Azim daryo boʻlsang, qalbimda oqgin

Jayhun bilan muloqot

 

Qirgʻogʻingda yotar sirli mazorat,

Paygʻambar oroli – qalbga ishorat,

Suving zam-zam kabi totlidir gʻoyat,

Dilimda erir tosh, Jayhunim mening!

 

Sirdoshsan ne yurtlar, ne-ne ellarga,

Agar omon borsang olis yillarga,

Bizdan salom yetkaz gʻarib dillarga,

Dilimdan bir talosh – Jayhunim mening!

 

Bordir mavjlaringda salom va vido,

Hikmatlar taratib yillar besado,

Seni kuzatadi Termiziy bobo,

Hakimlarga sirdosh Jayhunim mening!

 

Taqdir sirlar qoʻymish daryo labiga – 

Sen sirdosh boʻlgansan Shamʼun Nabiyga!1[1]

Yetsang ham asrlar – sirlar tubiga,

Sirlarin etmas fosh Jayhunim mening.

 

Taqir yer koʻksiga gul taqguvchisan,

Koʻrding ne zotlarni, jim boqguvchisan,

Men ham tinguvchiman, sen oqguvchisan,

Mavjlari doim yosh Jayhunim mening.

 

Daryoning iqboli doim shaxd emas,

Inson maqomi ham mudom taxt emas,

Uzoq yashamoq ham, balki, baxt emas,

Ulugʻ sabru bardosh – Jayhunim mening!

 

Zul-Kifl[2] nabiyni quchib, oʻrgilgan,

Qizilqum oralab, olgʻa intilgan,

Orolga yetmasdan qoʻli qirqilgan,

Sayhunga taqdirdosh Jayhunim mening.

 

Avval daryolarni koʻzga ilmasdim, 

Daryoligʻ hikmatin, afsus, bilmasdim,

Daryoday doʻst topsam, senga kelmasdim,

Sirimni etma fosh, Jayhunim mening!

 

Bir oshiq darveshman, dardimni uqgin,

Toʻlqiningga bekor boqmadim, boqgin,

Azim daryo boʻlsang, qalbimda oqgin,

Asrlarga yoʻldosh Jayhunim mening!..

 

 

Polvon

 

Tursun Ali Muhammadga bagʻishlov

 

Oʻgʻlonlarim, zinhor biling, bas,

Faqat tosh koʻtargan polvon polvonmas,

Musibatni, kulfatni yengib,

Istibdodni, zulmatni yengib,

El ichra bosh koʻtargan – polvon!

 

Yursa kimdir choʻkib, sargʻarib,

Vafo izlab, bir doʻst axtarib,

Inson boʻlib, dunyoda gʻarib

Bir koʻngilni koʻtargan – polvon!

 

Faqat tosh koʻtargan polvon polvonmas,

Magʻrurlanmay jasad kuchiga,

Oʻz gʻamini yutib ichiga,

El gʻamini koʻtargan – polvon!

 

Davr haqning oʻtkir va sinmas

Tishlariga tosh osib tursa,

Gurzi bilan polvonning emas,

Haqiqatning koʻksiga ursa,

Dast koʻtarib haqning tugʻini,

Haqqa chorlab, xalqning ruhini

Toki meʼroj koʻtargan – polvon!

 

Faqat tosh koʻtargan polvon polvonmas.

Shovqin-suron qilayotganlar – 

Musibatni kuylayotganlar,

Ishrat bilib gʻamimizni ham,

Koʻtarmasa bitta soʻzni ham,

Raiyatning qasosi uchun

Chidab, Haqning rizosi uchun

Mazlum yukin koʻtargan – polvon!

 

Faqat tosh koʻtargan polvon-polvonmas…

 

Ajdodlarning qutlugʻ libosin

Olaquroq shimga almashib,

Misli sahna masxarabozi –

Butun avlod yursa adashib,

Ayol –  Kashmir sanʼati bilan

Yurt sahnida oʻynatsa ilon,

Xudosini unutsa toʻqlar

Va belida belbogʻi yoʻqlar,

Nomus qilib bu holdan andak,

Or egniga kiygizib yaktak,

Belbogʻ bogʻlab Nomus beliga,

Oʻz kasbini berib oʻgʻliga,

Yuksak tutib millat shaʼnini,

Boshida toj koʻtargan –  polvon!..

