Muallif kim tomonda?

Bugungi kunda adabiyot hayotga chuqur munosabatda boʻlayotganligi badiiy asarlardagi qahramonlarning xarakter va psixologiyasida ham koʻrinib turadi. Xudbin, oʻzini yaxshi, boshqalarni yomon, deb oʻylab faqat oʻziga yaxshilik, doʻstlariga yomonlik tilovchi odamlar jamiyat hayotida barcha zamonlarda uchrab turishi ham maʼlum. Taniqli adibimiz Abduqayum Yoʻldoshev “Begona shaharning namozshomlari” nomli qissasida shunday ijtimoiy toifalarning ruhiy, maʼnaviy olami, bir-biriga havasi va hasadi, hech bir insoniy fazilati boʻlmasa ham oʻziga bino qoʻyib, kerilib yurishi, ishbilarmonlik olamidagi ayrim korrupsiya va qallobliklarni fosh etadi va tadqiq qiladi. Yozuvchi qahramonlar xarakterini ichdan yoritadi.

Voqea ter toʻkib mehnat qilsa ham omadi yurishmagan, biri ikki boʻlmagan, boyib ketganlarga havas, hasad qiluvchi, taʼmagir va munofiq qahramon tilidan hikoya qilinadi. Rus adabiyotida, xususan, Gogol, Dostoyevskiy asarlarida “men” deb hikoya qiluvchi qahramonlar ijobiy va salbiy jihatdan, turlicha munosabatlarda tasvirlangan. Oʻzbek badiiy nasrida esa Abdulla Qahhor va Shukur Xolmirzayev asarlaridan boshlab, xudbin shaxslar ham asosiy obrazlarga aylandi.

“Begona shaharning namozshomlari” qissasi hikoyachining yorugʻ his-tuygʻulari bilan boshlanadi: “Oʻshanda politexnika institutida oʻqirdim. Guruhimizda Alisher degan bola bor edi. Umuman olganda… yaxshi bola edi: saxiy, mehmondoʻst… har yili koʻklamda bizni Chimyonga lola sayliga olib chiqardi. Uning qishlogʻi… judayam chiroyli, havosi judayam toza, suvi judayam shirin… Qishloq emas, jannatning oʻzi”. Shundan soʻng, asar qahramonlaridan yana biri – kursdoshi Alisherning tabiati, feʼl-atvorini ocha boshlaydi. U doʻstining maqtanchoqligini, oʻzini boyvachcha qilib koʻrsatishga urinishini tasvirlaydi. Darhaqiqat, Alisher kursdoshlarini yoʻlda uchragan har bir hamqishloqlariga erinmay tanishtiradi. Qishloq ahli mehmondoʻst, oqkoʻngil, kelganlar bilan qoʻsh qoʻllab koʻrishib, hurmatlarini joyiga qoʻyadi. Alisher esa ularga oʻzining hazilakam odam emasligini bildirish uchun u oʻqiydigan guruhda “ikkita obkomning, uchta raykomning, ikki ministrning farzandlari” oʻqiydi deya yolgʻon aytishdan uyalmaydi. Yana kamtarlik bilan oʻzini “oddiy ketmonchining farzandi”, deb qoʻyadi. Doʻstining fikri bilan muallif fikri goho birlashib ketadi. Doʻstining fikricha, Alisher sal shuhratparastroq edi, hamisha koʻpchilikning diqqat-eʼtiborida boʻlgisi kelardi. Xususan, u oilada kenja oʻgʻil, maktabni oltin medal bilan bitirgan, qishloqda hammaga oʻrnak qilib koʻrsatilgan. Muallif fikricha ham Alisher shunday sharoitda oʻsib, shuhratparast boʻlib yetishuvi tabiiy edi. Lekin u maxsus fizika va matematika maktabida oʻqib kelgan boʻlsa-da, institutda qiyin fanlar oʻqitilgani uchun “oʻrtahol” talabaga aylanib qoladi. Tasvir jarayonida xudbinligining turli koʻrinishlari ochila boradi. Oʻzini koʻrsatish uchun bir qizga ishqiy maktub yozadi. Qiz unga koʻpchilik oldida dashnom beradi. U qasdini olish uchun yana-da chiroyli boshqa qiz bilan “yurish”ni oʻylaydi. Shunday qizni topganida esa uni boshqa bir odobli Musurmon degan yigit yaxshi koʻrib yurishi ayon boʻladi.

