Bir kaft zar, bir hovuch gavhar

Oʻtkir Hoshimovga

 

Bir umr qishloqda oʻsganim uchunmidir, oʻzimdan katta boʻlsa “aka”, oʻzimdan kichik boʻlsa “uka” deb oʻrganganman. Hatto bir imosi bilan tagirmon toshi yurgizadigan amaldor boʻlsa ham Boboqul Botirbekovich Boynazarov deb “vich-vich”lashga, “ov”lashga til bormaydi. Til aylanmaydi. Shu vajdan qadimiy odatimiz boʻyicha ismingizni aytib murojaat qilmoqchiman.

Oʻtkirjon! Mehr bilan yozgan publitsistik maqolangiz – “Andisha”ni yutoqib, entikib oʻqib chiqdim. Bir nafasda. Ogʻzimda nosim borligini ham unutib. Nosni endi tilning tagiga tashlab, “Oʻzbekiston ovozi”ni varaqlab turib “Andisha”ga koʻzim tushdi. Oʻqib boʻldim ham. Nos hali-hamon til tagida soʻrilib yotgan ekan. Shoʻri qaynab… Bir kishi nos chekar ekan. Bir joʻrasi nos haqida yomon gaplarni aytibdi. Tashlatish uchun. Bu falokatni. Haligi noskash pastga tushish – nosni tashlash oʻrniga haligi sherigiga debdi:

 

Gar yetishmoq istasang, muttasil chekkil nosni,

Atrofingga keltirmagil nos chekmagan iflosni!

 

Rosa kulishibdilar. Shunga oʻxshab men mana shu “iflos”dan qutulolmay kelaman.

Buyugimiz, buzrukvorimiz, akademik shoirimiz Gʻafur Gʻulom hazratlarining nos chekishlari ham oʻzlariga yarasha tushar edi. Shuni eslasam, bu falokatni tashlagim kelmaydi…

Shunday qilib, bir otim nosvoyning kuchi bilan “Andisha”ni oʻqib boʻldim. Oʻzi Siz oʻsha universitetda oʻqib yurgan qaytarilmas kezlarda ham Tursunboy Adashboyev, Erkin Otaboyev, Mahmud Abdurahimov, shoir Talʼat Soliyev hamda kaminani sindirganingiz sindirgan edi. Ismoil aka (Shogʻulomov) esa oʻtogʻamiz. Siz esa nuqul hoʻ-oʻ hal-li-gi suluv-suluv sanamlar bilan… Oʻzgalar bilan ishingiz boʻlmas edi. Bizlar esa, anqayib qolaverar edik.