 

 

Yukinuv

 

Ilohiy, agarchi jurmu isyondin oʻzga ishim yoʻq,

Ammo sendin oʻzga ham kishim yoʻq!..

Alisher Navoiy

 

Ilohiy, soʻzimda soʻngsiz soʻrovlar,

Aslimni hovuchlab, yigʻladim gohi.

Birovlar bilmagan jumboq-burovlar,

Nomingdan yechilib, yayrar, ilohiy!

 

Ilohiy, nazaring sirlarga guvoh,

Gunohim dashtida undi dil ohi.

Ayoning – oʻzimga noayon gunoh,

Umidim panohi Sensan, ilohiy!

 

Ilohiy, bu ruhim baqoga yondosh,

Fanoga qarindosh qattiq vujudim.

Eng kichik zarraman –  yoʻqlikka nomdosh,

Dunyoyi dalilman –  yoʻqdir hududim!

 

Ilohiy, togʻlaring harakatdadir,

Oʻlik vodiylaring tuzgay ziyofat.

Ming hikmat xonqizdek bir sanʼatdadir,

Chirildoq unida –  mangu zarofat!

 

Ilohiy, quyoshing, oying avaylar,

Jonzotu ekinlar –  tuman ismlik.

Dilga chuqur qoʻnib, tilimda sayrar

Qush oyoq, qush tili degan oʻsimlik.

 

Ilohiy, inson-ku oʻzi –  koinot,

Dengizda –  dolgʻalar, qalbda –  ehtiros…

Yomonlikdan tortgan iztirobim bot

Tavbam deb qayd etsang, kimda eʼtiroz?!

 

Ilohiy, har naki mangulikka esh,

Har naki poklikdan –  Sendan dalolat,

Unga hayratimni sochsam kunu kech,

Shukronam deb qabul qilgaysen faqat!

 

Ilohiy, bilgaysen vaziyatimni,

Ilohiy, umidim qilmagaysen kul.

Haq yoʻl deb chekkan har aziyatimni

Ibodat oʻrnida etgaysen qabul!..

 

 

Termiz daraxtlari

 

Termiz – ajdodlarga qadimiy vatan,

Yellari qalbimga berur farahlar.

Lekin xayolimni tortar dafʼatan

Xiyol bir tomonga ogʻgan daraxtlar.

 

Ayon, erkalikdan bu bogʻlar xoli,

Chunki kasbi boʻlmish kurash va sabot:

Nihollik chogʻidan afgʻon shamoli – 

Achchiq qumlar bilan siylamish hayot!

 

Har shajar kitobin yellar varaqlar – 

Yashirin sir qolmas biror yaproqda:

Dovullar qoʻynidan uryon daraxtlar

Mening yuragimga qarab kelmoqda.

 

Tiriklik hamisha taloshli boʻlur,

Har koʻchat boshida boʻlgʻusi ne hol? – 

Hayot jabhasida bardoshli boʻlur

Siltovlar ichida oʻsguvchi nihol.

 

Ignalari bilan igna barglilar,

Shamoldan oʻziga tikibdir rido:

Yashil saltanatin saqlashga ular

Raqibdan himoya topibdir hatto!

 

Termiz – ajdodlarga qadimiy vatan,

Tafti ham qalbimdan otash soʻroqlar.

Lekin xayolimni chulgʻar dafʼatan

Siltovga dosh berib oʻsgan daraxtlar.

 

Shamollar bogʻlanib, tinganda quyun,

Bogʻlarni kuzatdim: nechogʻ baxtiyor!

Yellarda –  moziylar salomi tayin,

Yellarda yomgʻirlar xushxabari bor!

 

Har yurak shajardan topur farahlar,

Har dilni yashillik yashnatar tagʻin.

Lekin siltovlarda oʻsgan daraxtlar

Koʻnglimga yaqindir, koʻnglimga yaqin!..

 

 

Qurʼonni eshitish, eshita olish yuksak maʼnaviyat, maʼrifat.

Qurʼon hech qachon yomonlikka daʼvat qilmaydi.

