Badiiy takomil yoʻli

Suvni kesib, nurni parchalab boʻlmaganidek, asl sheʼrlarni ham satrma-satr tahlilga tortish gʻoyat mushkul. Sheʼr bus-butun, dastalangan tarzda sanʼatkor ijodining takomil bosqichlari, estetik prinsiplarining shakllanish asnolari toʻgʻrisida yaxlit taassurot qoldiradi. Erkin Vohidov oʻn olti yoshida yozgan “Manzara” sheʼridayoq oʻz shaxsiyatini, ijodiy “men”ini namoyon eta olgandi. Shundan soʻng salkam yetmish yil oq qogʻozga koʻnglini toʻkib, sheʼrlari, dostonlari, sahna asarlari, maqolalari, tarjimalari bilan olam va odam toʻgʻrisidagi oʻz bilmishlarini bizga ravo koʻrib keldi. Ongu shuurimizni yangi tasavvur va tushunchalar, falsafiy oʻy-mulohazalar bilan boyitdi. Koʻngillarga tuygʻu-kechinmalarning yangi-yangi talqinlarini olib kirdi. Badiiy psixologizmning yangi toʻlqinlarini, epkinlarini vujudga keltirdi.

Har bir sheʼrida kutilmagan tarzda, oʻzgacha bir qiyofada koʻzga tashlanish shoirni oʻquvchilarning doimiy ixlos-eʼtiboriga noil etadi. Mehr-muhabbatini oshiradi. Bu, albatta, shoir ijodiy tajribasining ortishi, hayotni, voqea-hodisalarni, inson sir-sinoatlarini koʻrishda, kuzatishda, aks ettirishda poetik nigohining oʻtkirlashishi natijasidir. Maʼnaviy-intellektual saviyasining yuksalishi, badiiy mahoratining takomillashib borishi evaziga yuz koʻrsatadigan hosiladir. Erkin Vohidovning ilk “Tong nafasi” majmuasidan jild-jild saylanmalarigacha asarlari originalligi, kutilmagan obrazlar asosiga qurilganligi bilan oʻquvchilar hayratiga, tahsiniga sazovor boʻlib kelgan. Bular shoirning ijodiy balogʻat bosqichlari, oʻsish-yuksalish pillapoyalari toʻgʻrisida tiniq tasavvur beradi.

Taʼkidlash joizki, shoirning poetik obrazlar tizimida tushuncha va holatlarni, kayfiyat va kechinmalarni, voqea-hodisalar magʻzi-mohiyatini quyuq obrazlar vositasida ifodalash – metaforalilik yetakchilik qiladi. Zero, bu jihat shoir lirik qahramonining koʻp qirrali tuygʻulari va kechinmalar dunyosini, shoir sheʼriyatidagi hissiyotga boy falsafiy mushohadakorlikni, teran fikrlarning hissiy tiniqligini, boʻyoqdorligini asoslaydi.

Hislar va tuygʻular – chuqur lirizm bilan yoʻgʻrilgan metaforalar ortidan psixologik holat va kayfiyat manzaralari (“Manzara”, “Daryo oqshomi”, “Yelkan”), ehtirosli monologlar (“Iltijo”, “Vafo”, “Oʻzbekiston”), sevgi-muhabbat iztiroblari, quvonchlari, dardlari (“Ayrilish”, “Kimni etmas bu koʻngil shaydo”, “Oʻn sakkizga kirmagan kim bor”, “Firoq haqida”), insoniy goʻzallik, maʼnaviy barkamollik (“Goʻzallik”, “Olimlarning rafiqalariga”, “Vafo”), oʻtgan kunlardan shunchaki shukronalik emas, yaxshilikda, ezgulikda kechgan samarali umr nashidasi (“Kun oʻtganda”, “Inson va fursat”, “Bosh tebratar soat kafgiri”, “Fursat – oltin…”) boʻy tortadi. Shoir bunday kezlarda qalbiga olamni joylagisi, jo-bajo etgisi keladi. “Bolalarni shaytonlardan qoʻrqitmangiz” deya nomlangan falsafiy didaktika bilan sugʻorilgan sheʼridan tortib, tezkor asrimiz shiddatida “fazoda charx urgan Yerning surʼatin”i ilgʻashga, uning mazmunini satrlar bagʻriga joylashga, “yuraklarga bergan yuki”ni darj etishga intiladi. Bunday kezlarda shoir “oʻz qalbiga shafqat bilmaydi”. Moddiylashgan insoniy dard, tashvish, quvonch bilan yoʻgʻrilgan lirik-falsafiy sheʼrlar tajassum topmaguncha, yuragini anor singari ezadi.