Bizningcha, “Begona shaharning namozshomlari” qissasida yagona ijobiy obraz deyishga arzirli shaxs – “shu koʻzoynakli yigitcha” deb tasvirlangan Musurmon. Ammo, asarda uning atrofidagilar, Alisher va uning kursdoshlari, hatto “men” deb yozayotgan hikoyachi Murod ham oʻz kursdoshiga tarafkash boʻlib, yovuzlikka qoʻl uradi, koʻzoynakli yigitchani doʻpposlab, boshiga, biqiniga, jigariga ayovsiz tepib, majruh qilib qoʻyadilar. U ikki-uch oyda oʻlib ketadi.

Yomoni shundaki, bu yigitning qotillari boʻlgan Alisher, hikoyachi, boshqa personajlar ham, qilgan razilona harakatlaridan afsuslanmaydi. Yozuvchi bu tasvir orqali yoshlarning jismonan baquvvat, ammo maʼnaviyati zaifliligini koʻrsatmoqchidir? Kursdoshlari Alisherni yolgʻondan maqtashib, sigaretlarini chekadilar, ishbilarmon akasi Najmiddin olib bergan qimmatbaho jinsi shimlarni kiyadilar. Yozuvchi bu jarayonlarni tasvirlashda kichik tafsilotlarga, badiiy detallarga murojaat qiladi.

Asarda kaltaklangan, majruh boʻlib qolgan yigitcha mardlik qilib, tergovchilar tekshirganida ham kimlar urganini yashiradi, oʻzim yiqildim deydi. Kaltak zarbidan bir buyragi ezilgan Musurmon, “bitta buyrak bilan ham yashasa boʻlaveradi”, deydi. Bu bilan u Chingiz Aytmatovning “Oq kema”sidagi Moʻmin cholni eslatadi. Zulmga, yovuzlikka javob qaytarmaslik, qasos olmaslik, koʻnikib yashash yangi-yangi zulm va yovuzlikni tugʻdiradi. Abduqayum Yoʻldoshev qissasidagi bu yagona ijobiy qahramon uzoq yashamasligi ham ramziy maʼnoga ega boʻlsa kerak.

“Oq kema”dagi ezilgan xalq timsoli Moʻmin cholning ruhiy holatlari kuchli va chuqur tasvirlangan edi. Uning butun umri birovlarga qulday xizmat qilish bilan oʻtgan. “Begona shaharning namozshomlari” qahramoni Musurmonning tabiati, xatti-harakatlari, toʻgʻrisi, harakatsizligi, yovuzlikka qarshilik koʻrsatmasligi, oʻz oriyatini, shaʼnini, qadr-qimmatini himoya qila olmasligi, himoya qilishni istamasligi xarakter tadriji bilan yetarli asoslanmagan.

Musurmonni shafqatsizlarcha urgan talabalar manfaat koʻrganlari sababli nohaq ishga bosh qoʻshadilar, ular haq tomonga – Musurmonga emas, maqtanchoq, yarimtentak Alisherga yordamlashadilar. Asarda Alisherning antipodi, tinimsiz ishlasa ham ishi yurishmaydigan qiyofa, bu – hikoyachi. U maʼnaviy sayoz odam sifatida tasvirlanadi. Ogʻizda adolat tarafdori, amalda esa fazilatsiz, yengiltak Alisher akasi Najmiddin yordamida boyib ketganligiga hasad qiluvchi, yomon koʻrgan odamini ham foyda chiqishini oʻylab, tinimsiz maqtovchi, munofiq shaxs.

Adibning bu asardagi uslubida yana bir qiziqarli xususiyat, hikoyachi oʻzi taʼmagir va munofiq boʻla turib, boshqa doʻstlarining tubanlik qilishlarini qoralagandek koʻrinadi. Uning aytishicha, Musurmonni jazolash tarafdori boʻlgan kursdoshlar ichida “eng tili achchiq, ichiqora, badbin oʻyli, oʻziga narsa yoinki pul kerak boʻlib qolganda Alisherning yengidan kirib, yoqasidan chiqadigan ablahi (adib bu “ablah”ga ism qoʻymagan): “Oyimqiz chatoq!” deya eʼlon qildi chinqirib. Soʻng taʼnasi yanada zaharliroq chiqishini istab qoldimi, haytovur, ilonga oʻxshab vishilladi. – Yaxshi buzoq ham ikki onani emadi-da, ogʻaynichalish!”

