir chekkasida oʻtirib, kuni bilan repetitsiyalarni tomosha qilarkan. Hamza vafotidan keyin uning pyesalarini qidirib qolishganda, Mannon Uygʻur: “Tugunda allaqanday qogʻozlar koʻtarib kelganday boʻlgandi”, deb eslaydi. Shunda chordoqdan belboqqa tugilgan qoʻlyozmalar topilgan ekan. Ular orasidan “Maysaraning ishi”, “Paranji sirlari” pyesalari chiqqan…

Bugʻdoy unini kaftida siqib, sifatini aniqlay olmagan odamdan novvoy chiqmaganidek, teatr, artistlar hayotini bilmagan qalamkash haqiqiy dramaturg boʻlyalmaydi. Drama – dialog yozish degani emas.

Hamza oʻzbekning hayotini sahnaga olib chiqqan. U oʻzbek xalqining farzandi. Jahon teatrida qanday oʻrni bor bu ijodkorning? Biz uni jahon sanʼat maydoniga olib chiqa olyapmizmi?

Biz uni olib chiqishimiz shartmas. U allaqachon dunyoga tanilib boʻlgan. Hamza Shekspir bilan bir safda turgan dramaturglardan. Faqat biz bundan bexabarmiz. Internetdan bir qidirib koʻring, chet elda uni biz oʻylaganimizdan-da, bizdan-da koʻproq bilishlariga amin boʻlasiz. Uning Maysarasi ham, Solihboyu Mulladoʻst, boshqa qahramonlari ham xorijiy tomoshabinga yaxshi tanish. Bunday shaxslarga bir millat darajasida qarab boʻlmaydi, ularga umuminsoniy mezonlardan turib yondashmoq kerak. Alisher Navoiy, Shekspir, Chexovlar kabi Hamza ham umumbashariy ijodkor. Faqat ularning ijodini talqin qilishni oʻrganish kerak. Deylik, Hamza asarlarini toʻgʻri talqin qilish uchun butun oʻzbek millatini, uning hayotini oʻrganish kerak. Shundagina satrlarda bitilgan yozuvlarga jon kiradi, tasvir oʻquvchining koʻz oldiga keladi. Mana, biz oʻzimiz, urf-odatlarimizni bila turib, Hamzani tushunmaymiz. Hamzani anglamoqchi boʻlgan odam oʻzbek sheʼriyatini, musiqasini bilishi kerak. Ham musiqachi, ham kompozitor boʻlgan-ku u! “Tanovar”ni bilmasdan turib, Hamza asarlarini sahnalashtirib boʻlmaydi, Maysarani, Mulladoʻstni oʻynab boʻlmaydi.

Hamza oʻzining yashagan davri jihatidan bizga nisbatan yaqin. Uning asarlarini oʻqish uchun lugʻatga murojaat qilmaymiz, zamonasida roʻy bergan voqealar, umuman olganda, bizga tanish. Lekin shunda ham bu muallifni oxirigacha tushuna olmasak, uzoq oʻtmish haqida nima deyish mumkin? Aytaylik, Navoiyni qay darajada tushunamiz? Uning sahnada talqin etilgan ijodini-chi?

“PIRSIZ YURMA…”

– “Uzoq oʻtmish” degan tushunchaning oʻzi yoʻq, nazarimda. Insoniyat hayotiga bu tarzda qarashning oʻzi notoʻgʻri. Faraz qilaylik, bu dunyo, mavjud tamaddun tugab, yangi dunyo paydo boʻlsagina, “Navoiy yashagan davrda…”, deb gapirish oʻrinli boʻlardi. Bashariyat uchun 500-600 yil nima degan gap?!

Bir holatga eʼtiboringizni qaratsam. Mana, har birimizning ota-onamiz, yaqinlarimiz boʻladi. Biz ularning huzuriga boramiz, yoʻqlaymiz, dardlashamiz, kulishamiz, yigʻlaymiz. Xullas, hayotimizda ularning oʻz oʻrni, qadri bor. Ammo qadrdonlarimizni maydonda turgan bir haykal sifatida qabul qilmaymiz-ku! Ularni jonsiz haykal sifatida koʻra boshladikmi, har qancha ardoqlamaylik, uzoqlashib ketaveramiz. Demak, Navoiyga ham, Shekspirga ham Odam sifatida, yaqinimiz deb qarashimiz kerak. Ular bilan tillashish lozim. Maslahat soʻrash, suyanish kerak ularga, hatto oʻrni kelganda urushib-talashib, eʼtirozlarimizni ham bildirsak boʻladi. Oʻshandagina ular sizga koʻnglini ochadi. Boʻlmasa gʻoʻdayib turaveradi, tosh haykalga oʻxshab, siz esa mahliyo boʻlaverasiz, asarlarini ming oʻqing, hech nima ololmaysiz. Biz buyuklar bilan gaplashishni bilmaymiz…

Siz, shaxsan Siz gaplasha olasizmi ular bilan? Mana, Navoiyni olaylik. Valiy darajasida eʼtirof qozongan bu shaxs qanday rol oʻynaydi hayotingizda?

