“Gendzi-monogatari”

Romanning asosiy ishtirokchilari

 

Ishtirokchilar bilan tanishtirishdan oldin quyidagi izohlarni qayd etib oʻtishni joiz koʻrdik. Asarning rus tilidagi nashri (Moskva, “Nauka” nashriyotining sharq adabiyoti Bosh tahririyati, 1991–1992 yillar) besh jilddan tashkil topgan boʻlib, dastlabki 4 jildi 54 bobli asar matnidan, 5-jild esa sharhlardan iborat. Asar bosh qahramon shahzoda Gendzining tugʻilishidan to vafotigacha, undan keyin avlodlarining hukmronlik yillari toʻgʻrisida hikoya qiladi. Asarda ishtirok qiluvchi personajlar soni 300 nafardan oshadi. Ularning unvoni yoki saroydagi darajasi oʻsha davr tamoyiliga binoan baʼzan ishtirokchi nomi bilan bir qatorda, baʼzan ishtirokchilarning nomi oʻrnida ishlatiladi, shunga koʻra, xizmat darajasi oʻsgani sayin har bobda personajlarning atalishi ham oʻzgarib turadi. Shular ichida eng asosiylarini keltirib oʻtamiz.

Shahzoda Gendzi – imperator Kiritsubo va Pavloniy gullari xobgohi sohibasining farzandi. Asarda Yosh janob, Tyudzyo, Saysyo-no Tyudzyo, Day-syo, Daynogon, Gon-Daynogon nomlari bilan ishtirok qiladi.

Imperator Kiritsubo – Gendzining otasi, mamlakat hukmdori.

Pavloniy gullari xobgohining sohibasi – Gendzining onasi, Imperatorning joriyasi.

Azeti-no doynagon – uning otasi, imperatorning qaynotasi.

Saxiy mukofotlar qasri sohibasi – Oʻng vazirning qizi, imperatorning joriyasi, boʻlajak Imperator-ona.

Birinchi shahzoda – Bahorgi xobgoh shahzodasi, boʻlajak imperator Sudzaku. Imperator Kiritsubo va uning joriyasi Kokidenlarning birinchi farzandi.

Toʻrtinchi malika-qiz – Glitsiniy gullari xobgohining malikasi, joriya, boʻlajak imperator-xonim Fudzitsubo.

Shahzoda Xebukyo – Sikibukyo, Fudzitsuboning akasi.

Soʻl vazir – Gendzining qaynotasi.

Aoi – Soʻl vazirning qizi, Gendzining rasmiy rafiqasi.

Kurodo-no syosyo – soʻl vazirning oʻgʻli, Aoining akasi.

Rokudzyo-no Miyasudokoro – saroydagi oltinchi qator uyning xonimi, Gendzining mahbubasi.

Dayni – Gendzining enagasi, emizgan onasi.

Koremitsu – enaga Daynining oʻgʻli, Gendzining koʻkaldoshi va doʻsti.

Rohib Adzari – enaga Daynining oʻgʻli.

Syosi bekach – enaga Daynining qizi.

Soʻl vazir uyidagi yosh xonim – Aoi (21 yoshda), soʻl vazirning qizi, Gendzining rasmiy rafiqasi.

“Kechqurungi chehra” gullari ochilgan uyning bekasi – Yugao, 19 yashar, Gendzi sevgan ayol.

Kurodo-no ben – Soʻl vazirning oʻgʻli, Aoining ukasi.

Yosikiyo – Gendzining doʻsti.

Monax Sodzu – Murasaki (Gendzi tarbiyalagan qiz)ning buvisining akasi.

Rohiba – Murasakining buvisi, 40 yoshlarda.

Qizaloq – Murasaki, 10 yoshda.

Syonagon – Murasakini emizgan ayol.

Adzeti-no daynogon – Murasakining bobosi.

Omyobu xonim – Fudzitsuboning xizmatkori.

Ben – xizmatkor xodima, Fudzitsuboni emizgan ayolning qizi.

Oomiya xonim – Soʻl vazirning rafiqasi.

Inuki – Murasakining xizmatkori.

Kichik shahzoda – boʻlajak imperator Reydzey, Fudzitsuboning oʻgʻli.

Gen-naysi-no suke – imperator saroyidagi xonim.

Saxiy mukofotlar saroyining qizi – “Xira bulutlar orasidagi oy” (Oboradzukiyo), Oʻng vazirning qizi, joriya Kokidenning singlisi, Gendzining xufyona mahbubasi.

