Ertak va haqiqat qorishgan adabiyot

Soʻnggi oʻttiz besh yil mobaynida xitoy adabiyoti koʻplab oʻzgarishlarga yuz tutdi, nomoʻtadil ijtimoiy oʻzgarishlar badiiy ijodga salbiy taʼsir koʻrsatish oʻrniga, bilʼaks, ijobiy taʼsir koʻrsatdi: allaqanday yangi, boshqa xalqlar adabiyotiga oʻxshamagan, grotesk va asotirlar, sehr va jodu, real borliq va xayolot dunyosi qorishiq tarzda aks etuvchi gʻayriodatiy adabiyotning yaralishiga poydevor boʻldi. Aynan shu xil adabiyot tufayli hozirgi kunda Osmonosti oʻlkasi olamshumul shuhrat, obroʻ-eʼtibor va eʼtirofga sazovor boʻlmoqda. Xitoyliklar atayotgan “ildizlarni istovchi adabiyot” va Gabriel Konkordia Garsia Markes vakili boʻlgan magik realizm[1] qorishigʻidagi adabiy uslub butun dunyo adiblari uchun kutilmagan yangilik boʻldi. Bu yangilik 2012 yilda Nobel mukofoti sovrindori boʻlgan zamonaviy xitoy adabiyotining eng noardinar yozuvchisi Mo Yan asarlari timsolida aks etdi. Adib adabiyot sohasida Nobel mukofotini olgan Xitoy Xalq Respublikasining birinchi rasmiy vakili sifatida tarixdan joy oldi.

Uning xizmati “xalq ertaklarini tarix va zamonaviylik bilan birlashtirgan gallyusinatorli[2] realizmi”ni adabiyotga tatbiq qilishda, deb bilindi. Koʻpchilik adabiyotshunoslar tan olganidek, adib ijodida xalqona ohang, ogʻzaki ijod, xususan, ertak va asotir janrlariga oid xususiyatlar, tarixiy anʼana va zamonaviylik omuxtaligining mavjudligi uning asarlarini Garsia Markes, Uilyam Folkner va Frans Kafka dunyosi fuqarosiga aylantirdi.

Gohida juda mashhur boʻlish ham yaramaydi. 1944 yilgi Nobel mukofotiga nomzodlar orasida boʻlgan ilmiy fantastika “otasi” Gerbert Uells aynan “juda mashhurligi” sabab mukofotdan benasib qolib ketgan ekan. Qaysidir maʼnoda Tolstoy, Borxes taqdiri ham Uellsnikiga oʻxshash boʻldi. Biroq yozuvchini keng doiradagi mutaxassislarning bilmasligi ham uni mukofot sovrindoriga aylantirishiga yordam beradi, deb boʻlmaydi.

Mo Yanning mukofotga loyiq deb topilishi turli adabiy doiralarda ijobiy munosabat bilan birga, ayrim gʻarblik tanqidchilarning ikkilanishlariga sabab ham boʻldi. Keyingilarni tushunish mumkin: odatda, Nobel mukofoti oʻz sohasida mashhurlikka erishib, tanilganlarga berilar edi. Jumladan, oʻz vaqtida Chingiz Aytmatov bu mukofotga loyiq topilganda, ayrimlar norozi tarzda yuzlarini burishtirib qoʻysalar-da, oxir-oqibat shved akademiklarining tanlov mantigʻini tushunar edilar, chunki MDH oʻquvchilarining koʻpchiligi uchun u tengsiz edi, Ovropa va Amerikada ham uning koʻplab muxlislari bor edi. Biroq 2012 yilgacha Mo Yanni bir-ikki mutaxassisdan tashqari, nafaqat Oʻzbekiston yoki Markaziy Osiyoda, balki Sharqiy Ovropada kim bilar edi? Madaniyati rivojlanib ketgan deb tan olinadigan Ovropa matbuoti oʻz oʻquvchilarini Nobel mukofoti sovrindorini uning… 80-yillarning soʻnggida kinoteatrlarda namoyish qilingan “Qizil gaolyan” filmi orqali eslatmoqchi boʻldi. Laureatlikka tanlanganligini eshitgan Mo Yanning oʻzi ham bu yanglikka hayron qoldi: “Mukofotga loyiq topilganimdan juda ajablanmoqdaman, chunki oʻzimni xitoy yozuvchilari orasida bunga munosib nomzod, deb bilmas edim. Koʻplab yozuvchilar bor, mening darajam unchalik yuksak emas.”