– Saʼdiyning “Be pir marav, ki dar amone,

Harchand Iskandari zamone”,

 

yaʼni “Garchi Iskandarning zamoni boʻlsa ham, omonlikda boʻlay desang, pirsiz yurma”, degan bayti bor, eshitganmisiz? Har birimiz Navoiyni eng oqil maslahatchi sifatida qabul qilishimiz kerak. Uning bir baytini oʻqisangiz, hayotingizdagi bir muammoning yechimini topasiz.

 

Parim boʻlsa, uchib qochsam ulusdin, to qanotim bor,

Qanotim kuysa uchmoqdin, yugursam, to hayotim bor –

 

deydi Hazrat. Odamlarning dardidan qochib qayoqlarga ketay, deb nola qilgan buyuk shoir aslida boshqalarning dardiga malhamdir. Men deyarli har kuni Navoiyga murojaat qilaman, kitoblarini varaqlab, savollarimga javob izlayman. Oʻzingizni topmoqchi, anglamoqchi boʻlsangiz, bu ulugʻ insonning albatta sizga aytadigan gapi bor! Afsuski, biz bu buyuk siymolarga haykalga qaragandek qaraymiz…

Teatrda, hatto kinoda ham buyuk adiblar asarlariga murojaat qilinganda, baʼzan qandaydir mistik holatlar yuz berishi quloqqa chalingan. Siz ham bunday vaziyatlarga toʻqnash kelganmisiz? Yoki bu shunchaki mish-mishmi?

“SANʼATNING OʻZI MISTIKA!”

– Bunaqa vaziyatlar chindan ham uchrab turadi. Shekspirning “Makbet”i, Gogolning “Uylanish”i bunga misol. Shekspir, Gogol va yana bir qator boshqa mualliflarning asarlarini sahnalashtirib boʻlmaydi oʻzi.

Nega, sababi bormi?

Gogolning Kochkaryovi aslida shayton. Shekspir asarida esa alvastilarning siymolari bor. Bulgakovning “Usta va Margarita”si bilan ham xuddi shunday, albatta biror noxush hodisa roʻy beradi. Aksariyat rejissyorlar bunga jiddiy qaraydi. Toʻgʻri, asarga murojaat qilish mumkin, lekin uni obdon oʻrganmaguncha qoʻl urib boʻlmaydi. Oʻzimizda ham shunday mualliflar bor. Masalan, Mashrab, Uvaysiy asarlariga tegib boʻlmaydi. Alisher Navoiyning “Lison ut-tayr” asariga juda ehtiyotkorlik bilan muomala qilish lozim. Unda dunyoning foniyligi, odamning nafsi, olamning komilligi haqida soʻz boradi. Boshqa asarlari haqida ham xuddi shu gapni aytish mumkin. Bunday asarlarni shon-shuhrat, manfaat yo nafs uchun sahnalashtirib boʻlmaydi! Bu gap umuman sanʼat olamiga taalluqli. Sanʼatning oʻzi mistika. Unda har bir qadam ehtiyotkorlik bilan qoʻyilishi kerak, har bir ijod mahsulining oʻz oʻrni, hurmati bor. Buni doim esda tutish, shunga qarab munosabatda boʻlish zarur.

