Sirtlon

Voqea

 

Otadoshimday ayovli, ovuldoshimday siylovli muhtaram afandilar! Suluvdan suluv xonimlar! Jon ayamas jigarlarim!

Siz azizlarga soʻylab bermoqchi boʻlayotgan ikki it haqidagi bu ikki voqea toʻqima ham emas, oʻqima ham emas. Koʻz oʻngimda kechgan hodisa. Biri bolalikda Toʻra boʻlmay turib toʻralardan, kattalardan qolgan ovqatlarni yeb, hali etak nimaligini bilmay – etaksiz yurgan kezlarimda koʻrganim. Hozirgiga oʻxshab Nobel mukofoti ilinjida yurgan vaqtlarimda emas, bir burda non ilinjida yurgan chogʻlarimda boʻlgan tasodif. Biri esa shu kecha-kunduzda Toʻramisan Toʻra boʻlgan kezlarimda boʻlgan gap. Lofi ham yoʻq, sopi ham yoʻq. Na oʻsmasi bor, na surmasi. Na hurishi bor, na xamirturishi. Kechmish qanday kechgan boʻlsa, shundayligicha yozmoqdaman. Ha, aytganday, “Sirtlon”ga “hikoya” deb mezon qoʻysam, shu vaqtgacha yozilgan hikoya dunyosini sindirgan boʻlaman. “Afsona” deb ataydigan boʻlsam, afsonalar olamiga xiyonat qilgan boʻlaman…

Uningsiz ham, xalqimiz jonli tilda, falon yerda falon voqea boʻlibdi, deydi. Hikoya boʻlibdi demaydi. Shundan kelib chiqib “Sirtlon”ning janrini kitobiylashtirib oʻtirmasdan “Voqea” deb qoʻyaqoldim.

 

I

 

Qosh qoraymay, shom xuftonga daxldor boʻlmay turib Qodirqul boboning uyida qiy-chuv qoʻpdi:

– Bola-a-moʻ, bol-a-moʻ-oʻ!

– Jiga-a-r-i-m, ji-ga-ri-i-im!

– Qoʻ-r-gʻo-ni-mdan ay-ril-dim, ayr-il-d-im!

– Voy, qa-no-ti-im qay-r-il-d-i, qa-y-ril-d-i!

– Voy, bo-l-a-m, v-oy-y, bo-la-m…

– Umid-lar-im uzildi, koʻkaylarim kes-il-di!

Qodirqul bobomizning uylarini odam bosgandan bosdi. Ana-mana deguncha toʻqson uyli, toʻrt aymoqli Aldashmon qishlogʻining kattayu kichigi toʻplandi.

Sovit sallotlari bilan bosmachilar oʻrtasida otishma boʻlgan ekan. Otishma Qirqqiz darasida boʻlibdi. Qodirqul boboning yakkayu yolgʻiz oʻgʻli Toshtemir tus boʻlasi Egamnazar bilan shu kuni toqqa oʻtin olib kelgani ketgan ekan. Yaqin orada boʻlgan otishmaning vahimasidan, talotoʻpidan qoʻrqib ikkalasi ham koʻliklarini oʻtin-poʻtini bilan tashlab Yakkamozor qiriga qarab qochibdi. Chaqqon, chapdast, chapani Toshtemir oldinda. Orqada esa boʻlasi…

Qish chillasi chiqib, yer oyogʻi yumshab, koʻklamning sharpa-shamoli har qadam, har nafasda belgi bera boshlagan kezlar. Oradan kiprik qoqqunchalik vaqt oʻtar-oʻtmas Toshtemir termaga duch kelibdi. Egamnazar “dod” degancha qolaveribdi. Qishloqqa bu sovuq xabarni Egamnazar ola kelibdi. Bor gap – shu.