Sheʼriyat faqat hislarimizni joʻshtirib, tuygʻularimizni boyitib, oʻtkirlashtirib, olmos qirralari misoli jilolantiribgina qolmay, fikr-tafakkurimizga kuch, quvvat bagʻishlaydi; yaʼni badiiy-estetik jihatdan tarbiyalaydi, ong-saviyamizni yuksaltiradi. Dunyoqarashimizni kengaytiradi, estetik didimizni oʻstiradi. Shu maʼnoda sheʼriyat – didlar, dunyoqarashlar va maslaklar dunyosidir, deging keladi.

Erkin Vohidov sheʼriyati oʻquvchida goʻzallikni his etish tuygʻusini charxlaydi; xunuklikning turish-turmushimizdagi qusurlarini, qora boʻyoqlarini inkor etishda goʻzallik badiiy pafos darajasiga koʻtariladi.

 

…Borliq shunchalar goʻzal,

Yashash shunchalar shirin.

Bu chamandan hech ketmay

Mangu qolgim keladi.

Chechaklar taʼzim qilsa,

Qoʻlga olib har birin

Toʻyib-toʻyib boqqim-u,

Kuyga solgim keladi.

Koʻz ochib nur qoʻynida

Koʻrdim yorugʻ dunyoni,

Bu olamda neki bor,

Bari tortar havasim;

Lolalar qahqahasi,

Chechaklarning xandasi,

Gʻunchalar yuzidagi

Sal uyatchan tabassum…

Tabiat goʻzalligini, tiriklik nashʼu namosini, insonning koʻngil javhari – odamiylikni, maʼnaviy-intellektual koʻrkini kuylash, ulugʻlash orqali hayot goʻzalliklarini tasdiqlash shoirning bosh estetik prinsipini belgilaydi. Yuqorida parchasi keltirilgan “Bir tomchi quyosh oʻynar” sheʼri ushbu xususiyatlarni yorqin namoyon etgan programm asardir.

Aytish mumkinki, oʻtgan asrning 60-yillari oxirida shakllana boshlagan mazkur tamoyil shoirning ilk ijod davri, xususan, 50-yillar sheʼrlarida detallar tarzida mavjud edi. Ushbu jarayonni kuzatishda shoir poeziyasidagi obrazli tafakkur (metaforalar) bizga yaqindan koʻmakka keladi. 1950-yillar oʻrtalaridagi sheʼrlarida koʻp qoʻllaydigan tasviriy vosita, usullardan metafora, yaʼni oʻxshatish zimmasiga qoʻshimcha estetik vazifa yuklangan obrazlilik ustunlik qilardi.

 

Garchi shuncha magʻrur tursa ham,

Piyolaga egilar choynak.

Shunday ekan, manmanlik nechun,

Kibru havo nimaga kerak?

 

Kamtarin boʻl, hatto bir qadam

Oʻtma gʻurur ostonasidan.

Piyolani inson shuning-chun

Oʻpar doim peshonasidan.

Mazkur “Kamtarlik haqida” sheʼri 1956 yili yozilgan. Ayni shu davrda yaratilgan “Poʻlat”, “Fursat – oltin…”, “Chumoli”, “Goʻzallik”, “Yoʻq, halovat istamayman” singari qator sheʼrlarida inson tirikligi, umrning mazmuni, yashash falsafasi gʻoyat rangin maʼno qirralari bilan jilolanadi.