Qoʻlingizdan kitob tushmas edi. Imtihonda esa nuqul baholar “besh”. Kiyinish, yurish-turish ham shunga yarasha. Oʻzi boʻladigan bolaning manglayidan, tanglayidan maʼlum degan gap – gap ekan. Mana, oradan salkam yarim asr oʻtdi. Har birimiz baholi qudrat shu ota-makonimizning, jonajon xalqimizning xizmatini qilmoqdamiz. Baribir siz yil sayin oʻsa bordingiz. Kamol topa bordingiz. “Baxilligimni” bila turib. Kunma-kun ozib borishim sababini bila turib… Eng yaqin sirdoshlarim soʻraydilar: nima balo, ketmas dardga yoʻliqqanmisan, deb. Men esa sizni “koʻrolmay” shu koʻyga tushganimni aytgan boʻlaman. Ular qotib-qotib kuladilar, he-e, odam boʻlmay ket-e, bu kuningdan battar boʻl, deyishadi. “Andisha”ngizni oʻqib battar “tutoqib” ketdim. Va mana shu xatni yozmoqqa kirishdim. Xudo haqqi, ijtimoiy-axloqiy yoʻnalishda yozilgan hech bir maqolangizni oʻqib bunchalik “kuymagan” edim. Oʻqib chiqdim-da, shunday xulosaga keldim: biz tengi ijodkorlar xalqimizning necha asrlar osha asrab-avaylab kelayotgan shu va shunga oʻxshash milliy qadriyatlari, oʻlmas urf-odatlari haqida koʻproq yozishlari, xorij, gʻarb (gʻarib)ning bizga yuborayotgan gʻoyaviy “sovgʻa-salomlari” tagida nimalar yotganini ochiq-oydin yoritib borishlari kerakka oʻxshaydi. Shoirchilik oʻz yoʻliga. Shubhasiz, badiiy asarning tagida kosa, kosa tagida nimkosa, nimkosa tagida chilkosa yotadi. Uni vaqtida ilgʻab oluvchilar bor. Qanday yozilsa shundayligicha qabul qiluvchilar bor. Uning toshu tarozisini Ozod Sharafiddinov, Ibrohim Haqqul singari hamisha halol, odil qoʻyib kelayotgan muqim adabiyotshunoslardan boshqa shamol qaysi tomonga essa, shu tomonga haydab ketadigan “universal” toʻrtkoʻz “shunos”lar bor. Haligi asarlar shular qoʻliga tushsa, yo borga chiqazarlar, yo yoʻqqa. Soʻngra sur-sur boshlanadi. Haligi asar uloq qilinadi. Ungacha ancha vaqt oʻtadi. Uningsiz ham hozir badiiy kitob chiqaruvchilar soni kundan-kun koʻpayib boradi. Umr boʻyi savdo-sotiq, xoʻjalikka rahbarlik sohasida ishlab yurib bozori kasodga yoʻliqqanlar ham, hali oʻsmir yoshiga yetib-yetmaganlar ham ishni shigʻir yozishdan boshlamay, hadegandanoq bolabolishday, loʻlabolishday kitob yozishga bel bogʻlab kirishib ketdilar. Kitob chiqazishning taqdiri pul bilan bogʻliq boʻlib turibdi. Hozircha. Bu haqda koʻp yozilayotir, aytilayotir. Natija masalasi esa haligiday boʻlib turibdi. Hozirgi kitobxonlikning bir qadar susayishiga mana shuning ham taʼsiri borga oʻxshaydi. Shubhasiz, men buni oʻtish davrining soʻnggi illatlari deb tushunaman. “Inam meguzorad” deganday. Koʻpdan beri, ayniqsa, “Andisha” chiqqan kunlari matbuot sahifalarida paydo boʻlib qolgan, mentalitetni oʻz tilimizda nima deb ataymiz, degan savolni savodxon kishilardan soʻrab yurgan kezlarim edi. Bilasiz, kaminada savod masalasi inqadar. Esingizda boʻlsa, falsafa bilan rus adabiyotidan imtihon topshirish vaqtimizda bu ikki predmet boʻyicha uloqni koʻproq men olib ketar edim. Domla Ayupov bilan V. Saksonovalar qoshida gʻoz turib imtihon topshirar edim. Bu masalada hali-hamon Tursunboy Adashboyev menga kun bermay keladi. Hay, mayli, bu gaplarni qulogʻingizga shivirlab aytayotirman. Oʻraga sichqon tushdi, guldur-gup. Shunday qilib, mentalitetni birlar koʻnikma, birlar xarakter dedi va boshqalar boshqa soʻzni aytdilar. Baribir ichim chiqmadi. Bu iboraning maʼnosini ham “Andisha”da topdim. Xislat ekan. Ana endi koʻnglim joyiga tushgan edi. Va sizdan minnatdor boʻlib qoʻydim. “Andisha”ni qayta-qayta oʻqidim. Uyga kelgan yoru doʻstlarga maqtanganday ham boʻldim. Ular ham bosh koʻtarmay oʻqib chiqdilar, minnatdor boʻldilar. Gazeta-jurnallarimizda ana shunday goʻzal maqolalar berib borilsa, obuna masalasi ham oʻz-oʻzidan hal boʻladi: matbuot doʻkonlari oldida odamlar turnaqator.

Darvoqe, “Rus xarakteri” deganday, sadagʻang ketay oʻzbekning andishasi! Yopiray! Shu birgina soʻzning kuch-qudrati! Oʻylab koʻrsam, uyat oʻlimdan qattiq, maqolidan ham andishaning darajasi baland ekan.

 

Andishasiz odamni odam deb ayta koʻrma,

Gap qotar boʻlsa magar, ortingga qayta koʻrma,

 

deb bekorga aytilmagan ekan. Va yana hayo bilan andisha – odamzotning libosi, degan hikmat ham bor. Haqiqatan ham, koʻcha-koʻylarda yurgan yalangʻoch-yarim yalangʻoch bandalarni koʻrgan odamlar birinchi navbatda, mana buning hayosizligini, mana buning andishasizligini, deb qoʻyarlar. Andisha haqida goʻzaldan-goʻzal misollar keltiribsiz, bu keltirilgan misollardan oshirib yana misollar keltirish qanchalik dushvor!

Shu yilning boshida shifoxonada davolanmoqda edim.

 

Keksalik moʻralab eshik qoqmoqda,

Bolalik qaytadan qaytarilmoqda,

Bizdan erta kunga nelar qolmoqda,

Umr oʻtmoqdadir, umr oʻtmoqda,

 

deganday. Yonimdagi bemorxonada bir qariya yotar edi. Hafta oʻtdi. U kishini yoʻqlab birov kelmaydi. Oʻn kun oʻtadi, kelmaydi. Keluvchining hech qorasi koʻrinmaydi. Sharpa-shamoli ham. Sheriklarimdan, bu kishi kim? Yoʻqlar kishisi yoʻq ekanmi, deya soʻradim. Haligi qariyaning yonida yotgan sherigi: “Siz soʻramang, men aytmay. Bu shoʻrlik chol palonchining otasi. Yigirma kun mobaynida bir marta keldi. Oʻshanda ham bir paket olma-polma olib keldi. Qaytib qorasini qoʻrsatmadi. Men bu moʻysafidday andishali odamni koʻrmadim. Qanoatdan ham Xudo ayovsiz bergan ekan. Shuncha gapga solsam ham sir boy bermaydi. Dod demaydi. Oʻgʻlining kimligini aytmaydi. Shu shifoxonaning ovqatiga qanoat qiladi. Narsa bersam, qaramaydi. Uydan kelgan ovqatga qoʻshilmaydi ham”, degan gapni aytdi.

