“Choʻl havosi”dan “Ikki eshik orasiga”gacha

Ustoz yozuvchi Abdulla Qodiriy hayotiga oid bir voqea koʻp tilga olinadi. Adib odatda oʻz asarlarini qish pallasida yozar ekan. Kunlardan bir kun yozuvchining umr yoʻldoshi uyga kirsa, Qodiriy domla yigʻlab oʻtirganmish. Ayoli: “Sizga nima boʻldi?”, desa, Qodiriy: “Kumush oʻlib qoldi!” degan ekan. Adabiyotdan uzoq odam uchun bu afsona boʻlib tuyulishi mumkin. Lekin ijod jarayonidan ozmi-koʻpmi xabardor odam bu – ayni haqiqat ekaniga shubha qilmaydi…

Oʻtkir Hoshimov bilan turmush qurganimizga qirq yil boʻldi. Xudoga shukr, oʻgʻil-qiz, qoʻsha-qoʻsha nabiralar koʻrdik. Turmushimiz nuqul bayramdan iborat, desam, rost gapirgan boʻlmayman.

Oltmishinchi yillarda adabiyotga kirib kelgan Xudoyberdi Toʻxtaboyev, Oʻlmas Umarbekov, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Shukur Xolmirzayev, Uchqun Nazarov, Neʼmat Aminov kabi isteʼdodli shoir va yozuvchilar ijod olamiga yangi havo olib kirgandek boʻldilar. Insonni tasvirlaydigan asarlar dunyoga kela boshladi. Endi bilsak, buning sababi, bir tomondan, 60-yillar oxirida jamiyatda paydo boʻlgan hiyla erkin fikrlash boʻlsa, ikkinchi tomondan, bu ijodkorlarning koʻpchiligi Toshkent davlat universitetida tahsil koʻrgan, chuqur bilimli, haqgoʻy, talabchan ustozlarning sabogʻini olgan ekan. Shunday shogirdlar qatorida Oʻtkir Hoshimov ham bor edi.

 

Yoqib yuborilgan qoʻlyozmalar

Yangi asar dunyoga kelayotganda adib xayolchan, bir qadar tajang boʻlib qoladi. Kechami-kunduzmi, hamma narsani unutib yozadi. Lekin asar bitmaguncha hech kimga koʻrsatmaydi. Biz ham yozuvchi ishlayotgan paytda bezovta qilmaymiz, nima yozilayotganini ham soʻramaymiz (oilada shunday tartib bor). Adib yozganidan oʻzining koʻngli toʻlsa, chehrasi ochilib bizga beradi. Shu tariqa oila aʼzolari qoʻlyozmani birinchi boʻlib oʻqiymiz. Asar haqida aytilgan fikrlarni muallif ogʻrinmay qabul qiladi. Soʻng deyarli barcha asarlar Said Ahmad, Ozod Sharafiddinov, Umarali Normatov, Ibrohim Gʻafurov, Nosir Fozilov, Toʻlqin Rasulov kabi ustoz va doʻstlari nazaridan oʻtkazilgan.

Basharti asar muallifning oʻziga yoqmasa-chi? Bunday hollar bir necha marta boʻlgan. Adib qoʻlyozmani yirtib, yoqib tashlagan (baʼzan hatto matbuotda yangi qissadan parchalar bosilgandan keyin ham).

1982 yili Pitsundaga bordik. Yozuvchilar ijodiy uyidan joy berishdi. Men bolalarni dengizga olib boraman. Adasi deyarli xonadan chiqmay ishlaydilar. Oradan oʻn kunlar oʻtdi.

Bir gal xonaga qaytsak, yozgan narsalarini yirtib tashlayaptilar. Hay-haylab bir qismini olib qoldim. Qoʻlyozma sarlavhasini shunda koʻrdim. “Ertaga – kuz”. Yuz betlar yozilgan ekan, deyarli hammasi yirtilib boʻpti.

– Nega unday qildingiz? – desam, qoʻl siltadilar.

– Boʻlmaydi! Sigʻmayapti! Xom!

Qoʻlyozmaning omon qolgan sahifalarini oʻqib koʻrsam, binoyidek. Nima “boʻlmagani”, nima “xom” ligini oradan uch yil oʻtgach, “Ikki eshiq orasi” romani qogʻozga tushganidan soʻng angladim. “Ikki eshik orasi”dek salmoqli, falsafiy, psixologik roman avvalgi uslubga ham, qolip (kompozitsiya)ga ham sigʻishi mumkin emas ekan.

“Ikki eshik orasi” romani minglab oʻzbek xonadonlariga kirib bordi. Deyarli uch yuz ming nusxada, oʻn marta nashr etildi. Boshqa tillarga tarjima qilindi. Darsliklar va oʻquv dasturlariga kiritildi.

“Tushda kechgan umrlar” romanining dunyoga kelishi tarixi ham oʻziga xos. 1991 yili Oʻtkir Hoshimov tavalludining 50 yilligi nishonlandi. Shu arafada adibning ustozlaridan biri – Umarali Normatov shogirdiga joʻyali maslahat berdi:

– Odatda ijodkorlar oʻz toʻyiga yangi asar bilan keladi. Siz ham yangi asar yozing!

