Maymun va toshbaqa bobi

Roja brahmanga dedi: – Mumkin boʻlsa, shunday bir hikoya soʻzlab bersangki, unda birov bir narsani qoʻlga kiritmoq uchun harakat qilsa-yu, lekin maqsadga yetgandan keyin begʻamlik qilib uni qoʻldan berib qoʻygan boʻlsa.

Brahman dedi: – Bir narsani qoʻlga kiritmoq uni saqlamoqdan osondir, chunki qimmatli, nafis va nodir narsalar baʼzan baxtli tasodif tufayli hech bir mehnatsiz qoʻlga kirib qoladi, lekin miyani ishlatmasang, uni saqlamoq juda qiyindir. Masalan, toshbaqa mehnat sarf qilmasdan mehribon va fidokor bir maymunga oshna boʻlib qoldi-yu, lekin aqlsizligi va nodonligi tufayli undan ayrilib, pushaymon boʻldi.

Roja soʻradi: – Qanday qilib?

Hikoyat: Brahman dedi: – Bir orolda maymunlar koʻp edi. Ularning Kordon nomli bir podshohlari bor boʻlib, siyosat va rayosat bobida tengi yoʻq, odil va aqli komil edi. Umrning bahori oʻtib, qarilik uni iskanjasiga ola boshladi. Koʻzining nuri, belining quvvati ketib, unga zaiflik yuzlandi…

Bechora qari maymun qaygʻu-hasratga toʻlib-toshib yoʻlga ravona boʻldi, yura-yura bir dengiz qirgʻogʻidagi qalin oʻrmonga keldi. U yerda bir anjir daraxtini topib oldi-yu, uning mevalarini yeb, kun kechira boshladi. Bir kuni maymun anjir daraxtining ustida oʻtirib uning mevalarini maza qilib yeyayotganida bir anjir suvga tushib ketdi. Anjirning shopillab suvga tushgan ovozi maymunga juda yoqib tushdi. Maymun dam-badam suvga anjir tashlar va bundan katta zavq olar edi. Oʻsha suvda bir toshbaqa yashar edi, suvga tushgan anjirlarni ishtaha bilan yer va “maymun bularni atayin men uchun tashlamoqda, tanish boʻlmagani holda menga shuncha mehribonlik koʻrsatmoqda, doʻstlashsam menga nimalar qilishi mumkin”, deb oʻylar edi. Maymunning yaxshiligini qaytarish orzusida toshbaqa qirgʻoqqa chiqib, u bilan salomlashdi. Ular suhbatlashib oʻtirib, bir-birlariga mehribon doʻst boʻlib qoldilar, goʻyo ikki tanda bir jon va bir koʻkrakda ikki yurak kabi…

Maymun oʻz mamlakati va davlati qoʻldan ketganligini soʻzlab berdi. Toshbaqa uning gapiga mahliyo boʻlib oʻz uyi va oilasiga qaytishni unutib qoʻydi. Toshbaqaning xotini uning uzoq muddat yoʻq boʻlib ketganidan xavotirlanib, nima qilishini bilmay qoʻshnisiga hasrat qildi.

Qoʻshnisi dedi: Xafa boʻlma, uning qayerda ekanligini senga aytib berishim mumkin.

Toshbaqaning xotini dedi: – Egachi, tezroq ayting, u qayerda?

Qoʻshnisi dedi: – Men eshitdimki, ering bir maymun bilan doʻstlashib, unga maftun boʻlibdi, uning vaslini sening hijroningdan ustun tutib, sening firoqing olovini uning visoli suvi bilan oʻchirib yuribdi. Endi gʻam chekishning foydasi yoʻq. Bir tadbir koʻrish kerakki, ering uyga qaytsin. Ular ikkalasi bir boʻlib maslahatlasha boshladilar. Oxirida maymunni oʻldirishdan boshqa chora yoʻq, degan qarorga keldilar. Toshbaqaning xotini oʻzini kasalga solib, qoʻshnisidan eriga xabar yubordi. Toshbaqa xotinining kasal boʻlganini eshitgach, maymundan uyiga borib kelish uchun ijozat soʻradi va yoʻlga tushdi.

