Chinakam adabiyot ideallarni kuylaydi

Shoira va tarjimon Oygul Asilbek qizi bilan suhbat

 

“Sharq yulduzi” jurnali tahririyati savollari:

 

  1. Badiiy asar tarbiya vositasimi? Yaxshi kitob ezgulikka, yomoni yovuzlikka yetaklashiga ishonasizmi?

 

  1. Eng katta adabiyot yuragimizda yashaydi. Demak, adabiyot har birimizning, hammamizning ichimizda. Lekin adabiyotga “yaqin” boʻlganimiz holda nega dunyoda zulm bor? Nega bugun insoniyat yangi yoʻl qidirmoqda? “Yoʻlini yoʻqotgan dunyo”da adabiyotning oʻrni va roli bormi? Nega u, yaʼni adabiyot dunyoning yoʻlini yoʻqotishiga jim qarab tur(a)di? Endi-chi, adabiyot dunyoning ravishiga taʼsir etib, uning yangi, munosib yoʻl topishiga ilhomlantiruvchi kuch boʻla oladimi-yoʻqmi?..

 

  1. Bitta asar jamiyatga ikki xil taʼsir koʻrsatadimi? Nima uchun?..

 

  1. Xos va omma didi hamda adabiyoti haqida siz nima degan boʻlardingiz? Hammaga “hamma narsa”ni taqdim qilish qanday oqibatlarga olib keladi? Maʼnaviy immuniteti hali yetarlicha shakllanmagan yosh avlodga qanday asarlar tavsiya etiladiyu qandaylari yoʻq?

 

  1. Umidbaxsh va tushkun adabiyotning oʻquvchi va jamiyatga taʼsiri masalasida nimalar deya olasiz? Zamonaviy dunyoning bugun qanday adabiyotga ehtiyoji bor?

 

  1. Oʻtmish merosni har bir zamon oʻz mezonlari chigʻirigʻidan oʻtkazib turishi kerakmi? Nima uchun?

 

  1. Inson tirik ekan, har doim tanlov qarshisida turadi. Xuddi uch yoʻl boshidan chiqib qolgan ertak qahramoni kabi. Har qanaqa mulozamatni bir chetga surib qoʻyib aytganda, toʻgʻri tanlov qilishda adabiyotning roli bormi-yoʻqmi, boʻlsa, qay darajada?

 

  1. “Adabiyot tarbiya vositasi boʻla oladimi?” – degan savolga”Albatta, adabiyot insonni tarbiyalaydi, uni ezgulikka daʼvat qiladi. Zero, adabiyot soʻzining negizida “adab” degan tushuncha mavjud”, deb javob berish oson, biroq bu javobga nisbatan “Yoʻq, sanʼat, shu jumladan, adabiyot ham kishini tarbiya qilishi emas, uni begʻaraz zavqlantirishi, turfa xil hislarni taqdim etishi lozim, chunki goʻzallik va ezgulik boshqa-boshqa tushunchalar, zotan, bu borada falon faylasuf unday degan, falon yozuvchi bunday degan”, kabi dalillar bilan eʼtiroz bildiruvchilarning ham topilishi oson.

Muammoning paradoksalligi ham shundaki, bu savol olimlar, shoirlar, adiblar – umuman olganda, ijod ahlini koʻpdan buyon oʻylantirib kelmoqda.

Agar Yevropa tarixiga nazar solsak, antik davrlarda sanʼat ezgulik, goʻzallik, jasorat kabi fazilatlarni aks ettirgan. Bunga Homer, Esxil, Goratsiy, Ovidiylarning asarlari, Suqrot, Platon, Seneka, Epiktet kabi faylasuflarning sanʼat haqidagi qarashlari misol boʻla oladi.

