“Kuntugʻmish” dostoni

Xalq dostonlari har bir millatning maʼnaviy qiyofasi, uning tarixi, qadriyatlarini mukammal aks ettiruvchi bamisoli oynadir. Ularda har bir xalqning urf-odatlari, milliy oʻziga xosligi yaqqol koʻrinib turadi. Dostonchilik xalq ogʻzaki ijodida qadimiy epik anʼana hisoblanadi. Dostonlar asosan doʻmbira joʻrligida aytiladi va ijrochidan ham badihada, ham ijroda juda katta ijodiy mahorat talab qiladi. Dostonning yana bir xususiyati, ogʻizdan ogʻizga oʻtib avloddan avlodgacha yetib kelganidir. Bu oʻz navbatida ustoz-shogirdlik anʼanalarining vujudga kelishiga, natijada yirik dostonchilik maktablarining paydo boʻlishiga sabab boʻldi.

Folklorshunos olim T. Mirzayevning maʼlumotlariga koʻra, XV–XVI asrlarda yirik dostonchilik maktablari paydo boʻlgan, XIX–XX asrlar esa dostonchilik taraqqiyotida juda rivojlangan davr boʻlgan. XX asr boshlariga kelib baxshilarimiz ijodiy bisotida 150 dan ortiq xalq dostonlari boʻlgan. Bu dostonlami Tilla kampir, Sulton kampir, Jolmon baxshi, Boʻron shoir, Jumanbulbul, Josoq, Yoʻldosh-bulbul, Yoʻldosh shoir, Suyar shoir kabi mashhur baxshilar kuylaganlar. Keyinchalik ulaming anʼanalari Ergash Jumanbulbul oʻgʻli, Fozil Yoʻldosh oʻgʻli, Poʻlkan, Islom shoir, Saidmurod Panoh oʻgʻli, Berdi baxshi, Umir baxshi shoir, Bola baxshi ijodida davom ettirildi.

Baxshidan u yoki bu dostonni ijro etishda shunchaki voqea bayonini soʻzlab berish emas, balki uni doʻmbira joʻrligida tinglovchini rom etadigan darajada kuylab berish talab etilgan. Dostonchi baxshilar oʻz sanʼatlarini tinglovchiga maʼqul qilish uchun turli usullami qoʻllaganlar (musiqiy qochirimlar, soʻz oʻyinlari, dostonning eng qiziq joyida tanaffusli chekinishlar kabi). Doston aytish koʻp hollarda raqobat asosida kechgan. Dostongoʻylik kechalarida bir necha baxshi ishtirok etib, oʻz mahoratlarini namoyish etganlar, ijodiy bahs qilganlar.

XX asming 50-yillarida xalq dostonlariga, shu jumladan, “Alpomish” dostoniga ham bu asarlar mehnatkash xalq manfaatini emas, balki yuqori tabaqalar manfaatini aks ettiradi, shuning uchun ulami ommalashtirish zararlidir, degan mafkuraviy ayblar qoʻyildi. Lekin bir qator olimlar bu ayblovlaming xato ekanligini, mazkur dostonlar xalq badiiy tafakkuri, dunyoqarashi, turmush tarzi, boy tilini aks ettimvchi bebaho xazina ekanligini isbotlab berishdi va shu tariqa adabiy-milliy merosimizning muhim qismini gʻoyaviy tazyiqlardan asrab qolishdi.

Dostonchilik anʼanasi hozirgi kunda ham mavjud. Biroq endi kuylash, ijro, tinglovchilar bilan muloqot tarzining zamonaviylik kasb etayotganligini koʻramiz. Dostonchilik fan va texnika asrida birmuncha oʻzgarishlarga uchradi. Bugungi kun baxshilari oʻz asarlarini konsert zallarida, katta-katta anjumanlarda, televideniyeda ijro etmoqdalar. Yurtimizda dostonchilikni rivojlantirishga va uning ijrochilari baxshilar faoliyatini ragʻbatlantirishga katta eʼtibor berilmoqda. 2000-yilda “Alpomish” dostonining ming yilligini jahon miqyosida nishonlanishi va hatto “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan xalq baxshisi” unvonining taʼsis etilishi (2000-yil 14-mart) buning isbotidir.