Uyga kelib qarasa, xotini koʻrpa-yostiq qilib yotibdi. Uning atrofida parvona boʻlib hol-ahvol soʻradi, lekin xotini bir soʻz aytmadi.

Toshbaqa xotinining xastaligi va nima uchun gapirmasligi sababini qoʻshnisidan soʻradi.

Qoʻshnisi javob berdi: – Bemorning dardi ogʻir boʻlib, sogʻayishdan umidi uzilgan boʻlsa, qanday qilib gapira olsin.

Toshbaqa dedi: – Uning dardining davosi nima ekan? Agar bu yerlarda boʻlmasa, boshqa joylardan axtaray, doʻstlardan iltimos qilay, dushmanlarga yolvoray.

Qoʻshnisi dedi: – Bu biz xotinlarga xos kasallikdirki, uni maymunning yuragidan boshqa hech narsa bilan muolaja etib boʻlmaydi.

Toshbaqa dedi: – Maymun yuragini qayerdan topsam boʻlarkin?

U gʻamga botdi. Oʻylab-oʻylab hech bir chora topa olmagach, doʻsti maymun yodiga tushib, oʻz-oʻziga dedi: “Agar oramizda boʻlgan doʻstlik va sadoqatga qaramay unga xiyonat qilsam, bu nomardlik va insofsizlik boʻladi; agar ahdga vafo qilaman desam, uyimning tayanchi, hayotimning bezagi, farzandlarimning panohi boʻlgan xotinimdan ajralib qolaman”.

Anchagina vaqt bu haqda oʻylab iztirob chekdi, shubha va taraddud ichida qolib, nihoyat, xotinining ishqi gʻalaba qildi. Shunday qilib, u vafodorliqdan voz kechish qaroriga keldi… Lekin yaxshi bilardiki, maymunni bu yerga keltirmaguncha maqsadiga erisha olmaydi. Shular haqida oʻylab-oʻylab maymunning huzuriga bordi. Ayriliq vaqtlarida muhabbati yanada kuchayib ketgan maymun toshbaqani zoʻr quvonch bilan kutib oldi va uning kasal xotinining ahvoli, bolalarining, qavm-qarindoshlarining sogʻliq-salomatliklari haqida soʻrab-surishtirdi.

Toshbaqa dedi: – Sening firoqing oʻti shunday yondirdiki, ularni koʻrishdan biron lazzat ololmadim. Yolgʻizliging esimga tushganda tinchligim buzilib, dunyo koʻzimga qorongʻi boʻlib koʻrinardi. Mana endi yoningga keldim. Marhamat qilib mening uyimga borsang, farzandlarimni koʻrib, xotinimni sevintirsang, qavm-qarindoshlarim, doʻst-oshnolarim oldida boshim osmonga yetardi. Ular tayyorlab qoʻygan ovqatlarini oldingga qoʻyib, oʻz mehmondoʻstlik burchlarini bajaradilar. Shu bilan yaxshiliklaringni, biroz boʻlsa ham qaytargan boʻlar edim.

Maymun dedi: – Qoʻy, bu haqda oʻylab koʻp aziyat chekma. Sen doʻstlik va ahd-vafoda meni oʻzingdan ustun qoʻyma, chunki oramizdagi doʻstlik ipini boshlab sen mustahkamlading. Endi men oʻz koʻnglimning xoqoniman. Baxt-saodat ichida yashamoqdaman. Agar bu ozodlik va rohat shamoli mening dimogʻimga avval yetganida edi, bunday tinch, baxtli yashashning shunday shirin ekanligini avvalroq bilsaydim, foydasi oz, gʻami koʻp hukmdorlikdan allaqachon voz kechgan boʻlardim. Lekin shu bilan birga men vatandan, qavm-qarindosh, doʻst-oshnolarimdan uzoqqa tushgan bir bechora maxluqman. Men shunday ayriliq azobida mahv boʻlib ketayotganimda sen menga doʻstlik qoʻlini uzatding. Saxovat ahli nazarida doʻstlik gʻoyat bebaho narsadir. Haqiqiy doʻstlik begʻaraz boʻlur. Ot va eshak birga xashak yesalar ham, oralarida doʻstlik paydo boʻlmaydi. Ammo haqiqiy doʻstlarning biri mashriqda, boshqasi magʻribda boʻlsa ham, baribir, bir birlarini eslab va shundan tasalli topib yashayveradilar…

Dengiz safariga chiqqan odam oʻziga hamroh axtaradi, lekin doʻstlari bunday safarga borishga rozi boʻlmasalar, buni dushmanlik deb hisoblamaslik kerak. Sen menga oilangni borib koʻrishni taklif qilyapsan, mayli, qabul qilay, lekin mening daryodan oʻta olmasligimni bilasanmi?

