Dard bilan tugʻiluvchi moʻjiza

Oʻtkir Hoshimov va “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasining muxbiri suhbati

 

Oʻtkir aka, umuman sanʼatni, jumladan, badiiy adabiyotni chinakam moʻjiza deb ataydilar. Sizningcha, bu juda ham “oshirib” yuborilgan tashbeh emasmi?

Yoʻq! Menga qolsa, badiiy ijod sanʼatning hamma turlari orasida eng sirli moʻjiza degan boʻlardim.

Tasavvur qiling: siz sanʼat muzeyiga kirdingiz. Polotnolardagi ranglarni, tabiat yoki inson tasvirini, haykallarni oʻz koʻzingiz bilan koʻrasiz. Yoki teatrga tushdingiz. Aktyorlar qiyofasini, xatti-harakatlarini koʻrib, gap-soʻzlarini oʻz qulogʻingiz bilan eshitasiz. Konsertda esa muzikani qulogʻingiz bilan tinglab, raqqosaning harakatlarini koʻzingiz bilan tomosha qilasiz. Ana shu koʻrish, eshitish sizni hayajonga soladi, qalbingizda hissiy taʼsir uygʻotadi.

Kitob oʻqiganda-chi? Siz qalamkashning oʻzini koʻrmaysiz, ovozini eshitmaysiz. Faqat kitobdagi maʼlum belgilarni, yaʼni, harflarni, soʻzlarni, jumlalarni koʻrasiz. Ammo qulogʻingiz ostida ajib ohanglar jaranglay boshlaydi, gʻalati ranglar, odamlar qiyofasi, inson tuygʻulari, taqdirlari koʻz oʻngingizda jonlanadi. Oʻsha odamlarning birini sevib qolasiz, biridan ranjiysiz. Goh kulasiz, goh koʻzingizga yosh keladi. Bundan besh yuz yil avval yashagan Navoiyning sheʼrlari sizni larzaga soladi. Dunyoning narigi chekkasida yashayotgan Markesning falsafasiga oshno boʻlasiz… Shuning oʻzi moʻjiza emasmi? Dunyoda yaxshi niyatli odamlar bor ekan, badiiy ijod degan chegara bilmas moʻjiza oʻlmaydi. Faqat bir narsani ilova qilish kerak. Haqiqiy moʻjizakor asar dard bilan tugʻiladi. Ogʻir, ammo shirin dard bilan…

Har bir ijodkorning oʻz uslubi boʻladi. Bu uning asarlarida oʻzini namoyon qilib turadi. Sizning asarlaringiz haqida yozishganida “samimiy” degan iborani koʻp tilga olishadi. “Samimiy yozadi”, deyishadi. Bu, albatta, yaxshi. Lekin butun ijodingizni shu xususiyat bilan bogʻlash oʻrinli boʻlarmikan?

Bu gap qayerdan chiqqanini bilmayman. Nosamimiy yozish mumkinmi? Nosamimiy degani yolgʻon, munofiqona gapirish degani! Odam oʻzi ishonmagan narsaga qanday qilib boshqalarni ishontirsin! Men yolgʻon yozyapman, sen esa ahmoq boʻlib ishonaver, deganimi bu?! Yozuvchi oʻzi beqiyos ishongan, yagona haqiqat deb bilgan narsani yozadi. Oʻsha narsa yuragini larzaga solib, chidab boʻlmas zaruratga aylanganidan keyin qoʻliga qalam oladi. Qolaversa, bu uslub emas, ijodning oddiy shartlaridan biri. Yozuvchining oʻquvchiga aytadigan “dardi” qanchalik salmoqli, qancha teran boʻlsa, hikoya ohangi ham shuncha samimiy boʻlaveradi.

Insoniylik va inson qadri. Bu – adabiyotning abadul-abad mavzusi boʻlib kelgan. Ayni paytda, bu mavzu sizning asarlaringiz – “Choʻl havosi”dan tortib “Bahor qaytmaydi”, “Qalbingga quloq sol”, “Nur borki, soya bor”, “Dunyoning ishlari”da, hatto soʻnggi asarlaringiz “Kvazarlar”, “Ikki eshik orasi”, “Ikki karra ikki – besh”ning asosida ham qizil ip boʻlib oʻtadi. Dramalaringizda unga yana qayta murojaat qilasiz. Toʻgʻri, bu mavzuga har gal har tomondan yondashasiz, uning turli qirralarini aks ettirasiz. Xoʻsh, bu mavzuga qayta-qayta murojaat qilishingizning sababi nimada va sizni ijodkor sifatida oʻz-oʻzingizni takrorlab qoʻyish xavfi choʻchitmaydimi?