Mana, teatr liboslarini olaylik. Ne-ne buyuk sanʼatkorlarga xizmat qilmagan ular! Buni qadrlamagan, ehtiyotlamagan teatr xodimi albatta munosib javobini oladi. “Mana bu teatrning fayzi bor, bunisiniki esa yoʻq” yoki “Manavi joyning fayzi ketibdi”, degan gaplar zamirida avvalo buyuk ajdodlar, ularning xotirasi, qoldirgan merosiga boʻlgan munosabat yotadi. Fayz ketdimi, omad, baraka ketdimi, aybni oʻzingizdan, qadriyatlarning va qadrlanishi lozim boʻlgan insonlarning hurmatini bajo keltira olmaganingizdan qidiring…

Bir fransuz sanʼatkori intervyu berarkan, boshidan oʻtgan shunday voqeani hikoya qilib bergandi: “Xitoyga safarimiz chogʻida yoshi ulugʻ bir qariyaga duch keldim. “Sen kimsan?” deb soʻradi u mendan. Kasb-korimni aytdim. Xitoylik savolini takrorladi. Oʻzimni ism-sharifim bilan tanishtirdim. “Yoʻq, SEN kimsan?” yana soʻradi otaxon. Men bu savolga javob berishga ojiz ekanman…” Bahodir aka, SIZ kimsiz?

“PREMYERA KUNI SPEKTAKL… OʻLADI!”

Siz kimsiz… Yana Navoiyga qaytaman. “El netib topgʻay menikim, men oʻzimni topmasam…” degan savolni har kuni oʻziga berib, hanuz shu savolning javobini topolmay yurgan odamman.

Bu savolingizga javob berish… Odamlar bilan muomalada koʻrinadi bizning kimligimiz. Deylik, men muxbirlarni yoqtirmayman. Spektakl oxirida sahnaga chiqishni yomon koʻraman. Taqrizlarda qayta-qayta nomim keltirilsa, gʻashim keladi. Farzandalarimni hadeb mening nomim bilan bogʻlashsa, jahlim chiqadi. Ularning oʻz yoʻli, oʻz taqdiri, oʻz yutuqlari bor. Masalan, onam biror marta spektakllarimni kelib koʻrmagan. Oʻgʻlim falon spektaklni qoʻyibdi yo falon ishni qoyillatibdi, degan gaplar boʻlmagan oilamizda. Aksincha, sanʼatkorlar oilasidan chiqqanligim uchun mendan talab ham, masʼuliyat ham ancha katta boʻlishi taʼkidlanardi. Odam oʻzini kasbiga bagʻishlashi kerak, tamom! Boshqa barcha soha egalariga ham taalluqli bu gap. Men zavq bilan ishlashni yoqtiraman. Eng yomon koʻrganim esa – spektakl premyerasi. Yaxshi koʻrgan odamingiz bilan xayrlashgandek boʻlasiz. Premyera kuni spektakl oʻladi!

Spektaklni keyin yana ishlasa, mukammallashtirsa, toʻldirsa boʻladi-ku, axir! Teatrning kinodan farqi ham shunda…

Spektakl sahnaga chiqqandan keyin uning katta qismi yoʻqlikka ketadi. Umuman, natijaning oʻzidan koʻra, unga qanday erishilgani muhimroq! Eʼtibor bergan boʻlsangiz, osh tayyorlagan odam “hidiga toʻyib qoldim”, deydi. Teatrning ham shunday taraflari bor. Eng yaxshi spektakl namoyish qilingandayam uning yigirma foizigina tomoshabingacha yetib boradi, xolos. Qolgani repetitsiya jarayonida qolib ketadi. Ilgari, Meyerxold, Stanislavskiylar davrida teatrdagi repetitsiyalarga ham chipta sotilgan. Odamlar bu jarayonni tomosha qilgan. Artistlar ham, rejissyor ham zalda oʻtirganlarga ahamiyat bermasdan ishini qilavergan. Sahna maromiga yetmaguncha takror oʻynalavergan. Maʼqul boʻlgan joylarida tomoshabinlar qarsak chalib turgan.

Bizda ham buni joriy qilishga urinib koʻrmaganmisiz? Tomoshabinlarimiz qabul qilarmikin?

Tomoshabin-ku qabul qilar, ammo aktyorlarimiz – yoʻq. Ular repetitsiyalarda ishlamay qoʻyadi, oʻynay boshlaydi, oʻzini koʻz-koʻz qilishga tushadi. Bunda biror natijaga erishish qiyin. Shundoq ham repetitsiya vaqti 2,5–3 soat boʻlsa, haqiqiy jarayon atigi 30-40 daqiqa davom etadi. Qolgan vaqt aktyorni holatga olib kirishga ketadi. Chunki aktyorning xayoli kundalik tashvishlar, oila, bola-chaqa, roʻzgʻoriga oid muammolar bilan band. Bunday holatda sanʼatkor oʻzini sahnaga toʻlaqonli bagʻishlashi qiyin.

Istisno aktyorlar bordir?

Aktyorning oʻzi kam dunyoda.