Amaldagi imperator (Sidzaku) – sobiq imperator Kiritsuboning joriya Kokidendan boʻlgan oʻgʻli.

Imperator-ona – sobiq imperatorning joriyasi, amaldagi imperatorning onasi.

Akikonomu – Ise ibodatxonasi kohini, boʻlajak imperator-xonim, 13-14 yoshlarda, Rokudzyo bilan shahzoda Dzemboning qizi.

“Tonggi chehra” xonim – Asagao xonim, shahzoda Sikibukyoning qizi.

Soʻl vazir uyidagi yosh janob – Yugiri, 1-2 yoshlarda, Gendzi bilan Aoining oʻgʻli.

Gʻarbiy qatordagi uyning yosh xonimi – Murasaki, 13-14 yoshlarda, Gendzi tarbiyasidagi qiz, keyinroq borib uning rafiqasi.

Saysyo – shahzoda Yugirining enagasi.

Shahzoda Soti (Xotaru) – sobiq imperator Kiritsuboning oʻgʻli, Gendzining ukasi.

Nyogo Reykeyden – sobiq imperatorning joriyasi.

Gul toʻkilgan bogʻ sohibasi – Xanatirusato, Gendzining yangi mahbubasi.

 

ROMAN VOQEALARI

 (I jild)

 

Imperatorning saroyida chiroyli xonimlar, bekayu kanizaklar koʻp. Ular ichida bir qiz eng chiroylisi boʻlib, uning ismi Kiritsubo (“Kiritsubo” – “uyi atrofida gul oʻsgan” degan maʼnoda). U oʻzining goʻzalligi, malohati bilan hukmdorni ham hayratga solardi. Imperator uni shu qadar yoqtirar ediki, yonidan bir qadam ham jilmas, hatto davlat ishlariga qayrilib qaramasdi. Bu ahvoldan hasadi qoʻzigan imperatorning boshqa xotinlari va joriyalari Kiritsuboni koʻrgani koʻzi yoʻq. Ayniqsa, shohning rasmiy rafiqasi – Shimoliy xobgoh sohibasi Kokiden Nyogo bu qizni oʻlguday yomon koʻrardi. Taqdirdosh dugonalarining hiyla-nayranglari, raqibasini yoʻqotish uchun qurgan tuzoqlari sababli sohibjamol Kiritsubo koʻp iztirob chekadi, sogʻligʻi ham yomonlasha boshlaydi.

Vaqti-soati kelib Kiritsubo osmondagi oyday porloq yuzli bir oʻgʻil farzand tugʻadi va koʻp oʻtmay qattiq kasalga chalinib, yorugʻ dunyoni tark etadi. Imperator beadoq qaygʻu ichida. Bola 6 yoshga toʻlganda unga Xikaru – porloq (yorqin) deb nom berishadi. Bolaning chiroyidan va aql-farosatidan hamma hayratlanadi.

“Saroyda shoh rasmiy xotini Kokiden Nyogodan tugʻilgan oʻgʻlini chetlab, Xikaruni valiahd qilib tayinlamoqchi emish”, degan gap tarqaladi. Bu orada imperator sevimli farzandining kelgusidagi taqdiridan tashvishlanib, valiahdlik unvoni uning uchun xavf tugʻdirishini sezadi-da, bu beqiyos norasida goʻdak himoyasiz (kimsasiz-qarindoshsiz) qolmasin uchun, endi unga oddiy odamlarga xos Gendzi degan nom beradi.

Gendzi 11 yoshga toʻlganida Chap vazirning qizi – malika Aoiga uylanadi. Aoi Gendzidan 4 yosh katta, chiroyli, mehribon va qatʼiyatli qiz edi. Gendzi onda-sonda boʻlsayam xotinining yonida boʻlib, saroyda koʻproq koʻngilochar oʻyinlar bilan vaqt oʻtkazib yuradi.

Saroyda bu paytda yana bir sohibjamol paydo boʻlgan, u shohning avvalgi mahbubasi Kiritsuboga oʻxshab ketar, ismi esa Fudzitsubo Nyogo edi. Bu joriya asta-sekin qaygʻudagi shohning koʻnglini rom qila boshlaydi. U saroydagi Kiritsuboning oʻrnini egallaydi va malikai Porloq Quyosh degan nom ham oladi. Onasini juda sogʻinib, ichikib yurgan Gendzi bu kanizakning yonidan ketmay qoladi, doim u bilan birga boʻlgisi keladi.

