Halima

TAQDIR

 

1990 yil. Men ishlayotgan gazetaga (hozir bu gazeta “Oʻzbekiston ovozi” deb nomlanadi) fargʻonalik nogiron ayol Kumushxon Salohiddinovadan iztirobli xat keldi. Bundan oʻttiz yil burun Kumushxon aya dala shiyponidagi bogʻchada enagalik qilgan ekan. Bir kuni bogʻcha binosi birdan qulay boshlaydi. Enaga bino ichidagi yigirmata bolani birin-ketin koʻtarib tashqariga olib chiqadi-yu, oʻzini asray olmay xari tagida qoladi. Umrbod nogiron boʻlib, umri shifoxonalarda oʻtadi.

Yaxshi odamlarning koʻmagi bilan Fargʻona shahridagi koʻp qavatli uylardan birida boshpana topadi. Eri undan xabar olmaydi. Oʻgʻil va qizi yosh boʻlishgani uchun otasi qaramogʻida, oʻgay ona qoʻlida qolishadi. Kumushxon aya oʻttiz yil mobaynida ham farzandlari, ham oilasi, ham qishlogʻidan ajralib, oʻz yogʻiga oʻzi qovurilib umr kechiradi. U oʻlimdan qutqarib qolgan bolalarning ota-onalari, hamqishloqlari, qoʻni-qoʻshnilarining ham xayolidan koʻtarilib ketadi. U olayotgan nogironlik nafaqasi uy-joy haqi, dori-darmoniga, osh-ovqatiga arang yetayotganidan nolib yozgan edi.

Maktubni oʻqib, yuragimga oʻt tushdi. Kumushxon ayaga yordam berish istagi borligʻimni qopladi. Toshkent-Fargʻona, Fargʻona-Toshkent yoʻllarida goh samolyotda, goh poyezdda, goh avtobusda necha bor yoʻl bosdim. Kumushxon aya masalasida turli tashkilot rahbarlari eshigida sargʻayib oʻtirdim, ularning biridan ikkinchisiga yugurdim… Hammadan ham meni aya oʻlimdan qutqarib qolgan bolalar, ularning ota-onalari bilan uchrashuv hayajonga solardi. Oʻttiz yil oʻtib, oʻsha qizaloqlar, bolakaylar bir oilaning bekasi va begi boʻlib yetilishibdi. Lekin ularning birortasi oʻz xaloskori haqida ota-onalaridan hech nima eshitishmagan. Ota-onalarning oʻzlari ham bedarak ketgan hamqishloqlari taqdiri bilan mutlaqo qiziqishmagani koʻrinib turardi.

Shunday oqibatsizlikka duch kelganim sayin Kumushxon Salohiddinovaga yordam berish istagi kuchayar edi. Lekin bir oʻzimning qoʻlimdan nima ham kelardi?! Shu bois suyanchigʻim – gazeta jamoasi bilan birgalikda harakat qildim.

Tahririyat aʼzolarining fikr-mulohazalari, maslahatlari, koʻrsatmalari asosidagi jurnalistik tadqiqotim oradan bir yil oʻtib, oʻz natijasini berdi. Nogiron Kumushxon aya Salohiddinovaning nafaqasi oshirildi. U “Moskvich” mashinasi bilan mukofotlandi. Oʻzi tugʻilib-oʻsgan, mehnat qilgan jamoa xoʻjaligi chegarasidan sakkiz sotix yer ajratilib, ikki xona, bir ayvonli uy qurib berildi. Eng muhimi, bundan oʻttiz yil ilgarigi jasorati uchun “Hurmat belgisi” ordeni bilan taqdirlandi.

Kumushxon Salohiddinovaga atalgan ordenni uning oltmish yoshga toʻlishi va hovli toʻyi munosabati bilan topshirishni rejalashtirdik.

Oʻsha kuni Toshkentdan respublika xotin-qizlar qoʻmitasi raisi Halima Xudoyberdiyeva, Respublika “Dugonalar” radio eshittirishi muharriri Matluba Islomova, Oʻzbekiston televideniyesi “Nafosat” koʻrsatuvi muharriri Tamara Toshboyeva va men Fargʻonaga joʻnab ketdik. Fargʻona aeroportidan toʻgʻri aya yotgan shifoxonaga bordik.

Halima Xudoyberdiyevaning kelishidan xabar topishgan chogʻi, shifoxonada yaxshigina tayyorgarlik koʻrilgan edi. Fargʻonaga Kumushxon aya masalasida har borganimda ayani yoʻqlab shifoxonaga kelganimdagidan koʻra bu yerdagi bugungi holat tamom boshqacha edi. Hammayoq yaraqlaydi. Deraza tokchalariga terib qoʻyilgan tuvaklardagi rang-barang gullar barq urib ochilgan, shifokor, hamshiralar egnida oppoq yangi xalatlar.

Kumushxon ayani boshqa palataga koʻchirishibdi. Bunisi keng va koʻrkam, oyoq ostiga gilamchalar toʻshalgan. Ayani ulugʻ ayyom kunlari bilan tabriklashni boshlab yuborishgan shekilli, stol ustida guldastalar, sovgʻa-salomlar.

Halimaxon bemorni birinchi bor koʻrishi edi. Kumushxon aya bilan qadrdonlarday quchoqlashib koʻrishdi, hol-ahvol soʻradi. Oldindan rejalashtirilganday ertasiga Kumushxon aya hovlisida toʻy-tomosha, biz tayyorgarlik qanday borayotganini bilish uchun uning qishlogʻiga shoshardik. Shifoxona bosh vrachi va davolovchi shifokor bizning bu rejamizga qarshi chiqishdi. “Qish oyi, kun sovuq, aya shamollab qolishi mumkin, ordenni topshirish marosimini shu yerda oʻtkaza qolaylik”, deyishdi. Qishloqqa bormaslikka ayani ham koʻndirib qoʻyishgandi. Buni eshitib xafa boʻlib ketdim.

Jismi joni toʻqqiz marta jarroh tigʻidan oʻtgan, badanida sogʻ joyi qolmagan, oʻttiz yildan buyon faqat iyaklariga tiralganicha yashab kelayotgan ayolning hayoti qil ustida ekanligi rost. Lekin uning faqatgina jismi emas, koʻngli haqida ham qaygʻurish kerak emasmi? Axir, har uchrashganimizda Kumushxon aya qishlogʻini qoʻmsayotganini, bolalarini sogʻinganini aytardi. Ularni bir koʻrib oʻlsam armonim yoʻq, der edi. Men uning koʻnglida ana shu orzu chirogʻini yoqqim kelardi, armonlarini ushalishini istardim. Jasorat oʻlmaydi, u qachon boʻlmasin oʻz qadr-qimmatini topadi, bu qadr topish tonggi ayamizni unutganlar va unutmaganlar huzurida yorishishini istardim. Bu niyat nazarimda hammasidan baland edi.