Qiyomat qoyimning kattasi tong otganda boshlanadi. Birgina Qodirqul bobomizning uylari azaxonaga emas, Sangzor – Soyboʻyi – Baxmal aza dahasiga aylandi. Er-azamatman degan zot Toshtemirning jasadini topib kelish uchun Yakkamozor darasiga otlandi. Uy toʻla, qishloq toʻla odam kechgacha kutdi. Shom chogʻlari toqqa ketgan yigitlardan biri “ogʻam”lab, biri “togʻam”lab murdani topolmay qaytib keldi. Bu musibat qariyb bir oy davom etdi. Kun sayin azaxonaga kelib-ketuvchilar soni kamaya bordi. Yaqindan-yaqin kishilar terilib qolaverdi. Kunlar isiy, qorlar eriy boshlagach, Yakkamozorning bir oʻngirida gʻajir, quzgʻunlar aylana boshlabdi. Biri qoʻnib, biri ucha boshlabdi. Koʻpni koʻrgan qariyalar jasadning shu yerdaligini qatnab yurgan yigitlarga aytadi. Nihoyat, nihoyat…

Taʼziyaning, motamsarolikning kattasi – “yakunlovchi” janoza ana endi boshlandi. Qariyb bir oy ichida Qodirqul bobo bilan Yanglish momo oʻgʻliga qoʻshilib “oʻlib boʻlgan” edi. Shoʻrlik ota bilan bebaxt onaning taʼziyalarni qabul qilishga qurbi yetmadi. Yotib qoldilar. Hali kichik chillasi chiqib ulgurmagan kelinchak Bibizilol shoʻrlik esa chimildiqning ichida jonsiz jasadga aylanib boʻlgan edi.

Bir xonadondagi toʻrt jondan biri – Toshtemir yerning tagida boʻlsa, qolgan uchi yerning ustida tirik murdaga aylanib qoldi. Tong otishi bilan xotin-xalajning sadri[1] boshlandi. Baxtiqaro kelinchakni – Bibizilolni ham chimildiqdan olib chiqdilar. Qirchinida qiyilgan Toshtemirning amma-xolalari, qayinbeka-qayinsingillari dod solar edilar:

 

Aylanayin, ogʻam-a,

Xazan-a boʻgʻan bogʻim-a.

Enang kuysa boʻlardi,

Seningmas, mening-a dogʻima.

 

Bogʻlan qoʻzi bolasi,

Belida ketgan inim-a.

Jonim ogʻam, seningsiz

Qandayam oʻtsin kunim-a!

 

Chorbogʻlaring, bogʻlaring,

Besohib qolar boʻldim-a?!

Otang turib, Alponim,

Paymonang toʻlar boʻldim-a…

 

Bir mahal, bir mahal… bir chekkada gʻujanak boʻlib yotgan Sirtlon oʻrnidan turib, bir-ikki silkinib sadrga tushayotgan ayollar orasiga oʻzini urib, oʻrtaga tushib ayollar misoli aylana boshladi. Xotinlar serpila tushib oʻzlarini chekkaga tortgan boʻldi. Biroq sadrni toʻxtatishning iloji yoʻq edi, shekilli. Chuvillab yigʻlagan ham yigʻladi, yigʻlamagan ham yigʻladi. Bir mahal it keyingi ikki oyogʻi bilan tik turib, oldingi ikki oyogʻi bilan qarsak urib, jagʻini shaqillatib rasmana sadrga tusha boshladi. Odamlar qotdi-da qoldi. Birov koʻzlariga ishonsa, birov ishonmaydi.

Ehtimol, siz ham mening bu gaplarimga ishonmassiz. Ichingizda meni soʻkib, “Olib qoch-a”! deyayotgan boʻlishingiz mumkin. Oʻsha kuni oʻz qulogʻim bilan koʻpchilikdan eshitgan past-baland gaplar:

– Odam boʻlib bunday voqeani koʻrmadim, eshitmadim. Biron kitobda oʻqimadim. Yaxshilikka koʻrinsin…

– Buning ajablanarli joyi yoʻq. Baʼzi birovlardan ot afzallik qiladi. It esa ustunlik qiladi. Aybi – ikkovining ham tili yoʻq. Bilasiz, itning oʻn ikki fazilati bor – ursangiz ham ketmaydi, berganingizga qanoat qiladi, doʻst bilan dushmanni ayira biladi… Xususan, Sirtlon xosiyatli it.

– Boʻrining kushandasi. Sirtlonning tugʻilgan kunini boʻrilar biladi. Gidikligidan oʻldirib ketish payiga tushadi. Buni choʻponlar ham juda yaxshi biladi. Ular Sirtlon kuchukni katta boʻlgunicha uylarida saqlaydi.