Toshbaqa dedi: – Xotiring jam boʻlsin, seni oʻz orqamda koʻtarib, manzilimga olib boraman. U yerda rohat va farogʻatda yashaysan.

Xullas, toshbaqa turgan joyini shu qadar maqtadiki, nihoyat, maymun borishga rozilik berdi va oʻz muqaddarotini unga topshirdi. Toshbaqa uni oʻz orqasiga mindirib uyi tomon ravona boʻldi. Suvning oʻrtasiga yetganda oʻylab qoldi va oʻz-oʻziga dedi: – “Olimlar vafosizlik va xiyonat, ayniqsa, eʼtiborsiz xotinlar uchun qilingan xiyonat eng katta gunohdir, deydilar. Ulugʻlarning yana shunday gapi bor: “Oltinning sofligini oʻtda, hayvoning kuchini ogʻir yuk ortilganda, insonning toʻgʻriligini omonatga xiyonat etmasligida bilsa boʻladi”. Har holda, donolar xotinlarning makr-hiylalariga aldanmaslikni maslahat koʻradi”.

U shunday bir-biriga zid muhokamalar yuritib, suvning oʻrtasida toʻxtab qoldi… Uning taraddudga tushganligini va qandaydir jiddiy bir narsa haqida oʻylayotganini sezgan maymun, shubhalanib toshbaqadan soʻradi: – Nima boʻldi, nima uchun fikr daryosiga gʻarq boʻlding, balki meni koʻtarish senga ogʻirlik qilayotgandir?

Toshbaqa dedi: – Sen nimaga asoslanib bunday savol beryapsan? Yo men biror harakatim bilan buni oshkor qilib qoʻydimmi?

Maymun dedi: – Men koʻrib turibman: sen vijdon azobini chekmoqdasan, oʻz nafsing bilan kurashmoqdasan, taraddud va iztirob oʻtida yonmoqdasan.

Toshbaqa dedi: – Toʻgʻri aytasan. Sen birinchi marta biznikiga ketyapsan, xotinim esa kasal, uylar ostin-ustin boʻlib yotgandir. Koʻnglim istaganidek seni yaxshi qabul eta olmasam, mehmondorchilikni joyiga qoʻya olmasam, hammaning oldida rasvo boʻlaman, deb qoʻrqayotirman.

Maymun dedi: – Sening nomusli va toʻgʻri boʻlganliging, meni dildan doʻst hisoblab yaxshi niyat bilan uyingga olib borayotganing maʼlum. Oʻtirishimiz qanchalik sodda, dasturxon qanchalik faqirona boʻlsa, suhbatimiz shunchalik samimiy va shirin boʻladi. Sening toza yurakli ekaningni bilganligim uchun aytishim mumkinki, sen bekorga tashvish tortyapsan, mehmonni yaxshi kutib olmasam nima boʻladi, deb iztirob chekishga asos yoʻqdir; bu jihatdan xotirjam boʻl, oʻzingni bekorga xafa qilma.

Toshbaqa biroz suzib borib, yana toʻxtab qoldi, yana avvalgidek oʻy-xayolga toldi.

Maymunning shubhalari orta boshladi va oʻz-oʻziga dedi: “Doʻstidan shubha qilgan odam oʻsha soat tadbir koʻrib, unga nisbatan ehtiyotli munosabatda boʻlishi, oʻzini saqlashi kerak. Agar shubhalari toʻgʻri chiqsa, muqarrar boʻlgan falokatdan oʻz jonini saqlab qolgan boʻladi, gumoni xato boʻlib chiqsa, ehtiyotkorlik qilgani uchun uni koyimaydilar. Yurak tez-tez oʻzgarib turgani uchun uni qalb, deb ataganlar. Har daqiqada u nima xayolga tushadi, niyati yaxshimi, yomonmi, bilib boʻlmaydi”. Soʻngra toshbaqaga dedi: – Yana nima boʻldi, xayol daryosiga shoʻngʻib ketding?