Hayajonimni bosolmasdim. Bemor xonasidan boshqalar chiqib ketishlari bilan xayrlashish uchun aya yoniga bordim.

– Men bugunoq Toshkentga ketaman. Qaytib Fargʻonaga kelmaganim boʻlsin. Siz nafaqat oʻzingizning, balki mening ham orzularimni puchga chiqardingiz, – dedim Kumushxon ayaga qarab va eshikka yuzlandim.

Shunda Kumushxon aya yigʻlab, meni orqamga qaytardi.

– Sizni qiyomatli singlim deganman, boraman, albatta, boraman.

Ayani koʻndirganimdan Halimaxon xursand boʻlib ketdi. Tamara, Matluba va men oʻsha zahotiyoq Mindon qishlogʻiga joʻnab ketdik. Ertaga ayamizning toʻy-tomoshasiga respublikamizning hamma joylaridan mehmonlar taklif etilgandi. Ularni munosib kutib olishga tayyorgarlik qanday borayotganidan xabardor boʻlishga toʻyboshi sifatida ham burchli, ham mezbon edik.

Gʻira-shirada ayamizning katta hovlisiga kirib bordik. Doshqozonlar osilgan, hovli sahnini ikki zabardast yigit tekislayapti, ichkarida Kumushxon ayaning qizi Marhabat xoʻjalik xotin-qizlar kengashi raisi bilan xonalarni jihozlashyapti. Xonalarga sholchalar solindi, koʻrpachalar toʻshaldi, pechka qurildi. Biz oʻsha uyda tong ottirdik. Tasavvur qiling-a, shuncha tayyorgarlik koʻrib, orziqib kutilayotganda Kumushxon aya kelmay qolsa nima boʻlardi?

Ertasi kuni “Tez yordam” mashinasida shifokorlar kuzatuvida Kumushxon aya kirib keldi. Hammaning eʼtibori ayaga qaratilgan. Hamma deganim – bugungi shodiyonaga toʻplanganlar orasida muxbirlar, viloyat rahbarlaridan tortib, ayani tabriklash uchun kelgan bolalar uylari tarbiyalanuvchilarigacha bor. Qishloq ahli goʻyo Kumushxon aya hovlisiga koʻchib kelgandek.

Qoʻsh karnay-surnay, childirmalarning badabangi, Rahima Mazohidovaning “Xush keldingiz” chorlovi ostida Kumushxon Salohiddinovani bundan oʻttiz yil burun chiqib ketgan jonajon Mindon qishlogʻiga, u uchun atab solingan hovli-joyiga koʻtarib olib kirishayotganida koʻngli boʻshashib, koʻziga yosh olmagan odam qolmadi.

Halimaxon ikkovimiz bir chekkada bu hayajonli damlarni kuzatib turardik. Halimaxon uzoq qarab turolmadi. Qoʻlimdan ushladi-da, Kumushxon ayani qurshab olgan, diydorlashayotgan davra tomon boshladi. Qoʻlidagi qutichadan “Hurmat belgisi” ordenini olib ayaning koʻksiga tantanavor taqib qoʻydi. Boʻldi qarsak, boʻldi qarsak. Ha, u “Hurmat belgisi” ordenini egasiga shifoxonaning kichkinagina palatasida emas, balki el-yurt, jamoatchilik oldida topshirdi.

– Aziz Kumushxon aya, men bugun sizga xalqimizning izzat-ikromi, hayratu muhabbatini olib keldim, – deya gap boshladi shoira. – Sizning insoniy jasoratingiz oldida elning har bir fuqarosi, dehqonu hunarmandi, olimu, ijodkor, ishboshi, elboshilarigacha taʼzimda bugun. Sizga shaxsan Prezidentimizning izzatu ehtiromlarini olib keldim. Poytaxtda oʻtgan nufuzli yigʻinlarimizning birida Prezidentimiz tomonidan aytilgan bir ibratli fikrni takrorlashni istardim. Uning mazmuni shunday: “Ellik yoshdan oshgan odam shoshilmogʻi kerak. U oʻzidan keyingilarga nimadir qoldirmoqqa, biror yaxshilik qilib ulgurmoqqa intilishi kerak”.

Aziz onaxon, siz judayam shoshilgansiz. Siz har kimning qoʻlidan kelmaydigan yaxshilikni oʻttiz yoshga yetmay bajarib ulgurgansiz. Bir emas, ikki emas, yigirma bolani oʻlimdan qutqarib qolgansiz, ammo oʻzingizni… Men sizning bu achchiq qismatingizni eʼzozlashga arziydigan taqdir, deb bilaman. Oʻsha yigirma goʻdak bugun yigirma navqiron erkak, ayol. Insof, adolat yuzasidan gapiradigan boʻlsak, shu yigirma baquvvat qoʻllar bugun sizni ardoqlab, boshlarida koʻtarib yurmoqlari lozim. Nafaqat ular, biz, boshqalar, hammamiz. Kimki imonni, halollikni bosh ustida koʻtarar ekan, sizni bosh ustida koʻtarmogʻi ham qarz, ham farzdir”.

…Oradan besh oy oʻtib, Navroʻz kunlaridan birida Kumushxon aya olamdan oʻtdi. U qadrlanib ketdi. Jasorat unutilmasligini, yaxshilik yerda qolmasligini, kech boʻlsa ham uning qaytimi boʻlishini oʻz taqdiri misolida koʻrib ketdi…

…1995 yil. “Guliston” jurnalining tashkil topganiga yetmish yil toʻlishi munosabati bilan tahririyat katta anjumanga tayyorgarlik koʻrardi. Anjuman arafasida jurnal bosh muharriri Tilab Mahmudov qoʻlimga taklifnoma berib, yigʻilishga Halima Xudoyberdiyevani taklif qilishimni aytdi.

Bir guruh ijodkor ayollar yubileyni nishonlash uchun yigʻilayotgan “Sharq” matbaa nashriyoti klubiga kirib borayotgandik, kimdir Halimaxonning qoʻliga bir dasta gul tutqazdi. “Guliston” jurnali muharriri oʻrinbosari Mixli Safarov boshliq bir guruh xodimlar shoirani olqishlashdi. Men tahririyat xodimlarining shoirani bu qadar samimiy, qizgʻin kutib olishayotganidan xursand edim…

Bir kuni Tilab akam ishdan odatdagidan xursand qaytdi.

– Ertadan boshlab Halima Xudoyberdiyeva bizning “Guliston” jurnalimizda ish boshlaydi, – dedi.

