Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur: ariz bahriga munosabat

Annotatsiya

Maqolada Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Boburning ariz bahri xususidagi yondashuvlari tadqiq etilishi barobarida, bu bahr haqidagi dastlabki qarashlar Shayx Ahmad Taroziyning “Funun ul-balogʻa” risolasida uchrashi haqida toʻxtalib oʻtiladi. Alisher Navoiyning “Navodir ush-shabob” devonidagi 322-gʻazal aynan ariz bahrida yaratilganligi aniqlanadi.

Annotatsiya

V statye rassmatrivayutsya nauchniʼe podxodiʼ Alishera Navoi i Zaxiriddina Muxammada Babura otnositelno poeticheskogo metra ariz, vmeste s tem, privodyatsya svedeniya o rannix vzglyadax po dannomu voprosu, vstrechayushʼiyesya v traktate Sheyxa Axmada Tarazi “Funun al-balaga”. Opredelyaetsya, chto gazel Alishera Navoi, otmechennaya pod № 322 v divane “Navadir ash-shabob”, napisana imenno etim metrom.

Annotation

In this scientific article both views of Ali-Shir Navoi’s and Zahir ad-din Muhammad Babur and firstly opinions about bahr of ariz was given in Shaykh Ahmad Tarozi’s “Funun al-balagah” are researched. After researching it is known that the 322th-gazal, was placed in divan of Ali-Shir Navoi “Navodir ash-shabab” has been created in the bahr of ariz.

 

Tayanch soʻzlar: ariz, tavil, maqlubi tavil, arizi musammani musabbagʻ, muxtalif ul-ajzo, mustaʼmal, mustaʼmali matbuʼ, ritmik pauza, hazaji musammani mahzuf, hazaji musammani mahzufi maqsur, doirai muxtalifa.

 

Mumtoz sheʼrshunoslik ilmi aruz vazni bilan chambarchas bogʻliq. Mumtoz ijodkorlarimiz bu ilmni amaliyot bilan birga qoʻshib olib borganlar, zero shoirlarning badiiy mahorati muayyan maʼnoda ularning oʻz sheʼrlarida aruz qonun-qoidalariga qay darajada rioya qilishlari bilan ham belgilangan.

Shayx Ahmad Taroziyning “Funun ul-balogʻa”, Alisher Navoiyning “Mezon ul-avzon”, Zahiriddin Muhammad Boburning “Risolai aruz” asarlari XV-XVI asrlarda turkiy aruzshunoslik alohida soha sifatida rivojlanganligini koʻrsatadi. Ayniqsa, Boburning “Risolai aruz” asari aruzning nazariy asoslari ancha batafsil bayon qilib berilganligi bilan aruzshunoslik tarixida alohida mavqega ega. Risolada anʼanaviy 19 bahrga qoʻshimcha tarzda ariz va amiq bahrlari ham tahlilga tortilgan.

Bobur oʻz risolasida ariz bahri haqida maʼlumot keltirar ekan, bu bahrning arab aruzida mavjud emasligini, balki fors shoirlarining ixtirosi ekanligini alohida taʼkidlaydi: “Bu vaznda toziy (arabcha – D. Yu.) sheʼr topmaydurlar. Bu bahrni ajam shuʼarosi paydo qilib maqlubi tavil (tavilning ziddi – D. Yu.) debturlar, ariz ham derlar”.[1] Shuningdek, Bobur ariz bahrining mafoiylun fauvlun mafoiylun fauvlun (chizmasi: V–– – | V–– | V–– – | V–– ) ruknlarining takroridan vujudga kelishi haqida ham aytib oʻtadi.

Shu oʻrinda bahrning “maqlubi tavil” deb ham atalishiga toʻxtalib oʻtsak. Maʼlumki, tavil bahri arab aruziga xos boʻlib, fauvlun mafoiylun fauvlun mafoiylun (V–| V–– – | V–| V–– – ) ruknlari asosida hosil boʻladi. Agar eʼtibor qaratilsa, ariz bahri aynan shu ruknlarning teskari – oʻrin almashinib kelgan holdagi takroriga asoslanadi, yaʼni arizda avval mafoiylun rukni, soʻng fauvlun rukni keladi.