“Kamtarlik haqida” sheʼrida inson feʼli-faoliyatidagi manmanlik, kalondimogʻlik belgilari qoralanadi. Kamtarlik, olijanoblik fazilatlari insonni komillikka yetaklaydi, degan maʼno ustuvor. Choynak bilan piyola badiiy detallari esa ana shu bosh gʻoyani obrazli ifodalashga xizmat qilayotir. Badiiy fikr umumlashmasi oʻquvchini oʻylashga, oʻz umrining kechish tarzidan, oʻtayotgan damlardan muayyan xulosa chiqarishga undaydi. Sheʼrdan koʻzlangan ibratli maʼnoni lirik qahramonning oʻzi aytayapti, oʻquvchining ixtiyoriga qoldirilayotgani yoʻq.

Inson umri – bamisoli oqar suv. Erkin Vohidovning 1960-yillar boshidagi izlanishlarida oqib oʻtguvchi va ana shu oniy lahzalarda odamlarning bahri dilini ochguvchi, bir umr yodda saqlanib qolguvchi damlarning hikmatini oʻqish, uqish va satrlar bagʻriga singdirish yetakchi xususiyatlardan biridir. Bu borada kechinmali holatlar, kayfiyatlar, manzaralar ifodasi orqali bosh gʻoyani ochishga muvaffaq boʻlinadi.

Tiriklik – insonga berilgan benazir imkoniyat. Undan qay tarzda foydalanish har kimning sajiyasiga, maʼnaviy-aqliy saviyasiga bogʻliq. Bu narsa vaqt va tarix deb atalmish buyuk sinov oldidagi insoniy burchini ado etish masʼuliyati hamdir. Burch va masʼuliyat hissi insonning maʼnan komilligini namoyon etuvchi xususiyatlardan biri. Shoir pand-nasihat yoki daʼvat orqali emas, obrazli holatlar tasviri vositasida oʻquvchini fikrlashga undaydi. Ibratli xulosalar chiqarishi uchun asos yaratadi.

“Poʻlat” sheʼrida badiiy maʼno oʻzgacha talqinda tajassum topadi.

 

U dastavval oybolta boʻldi,

Soʻng zambarak boʻlib quyildi.

Qilich ham u,

miltiq

va nagan.

U bomba ham boʻlib portlagan.

Lekin olgan jahonni faqat

Pero boʻlib quyilgach poʻlat.

Inson aqli-tafakkuri cheksiz qudratga, hadsiz imkoniyatlarga ega. Oyboltani yasay olgan, zambarakni, bombalarni kashf etgan ham inson. Oddiygina pero ham inson tafakkurining moʻjizasi. Demak, urush-janjallar, qirgʻin barotlar yoʻli bilan emas, tinchlik-hamjihatlikda yashab ham inson olam sir-sinoatlarini anglab yetishi, oʻzlashtirishi mumkin ekan. Shoirning oddiygina poʻlatni badiiy obrazga aylantirishidan, unga ramziy maʼnolar yuklashidan biz shu taxlit ibratli fikr oʻqiymiz.

Koʻramizki, Erkin Vohidov ilk izlanishlaridayoq olamni, odamni koʻrish, anglash hamda anglatishidagi oʻziga xos ifoda usullari orqali oʻz sheʼriyatini yaratdi. Lirik miniatyuralaridagi (toʻrtlik, sakkizlik, oltilik, ruboiy) falsafiy mushohadakorlik koʻproq psixologik holatlar, kayfiyatlar hamda oʻychan manzaralar orqali zuhur etdi (“Goʻzallik”, “Oydin kecha…”, “Surat”, “Manzara” va hokazo).