Antik davrdan soʻng Yevropa sanʼati faqatgina sof xristian muhabbatini targʻib qildi. Uygʻonish davriga kelib gumanistlar insonning olamdagi oʻrnini, maqomini koʻklarga koʻtarishdi, tabiiyki, sanʼat ham shu oʻzanga burildi. XVIII asrda Yevropa cherkovdan yuz oʻgirdi, qadriyatlar oʻzgardi; XIX asrda Yevropa bir necha inqiloblarni, maʼnaviy boʻhronlarni boshidan kechirdi; XX asrdagi ikki jahon urushi Xudo, ezgulik, adolat, haqiqat degan muqaddas tushunchalarga shubha uygʻotdi. Sanʼat endi insonning ilohiy, ezgu fazilatlarini emas, iblisona zulmat tomonlarini kuyladi. Biz bugun tushkun adabiyot vakillari deb sanaydigan Sartr, Kafka, Kamyu, Joys kabi yozuvchilar ana shu talotoʻp davrning farzandlari edi.

Lev Tolstoy oʻzining “Chto takoye iskusstvo?” asarida: “Bugungi Yevropa va xususan, rus sanʼatida ham uch xil manzarani tasvirlash urf boʻlgan: 1) magʻrurlik; 2) behayolik; 3) tushkunlik. Romanlar, qissalar, pyesalar, rasmlar, haykallar behayo sahnalarsiz, hayotdan zerikish kayfiyatisiz chinakam sanʼat asari sifatida tan olinmay qoʻydi”, – deb yozadi.

Kantning: “Sanʼat kishiga betamaʼ, begʻaraz zavq berishi kerak”, degan mulohazasini XX asrning utelitaristlari, liberalistlari, modernistlari “sanʼat insonni hamma holatda: tushkunlikda ham, umidsizlikda ham; ongustida ham, ongostida ham aks ettirishi kerak”, degan qarashga aylantirdilar.

Endi yuqoridagi savolga batafsil javob berish maqsadida Sharq sanʼati tarixiga ham bir nazar tashlaylik.

Sharqda sanʼat va axloq, yaʼni goʻzallik va ezgulik hech qachon bir-biridan ayri koʻrilmagan. “Gilgamesh”, “Mahabhorat”, “Ramayana” dostonlarida ham, Konfutsiy, Laotsiy, Budda oʻgitlarida ham adabiyot axloq poydevoriga qurilganligini koʻramiz. Ayniqsa, bu borada islom adabiyoti oʻziga xos beqiyos maktab. Sharqda nafaqat sanʼat axloqning birligi, balki ilm ham axloqning ajralmas qismi ekanligi eʼtirof etiladi. Bejizga xalqimiz taʼlim va tarbiya deb aytmaydi-ku, axir. Xoʻsh, Saʼdiy Sheroziy, Farididdin Attor, Jaloliddin Rumiy, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy asarlarining qay birida axloq, adabiyot, ilmning bir-biridan ayri ekanligini koʻrgansiz? Axir, Sharqda ham urushlar, talotoʻplar, evrilishlar boʻlgan-ku, deya eʼtiroz bildirishingiz mumkin. Ha, albatta, bizda ham urush, jangu jadallar boʻlgan, bu tabiiy. Biroq Sharq tafakkurida Xudodan yuz oʻgirish, iymondan kechish umumjamiyat darajasiga koʻtarilmagan, hamisha nimagadir umid qilingan: axir, “noumid shayton”, deydi-ku xalqimiz.

Biz bu gapimiz bilan yaxlit dunyo madaniyatini ikki qutbga ajratib, Sharq undoq, Gʻarb bundoq, deyish fikridan yiroqmiz. Aytmoqchimizki, har bir hududdagi sanʼat, adabiyot shu makondagi ijtimoiy voqealar, jarayonlar, tafakkur taraqqiyoti taʼsirida shakllanadi, rivojlanadi, oʻzgaradi.

Demak, keltirilgan mulohazalardan xulosa qilib deyish mumkinki, haqiqiy adabiyot insonni tarbiyalaydi; ezgu kitoblar ezgulikka, yomon kitoblar yovuzlikka xizmat qiladi.