Kunlarning birida Gendzi va uning uch doʻsti (ularning ichida Gendzidan ajralmaydigan To-no Tyudzyo ham bor) saroyning xos xonalaridan biriga kirib olib, ayollar haqida suhbatlashadi. Yigitchalarning har biri ayollarga boʻlgan munosabati, bu boradagi oʻzlarining tajribalari haqida gapirib beradi. Oxiri bu toʻrt yigitcha “xotinlar oʻzi qiziq, ular ichidan umr yoʻldoshi qilib saylab oladigani saroyda yoʻq, ularning hech biri bunga arzimaydi”, degan xulosaga keladilar. Birovi – yaxshi rafiqayu, ammo erining qoʻlini tishlab olishdan ham toymaydigan rashkchi, ikkinchisi – chiroyli, ammo bevafo, uchinchisi – haddan tashqari kamtarin, indamas, pismiq, toʻrtinchisining esa dardi kitob, faqat kitob oʻqiydi, boshqa ish qilmaydi, emish. Bu suhbatda Gendzi ora-chora gapga qoʻshilib, koʻpincha esa jim oʻtiradi.

Boshqa bir kuni Gendzi saroydagi chekka bir uylarning birida chiroyli, suluv qizni koʻrib qoladi – bu qiz Gendzining jonajon doʻsti To-no Tyudzyoning mahbubasi boʻlib chiqadi. Qizning aytib bergan qaygʻuli muhabbat qissasi Gendzini iztirobga soladi. Tyudzyoning qonuniy xotini bu qizni chiqishtiravermagach, bechora Yugao mana shu chekka bir kulbada yashirinib yashayotgan ekan. Gendzini uning husni, aqli-farosati mahliyo qilib, xonadonga tez-tez keladigan boʻlib qoladi. Dastlabki kunlarda u yuziga niqob tortib, oʻzini tanitmay, ismini aytmay keladi. Qiz bilan qancha koʻp suhbatlashgani sayin, Gendzi unga shunchalik bogʻlanib qoladi. Asta-asta ular oʻrtasida kuchli muhabbat paydo boʻladi. Gendzi qizga boshqa uy topishni, shunda ular hech bir toʻsiqsiz, tez-tez uchrashib turishlari mumkinligini aytadi. Shunday kunlarning birida u tunda uygʻonib ketib, yonidagi Yugoaning oʻlib yotganini koʻradi. Bu bechora sohibjamolni Gendzining avvalgi mahbubasining ruhi kelib oʻldirib ketgan edi (Gendzi Yugaodan avval yirik bir amaldorning bevasi bilan vaqti xushlik qilib yurar, bu xotinning ismi Roxudzyo boʻlib, u toptalgan nomusi uchun Gendzidan oʻch olish maqsadida Yugaoga qasd qilgan edi).

Gendzi sarosimada, kasallanib, bir necha kun toʻshak tortib yotib qoladi.

Yugaoning kanizagi (xodimasi) Ukondan Gendzi qizning qismati haqidagi hikoyani eshitadi, Yugao bechora Tyudzyodan bir qiz farzand ham koʻrgan, soʻng bu qizaloqni yoʻqotib qoʻygan ekan.

Yugaoning dafn marosimi oʻtgach, Gendzi oʻz kasalining davosini izlab togʻ tepasidagi ibodatxonaga chiqib ketadi. Togʻning bir yonbagʻridagi kulbada Gendzi oʻzining oʻgay onasi Fudzitsuboga juda oʻxshab ketadigan bir suluvgina qizaloqni uchratadi. Shahzoda bu qizaloqni oʻzi bilan saroyga olib keladi va saroydan unga xona ajratib, qizni parvarishlab, tarbiyalay boshlaydi, boʻsh vaqtini shu qizaloqning tarbiyasiga bagʻishlaydi, qizaloq ham unga juda oʻrganib qoladi.

Kunlarning birida erta bahorda saroyda olcha gullaridan bahra olish bayramida Gendzi Oborodzukiyo (“bulutli tundagi oy”) ismli qiz bilan tanishib qoladi. Oborodzukiyo Kokiden Nyogoning singlisi boʻlib, valiahd shahzodaga joriya qilib biriktirilgan edi. Gendzining otasi – amaldagi imperator taxtidan voz kechgach, uning oʻrniga oʻgʻli – valiahd shahzoda Sudzaku (imperatorning Kokiden Nyogodan tugʻilgan oʻgʻli) taxtga chiqadi. Bu marosimda odam gavjum, koʻchalar ham aravalarga toʻlib ketgan edi. Koʻchada Aoi va Rokudzyo mingan aravalar tiqilinchda toʻqnashib ketadi va Rokudzyoning haqoratlangan bezovta ruhi Aoiga azob berish qasdiga tushadi. Aoi Gendzidan homilador edi, goʻdak tugʻilgach, ona dunyodan koʻz yumadi. Gendzi oʻgʻliga Yugiri deb nom beradi, oʻzi esa rafiqasining vafotidan qattiq iztirobda.