Ezildim. Bir ahvolga tushdim. Kasalimga kasal qoʻshildi. Soʻng bu yozugʻlik cholning bolasi (bolasi emas, balosi) kim ekani bilan qiziqdim. Viloyatdagi eng nufuzli idoraning boshligʻi ekan. Haligi oʻgʻli degan kasi, kasofati. Cholni ertaga Yangi yil degan oqshomi shifoxonaga olib kelib tashlab ketgan ekan. Yangi yil kechasi koʻngilochar chogʻimizda xalaqit bermasin, bu sassiq chol, deb. Biz oʻn-oʻn besh kishi birgalashib pul yigʻib haligi bemor cholga berdik. Olmadi. Qattiq ranjidi. Oʻsal boʻldik. Andisha qildi-da. Oʻgʻlini juda yaxshi tanir ekanman. Tagida xizmat mashinasi. Qoʻlida koʻlda ham, choʻlda ham istagan joyi, xohlagan odami bilan gaplashib ketadigan telefon. Oʻtirar joyi chirillab aylanadigan kursi. Xotini odam isi yoqmaydigan falokatlardan ekan. Alhazar! Alhazar!

Endi siz menga aytingiz-chi, bir oilani boshqara bilmagan, oʻz padari buzrukvorini oʻz uyiga sigʻdirishga gapi oʻtmagan kishi qanday qilib bir korxonaning rahbari boʻla oladi? Qanday qilib oʻz jamoasi boshini biriktira oladi? Qanday yuz bilan koʻcha-koʻylarda yuradi? Bu yigit yil boshidanoq ishdan olindi. Xudo emas, bandaning qahriga yoʻliqdi. Hali Xudoning unga atab qoʻygan balolari oldinda… Ana sizga andishasizlikning otning kallasiday namunasi.

Uzoq Afrika qitʼasining yoki Janubiy Amerikaning odamzot oyogʻi yetib ulgurmagan changalzorlari ichida hali-hamon ibtidoiy holatda yashayotgan mitti qabilalar kindik qonlari toʻkilgan oshyonlarining toshu tuproqlarini muqaddas deb biladilar. Oʻzlarini hamma el, hamma elatlardan buyuk sanaydilar. Bizdan ulugʻ jamoa yoʻq deb biladilar. Va toʻgʻri qiladilar. Gado oʻz uy-oʻlan toʻshagini Toʻra Sulaymonday shoirning ostonasi oltindan, darvozalari mis-kumushdan boʻlgan saroyini sariq chaqaga olsa koshki. Almashsa koshki. Oʻzini esa bu odamdan zigʻircha kam chogʻlasa koshki. Tuf degan tupuk yerga tushib ulgurmay muzlab qoladigan olis Sibiriyada yashovchi yoqutlar, chukchalar oʻz oʻlkalarini jannatning bir belgisi, namunasi deb biladilar. Oʻzlarining yaxshi-yomon hamma urf-odatlarini, xislat-fazilatlarini yagona deb biladilar. Va toʻgʻri qiladilar. Shunday boʻlishi kerak ham. Tabiiy ham. Har kimning chiqqan togʻi oʻzi uchun buyuk. Har bir millatning, har bir xalqning nimaiki urf-odati, rasm-rusumi, tuzum-toʻzimi, xislatu fazilati boʻlsa, oʻzi uchun aziz. Oʻzlari uchun muborak. Shu jumladan, qonun-qoidalari ham. Shu shekilli, bizning xalqimizda – oʻzbekiyada boʻlgan mehr-oqibat, insof-tavfiq, feʼl-atvor, himmat-hamiyat, ibo-uyat, andisha bari-bari oʻzgacha. Biri – laʼl, biri – zabarjad, biri – oltin, biri – olmos. Bir-birining oʻrnini bosa olmaydi. Bir-biridan qimmatli. Har birining oʻz oʻrni bor.

Endi oʻz koʻzim bilan koʻrganlarimdan, oʻz boshimdan kechirganlarimdan misollar keltiray. Andisha haqida, albatta.

