Abadiyat qonuni

Taniqli gruzin yozuvchisi Nodar Dumbadzening xuddi shu nom bilan ataluvchi kitobi chop etilgan. Muallif mazkur asarida bir gʻoyani ilgari suradi: “Hayot tashvishlari shu qadar zalvorliki, yakka holda uni joyidan siljita olmaymiz – birgalashib koʻtara olamiz, xolos”. Shuning uchun ham bir-birovning taqdiriga befarq boʻlmaslik muhim ekanini uqtiradi va ana shu qismatdoshlikni abadiyat qonuni deb ataydi.

Darhaqiqat, bu gʻoyat ibratli gap. Inchinun, Sharq falsafasi, sharqona tarbiya tamoyillari xuddi ana shu gʻoya bilan sugʻorilgan aslida. Birgina xalq maqollarini olib koʻring – hamjihatlikning hosilasi naqadar sermahsul ekanini bundan ortiq taʼriflab boʻlmasa kerak. Masalan: “Toʻrtovlon tugal boʻlsa, unmaganni undirar, oltovlon ola boʻlsa ogʻzidagin oldirar”, deydi dono xalqimiz. Bunga tariximizdan yorqin bir misol: XIII asrda qudratli xorazmiylar davlatida yakdillik boʻlganida, Muhammad Xorazmshoh va Jaloliddin Manguberdining orasida ixtilof boʻlmaganida edi, Chingizxon bu zaminga bostirib kelish nari tursin, chegaralariga yaqinlashish uchun ham izn soʻragan boʻlar edi. Yoki buyuk sohibqiron Amir Temur bobomiz asos solgan saltanat hech boʻlmaganida Oʻrta Osiyo mintaqasida oʻz salohiyatini saqlab turganida, uchta tarqoq xonlikka boʻlinib ketmaganida, oʻris bosqini yuz bermasdi. Oʻsha davrda yashagan shoirlardan biri Turdi Farogʻiy “Tor koʻngullik beklar, man-man demang, kenglik qiling, toʻqson ikki bori oʻzbek yurtidir – tenglik qiling”, deganida xuddi ana shu tarqoqlik yurtni tanazzulga tortib borishini alam bilan taʼkidlagan edi.

Xoʻsh, tarqoqlik nimadan hosil boʻladi? Nima uchun baʼzida bir ona qornidan talashib tushgan farzandlar ham yovlashib qoladilar? Agar buning sababini birgina soʻzda ifodalaydigan boʻlsak, bu – maʼnaviy qashshoqlikning hosilasi. Taʼlim va tarbiyadagi noqislik deb atasa ham boʻladi buni. Chunki vujudimizda tarkib topgan yaxshi fazilatlar ham, yomon qusurlar ham, eng avvalo, tarbiyaning mahsuli boʻlib boʻy koʻrsatadi.

Mana shu oʻrinda taʼlim va tarbiyaning ayrim jihatlariga alohida toʻxtalib oʻtishimiz kerak. Chunki xato fikrlashdan, nojoiz soʻz aytishdan tiyilganimiz maʼqul. Ayniqsa, bir holatni toʻgʻri baholay bilishimiz lozim. Yaʼni, hech qaysi ota-ona oʻz farzandini yoki hech qaysi ustoz-murabbiy oʻz shogirdini ochkoʻzlik, xudbinlik ruhida tarbiyalamaydi. Sotqin boʻlgin demaydi. Jamoat transportida ketayotgan chogʻing keksaroq kishi chiqib qolsa, unga joy bermaslik uchun oʻzingni uxlaganga sol, deb oʻrgatmaydi. Nohaqlikni koʻrsang, aralashmaslik uchun oʻzingni koʻrmaganga ol, deb saboq bermaydi. Umuman, olganda kishining koʻnglida anvoyi atirgullarning ham, badboʻy alaflarning ham urugʻi avvaldan sochilgan boʻladi. Xuddi inson tabiiy huquqlari bilan dunyoga kelganidek, tabiiy qusurlari bilan ham tugʻiladi.