Qadrli oʻquvchilar, Siz 7-sinf adabiyot darslaridan oʻzbek xalq dostonlari, ulaming goʻzal namunalari boʻlmish “Goʻroʻgʻli”, “Alpomish”, “Ravshan” dostonlari haqida tasawurga ega boʻlgansiz. 8-sinfda esa yana bir ajoyib asar “Kuntugʻmish” dostoni bilan tanishasiz. Ushbu doston oʻzining qiziqarli voqealarga boyligi, oʻynoqi, ravon tili, nafisligi bilan oʻquvchi va tinglovchini lol qoldiradi.

Dostonning yozib olingan va ijro etilgan variantlari juda koʻp. Darhaqiqat, “Kuntugʻmish” dostoni oʻzbek xalq dostonlari orasida gʻoyaviy-badiiy jihatdan yetuk asarlardan biridir. Uning xilma-xil koʻrinishdagi variantlari koʻpligining boisi shundaki, ilgari baxshilaming isteʼdodiga, ushbu dostonni qanday aytishiga qarab baho berilgan, natijada barcha baxshilarimiz “Kuntugʻmish” dostonini toʻla oʻzlashtirishga intilganlar. Dostonning Ergash Jumanbulbul oʻgʻli, Bekmurod Joʻraboy oʻgʻli, Nurmon Abduvoy oʻgʻli, Egamberdi Ollamuroddan yozib olingan variantlari mavjud. Qoʻlingizdagi darslikda esa mashhur baxshi bobomiz Ergash Jumanbulbul oʻgʻlidan yozib olingan nusxasi keltirilgan. Dostonning qisqacha mazmuni quyidagicha: Noʻgʻay yurtida Avliyoyi Qoraxon ismli, Qilichxon laqabli podsho boʻlib, Kuntugʻmish uning yolgʻiz oʻgʻli boʻladi. Kuntugʻmish oʻn toʻrt yoshga toʻlguncha ilm-hunar oʻrganadi, kasb-kamolot hosil qiladi. Oʻn toʻrt yoshdan keyin esa qilichbozlik, miltiq otish, nayzabozlik, koʻpkari chopish kabi sipohilik hunarlarini oʻrganadi, xullas, har tomonlama komil shahzoda boʻlib yetishadi. Shahri Zangar degan shahaming Buvraxon degan podshosi boʻlib, uning Shoir va Tohir ismli vazirlari bor edi. Vazirlar bir-birlari bilan juda inoq edilar, ular: “Bizlarga farzand bersa, oʻgʻil boʻlsa qoʻlqanot boʻlsin, qiz boʻlsa doʻst boʻlsin”, deya niyat qilar edilar. Kunlardan bir kuni Shoir vazirning xotini qiz koʻradi. Tohir vazir oilasida oʻgʻil tugʻiladi. Qizning otini Xolbeka, oʻgʻilning otini Xolmoʻmin qoʻyishadi. Lekin Xolmoʻminning onasi toʻsatdan vafot etadi, oʻgʻil goʻdakni Xolbekaning onasi emizishga majbur boʻladi, natijada ular “shirxoʻra” (bir onani emgan) boʻlib, “nikoh yurmaydigan” boʻlib qoladilar. Xolbeka oʻn toʻrt yoshga yetgach, uning husni kamoli ovozasi olamga yoyiladi. U goʻzal, ayni paytda aqlli, nard oʻyiniga mohir qiz boʻlib yetishadi. Unga barcha mamlakatlardan sovchilar kela boshlaydi. Xolbeka sovchilarga: “Har kim meni olaman deb kelsa, oldiga nard oʻyinini qoʻyaman, oʻynayman, utsa[1] tegaman, utdirsa[2] soʻyaman”, deb shart qoʻyadi. Hatto shahar podshosi Buvraxonga ham shu javobni aytadi. Podsho gʻazablanib, shaharga Xolbeka deb kelgan odamni tutib qatl qildirishga farmon beradi, shunday qilsam toʻrt-besh yildan keyin menga tegishga majbur boʻladi, deb oʻylaydi.