Adabiyot sohasidagi Nobel mukofoti sovrindorlari ancha kamtar boʻlishgan. Bir vaqtlari Nobel mukofotini olgan Iosif Brodskiy ham oʻzidan koʻra mukofotga loyiqroq adiblar sifatida Osip Mandelshtam, Marina Svetayeva, Robert Frost, Anna Axmatova, Uisten Odenlarning nomini keltirib oʻtgan edi. Shuningdek, mukofot laureatlari: Xuan Ramon Ximens – Federiko Garsia Lorkani, Fransua Moriak – Avgust Strindbergni, Uilyam Folkner – Tomas Vulfni, Pablo Neruda – Pol Valerini mukofotga munosibroq, deb bilishgan.

Xitoy katta hududga va son jihatidan dunyoda eng koʻp aholiga ega boʻlgan esa-da, yaqin vaqtlargacha Gʻarb madaniyati uchun zamonaviy dunyoning bir chekkasi sifatida bilingan. Shunday oʻylovchilar Mo Yanning “gallyusinatorli realizm” uslubini oddiy oʻquvchilarga soddaroq qilib, roʻparangizdagi “xitoycha Kafka”, “xitoycha Markes”, “xitoycha Folkner” kabi qiyoslashlar bilan tushuntirdilar.

Toʻgʻri, Mo Yan asarlarida Lotin Amerikasi yozuvchilarining markescha magik realizmini, voqealarning folknercha muallif yurtida sodir boʻlishini, qahramonlar ruhiyatining kafkacha chuqur va mayda detallargacha tahlilini koʻramiz. Qolaversa, gʻaroyib ziyofatlar tasvirida Bulgakovning, “May mamlakati” romanidagi asar ichida asar shaklida “Ming bir kecha”ning bichimini sezamiz. Biroq qaysi ijodkor oʻtmish adabiyotidan ilhomlanmay sanʼatkor boʻlgan? Aslida, Mo Yanning yaxlit uslubi juda originaldir. Bu shunchaki soʻzlar emas. Bizning bir necha yil Xitoyda ilmiy faoliyat olib borganimiz sababli shunday xulosaga kelindi. Yozuvchining shakllanishida xitoy mumtoz adabiyotining, dao, buddaviylik taʼlimotlarining, Shimol va Gʻarbdagi qoʻshnilari qadimgi turkiy xalqlar folklorining taʼsiri katta boʻldi.

Bundan tashqari, adib uslubining shakllanishida makoni Gaomidan 150 kilometrdan nari-beri joylashgan “Lyao Chjayning gʻaroyibotlar haqidagi hikoyalari” asarining muallifi ajdodlari turkiy ildizlarga ega boʻlgan mashhur Pu Sunling (16401715) adabiy uslubi ham oʻz taʼsirini koʻrsatmasdan qolmadi. Yosh Mo Yan ulgʻaygan hududda Pu Sunlingning novellalaridagi borliq va mistik tasavvurlarning omuxta kelishi, ulardagi qiyofasi oʻzgaradigan odamlar, insu jinslarning badiiy tasviri boʻlgʻusi adib dunyoqarashiga oʻz taʼsirini oʻtkazmasdan qolmadi. Jumladan, Pu Sunling novellalarida katta mahorat bilan tasvirlangan tulki qiz Mo Yan asarlarida ham keltirib oʻtiladi.

Tulki qiz – xitoy mifologiyasida koʻrinishini oʻzgartira oladigan va shu jihati bilan oʻzbek folkloridagi alvastini yodga soladigan obraz. Qadimgi xitoyliklarning mifologik tushunchalariga koʻra, tulkilar inson shakliga kirishi mumkin boʻlgan. Bu tulkilar odatiy jonivor boʻlmay, balki tulki qiyofasidagi ruhlardir. Tulkilarning ini koʻp hollarda qabrlar bilan yonma-yon joylashgani uchun ular oʻlganlar ruhining mistik koʻrinishi qabilida tushunilgan.