Shu bois ushbu bahr forsiy aruzshunoslikda maqlubi tavil deb atalgan.[2]

Shayx Ahmad Taroziy oʻzining “Funun ul-balogʻa” asarida muxtalif ul-ajzo (turli asl ruknlardan hosil boʻluvchi) tarkibiga kiruvchi 32 bahrni sanab oʻtar ekan, bu bahrlar bir-birining aksi, yaʼni teskari holdagi takroridan hosil boʻlishini aytadi: “Bilgilkim, bu oʻttuz ikki bahrkim, muxtalif ul-ajzodur, har ikki bahr bir-birining aksidur…” (151-b.) Taroziy dastavval tavil degan bahr nomini keltirib, uning mafoiylun fauvlun mafoiylun fauvlun ruknlari takroriga asoslanishini taʼkidlab oʻtadi. Bu ruknlarning aksi, yaʼni fauvlun mafoiylun fauvlun mafoiylun tarzida takrorlanuvchi bahr nomini esa jazil deb koʻrsatadi. Bu oʻrinda biz tahlil qilayotgan ariz bahri “Funun ul-balogʻa” asarida tavil nomi bilan kelayotganligini koʻrishimiz mumkin. Arab va fors adabiyotshunosligida tavil nomi bilan mashhur boʻlgan bahr esa jazil nomi ostida berilyapti. Demak, ariz bahri turkiy aruzshunoslikda Bobur risolasidan ilgari ham maʼlum boʻlib, faqat u tavil nomi bilan keltirilgan.

Bobur risolaning bahrlar tahliliga doir qismida ariz bahridan hosil boʻluvchi toʻrt mustaʼmal (isteʼmoldagi) vazn haqida maʼlumot berib, bu vaznlarning ikkitasi mustaʼmali matbuʼ (isteʼmoldagi yoqimli) ekanligini taʼkidlaydi. Ulardan biri – arizi musammani solim vazniga oʻzining

Labing marjon, tishing dur, xating rayhon, xading gul,

Soching anbar, yuzung hur, menging moʻlton, yuzung mul

baytini misol qilib keltiradi. Bu bayt shoirning “Devon”ida uchramaydi, mazkur holat Boburning yuqoridagi baytni shunchaki tajriba uchun, tahlil qilinayotgan vaznga misol sifatida yozganligini koʻrsatadi. Ariz bahrining arizi musammani maqbuz (ruknlari va taqtiʼi: mafoilun fauvlun mafoilun fauvlun VV–| V| VV–| V– ) vazni uchun esa Toriy taxallusli shoirning

Sangaki bargi guldin libos qilsa boʻlgʻay,

Gule bu gulshan ichra qiyos qilsa boʻlgʻay

bayti keltirilgan, afsuski bu turkiyzabon shoir haqida hozircha manbalarda biror maʼlumot yoʻq.

Diqqatni tortadigan jihati, shu oʻrinda arizi musammani musabbagʻ vazni uchun misol sifatida Alisher Navoiydan ham bir bayt keltirilgan. Kuzatishlarimiz asosida maʼlum boʻldiki, ushbu misol shunchaki bir baytli parcha boʻlmay, “Xazoyin ul-maoniy”dan oʻrin olgan gʻazal matlaʼsi ekan. Bobur keltirgan ushbu bayt quyidagicha:

Sanoyi zoting ichra topib ajz, ahli idrok,

Gahi louhsi aytib zamone “mo arafnok”.[3]

Mazkur matlaʼ “Navodir ush-shabob” devoniga 322-raqam bilan kiritilgan boʻlib, mavzusiga koʻra hamd gʻazal hisoblanadi:

“Sening zoting va maqtoving taʼrifida ahli idrok ham zaifdirlar, “biz seni yetarlicha anglay olmadik” degan son-sanoqsiz eʼtiroflar senga atalgandir”.

Yaratganning buyukligi va bandaning ojizligi bayoni aks etgan ushbu matlaʼ iqtibos sanʼati vositasida ziynatlanib, shohbayt darajasiga koʻtarilgan.

Gʻazal matlaʼsini taqtiʼ asosida koʻradigan boʻlsak, quyidagi manzara hosil boʻladi:

Sanovu zoting ichra topib ajz, ahli idrok,

V–– – | V–– | V–– – | V–~

Gahi louhsi aytib zamone mo arafnok.

V–– – | V–– | V–– – | V–~

 

Darhaqiqat, ushbu taqtiʼ gʻazalning arizi musammani musabbagʻ (ruknlari va taqtiʼi: mafoiylun fauvlun mafoiylun fauvlon) vaznida yaratilganligini koʻrsatadi.