Xafa boʻlmang-ku, bu fikringizga ham qoʻshilmayman. Toʻgʻri, inson qadr-qimmati masalasi adabiyotning oʻzak maqsadiga – gumanizmga borib tutashadi. Bu mavzuga har bir qalamkash qayta-qayta murojaat qilishi mumkin. Chingiz Aytmatovning “Birinchi muallim”, “Alvido, Gulsari”, “Boʻronli bekat”, “Oq kema” asarlarida xuddi shu muammoning turli qirralarini koʻramiz. Ammo bu asarlarning har biri oʻzicha bir choʻqqi. Iltimos, siz ham, gazetxonlar ham, ayniqsa tanqidchi doʻstlarimiz: “Oʻzini Aytmatov bilan qiyoslabdi”, demanglar. Misol tariqasida aytyapman, xolos. “Nur borki, soya bor”, “Ikki eshik orasi”da menimcha, boshqa masalalar birinchi planga qoʻyilgan. (“Ikki eshik orasi”da urush va inson, toʻgʻrirogʻi, urush va imon masalasi, hayot falsafasi, odamlarning murakkab qismati tasvirlangan. “Ikki karra ikki besh”da esa hayotimizda roʻy bergan noxush holatlarning inson maʼnaviyatiga naqadar ayanchli taʼsir qilishi koʻrsatilgan. Bu maqsadlar qanchalik ifodasini topganini kitobxon aytgani maʼqul).

Takror masalasiga kelsak. Bilasizmi, men yozuvchi qismatini notanish orolga borib qolgan odam qismatiga oʻxshatgim keladi. Tasavvur qiling: dengizda falokat roʻy berdiyu bir odam kimsasiz orolga chiqib qoldi. U nima qiladi? Boshpana quradi, tirikchilik yoʻlini izlaydi. Qoʻlidan kelsa, ovchilik, dehqonchilik qiladi (Robinzon Kruzoga oʻxshab). Keyin duch kelgan birinchi kema bilan ona yurtiga qaytadi.

Asar yozayotgan (ayniqsa, katta asar boshlagan) qalamkash ham oppoq qogʻoz bilan roʻpara kelganda shunday holga tushadi. Qogʻoz uning uchun kimsasiz orol. Ammo u bu orolga adashib bormaydi. Oʻz ixtiyori bilan boradi. Oʻsha orolda faqat boshpana qurib, tirikchilik qilmaydi. Oʻzi kashf etgan orolda aholi yaratadi. Bu aholi – asardagi qahramonlar. Yozuvchi oʻzi kashf etgan orolga, undagi odamlarga shunchalik bogʻlanib qoladiki, ularni hech tark etgisi kelmaydi. Ammo ertami-kechmi, orolni tark etishi kerak. Oʻz ixtiyori bilan…

Men “Dunyoning ishlari” ruhidan uzoq vaqt chiqib ketolmadim. Qoʻlimga qalam olishim bilan Ona obrazi koʻz oldimga kelardi. Oʻsha doiradan chiqib ketish uchun butunlay boshqa narsani yozish kerak edi. Nihoyat, “Ikki eshik orasi” boshlanganidan keyin avvalgi “orol”ni tark etdim. Toʻgʻri, romanda ham Ona obrazi – Qora amma bor. Biroq u butunlay boshqa Ona.

Roman uslub jihatidan ham boshqacha boʻlishi kerak edi. Nazarimda trilogiyaga yetarli materialni bir kitobga singdirish mumkin boʻlgan uslub topildi. Toʻqqiz nafar personaj oʻz hayotining eng dramatik holatlarida boshidan oʻtganlarni hikoya qiladi. Ammo bu hikoyalar ham mustaqil boʻlishi, ham boshqa hikoyalar bilan uzviy bogʻlanib ketishi, bir-birini toʻldirishi kerak boʻlardi. Bu osonmi, qiyinmi? Menimcha – qiyin. Hikoya qiluvchilarning feʼl-atvori, yoshi, kasbi, dunyoqarashi, romanda tutgan gʻoyaviy yuki har xil. Ustiga-ustak, ular turli zamonda turib, turli odamlarga, davrga, holatga baho berishi kerak. Yana bir nozik jihati. Birinchi shaxs tilidan hikoya qilish muallifni cheklab qoʻyadi. Tabiat tasviri, holat tasviri, psixologik “oʻtish”larni realistik tasvirlash ogʻir boʻlib qoladi. Masalan, Umar zakunchini olaylik. U juda murakkab odam. Munofiqlik ham yetarli. Asar muallif tilidan hikoya qilinsa, bu obrazni tasvirlash oson. Biroq zakunchining oʻzi hikoya qilganida-chi? Men munofiqlik qildim, demaydi-ku! Shuning uchun eʼtibor bergan boʻlsangiz, romanda Umar zakunchi hikoyasi deyarli har gal psixologik monolog tarzida beriladi. U bir narsani oʻylaydi-yu, amalda boshqacha harakat qiladi. Bir gapni oʻylaydi-yu, odamlarga boshqa gapni gapiradi.