Yodingizda boʻlsa, oʻtgan asrning 70-yillari konservatoriya roʻparasidan ijodkorlar uchun ikki dom ajratilib, uy berila boshlandi. Xudo yorlaqab Mirtemir hazratlariga ham ikki xonali uy berildi. Vaholanki, ayrim toshi ogʻir yozuvchilar hali tugʻilmagan Tilovlariga, hali beshikni tark etmagan boʻbaklariga ham uy olmoqda edi. Domla uy olmay bir balo olgan ekan. Berishga berib, ketidan, uyni marhamat qilib boʻshatib qoʻysangiz, deb tiqilinch qila boshlaydilar. Gorispolkomdan kunora telefon qilib turiladi. Nima boʻldi deb. Domla tipirchilab qoladi. Yelkalarini silkitib, tishlarini gʻichirlatib. Hademay Mirjalolni uylantirishi kerak. Oʻsha ikki xonali uy keragidan-kerak. Gorispolkomdan esa:

 

Oq terakmi, koʻk terak,

Domla, sizga ne kerak!

 

degan andishasiz ashula eshittirilib aytib turiladi. Domla oʻzini qoʻyarga joy topolmay bezovtalanadi. Ne qilarin bilmaydi. Bir kuni Mirtemir aka, yo Yashin akaga, yo yuqoridagi rahbarlardan birontasiga aytsangiz boʻlmaydimi, axir bu nima degan gap, degan edim, u kishi: “Toʻra, shu ikki katak uchun Yashin akaga yo boshqasiga arz qilamanmi? Arziydimi? A n d i sh a degan gaplarni eshitmaganmisan! U katak – katak ekan, hozir oʻtirgan uyingni boʻshatib ber desalar ham gʻing degan nomard. Yoʻq, agar ijodimga taginar boʻlsalar, soʻgʻin a n d i sh a ni qurbon qilishga toʻgʻri keladi”, degan edi.

Naqadar ogʻir gap. Naqadar xoʻrlik. Ich-ichimdan ezildim. Soʻng men-da jim. Domla-da jim…

Qishlogʻimizdagi maktabga oliy oʻquv yurtini tamomlagan bir shaharlik qiz muallima boʻlib keldi. Soch qirqilgan, tomogʻining tagi marjonli deganday, tomogʻidan tortib sarsiynagacha, toʻpigʻidan tortib qorasongacha haligiday… Uryon holinda. Boʻldi tomosha, boʻldi tomosha. Qiz bular havas qilyapti deb oʻyladi, shekilli… Sinfga kiribdi. Qizlar yuzlarini bekitib olibdi, uyalganlaridan. Oʻgʻil bolalarga xudo beribdi. Quloqlari muallimaning soʻzida boʻlsa, koʻzlari oʻzida boʻlibdi. Birinchi dars maymun oʻyiniga aylanibdi. Muallima sinfdan yigʻlab chiqibdi. Aybni oʻquvchilarga qoʻyib. Sochiga oq tushgan, tajribali muallimlar andisha qilib, qizim, ayb oʻzingizda deya olmabdi. Oradan bir hafta oʻtar-oʻtmas muallimlar yangi oʻqituvchini oʻrtaga olib “chilyosin” qilibdilar. Qizim, bu – qishloq maktabi. Sening bu yoʻsinda kiyinib, dars berishing mushkul. Oʻzingni oʻnglab ol. Muallim – sahnada turgan sanʼatkor misoli. U birgina saboq berish bilan emas, yurish-turishi, kiyinishi bilan ham oʻquvchilarga oʻrnak boʻlishi kerak. Keyin saqich ham chaynamagin. Bizda buni ayb sanaydi, debdilar. Mana, oradan yil oʻtdi. Oʻsha qiz hozir har jihatdan hammaga oʻrnak boʻlarli muallima. Ana sizga jamoa bilan mahallaning nimalarga qodirligining belgisi. Andishasizlikning tugatilishi.

Guliston davlat universitetida oʻtgan yili studentlar bilan ijodkorlarning uchrashuvi boʻldi. Hayʼatda Toshkentdan kelgan adabiyot va sanʼat namoyandalari bilan mahalliy ijodkorlar. Ibrohim Gʻafurov, Anqaboy Quljonov, Oydin Hojiyeva, Hayotxon Ortiqboyeva, Hamroqul Rizo, Bahor Xolbekova. Yigʻilgan talabalar orasida eng soʻnggi modada kiyingan, soch masalalari ham majnunona, boz ustiga, chapillatib saqich chaynab oʻtirgan qizlar ham yoʻq emas edi. Minbarda Tursunoy Sodiqova:

– Oliy va oʻrta-maxsus oʻquv yurtlarida, sanoat korxonalarida va boshqa joylarda koʻp boʻlganmiz. Hozir siz aziz singiljonlarimizga, ukajonlarimizga qarab turib, koʻzdan kechira turib, bir goʻzallikni ilgʻagandek boʻldim. U ham boʻlsa qizlarimizning orasta kiyinishlari, sochlarini goʻzaldan-goʻzal qilib turmaklashlari. Yanada ochiqroq aytadigan boʻlsam, har bir qizimizning sochini qirqtirish oʻrniga qirqkokil qilib qoʻyishi. Haqiqatan ham, qiz sochini qirqtirib tashlagandan soʻng, endi uning nimasi qoladi? Boshqa el, boshqa yurtlarni bilmadim, bizlarda qizning oʻzi bir sanalsa, sochining oʻzi bir mamlakat sanaladi. Azaldan shunday boʻlib kelgan. Bundan keyin ham shunday boʻlib qoladi. Biron-bir shoir yoʻqki, qizlar sochini madh etmagan boʻlsa.

 

Qora sochim oʻsib qoshimga tushdi

Sochlarim tolim-tolim…

Toʻlqin-toʻlqin sochlaringni

Toʻlin oyda koʻrsaydim…

 

Qizlarjon, singiljonlarim! Men qizlarimiz qolib, yigitlarimizning ham andishani yigʻishtirib qoʻyib, koʻcha-koʻylarda chapillatib saqich chaynab yurishlari, qizlarning yo uryon (yarim yalangʻoch), yo erkakcha kiyinib yurishlari, birda-birda kiygan kiyimlariga qarab qaysi jinsga mansub ekanini bilmay bir holatga tushganlarimiz haqida gapirib oʻtirmadim. Sizlar hademay maorifchi, murgʻak qalblarga ziyo tarqatuvchi, bir oilaning bekasi, yo xojasi boʻlish baxtiga muyassar boʻlguvchi kishilarsiz. Bu yoʻlda oq-oydin yoʻllar tilayman.

Tursunoy Sodiqovaning bilaturib bilmaslikka, koʻraturib koʻrmaslikka olib, qizim, senga aytaman, kelinim, sen eshit qabilida gapirgan gaplari birgina studentlarni emas, biz domlalarni ham mulzam qilgan edi. U kishining bu gaplari shu kundan eʼtiboran oʻz kuchini koʻrsata boshladi. Biz domlalarning andisha qila-qila aytolmay yurgan gaplarimizni minbar orqali aytib, bizni qiynab kelayotgan muammoni sanʼatkorona hal etgan edi. Ana buni soʻz kuchi, soʻz qudrati deydilar.

Mesxeti turklarning koʻcha-koʻchga tushgan paytlari edi. Birlari u yon ketdilar, birlari bu yon ketdilar. Qariyb oltmish yildan beri qishlogʻimizda yashab kelayotgan Musaddin bobo oʻgʻil-qizlari bilan oilaviy kengash oʻtkazdi. Kim qayerda tugʻilsa, shu yer oʻshaning kindik qoni toʻkilgan vatani boʻlishini uqtirdi. Qancha-qancha qarindoshlarining shu tuproqqa qoʻyilganini – xoki poklarining shu yerda yotganini koʻzda yosh bilan soʻyladi. Uningsiz ham ne bir qaro kunlarda oʻzbeklar jonlariga ora kirganini, dunyoda bunday andishali, bunday mehru oqibatli xalqning yoʻqligini yigʻlay-yigʻlay gapirdi. Endi bu yerdan hech qayoqqa jilmasligini aytdi. Oʻsha kunlari Musaddin bobo bir davrada shunday degani hali-hamon yodimda: “Ban yaxshi eslayuram. Otam rahmatli deyur edi:

 

Gidira-gidira gʻarbdin nani topmishlar?

Gidira-gidira sharqdin maʼni topmishlar.

 

Ban bu soʻzi maʼnosini soʻn tushundim. Xususan, Oʻzbekistona goʻchib gelandin soʻn”.

Xullas, biz ham koʻchamiz deb turib olgan oʻgʻillariga uzil-kesil shunday degan ekanlar: “Ban oʻlsam-da, shu yerda oʻlayuram. Goʻni-goʻshnilarimiz, gishlogimiz kishilari bizni tashab goʻymayurlar. Bandalik gilar oʻlsam-da izzat-ikromimni joyina goʻyurlar. Istihola (andisha) edayurlar. Ban buni bilam…”

Musaddin bobo aytganini qildi. Hech yoqqa koʻch-koʻronini ortib, xor-zor boʻlib yurmadi. Oradan koʻp oʻtmay qaytish qildi. Oʻzlari aytganiday, qora maʼrakasiga el yigʻildi. Katta yigʻinga aylanib ketdi. Qishloq ahli, qariyalar yuvib-tarab, oruvlab, barcha rasm-rusumlarini koʻngildan ziyoda oʻtkazib mangulik makoniga qoʻydilar. Bu oʻzbekona andishaning xosiyati, kuch-qudrati edi. Ehtimol, sizning ham yodingizda boʻlsa kerak. Oshkoralik va demokratiya sharoitida… degan yillari Yozuvchilar uyushmasida bir yigʻilish boʻldi. Yigʻilish boshlanar-boshlanmas tarafkashlik boshlandi. Tortishuvlar, talotumlar, talotoʻplar. Uyushma raisi Oʻlmas aka (Umarbekov): “Qani, bizning oʻzbekligimiz? Qani, bizning oʻzbekona andishamiz!” deyishlari bilan gʻala-gʻovur suv sepganday bosildi. Ana, birgina soʻzning kuchi! Birgina soʻzning nimalarga qodir ekanligi!