U kishidan har kuni yangi bir gap eshitardim. Bugun “Xotin-qiz ijodkorlar, ayniqsa, yoshlar tahririyatimiz eshigini qoqadigan boʻlib qolishdi”, desa, ertasi “Xudoyberdiyevaning jurnalga kelgani munosabati bilan Oʻtkir Hoshimov, Saʼdulla Hakimlar qoʻngʻiroq qilib tabriklashdi”, deyar, indiniga Halimaxon haqida yana yangi bir xabar eshitardim…

Shu kunlar gazeta-jurnallarga obuna vaqti yaqinlashib qolgan, obunachilar sonini oshirish har bir tahririyatning oʻquvchilar bilan yaqindan muloqoti, uchrashuvlariga ham koʻp jihatdan bogʻliq edi. Shu maqsadda “Guliston” jurnali ijodiy jamoasidan Tilab Mahmudov, Halima Xudoyberdiyeva va Asqar Mahkam safarga otlanishdi. Men ham ularga qoʻshilib oldim.

Safarni Buxorodan, aniqrogʻi, Gʻijduvon shahridan boshladik. Keyin Namanganga safar qildik.

Safarda odamlar bir-birini kashf etar ekan. Biz mahallalarda boʻlamizmi, taʼlim maskanlari talabalari, korxonalar, qishloq xoʻjaligi tarmoqlari ishchilari davrasidami, qayerga bormaylik, Oʻzbekiston xalq shoiri Halima Xudoyberdiyevaga boʻlgan ehtirom, mehr va samimiyatni koʻrardik. Koʻngli begʻubor qishloq odamlari shoiraga boyagi-boyagidek hurmat va ehtirom bilan qarashardi.

Qariyalarning Halimaxonni izzat qilib kutib olishlarini, talabalarning shoira bilan rasmga tushib olish ishtiyoqlarini, dastxat yozdirib olish uchun uzundan-uzun navbat kutib turganlarini kuzatarkanman, shoira hamon xalqimiz koʻzi ustida, qalbida ekanini tuyib, dilim yayrardi.

Men Halimaxon bilan birga oʻtgan safar kunlarimni hamon yoqimli xotiralar sifatida yodimda saqlab yuraman. Bizni bir-birimizga issiq koʻrsatgan, yaqinlashtirgan lahzalar umrimdagi eng goʻzal kunlar boʻlib qoldi. Hayotimga Halimaxon bilan birga sermazmun suhbatlar, shirin va goʻzal diydor onlari kirib kelaverdi. Bu suhbatlar, diydor onlari bizni bir-birini sogʻinadigan, oʻzaro tez-tez qoʻngʻiroqlashadigan qadrdonlarga aylantirib bordi.

Menda Halimaxon bilan boʻladigan har bir uchrashuv, suhbat davralarini muhrlab boradigan kundalik tutish niyati tugʻildi.

Quyida oʻqiydiganingiz shoira bilan uchrashuvlardagi, dilkash davralardagi, qolaversa telefondagi suhbatlarimiz muhrlangan kundaliklarimdagi bitiklardan namunalar.

 

2012 yil 1 may

 

GʻAYRAT

 

Yangi ToshMIning revmatologiya boʻlimi. Halimaxon avvaldan qoʻngʻiroq qilmay kelganimdan achinadi.

– Ketayapman, desangiz-ku, choy damlab qoʻygan boʻlardim. Choysiz gap gapga qovushadimi, hozir choy olib kelaman, – deb xonadan chiqadi.

Hech vaqt oʻtmay qoʻlida choynak bilan kirib keladi. Men uni urintirganimdan xijolat chekaman.

– Choy ichgani emas, sizni koʻrgani keldim, – deyman men. – Biz oʻzbeklar shifoxonada ham oʻzbekligimizni qoʻymaymiz-da.

Dasturxonda olma, turli sharbatlar, shirinliklar. Halimaxon yaxshi koʻradigan “Napoleon” torti olib kelgandim, kesamiz, pishgan tovuqni maydalayman, Halimaxon non ushatadi, pomidor toʻgʻraydi…

– Mana bu taomdan yeb koʻring. Hozirgina Kamola olib keluvdi, – deya oldimga bugʻlangan kartoshka bilan tok doʻlmasini qoʻyadi.

Biz undan-bundan tatigan boʻlamiz, choy hoʻplaymiz, keyin xona burchagidagi yumshoq oʻrindiqqa oʻtamiz.

– Dunyoda nima gaplar?

– Gap koʻp. Shu desangiz bugun Erkin Aʼzam qoʻngʻiroq qilib, “Buyuk qushlar” bilan tabrikladi. Meni maqtadi, maqtadi…

– Sizni nima deb maqtadi?

– E, meni emas, kitobimni, – kuladi shoira. – Maqtov ham shunaqa boʻladimi?! Naq osmonga chiqarib yubordi. Endi osmondan yerga tushib turganimda siz kelib qoldingiz. Bu gaplarni sizga aytaman-da, boshqaga soʻzlasang, maqtanyapti, deb oʻylaydi. “Qachon yozasiz, qanday yozasiz, siringizni ayting”, – deb uzoq soʻzladi. Biz kursdoshmiz. Kursdoshingdan shunday soʻzlarni eshitish odam koʻnglini koʻtarar, xursand qilar ekan.

– Ha-ya, oʻzi qachon yozasiz, qanday yozasiz?

– Tunda yozaman. Bir xonada yolgʻiz, oʻzim bilan oʻzim gaplashaman, yozganlarimni ovoz chiqarib oʻqiyman, qaytaraman, ilhom joʻsh urib ketadi, yana yozaman, yozaman… Shunday kunlardan birida boshimdagi bir tomirim uzilib ketganday boʻldi. Zoʻriqdimmi, oʻzimni yoʻqotib qoʻydim… Qarasam, tong yorishibdi, tongga hamohang mening ham koʻnglim yorishib ketdi…

Halimaxon soʻzlayapti-ku, xayolimdan

 

…Kunduz yurib yozdim, tun turib yozdim,

Yozganda koʻksimga tigʻ urib yozdim.

Dardlarimga siyoh kor qilmay qolgach,

Qalamni qonimga botirib yozdim… –

 

satrlari oʻtadi.

– Kecha bir tanishim meni koʻrgani kelib ketdi. Ajoyib ayol. Eri ichadi, hech qayerda ishlamaydi, ichib olib janjal koʻtaradi. Oilaning barcha ogʻirchiligi, bolalar tarbiyasi yolgʻiz shu ayolning yelkasida… Bir vaqtlar ular sevishib turmush qurishgan. Endi esa eri yashab yashamaydi, ajrashib ajrashmaydi. Shunaqa tutash taqdirlar boʻladimi, opa, sira ajrashib boʻlmaydigan taqdirlar…

 

Dunyosiga oʻt ketsin,

Dunyosiga ertak hayf.