Uzoq vaqt kasallanib qolgan Rokudzyo qizi bilan Ise viloyatidagi ibodatxonaga joʻnab ketadi. Shu yili Gendzining otasi (sobiq imperator) vafot etadi va Gendzi mansub boʻlgan qabila shoh muruvvatidan chetda qolib ketadi. Kokiden Nyogo (yangi imperatorning onasi) vaziyatdan foydalanib, Gendzini yoʻqotish payiga tushadi. Gendzi esa bu paytda saroyda xizmat qilayotgan Oborodzukiyo bilan qalin doʻst boʻlib olgan edi. Bundan xabar topgan shoh onasi Kokiden Nyogo (bosh malika) janjal koʻtaradi. Sobiq imperatorning ikkinchi bevasi Fudzitsubo Nyogo ham oʻzining sirlari fosh boʻlib qolishidan qoʻrqib, sochini taqir qilib oldiradi va rohibalikka joʻnab ketadi. Gendzi ham endilikda oʻgay onasidan yaxshilik koʻrmasligiga koʻzi yetib, poytaxtni tark etishga va vaqtinchalik Suma orolida yashab turishga ahd qiladi. U joʻnab ketishi oldidan Aoining ota uyiga borib, oʻgʻli Yugiri bilan uchrashadi. Fudzitsubo yashayotgan ibodatxonaga borib, u bilan ham xayrlashadi.

Sumada Gendzi yolgʻiz va odamovi holda hayot kechiradi, oʻzining behuda umr koʻrganligi, beqaror xulq-atvoridan oʻkinadi. Fudzitsubo, Rokudzyo, Murasakilar bilan oʻtkazgan suhbatlarini eslaydi, ular bilan xat yozishib-olishadi. Shu tariqa surgunning ikkinchi yilida u tushida otasini koʻradi. Marhum imperator oʻgʻlini ogohlantirib, bu orolni tezda tark etishni aytadi. Gendzi ertasigayoq orolga kelgan darvish-rohiblar bilan bir kemaga tushib, Akasiga – muqaddas ruhlar manziliga joʻnaydi, shu manzilda yashab, imperator tomonidan chiqariladigan avf qarorini kutib vaqt oʻtkazadi. Bu yerda Gendzi shu hudud hokimining qizi (bu qizning ham ismi Akasi) bilan ilakishib qoladi. Gendzi poytaxtga ketayotib bu qizga koto (yapon musiqa asbobi) sovgʻa qilib ketadi.

Poytaxtda Gendzi zoʻr shodu xurramlik, tantanalar bilan kutib olinadi. Kelasi yili Akasi qiz farzand koʻradi, bu Gendzining uchinchi farzandi edi. Saroy munajjimlarining bashoratlariga koʻra, Gendzining 3 nafar farzandidan 2 nafari imperatorlik sharafiga erishmogʻi kerak. Binobarin Gendzi qizining davlat malikasi darajasiga erishishiga ishonib, Akasida qolgan jigarbandlarini (mahbubasi va qizini) poytaxtga chorlab, qizini Murasakiga tarbiyalash uchun berish harakatida. Shu yoʻl bilan qizini oliy tabaqa zurriyodlari uchun zarur ilmu maʼrifat manbalari, shart-sharoitlar ila siylamoqchi. Ammo Gendzining yuksak martaba, asʼasa-yu dabdabalarini uzoqdan koʻrib, oʻzining past tabaqadan ekanligidan uyalgan ona Akasi qaygʻuga choʻmadi-da, oʻzi va qizini chetga tortib, odamlarga koʻrinmay qoʻya qoladi. Bu paytga kelib, Gendzining saroydagi mavqei ancha mustahkamlangan, imperator Sudzaku isteʼfoga chiqib, uning oʻrniga Gendzining Fudzitsubodan boʻlgan farzandi Ryodzen taxtga chiqqan edi.

