Adabiyot muzeyi


Post Views:
2 245

O‘zbekiston FA Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyi (Navoiy ko‘chasi, 69-uy) – dastlab 1940 yil Alisher Navoiy tavalludining 500 yilligi munosabati bilan Respublika ko‘rgazmasi tariqasida tashkil topgan. O‘zbekiston FA Til va adabiyot instituti bo‘limi (1944–68), Akademiyaning Adabiyot muzeyi (1968–78), H.S. Sulaymonov nomidagi Qo‘lyozmalar institutining muzey bo‘limi (1979–91). 1991 yildan O‘zbekiston FA Adabiyot muzeyi. 1967 yil Alisher Navoiy nomi berilgan.

Muzey binosi me’moriy jihatdan o‘ziga xos bo‘lib, uslub jihatdan bevosita klassik shakl va qismlardan foydalanilgan (1933–36 yillarda qurilgan).

Muzeyda 30000 dan ortiq eksponat, ashyo va hujjatlar bor (2008).

20-asrning 70-yillarida xalq orasiga ko‘plab ekspeditsiyalar uyushtirilib, 2 mingdan ortiq qo‘lyozma jamlangan. Parij milliy kutubxonasi, Istanbul To‘pqopi saroyi kutubxonasi, Oksforddagi Bodli kutubxonasi va Hindistondagi fondlarda saqlanayotgan qo‘lyozmalarning mikrofilmlari, kitobat san’ati va Sharq miniatyuralari noyob namunalarining rangli slaydlari olib kelindi.

Muzey YUNESKOning temuriylar davri san’atini o‘rganishga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy simpoziumi oldidan Hamid Sulaymon tashabbusi bilan «Boburnoma rasmlari» albomini xorijda nashr etdi. Bu albom 1971 yil Leypsig shahrida o‘tkazilgan xalqaro ko‘rgazmaning sovriniga sazovor bo‘ldi.

Adabiyot muzeyida 20-asr o‘zbek adabiyoti namoyandalarining shaxsiy arxivlari o‘rin olgan bo‘lib, ular asosida ilmiy tavsiflash ishlari olib boriladi. «Adabiyot ko‘zgusi» ilmiy to‘plami muntazam nashr etiladi. Muzey 2 yo‘nalish («Milliy adabiyot tarixi» va «Adabiy manbashunoslik va matnshunoslik» ixtisosliklari) bo‘yicha o‘z aspiranturasiga ega (1992 yildan).

Muzeyda ekspozitsiya, qo‘lyozmalar, o‘zbek adiblarining arxivini tavsiflash bo‘limlari faoliyat yuritadi.

Ekspozitsiya bo‘limi muzey binosining uch qavatida joylashgan. Unda adabiy merosimizning, shuningdek, Markaziy Osiyo madaniyati va san’atining noyob durdonalari namunalari – kitob, miniatyura, xattotlik, naqqoshlik, musiqa va me’morchilik asarlari qo‘yilgan. Bo‘limda 30 dan ziyod ekspozitsiya zallari bo‘lib, ular quyidagi davrlarga ko‘ra ajratilgan: «Temuriylar davri o‘zbek madaniyati va adabiyoti tarixi»; «Alisher Navoiy hayoti va ijodi»; «Bobur va boburiylar davri o‘zbek adabiyoti tarixi»; «17–19-asrlar o‘zbek adabiyoti tarixi»; «20-asr o‘zbek adabiyoti tarixi». «Qardosh xalqlar adabiyoti», «O‘zbek xalq og‘zaki ijodi» xonalari. Koreys adibi Cho Min Xi va professor H.Sulaymon memorial xonasi ham ushbu bo‘lim tarkibidadir.

O‘zbek adiblarining arxivini tavsiflash bo‘limida milliy uyg‘onish davrining yetuk siymolari – Behbudiy, Fitrat, So‘fizoda, Haziniy, Hamza, CHo‘lpon va boshqalar hayoti va ijodi haqida ma’lumot beruvchi materiallar (kartina, turli inshootlar maketi, kitob, qo‘lyozma nusxalari, dastxatlar va boshqalar) bor. Keyingi zallarda esa Abdulla Qodiriy, Ayniy, Fafur Fulom, Oybek, Shayxzoda va b. ulkan adabiyot namoyandalari haqida ko‘rgazma materiallari joylashgan.

Muzey qo‘lyozmalar fondida umumiy soni 1000 dan ortiq qo‘lyozmalar, 2000 ga yaqin bosma kitoblar saqlanadi. Bu, asosan, o‘zbek mumtoz adabiyoti namunalaridan iborat (Mahmud Zamahshariyning «Muqaddamat ul-adab» asarining dunyoda yagona to‘rt tilli qo‘lyozmasi, Boburning «Mubayyin» asari, Abdurahmon Jomiyning «Kulliyoti» va b.). 2001 yil muzey qo‘lyozmalar fondi yana bir noyob manba bilan boyidi. O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov tomonidan Alisher Navoiyning «Xazoyin ul-maoniy» asarining 17-asrda ko‘chirilgan nodir nusxasi muzeyga hadya etildi.

Muzey olimlari tomonidan o‘zbek, rus va ingliz tillarida qo‘lyozmalar katalogi tuzilgan, o‘nlab monografiya, risolalar nashr etilgan.

Muzey olimlari Yaponiya, Janubiy Koreya, Eron, Turkiyada o‘tkazilgan ilmiy anjumanlarda ma’ruzalar va ko‘rgazmalari bilan qatnashadi. Xorijlik hamkasblari bilan an’anaviy ravishda ilmiy-amaliy anjumanlar tashkil etadi. Muzey ilmiy hamkorlikning turli sohalarida munosib ishtirok etib kelish bilan birga, istiqloldan so‘ng 30 dan ortiq turli xalqaro va respublika miqyosidagi anjuman va tadbirlarda qatnashdi. Muzey Xalqaro muzeylar kengashi (IKOM) a’zosidir.

«Toshkent» ensiklopediyasi. 2009 yil

https://shosh.uz/uz/adabiyot-muzeyi-2/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x