Unda koʻngli ayolsiz,

Ketayotgan erkak hayf, –

 

deb yozgandim shunday toifa erkaklardan zada boʻlgan ayol nomidan. Ayol dunyosi boshqacha… Ayol har qanday sharoitda ham juftidan mehr-muhabbat kutadi, oʻnglanishiga ishonadi…

 

Koʻkarmoq ne, bilmasdim bu zumgacha,

Koʻklab ketdi maysa qiyogʻimgacha.

Boshdan oyoq suyib razm soldi yor,

Gullab ketdi boshdin oyogʻimgacha.

 

Bu – ayol orzusi! Ayol uchun erining eʼtibori, mehri havodek zarur. Bunga sazovor boʻlmagan ayol koʻnglini hech narsa bilan toʻldirib, chogʻlab boʻlmaydi…

Biz ayollar:

 

Oʻylama bu dunyoda shundoq oʻtguvchilarmiz,

Lahad eshigigacha ishqni kutguvchilarmiz.

Yo sevgidan oy yangligʻ charaqlarmiz umrbod,

Yo sevgiga umrbod aza tutguvchilarmiz.

Halimaxon bugun boshqacha edi. Oʻzi bilan oʻzi mushoira qilayotgandek koʻtarinki ruhda edi.

 

Osmonning toʻlin oyi kuyganlar orasida,

Bexato urar yoyi kuyganlar orasida

Zohiri charaqlasa, ishonmang botinida

Halimaning ham joyi kuyganlar orasida.

 

– Qoʻying, unday demang…

– Nega?! Rosti shu! Mening boshqalardan qayerim kam yoki qayerim ortiq? Odamlar hayotiga neki daxldor boʻlsa, mening hayotimga ham daxldor boʻlishi tabiiy…

Shoiraning kayfiyati simob ustuniday qalqib turardi…

 

Koʻrdim bogʻ xas boʻlgan kunni,

Balandlar past boʻlgan kunni.

Haq yuziga changal solib,

Nomard yoʻlbars boʻlgan kunni…

 

Nazarimda Halimaxon oʻzini-oʻzi oʻqigisi, oʻzini-oʻzi eshitgisi kelyapti. Yangi kitobi sabab boʻlayotgan tabriklar shoirani oʻz ijod va hayot yoʻliga bir nazar solishga undayapti… U koʻzlarini yumib, dam ochib, baʼzan oʻyga choʻmib, quyilib kelayotgan satrlari qochib ketmasdan quvalab, tutib olgisi kelyapti.

Bu – oʻzidan-oʻzi qoniqish, oʻzidan-oʻzi zavqlanish damlari edi. Bu – ijod quvonchi edi. Men uni jim eshitaman…

Hayotimda menga ikki ijodkor bilan yaqindan muloqotda boʻlish baxti nasib etdi. Biri shoira Halima Xudoyberdiyeva boʻlsa, ikkinchisi yozuvchi, olim, umr yoʻldoshim Tilab Mahmud. Halimaxon “Yarim asr yonma-yon” kitobimni alqab, koʻp tilga oladi.

– Agar turmush yoʻldoshim ijodidan, soʻzlaridan hayratlanmaganimda bu kitobni yoza olmas edim, – deyman men.

Bir kuni ishdan qaytsam, mendan avval uyga kelgan Tilab aka bolalarimizga biror ovqat pishirib berish uchun oshxonada kuymalashib yuribdilar. Maslahatlashib, shavla qilmoqchi boʻldik. Birimiz sabzi toʻgʻradik, ikkinchimiz piyoz archdik…

– Xayolimni bir ertak zabt etgan, hech tinchlik bermayapti, – deb qoldi Tilab Mahmud.

Men qanaqa ertakligiga qiziqdim. Tilab aka hikoyani boshladi. Ovqatimiz pishdi ham, bolalarimiz yeb-ichib, oʻrnilaridan turib oʻz ishlariga ketishdi ham, idish-tovoq yuvyapman ham, Tilab akam ertakni aytishdan toʻxtamas, men esa eshitishdan zavqlanar edim… Hozir ertakning mazmuni esimda yoʻq. Yodimda qolgani shuki, ikki-ikki yarim soat mobaynida Tilab Mahmud mening ixtiyorim va eʼtiborimni oʻziga tortib, toʻqiyotgan ertagiga ishontirib, undan zavqlantirib, hayratga solgandi. Yarim asrlik hayotimizda bunday lahzalar koʻp boʻlgan. Kitob ana shu hayratlar mevasi edi.

– Toʻgʻri, hayrat ijod ildizi. Hamma yaxshi narsalar hayratdan tugʻiladi. Ikkovimizning fikrimiz bir joydan chiqdi. Ikkovimiz hayrat haqida maslakdoshmiz, – deydi Halima va oʻqiydi:

 

Hayrat, kel, koʻksimda koʻtar qad,

Men yolgʻiz seniki boʻlarman.

Kun kelib oʻlsam ham men faqat

Hayratning qoʻlida oʻlarman.

 

2012 yil 19 may

 

YOZUVCHINING “YOZUGʻI”

 

Tong saharda eshik qoʻngʻirogʻi jiringladi, – dedi Halima. – Qattiq uxlab qolganim uchun eshitmabman. Kelinim eshikni ochsa, Oʻtkir Hoshimovning rafiqasi Oʻlmasxon opa turgan emish. Qoʻlidagi bir dasta gulni kelinimga berib, Oʻtkir aka meni tabriklab yuborganini aytibdi. Oʻtkir Hoshimovga qoʻngʻiroq qilib, eʼtibori uchun rahmat dedim. Shunda u Sirdaryoga ijodiy uchrashuvga tayyorgarlik koʻrayotganini aytdi, meni birga borishga daʼvat etdi. Borishga vaʼda berdim. Biz koʻp uchrashuvlarga birga borganmiz. Bir-birimizni toʻldiramiz, biz zoʻr chiqishamiz…

Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Oʻtkir Hoshimov umrining oxirigacha Halimaxonga boʻlgan mehri, hurmatini uzmadi.

U oʻlimidan uch oy ilgari, ogʻir betob yotgan holida ham shoirani bayram bilan tabriklash, koʻnglidagi iliq gaplarini unga aytishga oʻzida kuch topdi, quyida ana shu maktub:

 

Singlim Halimaxonga!

Yozuvchining “yozugʻi”.