Toshbaqa dedi: – Nima qilay, xotinimning kasalligi, uning sihatining yomonligi xayolimni parishon qilmoqda.

Maymun dedi: – Doʻstlik hurmati uchun bu narsani menga ochiq aytib berding. Endi uni nima bilan sogʻaytirish, dardiga nima davo topish mumkin, ayta olasanmi?

Toshbaqa dedi: – Tabiblar shunday darmon belgiladilarki, uni hech qayerdan topish mumkin emas.

Maymun soʻradi: – U qanday darmon ekan?

Toshbaqa dedi: – Maymunning yuragi.

Buni eshitib daryo oʻrtasida turgan maymunning quti oʻchib ketdi, koʻz oʻngi qorongʻilashdi va oʻz-oʻziga dedi: “Meni bu dahshatli falokatga sudragan narsa badnafslik va ochkoʻzlik boʻldi; meni bu qoʻrqinchli girdobga shuhratparastlik va harislik soldi. Endi esa meni hiyla va tadbirdan boshqa hech narsa xalos eta olmaydi. Agar orolga borsam, oʻlishim muqarrar, oʻzimni bu yerda suvga tashlab qochmoqchi boʻlsam, choʻkib halok boʻlishim aniq”. Maymun bu fikrlarini xayolidan kechirib, toshbaqaga dedi: – Olimlar aytibdurlarki, xalqqa zarur boʻlgan ozuqani yashirgan shoh, doʻstlarning baxtli boʻlishi uchun kerak narsani bermagan doʻst, shoh va doʻst degan nomlarga noloyiqdurlar. Men xotiningni qanchalik sevishingni bilaman, uning sogʻayib ketishi uchun zarur boʻlgan darmonni bermaslik doʻstlikka xiyonat qilish demakdir. Men xotiningni dardini bilaman, chunki bizning maymun xotinlarda ham shunday xastalik bor. Biz yuraklarimizni berib, ularni muolaja etar edik. Oʻzimiz esa yuraksiz yashay berar edik. Agar sen buni sohilda aytganingda, men yuragimni oʻzim bilan birga olib chiqar edim. Qarigan vaqtimda menga yurakning ehtiyoji yoʻq. Menga yuragimni koʻtarib yurish juda ogʻir, chunki unga qoʻngan gʻam-anduh haddan tashqari koʻp va ogʻirdir. Shuning uchun yuragimning dardi biroz kamaysin, deb olib qoʻygan edim.

Toshbaqa dedi: – Nima uchun yuragingni uyda qoldirding?

Maymun dedi: – Maymunlarda bir odat bor: yaqin doʻstlarining uyiga ketayotganlarida, mehmondorchilik yaxshi va shirin oʻtsin deb, yuraklarini oʻzlari bilan olib bormaydilar, chunki yurak gʻam va alam maskanidir. Sening aqlli va iffatli xotiningni xastaligini eshitgach, yuragimni olib yursam ezilib ketadi, deb oʻyladim. Albatta, sen mening doʻstligimni sinagansan, shuning uchun soʻzlarimga ishonasan. Lekin sening qavmu qarindoshing, qalin doʻst boʻlsa ham, oʻziga uncha zarur boʻlmagan bir narsasini bizga berishdan boʻyin tovladi, deb badgumon boʻlishlari mumkin. Yaxshisi, orqaga qaytsak, yuragimni olib kelaman.

Toshbaqa suyunib darhol orqasiga qaytdi. Qirgʻoq boʻyiga yetgach, maymun sakrab bir daraxt ustiga chiqib oldi.

