Salim Ashur (1964)

Salim Ashur 1964 yil 16 dekabrda Tojikiston Respublikasi Qoʻrgʻontepa viloyati Qoʻrgʻontepa tumanida tugʻildi. 1974 yilda ularning oilasi Surxondaryo viloyatining Qiziriq tumaniga koʻchib kelishadi.

Salim Ashur Qiziriq tumanidagi 17-maktabni tugatib (1982), Toshkent davlat universitetining jurnalistika fakultetida tahsil oldi (1982–1989).

Ilk sheʼrlari 6-sinfda oʻqiyotgan kezlarida tuman gazetasida, respublika matbuotidagi birinchi sheʼri esa 1979 yili “Gulxan” jurnalida bosildi.

Salim Ashur mehnat faoliyatini Madaniyat ishlari vazirligi Xalq ijodiyoti respublika markazida muharrirlikdan boshladi (1989–1990). “Saodat” jurnalida (1990–1994), “Oʻzbekiston ovozi” (1994–1996), “Yozuvchi” (1996–1997) gazetalarida turli vazifalarda, “Turkiston” va “Molodyoj Uzbekistana” gazetalari bosh muharriri (2010–2014) lavozimida xizmat qildi. 2014 yildan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Devonida masʼul vazifada ishlab kelmoqda.

Salim Ashurning “Yashil giyoh” nomli birinchi kitobi 1994 yilda chop etildi. Shundan soʻng “Atirgul” (1994), “Siz ertaga kelasiz” (1999), “Atalgan kunlar” (2002), “Sensiz” (2003), “Darz” (2006), “Ona tilim” (2008), “Kelajakka qadam” (publitsistik maqolalar, 2008), “Mashinalar karvoni” (bolalar uchun sheʼrlar, 2010) kitoblari chop etildi.

Matbuotdagi faoliyati qalamini charxladi, hayotni kengroq, chuqurroq oʻrganishda, voqelik psixologiyasini nozik ilgʻash va tuyishda katta omil boʻlib xizmat qildi. Ushbu yoʻnalishlar shoir ijodiga yangi badiiy-estetik gʻoyalar olib kirdi. Ijtimoiy mazmun bilan boyitdi, poetik obrazlarning hayotiyligini, samimiy va taʼsirchanligini taʼminladi. Shoir ijodidagi mavjud sifat oʻzgarishlari ketma-ket eʼlon qilingan majmualarida oʻz aksini topdi.

Salim Ashur 2012 yilda “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist” faxriy unvoni bilan taqdirlandi.

 

“Oʻzbek adiblari” (S. Mirvaliyev, R. Shokirova. Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti, 2016) kitobidan.

https://saviya.uz/hayot/tarjimai-hol/salim-ashur-1964/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x