– Bu it hech ulimas edi. Shu kunlari saharga borib bir-ikki ulib qoʻyyapti. Qiziq. Yo, tavba qildim, tavba kardam…

Kun tushlikdan oʻtib qiyalikka engach, sadr toʻxtadi. Erkaklarning “jigarim, jigarim”i ham bosilib, azalik uyning xeshlari qolib, uzoq-yaqindan kelgan kishilar koʻpaydi. Shu kundan eʼtiboran Sirtlon tunlari ulib chiqadigan boʻldi. Uning Sirtlon degan asl ismiga Sadr qoʻshilib, Sadr Sirtlon deb aytiladigan, chaqiriladigan boʻldi. Qiziq, sallotlar bilan bosmachilar toʻqnashib otishma boʻlishi, qaysi tomondan qancha odamning oʻqqa uchgani, yarador boʻlgani, otishmaning falokati Toshtemirni ola ketgani, chol bilan kampirning oʻlmay turib oʻlgani, hali chillasi chiqmagan kelinchakning chimildiq ichida kuyovining diydoriga toʻymay qolavergani bir boʻldi-yu, Sirtlonning sadrga tushgani bir boʻldi. Bu, ehtimol, tasodifdir, ehtimol tabiiy bir holdir. Nima boʻlganda ham, bu hodisa qariyb oltmish yildan beri el ogʻzida, tildan tushmay keladi.

Oradan haftalar oʻtdi, oylar kechdi. Qodirqul bobo bilan Yanglish momo eng yaqin tuqqan-tugʻishganlari bilan kelinlarining ota-onasi, ogʻalarini bir necha bor toʻplab, boshlarini biriktirib:

– Biz mingdan ming rozimiz. Kelinimiz bizning bebaxtligimizga sherik boʻlmay, ota-onasining bagʻriga borsin. Mard xudodan, nomard yoʻldoshidan koʻrar emish. Boshimizga tushgan bu musibat – Yaratganning ishi. Endi bizga yerning ustidan tagi afzal, – deyishlariga qaramay, bu gaplariga Bibizilol ham, ota-onasi ham koʻnmadi.

Chol bilan kampir kelinlari bilan birda xush, birda noxush yashay berdi. Sirtlon ham har tuni ulib chiqishini kanda qilmadi. Har ertalab Yanglish momo tovush chiqazadi. Bibizilol qaynonasiga qoʻshila tushadi:

 

Qora jerning tagida

Qorayib jotqan bolam-a!

Kun tegmagan japraqday

Sargʻayib jatqan bolam-a…

 

Beklik belgisin koʻrmay

Bebaxt boʻlgʻan begim-a!

Qirchinida qiyilib,

Bevaqt soʻlgan begim-a…

 

Yolgʻizni yaratguncha

Toshni yaratsang boʻlmasm-a.

Toshdan-da oyoqosti

Boshni yaratsang boʻlmasm-a…

 

Jasad chiqqan uyga qoʻni-qoʻshnilardan ertayu-kech chiqarilib turiladigan “qoʻshni toboq”lar kamayib borar edi. Oʻlim jafolari kun-bakun esdan chiqar oʻrniga, soat sayin yangilanar, chol bilan kampir uchun dunyoning qizigʻi tugab borar edi. Soat sayin, soniya sayin erta kundan umidlari uzilib borar edi. Toshtemirning baxtiqaro ota-onasi uchun yerning ustidan koʻra, yerning tagi afzalroq boʻlib borardi. Bibizilolga ovunish oʻrniga uni har koʻrganda yaralari yangilanardi. Qodirqul bobo ich-ichidan siqilib, yurak-bagʻri ezilgandan ezilib, borliq dardi yuzaga chiqib – soqoli sayin yosh boʻlib… Yanglish momo koʻngil soʻrab keluvchilar bilan soʻrashib boʻlar-boʻlmas “tovush chiqarish”ni – “yoʻqlov”ni boshlar, uy ichi bor boʻyi gʻamxonaga aylanar edi. Oxiri, boʻlmadi. Bibizilolga: “Bolam, sendan u dunyoi, bu dunyo rozimiz. Biz cholu kampir tiriklay oʻlib boʻldik. Sen bizning yer-koʻkka sigʻmas gʻamu hasratimizga sherik boʻlma. Biz nima boʻlsa, xudodan koʻrdik”, deb qoʻyarda-qoʻymay javobini berdilar. Quda-qudagʻaylarining chin dildan qarshilik koʻrsatishlariga qaramadilar. Shundan keyin bu uy chinakam gʻamxonaga aylandi. Yanglish momo kunda nari borsa bir marta qozon osadi. Birda-bir bu ham yoʻq. Sirtlonga ovqat (atala) qilib berish ham kun-bakun tortilib bordi. Bora-bora “it ovqati” tugul, yuvindi ham hisobi bilan boʻla bordi. Sirtlon birov bergan nonga, suyakka, tashlandiqqa et-beti bilan tashlanish oʻrniga qiyo qaramaydi. Chol-kampir nima bersa, nima tashlasa shunga qanoat qiladi. Baʼzi hamjinslariga oʻxshab yaloq ilinjida uyma-uy, koʻchama-koʻcha yurish esa Sirtlon zotiga yot odat. Bora-bora Sirtlon ham poʻstak holiga keldi. Terisi borib suyagiga yopishdi. Kech kirishi bilan ulishi ulgʻaya bordi. Tun ogʻushiga qadar ulib, soʻng tinib, tong otar-otmas ulishiga qoʻni-qoʻshnilar ham koʻnikdi. It haddan ziyoda toʻkilib tamom boʻldi. Kasal boʻlib kasal emas, qarib qari emas. Ochlikdan chol bilan kampir oʻlmay turib Sirtlon oʻlar edimi?! Magaram, shunday boʻlsa, ochlikdan oʻlganning mozori yoʻq.