Agar Qurʼoni karimni eshita olsak, eshittira olsak bu muvaffaqqiyat boʻladi. Elimizga nur keladi.

Sh. Mirziyoev

 

Qurʼon oʻqi

Odam oʻgʻli, gar oʻzingga ikki jahon

Dorul-amon boʻlsin desang, Qurʼon oʻqi.

Tirik joning nafas olgan har bir zamon

Nurli zamon boʻlsin desang, Qurʼon oʻqi.

Qurʼon oʻqi, ammo buyuk ixlos bilan,

Irfon bilan, tafsir bilan, ustoz bilan,

Amal qilib chin dil bilan, ehsos bilan,   

Olam boʻston boʻlsin desang, Qurʼon oʻqi.

Qurʼon nurdir, zamiringni yoritgaydir,

Rahmat, shifo: dardlaringni aritgaydir,

Rabbim Alloh Oʻzin goʻzal tanitgaydir,

Umrim irfon boʻlsin desang, Qurʼon oʻqi.

Ilk risolat titroqlari Qurʼon edi,

Sahobalar tutmoqlari Qurʼon edi,

Rasululloh axloqlari Qurʼon edi,

Xulqim Qurʼon boʻlsin desang, Qurʼon oʻqi.

Halol-harom, haq va botil unda ayon,

Vaʼda-vaʼid – xabarlardir yaxshi-yomon,

Ikki jahon farqin ravon aylar bayon,

Qalbim furqon boʻlsin desang, Qurʼon oʻqi.

Qiyomat kun jonlar qattiq titraganda,

Iymonsizlar najot topmay qaqshaganda,

Iymon ahli qoʻrgʻon ichra yashnaganda,

Tegram qoʻrgʻon boʻlsin desang, Qurʼon oʻqi.

Ey, olamga koʻngli ochiq manzurlarim,

Dardu gʻami rahmatlarga arzirlarim,

Dunyom obod, ham oxirat manzillarim

Ravhu rayhon boʻlsin desang, Qurʼon oʻqi.

Kimki Qurʼon oʻquvchidir, azob boʻlmas,

Yana Qurʼon oʻrgatganga hisob boʻlmas,

Maʼno bilgan zotga parda-hijob boʻlmas,

Vasli ayon boʻlsin desang, Qurʼon oʻqi.

Oʻtdi necha Haq kalomin xoʻrlaganlar,

Qurʼon istab, ohi koʻkka oʻrlaganlar,

Ey siz, mudhish zulmlarni koʻrmaganlar,

Yurtim omon boʻlsin desang, Qurʼon oʻqi.

Qurʼon, hikmat – Haqning fazlu atosidir,

Kaʼba bunyod etgan Xalil duosidir,

To qiyomat Haq Rasulin nidosidir –

Iymon omon boʻlsin desang, Qurʼon oʻqi.

Mirzo, besh kun bu dunyoning zahmati bor,

Rabbim Alloh, shafoʼatxoh Ahmadi bor,

Baski, Haqning gʻazabi ham rahmati bor –

Maʼvom rizvon boʻlsin desang, Qurʼon oʻqi.

 

 

Mirzo Kenjabek

1956 yili tugʻilgan. Toshkent davlat universiteti (hozirgi OʻzMU)ning jurnalistika fakultetini tamomlagan.

“Maktublarim”, “Quyoshga qaragan uy”, “Munojot”, “Sharq tili”, “Bahorim yellari” kabi kitoblari nashr etilgan.

 

“Yoshlik”, 2018/4

 

 


[1] Shamʼun Nabiy – bugungi Qoraqalpogʻiston hududi – Xoʻjayli tumanida, qadimiy Amudaryo sohilida maqbarasi mavjud boʻlgan va “Paygʻambarlar qissasi” kitoblarida muborak nomlari zikr qilingan paygʻambar (alayhissalom).

[2] Zul-Kifl – Termiz yaqinida, Amudaryo oʻrtasidagi Paygʻambar orolida maqbarasi mavjud boʻlgan, Qurʼoni karimning Anbiyo va Sod suralarida muborak nomlari zikr qilingan paygʻambar (alayhissalom).

https://saviya.uz/ijod/nazm/azim-daryo-bolsang-qalbimda-oqgin/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x