XX asrning 60-yillar oxirlari sheʼriyatimizda Gʻarb va Sharq badiiyatiga murojaat keng palak yozgandi. Shoirlarimiz oʻz ijodiy moyilligidan kelib chiqib sonet, xokku, tanka, gʻazal, ruboiy, fard, muxammas kabi sheʼriy janr va shakllardan koʻproq foydalana boshlashdi. Oʻsha muhit mahsuli sifatida yaratilgan “Yoshlik devoni”da Erkin Vohidovning Navoiy, Fuzuliy, Bobur gʻazallariga bogʻlagan muxammaslarini qoʻshganda 78 ta sheʼr oʻrin olgan. Ayniqsa, “Oʻzbegim” qasidasi, “Sevgi”, “Visol sogʻinchi”, “Oʻrtada begona yoʻq”, “Bir goʻzalkim”, “Quyosh”, “Tola soch”, “Gulchehralar”, “Sheʼr aziz olam aro”, “Oyning oʻn beshi qorongʻu”, “Rubobim tori ikkidur”, “Doʻst bilan obod uying”, “Uygʻotmagil”, “Yoshligim”, “Netay”, “Samar boʻlgʻay”, “Davron yuki”, “Barg”, “Sarv” kabi oʻnlab sheʼrlar gʻazalxonlarning koʻngil mulkiga aylandi. Erkin Vohidov gʻazallari misolida aytish joizki, yillar oʻtgani sayin odam jisman keksayishi mumkin, lekin ardoqli kechinmalari ham, his-tuygʻulari ham zanglamas ekan.

1970-yillarga kelganda faqat metaforalargina emas, shoir sheʼrlarining obrazlar qurilishi, hissiy-emotsional asosi ham kengaydi. Tuygʻular tabiati yanada taranglik, keskinlik kasb etdi. His-tuygʻular junbushi yanada teranlashdi, musiqiylik ortdi (tabiat ranglari tasviridan ajib musiqiy sado oqadi); inson ruhiy dunyosidagi murakkab jarayonlarning psixologik tahlili kuchaydi.

Erkin Vohidovning ilk ijodiy uslubida namoyon boʻlgan kechinmali oʻychanlik yoxud fikrchan psixologizm shoir lirikasining janrlar tabiatini kengaytirib yubordi. Bu narsa, birinchidan, xilma-xil janrlarda (qasida, ballada, elegiya, sheʼriy ertak, gʻazal, muxammas, ruboiy, toʻrtlik, sonet va hokazo) hamda poetik shakllarda (oltilik, sakkizlik, lirik lavha, uchlik, ikkilik singari) inkishof topgan boʻlsa, ikkinchidan, lirikaning muayyan janrlari (qasida, gʻazal, ballada) tarkibida zuhur etgan sifat oʻzgarishlaridir.

Oʻtgan asrning 80-yillarida Erkin Vohidov sheʼriyatining mavzu-masalalar ufqi kengayib, ijtimoiy hamda maʼnaviy-axloqiy masalalarni badiiy idrok etishda achchiq istehzo, falsafiy mushohadakorlik, publitsistik daʼvat, oʻychan psixologik kechinmalar, yengil yumor, hazil ohanglariga singdirilgan fojeiy haqgoʻylik balqib turdi. Bu esa bashariy maʼnaviy-axloqiy, intellektual qadriyatlarni alqashda, yoqlashda ijtimoiy-falsafiy hamda psixologik tahlil madaniyati teranlashib borayotganidan dalolat beradi.