Ijodkor qalbi elektrostansiyaning generatoriga oʻxshaydi. Generator parraklari oqib kelayotgan tiniq va pok, loyqa va nopok suvlarni oʻzidan oʻtqazib, nurga aylantiradi-da, insonlarga taqdim etadi. Ijodkor qalbi hayotning goh tiniq, goh loyqa oqimini oʻzidan oʻtqazadi-da, nurli tuygʻuga aylantirib, oʻquvchiga taqdim etadi. Qalam ahlining peshonasidagi “yozugʻi” shu ekan… Bu juda ogʻir qismat. Mayli, Ollohga shukronalar boʻlsin. Yana bir karra bayramingiz bilan qutlayman.

Oʻtkir Hoshimov. 8.03.2013.

 

2012 yil 5 iyul

 

– “Grudnaya xirurgiya”damiz, – deydi Halimaning kelini Nargiza qoʻngʻirogʻimga javoban. – Ayam hozirgina yurak operatsiyasidan chiqdilar. Operatsiya yigirma daqiqa davom etadi, deyishuvdi, negadir bir soat boʻldi… Muhimi, qutulib oldilar, ogʻriq yoʻq. Bu yerda bir kun yotar ekanmiz, ertaga statsionarga joʻnatishadi…

Kutilmagan xabar. Bu haqda hech qanaqa gap yoʻq edi… Oʻzi Halimaning aytadigan gapidan aytmaydigani koʻp… U sirli sandiq…

 

2012 yil 10 iyul

 

1-statsionar, xirurgiya boʻlimi, 38-palata eshigi qiya ochiq. Kiraman. Avval Dinora, keyin Halimaxon bilan quyuq soʻrashamiz. Rang-roʻyi yaxshi, chap koʻkragidagi jarohat ustiga yopishtirilgan oq tasmachani eʼtiborga olmaganda unda bemorlik alomatlari sezilmaydi.

Bir-birimizga jim qarab oʻtiribmiz…

 

Ilova

 

Birdan xayolim qochdi… Halimaxon bilan qachon, qayerda va qay holatda uchrashmay, koʻnglimni hamisha bir yorugʻ nur va yuksak tuygʻu chulgʻab oladi. Bugun ham ana shunday kayfiyatdaman. Uning muttasil hayot zarbalarida ham matonat bilan turishidan, bu boshginasi ne toshlarga urilib ham omonligidan hayratlanaman.

Dunyo toʻxtab va tunab, tong qarshilab va oqshom oralab oʻtgan, oʻtayotgan odamlar qismati ekan, buyuk daholar ham Halimaxon aytganidek, bundan mustasno emas. Bu hayotiy haqiqatni tan olmay iloj yoʻq.

Lekin meni ana shunday daholardan sanalgan Halimaxonning boshqalarga oʻxshamagan tomonlari oʻyga chorlardi. Bu uning soʻz qasrini yaratishdagi sheʼriyat musobaqasida oʻzib ketgani, goʻzal yuksaklikka koʻtarilganidir.

Baʼzida meni shoira bundan keyingi ijodida hozirgi erishgan yuksakligi darajasida ijod qilolmasa-ya, degan xavotir bosardi.

Hayotiy haqiqatlar esa buning aksini aytayotganday. Uzoq yillardan buyon bir maromda, toʻxtamasdan, hayotidagi past-balandliklar, zarbalarga qaramay sermahsul ijod qilayotgan shoira bundan-da yuksak choʻqqilarni zabt etmogʻi shubhasiz…

Uning sheʼriyati birdan oʻrtanib ketadigan, yonib kul boʻladigan, jonli vujudni jonsizga, jonsizni jonliga aylantira oladigan qudratdir. Uning ijodi olamga koʻz ochib, bu olamning beshafqat zarbalaridan dillari oʻksigan, bashariyatdan mehr-muruvvat tilovchi mushtipar holat hamdir…

Shoira sheʼriyatning oʻlmas quyoshi taftidan yurak-bagʻri oʻrtanib, zaminu dunyoga soʻz sochib, mehr sochib, orzu va tilak sochib, oʻzi shu orzulari ogʻushida qovurilayotgan ijodkordir. Yana qaytaraman, u shunday sheʼriyat qasrini yaratdiki, hozirda bu soʻz saroyi ichra qalban qiroat qilayotganlar koʻpaygandan koʻpaymoqda. Shu bilan birga, bu qasr malikasidan qolishadigan joyim yoʻq, deyayotgan “sheʼriyat peshvolari” ham yoʻq emas. Lekin Halima bitta, Halima tanho. Ha, u “… yuksaklik zavqidan mastlab uchayotgan buyuk qush”ga aylandi. Nahotki, “… Koʻkka ketgan bari qushlar oʻqqa uchsalar…”

Shoira Halima Xudoyberdiyeva oʻzbekning chakkasiga yarashgan gulu rayhon. Xalqimiz hidlari gurkirab turgan rayhonini soʻlishdan, qurib qolishdan hamisha asragan. Shoiraning oʻzi ham bu haqda shunday nido qiladi:

 

…Soʻlishimiz kech kelsin,

Soʻnishimiz kech kelsin…

 

Balki Halimaxondan dard chekinayotgani ana shu tilaklar ijobatidandir. Balki:

 

Soʻlgan bogʻlar oʻrnida yashil-yashil

Daraxtlari shovullab turgan bogʻlar

Yaratishimiz kerak,

O, mening qattiq jonim!

Ishonamanki,

Sen chidab berasan bu talablarga jim.

Yuragimda barglar shivirlayotganga oʻxshaydi,

Demak,

Yaratilajak bezavol bogʻlarimning

Ilk nihollari kurtak yozayapti,

Bogʻlar gurkirab qad koʻtarayapti yuragimda

Barglari yashil-yashil bogʻlar… –

 

deya boshi uzra charx urayotgan tuygʻulardan tiklanayotgandir…

Halima bu satrlarni ogʻrishidan ancha ilgari yozgan edi. Isteʼdod egalari boshlaridan kechiradigan ogʻir hayot sinovlarini aziz-avliyolardek ilgaridan sezib karomat qilisharmikan-a!

 

Ogʻir xastalikdan uni koʻtardi bu sheʼr,

Ogʻir uyqulardan uygʻotdi uni bu sheʼr.

 

Bir yarim oydan buyon shifoxonama-shifoxona koʻchib, muolajada yashayotgan shoiradan dardini oshkor etib, noliganini eshitmadim. U toza qalbli inson. Uning shogirdlari, doʻstu birodarlari, muxlislari koʻp.