Oʻsha yillari Oʻzbekiston Markaziy Komitetining kotibasi beshigimizga til tagizdi. Taʼziyani taqiqladi. Navroʻzga oʻt qoʻydi. Ijodkorlarni bir-biriga qarshi qildi. Uyushmamizda qandaydir bir tashkiliy masala koʻrildi. Yigʻilish doira shaklida oʻtdi. Oʻrtada hayʼat aʼzolari. Markazkom kotibasi ham shu yerda. Negadir Zulfiya opa anjuman boshlanishi arafasida – kechroq kirib keldilar. Haligi kotiba xonim ijodkor ayollar davrasida edi. Hammaning koʻzi Zulfiya opada. Opa toʻgʻri ayollar safiga bordi, rasmiy odat boʻyicha oʻsha xonim bilan soʻrashishi hamda qoʻl berib koʻrishishlari kerak edi. Opa boshqa ijodkorlar bilan soʻrashdi-da, haligi xonimga qaramadi ham. Shunda hammaning yuz-koʻzida opaga nisbatan oʻzgacha bir mehr, oʻzgacha bir hurmat aks etganini tuyub faxrlanib qoʻydim. Majlisdan soʻng bu hol-holatning sababini opadan soʻraganimda oʻsha falokatning ismini aytishdan ham ozorlanib shunday degan edilar: “Oʻsha paytda oʻsha xonim bilan soʻrashsam, koʻrishsam butun xalqimizning, ziyolilarning yuzlariga oyoq qoʻygan boʻlardim. Andishasizlik qilgan boʻlar edim. Muqaddas qalam tutgan qoʻlimni unga uzatishga hazar ham qilgan edim”.

1985 yil. Zulfiya opaning yubileyi nishonlanadigan kuni ertalab Markazkomning birinchi kotibiga opa telefon qildilar: “Inomjon Buzrukovich, sizdan bir iltimosim bor. Shu bugungi tantanali kechamizga oʻsha kotibangiz kelmasin. Kishilarning koʻnglini siyoh qilib. Siz orqali aytilgani yaxshi. Baribir, andisha degan gaplar bor. Kishining yuziga, mening toʻyimga kelma, deyish qanchalar ogʻir… Haddim sigʻib aytayotganim uchun uzr. Sogʻ boʻling…”

Opaning yubileyi Alisher Navoiy teatrida nishonlandi. Hukumat aʼzolarining deyarli barchasi keldi. Birgina oʻsha kotiba ayol kelmadi. Opa zalga bir koʻz yugurtirib chiqdi. Aytilgan gapi inobatga olinganidan chiroyi charaqlab ochilib ketgan edi.

Zulfiya opaning aytar gapi bilan qilar ishi bir edi. Hurmat qilgan, qilmagan kishisiga muomalasi orqali oʻz munosabatini bildirib qoʻya qolar edilar. Kishining oldida chiroyli muomala qilib, ortidan malomat qilguvchilarni esa koʻp koʻrganmiz.