Mo Yanning asl ismi – Guan Moye. Mo Yan – yozuvchining adabiy taxallusi boʻlib, xitoy tilida “sukut saqla” maʼnosini anglatadi. “Madaniy inqilob” davridagi qaltis hayot tufayli ota-onasi unga, boʻsagʻadan hatlab chiqqan zahoti “ogʻzingni yum, gapirma, boʻlmasa yomon boʻladi”, deb tarbiya berishgan. Shu sabab Guan Moye oʻsha kunlardan esdalik tariqasida “sukut saqla” taxallusini tanlagan.

Mo Yanning yoshlikdagi mashaqqatli hayoti u bilan zamondosh boʻlgan boshqa xitoyliklarnikidan deyarli farq qilmaydi. Yozuvchi 1955 yil 17 fevral kuni Shandun viloyati Gaomi tumani Dalan qoʻrgʻonida dehqon oilasida dunyoga keldi. Xitoyda yuz bergan “madaniy inqilob” tufayli beshinchi sinfdaligidayoq oʻqishni yigʻishtirib non topishga majbur boʻldi. Biroq bu voqealar uning ilmga boʻlgan intilishiga toʻsqinlik qilolmadi. Uning akasi Guan Mosinning xotirlashicha, hayotlari qay darajada nochor boʻlmasin, u (Mo Yan – E. M.) kitob oʻqish uchun har qanday ogʻir yumushlarni bajarishga tayyor boʻlgan, mutolaa uchun kitob topilmay qolganda oʻqish xumorini bosish ilinjida lugʻatlarni ham oʻqiyvergan.

11 yoshida maktabni tark qilgan Mo Yan choʻponlik bilan shugʻullandi. Yolgʻizlikda qolib ketgan bolakayning ovunchogʻi chorva mollari, tabiat qoʻyni boʻldi. Togʻu dashtlardagi yolgʻizlik va surunkali ochlik hissi, bilʼaks, uning kelajakda mashhur ijodkor boʻlishi uchun juda asqotdi. Adibning otashin: “Ovqat uchun men insoniylik gʻururimni yoʻqotdim, ovqat uchun meni kuchuk kabi xoʻrlashdi, ovqat uchun men yozuvchilik yoʻliga qadam qoʻydim”, deb eʼtirof etishi, bejiz emas. Shu sababli Mo Yan asarlarida ochlik va och odamning hissiyotlari tasvirlariga yetarli oʻrinlar ajratilgan. Qolaversa, yosh choʻpon ochlik sabab bir necha marta gallyusinatsiya hodisasini oʻz boshidan kechirdi. Uning jonivorlar bilan dardlashishlari, hayvonlar nazari bilan olamni, oʻt-oʻlanni idrok qilishi, tabiatning, yerning tafti va jonini sezishlari, bularning barchasi ulgʻaya borgan inson tafakkuri prizmasi talqinida badiiy asarlarining oʻziga xos uslubi yuzaga kelishida muhim oʻrin tutdi.

Guan Moyening oʻsmirlik chogʻlari bir tekis kechmadi. Mehnat faoliyatini dastlab dalada boshlagan boʻlsa, keyinchalik zavodda davom ettirdi. 1976 yili 21 yoshida Xitoy xalq ozodlik armiyasiga xizmatga oʻtib, siyosiy boʻlimda faoliyat olib bordi. Hayot Guan Moyega imkoniyatlar eshigini ochdi. Harbiyda u maʼlumot olishni davom ettirdi va 1984 yili Xitoy Xalq ozodlik armiyasi sanʼat akademiyasi tinglovchisi boʻldi. 1991 yili Lu Sin nomidagi Pekin pedagogika universitetining adabiyot fakulteti aspiranturasini tugatdi. 1986 yili Xitoy Yozuvchilar ittifoqiga qabul qilindi. 1997 yili harbiy xizmatdan isteʼfoga chiqqan adib “Szyancha jibao” gazetasining muharriri lavozimida faoliyatini davom ettirdi.