 

Tashqi taʼsir urugʻ qadash degan soʻzga toʻgʻri kelmaydi, balki suv quyish bilan teng tushuncha boʻlishi mumkin. Yomonlik urugʻiga suv quyish shart emas, ezgulik ekinlarini sugʻormaslik ham yomon odatlarni ravnaq toptiradi. Buning ham oʻziga yarasha sababi bor. Abu Nasr Farobiy aytganidek, inson bolasida yashash ishtiyoqidan tashqari, bu dunyoda nimagadir erishish, nimanidir qoʻlga kiritish ishtiyoqi ham mavjud boʻladi. Mana shu ishtiyoq uni baʼzida har xil koʻyga soladi. Turmush tashvishlari gohida esankiratib qoʻyadi. Mana shunday kezlari tarbiyasi shoyim insonlar adashmaydilar, tarbiyasida noqisi borlar esa aksincha – chalgʻiydilar.

Qadim bir rivoyatda naql qilinishicha, bir yigit xarom yoʻllar bilan boyish payiga tushibdi. Sarmoyasi oshib, yurish-turishi oʻzgarib qolibdi. Bunday daromad topmoqchi boʻlganlar hech bir zamonda uzoqqa bormagan. Buzoqning yugurgani somonxonagacha boʻlsa, bularniki qamoqxonagacha boʻlgan. Bu yigitni ham zindonband etib, soʻng qatl etishga hukm etibdilar. Soʻnggi tilagini soʻraganlarida, onasini oxirgi bor koʻrmoqchi ekanini aytibdi. Onasini huzuriga olib kelibdilar.

 

– Ena, tilingizni chiqaring! – debdi u. Ona uning aytganini qilibdi. Tomoshaga kelgan olomon toʻlqinlanib ketibdi. Oʻlimi oldidan onasining tilini oʻpgan inson hali boʻlmagandi. Shu payt bandi yigit onasining tilini shart tishlab olibdi. Nega? Hamma hayron. Yigit tilga kiribdi. Hali bolaligimdayoq oʻtganning oʻrogʻini, ketganning ketmonini talab, uyga olib kelar edim. Onam biror marta bu qayerdan keldi, deb soʻrab-surishtirmagan. Dakki, dashnom bermagan. Agar vaqtida oldini olganida hozir dor ostida turmagan boʻlar edim, degan ekan bandi yigit.

Toʻgʻri, bu bir rivoyat. Ammo uning zamirida tarbiyaviy ahamiyatga ega haqiqat bor. Kishi birdaniga jinoyatchi boʻlib qolmaydi. Bu jarayonlar istaymizmi, yoʻqmi, ota-ona, mahalla-koʻy – koʻpchilikning koʻz oʻngida kechadi. Obrazli qilib aytganda bir bolaning yomon qiliqlari, zararli odatlari darrov oʻzini oshkor etadi: u barmoqqa qadalgan zirapcha kabi jonga ogʻriq berib turadi. Jonini ortiq koyintirgisi kelmagan, igna sanchishni xohlamagan kishi zirapchani olib tashlamaydi. Shu sim-sim ogʻriqqa koʻnikadi. Atrofdagilar ham loqayd, qarabsizki, zirapcha qadalgan joy maddalaydi. Chunki xuddi shunday boʻshliqni axtarib yurgan mikrob, unda tomir qoʻygan boʻladi.

Eʼtibor qilgan boʻlsangiz davlatimiz rahbari xuddi ana shu masalaga juda katta eʼtibor qaratib keladilar. Jamiyatda ham, inson ongida ham maʼnaviy boʻshliq qoldirib boʻlmasligini, agar mana shunday boʻshliq paydo boʻlsa, unda yot gʻoyalar darhol oʻrnashib olib, urchiy boshlashini bot-bot takrorlab turadilar.