“Alisher “pov” etib yondi-ketdi: bahaybat mushtini stolga qarsillatib urarkan: – Hozir boraman-da… – deb boʻkirdi, baayni oʻsha toʻrtkoʻz uning xususiy mulkiga tajovuz qilganday qahr-gʻazabga toʻlib!”. Bu fikrni hikoyachidan koʻra, muallif fikri, qarashi deyish toʻgʻriroq. Boshqa koʻp oʻrinlarda ham muallif soʻzlari, qarashlari bilan hikoyachi soʻzlari, qarashlari aralashib ketgan. Ehtimol, muallif oʻz qarashlari bilan hikoyachi “men”i aralashib ketmasligi uchun epik qahramon – hikoyachi xarakteridagi salbiy xislatlarni tasvirlashga koʻproq eʼtibor bergandir? Bu holatni asar qahramonlari – hikoyachi Murod bilan Alisher munosabatida ham kuzatishimiz mumkin. Oradan koʻp yillar oʻtib, hikoyachi ishi yurishmay, shaharma-shahar tijoratchi boʻlib, asablari buzilib yurgan vaqtida bir shaharda yoshlikdagi doʻsti Alisherni uchratib qoladi. Koʻp yillar oʻtsa ham Alisherning tabiati yaxshi tomonga oʻzgarmagan: oʻsha-oʻsha maqtanchoq, shuhratparast, akasining boyligi bilan maqtanadi. Aytishicha, akasi firma direktori, u esa yordamchi. Hikoyachi xarakterida ham oʻzgarish yoʻq, u ham Alisherni yolgʻondan maqtab, foyda undirishga intiladi. Eski doʻsti Alisher yordamida arzon bahoda mingta kerza etik olib, sal qimmatroqqa sotib, moliyaviy ahvolini tuzatib olmoqchi.

Murodni eski doʻsti Alisher va uning mohir ishbilarmon akasi yaxshi kutib oladi, mehmon qiladi, yordam berishga rozi boʻladi. Ammo, hikoyachi-qahramon aka-ukaning ishi yurishganini koʻrib hasad oʻtida yona boshlaydi. Muallif hasadgoʻy qahramon, ishi yurishmay ogʻir ahvolda qolgan tijoratchi Murodning ruhiy holatini, iztiroblarini ancha chuqur yoritgan. Hikoyachi Murod bilan sobiq kursdoshi Alisher munosabatlari asar syujetining oʻqtomirini tashkil etadi. Aqlli va qobiliyatli qahramon hech narsaga erisholmay, ishi orqaga ketib, kafeda oʻrtogʻi bilan suhbatlashib oʻtirganida arzimagan tushlik ovqatga puli yetmasligini oʻylab, tashvishga botadi. Alisher esa talabalik vaqtida Musurmonni ayovsiz urib oʻldirgan boʻlishiga qaramay, omadli, firma direktori. Murod doʻsti Alisher bilan Mavjuda munosabati Musurmonni chalajon qilib urishdan soʻng uzilganini, qiz uning koʻp marta yuborgan sovchilarini qaytarganini eslaydi. Ammo, xayolida ham Alisherni yomonlamaydi. Aksincha, undan foyda topish ilinjida laganbardorlik, qalbaki maqtovni avj oldiradi. Bosh qahramon Murod vijdonli, oriyatli, adolatli, xullas, ijobiy shaxs boʻlganida u har qancha pulga zoriqsa ham Musurmonning qotilini maqtamagan, undan yordam soʻramagan boʻlardi. Ammo yozuvchi biznes olamida odamgarchilik, vijdon va adolat, maʼnaviyat ahamiyatsizligini koʻrsatmoqchi. Shu sababli muallif bosh qahramoni tabiati, ruhiy olamidagi aldov, munofiqlik, xushomadgoʻylik kabi salbiy xislatlarni tanqidiy realizm usulida tasvirlayveradi. Darvoqe, oʻzbek nasrida Abdulla Qahhordan keyin tanqidiy realizm yoʻnalishi Neʼmat Aminovning satira va yumorida, Erkin Aʼzam va Murod Muhammad Doʻst hikoyalarida, Abduqayum Yoʻldoshev hikoyalari va “Yulduzlikning ogʻir yuki” qissasida yaxshi anʼana sifatida boʻy koʻrsatdi.