Judolik boʻldi. Ochlik boʻldi. Xorlik boʻldi. Sirtlon bir oqshomda yoʻq boʻldi. Qodirqul bobo quvvati yetgan joygacha izlab bordi. Chaqirdi. “Sirtlon!”ladi. Itdan esa darak yoʻq. Oradan bir kun oʻtdi. Ikki kun oʻtdi. Sirtlonning ulushuga koʻnikib qolgan qoʻni-qoʻshnilar ham koʻngil uchun soʻroqlay tushdilar. Itdan esa hech nomu nishon yoʻq. Bir kuni kimdir gap topib keldi. Emishki, Sirtlon Toshtemirning qabriga bosh qoʻyib, uzala tushib oʻlib yotgan emish. Ikki-uch kishi boʻlib Uzun Ota qoʻyindisiga bordilar. Aytganlari rost. Sirtlon Toshtemirning qabriga bosh qoʻyib…

Bu gap, bu xabar chol bilan kampirni qayta ado qildi. Yangilanmas yaralarini qayta boshdan tirnadi. Oʻzlarini oʻtga otsalar, osiy boʻladi. Oʻzlarini ossa, doʻzax oʻti halol boʻladi. Osmasalar, bu koʻrgulikka dosh berish dushvor. Koʻnikish dushvor. Chol endi chiday olmadi. Boʻzlab yigʻlashga tushdi. Yanglish momo boshini toshga urdi. Devorga urdi. Dod soldi. Har ikkalasi ham savdoyi koʻchasiga kirdi. Momo oʻzini u yon otib urar, bu yon otib urar edi. Oradan bir kun oʻtar-oʻtmas chinakam savdoyi desa savdoyi, adoyi desa adoyi boʻldi.

Yanglish momo jinni boʻlib qoldi. Birda-bir tunar joyi koʻcha boʻlsa, birda-bir qoʻnar joyi qoʻyindi boʻldi. Na aldab boʻlar edi, na suldab. Na gapga kirar edi, na quloq solar edi. Na sovuq oʻtar edi, na issiq kor qilardi. Uryon-yoqavayron, yarim-yalangʻoch edi. Momoning bu ahvoliga doʻst tugul, dushman tobi-toqat qila olmasdi. Butun qishloq ahli chol-kampirning dardlariga hamdard boʻldi. Yonar boʻlsalar birga yondilar. Kuyar boʻlsalar, birga kuydilar.

Qishloq qariyalari toʻplanib Sirtlon masalasi haqida kengashdi. Unisi u dedi, bunisi bu dedi. Deyishga dedilar-u, bir qarorga kela olishmadi. Itni nima qilish kerak? Bu savolga Buxoro madrasasida tahsil olib, ulamo degan “guvohnoma” olish baxtiga muyassar boʻlgan mavlono mulla Umarning:

– Itni qabristonga kira berishdagi darvozaning qibla tomoniga yuvib-tarab koʻmish kerak. Mayli, bu mudhish hodisani odamlar eslay-eslay yursinlar, – deb bergan fatvosi hammaga maʼqul tushdi.