 

  1. Darhaqiqat, davr shiddat bilan yangilanib, oʻzgarib bormoqda. Bozor psixologiyasi nafaqat kundalik hayotga, ilm-fan, sanʼat, adabiyotga ham oʻz taʼsirini koʻrsatmoqda. Bugungi kunning talabi faqat isteʼmol, isteʼmol va yana isteʼmoldangina iborat boʻlib qoldi. Biz moddiy neʼmatlar bilan birga turli xizmatlarning, axborotlarning sanʼat va adabiyot ishlab chiqarayotgan, ha-ha, ishlab chiqarayotgan “asarlar”ning isteʼmolchisiga aylandik. Bu paytda asl adabiyot haqida qaygʻurishning oʻzi katta jasorat. Bas, shunday ekan, qalbimizdagi adabiyotga yaqinlik hissi qayerga ketdi? Bu zulmatli dunyoda adabiyot insonning yoʻlini yoritguvchi chiroq boʻla oladimi? – degan savollar kishini oʻylantiradi. Biroq ushbu savollarga javob berishdan oldin oʻzimiz bugun nimalarni adabiyot deb qabul qilyapmiz? Qanday asarlarni sanʼat asarlari deb oʻqiyapmiz, degan savollarga javob topish lozimdek koʻrinadi. Bu masalada Lev Tolstoy oʻzining “Chto takoye iskusstvo?” asarida quyidagi mulohazalarni keltiradi:

“Atrofimizni sanʼatga aloqasi yoʻq millionlab soxta asarlar oʻrab olgan. Har yili minglab sheʼrlar, dostonlar, romanlar, dramalar, musiqiy va tasviriy sanʼat asarlari yaratiladi. Barcha sheʼrlarda sevgi kuylanadi, tabiat tasvirlanadi, muallifning kechinmalari toʻkib solinadi, barchasida qofiya bor, vazn bor; barcha komediyalar, dramalar dekoratsiyalarga boy yaxshi sahnalashtiriladi, yaxshi ijro etiladi; barcha romanlarda voqea, muhabbat, tugun, yechim bor; biroq ularning hammasi ham adabiyot emas, aksariyati taqlid. Ularning aksariyati zumrad toshga taqlidan yasalgan shisha munchoqqa oʻxshaydi. Ulardan biri, asl tosh – qimmatbaho, sotib olishga qurbing yetmaydi. Ikkinchisi esa, bir pulga qimmat, undan ham yomoni, didni aynitib oʻtmaslashtiradi. Soxtasi asliga nisbatan serhasham, dabdabali boʻladi, ohanjama va chuchmal ifodalar bilan boʻyab-bejaladi. Loʻnda qilib aytganda, obdan ishlov beriladi”.

Xoʻsh, bu soxta adabiyot, qalbaki sanʼat qayerdan paydo boʻldi? Nimalar evaziga koʻpaydi? Tolstoy bu savollarga quyidagicha javob beradi:

“Biz sanʼat maktablarida farzandlarimizga asl sanʼatni emas, unga taqlid qilishni oʻrgatdik, biz serhasham ehson-inʼomlarimiz bilan ijodkorda taʼma, gʻaraz uygʻotdik. Natijada, asl sanʼat qolib, soxta sanʼat ragʻbatlandi, haqiqiy sanʼat chetga surilib, soxtasi urchib ketdi”.

Tolstoy zamonidaki, adabiyot shu ahvolda ekan, bugungi kun haqida nima deyish mumkin? Shubhasiz, asl adabiyot insonning yoʻlini uning maʼnaviy olamini yoritguvchi chiroq, biroq hozirda chop etilayotgan, eʼlon qilinayotgan asarlarni asl adabiyot, deb ayta olamizmi? Haqiqiy adabiyot qaysi mezonlarga muvofiq baholanishi kerak? Savollardan savollar tugʻilaveradi. Bugungi madaniyatlar, qadriyatlar kurashi ketayotgan davrda soxta adabiyotdan imdod kutmayapmizmi? Qaysi zargar bizga qimmatbaho toshdan qalbakisini ajratib beradi? Bu savollarga esa ustozlarimiz, millatning ziyoli farzandlari javob berishga haqli, deb bilamiz.