Xullas, anʼanaviy yoʻldan borilsa, “Ikki eshik orasi” choʻzilib ketgan, demak, asar dramatizmi susaygan boʻlur edi. Yangi qissada esa “Ikki eshik orasi”dagi ogʻir, fojiali dramatik holatlardan chiqib ketish uchun juda xushchaqchaq ohang tanlashga toʻgʻri keldi.

Ijodkor oʻzi yozgan asarni boshqalar koʻmagisiz xolis baholay oladimi? Agar baholay olsa, siz oʻz asarlaringiz toʻgʻrisida tanqidchi sifatida nimalar deya olardingiz?

Bilasizmi, nimani orzu qilaman? Shunday kitob yozsangki, uni oʻqiyotgan kitobxon larzaga tushsa! Oʻqib boʻlgandan keyin kechasi bilan uxlolmay toʻlgʻanib chiqsa. Asar qahramonlarining qismatini oʻylab, bir necha kun garangsib yursa…

Yozish jarayonidagi eng qiyin narsa nima va u sizda qanday kechadi?

Tanbalman! Yozishga kirishishim juda qiyin. Ammo asar boshlanganidan keyin jon-jahdim bilan ishga kirishib ketaman. Bevosita yozish jarayoni juda tez kechadi. Rohat qilib ishlayman. “Bahor qaytmaydi”, “Qalbingga quloq sol” kabi asarlar nari-berisi bilan bir oyda yozilgan. “Ikki eshik orasi”ning birinchi varianti ham besh-olti oyda qogʻozga tushgan. Biroq qayta ishlash jarayoni – “qora mehnat” juda uzoq choʻziladi. Ezib tashlaydi kishini…

Tengqurlaringiz va keyingi avlod – yoshlar haqida qanday fikrdasiz? Ularning yutuq va kamchiliklari nimada deb oʻylaysiz?

Uchqun Nazarov prozadan uzoqlashib toʻgʻri qilmadi. Uchqun akaning ajoyib qissa va hikoyalari bor edi. Haliyam boʻlsa bu adibning katta asarlar yozishini xohlardim. Shukur Xolmirzayevning hikoyalariga havasim keladi. Yoshlardan Xayriddin Sultonov, Erkin Aʼzam, Murod Muhammad Doʻst oʻz ovoziga ega boʻlgan qalamkashlar. Xayriddinning tiliga, Erkinning topqirligiga, Murodjonning psixologik holatlarni yangicha talqin etishiga havas qilaman. Ulardan keyin ham prozaiklarning yangi avlodi yetishyapti. Baʼzilari gʻarbdan andoza olishga urinyapti. Menimcha, shunchaki andoza koʻchirish yaxshi emas. Bu ham izlanish mashaqqati boʻlsa kerak. Mukammal soddalikka (joʻnlik emas, mukammal soddalikka) erishgan ijodkor chinakam ijodkor boʻladi.

Sizningcha, yozuvchilik burchi nimadan iborat?

Vijdoni buyurganini yozish. Xalqdan ajrab qolmaslik. Zamon va inson dardini unutmaslik. Oʻz ustida tinimsiz ishlash. Oʻziga shafqatsiz boʻlish. Balki bu gaplar balandparvoz tuyular. Nachora, baribir bor gap shu.

Shu kunlarda sizga orom bermayotgan muammolar nima?

Kuzda Nukusga borgan edim. Toʻlepbergen Qayipbergenov: “Yur, senga Amudaryoni koʻrsataman”, dedi. Bordik. Nari borsa Toshkentdagi Anhordan sal kengroq, qop-qora suv oqyapti. Qirgʻoqda beton plitalar, zanglagan armaturalar, bir poy rezinka etik, latta-puttalar qalashib yotibdi. “Shumi Amudaryo?” desam, “Shu!” dedi. Bundan oʻn besh yil ilgari daryoning oʻzani ikki kilometr ekan. Ikki kilometr! Hozir 50 metr. Suvini ichib boʻlmaydi. Odamlar arteziandan suv ichishadi. Daryo boʻyida chanqoq… Orol qurib boryapti. Qoraqalpogʻiston, Xorazm, Buxoroni bugun qum aralash tuz bosyapti. Ertaga butun Oʻrta Osiyo mintaqasi xavf ostida qoladi… Hamkasblarimiz – rus adiblari Sibir daryolarini burish loyihasiga tish-tirnogʻi bilan qarshi chiqdilar. Bilmadim, men mutaxassis emasman, balki ular haqdir. Ammo Orol nima boʻladi? Butun bir mintaqa nima boʻladi? Bilmadim…

 

1987

https://saviya.uz/hayot/suhbat/dard-bilan-tugiluvchi-mojiza/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x