 

II

 

Bu qoʻshnimiz toparmon-tutarmon. Unib-oʻsgan qullardan. Oʻgʻillari oʻgʻil joyida. Qizlari qiz joyida. Oilada otaning gapi – gap. Kelin-kepchik, bola-baqralar oʻrtasida “gʻalayon” qoʻpadigan boʻlsa, masalani oilaning navbatdan tashqari boʻladigan “Byuro”sida Ona – Farmon buvi hal qiladi. Oʻgʻillar oʻrtasida boʻlar-boʻlmas gap oralaydigan boʻlsa, buni hali aytganimizday, oilaviy “Byuro”da Ota hal qiladi. Qilgan ayblariga qarab yo afv etiladi, yo biron-bir jazo beriladi.

U qoʻshnimizning qoʻli sal kaltaroq. Qora qozonlarida har kuni moy qaynamasa ham, har holda… Gap har ikkala qoʻshnimiz oilasini muhokama qilish, qanday yashab, qanday yashamayotganliklarini taftish etish haqida ketmayapti. Gap tamomi boshqa narsa xususida.

U qoʻshnimiz forishlik. Hafta boʻlmasa ham, har oyda Forishdagi qarindoshlari bilan bordi-keldi qilib turadi. Avvalgi yili borganida qaysi bir ogʻaynisiga yomon koʻrinib, bir kuchuk ola keldi. Yomon koʻrinib deganimiz – zotdor kuchuk oʻgʻirlab olib kelindi. Shunaqa irimi bor. Uningsiz ham choʻponi gidiklarni egalari birovga bermaydi. Qiymas odam boʻlsa ham.

Ikki-uch yil ichida haligi gidik, haligi gidik… Butun mahallani qoʻriqlaydigan itmisan it boʻldi. Bemavrid, bemahal sanqib yuradigan kishilarning oyogʻi tiyildi-qoldi. Gidik oʻz nomi oʻzi bilan Sirtlon edi. Sirtlonlarning odati kunduz kunlari hech kimga koʻrinish bermaydi. Boʻlar-boʻlmasga akillamaydi. Oʻtganning ham, ketganning ham oldiga hurib-akillab chiqa bermaydi. Avvalo, indamaydi. Bir indasa bormi, e-ha! Uddalab boʻpsiz! Bor hunarini asosan tunda koʻrsatadi. Shunday qilib…

Hali aytganimizday, bu qoʻshnimizning qozoni oʻchoqdan tushmaydi. Qozon ham moy, choʻmich ham. Har kuni mehmon. Yuvindisining oʻzi bir mahallaning itiga yetib ortadi.

Hali aytib oʻtganimizday, u qoʻshnimizning Sirtloni birda-bir bu qoʻshnimizning hovlisiga oʻtib… Bizning ityaloqni uyda yalab, boshqa koʻchaga borib huradi, deganga oʻxshab. Boshda-boshda hammamiz hayron qoldik. Hech qachon Sirtlon birov bergan narsani yemas edi, deb. Qoʻni-qoʻshnilarning yalogʻiga tumshugʻini tiqmas edi, deb. Uyma-uy sanqib yurmas edi, deb… Sirtlonning bu qoʻshnimiznikiga chiqib oshxonasi atrofida oʻralashishi kun-bakun koʻpaya bordi. Bora-bora oshxonalari atrofidan ketmayoq qoʻya qoldi. Bora-bora oqshomlari bu qoʻshnimiznikida tunab chiqadigan boʻldi. Bora-bora u qoʻshnimiz oriyat qilib Sirtlonni bogʻlovga oldi. Bir oldi, ikki oldi. Axiyri boʻlmadi. Boʻshalib, yana bu qoʻshnimiznikiga oʻtib kunini koʻrib yura boshladi. Azbaroyi yuvindi uchun. Yopiray! Qoʻying-chi, bora-bora bu qoʻshnimizning iti boʻlib oldi. Yotishi ham shunda, turishi ham shunda, hurishi ham shunda…

Sirtloning bu odatini bu qoʻshnimiz ham xushlamaydi. Yoqtirmaydi. Yaxshilikka yoʻymaydi. Biroq nima qilsin? Oʻzi kelgan mehmon, deganday… Ana shunaqa! Men sizga aytsam, Sirtlon hangomasi oshkora boʻlsa ham, qoʻni-qoʻshnilar oʻrtasida “hech kim eshitmasin” qabilida gap boʻlib turadi. U qoʻshnimizning izzat-nafsi ogʻrimasligi uchun. Biroq nima qilsin?! Urib boʻlmas xoʻjani, soʻkib boʻlmas xoʻjani, deganday gap. Endigi gapni Sirtlon zotining feʼl-atvorini, odatlarini besh qoʻlday biluvchi togʻliklardan eshitgan maʼqul.