Adib Umarali akaning shu taklifini aytganlarida sevinib ketdim.

– Domla toʻgʻri gapiribdilar, – dedim. – Hamma ijodkorlar shunday qiladi. Siz boʻlsangiz, anchadan buyon kattaroq asar yozganingiz yoʻq.

– Gapim negadir yozuvchiga yoqmadi.

Boshqalar nima qilsa, oʻzining ishi. Men kuchanib yozmayman! Asar tugʻilgisi kelsa, oʻzi tugʻiladi. Oradan koʻp oʻtmay, Oʻtkir aka betob boʻlib qoldi. Shifoxonaga yotdik. Doʻxtirlar jarrohlik operatsiyasini qilamiz, deb shoshiradi, adasi koʻnmaydilar. Kech kuz edi. Bir oqshom Oʻtkir aka balkonga chiqib, uzoq hayallab qoldilar. Izillab shamol esib turibdi. Jonim halak boʻlib, ichkari kiring, degim keladi-yu, iymanaman.

Bir mahal oʻzlari palataga kirib, “Qogʻoz bormi?” deb soʻradilar. Kasalxonada qogʻoz nima qilsin? Shu kecha shifoxona palatasida tong otgunga qadar chiroq oʻchmadi. Ertalab tutunga toʻlib ketgan xonaga kirgan doʻxtir koyidi:

– Oʻzingiz bu ahvolda boʻlsangiz, ustiga-ustak bosib chekaversangiz, nima, joningizda qasdingiz bormi?

Doʻxtir chiqib ketishi bilan adib oʻz qarorini aytdi.

– Uyga ketamiz.

Uyga qaytdik. Ammo asar yozish yana orqaga surildi. Orada safar chiqib qoldi. Ibrohim Gʻafurov, Ahmadjon Meliboyev, Dadaxon Nuriy va Oʻtkir Hoshimovni Pokistonga yuboradigan boʻlishibdi. Adib safarga borishni sira xohlamas, bir gapni qayta-qayta takrorlar edi:

– Shu safarga mendan boshqa odam borsa boʻlmasmikin?!

Yoʻldan qolishning iloji boʻlmadi. Oradan ancha oʻtib, “Tushda kechgan umrlar” romani eʼlon qilingach, kitobxonlar bilan uchrashuvlarning birida Ibrohim aka chet el safari yozuvchiga aslo tatimaganini aytib berdilar. “Oʻtkirjon safarda yurdi-yu, chamasi hech nimani koʻrgani yoʻq. Fikri zikri boshqa yerda edi. Keyin bilsam, roman yozayotgan ekan”, dedilar.

Safardan qaytishi bilan adib deyarli kecha-kunduz toʻxtovsiz ishlab, romanning ilk variantini bir oyning nari-berisida yozdi. Qandaydir mungli ruh sezilib turgan asar bunday boshlanar edi: “Kuz oʻlim toʻshagida yotgan bemorga oʻxshaydi. Oyoq ostida kasalmand xazonlar ingraydi”. Bu – oʻsha kech kuz oqshomi yozuvchi kasalxona balkoniga chiqib kuzatgan manzara boʻlsa, ajab emas.

Bu romanning yoʻli ham yorugʻ boʻldi. Koʻp marta nashr etildi, boshqa tillarga tarjima qilindi. Agar mustaqillik boʻlmaganda, bu asar dunyo yuzini koʻrmasligi aniq edi. Negaki unda mustabid tuzum fosh qilib tashlangan.

 

Acha xolaning muhrasi

1980 yili oyimlar (qaynonam) Hakimaxon aya vafot etdilar. Alloh rahmat qilsin, xokisor, mehribon va dono ayol edilar. “Dunyoning ishlari” kitobida Ona qiyofasi aynan tasvirlangan. Adib bu judolikdan juda qattiq iztirobga tushdi. Shusiz ham oʻta taʼsirchan odam yanada maʼyus, xayolchan boʻlib qoldi. Oxiri Abdugʻafur Rasulov, Bahodir Gʻulomov (domlaning joylari jannatda boʻlsin) bilan maslahatlashib, Sijjakka – Oppoqxoʻja aka degan qadrdonlarinikiga chiqib ketishdi. “Dunyoning ishlari” kitobining dastlabki boblari oʻsha yerda tugʻilgan.

“Dunyoning ishlari” boshqa asarlarga oʻxshab tez va shiddat bilan yozilgani yoʻq. Har bir hikoya mustaqil asar sifatida tugʻilgan. Ammo ularning hammasida ona siymosi bor. Bu kitobning dunyoga kelishida atoqli shoira Zulfiya opaning hissasi katta. Adib boʻlajak kitobning birinchi boblarini “Saodat” jurnaliga olib borganida Zulfiya opa bu yaxshi asar boʻlishini taʼkidlab, uni davom ettirish kerakligini, jurnal esa uni sonma-son bosib borishini aytgan ekanlar. Adib har bir soʻz, har bitta detal ustida diqqat bilan ishlashni odat qilgan.