Xususan, Prezidentimiz bu kabi maʼnaviy tahdidlar doimo mavjud ekanligi, ular milliy va diniy tomirlarimizga bolta urib, bizni muqaddas qadriyatlarimizdan bebahra qilishni koʻzlaganini, bu xurujlarga qarshi vaqtida kurashilmasa, yomon oqibatlarni yuzaga keltirishini uqtiradilar. Eng achinarlisi, bu kabi gʻoyalar yoshlarimizni yengiltaklik botqogʻiga boshlaydi. Loqaydlik va layoqatsizlik, oʻzgalarning tashvishiga befarqlik yomon illatlarni vujudga keltiradi. Yurtboshimiz taʼkidlaganlaridek, “… oqibatda ota-ona, el-yurt oldidagi burchini oʻylamaydigan, faqat bir kunlik hayot bilan yashaydigan xudbin kimsalarga aylantirib qoʻyadi”.

Achchiq boʻlsa ham aytish kerak, ayrim fuqarolar hayotida mana shu kabi noxush holatlar kuzatilayotgani ham sir emas. Bir misol: toʻyda, ayniqsa, nikoh oqshomlarida kuzatilayotgan bir holat kishini rostakamiga tashvishlantiradi. Bu marosimning oxirgi daqiqalarida sodir boʻladi. Mehmonlar tarqab ketgan, toʻyxonada faqat toʻy egalari, kelin bilan kuyovning joʻralari qolishgan. Oʻrtakash bazmga yakun yasaydi. Ammo, ana shu nuqtada kuyov oʻzining oʻjar tabiatini namoyon eta boshlaydi. Hozirgina mahalla imomi fotiha oʻqidi, ota-ona, mahalla faollari davraga yakun yasadi, qolaversa, barcha uchun birdek taalluqli tartib-qoida joriy etilgan – bu uni sira tashvishlantirmaydi. Musiqa va almoyi-jalmoyi raqslarning davom ettirilishini talab etadi. Bu hayotda erishmoqchi boʻlgan eng yuksak choʻqqisiga erishgandek goʻyo. Bazm uning uylanishi sharafiga emas, aksincha, u bazmning sharafiga uylangandek. Shirakayf joʻralar unga himo boʻlib turishadi: “Bir marta dunyoga kelasan, bir marta uylanasan, bir bor sening toʻyingda oʻynab kulmasak, yana qachon bunday imkoniyat boʻladi!”, deyishadi.

Xoʻsh, oʻylab koʻraylik-chi, mana shu kabi ayrim yoshlarimizga xos oʻjarlik, boshqalarning fikri bilan hisoblashmaslik, tartib-qoidalarni mensimaslik xudbinlikning bir koʻrinishi, birovning hisobidan yashab qolishga tekin taom totishga boʻlgan ishtiyoqning inʼikosi emasmi? Bu illat qayerdan paydo boʻlayapti? Hozircha beozorgina boʻlib koʻringan bu hol, ertaga rivojlanib, qay darajaga yetishi mumkinligini tasavvur qilyapmizmi? Mana jiddiy bosh qotirishimiz lozim boʻlgan masala. Bugun mahalla boshqaruvi tomonidan joriy etilgan tartibga boʻysunishdan ochiq-oshkora boʻyin tovlab turgan yigit, ertaga jamiyatda amalda boʻlgan qonunlarga ham rioya etishi dargumon. Yengil-yelpi hayotga boʻlgan oʻchlik kattalar tomonidan turli vajlar bilan ragʻbatlantirilmasligi lozim. Zotan, toʻylarni ixchamlashtirish, kamchiqim qilib oʻtkazish, isrofgarchilikka yoʻl qoʻymaslik toʻgʻrisida maxsus qaror qabul qilingan. Qolaversa, yoshlarimizning huquqiy ongini ziynatlashga ham masʼulmiz. Toki ular erkinlikni egri tushunmasinlar, binobarin, huquq va erkinliklari zamirida oʻzgalarning huquq va erkinliklariga daxl qilmaslik majburiyati borligini ham anglasinlar! Xuddi mana shu kabi haddidan oshish, meʼyorni bilmaslik, aksar hollarda dilxiralik bilan yakun topayotgani ham achinarlidir.

