Oʻzbek bolalar sheʼriyatida Vatan tasviri

Tarbiyaviylik, yaʼni didaktika bolalar adabiyotining muhim xususiyatlaridan biri sifatida azal-azaldan mavjud. Biroq tarbiyaviylik pand-nasihat sifatida zohir boʻlsa, bu asarning badiiy qimmatini susaytiradi, kitobxon bunday kitobni oʻqigisi kelmaydi. Shu sababli ham, ayniqsa, bolalar adabiyotida tarbiyaviylikni badiiyat qobigʻiga oʻrab, yashirin tarzda ifodalash maqsadga muvofiq. Yosh avlodni goʻzallikni sevishga oʻrgatish, unda tabiatga boʻlgan mehrni uygʻotish barobarida Vatanga boʻlgan mehr-muhabbatni, sadoqatni shakllantirish ham bolalar adabiyotining asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi.

XX asrning ikkinchi yarmi oʻzbek bolalar sheʼriyati namoyandalaridan Quddus Muhammadiy, Shukur Saʼdulla, Qudrat Hikmat, Tursunboy Adashboyev va Anvar Obidjonlar ham Ona-vatan, kindik qoni toʻkilgan yurt taʼrifu tavsifiga bagʻishlab bir qator sheʼrlar yaratganlar.

Fikrimiz tasdigʻini Q. Hikmatning “Men tugʻilgan oʻlka” sheʼrida koʻrish mumkin:

 

Men tugʻilgan hur oʻlka

Ozod Sharqda nur oʻlka.

Koʻrkam qishloq, shahari,

Shod oʻtar har mahali.

Metall berar Bekobod,

Farhod GESdan el obod.

Nur olar har xonamiz,

Gullagan Fargʻonamiz.

Xalqqa ust-bosh pillasi,

Bebaho oq tillasi.

Mevazor bogʻu boʻston,

Serquyosh Oʻzbekiston[1].

 

Sheʼrda lirik qahramon (shoir) yashayotgan oʻlkaning goʻzalligi va boyligi shu qahramon tilidan shunday taʼriflanganki, yosh kitobxon uning shu oʻlkaga boʻlgan cheksiz muhabbatini sezib turadi va undagi Vatanga boʻlgan muhabbat tuygʻulari uning ham qalbiga oʻtadi. Buni biz sheʼrning tantanavor ohangida ham, shu ohangning avj olishiga xizmat qilgan qofiyalarda, hur oʻlka – nur oʻlka, shahari – mahali, xonamiz – Fargʻonamiz, pillasi – tillasi kabi “kuychan” soʻzlarning qofiyalanishida ham koʻramiz. Bu sheʼrda qofiyalar yorqin va jarangdor soʻzlardan tarkib topgan boʻlishi bilan birga maʼno talabi bilan yuzaga kelganki, bu shoirning yutugʻidir. Adabiyotshunos Izzat Sulton yozganidek, “maʼnoning talabi bilan yuzaga kelgan qofiyagina shoir asarini bezay oladi. Faqat yangilik yaratish uchungina qofiyada yangilikka intilish poeziya aslahaxonasini boyitmaydi, balki maʼnan puch, esda qolmaydigan asarlarning koʻpayishiga olib keladi”[2].

Q. Hikmatning shogirdi T. Adashboyev ijodida ham Ona-vatan madhiga bagʻishlovlar, uning goʻzalligini tarannum etuvchi satrlar bisyordir. Muallif Ona-vatanning goʻzalliklarini shunday mehr-muhabbat bilan tasvirlaydiki, sheʼrni oʻqigan kitobxonda bu goʻzallikni asrab-avaylash, oʻz tugʻilgan goʻshasiga boʻlgan mehr-muhabbat kabi nozik his-tuygʻularning shakllanishi muqarrardir. Bunday asarlarni yaratishdan asosiy maqsad esa oʻsib kelayotgan yosh avlodni Ona-vatanga, ota-bobolar ruhiga mehr-muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash, ular qalbida munosib avlod, farzand boʻlish tuygʻularini shakllantirishdir. T. Adashboyevning “Qiyosi yoʻq” sheʼri insonning tugʻilgan yurtiga boʻlgan cheksiz mehr-muhabbati, undagi har qarich erning muqaddas ekanligini oʻzida toʻliq mujassamlashtirgan:

 

Sen tugʻilgan,

Qutlugʻ xona.

Aziz diyor,

Pok ostona.

Soʻlim oʻlka

Kesh, Fargʻona,

Qadim Urganch,

Shu durdona.

Koʻrkam Toshkent,

Asal-qandim.

Oʻsh, Buxoro,

Samarqandim.

Qiyosi yoʻq,

Bu yagona.

Senu menga

Vatan – Ona.

Shunday goʻzal

Ulugʻ yurtkim,

Tuprogʻini

Koʻzga surtgin[3].

 

Bu satrlar vatanning ona kabi yakka-yu yagonaligini, bu tuproqning “qutlugʻ xona”, “aziz diyor”, “pok ostona” kabi sifatlashlari esa yosh kitobxon qalbida ona-vatan muqaddasligi tushunchasini shakllantirish va mustahkamlashga xizmat qiladi. Vatan tuprogʻini koʻzga surtish (tavof qilish) shunchaki gap emas, oʻzini ushbu tuproq farzandi deb hisoblaydigan har bir kishining dastlabki insoniy burchi ekanligini taʼkidlaydi. Yosh kitobxonda yurtimizning dunyoga dongʻi taralgan Urganch, Buxoro, Samarqand, Kesh, Toshkent singari shaharlari, undagi jahon tarixi va madaniyatining rivojlanishiga asos solgan allomalar bilan faxrlanish his-tuygʻularini uygʻotadi.