Toʻgʻrisini aytganda, andisha-istihola soʻzining bu qadar toshi ogʻirligiga koʻpam eʼtibor bermas ekanmiz. Bunday oʻylab qarasak, bunday kuzatar boʻlsak, kelinchaklar, umuman andishali ayollar begona hamda yoshi ulugʻlarning oldida bolasiga koʻkrak tutmaydi. Qizlar, kelinchaklar yaqin kelib qolgan kishining oldini kesib oʻtmaydi. Qiz oʻlar holatga kelsa ham yaxshi koʻrgan yigitiga, men sizni sevdim, demaydi. Koʻproq qishloq joylarda, yosh yigitlar ota-onalari qoshida bolasini achom-achom qilmaydi. Yoshlar kattalarning gapini boʻlmaydi. Izdahomda yoshlar toʻrga chiqib oʻtirmaydi. Oʻgʻillar otalaridan, qizlar onalaridan oldin dasturxonga qoʻl uzatmaydi. Qiz-kelinchaklar ota-onalari, yoshi katta, begona kishilar turgan joyda saqich chaynamaydilar. Oʻzlariga oro bermaydilar. Bularning hammasining tagida andisha-istihola yotadi. Bunday oʻylab koʻrsak, odamzod suvsiz, havosiz, taomsiz yashay olmagandek, Sharq dunyosining sifatlaridan biri andisha ekan. Odatda, andishasiz kishini kishi sanamaydilar. Albatta, xislat, fazilat, istihola, tavfiq, oqibat, mehr, sharm, uyat, hayo, hamiyat, himmat – bular bir-birini toʻldiradi. Hatto kishining qaysi millatga mansubligini bildirib turadi. Kumush, mis, temir, qalay, laʼl, oltin, olmos, tillo, zumrad, gavhar, zabarjad… Bu qimmatli toshlarning har qaysisining oʻz ishlatilar oʻrni bor. Oʻgʻillardan biri, ota, mana buni qarang, deb qoʻlimga “Darakchi” gazetasini uzatdi. Nima gap ekan deb bunday koʻz yugurtira tursam, gap sheʼrfurushlik haqida ekan. Yo, alhazar! Nosfurish, choyfurush, elfurush,… furush deb eshitar edik. Sheʼrfurush, sheʼrfurushlik degan soʻzni birinchi bor eshitib turibmiz. Yo, alhazar! “Darakchi”ning muxbiri Ibrohim Jiyanov bilan savol-javob qiladi. Savolga berilgan javobga qarang: “Ikki yuzga yaqin sheʼrim “zakaz” bilan yozilgan. Har xil bahoda. Ayrimlari 100 dollardan to… gacha. Birga bitta “barter” qilaman…” Va shunga oʻxshash oldi-sotdiga doir gaplar. Toʻgʻri, sheʼr tizmachining mulki. Yurakdan yozilganmi, oʻpkadan yozilganmi, jigardan yozilganmi. Nima bilan yozilgan boʻlsa ham. Biroq uni – sheʼr-hikmatni pullash kishiga judayam erish tuyularkan. Yuqorida aytganimizday, tizmachi oʻz mulkini har narsa qilishi mumkin. Har baloga “giriftor” qilishi mumkin. Oʻtga tashlaydimi, anhorga oqizadimi, nosfurushga pullaydimi… Biroq sheʼrni sotish yo uni barter qilish! Bunga ham haqqi bor. Biroq andisha degan gap ham bor-da! Uyat degan gap ham yoʻq emas-da! Endi haligi “zakazchik” haqida gapirar boʻlsak. Oʻyinchi childirmaning taka-tumiga qarab muqom qiladi. Ashulachi esa aytar qoʻshigʻiga matn tanlaydi. Toʻgʻri, uning ham sheʼr buyurtma qilishga haqqi bor. Biroq mutolaa degan gap ham bor-da! Gazeta-jurnallarni, kitoblarni oʻqib, yuzlab sheʼrlardan birini tanlash degan gap ham bor-da! Toʻgʻrisi, oʻsha “zakazchik”larga rahmim keladi. Omimikan deb. Avommikan deb. Yo, hoʻ-oʻ oʻsha savodsizlikni tugatish yilida tugʻildi ekanmi deb.

Endi tizmachi (shoir) ham, ezmachi (xonanda) ham kaminani sudga berishga haqqi bor. Dod, bu odam bizni oʻz holimizga qoʻymayapti, buning savdo-sotiq ishlarimizga aralashishga nima haqqi bor, deb. Biroq yana oʻsha andisha degan gap bor-da! Qozi oʻshalarning daʼvolari boʻyicha hukm chiqarishga haqli. Kamina ham gʻing demay oʻsha jarimani toʻlashga majbur. Biroq sud jarayonida ANDISHA hakamlik qilishi, advokatlik qilishi mumkin-da! Maza-matrasi yoʻq, yarim yalangʻoch – oʻynashdan boʻlgan, joʻqiyona shigʻirlarning urchib ketayotganiga kimlar va nimalar sabab boʻlayotir, degan savolga javob topilishi ham mumkin-da! Unday desak-da, bunday desak-da, oʻrtada shoirlikning, shoirning maʼnaviyati, andishasi turadi-da! Ikki choʻqib bir qarasalar-da, oʻrtada sheʼriy tijoratchilik-xijolatchilik turadi-da!

Biz qachongacha xorijdagilar nima qiliq qilsa, shular bir narsani bilarlar, deya ular qilgan qiliqni qilib, ulardan andoza olib yashaymiz?! Misol uchun, ikki oshiq-maʼshuq bir-birlariga qapishib oʻpishishlari… Olimlari mana bundoq degan, ana unisi undoq degan, deb ulardan iqtiboslar keltiramiz. Bir emas, bir necha Forobiy misoli umumbashariy ahamiyatga molik boʻlgan buyuk siymolarning beshiklari qaysi mamlakatda tebratilgan?! Bunday deganimning sababi, bir hamkasbimiz oila haqida gapirib, yozadi: “Yunon olimlaridan biri oila – davlatning bir boʻlagi, degan ekan. Vaholanki, bundan-da goʻzal gapni bizning xalqimiz aytmaganmi? Aytgan. Misol uchun, olam obodligi oiladan boshlanadi, oila obodligi – olam obodligi.