Xalqimizda “toʻy – toʻpolon” degan naql bor. Ammo bu ur-sur, janjal-suron, degan maʼnoni bermaydi, bilʼaks toʻydagi bitta-yarimta kemtikning koʻpchilikning ishtirokida bilinmay ketishiga ishora tarzida aytilgan gap bu. Buni toʻgʻri talqin qilish kerak, aks holda “Suyunchi” filmi ijodkorlari kabi yanglish fikrga borish hech gap emas. Eʼtibor qilgan boʻlsangiz, elning kayvonisi boʻlgan otaxon, oʻsha filmda “Janjal boʻlmagan toʻy ham – toʻymi?” deydi. Vaholanki, xalqimiz bir kun janjal boʻlgan xonadondan qirq kun baraka koʻtariladi, degan. Qolaversa, udumlarimizga, qadriyatlarimizga yuzaki munosabatda boʻlmaslikni, ularni bus-butun saqlashga har birimiz masʼul ekanimizni unutmasligimiz zarur. Shu oʻrinda momom aytgan bir voqea esimga tushdi. Ularning toʻylari boʻlayotgan kuni qoʻshni chol bandalikni bajo keltirgan ekan. Qoʻshnining toʻyini buzmaslik uchun, azador xonadon bir kun boshlariga tushgan motamni birovga bildirmay, ovoza qilmay turishgan ekan. Mana shu aslida bir-birovga daxldorlik tuygʻusi!

Xullas, muammo borki, uni qalamga oldik. Muammoga panja orasidan qarash bilan bir natijaga erishib boʻlmaydi, kun kelib u yomon oqibatlarga sabab boʻlishi mumkin.

Shuning uchun ham Yurtboshimiz kuyinib, “… takror aytishga toʻgʻri keladi – ota-onalar, ustoz-murabbiylar bu masalada hushyorlikni yoʻqotmasligimiz, yoshlar tarbiyasiga aslo beparvo boʻlmasligimiz zarur!”, deb taʼkidlaydilar. Zotan, bolalarimiz ertamizning egalari ekan, ularda egalik hissini bugundan tarkib toptirganimiz maʼqul. Oʻshanda kelajagimiz ishonchli qoʻllarda, deyishga toʻla haqli boʻlamiz.

Yuqorida biz Abu Nasr Farobiyning “Fozil odamlar shahri” asaridan bir misol keltirgan edik. Shu oʻrinda oʻsha fikrni poyoniga yetkazish zarurati tugʻildi. Alloma, bu dunyoda insonning yashash ishtiyoqidan tashqari nimagadir erishish, nimanidir qoʻlga kiritish ishtiyoqi mavjudligini, ana shu ishtiyoq bir-birovning koʻmagi, yordamiga ehtiyojni keltirib chiqarishini bayon etadi. Baʼzan ming qoʻylining bir qoʻyliga ishi tushib turishi ham xuddi ana shu ehtiyoj yuzasidandir. Yaʼni birdamlik, bahamjihatlik bor joyda, baraka boʻladi, baror boʻladi. Bu yoʻldagi gʻov va toʻsiqlarni ham birlashsak bartaraf etishga qodir boʻlamiz. Biz qurmoqchi boʻlayotgan adolatli fuqarolik jamiyatining mohiyati, gruzin yozuvchisi aytmoqchi boʻlgan “abadiyat qonuni”ning mazmuni ham mana shu aslida.

 

Xudoyor MAMATOV

 

zarnews.uz

https://saviya.uz/hayot/nigoh/abadiyat-qonuni/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x