Ayni vaqtda, Mo Yan Xitoy Yozuvchilari ittifoqi raisi oʻrinbosari vazifasini bajarmoqda.

Adibning dastlabki asarlarida hayot uchun doimo kurashda boʻlgan oddiy qishloq odamlarining taqdiri tasvirlanadi. Mo Yanning har bir asari bevosita xalq hayotining boshqalar koʻziga tashlanmaydigan nozik nuqtalarini tasvirlashga bagʻishlangan. Uning ijodi keng qamrovli boʻlib, asar qahramonlari jamiyatning turli tabaqalariga mansub kishilardir. Mo Yanning “Hayot va oʻlim charchoqlari” asarida dehqonning yer bilan munosabati oʻrganiladi. Asar, birinchidan, xitoy tarixi va hozirgi zamonning asosiy masalalari: dehqonchilik, fermerlik munosabatlariga qaratilganligi bilan, ikkinchidan esa, yozuvchining Sharq syurrealistik usullariga asoslangan uslubi haqida oʻquvchida muayyan xulosalar chiqarishga imkon berishi bilan ahamiyat kasb etadi. Mo Yan eʼtiroficha, “Hayot va oʻlim charchoqlari” romani 43 kunda yozib tugallangan. Asarga negiz boʻlgan voqea adib koʻz oʻngida roʻy bergan.

Mo Yan 11 roman, 30 qissa va 80 dan ortiq hikoya, 5 esselar toʻplami, 9 kinossenariy va 2 pyesa muallifidir. Ularning eng mashhurlari “Hayot va oʻlim charchoqlari”, “Qizil gaolyan”, “Sarimsoqpiyoz balladalari”, “May mamlakati”, “Qaddi qomat”, “41 qurol” va “Sandal daraxtining qiynoqlari”dir.

Mo Yan adabiy faoliyatini 1981 yili boshlagan. Dastlabki asarlarini anʼanaviy realistik uslubda yaratdi. Bunda muallif bayon qiluvchi – uchinchi shaxs sifatida namoyon boʻldi. 80-yillarning oʻrtalariga kelib adib bayon uslubini sezilarli darajada murakkablashtirdi.

Adibning 1986 yil nashr boʻlgan Qizil gaolyan”[3] qissasi “Yilning eng yaxshi qissasi” nominatsiyasi boʻyicha Xitoyning milliy mukofotiga sazovor boʻldi.

Asar oʻn toʻqqiz yashar Szyuszi ismli qizni qarzga botgan ota-onasi vino ishlab chiqarish korxonasining egasi – moxov kasalligidan chiriy boshlagan qariyaga erga berish voqealari tasviriga bagʻishlangan. Toʻy marosimi boshlab yuborilganda kelin taxti ravonini koʻtarib boruvchilardan biri boʻlgan yosh va jasur yigit Yuy bilan turmushga chiqayotgan Szyuszi oʻrtasida iliq munosabat paydo boʻladi. Qizga nisbatan nohaqlik boʻlayotganligiga chiday olmagan Yuy qizni oʻgʻirlaydi, ikki yosh joʻxorilar qoʻynidan panoh topishadi va otashin ishqiy munosabatlarga berilishadi. Moxov kasaliga chalingan qariyaning nomaʼlum sabablarga koʻra oʻldirilishidan keyin Yuy va Szyuszi vino korxonasining egalariga aylanishadi va mashhur boʻlgan gaolyan vinosini ishlab chiqara boshlashadi. Biroq tinch va baxtli hayot yapon bosqini tufayli uziladi. Ikki yosh qishloqdoshlari bilan gaolyan dalalarining himoyasiga otlanishadi. Yer yuzi qizil qon va alvon – olov rang may bilan sugʻoriladi. Koʻpgina dehqonlar kabi Szyuszi ham vafot etadi.

“Sandal daraxtining qiynoqlari” romani esa baxshilar uslubini yodga soluvchi saj sanʼati yordamida, xalq ogʻzaki uslubida yaratildi. Roman cevgi tarixiga va 1900 yilgi isyon voqealariga bagʻishlangan.