Erkin Vohidovning “Nido”, “Palatkada yozilgan doston”, “Ruhlar isyoni” singari poemalari, “Baxmal” sheʼriy qissasi, “Istanbul fojeasi” sheʼriy dramasi XX asr oʻzbek adabiyoti tarixida alohida sahifani tashkil qiladi. Xususan, inson umrining mohiyati, tiriklik maʼnolari bilan bogʻliq badiiy fikr takomilini “Ruhlar isyoni” poemasi misolida kuzatish mumkin. Ushbu poema yana shoirning adabiy-estetik qarashlaridagi jiddiy sifat oʻzgarishlaridan voqif etishi bilan ham ahamiyatlidir. Asar muqaddimasida shoir yozadi: “Nazrul Islomning erkparvar nidosi xalqni birlashtirmoqqa, qabih mustamlakachilik zulmiga qarshi jang qilmoqqa chorladi. Shoir nomi butun Hindistonda isyonkorlik timsoli boʻldi. “Ruhlar isyoni” umuman shoirlik, insonlik, fidoyilik, erk tantanasi haqida”. Lirik qahramon adovat, qironga barham berib, avvalo bosqinchini ummonga uloqtirishga daʼvat qiladi. Zero, bosqinchining falsafasi qadim-qadimdan ayon: el ichida nifoq qoʻzgʻab, oʻzini omon saqlashga urinadi, jaholatning olovida isinadi… Asar kitobxonni soʻngsiz oʻylarga toldiradi. Umuman, zulmga qarshi kurashda, adolat himoyasida odamlarni yakdillikka, hamjihatlikka daʼvat etish shoirning 80-yillar sheʼriyatida boʻrtib namoyon boʻladi.

Shoirning lirik miniatyuralarida kuzatilgan sifat oʻzgarishlarini alohida taʼkidlash joiz. Bu kechinma va badiiy fikrning namoyon boʻlish shakllari, xususan, holat, kayfiyat va manzaralarga lirik qahramonning munosabati masalasidadir. Shoirning ilk izlanishlarida ana shu munosabatning hayrat va eʼtirof shakli yaqqol koʻrindi. XX asr oxiri – XXI asr boshlari lirikasida esa tasdiq, inkor, iqror singari munosabat ifodasini sezish mumkin. Xususan, bu jihatlar shoir lirikasining janrlar sistemasini latifa, ertak, rivoyat, naql, ruboiy kabilar hisobiga boyitib, kengaytirib yubordi. “Tirik sayyoralar”, “Donishqishloq latifalari”, “Yaxshidir achchiq haqiqat”, “Qumursqalar jangi” singari turkumlari misolida kuzatadigan boʻlsak, shoir sheʼriyati keyingi yillarda ijtimoiy-falsafiy tahlil hisobiga yanada teranlik, koʻlamdorlik kasb etdi.

 

Fazolarning qay burchagiga

Fikri bilan yetadir inson.

Ammo ne bor oʻz yuragida,

Bilmay oʻtib ketadir inson.

U yashaydi tilsimlar aro,

Har kashfiyot yangi marradir.

Uning oʻzi sirli bir dunyo,

Dunyo esa faqat zarradir.

 

Erkin Vohidov ijodida koʻngil koʻzgusida aks etgan ijtimoiy voqelik, borliq oʻz mohiyati, falsafasi, ruhiyati bilan yashaydi. Bu hol shoir sheʼrlarining aksariyati syujetli boʻlishini taqozo qilgan. Hayotbaxsh didaktika davr ruhini idrok etgan holda umrni ezgulikka bagʻishlash, goʻzalliklar yaratish fikrini ilgari suradi. Koʻngil maʼrifati, dil erkinligi gʻoyalari shoirning keyingi yillar ijodida oʻzak magʻzni tashkil etadi.

Butun hayoti va ijodini millatning maʼnaviy-axloqiy, intellektual xislat-fazilatlarini ulugʻlashga, bashariy qadriyatlarni tarannum etishga, tasdiqlashga bagʻishlagan Erkin Vohidov sheʼriyati madaniy hayotimizda goʻzallik hodisasi boʻlib qolajak. Zotan, maʼnaviy-intellektual kamolotga xizmat qilgan goʻzallikning umri uzoq boʻlgusi.

 

Noʻmon RAHIMJONOV,

filologiya fanlari doktori, professor.

 

“Yoshlik”, 2016–12

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/badiiy-takomil-yoli/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x