“Begona shaharning namozshomlari” qissasida Sartr, Kamyu kabi ekzistensialchilarning taʼsiri, qahramonlarning insonlikdan, oʻzligidan begonalashayotgani seziladi. Asar bosh qahramonlari “Alisher va uni “kuzatayotgan” hikoyachi odamgarchilikdan uzoqlashadi.

Toʻgʻri, hikoyachi qahramon talabalik yillari Alisherchalik vahshiy va tuban emas edi. Yotoqxona oldidagi tungi janjalda u Musurmonni qochib qutulishi uchun ochiq joy qoldiradi. Ammo, Musurmon bundan foydalanmaydi. Soʻng Alisher vahshiylashib uni urayotganida, Murod kursdoshini ajratish uchun orqasidan quchoqlab oladi. Ammo koʻzi qonga toʻlgan Alisher doʻstining ham peshonasiga musht urib, hushidan ketkazadi. Shu bilan u “oʻyindan chiqadi”. Hikoyachi shularni oʻylab oʻziga tasalli berar edi. Uni hayotda Alisherdek ablah, aql-farosatsizlarning oshigʻi olchiligi, bularning boyib ketishi, oʻzidek oddiy mehnatkashning kosasi oqarmayotgani qiynaydi. “Nima uchun u? Nima uchun men emas?” deya ruhan ezilaveradi. Yozuvchi qahramon ruhini ichdan yoritadi. Bir qarashda u ijobiy shaxs. U boylik, pul quturtirgan Alisherday maqtanchoq va yengiltak emas. Lekin vijdoni toza ham emas, tili boshqa, dili boshqa. U Alisherni boyib ketgani uchungina soxta hurmat bilan xushomad qilaveradi. Buni gohida qahramon oʻzi tan olib aytadi: “Bir-ikki ochiq oshkora maqtov, hayrat izhorlari, “Shunday zoʻr ishlarni qilibsiz-a, qoyil!” qabilidagi moy purkashlardan keyin Alisher taltayib oʻtirib olgancha, menga qanday yashash kerakligini oʻrgatishga tushib ketdi. Ayniqsa, “Alisherbek, siz hayotni tushunish boʻyicha bizga oʻxshaganlardan kamida yigirma yil oldinga oʻtib ketibsiz-ov”,  – degan maqtovim juda yoqdi, shekilli: “Pul hamma joyda bor, joʻra faqat uni topa bilish uchun yaxshi kalla, oʻtkir koʻz, kuchli bilak kerak. Men pul topishni bilaman. Sarflashniyam! Pulni pul topadi, ketmonni ahmoq chopadi, joʻra”, dedi Alisher”. Eʼtibor qiling! Butun insoniyatga noz-neʼmatlar yetkazib beruvchi dehqonni ahmoq deganiga hikoyachi zarracha eʼtiroz bildirmaydi. Aksincha, bu fikrga qoʻshilganday yana yaltoqlanadi: “Ayni haqiqatni aytdingiz, – dedim kamoli ehtirom bilan”. Qissa qahramonlaridan qaysi biri haqli, qaysi biri nohaqligini adib ajratmaydi. U oʻzining estetik idealini har ikki salbiy obraz fikrlashi, hayotiy qarashlarini fosh etish orqali koʻrsatadi. Shu sababli kitobxon gohida bu bahslar va suhbatlarda muallif kim tomonda ekanligini anglay olmay qoladi.