– Yoʻq, umuman. Misol uchun, Oʻzbek Milliy teatrining 60 yillik tarixiga nazar tashlang: bu vaqt mobaynida qanchadan-qancha odam kelib-ketmadi. Ammo besh-olti nafar sanʼatkorgina oʻzidan munosib iz qoldirgan, xolos. Qolganlari – havaskor. Hamma sohada ham haqiqiy mutaxassislar kam boʻladi. Yaxshi yozuvchi deysizmi, yaxshi shifokor deysizmi… kam boʻladi, juda kam. Ana oʻshalar koʻpchilikni tortib ketadi, oʻz ortidan ergashtiradi. Aslida dunyoda qobiliyatsiz odamning oʻzi yoʻq. Lekin ana shu qobiliyatni oʻzimiz, maishiy muammolarga – mashina olay, dangʻillama uy solay, farzandimning toʻyini oʻtkazay kabi oʻtkinchi tashvishlarga oʻralashib, yoʻqotib qoʻyamiz. Odam oʻzligidan kechmagunicha ezgu maqsadlarga erisholmaydi. Piyolani mayda-chuydaga toʻldirib qoʻysangiz, unga achchiqqina choy ham, buloq suvi ham quyib icholmaysiz-ku!

Jahon teatrlari uchun odatiy hol: odamlar oylab qaysidir spektaklni kutadi, haftalab chipta ololmasligi mumkin, qay bir aktyorni sahnada koʻrish uchun atayin olislardan yoʻl bosib keladi. Bizning teatrlarda esa bunday vaziyatni uchratish mushkulroq. Oʻzbek teatri ham shunchalik qadrli boʻlishi uchun nima qilish kerak? Tomoshabin oʻzgarishi kerakmi yoki rejissyor, aktyorlarmi? Darvoqe, mashhur xonandalar konsertiga chipta topish – amrimahol, odamlar erinmay uzoq viloyatlardan keladi…

“SENGA NIMA YeTISHMAYDI, ODAMZOT?”

Non boʻlmasa odam yetti kunda oʻladi, suv boʻlmasa – uch kunda, degan gap bor. Inson bulardan ham koʻproq taassurotga muhtoj. Biz har kuni qandaydir taassurot olishimiz kerak. Samarqand yo Buxoroni tomosha qilaman deb kelgan sayyohlarga qarang. Televizorda koʻrsa ham boʻladi-ku shu obidalarni. Oʻsha shahar, oʻsha minora… Faqat taassurot boshqa! Bu tuygʻu suvdan ham, nondan ham kuchli. Maʼnaviy ozuqa moddiydan ustun turadi. Siz aytgan konsertlarga tushayotganlarning koʻpchiligi sanʼatkorning ashaddiy muxlisi boʻlgani uchun emas, azbaroyi taassurot olish uchun, koʻpchilikdan qolmaslik uchun boradi.

Butun hayoti davomida teatrda Gamlet rolini ijro etgan bir aktyor oʻtgan. “Gamlet”ni oʻzisiz, oʻzini “Gamlet”siz tasavvur qilolmagan sanʼatkor umri nihoyasida gʻaroyib vasiyat qoldiradi. Vasiyatga koʻra, aktyor vafotidan soʻng shu spektaklda goʻrkovlar bilan bogʻliq sahnaga uning bosh chanogʻi(!) chiqariladi. Va hali ham teatrning rekvizitlar xonasida uning bosh chanogʻi turarkan. Aqlga sigʻdira olasizmi bunaqa narsani?! Mana bu – zoʻr ishtiyoq! Mana bu – haqiqiy ishq!

Endi… bozor talabga qarab boʻladi-da. Balki, hozir teatrga ehtiyoj, talab kamdir?! Odamlarning xayoli boshqa narsalar bilan banddir. Bizning mamlakat, shukurki, tinch. Ammo yon-atrofga bir qarang. Bir tarafda giyohvandlik, boshqa yoqda turli kasalliklar, talo-toʻplarni aytmaysizmi… Mamlakatni bulardan muhofaza qilib, qalqon boʻlib turishning, shu tinchlikni saqlashning oʻzi boʻlmaydi-ku! Buning uchun qancha kuch, qancha harakat sarflanayotganini koʻpchiligimiz bilmaymiz.

Odamlar teatrga shunchaki boryapti, intellektini oʻstirish uchun emas, shunchaki… Bugun koʻpchilikni maishiy turmush masalalari koʻproq qiziqtiryapti. Qachonki insonni “Men kimman?” degan masala oʻylantira boshlasa, shunda teatr oʻzgaradi!