 

  1. Bitta badiiy asar jamiyatga nafaqat ikki xil, balki turfa xil taʼsir koʻrsatadi. Adabiyot gʻoyat murakkab hodisa, har bir ijodkor oʻz asarida koʻnglidan oʻtkazgan hislar, kechinmalarini tasvirlaydi. Oʻquvchi esa bu asardan oʻz tuygʻularini, oʻz kechinmalarini izlaydi. Masalan, bitta asarni ming kishi oʻqirkan, tabiiyki, ming xil taassurot paydo boʻladi.

Umuman, bitta badiiy asarning jamiyat miqyosidagi keng taʼsiri, asosan, ikki koʻrinishda boʻladi. Birinchidan, muayyan badiiy asar jamiyat tomonidan eʼtirof yoki rad etiladi. Rad yoki eʼtirof etilish shu jamiyatdagi meʼyoriy va mafkuraviy qadriyatlar bilan bogʻliq boʻladi. Masalan, sobiq shoʻrolar davrida Qodiriy, Choʻlpon yoki Brotskiy, Pasternak asarlari muayyan guruh tomonidan rad etilgan, boshqa bir guruh tomonidan eʼtirof etilgan. Yoki yana bir misol, Yevropada Nitsshe asarlariga boʻlgan munosabat: ratsionalistlar uning asarlarini rad etgan, dekodenstlar uni koʻklarga koʻtargan, ayni paytda, natsionalistlar uning asarlarini oʻz gʻoyalariga muvofiq talqin etganlar.

Ikkinchidan, har qanday badiiy asar insonlardagi shaxsiy dunyoqarash va ruhiy emotsional holatlarga koʻra turlicha taʼsir koʻrsatadi. Masalan, bugun adabiyotimizda ekzistensial hamda modernistik asarlarga nisbatan, asosan, ikki xil qarash mavjud. Ayrimlar ushbu asarlarni yangilik sifatida qabul qilmoqda, boshqalar esa ularni anʼanaviylikka zid deya rad etmoqda. Aslida, bu inkor va eʼtiroflar kishidagi dunyoqarash va ruhiyat bilan bogʻliq.

Bugun noanʼanaviy adabiyotga nisbatan yoshlarning qiziqishi baland. Bu ham qaysidir maʼnoda tabiiy, chunki kishidagi dunyoqarash deyarli qirq yoshdan keyin muayyan darajada qatʼiy shakllanadi. Yoshlarning yangilikka intilgani, izlangani yaxshi, albatta. Lekin chin maʼnodagi ijodkorlik boshqa, havasmandlik bilan taqlid qilish boshqa. Yevropa jahon adabiyotiga Nitsshe, Sartr, Kafka, Kamyuni berguncha qancha anʼanalarni bosib oʻtdi, qancha gʻavgʻolarni boshdan kechirdi. Bekket, Joys, Pruss, Borxes kabi yozuvchilar oʻz-oʻzidan paydo boʻlmadi, ular ana shu anʼanalarning merosxoʻrlari edi. Bularni anglamay-bilmay, koʻr-koʻrona taqlid qilish boʻyidan balandga sakrashga urinishday gap.