Bir qarashda Alisherga nisbatan Murod ijobiyroq shaxs. U Alisherday “yangi oʻzbeklar”dan nafratlanishini faqat kambagʻalligi sababli bu yengiltak doʻstiga muhtoj ekanligini sezdirib turadi. Baʼzida Alisherga munosabat bildirishda ikkilanadi. Ammo, hikoyachini, ehtimol, muallifni ham mana bu ijtimoiy muammolar bezovta qiladi: “Nahot, nahot, omad deganlari bor narsa boʻlsa? Nahot kimdir bir umr tiyinlab pul yigʻib, goh topgan arzimas sarmoyasini yoʻqotib, begona shaharlarning laʼnati namozshomlarida yuraksiqma boʻlib, xor-abgor holatda, kiygan kiyimimdan, yegan taomimdan uyalib, oshqozon xastaligini orttirib olganlarim evaziga qismatim menga andakkina inoyat koʻrsatib, hech boʻlmasa alohida bir xonali uy baxshida etmasa-yu, manavi novcha hoʻkiz moddiy farovonlik, koʻngil xotirjamligining men hech qachon yetolmaydigan ushalmas orzu boʻlib qoladigan choʻqqisiga allaqachon chiqib ulgurgan boʻlsa? Nega, nima uchun axir? Qaysi xizmatlari evaziga?”

Hikoyachi omadsiz ishbilarmonning ruhiyatidagi dolgʻali, iztirobli oʻy-kechinmalar ijtimoiy, axloqiy-falsafiy mazmuni bilan kitobxonlarni ham toʻlqinlantiradi. Rostdan ham nega bunday? Murod kabi halol, mehnatsevar, gʻayratli odamning ishi yurishmaydi, dangasa, yengiltak, aqli qisqa-kaltafahm odamlar nima uchun tez boyib ketadi, farovon yashaydi? Qissada sobiq kursdosh ikki doʻst uchrashganida, yengiltak, maqtanchoq Alisherning soʻzlaridan bu savollarga javob topish mumkin. Ammo bu javoblar koʻngilga taskin bermaydi, aksincha, dilni xira qiladi. Alisher bor pullarini qarzga, foizga berib, sudxoʻrlikdan, dollar olib sotishdan, arzon mol olib qimmatiga sotishdan boyib ketganligini aytadi. Agar hikoyachi qahramon ijobiy shaxs boʻlsa, vijdonli boʻlsa, bunday ishlarni yoqtirmasligi kerak edi. Ammo shuncha gaplardan keyin ham doʻstiga ham hasad, ham havas bilan qaraydi. U sezdirmasdan Alisher bilan akasining biznes sohasidagi qallobliklarini kuzatib, tegishli organlarga aytib, ularning ishlarini fosh etadi. Bizningcha voqealarning bunday oʻzgarishi laganbardor va hasadgoʻy qahramon Murod xarakterining mantiqidan kelib chiqmaydi.

Qahramon xarakterining oʻziga xos tomoni shundaki, u oʻz omadsizliklari sababini bilmasa ham hasadgoʻyligini, yaxshi odam emasligini, yaʼni oʻzligini anglay boshlaganidadir. Ammo, yozuvchi koʻrsatganiday, bu jarayon oson kechmaydi. “Men” nomidan hikoya qiluvchi bu qahramon oʻlib-tirilib qilgan mehnatlari zoye ketgani uchun dovdir, tekinxoʻr odamlarning ishi yurishgani sabab falakni, taqdirni ayblab, isyon qiladi. Bu qahramon nimasi bilandir, qaysidir jihatlari bilan Ulugʻbek Hamdamning “Muvozanat” romani qahramoni Yusufga oʻxshab ketadi. Bu ikkala asarda qahramonlar tabiatan isteʼdodli, aqlli, qobiliyatli boʻla turib, maqtanchoq, xudbin, tuban, bir ibora bilan aytganda, “oʻrni yoʻq” odamlarga tobe, “qul” boʻlib qolishi tasvirlanadi. Murod qobiliyatsiz kursdoshining boyib ketganiga hasad qiladi. Shu hasad sabab, u yashirin yoʻllar orqali yangi oʻzbek boyining gʻayriqonuniy ishlari, mehnat qilmay, turli qallobliklar bilan boyib ketganligini aniqlaydi. Omadsiz Murod omadli Alisherni va uning ishbilarmon akasi Najmiddinni reketchilar yordamida xonavayron qilishga erishadi. Ammo, reketchilar chaquv bilan ishga tushgan xizmat xodimlarimi, yo rostdan ham qaroqchilarmi – nomaʼlum, sirli boʻlib qolgan.