Oʻzbek bolalar sheʼriyatining yetakchi namoyandalaridan Anvar Obidjon ijodida ham ona-Vatan tarifiga, uning betakror goʻzalliklari tasviriga bagʻishlangan sheʼrlarni uchratamiz. “Ona Yer” sheʼrining xayolparast qahramoni raketasiga oʻtirib olib, barcha sayyoralarni kezadi:

 

Raketamda gʻizillab,

Parvoz qildim men Oyga.

Insonlar yuz ming yillab

Orzu qilishgan joyga.

Keyin oʻtdim Saturn,

Mars hamda Yupiterga.

Oʻxshatmadim hech birin

Baxt bergan ona Yerga[4]!

 

deydi. Teranroq eʼtibor bersak, sheʼr qahramoni dovyurak, davr bilan hamnafas, zamon yangiliklaridan boxabar boʻlish barobarida hatto xayolida ham ona-Vatanga mehribon, sadoqatli, vatanparvar inson. U hamma koʻrishni orzu qilgan sayyoralarga borsa-da, unga oʻz tugʻilgan vatani, kindik qoni toʻkilgan yurt barchasidan aziz va moʻtabardir. Bu sheʼr yosh kitobxonlar qalbida vatanparvarlik tuygʻusining yanada joʻsh urishiga, oʻz tugʻilgan goʻshasini dunyodagi boshqa “vatan”lardan ustun qoʻyish hissining shakllanishiga xizmat qiladi.

Maʼlumki, Vatan mavzusi, zamon va makon tanlamaydi. Bu sheʼr oʻzining mazmuni bilan hozirgi kunning dolzarb masalalarini ham oʻz ichiga qamrab olganday taassurot qoldiradi. Xorijiy davlatlarga turli bahonalar bilan ketayotgan yoshlarimizga oʻz vatanlariga sodiq boʻlish, xorijda orttirgan bilim va tajribalarini Ona-vatan ravnaqi yoʻlida sarflash lozimligini yorqin ranglarda tasvirlab beradi. Anvar Obidjonning “Vatan” sheʼridagi boyqush ham vayronada yashasa-da, oʻz vataniga ega. Vatanining qanday boʻlishidan qatʼi nazar unga mehr-muhabbat qoʻygan, chunki bu makon uning uchun azizu mukarramdir:

 

Senga bitta savol bor,

Menga quloq sol, hoy, qush.

Vayronada yashaysan,

Noming esa naq Boyqush.

Ayt-chi, nahot sen boysan?

 

– Asl boylik neligin,

Tushunmaysan, chamasi?

Bu – vayrona boʻlsa ham,

Oʻzimniki hammasi.

Shuning uchun men boyman[5]!

 

“Vatan” sheʼri biri moddiy va maʼnaviy boylikni bir-biridan ajrata oladigan, ikkinchisi uning farqiga bormaydigan ikki xil qarama-qarshi toifaning dialogiga qurilgan. Tashlandiq bir vayronada yashayotgan qushning nomi nima sababdan aynan Boyqush ekanligini tushuna olmagan “nomaʼlum” taraf, oʻzining naqadar maʼnaviy qashshoqligini, Boyqushning javobidan soʻng anglasa, ajab emas. Bu sheʼr tagmaʼnosida oʻzbek xalqining purmaʼno hikmatga ega boʻlgan “Oʻzga yurtda shoh boʻlguncha, oʻz yurtingda gado boʻl” maqoli toʻlaligicha aks ettirilgan.

Xulosa qilib aytganda, oʻzbek bolalar sheʼriyatining yuqorida tahlilga tortilgan barcha namunalari oʻzining qaysi davrda, qayerda, kim tomonidan yaratilishidan qatʼi nazar yurtimiz kelajagi boʻlgan yosh avlod tarbiyasida muhim tarbiyaviy ahamiyat kasb etib, ularda ona-vatanga mehr-muhabbat, sadoqat, vatanparvarlik kabi muqaddas his-tuygʻularning shakllanishida muhim omillardan biri sifatida xizmat qiladi.

 

Dilorom TOʻRAYEVA,

katta ilmiy xodim-izlanuvchi (OʻTAITI)

 


[1] Hikmat Qudrat. Mening yuragim. – Toshkent: Yosh gvardiya, 1986. – B. 7.

[2]  Sulton I. Adabiyot nazariyasi. – Toshkent: Oʻqituvchi, 1980. – B. 337.

[3]  Adashboyev T. Orzularim – qoʻsh qanotim. – Toshkent: Shark nashriyoti, 2003. – B. 12.

[4]  Obidjon A. Ona Yer. – Toshkent: Yosh gvardiya, 1974. – B. 6.

[5]  Obidjon A. Oʻgʻirlangan pahlavon. – T.: Choʻlpon nashriyoti, 2006. – B. 25.

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/ozbek-bolalar-sheriyatida-vatan-tasviri/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x