Toshbaqa bir soatcha kutdi, soʻngra maymunni chaqirdi va dedi: – Ey, aziz doʻstim, yuragingni olib tush, fursat oʻtmasin. – Maymun kulib dedi: – Men uzoq yashab, koʻp narsalarni boshimdan kechirgan, dunyoning issiq-sovugʻini koʻrgan, achchiq-chuchugini totganman. Endi kelib-kelib sendan pand yeymi? U xom xayolingdan voz kech va bundan soʻng hech kimga ahdu vafodan soʻz ochma. Sening bevafo ekanligingni ilgariroq payqagan edim. Meni, tulki aytgan “yuragi va qulogʻi yoʻq eshak”, deb gumon qilmagin.

Toshbaqa soʻradi: – Tulki nima degan ekan?

Hikoyat: Maymun dedi: – Bir sher qoʻtir kasaliga mubtalo boʻlgandan keyin quvvati ketib, ov qilolmay qoldi. Uning xizmatida bir tulki bor edi. U sherdan qolgan taom bilan kunini oʻtkazardi. Sher ovga yaramay qolgandan keyin, tulkining rizqi kesildi. U bir kun sherga dedi: – Shohim, dardlarini muolaja qilish fikrida emasmilar?

Sher dedi: – Ey tulki, agar darmoni topilsa, bu azobga bir zum ham chidab oʻtirmas edim. Eshitishimcha, eshakning qulogʻi bilan yuragi dardimga davo emish.

Tulki dedi: – Agar ijozat bersangiz, eshakni topib keltirsam. Bu yaqinlikdagi buloqqa bir odam har kuni kir yuvgani keladi. Uning bir eshagi bor, har kelganida buloq atrofida oʻtlab yuradi. Zora oʻshani hiyla bilan olib kelsam. Shohim, uning yuragi va quloqlarini yeb, qolganlarini oʻz xizmatchisiga bersa.

Sher rozi boʻldi. Tulki buloq tarafiga joʻnab ketdi. Uzoqdan bir eshakni koʻrib qoldi. Uning yoniga kelib salom berdi, mehribonlik koʻrsatib, u yoq-bu yoqdan soʻz boshladi, soʻngra soʻradi: – Nima uchun sen juda charchagan, xafa va oriq koʻrinasan?

Eshak dedi: – Xoʻjayinim borgan sari koʻproq yuk ortib, kamroq ovqat beryapti. Nima qilishimni bilmayman.

Tulki dedi: – Sen sodda va goʻl boʻlmasang, qochib bu azob-uqubatdan qutulgan boʻlar eding.

Eshak dedi: – Qayerga bormayin, men bu azobdan qutulolmayman.

Tulki dedi: – Xoʻp desang, seni shunday bir chamanzorga olib borib qoʻyayki, u joyning havosi juda musaffo, koʻm-koʻk oʻt belingdan keladi… Bundan ilgariroq bir urgʻochi eshakka nasihat qilib edim, u hozir oʻsha chamanzorga borib, yuk ham tashimasdan, yeb-ichib, maza qilib yurgan emish…

Bu soʻzlardan eshakning ogʻziga suv keldi va xursand boʻlib tulkiga dedi: – Sening maslahatingga kirmasdan boʻlmaydi, chunki sen buni doʻstlik, shafqat va xayrixohlik yuzasidan aytmoqdasan.

Tulki eshakni sherning huzuriga keltirdi. Sher ochkoʻzlik qilib boʻkirganicha eshakka tashlandi, lekin zaifligi tufayli uni ushlay olmadi. Eshak esa qochib qutuldi.

Tulki sherning zaifligidan taajjub qilib dedi: – Baxtsizligingizni qarang, bir oriq eshakni ham tutib yeya olmadingiz-a!

Bu soʻz sherga ogʻir tuyuldi, u oʻz-oʻziga dedi: “Agar, oʻzim joʻrttaga tutmadim desam, uni taajjublantirgan boʻlaman, agar zaifligim tufayli tuta olmadim desam, ojizligimni eʼtirof etgan boʻlaman”.

Soʻngra tulkiga qarab dedi: – Shohlarning qilayotgan ishlari sababini raiyatning bilishi shart emas. Sen bu savolni menga bermasliging kerak edi. Endilikda bu fikringdan kech. Yana bir hiyla ishlatib, eshakni qaytarib kelsang, sening sadoqating hamda fidokor ekanliging yana bir karra isbot etilgan boʻlar edi.

