GEOFIZIK RAZVEDKA USULLARI

GEOFIZIK RAZVEDKA USULLARI — foydali qazilma konlarini qidirish va razvedka qilish maqsadida Yer qobigʻi tuzilishini fizik usullar bilan oʻrganish; geofizikat tarkibiy qismi. Geofizik razvedka usullari tabiiy maydonlar (gravitatsion, magnit, elektr, seysmik, termik, yadroviy nurlanishlar)ni oʻrganishga asoslanadi. Bu maydonlar parametrlari yer ustida, havoda va yer osti (shaxta va burgʻi quduqlari)da oʻlchanadi. Olingan maʼlumotlar geologik strukturalar, ruda va b. konlarning joylashishini aniqlash, asosiy koʻrsatkichlarini oʻrganishda ishlatiladi. Geofizik razvedka usullarida tabiiy va sunʼiy hosil qilinadigan fizik maydonlardan foydalaniladi. Tabiiy maydon usullari nisbatan arzon va bir xildagi, oson solishtiriladigan maʼlumotlar bergani uchun katta hududlardagi ishlarda koʻllaniladi. Bu usul qimmatbaho burgʻilash va togʻ ishlarining aniq yoʻnalishlarini belgilab, ularning samaradorligini oshiradi. Shuning uchun rekognossirovka ishlarida asosan tabiiy maydonli Geofizik razvedka usullari (magnitorazvedka), kichik hududlardagi ishlarda asosan sunʼiy fizik maydonlar (seysmorazvedka) qoʻllaniladi. Qoʻllaniladigan fizik maydonlar tabiatiga qarab, Geofizik razvedka usullari quyidagi xillarga boʻlinadi: Yer tortish kuchi maydonini oʻrganuvchi gravimetrik razvedka; Yer tabiiy magnit maydonini oʻrganuvchi magnitorazvedka; Yerning tabiiy elektr maydonini, asosan, sunʼiy hosil qilinadigan oʻzgarmas va oʻzgaruvchan elektromagnit maydonlarni oʻrganuvchi elektrorazvedka; portlovchi moddalarni portlatish yoki mexanik zarblarda hosil qilinadigan va Yer qobigʻida tarqaluvchi seysmik tebranishlar maydonini oʻrganuvchi seysmorazvedka; togʻ jinslarining issiqlik oʻtkazuvchanligi orasidagi farqqa asoslanib, burgʻi quduqlaridagi t-rani oʻrganuvchi geotermik razvedka; togʻ jinslari va rudalarning tabiiy radioaktiv nurlaiishini oʻrganuvchi yadro geofizikasi; burgʻilash quduqlaridagi fizik maydonlarni urganuvchi karotaj; burgʻilash quduqlari oraliqlaridagi ruda gavdalarini aniqlashga asoslangan burgʻi quduqlari geofizikasi. Geofizik razvedka usullari, ayniqsa, gʻovak qatlamlar ostidagi, chuqur joylashgan, dengiz va okeanlar tubi ostida yotgan foydali qazilma konlarini qidirish va razvedka qilishda muhim oʻrin tutadi (yana q. Geologik qidirish).

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x