BALCHIQCHILAR

BALCHIQCHILAR (Charadriiformes) – qushlar sinfining turkumi. Tashqi koʻrinishi va kattaligi har xil. Eng kichigi — chumchuq balchiqchining boʻyi 14 sm, ogʻirligi 20 g, yirigi — chinchoʻldoqning boʻyi 62 sm, ogʻirligi 1100 g cha. Balchiqchilarning oyogʻi uzun, oldingi barmoqlari rivojlangan, orqa barmogʻi boʻlmaydi yoki juda qisqa boʻlib, yerga tegmaydi. Oldingi barmoqlari teriparda bilan oʻzaro tutashgan yoki oʻralgan. Koʻpchilik turlarining tumshugʻi uzun, ingichka va toʻgʻri, baʼzilariniki yuqoriga yoki pastga qaytarilgan. Balchiqchilar tumshugʻining kattakichikligi va shakli oziqlanish xususiyatlari bilan bogʻliq. Qanotlari ensiz, uchi nayzaga oʻxshash, baʼzilariniki toʻmtoq. Koʻp Balchiqchilarning dumi qisqa, baʼzilariniki uzun yoki ayrisimon. Patlari zich, rangi koʻpincha bir xil — xira-balchiq tusda. Balchiqchilarning Balchiqchilar (Charadrii), baliqchilar (Laridae) va chistiklar (Alcae) degan 3 kenja turkumi bor. B. kenja turkumi yakanlar (lacanidae), rangdor loyxoʻraklar (Rostratulidae), choʻldoqlar (Gharadviidae), bigiztumshuqlar (Recurvirostidae), qiziloyoqlar (Heamatopodidae), loyxoʻraklar (Scolopacidae), plavunchiklar (Phalarepodidae), qisqich choʻldoqlar (Dromadidae), jiqtoqlar (Clareolidae), oq choʻldoqlar (Chionididae), yilqichilar (Burhinidae) kabi 12 oilaga boʻlinadi. Baliqchilar kenja turkumi pomorniklar (Stercorariidae), baliqchilar (Laridae), chagalalar yoki dengiz qaldirgʻochlari (Sternidae), suzgirlar (Rynchopidae)ni oʻz ichiga oladi. Chistiklar kenja turkumi 1 oila — chistiklardan (Alcidae) iborat. Balchiqchilar turkumining 300 ga yaqin turi mavjud. Yer yuzida keng tarqalgan. Antarktikada faqat 2 turi bor. Asl Balchiqchilarning koʻpi quruqlik qushlari boʻlib, dengiz, daryo, koʻl kabi suv havzalarining sohillarida, choʻl, sahro va tundra kabi ochiq yerlarda yashaydi, yerda yaxshi yuguradi. Baʼzi turlari oʻrmon va butazorlarda yashaydi. Suv va quruqlikdagi umurtqasiz hayvonlar bilan oziqlanadi. Koʻpincha yerga, baʼzi turlari (qora balchiqchi) daraxtga uya quradi. Yiliga bir marta 2 — 5 dona tuxum qoʻyadi. Asosan, urgʻochilari nasl uchun gʻamxoʻrlik qiladi, lekin rangdor loyxoʻrak va suzgir Balchiqchilarning erkaklari tuxum bosadi hamda joʻjalarini boqadi. Balchiqchilarning goʻshti mazali. Yilqichi, qizqush, katta qiziloyoq, loyxoʻrak, chinchoʻldoq, jiktoq, torgʻoq, kurakburun Balchiqchilarning tipik vakilidir.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x