 

  1. Adabiyotni xos va ommaga ajratishning oʻzi gʻoyat bahsli masala. Agar xoslar adabiyoti boʻlsa, u qaysi mezonlarga koʻra xos? Agar omma adabiyoti boʻlsa, u qaysi mezonlarga muvofiq omma adabiyoti sanaladi? Biz koʻpincha hamma ham tushunavermaydigan, turli ramz va ishoralar bilan tasvirlangan asarlarni xos adabiyot deb qabul qilishga koʻnikib qolganmiz. U holda, xalq qoʻshiqlari, dostonlar – umuman olganda, xalq ogʻzaki ijodi qaysi adabiyotga kiradi? Yoki biz bugun kitob doʻkonlarini toʻldirib yotgan oldi-qochdi asarlarni omma adabiyoti, deya qabul qilamizmi? Ochigʻini aytish kerak, bu asarlarning adabiyotga sira aloqasi yoʻq. Ular Toffler aytgandek, “gibrid mahsulot”, yaʼni “sanʼat asarlari yaratiladi, gibrid asarlar esa ishlab chiqariladi; sanʼat asarlari his etiladi, gibrid asarlar esa isteʼmol qilinadi”.

Xoʻsh, u holda, qanday adabiyotni xos yoki omma adabiyoti deb tushunish kerak? Ushbu savolga batafsil javob topish maqsadida bir-biriga qarama-qarshi ikki mulohazalarni keltirib oʻtsak:

XX asrdagi ispan faylasuflaridan biri Xose Ortega-i Gasset oʻzining “Degumanizatsiya iskusstvo” asarida Yevropada XX asrning boshlarida paydo boʻlgan sanʼat oqimlarini xoslar sanʼati, deya baholaydi: “Yangicha sanʼat yangi estetik qadriyatlarni olib kelganligi bois ommaviylashmadi. Omma oʻzining kundalik hayot tashvishlariga oʻralashib qolgani uchun yangicha xos sanʼatni tushunmadi. Aynan shu tushunmaslik yangi sanʼatning rad etilishiga olib keldi. Nega xalq romantizmni quchoq ochib kutib oldi, dersiz, balki? Sababi, romantizm olib kelgan qadriyatlar omma tafakkuriga begona emasdi. Shuning uchun demokratiyaning mahsuli boʻlgan romantizm xalqning erkatoyiga aylandi, uning bayrogʻi ostida minglab kitoblar chop etildi. Fransuz inqiloblaridan soʻng omma bosh koʻtardi, u oʻz sanʼatini, adabiyotini yaratdi. Natijada, xos va omma sanʼati keskin farqlandi”.

Xoʻsh, Gassetning yuqoridagi mulohazalariga Lev Tolstoy qanday javob beradi:

“Bugun sanʼat ahlining turli tor doiralarga, guruhlarga boʻlinib ketganini koʻramiz. Ularning sanʼatga taqlidan shakllangan didlari shuni taqozo qilmoqda. Ular xalqni tushunmaslikda ayblashadi, qani ayting-chi, hammaga tushunarli boʻlmagan sanʼat sanʼatmi? Axir, sanʼat xalqni boʻlishga emas, uni birlashtirishga xizmat qilmaydimi? Axir, goʻdaklikdan alla eshitamiz-ku, ming yillardan buyon xalq qoʻshiqlarini, cherkov qoʻshiqlarini tinglaymiz-ku, aslida, shular emasmi haqiqiy sanʼat?! Keksaga ham, bolaga ham, ishchiga ham, boshqalarga ham birday zavq bermagan sanʼat – sanʼat emas”.

Tolstoy ham, Gasset ham oʻz davrining buyuk odamlari. Har kim oʻz dunyoqarashidan kelib chiqib, bu mulohazalarga qoʻshilishi yoki qoʻshilmasligi mumkin. Biroq men nemis yozuvchisi German Gessening “Choʻl boʻrisi” va “Biserlar oʻyini” asarini oʻqib, oʻzim uchun ushbu savollarga yechim topganday boʻlaman.

Asar qahramoni Harri Hatler ommaviy sanʼatni xushlamaydigan, oʻz qobigʻiga oʻralgan, odamovi, tushkun kayfiyatdagi bir kishi boʻladi. U xos sanʼatning chin muxlisi boʻlib, Gyote, Novalis, Dostoyevskiy asarlarini oʻqiydi. Motsart, Bax, Betxoven operalarini tinglaydi. U yuksak sanʼat haqida oʻylaydi, qaygʻuradi, restoranlardan taralayotgan jaz musiqasini eshitganda, cherkov xoranlari haqida xayol suradi.