Alisher Navoiy “Mezon ul-avzon”da aruzshunoslikda mavjud boʻlgan anʼanaviy 19 bahr haqida maʼlumot berar ekan, ariz bahriga toʻxtalib oʻtmaydi. Lekin bu Alisher Navoiy mazkur bahr bilan tanish boʻlmagan, degani emas. Chunki Navoiy “Mezon ul-avzon”ning kirish qismida oʻzi istifoda etgan manbalar qatorida Nosiriddin Tusiyning “Meʼyor ul-ashʼor” asarini ham eslab oʻtadi. Tusiyning asarida esa ariz bahri “maqlubi tavil” nomi bilan keltirilgan.

Shu oʻrinda savol tugʻiladi: nima uchun Alisher Navoiy bu bahr haqida “Mezon ul-avzon” asarida maʼlumot bermagan? Gap shundaki, ariz bahri mafoiylun asl rukni va uning fauvlun tarmogʻiga tarkib jihatdan oʻxshash ruknlardan tuzilgan. Shundan kelib chiqib, mumtoz aruzshunoslikda mazkur bahrga alohida bahr sifatida emas, balki hazaj tarkibidagi vaznlardan biri sifatida qarash ham mavjud boʻlgan.[4] “Mezon ul-avzon”dan bir oz ilgariroq yaratilgan Jomiyning “Risolai aruz” asarida ham bu bahr alohida keltirilmaydi. “Mezon ul-avzon” uchun Jomiy asarini tayanch manba sifatida olgan Alisher Navoiy ustozi Jomiy izidan borib, mazkur bahrga alohida toʻxtalib oʻtmagan.[5] Endi mulohaza tugʻiladi: modomiki, tavil bahri hazaj bahri singari fauvlun va mafoiylundan tarkib topgan boʻlishiga qaramay, aruzshunoslikka doir barcha manbalarda alohida bahr sifatida keltirilar ekan, nega aynan shu ruknlarning oʻrin almashinuvidan hosil boʻladigan ariz bahrini mustaqil bahr sifatida keltirish mumkin emas? “Funun ul-balogʻa” muallifi ham, Bobur ham aynan shuni eʼtiborga olib, ariz bahrini alohida bahr sifatida keltiradilar. Bobur hatto mazkur bahrni alohida doira – “Doirai muxtalifa” tarkibiga ham kiritadi.

Ushbu bahrning ohang xususiyatlariga eʼtibor qaratsak, alohida bir jihatga guvoh boʻlamiz: har bir misrada birinchi va ikkinchi ruknlar, yaʼni fauvlun mafoiylundan soʻng ritmik pauza keladi va bu pauza misrani teng ikki boʻlakka boʻladi:

 

Sanovu zoting ichra | topib ajz ahli idrok,

V–– – V–– / V–– – V–~

Gahi louhsi aytib / zamone mo arafnok.

V–– – V–– / V–– – V–~

 

Biz bunda har ikki rukndan soʻng soʻz ham tugayotganligini kuzatamiz va bu holat barmoq vaznidagi turoqlar tartibini yodga soladi:

 

7 7

Firoqing soʻgi ichra | kecha koʻzdin sochib ashk,

7 7

Visoling hasratidin | yaqosin subh etib chok.

 

(Tun firoqingning motamidan koʻzidan yosh sochadi,

Visolingning hasratidan tong yoqasini yirtadi).

 

Eʼtibor qaratilsa, har 7 boʻgʻindan soʻng ritmik pauzaning kelishini kuzatish mumkin. Ariz bahriga xos bu xususiyat turkiy til imkoniyatlariga nihoyatda mos kelishini taʼkidlash zarur. Gʻazal oxirigacha (9 bayt) shu tarzda: har yetti boʻgʻindan soʻng ritmik pauzaning yetakchilik qilishi tarzida davom etadi.

Shu oʻrinda yana savol tugʻiladi: Navoiy aruziga doir tadqiqotlarda ushbu gʻazal vazni qanday nom bilan keltirilgan? Navoiy aruzi boʻyicha chuqur izlanishlar olib borgan olimlarimiz S. Mirzayev va A. Hojiahmedov bu vaznni hazaji musammani mahzuf yoki hazaji musammani mahzufi maqsur deb atashgan.[6] Bu yuqoridagi qarashlar asosida olib qaraganda toʻgʻri, lekin hazaji musammani mahzufi maqsur vazni Alisher Navoiydan oldingi va undan keyingi turkiy shoirlar ijodida ham istifoda etilmagan. Bundan tashqari, hazaji musammani mahzuf deyilganda mafoiylun mafoiylun mafoiylun fauvlun ruknlaridan hosil boʻluvchi vaznni ham tushunish mumkin. Chunki turkiy sheʼriyat va dostonchilikda keng qoʻllanilgan hazaji musaddasi mahzuf vazni nomi ostida mafoiylun mafoiylun fauvlun ruknlaridan hosil boʻluvchi vazn nazarda tutiladi. Shundan kelib chiqqan holda bu chalkashlikni bartaraf etish maqsadida ushbu gʻazal vaznini hazaji musammani mahzufi maqsur deb emas, balki arizi musammani musabbagʻ deb belgilash maqsadga muvofiqroq boʻladi.