Xolbeka va Kuntugʻmish tush koʻradilar, ular tushlarida birbirlarining qoʻliga uzuk taqishib, uylangan emishlar. Shundan soʻng Xolbeka bir mohir suratkashga oʻz rasmini chizdiradi va uni sandiqqa solib, Noʻgʻay yurtiga oqizib yuboradi. Sandiq oqib borib daryo sohilida ov qilib yurgan Kuntugʻmish qoʻliga tushadi. Kuntugʻmish Xolbeka visoliga yetish uchun Zangar yurtiga otlanadi, bu yurtga kelib Xolbeka bilan topishadi, soʻng koʻp sarguzashtlami boshidan kechiradi: Buvraxon qoʻliga tushib, oʻlimga hukm qilinadi, dahshatli ajdami oʻldiradi, xiyonatkor Azbarxoʻja tufayli xotini, egizak oʻgʻillaridan vaqtincha judo boʻladi. Doston soʻngida xotini, farzandlari Gurkiboy va Mohiboy, otasi Qoraxon bilan topishadi.

Dostonning bosh qahramoni Kuntugʻmish yolgʻiz, erka oʻgʻil boʻlishiga qaramasdan, aqlli, bilimli, jasoratli, elga gʻamxoʻr, xotini, bolalariga mehribon, vafodor yigit. Kuntugʻmish va Xolbeka bir moʻjiza bilan Buvraxon jazosidan omon qobb, sahroda och, tashna qolishganda hayotdan umidini uzgan yori Xolbekaning “Meni tashlab ketaver, yoʻqsa oʻzing ham halok boʻlasan”, degan iltijosiga “Bir gʻayrat qil, yoʻlimiz yaqin qoldi”, deb dalda beradi, unga vafodorligini quyidagicha bayon qiladi:

Poʻlat nayza qor ostida yotarmi,

Temir nayzang egovlasang oʻtarmi,

Sening toʻrang nomardlardan emasdir,

Mard oʻgʻlon sevdigin tashlab ketarmi?..

Kuntugʻmish oʻz maqsadiga sodiq, har qanday sharoitda tushkunlikka tushmaydigan inson. U nomsiz, poyonsiz togʻ darasidan vataniga boradigan yoʻlni rosa izlaydi, bu orada egizak farzandli boʻladi, ular uch yoshga toʻlganda ham biror bir el daragini topolmaydi. Xullas, Kuntugʻmish feT-atvorida siz havas qiladigan, ergashadigan insoniy sifatlar juda koʻp. Dostonni sinchiklab mutolaa qilsangiz, bunga oʻzingiz amin boʻlasiz.

Xolbeka siymosi ham dostonda baxshi bobomiz tomonidan alohida mehr, iliqlik bilan tasvirlangan. U oʻz soʻzida turadigan, barcha hunarlarga mohir qiz. Oʻzi qanchalik bir ishga mohir boʻlsa, boʻlajak jufti halolidan ham shuni talab qiladi. Shu maʼnoda Xolbeka oʻz xulqi va fazilatlari bilan har jihatdan Kuntugʻmishga teng va munosib boʻlgan inson. U haqiqiy muhabbatni tan oladi va unga ishonadi, eʼtibor bering: u oʻz suratini chizdirib, Kuntugʻmish yurtiga yuborar ekan, agar “shu koʻrgan tushim rahmoniy boʻlsa, oshiq-maʼshuqlik awaldan pok boʻlsa, Xudoyo xudovando shu sandigʻim senga omonat, toʻradan boshqasiga tegmasin”, deydi.

Xolbeka hamiyatli, gʻururi baland qiz. Garchi u Kuntugʻmishni tushida sevib qolgan, uchrashganda esa yigitni koʻrib biroz muddat ixtiyorini yoʻqotgan boʻlsa-da, uning husniga talabgor barcha shoh-u shahzodalarga bergan vaʼdasi, yaʼni faqat nard oʻyinida gʻolib chiqqanga tegaman degan fikridan qaytmaydi. Kuntugʻmish men uchun mashaqqat chekib kelibdi, deb unga tegib ketavermaydi, oʻzi koʻngil qoʻygan yigitning el-yurt oldida ham yuzi yorugʻ boʻlishini istaydi.