Kunlarning birida saksafon chaluvchi Pablo ismli doʻsti uni magʻiyaviy teatrga taklif qiladi. Magʻiyaviy teatrda Harri oʻz ruhiy olamiga, koʻngil dunyosiga sayr etadi. U teatrda saksafonchi Pablo ham, Motsart ham bir odam ekanligini, oʻz hayotini oʻzi murakkablashtirib tashlaganini, sanʼat ham, aslida, u oʻylaganday mubham, tor emasligini anglaydi.

Gesse asarni yakunlarkan, hayotimizni oʻzimiz shu qadar murakkablashtirib olganimizni, sanʼatdagi xos, omma degan tushunchalarni oʻzimiz toʻqib olganligimizni, haqiqiy sanʼat yagona boʻlishini, u hammamizning qalbimizda ekanligini aytib oʻtadi. Nazarimda, Gesse bergan yechim bu boradagi eng toʻgʻri xulosalardan biridir.

Yoshlarning maʼnaviy immuniteti masalasiga toʻxtalsak, oʻzingizdan qolar gap yoʻq, hozirgi paytda birovga uni oʻqi, buni oʻqima, deyishning oʻzi bir mashaqqat. Faqat istardikki, bugun yozilayotgan, tarjima qilinayotgan asarlar haqida ustozlarimiz, adabiyotshunos olimlarimiz, jurnalistlar – umuman olganda, ziyolilarimiz oʻz fikr-munosabatlarini bildirishsa, gazeta va jurnallarda davra suhbatlari koʻproq tashkil etilsa, nihoyatda yaxshi ish boʻlardi, chunki koʻtarilayotgan masala bu ishlarga zarurat borligini bildiradi.

 

  1. Yaqinda rus olimi Lev Shestovning Chexov haqidagi “Iskusstvo iz nechevo” nomli maqolasini oʻqib qoldim. Muallif Chexovning buyuk isteʼdodini, sanʼatkorligini tan oladi, lekin u yozuvchini insoniyatga umidsizlikdan boʻlak boshqa hech narsa bermaganlikda ayblaydi.

Har bir isteʼdod egasining bu dunyoda muayyan vazifasi, masʼuliyati bor. Nahotki, daholik va insonparvarlik tushunchalari bir-biridan ayri boʻlsa? Bu savollarga javoban Shestov yozadi: “Aksariyat tanqidchilar Chexovni umr boʻyi chinakam sanʼatga xizmat qildi, deyishadi. Darhaqiqat, Chexov sanʼatga xizmat qildi, ammo u insondagi umidni soʻndirish, yoʻqotish evaziga xizmat qildi. U oʻzining qariyb yigirma besh yillik ijodiy faoliyati davomida insonlarga faqat bir narsa – umidsizliknigina berdi. Uning asarlarida ezgulik, goʻzallik, sanʼat, eʼtiqod kabi insonning azaliy ideallari chilparchin boʻladi. U bu borada Yevropadagi manaman degan hikoyanavislarni ortda qoldirdi. Mopassanning qahramonlari zulm chekadi, eziladi, siqiladi, ammo Chexov qahramonlaridek umidsizlikdan halok boʻlmaydi”.

Ushbu maqoladan parcha keltirishimizdan maqsad, Chexovni tanqid qilish emas, zero, bunga maʼnaviy haqqimiz ham yoʻq. Faqat aytmoqchimizki, insonga adabiyot umid bermasa, sanʼat umid bermasa, u qayerdan najot izlaydi? Hayotning beshafqatligi haqiqat, insonning chorasizligi ham haqiqat, biroq bunday yovuz haqiqatdan koʻra, ezgu yolgʻon yaxshi emasmi? Hayot haqiqatini bor-boricha aks ettiraman deb, oʻquvchidan butun ideallarni tortib oladigan sanʼat asaridan koʻra, unga umid, ishonch baxsh etadigan, oxiri yaxshilik bilan tugaydigan yolgʻon ertak afzal emasmi?