Mo Yan asarlarida hamma narsa tumandagidek, noaniq; Nobel mukofoti sovrindori aniqlovchi shved akademiklari Mo Yanning aynan shu xil uslubini “gallyusinatorli realizm” deb atashgan, chogʻi. Mo Yanning bayonchilik uslubida real borliq va xayolot dunyosi qorishiq tarzda namoyon boʻladi.

Mo Yanning yuksak badiiy ijodiy uslubining oʻziga xosligi “May mamlakati” asaridagi Din Gouerning mastlik holati aks ettirilgan quyidagi parchada ham koʻrinadi:

Toʻqqiz qadah navbati bilan oshqozondan joy olgandan soʻng, Din Gouer vujudi va idroki bir-biridan ajralayotganligini sezdi. Yoʻq, ajralish emas, toʻgʻriroq aytsak, shunday bir tasavvur paydo boʻldiki, idrok jilvakor naqshli, chiroyli kapalakka aylandi. Uning qanotlari hali yigʻilgan boʻlsa-da, biroq uning parvoz qilishi aniq edi, oʻsha holatda u, boʻynini choʻzgani holda bosh chanoq meridianidan surilib chiqardi. Tasavvurda kapalak aynan hozir qafasdan qutilib, pat singari yengil va bevazmin pillasini tark qiladi.

Endi, barcha koʻndirishlardan keyin, xuddiki hech qanday aks-sado bermaydigan tubsiz quduqni toʻldirishni qasd qilgandek, qadah ketidan qadah ichish qolgan edi. U ichardi, oʻsha vaqtda esa qizilga burkangan uch nozanin koʻzni quvontiradigan va ishtahani karnay qilvoradigan, alanganing issiq tillari yalayotgan, sharsimon chaqmoqning nurlari tovlanayotgan, tutab turgan ajoyib-gʻaroyib taomlarni ketma-ket keltirishar edi. U gʻira-shira tasavvurida ulkan, kattaligi kaftdek keladigan dengiz qisqichbaqasini, semiz, kalta oʻqlovga oʻxshash qizil oʻtkir qaylaga boʻktirilgan oddiy qisqichbaqalar bilan siylanganini, seldirey suvidan zangori tusga kirgan shoʻrvada suzib yurgan, kamuflyaj tusidagi zamonaviy tankni eslatuvchi nimyashil sovutdagi toshbaqani yeganini, yumuq koʻzli va oltin-sariq poʻstli qovurilgan tovuqni paqqos tushirganini, qizil etli baliqning yogʻiga burkangan, ogʻzi hali qimirlab turgan zogʻorabaliqni bartaraf qilganligini, bugʻda pishirilgan va budda ibodatxonasi koʻrinishida sanʼatkorona tarzda terib chiqilgan mollyuskalarning naq togʻini, shuningdek, hozirgina joʻyakdan keltirilgandek, misli tirikdek qizil biqinli rediskalarning butun likopchasini yutganini yodga oldi…

Ogʻiz boʻshligʻida chuchmallik yogʻlik bilan, sirpanchiq yopishqoqlik bilan, shirinlik taxirlik bilan, achchiqlik oʻtkir va tuzlanganlik taʼmlari bilan qorishib ketdi, koʻngilda turli hissiyotlar omuxta boʻldi, nigohi xushboʻy hidlar tumani pagʻa-pagʻasida yoyilib ketardi, havoda suzib yurgan idrokning koʻzi har bir rangning turfa elementlarini tasavvur qilar edi, cheklangan boʻshliqning hamma joylaridagi isning turli shakldagi zarralarning harakatlari aralashib, banket zali geometrik shaklni hosil qilar edi. Ularning ayrimlari muqarrar holda gulqogʻozlarga, deraza pardalariga, divanlarning yopinchiqlariga, chiroqlarga, qizilga burkangan qizlar kiprigiga, partkom kotibi va shaxta direktorining manglaylariga, dastlab shaklsiz boʻlgan, endi tovlanayotgan, egilayotgan nur oqimi shakliga ega boʻlgan…