 

Oʻz uying, oʻz mahallang –

Oʻz beshiging, oʻz allang.

 

Toʻgʻri, bir millat boshqa millatdan ayro holda yashay olmaydi. Havo oʻrtada boʻlganiday, yo suvlari tutash, yo togʻlari tutash boʻlishi mumkin. Mol-tovar ayirboshlash ishlari va hokazo. Va lekin, ayollarning “markaziy nerv sistemasi”dan boshqa paykallarining ochiq-sochiq yurishi Yevropa mamlakatlarida ayb sanalmaydi. Bizda-chi? Bizda avrat degan narsa bor. Sharmu hayo degan, andisha degan gaplar bor. Ularda oʻgʻil er yetganidan soʻng oʻz aravasini oʻzi tortadi. Koʻhna Turon-Turkiston elida ilgari “mehribonlik uylari” boʻlganmi? Boʻlmagan. Bu yevropaliklarning, aniqroq aytgan-da, hoʻ-oʻ anavi imperiyaning bizga bergan ulgusi (sovgʻasi) edi. Yana nomi ham chiroyli – “Mehribonlik uyi”. Yana mana shunaqa “uylarimiz” bor deb maqtanib ham qoʻyamiz… Bizdagi otaning bolaga, bolaning otaga boʻlgan mehri, oqibati ularda bormi? Xalqimizda, singil – tilakdosh, degan gap bor. Singilning oʻz ogʻasiga boʻlgan hurmati-eʼtibori sigʻinarli darajada. Andisha soʻzini boshqa tillarda nima deb aytar ekanlar deb koʻrmagan kitobim, titmagan lugʻatim qolmadi. Topolmadim. Dunyoda oʻzbek millati bitta ekan. Andisha soʻzi ham bitta ekan degan xulosaga keldim. Bilasiz, olmagan unvonim, ilinmagan mukofotim qolmadi. Endigi qilar ishim – ana shularni oqlash. Va yana andisha haqida katta ilmiy ish qilish. Akademik boʻlish. Shu yoʻl orqali Siz bilan bellashish. Bilasiz, oʻzbekning soʻzi ham oʻziday bitta boʻladi.

Oʻtkirjon! Sharq dunyosini, oʻzbekning chinakam bekligini, zamonaviy ziyolilar tili bilan aytganda, xalqimizning mentalitetini toʻrt qutbga qadar tanitgan akademik shoiri Gʻafur Gʻulom hazratlari:

 

Hamid, sen aytgandek, kishi qarigach,

Ezma, nasihatgoʻy boʻlib qolarkan,

 

deganlariday, rosa ezmalik qildim-a! Hoʻ-oʻ yuqorida aytib oʻtganimday, sizdan rosa “oʻchim”ni oldim-a! “Andisha”ngiz sharofati bilan koʻngilda tugib yurgan gaplarimni toʻkib soldim-a! Boshqani bilmadim, men bu maqolangizni oʻqib bir kaft zar, bir hovuch gavhar topib olganday boʻldim-da!

Endi zora-mora ham u, ham bu maqolaga koʻzi tushgan, birini olib oʻnga pullayotgan “tijoratchilar”, oʻzlari uyida oʻtirib, ayolini chayqov bozoriga qoʻygan davangirday kishilar, ertangi kuni – suyanar togʻlari – maktab yoshidagi bolalarni bozorga qoʻyib qoʻygan ota-onalar, bilib-bilmay turli oqimlarga tushib “gʻarq” boʻlayotgan gʻaflat bandalari, bir qoʻli hamyonda, bir qoʻli xirmonda boʻlgan amaldorchalar, qonun yoʻli, shariat yoʻli turib boshqa yoʻllarda, oʻzga ellarda sanqib yurgan vatanfurushlar, nufuzli joylarda ishlay turib oʻz kursisini suiisteʼmol qilayotgan – birlarining boshlarida salla, qoʻllarida tasbeh, birlarining boshlarida kuloh, qoʻllarida aso, birlarining boshlarida shlyapa, qoʻlarida shamsiya tutgan zamonaviy majididdinlar es-hushlarini yigʻishtirib olarlar, tavba qilarlar, tazarru qilarlar, andisha qilarlar degan umidda qalam surdik. Shunda siz bilan biz oʻz maqsadimizga bir qadar erishgan boʻlamiz.

 

Toʻra SULAYMON

 

20-25 / 03.03.

https://saviya.uz/ijod/publitsistika/bir-kaft-zar-bir-hovuch-gavhar/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x