Bolani yozda ko‘krakdan ajratish mumkinmi?

Qaynoq yoz tafti bahor tugamasidanoq sezilmoqda. Ba’zi emizikli onalar esa farzandini ko‘krakdan ajratishga shoshilmoqda. Ha, aynan shoshilmoqda. Chunki ular bu ishni albatta yozgacha amalga oshirish kerak, deb hisoblashadi. Aslida-chi? Umuman, bolani ko‘krakdan ajratishda nimalarga ahamiyat berish kerak? Sahifamiz eksperti oliy toifali shifokor-pediatr Muhabbat NASIVALIYEVA.

bolani sutdan ajratish

Nima uchun yozgacha?

Ilgari bolakayni yozda ko‘krakdan ajratish tavsiya etilmasdi. Chunki yoz meva-sabzavotlarga boy fasl, demak, ichak buzilishlari xavfi ortadi. Ona sutining foydali moddalari esa bolakayni kasalliklardan himoya qiladi, agar biror xastalik boshlangan bo‘lsa ham og‘ir o‘tmaydi. Emizikli bolalar ko‘krakdan ajratilganlarga nisbatan kam kasallikka chalinadi, degan ishonch “go‘dakni yozda ko‘krakdan ajratish mumkin emas” degan “ta’qiq”qa sabab bo‘lgan aslida. Ammo agar bola yarim yoshdan katta bo‘lsa, ko‘krakdan ajratish uchun yilning qaysi fasli bo‘lishining farqi yo‘q, chunki bola o‘z immunitetiga ega bo‘lib ulgurgan.

“Qanday ajratay?”

Agar kichkintoyingiz hali faollik bilan emayotgan bo‘lsa, ko‘krakdan ajratish fikringizdan voz kechib turganingiz ma’qul. To‘g‘ri, shunday vaziyatlar ham bo‘ladiki, bola bir necha kun ichida ko‘zga ko‘rinarli oqibatlarsiz ko‘krakdan ajraladi. Lekin bu sutkasiga bir-ikki marta emadigan bolalarda bo‘ladigan holat. Chunki bunda bola ham qiynalmaydi, onada ham tezroq ko‘krakdan ajratish istagi bo‘lmaydi. Qachonki bola emishga unchalik ehtiyoji bo‘lmasa, ya’ni sutkasiga bir-ikki martagina emsa, bolani ko‘krakdan ajratish fikrini ma’qullash mumkin. Faollik bilan emayotgan davrda birdan ko‘krakdan ajratib qo‘yilsa, bu bola uchun stress. Chunki u bunday kutilmagan o‘zgarishdan keyin nima qilishni, emish xumorini qanday bosishni bilmay qoladi. Bola tushunmaydi: onasi avvaliga emishini xohlagandi, endi esa emmasligini.

Obrazli qilib aytganda, bolani ko‘krakdan ajratish — bir tekisda, uzoq davom etadigan jarayon. “Boshqa kuchi qolmagani uchun” bir-ikki kun ichida bu ishni amalga oshirish esa katta tezlikda yurib ketayotgan poyezddan, uning to‘xtashini o‘tirmasdan, sakrab tushib qolishday gap.

Bolasining tez-tez emaverishidan charchab, uni ko‘krakdan ajratmoqchi bo‘lgan onalar muammoni murg‘ak go‘dakning yelkasiga yuklab qo‘yishlarini o‘ylab ko‘rishlari kerak.

Muhim qoidalar

  1. Kunduzgi emizishlar sonini qisqartirish. Buning uchun bolani faol mashg‘ulotlarga jalb qiling. Uning emish borasidagi “imo-ishora”larini ko‘rmaganga olib, e’tiborini ko‘proq o‘yinlar, sevimli ozuqasi, sayr qilishga qarating. Bola shunda ham emishni talab qilaversa, u bilan “kelishish” mumkin. Masalan, “shuni bajarib bo‘laylik, keyin” qabilida. Agar “hech nima qilmay” (bola uchun onasining kitob o‘qib o‘tirishi, kompyuterda ishlashi “hech nima qilmaslik”) o‘tirgan yoki yotgan bo‘lsangiz, bola bundan foydalanib qolishga harakat qiladi va yoningizga borib, emizishingizni talab qiladi. Doimiy harakatda bo‘lsangiz, bir necha haftadan keyin farzandingiz bunga ko‘nikadi va tez-tez emizishni talab qilavermaydi.
  2. Bolani emgan holda uxlatmaslik. Bunda eng keng tarqalgan usul foyda beradi. Ya’ni kunduzi bola uxlayotganida biror joyga keting, bolaning yonida esa biror yaqin kishingiz qolsin. Muhimi, sizning xavotirlanavermasligingiz, bola yonida qolgan insonning ishonchi va mehribonligi. Shunda go‘dak emmagan holatda uxlashga tez o‘rganadi.
  3. Uydaligingizda bolani emmagan holatda uxlatish. Bolani to‘shakka yotqizib, “hozir kelaman” deb avvaliga ozgina muddatga, keyin ko‘proq vaqtga xonadan chiqib keting. Lekin xonadan chiqayotib, qayoqqa nima uchun ketayotganingizni albatta bolaga tushuntiring. Aks holda unda ishonchsizlik uyg‘onib, maqsadingizga erishish qiyinlashadi. Shunday holatda bola xotirjamlik bilan sizni kutadigan bo‘ladi. Qaytib kirgach, avvaliga odatdagidek emizib uxlating. Keyinchalik asta-sekin qaytguningizcha uxlab qoladigan bo‘ladi.
  4. Bola hayotida o‘zgarishlar, murakkab vaziyatlar (kasallik, ko‘chish, bog‘chaga qatnash, ona ishga chiqqan davr) paytida ko‘krakdan ajratish jarayonini boshlamang.
  5. Agar bola biror jismoniy yoki hissiy jarohat olsa (yiqilsa, qo‘rqsa, uzoq vaqt onasini ko‘rmagan bo‘lsa), emishiga qarshilik ko‘rsatmang.
  6. Ko‘krakka biror achchiq narsa yoki cho‘chituvchi qizil rang surtib qo‘yish kabi usullarni qo‘llamang. Bola uchun ko‘krak mehr, xotirjamlik, ishonch timsoli va u bilan sodir bo‘lgan “musibat” bola ruhiyatiga salbiy ta’sir qilishi mumkin.
0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x