Murod bir xonali uy sotib olib el qatori, birovlarga muhtoj boʻlmay yashashni orzu qilar ekan, doimo “Begona shaharning namozshomlari”ni yomonlaydi, goʻyo uning ishi yurishmaganiga begona shahar va uning shomlari aybdorday? “Men begona shaharning namozshomlaridan qoʻrqaman, – deydi qahramon. Hatto hafta-oʻn kun turgan chogʻlarim ham, hatto ikki-uch bor qayta-qayta kelgan paytlarimda ham begona shaharga sira-sira el boʻlib ketolmaganman… Eng ogʻiri zulmat elchisi boʻlmish namozshom pallasini oʻylab vahimaga tushaman”. Qahramonning bu kabi oʻylaridan nimani tushunish mumkin? Bunday fikrlashda mantiqsizlik sezilmaydimi? Asar qahramoni ha deb, “Begona shahar namozshomlari”dan bezor boʻlganini taʼkidlayverganidan keyin, kitobxon, qahramon begona shaharga el boʻlib ketolmasa, tanishlar, doʻstlar orttirolmasa, ishi yurishmasa, nega bu yerga qayta-qayta keladi, degan fikrga kelishi aniq.

Muallif bu qahramoni siymosida, ehtimol, yangi ochiladigan firmada yetarli sarmoya boʻlmasa, hech qachon ish yurishmasligini tasvirlashni maqsad qilgandir? Muallif yangi tadbirkorning ishi yurishmasligi sabablaridan biri sifatida begona shahardagi odamlar bilan tez kirishib, yaxshi muomala qilolmasligini ham badiiy tasvirda berishga harakat qiladi: “Men azaldan odamoviman, – deydi qahramon. – Hech qachon bir yoki ikki koʻrgan odamim bilan elakishib ketavermayman. Arzon mehmonxonalarda onda-sonda uchrab qoladigan hamkasblarim bilan ham bemalol gurunglashib oʻtirolmayman”. Qahramonning bu oʻy-kechinmalarida ham mantiqsizlik seziladi. Avvalo, odamovi, oʻzini chetga tortuvchi odamdan durust tadbirkor chiqmaydi, bunday odam ishbilarmon boʻlolmaydi. Yana bir mantiqqa zid holat shundaki, qahramon uzoq yillarda bir marta uchrashib qolgan – sobiq kursdoshi Alisher bilan darhol til topishib, uning ruhiyatidagi tovlanishlarni nozik tushunib “ichi”ga kirib oladi. Shunday ekan, omadsiz tadbirkor xonasiga qamalib olib “qatl daqiqasini kutayotgan jinoyatchiday titrab-qaqshab begona shaharning namozshomini” kutishi ham tabiiy va mantiqiy ruhiy holat emas. U jinoiy yoʻllar bilan boylik orttirmasa, tijoratda qonunsiz, nohaq ish qilmagan boʻlsa, nima uchun oʻzini “qatlini kutayotgan jinoyatchi”ga oʻxshatadi? Bu oʻtkir ibora voqea mantiqiga ham, xarakter mantiqiga ham toʻgʻri kelmaydi.

Muallif oʻz qahramoni Murodning kambagʻalligi sababli yaxshi tadbirkor, mulkdor boʻlolmayotganini tasvirlashga hayot haqiqatidan kelib chiqadi. Ammo, u talabalik chogʻlarida sofdil va aybsiz yigit Musurmonni “qiz talashib” oʻldirib qoʻygani uchun sobiq kursdoshi Alisherdan qasos olishi Murodni reallikdan chetlashtirib, romantik qahramonga aylantiradi. Xullas, yozuvchi asar syujetidagi voqealarni xolis tasvirlashi yaxshi, lekin badiiy asarda gumanistik gʻoyani ilgari surish uchun u sogʻlom kuchlar tarafdoridami, yoʻqmi, yorqinroq bildirib borsa asarning tarbiyaviy taʼsir kuchi yanada oshgan boʻlar edi.

 

Damin TOʻRAYEV

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016–6

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/muallif-kim-tomonda/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x