Yaqinda Baxmaldan besh-olti qarindoshimiz toʻlib-toshib kelib qolishdi. Qorin yogʻi, tandirkabob, noʻxat, moʻmiyoi asil, zirk, Hurmetanning oftobi oʻrigi, tutmayizi deganday… Mehmonlarning ichida qoʻychiboni ham, chavandozi ham, ovchisi ham, dovchisi ham bor edi. Gap kelib-kelib u qoʻshnimizning Sirtloniga kelib taqaldi. Va yana bundan qariyb oltmish yil oldin boʻlib oʻtgan Sadr Sirtlon hangomasi ham tilga olib oʻtildi. Mehmonlar hozirgi Sirtlon haqidagi gapimizga inonmadi. Sirtlon zoti borki, birovning – begonanning qoʻlidan narsa yemaydi. Qoʻni-qoʻshni tomonga oʻtmaydi. Oʻtsa ham, yaloq-yuvindilariga nazar solmaydi. Xullas, Sirtlon zotining Sirtlonlarga xos odatlari boʻladi. Xashaki itlardan mutlaqo farq qiladi.

Mehmonlar “sigʻindi” Sirtlonni oʻz koʻzlari bilan koʻrmoqchi boʻldi. Koʻrdilar. Koʻrganda ham sinchiklab koʻrdilar. Va bu Sirtlonda mashakning – laychaning qoni bor ekan degan qarorga keldilar. Asil Sirtlonning qanshari boʻylab qora-qizgʻishga moyil bir enlik “qoʻshmaqosh” boʻladi. Bu Sirtlonda belgi yoʻq. Lekin toʻrtala boldirining tirnoqlariga tutash joyida ortiqcha oltinchi tirnogʻi bor. Demak, it Sirtlon. Biroq chatishligi bor…

Oradan chamasi olti oylar oʻtib Forishdan “sigʻindi” Sirtlonning egasi keldi. Men boʻlib oʻtgan gapning hammasini aytdim. Baxmallik qarindoshlarimizning gapi haq boʻlib chiqdi. Katta kishilar haqida gap ketganda, ota tomondan palon ulugʻ zotga borib, ona tomondan esa piston buyuk insonga borib taqaladur deganlariday, Forishdan kelgan Sirtlon keli tomondan mashak-laycha, sop tomondan Sirtlonga borib taqaladur ekan. Qoni toza emas ekan. Chatish ekan. Qoʻpol qilib aytganda, nojins ekan.

Demak, “Alp – onadan” degan gap – gap. Demak, Forishdan olib kelingan Sirtlonning onasi laycha boʻlganidan soʻng undan risoladagi Sirtlonlarning odatini, qiligʻini kutish – nodonlik.

Ota-bobolarimizning jinsi qoʻyga uradi deb qoʻy bilan echkini bir qoʻraga qoʻshib qamamasliklarining sababi shundan ekan.

Hech qachon biyalarni xonazot boʻlmagan otga – aygʻirga toʻxtatmasliklarining sababi shunda ekan.

Quda-anda boʻlguvchilar bir-birlarining avlod-ajdodlarini (nasl-nasabini) surishtirishining sababi ham shunda ekan.

Alhosil, laychadan laycha paydo boʻlur, uy aylanib tezak yer,

Boʻridan boʻri paydo boʻlur, qishloq aylanib, qoʻy yeydi,

Sherdan sher paydo boʻlur, toʻqay aylanib toʻlan yer.

 

Toʻra SULAYMON

 

04. XII. 2000

 


[1] Togʻliklar odati boʻyicha ayollar davra qurib, bellariga poʻta bogʻlashib, chir aylanib sadrga tushadilar. Har biri oʻz dardlarini aytib yigʻlaydi.

https://saviya.uz/ijod/nasr/sirtlon/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x