Hozir dunyoda sport juda rivojlangan. Mashhur futbolchilarni nomma-nom bilamiz. Qarang, jahon stadionlari qishin-yozin liq toʻla. Buni odamlar shunchalik futbolga qiziqqanidan deb boʻlmaydi. Gap sportda ham emas. Bu – yengil, oson tomosha, oʻylashga majbur qilmaydigan tomosha. Stadionga borgan odam baqirib-chaqirib xovuridan tushadi, hissiyotlariga erk beradi. Shuning oʻzi insoniyatning qanchalik besaranjom, ziddiyatli dunyoda yashayotganligidan dalolat beradi. Odamzot ana shu tarzda ehtiroslarini tashqariga chiqarib yubormasa, bu qudrat yigʻilib-yigʻilib, koinotni ham portlatib yuborishi mumkin.

Darvoqe, futbolda jamoa ikki marta oʻyinni boy bersa, murabbiy oʻzgartiriladi, qayerdan boʻlmasin, mahoratliroq mutaxassis jalb qilinadi. Lekin men hali biror marotaba teatr rejissyorlarining oʻzgartirilganini eshitganim yoʻq. Aktyorlarning: “Falon mamlakatda mana shunday rejissyor bor ekan, chaqirtiraylik, kelsin shu odam, men ham munosib obraz yaratib, nimadir qoldiray oʻzimdan”, deganini bilmayman. Sanʼatkor sahnaga chiqib nimani qoyil qildim, nega keldim oʻzi bu dargohga, nima oʻynayapman, qanday matnni yod olyapman, degan savollarni berishi kerak oʻziga. Lekin bermaydi! Chunki ehtiyoj yoʻq bunga. Dorboz yuqoriga chiqqanda bitta xatoga yoʻl qoʻysa, yiqilib oʻladi. Aktyorlar esa har spektaklda oʻnlab xatoga yoʻl qoʻyyapti. Na oʻzi sezadi xatosini, na tomoshabin. Saviya deyarli bir xil, did bir xil…

Eng dahshatlisi bilasizmi, nima? Aktyorning siri qolmagan. Kecha tomoshabin uni toʻyda koʻrgan, bitta davrada oʻtirgan. Bugun bitta doʻkondan xarid qiladi… Chet elda aktyor biror teatr bilan shartnoma imzolasa, qaysidir maʼnoda oʻsha dargohning mulkiga aylanadi. Har joyga borishga, koʻngli tusagan ishni qilishga haqqi yoʻq. Ilgari oʻzbek teatrlarida sanʼatkor bilan tomoshabin oʻrtasidagi masofa saqlanardi. Aktyorlar bozorga borib, toʻrva koʻtarib yurmasdi, hatto. Faqat tor davralarda oʻtirishardi. Muxlislar ularni koʻrish uchun teatr atrofida aylanib, yoʻlini poylardi. Shukur aka, Olim aka, Nabi akalarni koʻrishga mushtoq edi odamlar…

Aktyorlik – nihoyatda oson va shu bilan birga oʻta mashaqqatli kasb. Faqat bu sohaga qadam qoʻygan odam TEATR oʻzi nima ekanligini anglab olishi kerak. Afsuski, buning uddasidan chiqadiganlar kam…

Bahodir aka, aslida suhbatimiz Hamza dramaturgiyasi haqida boʻlishi koʻzda tutilgandi. Gap aylanib, boshqa mavzularga oid qiziq, foydadan xoli boʻlmagan mulohazalaringizdan ham bahramand boʻldik. Mavzuimizga oid biz soʻramagan, Siz aytolmay qolgan fikrlaringiz?

Hech nimani aytolmadim hisobi. Zero, bunday buyuk insonlar haqida har qancha gapirsak ham, gapimiz adogʻiga yetmaydi. Xullas, hozircha shunisiga ham qanoat qilamiz. Darvoqe, qanoat haqida yaxshi bir fikr borki, uni doim yodimda saqlashga harakat qilaman: “Mana shunday katta koinot falakdagi bittagina olovli kulcha bilan toʻyinib yuradi. Senga nima yetishmaydi, odamzot?..”

 

Yulduz HOSHIMOVA suhbatlashdi.

 

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–3

https://saviya.uz/hayot/suhbat/hamza-ishq-olovli-kulcha-yoxud-tomoshabinni-hamdardga-aylantirish-sanati/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x