Dostonda Kuntugʻmishning oʻgʻillari Gurkiboy va Mohiboy xarakterlari ham chiroyli va taʼsirchan tasvirlangan. Gurkiboy bosiq, vazmin, aql bilan ish koʻradigan bola boʻlsa, Mohiboy biroz shaddod, biroz quv yigit. Biroq ikki aka-uka bir-birlariga mehribon, ota-onalariga fidoyi yigitlar. Ular mehnatsevarlik va aql bilan ish koʻrganlari uchun boshlariga tushgan qiyinchiliklami yengadilar.

Asarda Azbarxoʻja, Buvraxon, Zamonqul, Xolmoʻmin kabi qahramonlar qiyofasi oʻziga xos tarzda yoritilgan. Azbarxoʻja dastlab Kuntugʻmish bilan doʻstlashadi, soʻng oʻz manfaatini deb unga xiyonat qiladi. Buvraxon oʻziga bino qoʻygan, qahri qattiq podsho, biroq uning koʻngilchan ekanligini ham koʻramiz. Buvraxon awal Kuntugʻmish va Xolbekani oʻlimga mahkum etadi, keyinroq Azbarxoʻja xiyonati tufayli mashaqqatlarga duch kelishganini eshitib, ulami afv etadi. Azbarxoʻjani jazolaydi. Dostondagi Qosim, Xolmoʻmin, Mullavachcha, Zamonqul va boshqa obrazlar ham asarda oʻz oʻmiga ega, ularsiz Kuntugʻmish va Xolbeka taqdirini toʻlaqonli tasawur qilish qiyin.

“Kuntugʻmish” dostoni badiiy jihatdan nihoyatda yetuk asar. U yaxlit kompozitsiyaga ega, asarda kishini asosiy voqealardan chalgʻitadigan oʻrinlar uchramaydi, aksincha, har bir voqea, har bir epizod dostonni toʻldiradi.

Doston xalq ogʻzaki ijodidagi barcha sheʼriy qoidalar va uslublami oʻzida jamlagan asardir. Unda xalq dostonlarida boʻlganidek, voqealar, sarguzashtlar, asosan, nasriy bayon etiladi, qahramonlar tavsifi, mhiy kechinmalari sheʼriy yoʻl bilan ifodalanadi. Doston tili esa nihoyatda yengil va ravon. Unda rang-barang badiiy til vositalaridan unumli foydalanilgan, ayniqsa, hikmatli soʻzlar darajasiga koʻtarilgan ayrim baytlar hech kimni eʼtiborsiz qoldirmaydi:

“Gʻaribning koʻnglini ovlamoq savob”, “Qilichdan seskanmas botiming tani”, “Gavhami ne bilsin ushalgan sopol”, “Zaming qadrini zargar bilar har yerda”, “Kamlikning kamoli bordir, Man-manning zavoli bordir…”, “Yaxshilaming yuzin koʻrsang jannatdir, Yomon odam qilgan ishi minnatdir”, “Oʻzingdan kattani uchratsang pir bil, Oʻzingni er bilsang, birovni sher bil” va hokazo.

Shuningdek, asarda oʻrni bilan ishlatilgan oʻxshatish, mubolagʻa, kinoya kabi badiiy unsurlar dostonning badiiy qimmatini oshiradi, qahramonlar qiyofasini yaxshiroq tasawur qilishga yordam beradi.

 

“Adabiyot” (Sultonmurod Olim, Sunnat Ahmedov, Rahmon Qoʻchqorov. Umumiy oʻrta taʼlim maktablarining 8-sinfi uchun darslik-majmua. Gʻafur Gʻulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi, Toshkent, 2014) darsligidan

 


[1] Yutsa (sheva).

[2] Yutdirsa (sheva).

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/kuntugmish-dostoni/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x