Bir voqea esimdan chiqmaydi. “Dunyoning ishlari”da Acha xola, degan loʻli tasvirlangan. Bir kuni yozuvchi Acha xolani bolaligida koʻp koʻrgani, fol ochganini ham tomosha qilgani, ammo fol paytida ishlatadigan, hozirgi narda oʻyinidagi sakkiz qirrali toshga oʻxshaydigan narsaning nomi nimaligini bilolmayotganini, asar toʻxtab qolganini aytdi. Tosh qurgʻur nima deb atalishini bilish shart! Oʻylab-oʻylab loʻliga fol ochtiradigan boʻldik. Chorsu bozorini kiraverishida loʻlilar oʻtirar edi. Albatta, yozuvchini koʻplar taniydi. Falonchi fol ochtirib oʻtiribdi, degan gap chiroylimas. Xullas, bozorga ikkovlashib boradigan boʻldik. “Fol ochirishga” kirishdik. Loʻli bir balolarni ayta boshlagan edi, adasi hurjuningda tosh bormi, oʻsha bilan ochasan, dedilar. Loʻli kichkina sakkiz qirrali tosh chiqardi. Yozuvchi buning oti nima, deb soʻragan edi, loʻli falon soʻm bersang, aytaman, dedi. Kerakli pulni olgach, bu muhra ekanini aytdi.

Yozuvchi bolaligida koʻrgan toshning nomi “muhra” ekanini bilib olgach, “Mening Acha xolam” bobi chala qolgan joyidan davom etdi. Toshning nomini keltirish shartmidi, deb soʻrasam, badiiy asarda, ayniqsa, nasriy asarda hamma narsa aniq boʻlishi shart, mana endi kitobni loʻli xotinlar oʻqisa, mening ustimdan kulmaydi, deb gapni hazilga burdi.

 

Iltijo

Shunday qilib, kitob bir yilda dunyoga keldi. “Dunyoning ishlari”ning eng soʻnggi sahifalari qanday tugʻilgani hamon koʻz oʻngimda. Bahor edi. Kechasi gumbirlagan tovushdan uygʻonib ketdim. Momaqaldiroq boʻlayotgan ekan. Qarasam, adasi xonada yoʻqlar. Ayvonga chiqdim. Soat toʻrtdan oʻtibdi. Sekin yonlariga bordim. Adib unsiz yigʻlayapti. Koʻz yoshi tomgan sahifalarni beixtiyor oʻqidim. Oʻqib, yigʻlab yubordim. Bu “Iltijo” degan bob edi. Mana oʻsha satrlar:

“Oyi, men keldim. Eshityapsizmi, oyi, men yana keldim… Qarang, oyi, tagʻin koʻklam kirdi. Esingizdami, har yili bahor kirishi bilan sizni dalaga olib chiqardim. Siz charaqlagan oftobni, tiniq osmonni, koʻm-koʻk maysalarni koʻrib quvonardingiz. Esingizdami, nevaralaringiz terib kelgan boychechaklarni koʻzingizga surtib, “omonliq-somonliq” qilardingiz…

Bugun… oʻzingizning ustingizdan boychechak oʻsib chiqibdi… Yoʻq, yoʻq, oyijon… yigʻlayotganim yoʻq. Bilaman, men yigʻlasam, siz bezovta boʻlasiz. Hozir… hozir oʻtib ketadi. Mana, boʻldi…

Esingizdami, oyi, siz ukamga alla aytardingiz. Men allaning ohangiga mast boʻlib uxlab qolardim. Oʻsha beshikda men ham yotganman. Allangizdan men ham orom olganman. Nima qilay, oyi, men alla aytishni bilmayman. Qabringizni silab qoʻysam orom olasizmi?.. Mana, oyijon, mana… Yoʻq, yoʻq, yigʻlayotganim yoʻq. Hozir, hozir oʻtib ketadi”.

Balki, bu parchani alohida oʻqigan odam unchalik hayajonga tushmas. Biroq “Dunyoning ishlari”ni bir boshdan oʻqib, Onani qattiq sevib qolgan kitobxon bu satrlarni oʻqiganda larzaga tushmay qolmaydi. “Iltijo” bobini koʻzda yosh bilan yoddan oʻqib bergan koʻplab talaba va oʻquvchilarni koʻrdim. Darvoqe, “Ikki eshik orasi” romanining “Zilzila”, “Tushda kechgan umrlar” romanining “Oppoq-oppoq qorlar yogʻdi” bobini larzaga tushib, yodaki oʻqigan kitobxonlar ham oz yemas. Balki, muallifning oʻzi ularni rosmana yigʻlab yozgani uchun ham shundaydir. Nima boʻlganda ham adiblar yigʻisi oʻquvchining qalbiga nur olib kiradi.

 

Oʻlmasxon Hoshimova,

adabiyotshunos, pedagog

2011 yil, avgust

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/chol-havosi-dan-ikki-eshik-orasiga-gacha/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x