Dostoyevskiyning “Aka-uka Karamazovlar” romanida Buyuk inkvizitor haqida afsona bor. Roman qahramonlaridan biri shu afsonani hikoya qiladi:

Yevropada cherkov inkvizitsiyasi avj olgan zamonlarda, Ispaniyaning qaysidir shaharlaridan birida Buyuk Inkvizitor laqabini olgan gʻoyat toshbagʻir, keksa ruhoniy boʻlgan ekan. Xalq undan nihoyatda qoʻrqar, koʻrganda soyasiga salom berarkan. Kunlarning birida oʻsha shaharga Iso paygʻambar qaytibdi. U avvalgidek xalqqa vaʼz qilibdi, oʻliklarni tiriltiribdi, bemorlarni davolabdi. Olomon uning ketidan ergashibdi, soʻzlariga quloq solibdi. Shunda Buyuk Inkvizitor Isoni tuttirib, qamoqqa tashlabdi. U tunda mahbus yotgan qamoqqa kelib, unga shunday debdi:

– Nega kelding? Bizga halal bergani keldingmi? Sen odamlarga ozodlik, erk berding, haqiqatni berding. Sen faqat ortingdan ergashadigan yuz yoki ming kishini oʻylading, qolgan yuz ming, millionlab kishilarning holi nima kechdi? Sen bergan haqiqat, erk ularni umidsiz, baxtsiz qildi, chunki inson haddan ziyod ojiz, zaif va isyonkor. Biz nima qildik? Biz sening noming bilan ana shu haqiqatni yashirdik. Biz insonlarga umid berdik, chunki bu shafqatsiz dunyoda ojiz inson uchun umiddan oʻzga najot yoʻq. Sendan oʻtinaman, endi qaytib kelma! Ket!

Shunda Iso paygʻambar oʻrnidan turib, cholning peshonasidan oʻpibdi. Bir ogʻiz ham soʻz aytmay qaytib ketibdi.

Dostoyevskiy inson ruhiyatining eng qorongʻi koʻchalariga shitob bilan kirib boradi, oʻquvchini zulmatlardan, qiynoqlardan olib oʻtadi, u insonni eng odil hakam, oʻz vijdoni bilan yuzma-yuz qiladi, qalbni, ruhni istagan koʻyiga soladi, biroq insondan soʻnggi ilinjini – umidini tortib olmaydi. Yovuzlikni haqiqat, oʻzboshimchalikni erk deb bilib, najot eshiklarini yopadigan, zulmatda uloqib yurgan odamga nur tutqazmaydigan adabiyot adabiyotmi?!

Menga Dyumaning “Graf Monte-Kristo” romanidagi yakun nihoyatda yoqadi: “Kutmoq va umid qilmoq lozim”. Aslida, adabiyotning atomga teng kuchi ham shunda emasmi?! Shu qudratli kuchni bugun behudaga sarf qilmaylik. Axir, maqtansa arzigulik qanchadan qancha boy merosimiz, adabiy anʼanalarimiz bor. “Soʻz Haqning soyasi. Soʻz insonning qiymati qadar qadrlidir”, – deydi Mavlono Rumiy. Ota-bobolarimiz zulmatni emas, hidoyatni, zoʻravonlikni emas, shafqatni, fahshni emas, insoniy muhabbatni kuylagan. Bas, shunday ekan, bugungi adabiyotimiz ham shu anʼanaga merosxoʻr boʻlsin.