Uning mungliga yordam qoʻlini choʻzib, yaxshilarning koʻngliga borganining koʻp bor guvohi boʻlganman. Dunyoga yaxshilik urugʻini sochib, yaxshilik mevalaridan totib yurgan begʻubor shoiraning boshiga tushgan ogʻir dard bilan sira chiqisha olmayapman, kelisha olmayapman… Buning sababini, sababkorlarini qidiramanmi-yey…

–… Oʻzingizni koʻp qiynamang, opasi, – dedi birdan mendek xayolga choʻmib oʻtirgan Halima. – Bu yillar davomidagi ruhiy zoʻriqishlar, asab buzilishlar oqibati…

Nahotki koʻnglimdan kechayotgan oʻylarni u sezayotgan, eshitayotgan boʻlsa? Balki bu bir-birimizni soʻzsiz tushunish darajasiga yetgan muloqotdir…

Halimaxon boshidan kechirgan yaxshi-yomon kunlardan biroz xabardorman. Lekin bilganlarimdan bilmaganlarim koʻp. Hozir u aytgan zoʻriqishlar, asab buzilishlarga sabab boʻlgan voqea, hodisalar xususida kengroq maʼlumot olishning xonasi kelgandi.

Nainki, shoiraning oʻzi ham bunga moyillik bildirib turibdi… Lekin boshdan oʻtgan ogʻir kunlarni eslash, gapirib berish bemorga naqadar ogʻir boʻlishi ayon. Shundanmi, uni ham, oʻzimni ham chalgʻitaman. Lekin butun qalbim, ruhim Halimaxon dardi bilan yonadi… Shu tufaylimi, Halimaxonning oʻzi bilan emas, uning sheʼrlari bilan sirlasha boshlayman:

 

* * *

Nolam uzun. Nola meni suysa kerak,

Umrim boʻyi u koʻksimni oʻysa kerak.

Menga taʼrif kerak ersa, tarixchilar

“Bir nolali nay” deb yozib qoʻysa kerak.

 

* * *

Men norasida – gʻam, oʻsayotgan gul,

Dil yarasida ham oʻsayotgan gul.

Oʻt qoʻyib yoqdilar xonumonimni,

Kul orasida ham oʻsayotgan gul.

 

* * *

Men ketganda derlar: “Ketdi, baxt, yigʻi ketdi.

Bu dunyoning bir qilichi, bir tigʻi ketdi”.

Hech kimga dil yorolmadim. Desalar maʼqul:

“Dunyodan yana bir sirlar sandigʻi ketdi”.

 

Bu oʻtli satrlar shoiraning tarjimai holi edi. Uni yana va yana davom ettirishim mumkin… Lekin yuragim koʻtarmayapti… Koʻnglimga quyilib, qalbimni kuydirib kelayotgan bu satrlarniki eslab shu holatga tushgan ekanman, voqealarni boshidan kechirgan va sheʼriy misralarga oʻgirgan shoiraning holatini tushunmaslik mumkin emas…

– Kecha xuddi shu paytda Guljamol kelib-ketdi. “Yoningizga kirishga qiynalmadim. Sizga oʻxshaganim uchun qizingiz deb oʻylashdi”, – deydi u. “Nega shunday boʻldi, nega Buxoroga bordingiz” – deb jahl ham qiladi mitticham joʻjadek purpayib. Baxshanda opa bilan Ibodat Buxorodan tinmay qoʻngʻiroq qilib turishibdi. Tursunoy opa bilan kecha bogʻlangan edim, rosa koyindilar: “Issiq kunda Buxoroda pishirib qoʻyibdimi? Qachon oʻzingni asrashni oʻrganasan”, deb tanbeh berdilar.

Halima miyigʻida kulib qoʻyadi.

Vaqt asrdan oshgandi. Xumsonga – dala hovlimizga yetib borgunimizcha allamahal boʻlib ketadi. Men shoshilaman. Tashqarida Tilab akam kutib turganini aytaman…

– Sizni olib kelganlari uchun bir rahmat, kutib oʻtirganlari uchun ikki rahmat, olib ketayotganlari uchun uch rahmat! – jilmayadi Halima. – Akamning peshonasidan oʻpib qoʻying, xayr.

 

2014 yil 31 mart

 

IKKI DARYo UCHRASHUVI

 

Oʻzbekiston Prezidenti qarori bilan Oʻzbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf tavalludining 60 yilligi yurtimizda keng nishonlanayotgan damlar edi. Viloyatlarda, poytaxtda shoirning oilasi, qarindosh-urugʻlari bilan uchrashuvlar oʻtkazilar, radio, televideniye xalq shoiri ijodiga bagʻishlangan xotira kechalarini namoyish etardi. Suhbatimiz beixtiyor shu mavzuga koʻchdi.

– Muhammad Yusuf xalqimizning hurmat-eʼtiboriga chindan ham munosib ijodkor edi, – gap boshladi Halima. – Sheʼrlari oddiygina, uni yozish har kimning ham qoʻlidan keladigandek tuyuladi. Qani, shu oddiy narsani yozib koʻraylikchi? Bunday xalqchil, samimiy shoir hayotga kamdan-kam keladi…

– O, qalbimni tirnama, Halima, – deya Tursunoy suhbatni davom ettirdi: – Daraxtning boʻyi yiqilganda koʻrinishi rost ekan, Muhammadjon shoirimning naqadar durkun boʻyu basti borligini bugun butun mamlakat koʻrib turibdi. Shoirimizning “Unutmang, bu koʻhna charxi falakda Vatandan boshqa hammasi mayda” degan soʻzlarini eslaganimda Vatan haqida bundan ortiq soʻzlash mumkin emasligiga ishonasan.

Halimaxon hayajonlanib, birdan Muhammad Yusufdan oʻqiy boshladi:

 

Vatan –

Yuragimning

Olampanohi

Bu dunyo

Bukri bir

Jiydangning shoxi!

Koʻzim yoshi bilan

Sugʻorib gohi,

Koʻksimda oʻstirgan

Gulday sevaman…

 

Tursunoy Halimaxonni davom ettira ketdi:

 

O, ota makonim,

Onajon oʻlkam,

Oʻzbekiston jonim toʻshay soyangga.

Seningdek mehribon yoʻq,

Sendek koʻrkam,

Rimni alishmasman bedapoyangga.

 

Keyin koʻzlari yoshlanib, shoir haqidagi xotiralarga oʻtadi:

– Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazida ishlab yurgan kezlarim. Bir kuni Muhammadjon ayoli va ikki jajji qizalogʻi bilan eshigimdan kirib kelishdi. Qizlari xonadonimni toʻldirib oʻynab yurishdi.

Qaytishayotib Muhammadjon “Mening bir erka iltimosimni qabul qilasizmi, sizni “Oftoboyim” deb chaqirsam maylimi?” – dedi tabassumlarini charaqlatib.

Evoh, evoh deyman bugun! Bizni Oftob saylab, nurlarga topshirib, oʻzi oftoblarning oʻrniga botib ketgan ukam!..