Keyin koʻp tilli alanga shaklidagi sakkizoyoqqa oʻxshash qoʻl unga qizil uzum mayini uzatayotgandek tuyuldi. Ming bir azob bilan, soʻnggi kuchlarini yigʻib, idrokining qolgan-qutganlari bilan hali hayot tobini yoʻqotmagan tanasining poʻchogʻidan uchib ketayotgan “men”ini majburlab, nigohini bir nuqtaga yigʻib pushtirang nilufarning bir-biriga birikkan gul barglariga oʻxshash qoʻlning aylanayotganini koʻrdi. Qadah ham koʻp qatlamli – u nafis budxona kabi yoki nisbiy moʻtadil va chuqur och-qizil rangli fonda alvon tutun suzib kelayotgan tasvirning maxsus texnika bilan ishlangan fotosuratiga oʻxshash. Bu mayning idishi emas, bu hozirgina ufq ortidan koʻringan quyosh, bu sovuq goʻzallik ila tovlanuvchi qizil shar, bu seviklining yuragi…

Shiftga qadar koʻtarilgan idroki sovuq iljaydi:… Foniy tanani tark qilgan idrok qanotlarini yozgancha banket zali boʻylab parvoz qildi. Gohida u derazalarning shoyi pardalariga tegib ketar edi… gohida billur munchoqlari nurni qaytaruvchi qandilga, gohida, qizilga burkangan qizlarning qirmizi lablariga tegib ketar edi. Tekkan joylarning izlari hamma joylarda – piyolalarda, may idishlarida, pol yoriqlarida, soch oʻrimi oralarida, sigareta filtrlari teshikchalarida qolar edi…[4]

Qahramon shaxtadagi asosiy missiyasi nima ekanligini asta-sekin yoddan chiqardi. Nazarimda, bu tasvirlarga Bulgakovning “Usta va Margarita”si oʻz taʼsirini koʻrsatgan. Dastlab gʻayratli boʻlgan tergovchi shaxtadagi gʻaroyib, hatto fantastiknamo personajlar dunyosi qoidalariga qarshi bora olmaydi. Uning oʻzi bilan ham allambalo holatlar roʻy bera boshlaydi. Qattiqqoʻl amaldordan tonggi bosh ogʻriqqa davo istab may ichadigan maxmurga aylanadi, sarxushlikda goh shiddat bilan kurashga chogʻlanadi, goh ruhan parchalanadi, sochiladi, natijada kimlik (hujjat)siz, chaqasiz daydi savdoyi qadar tubanlasha boradi. Aslida, Din Gouerning bu koʻylarga tushishi adib tanlagan uslub – gallyusinatorli realizm metodi sababli ruy berdi. Bu metod esa keltirib oʻtganimizdek, adibga Nobel mukofotini taqdim qildi.

Asarning soʻnggida tergovchi, yosh adabiyotchi va “odamxoʻrlar” dunyosi birlashadi. Oʻrta yosh, toʻladan kelgan, siyraksoch va qiyshiq ogʻizli yozuvchi Mo Yan romanini tugatib, yosh adabiyotshunos oʻrtogʻining taklifiga koʻra Szyugoga yoʻl oladi va romanning tugashida roman personajlaridan biri sifatida keltirib oʻtilgan qahramonlar davrasidan joy oladi.