Tulki oʻrnidan turib eshakning yoniga keldi. Eshak uni koʻrib koyib dedi: – Sen meni qayerga olib borgan eding?

Tulki dedi: – Sening odamlardan koʻrgan azob-uqubatlaring hali ham yodingdan chiqmaganga oʻxshaydi. Shuning uchun har narsadan koʻrqaverasan. Aslida, u yerda tahlikali hech narsa yoʻq edi. Sening koʻrganing men senga aytgan urgʻochi eshak edi. U ehtirosi shiddatidan oʻzini unutib qoʻyib senga tashlandi. Agar biroz sabr qilsang edi, uning qanchalik mehribon va yumshoq muomalali ekanligini koʻrar eding.

Tulki urgʻochi eshakni shunday maqtab ketdiki, oxiri bu eshak uning gapiga ishondi (shu vaqtga qadar sherni koʻrmagan edi) va tulkining oldiga tushib, sherning huzuriga ravona boʻldi. Tulki oldinroq borib sherni ogohlantirib qoʻydi. To eshak sherga yaqinlashmaguncha hamla etmasligini iltimos qildi.

Sher tulkining aytganini qilib, eshakni mehribonlik bilan qarshi oldi, bir necha shirin soʻz aytdi. Eshak tap tortmay sherning oldiga juda yaqin keldi. Shunda sher sakrab turib eshakni pora-pora qilib tashladi, soʻng tulkiga dedi:

– Men buloqqa borib choʻmilib kelgunimcha buni poylab tur, kelganimdan soʻng uning yuragi va quloqlarini yeyman. – To sher choʻmilib kelguncha tulki eshakning yuragi va quloqlarini yeb toʻyib oldi.

Sher kelib eshakning yurak va qulogʻini topmagach, tulkiga dedi: – Buning yuragi va quloqlari qani?

Tulki dedi: – Shohim salomat boʻlsinlar. Bu eshakning qulogʻi ham, yuragi ham yoʻq edi. Agar uning yuragi boʻlsa edi, xavf-xatarni sezgan, qulogʻi boʻlsa, birinchi hujumingizdan soʻng mening yolgʻonlarimga quloq solmagan va oʻz oyogʻi bilan goʻrga kirmagan boʻlur edi.

Bu masalni shuning uchun keltirdimki, sen bilgin: men eshak kabi qalbsiz va quloqsiz emasman. Sen hiyla va makrlaringning hammasini ishlatding, men esa ularni oʻz aql-idrokim bilan tushunib oldim. Endi sen yana orqaga qaytishni xohlaysan, yoʻq, bu hiylangdan endi ish chiqmaydi.

Toshbaqa dedi: – Toʻgʻri aytasan, senga eʼtiroz etishga oʻrin qolmadi. Endi sening qalbingga shunday dogʻ tushdiki, uni hech narsa yuvib tashlay olmaydi. Mening ham betimga bir razolat tamgʻasi bosildiki, uni ham hech narsa yoʻqotolmaydi… Endi firoq zahrini qatra-qatra yutib, hijron qamchilariga yelkani tutib berishdan boʻlak iloj qolmadi…

Toshbaqa bu soʻzlarni degandan soʻng ming pushaymon boʻlib uyiga qaytib ketdi. Bir qimmat narsani yoki bir doʻstni qoʻlga kiritib, nodonlik va gʻaflat tufayli undan ayrilish haqidagi hikoyat mana shundan iboratdir. Aql va tajriba egalari bu qissadan ibrat olib, qoʻlga kiritgan davlat, orttirgan doʻst va boshqa neʼmatlarini ehtiyot qilib saqlashga intilishlari va ularni qoʻldan boy bermasliklari lozim. Chunki qoʻldan ketgan narsani qaytarmoq mumkin boʻlmaydi, bir soʻz bilan aytganda, oxirgi pushaymon – oʻzingga dushman.

 

“KALILA VA DIMNA”dan

 

Fors tilidan Suyima GʻANIYEVA tarjimasi

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2015–2

https://saviya.uz/ijod/nasr/maymun-va-toshbaqa-bobi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x