 

  1. Har bir davr oʻziga qoldirilgan oʻtmish merosini qadriyatlarining mezon chigʻirigʻidan oʻtkazadi, chunki har qanday sanʼat asari, avvalambor, oʻz davrining mahsuli. Albatta, har bir badiiy asar oʻzida umuminsoniy qadriyatlarni aks ettiradi, ushbu qadriyatlar asar yaratilgan davrdagi ijtimoiy meʼyorlar bilan oʻlchanadi. Masalan, Homer dostonlarida madh etilgan goʻzallik, ritsarlik dostonlarida kuylangan goʻzallikdan batamom farq qiladi. Qadimgi yunonlar insonga zavq beradigan, uni maftun qiladigan narsalarni goʻzal, deb bilganlar: Yelena goʻzal, Afrodita goʻzal. Hech kim ulardan axloqiylikni talab qilmaydi, chunki yunonlar uchun axloq va goʻzallik boshqa-boshqa tushunchalar boʻlgan. Oʻrta asrlarda bu ikki tushuncha aynanlashdi, shuning uchun ham ritsarlik dostonlarida goʻzallik va axloq bir-biridan ajratilmaydi.

Demak, har qanday sanʼat asariga oʻz davrining badiiy-estetik qadriyatlari, meʼyorlari taʼsir koʻrsatarkan, biz ham uni oʻz qadriyatlarimiz, maʼnaviy mezonlarimiz doirasida qabul qilishimiz tabiiy. Bu jarayonlar fan va sanʼat tarixida antikvarizm hamda prezentizm tamoyillariga muvofiq tahlil qilinadi. Yaʼni, birinchidan, har qanday sanʼat asari tafakkur taraqqiyotining ajralmas boʻlagi boʻlib, u tarixiylik nuqtai nazaridan oʻrganiladi. Ikkinchidan esa, aynan shu sanʼat asari bugungi kun nuqtai nazaridan baholanadi. Masalan,”Ming bir kecha” ertaklarini olaylik. Asar, shubhasiz, jahon adabiyoti durdonalaridan biri sanaladi, lekin undagi baʼzi ertaklarda arablarning johiliyat davridagi anʼanalarining taʼsiri seziladi. Ayshu ishrat, shahvatni boʻyab-bejab koʻrsatilgan tasvirlar, albatta, bugungi axloqiy meʼyorlarga mutlaqo toʻgʻri kelmaydi. Yoki Dantening “Ilohiy komediya” asarini oling. Ushbu asarni islom dini qadriyatlari bilan qanday baholash mumkin? Daholik, chin isteʼdod boshqa din, millat qadriyatlarini toptash, pastga urish bilan emas, balki umuminsoniy qadriyatlarni, insoniy fazilatlarni ulugʻlash bilan belgilanadi. Mahmud Gʻaznaviy ham “Shohnoma”dek asarni milliy gʻururi kamsitilganligi bois yuksak baholamagani tarixiy haqiqat.

Muxtasar qilib aytganda, har bir davr oʻtmish bisotini oʻz anʼanalari, maʼnaviy, axloqiy, milliy, diniy, estetik-badiiy mezonlariga muvofiq saralaydi va saralashi ham kerak.

 

  1. Ushbu savolga javob berish biroz qiyin. Bilishimcha, siz insonning ruhiyatini, hayotini, taqdirini oʻzgartirib yuboradigan tanlovlar haqida aytyapsiz. Oʻzingiz aytganingizdek, mulozamatni bir chetga surib qoʻyib aytadigan boʻlsak, bu yuk adabiyotning yolgʻiz oʻziga ogʻirlik qiladi. Tagʻin kim biladi, deysiz? Ekzistensialistlar taʼbiri bilan aytganda, bu ishni faqat vaziyatlar hal qiladi.

Men bu borada ustoz Dilmurod Quronovning fikrlariga qoʻshilaman. Bunaqa masalalar koʻproq insonning eʼtiqodi, maʼnaviyati, ruhiyati bilan bogʻliq. Bunda adabiyotning oʻrni shu millatning adabiyotga nechogʻliq yaqinligi bilan belgilanadi.

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2015–2

https://saviya.uz/hayot/suhbat/chinakam-adabiyot-ideallarni-kuylaydi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x