Nemis tarjimoni, xitoyshunos Volfgang Kubin bir intervyusida Mo Yan gʻalabasining diqqatga molik jihatlaridan biri sifatida uning zamonaviy xitoy yozuvchilari orasida eng sarasi emasligini qayd qildi. Bu bir munosabat. Volfgang Kubinning soʻzlari chin boʻlsa, unda Mo Yan yutugʻida tarjimonlar, amerikalik Hovard Golblatt va shvetsiyalik Anna Gustafsson Chenlariga alohida tasanno bildirishi kerak boʻladi. Chunki Kubinning taʼkidlashicha, bu tarjimonlar adib tiliga xos boʻlgan stilistik dagʻallikni silliqlashtirib, beparda tasvirlarni olib tashlashdi. Shu sababli ochiq sahnalar tasvirlaridan parhez qilmaydigan Mo Yan asarlarini yaqin kunlargacha xitoy maktab dasturiga kiritishmagan ekan. Zamonaviy xitoy adabiyoti va Mo Yan haqida adib asarlarini rus tiliga oʻgirgan Igor Yegorov shunday deydi: “Umuman olganda, zamonaviy xitoy adabiyoti, bor yoʻgʻi, 30 yil oldin, jamiyatdagi islohotlar bilan birga vujudga keldi. U davrgacha esa, namunaviy tashviqotlar adabiyoti mavjud boʻlib, ularni oʻqish mumkin emas edi. Ushbu 30 yil ichida qator yozuvchilar yetishib chiqishdi, ulardan biri – Mo Yan. Uni dunyo adiblari darajasiga yetishgan oʻziga xos iqtidor egasi, deyish mumkin. Men uni Garsia Markes, Kavabata bilan bir oʻringa qoʻyaman”.

Mo Yan sovrindor boʻlishiga qadar hech qachon xitoyda zamonaviy adabiyotning eng mashhur yozuvchisi boʻlmagan, lekin ilgʻor yozuvchi sifatida tan olingan. U bilan birga ulgʻaygan avlod vakillari keyingi 30 yil mobaynida Gʻarb adabiyotidan koʻp narsalarni oʻrgandi, Xitoy mumtoz nasriga xos boʻlgan gʻayritabiiy voqealar tasviri bilan Ovropa romantizmining uslub va shakllarini uygʻunlashtirib tajribalar oʻtkazishdi va adabiyotning anʼanaviy mezonlarini tan olmaydigan oʻzgacha bir adabiyotni yaratishdi. Mo Yan asarlari bu adabiyotning ayni vaqtdagi choʻqqisi ekanligini tan olishdi.

Shved akademiyasining doimiy kotibi Petr Englund soʻzlariga qaraganda, Mo Yan nomzodi obdan oʻylanib tanlandi. Yozuvchi oʻquvchiga oʻziga xos xitoy dehqonchilik muhitiga nazar tashlash imkonini berdi, bunda adibning kelib chiqishi Xitoyning tashqi olamga umuman notanish boʻlgan chekka va kishi bilmas qoʻrgʻonidan ekanligi ham muhim, uning yumorga va tabiat lirikasiga boy mualliflik uslubi esa Folkner, Dikkens va Rable kabi dunyo tan olgan yozuvchilar asarlarini yodga soladi.

Balki, oʻzbek kitobxoni oʻqiydigan kitob mezonul avzoni xiyla boʻlakchadir. Teran ruhiy kechinmalarga, falsafiy mushohadalarga chorlovchi, ulugʻ ajdodlar faoliyatlarini yorituvchi, qahramonlik, ishq-muhabbat, sadoqat kabi gʻoyalarni ulugʻlovchi mumtoz asarlar elimiz orasida doimo sevilib oʻqilgan. “Oʻtgan kunlar”, “Yulduzli tunlar” bilan ulgʻaygan mushtariy globallashuv jarayonidagi yangi adabiyot mazmun-mohiyatini tushunishi, uni qabul qilishi, balki biroz qiyin kechishi mumkin. Mo Yan asarlari uslubining Ovropada yuksak eʼtirof etilishi zamonaviy adabiyotga, badiiy asarlar shakl va mazmuniga boʻlgan talablarning tubdan oʻzgarib ketganini yaqqol koʻrsatib turibdi.

 

Erkin MUSURMONOV

 

“Sharq yulduzi”, 2014–5

 


[1] Magik realizm — borliqning realistik tasviriga sehr elementlarini qoʻshish.

[2] Gallyusinatorli-gallyusinatsiya (yoʻq narsalarning sezilishi, koʻrinishi) taʼsirida vujudga keluvchi holat, alahlash. (D.N. Ushakov.Tolkoviʼy slovar, 1935.)

[3] Gaolyan – xitoy joʻxorisi. Asarda joy nomi maʼnosida kelgan.

[4] Maqola muallifi tarjimasi.

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/ertak-va-haqiqat-qorishgan-adabiyot/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x