– Tursunoy opa, sizni eshitayotib, Muhammadjon bilan boʻlgan bir safar esimga tushdi, – deydi Halima. Yosh ijodkorlarning Zominda oʻtkaziladigan seminariga borgandik. Darvoqe, Guljamolni ham oʻshanda kashf etganmiz. Goʻzal Zominni tomosha qildik. Mashhur Zomin sharsharasi yoniga kelganimizda Muhammadjon unga uzoq tikilib qoldi va:

– Bu sharshara kimga oʻxshaydi? – dedi menga qarab.

– Kimga oʻxshashini bilmadim-u, lekin qilichdek kesib tushayapti, – dedim.

U jilmaydi va:

– Bu Halima sharsharasi, – dedi. – Halimaning sheʼrlaridek keskir…

Shu-shu shoirlar orasida bu sharshara mening nomim bilan bogʻlanib qoldi. Muhammad bilan yana Zominga bordik. Shunda u:

– Opa, bugun Halima sharsharasiga oʻtmaymiz, – dedi. – U yoqqa yosh ijodkorlarni yoʻlladim. Sharsharani bir tomosha qilishsin. Biz qirgʻizlarnikiga mehmonga boramiz. Qimiz ichamiz, qarshi emasmisiz?

Keyin bizni oʻsha yoqqa boshladi. Togʻ havosi, sovuq, qimiz ichdik… Men battar junjikdim, shunda u kostyumini yechib yelkamga soldi. Biz dardlashdik. U qizlarimni oʻzim uzatishni istardim, deya negadir oʻksindi. “Lola, lola” sheʼri oʻshanda paydo boʻlgandi. Odam ketishini sezar ekan-da… Toʻy koʻrmaslik taqdirida bor ekan-da…

 

Dilda qoldi yaxshi soʻz, doston,

Qolaverdi muhabbatimiz.

Biz yaxshiroq qarab olmasdan,

Ketdi bizning Muhammadimiz.

 

Soʻzlarini suyib olmasdan,

Bagʻrimizga oʻyib olmasdan,

Koʻzlariga toʻyib olmasdan,

Ketdi bizning Muhammadimiz.

 

* * *

Bir arsloni oʻtdi oʻzbekning,

Ohi koʻkka yetdi oʻzbekning.

Quyosh yigʻla, osmon, aza tut,

Muhammadi ketdi oʻzbekning…

 

* * *

Biz shoshmadik, hech ulgurmoqqa,

Bunda balki dil toʻlgach doqqa,

Jannatdami… davr surmoqqa,

Ketdi bizning Muhammadimiz.

Dilda qoldi yaxshi soʻz, doston…

 

– 1998 yili Muhammadjonga “Oʻzbekiston xalq shoiri” unvoni berildi, – suhbatni davom ettiradi Tursunoy. – Tabriklamoqchi boʻlaman, hech peshini tutolmayman. Oxiri, uyiga xat qoldirdim:

 

Muhammad ummati,

Yusuf yangligʻim.

Anjonim qimmati,

Shaʼni – yorligʻim.

Suyunchim yonimda

Izlab yuribman.

Oʻzni “sen” deb, Sizni

Sizlab yuribman.

Mukofot yarashgan

Boʻylaringizdan!

Hammani eritgan

Kuylaringizdan!

Butun mamlakatni

Kuylatganimsiz!

Meni xavotirda

Oʻylatganimsiz!

Bilganimni oʻqib,

Sizga dam solay.

Gʻuboringiz yuvay,

Gʻamingiz olay!

Siz elning gulisiz,

Yigitning guli.

Konvert ichidagi

Isiriq puli.

 

Halima:

 

Chaqirib olaman, qattiq chorlayman,

Ketganlar yoʻllarin burib keladi.

Qachonlardir qurib qolgan daryolar,

Qaytadan favvora urib keladi.

Bukilib, yoʻqlikka ketayotganlar

Gʻozlanib, qayta bel sirib keladi,

Chaqirib olaman,

Qattiq chorlayman

Tirik doʻstlarim band,

Gʻoyat band, baʼzan.

Goʻrdagi doʻstlarim turib keladi.

Xokisor jilmayib Muhammad Yusuf,

Shavkat Rahmon tomoq qirib keladi…

Ular tiriklarning oʻrnin bildirmay,

Eshigimdan bir-bir kirib keladi…

Chaqirib olaman…

 

Bu oddiy mushoira emasdi. Bu oʻzbekning ikki betakror ijodkorlarining Muhammadga atalgan dil rozi, koʻngil soʻzlari edi…

 

2015 yil 8 aprel

 

Koʻrib turibsizki, shoiramiz haqida yozayotgan kitobimga soʻnggi nuqta qoʻyildi. Suyunchisigami, negadir Halimaxonni koʻrgim kelib qoldi. Uyiga borsam, keng mehmonxonasidagi katta mehmon stoli dasturxonida daftar, kitoblar, yozilgan, yozilmagan qogʻoz varaqlari yoyilib yotibdi…

Shoira ishlayapti. U varaqlab, sinchiklab oʻqib oʻtirgan qalin daftarga qiziqib qoldim. Roziligi bilan qoʻlimga olishim bilan daftar ichidagi varaqlardan bir nechtasi sochilib ketdi. Varaqlar sargʻayib, eskirib, baʼzilari hatto ushlashing bilan yirtilib ketgudek holda edi.

Daftarda oltmishdan ortiq publitsistik chiqishlar qoralamasi qayd etilgan. Bular – mustaqillik kuylari, ozod Vatan madhi, shoirlik burchi va masʼuliyati haqidagi falsafiy oʻylar va mushohadalar, qadriyatlarimizga, dunyo adabiyotiga boʻlgan cheksiz hurmat-eʼtibor, bolalik xotiralari, doʻst-birodarlari haqidagi iliq bitiklar, shirin tuygʻular…

Senga tansiq va mazali boʻlib tuyulgan taomni ota-onanga, farzandlaringga ilinasan, kishi. Men ham Halimadan oʻqiganlarimni aziz oʻquvchi, shoira muxlislari, sizlarga ilindim.