Gendzi baribir Akasida qolib ketgan mahbubasi va qizi uchun qasr qurdiradi, ularni shu yerga – oʻziga yaqin joyga oldirmoqchi…

 

ShARHLAR

 

Bundan qariyb 900 yillar muqaddam – XII asrda yaratilgan dastlabki yapon adabiyotshunoslik risolasi “Mumyodzosi” (“Nomaʼlum bitiklar”) asarida shunday yozuvlar bor: “Odamlar qoʻshiq toʻqiydilar, sheʼr yaratadilar, ularni yozib boʻlgach, ostlariga oʻz nomlarini qistirib qoʻyadilar. Shunday qilib yuz yil, ming yil oʻtadi, ushbu bitiklarni boshqa bir odamlar oʻqiydi va shunday tuygʻuni his qiladilarki, goʻyo oʻsha ijodkorning oʻzi bilan suhbatlashayotganday tuyuladi. Darhaqiqat, mana shuning oʻzi gʻoyat mutaassirona bir holatdir!..” Bu soʻzlarni bundan roppa-rosa ming yil muqaddam yaratilgan “Gendzi-monogatari” asari haqida ham aytish mumkin. Shu oʻrinda “monogatari” turkumidagi asarlar haqida ham gapirib oʻtish joiz. “Monogatari” – yaponcha “qissa”, “nima haqidadir gapirmoq” degan maʼnolarni anglatadi. Adabiy janrda esa bu soʻz har qanday roman yoki epopeyaga nisbatan ishlatilishi mumkin. Binobarin, “Gendzi-monogatari” soʻzi ham “Gendzi haqida qissa”, “Gendzining boshdan kechirganlari” degan maʼnolarni bildiradi.

“Gendzi-monogatari” romani – yapon mumtoz adabiyotining eng yirik, muhtasham obidalaridan biri. Uning dunyoga kelishi X-XI asrlardagi Xeyan madaniyatidagi eng yuksak choʻqqi-voqealardan hisoblanadi. Asar oʻsha zamonlardayoq saroy aʼyonlari orasida, keyinroq esa oddiy halq ichida ham koʻp oʻqilgan, koʻp koʻchirilgan, har bir oila oʻz uyida ham bu asardan bir nusxa boʻlishi uchun harakat qilgan.

Roman voqealari 70 yillik davrni qamrab oladi. Asar markazida imperatorning farzandi – shahzoda Gendzining hayoti, ishqiy sarguzashtlari oʻrin tutadi. Tugʻilgan paytidanoq oʻzining goʻzal chehrasi va boshqa ajoyib xislatlari ila koʻzni quvontirgan Gendzi hammaning ardogʻida edi. Asar muallifi Murasaki Sikibu xonim bevosita saroyda, imperator rafiqasiga xizmat qiluvchi xodima boʻlganligi sababli ham, saroy sharoitida oʻtkaziladigan birorta bayram yoki marosimni, urf-odatlarni, voqealarni oʻtkazib yubormay, ularni sinchiklab oʻrgangan va oʻz asarida yoritib bera olgan. Shuning uchun bu asarning yapon davlatchilik tarixida, oʻsha davr xalq hayotini oʻrganishda ahamiyati juda katta. Oʻsha zamon yapon xalqi hayotini, saroy ahlining turmush tarzini, qalb kechinmalarini benihoya sergaklik ila, butun ikir-chikirlari bilan batafsil tasvirlab bergan asar, muallifning teran bilimi, eruditsiyasini, aql-zakovatini, iqtidori va salohiyatini dunyoga koʻz-koʻzlab kelayotgan muhtasham asar ana shu tariqa yaratildi. Ungacha esa, Yevropa mezonlariga koʻra, asar voqealarini yorqin tasvirlagan roman jahon adabiyotida hali dunyoga kelmagan edi.

“Xeyan davrida goʻzallikni idrok qilish anʼanalari endigina shakllanib kelmoqda edi, – deb yozadi mashhur adib Yasunari Kavabata oʻz tadqiqotlarida. – Bu anʼanalar undan keyingi sakkiz-toʻqqiz asr mobaynida yaratilgan adabiyot namunalariga taʼsir koʻrsatibgina qolmay, balki bu adabiyotning mohiyatini, xarakterini ham belgilab berdi”. Kavabataning fikricha, mana shunday milliy tafakkur anʼanalariga toʻyingan asarning endilikda adabiyot moʻjizasi sifatida dunyoda tan olinishi bejiz emas edi.

 

Murasaki SIKIBU

(X asr oxirlari – XI asr boshlari)

 

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–5

https://saviya.uz/ijod/nasr/gendzi-monogatari/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x