Ushbu holat Alisher Navoiy sheʼriyatida qoʻllanilgan bahrlar sonini adabiyotshunoslikda keltirilgan maʼlumotlar asosida 12 ta emas, balki 13 ta deb belgilash imkonini beradi. Bu esa turkiy sheʼriyat oʻsha davrlardayoq nafaqat nazariyada, balki amaliyotda ham forsiy sheʼriyat bilan raqobat qila olish imkoniyatiga ega boʻlganligini ikki buyuk daho ijodi orqali yana bir bor isbotlaydi.

  

Foydalanilgan adabiyotlar roʻyxati:

 

  1. Atoulloh Husayniy. Badoyeʼ-us-sanoyeʼ / Forschadan A. Rustamov tarjimasi. – T.: Adabiyot va sanʼat, 1981.
  2. Bobir Zahiriddin. Muxtasar / Nashrga tayyorlovchi S. Hasanov. – T.: Fan, 1971. – 413 b.
  3. Navoiy Alisher. Navodir ush-shabob. MAT. 20 tomlik. – T.: Fan, 1989. T. 4. – 560 b.
  4. Navoiy Alisher. Mezon ul-avzon. MAT. 20 tomlik. – T.: Fan, 2000. T. 16. – B. 43-98.
  5. Nasiruddini Tusi. Meʼyor-ul-ashʼor. – Dushanbe: Oriyono, 1992. – 150 s.
  6. Musulmankulov R. Persidsko-tadjikskaya klassicheskaya poetika (X-XV vv.) – M.: Nauka, 1989. – 240 s.
  7. Toirov U. Farhangi istilohoti aroʻzi ajam. – Dushanbe: Maorif, 1991. – 560 s.
  8. Shayx Ahmad ibn Xudoydod Taroziy. Funun ul-balogʻa. – T.: Xazina, 1996. – 212 b.
  9. Shamsi Qaysi Roziy. Al-moʻjam. – Dushanbe: Adib, 1991. – 464 s.
  10. Hasanov S. Bobirning “Aruz risolasi” asari. – T.: Fan, 1981. – 96 b.
  11. Hojiahmedov A. Navoiy aruzi nafosati. – T.: Fan, 2006. – 288 b.
  12. Hojiahmedov A. Oʻzbek aruzi lugʻati. – T.: Sharq NMK, 1998. – 224 b.

 

Dilnavoz YUSUPOVA

 

“Sharq yulduzi”, 2014–5

 


[1] Bobir. Muxtasar / Nashrga tayyorlovchi S.Hasan. – T.: Fan, 1971. – B. 27.

[2] Bu haqda qarang: Tusiy N. Meʼyor ul-ashʼor. – Dushanbe: Oriyono, 1992; Atoulloh Husayniy. Badoyeʼ-us-sanoyeʼ / Forschadan A.Rustamov tarjimasi. – T.: Adabiyot va sanʼat, 1981; Musulmankulov R. Persidsko-tadjikskaya klassicheskaya poetika (X-XV vv.) – M.: Nauka, 1989; Toirov U. Farhangi istilohoti aroʻzi ajam. – Dushanbe: Maorif, 1991.

[3] Bobir Zahiriddin. Muxtasar / Nashrga tayyorlovchi S.Hasanov. – T. : Fan, 1971. – B. 84.

[4] Hasanov S. Bobirning “Aruz risolasi” asari. – T.: Fan, 1981. – B. 85.

[5] Bu ikki asarning oʻzaro aloqadorligi haqida qarang: D.Yusupova. Jomiy va Navoiy: aruzga doir risolalarning qiyosiy tadqiqi / Oʻzbek filologiyasining dolzarb muammolari. – T.: MUMTOZ SO’Z, 2010. – B. 33-39.

[6] Bu haqda qarang: Hojiahmedov A. Navoiy aruzi nafosati. – T.: Fan, 2006. – B.45; Hojiahmedov A. Oʻzbek aruzi lugʻati. – T.: Sharq NMK, 1998. – B. 207.

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/alisher-navoiy-va-zahiriddin-muhammad-bobur-ariz-bahriga-munosabat/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x