 

QOʻLYOZMALAR DAFTARIDAN

 

Bolalik yillarimni eslaganimda olmazor hovlimiz, ayvon oldida uzun qilib tortilgan patgilamning oʻrmagi koʻz oldimga keladi. Oʻrmakni kuzuvini onam Qarshigul chevar bogʻlab (odatda kuzuvni asosan kayvonilar, ishining ustasi boʻlgan chevarlar bogʻlaydilar) biz uning turini yugurardik. Keyin onam “bismillohir rahmonir rohiyim” deb oʻrmak ustiga oʻtirib toʻqishni boshlardi. Men onamning har qilich qoqib bir yoʻl arqov oʻtkazganida patgilamning gullari kattarib, toʻlishib, ochilib borishini havas bilan kuzatar, oʻzim ham u kishining yonida oʻtirib, patning turini chalishardim. Yerda tortilgan patgilamning oʻrmagi ikki tarafda oʻtirib toʻqiladi. Onam bilan yonma-yon oʻrmak toʻqir, iroqi doʻppilarning iroqisini tikardim. Mana bu toʻrtliklar oʻshanday onlarning, onamning oʻrmak toʻqib, doʻppi tikib gʻingʻillab aytgan xirgoyilaridan esimda qolgani:

 

Iydirgin mardga meni,

Kuydirgin mardga meni,

Olloh, Olloh, zorim eshit,

Suydirgin mardga meni…

 

Onamning ovozi shirali, xirgoyisi chiroyli edi. Bu satrlarning maʼnosini chuqur tushunmasam-da ularga qoʻshilib xirgoyi qilib oʻtirganlarimni kechagidek eslayman.

Buvijonlar, onajonlarning inson hayotida hal qiluvchi rol oʻynaydi, deb bilaman. Bilmadim, Pushkin enagasi Arina Radionovnadan shunday sehrli ertaklar eshitmaganida bunday yuksakliklarga koʻtarilarmidi?! Muhitda gap koʻp.

Otamning Abdurahmon bova, Abdumoʻmin bova, Rajab bova, Eshon bova kabi qadrdonlari har oʻn-oʻn besh kunda uyimizda kitobxonlik qilishar, bu suhbatlarda navoiyxonlik, fuzuliyxonlik, bedilxonliklardan tashqari ishqiy, sarguzasht dostonlar ham oʻqilardi. Goʻroʻgʻli, Kuntugʻmish, Alpomish, Avazxon kabi koʻplab dostonlar otamning doʻstlari qatori menga ham qadrdon boʻlib qolgandi. Chunki bu kitobxonliklarda dostonu gʻazallarni koʻproq otam Ummatqul Xudoyberdi oʻgʻli oʻqir, chunki otamning qiroati yoqimli, ovozi baland edi. Bu ovoz hali-hanuz tushlarimga kirib turadi. Bu kitobxonliklarda men doimo otamning pinjiga kirib, xayolan Barchinga aylanib Boychiborga dardimni aytar, dostonlar olamida yashardim. Bu dostonlarda yengilmas kuch – Hazrati Ali oʻzi bilan “engsang senga tegaman, yengilsang oʻldiraman” sharti bilan kurashga tushgan Zufununni yengar va uni shu muzofotga podshoh qilib qoldirib, oʻzi yangi muzofotlarni zabt etish yoʻlida ot soldirib ketardi. Men Hazrat Alining yollari boʻron yangliq guvullab ketayotgan otining har yelkasi bir muzofotni koʻtarib ketayotganiga ishonib yashardim.

Bu vaqtlarda otam bogʻbon, onam paxtachilik agronomi boʻlib ishlardi. Meni tuqqan onam Sharofat Xonnazar qizi paxta dalasida oʻqariqdagi dorilangan suvdan ichib qoʻyib, oʻttiz besh yoshlarida dunyodan oʻtganida men ikki yoshga yetmagan goʻdak ekanman. Shunda amakim Ummatqul Xudoyberdi oʻgʻli bilan xolam Qarshigul Xonnazar qizi meni oʻz tarbiyalariga olishgan ekan (biznikilar qarindoshlar bilan qudalashgan ekan). Juda kichik qolganim uchunmi, oʻz onamni eslay olmayman. Biror-bir surati ham qolmagan.

Amakim chin otam, xolam chin onam boʻlib dunyodan oʻtib ketishdi. Ota-onamning tuproq-toʻshaklari pardan boʻlsin, deyman. Nazarimda ular hali-hanuz meni qoʻllayotganga oʻxshaydilar.

Otamning toʻq, koʻk otlari boʻlib, peshonasida katta oq qashqasi boʻlardi. Shundanmi, uni “Olaqashqa” deb atardik. Birinchi sheʼrimni oʻsha otga bagʻishlab yozganman. Baland, rangi toʻq qoramtir, koʻzlari shunday aqlli ediki… Keyin men umrim davomida bunday otni boshqa uchratmadim. Haqiqatan ham bu shunday betakror chiroyli otmidi yo bolalikning koʻzlari katta boʻladi deganlariday, bu mening bolalik tasavvurimmidi, bilmayman… Otam bilan onam “Ilk muhabbat” kitobimni katta mehr-muhabbat bilan kutib olganlari esimdan chiqmaydi.

 

* * * 

Men ona tomondan qayirmalikman. Oʻratepadan yuqoriga qarab oʻrlaganda Shahristonga yetguncha oʻrtamizda Pashshiy, Qipchoq, Kengqoʻl, Qayirma kabi besh-oltita nisbatan kichikroq qishloqlar joylashgan. Yeri quruq, hosildor. Qirlarida qip-qizil, tam-tam olmalarining tozaligi, shirinligini hanuz eslab yuraman. Sel olib ketgan jarliklar, tez oqar jilgʻalarning tiniq suvlari ostida toshlari koʻrinib turardi. Oʻsha jilgʻalarda yalangoyoq suv kechib yurganlarimiz, yetolmay qolgan olmalarimizni suv oqizib ketganini haliyam tushlarimda koʻraman. Tepaliklar, soyliklarda qovul-kavrak, oqqiz, sachratqi, qirqqiz kabi ming xil togʻ oʻtlarining isi haliyam dimogʻimga urilib turganday. Haqiqatan ham men onam pishirgan qayirma patirning taʼmini hali-hanuz hech yerda uchratganim yoʻq.

Qayirma soʻzining maʼnosi obdon yetkazib oʻrganilgan hunar, mahoratdir. Masalan, qayirma patirni har qanday novvoy ham koʻngildagiday qilib yopa olmaydi. Qayirma soʻzining yana bir maʼnosi oʻziga, soʻziga qatʼiy ishonch, qaytmaslik, joʻmardlikdir. Qadimda bir guruh oʻz soʻzidan qaytmaydigan odamlar or talashib turar joylaridan bosh olib ketishayotganda qaytarmoqchi boʻlishadi. Ammo ularning oyoq tirab qarshilik koʻrsatganini koʻrgan boshqa birovlar “qaytarmanglar, qaytarmanglar” deb yoʻl ochishadi. Bu qaysarlik bejiz emasdir. Qayirma mana shu odamlar kelib joylashgan qishloq ekan. Bolaligimda mana shu maʼnodagi gaplardan ota-onam hikoya qilib berishardi…

 

Dilbar MAHMUDOVA

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2015–6

https://saviya.uz/ijod/publitsistika/halima/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x