Shu yurtga oʻgʻlon boʻl, oʻgʻlon boʻl, oʻgʻlon!

* * *

Doʻstlarimni hayron qoldirar

Baʼzan ishqiy sheʼrlar yozganim.

Hazilkashlar qoʻymasdan soʻrar:

– Kuylaganing qaysi nozanin?

 

Yoʻq, dey desam, kulgi boʻlaman,

Aldamoqni hech koʻrmayman ep.

Ne ham derdim, hazil qilaman,

Shoir hali izlanishda, deb…

 

 

Yoshlik

 

Yoshlik! Seni kuylamagan kim,

Ertaklaring soʻylamagan kim,

Qariganda oʻylamagan kim,

Oʻylab yana kuylamagan kim?

Bitmoq boʻldim men ham senga bayt,

Yosh yurakning haqqi bormi, ayt?

 

Yoshlik, asli mening oʻzimsan,

Keng olamga boqqan koʻzimsan.

Yozgan sheʼrim, aytgan soʻzimsan,

Kecham, ertam, ushbu roʻzimsan.

Bitmoq boʻldim sen uchun ashʼor,

Ammo oʻzni kuylamoq dushvor.

 

Yoshlik – gulu gulgʻuncha ekan,

Bu gul olam turguncha ekan,

Yoshlik – behad tushuncha ekan,

Poyoni yoʻq garduncha ekan.

Bitmoq boʻldim men unga doston,

Oʻylarimga topmadim poyon.

 

Yoshlik, dildan shavq ketgani yoʻq,

Yurak seni tark etgani yoʻq,

Yurak seni tark etgani yoʻq,

Demak, qadringga yetgani yoʻq.

Yoshlik, seni kuylab bilurman,

Ammo bugun yoshlik qilurman.

 

Yoshlik – ishqu oshiqlik mayli,

Oʻzi Majnun ham oʻzi Layli,

Subhi olam uning tufayli.

Mayli, unga bitmasam mayli,

Na bir gʻazal, na bir musaddas,

Uning oʻzi sheʼrdan muqaddas.

 

 

Kimni etmas bu koʻngil shaydo

 

Dunyo ekan…

Ishq degan savdo

Bormi faqat mening boshimda?!

Kimni etmas bu koʻngil shaydo,

Kim sheʼr yozmas mening yoshimda?!

 

Sevgi ilk bor tushdi-yu qalbga,

Hayotimning boʻldi mazmuni.

U qoʻlimga tutqazib qalam,

Koʻzlarimdan oldi uyquni.

 

Oldi butun fikru xayolim,

Ketdi dildan orom, halovat.

Sevgi butun borimni olib,

Sheʼr zavqini qoldirdi faqat.

 

Borliq olam koʻzimga ming-ming

Goʻzallikka toʻlib koʻrindi.

Gullar menga oshiq bulbulning

Sheʼr daftari boʻlib koʻrindi…

 

Ayb etmangiz,

Doʻstlar, bu savdo

Bormi faqat mening boshimda?

Kimni etmas bu koʻngil shaydo,

Kim sheʼr yozmas mening yoshimda?!

 

 

Yosh shoirga

 

Tilay gʻayrat senga, yosh shoir ukam,

Fazlu hikmat senga, yosh shoir ukam.

Biz ham kuylab oʻtdik imkonlar qadar,

Endi navbat senga, yosh shoir ukam.

 

Mustaqil hur maʼvo seningdir, sening,

Ozod, emin sado seningdir, sening.

Biz shivirlab aytgan tuygʻuni endi

Kuylash oshkoro seningdir, sening.

 

Nafosat yurtiga posbon boʻl, oʻgʻlon,

Tili shamshir, koʻksi qalqon boʻl, oʻgʻlon.

Avvalo shoir boʻl, undan ham avval

Shu yurtga oʻgʻlon boʻl, oʻgʻlon boʻl, oʻgʻlon!

 

 

Ota tilagi

 

Taajjub, deyman-u, yoqa tutaman,

Murgʻak bola edim kecha-ku oʻzim.

Bugun qarabsizki, men ham otaman,

Mening ham oʻgʻlim bor – umid yulduzim.

 

Qalbim urmakda shu mushtdek yurakda,

Yangidan oʻsmakda kichkina jismim.

Demakki, hayotim davom etmakda,

Demakki, olamda qolmakda ismim.

 

Nima bor men uchun uningdek aziz?

Arzir bir soʻziga jon fido etsam.

Jahonda nimaki boʻlsa eng laziz,

Faqat uning uchun muhayyo etsam.

 

Kiprigiga zarra qoʻnmasa qaygʻu,

Baxti komil boʻlsa, tolei bekam.

Koʻrsa men koʻrmagan shodliklarni u,

Yetsa men yetmagan niyatlarga ham.

 

Ammo u bir umr boʻlmay oshino

Tiriklik deganning zahmat, dardiga,

Bila olarmikin nadir bu dunyo,

Yeta olarmikin hayot qadriga?!

 

Oʻgʻlim, ey umidim bogʻida nihol,

Yorugʻ peshonangni oʻpib silayman.

Shu aziz boshingga eng nurli xayol,

Qalbingga eng toza hislar tilayman.

 

Ulgʻayarsan, yigit boʻlarsan bir kun,

Ortda qolar yoshlik, oʻyin, ermaklar.

Olamni yelkada koʻtarmoq uchun

Dunyoga keladi, bilsang, erkaklar.

 

Ertangi kuningni oʻylab shu paytdan

Borliqni quvonchim bilan oʻrayman.

Seni menga bergan bu tabiatdan

Sening yuragingga olov soʻrayman.

 

Mayli, mushkul boʻlsin sen tanlagan yoʻl,

Tole ham, mayliga, kelmasin oson.

Faqat odam qadrin bilar odam boʻl,

Boʻl inson dardini bilguvchi inson!..

 

 

* * *

Vatan, to tanda jonim bor,

Seningdirman, seningdirman,

Tanim xok oʻlsa ham sen yor,

Seningdirman, seningdirman.

 

Jahon kengdir, falak kengdir,

Yurak kengdir, chu sen borsan,

Seningsiz ikki dunyo tor,

Seningdirman, seningdirman.

 

Menga begona ellarda

Nasib gar oʻlsa yuz rohat,

Chekay bagʻringda ming ozor,

Seningdirman, seningdirman.

 

Agar shodliklaring ozdir,

Meningdirsan, meningdirsan,

Magarkim gʻamlarim bisyor,

Seningdirman, seningdirman.

 

Bugun bor, erta yoʻq jismim,

Valek ruhim uchun mangu

Sening manguliging darkor,

Seningdirman, seningdirman.

 

Sening ishqing bilan yondim,

Ketar jonimda bu otash,

Seningdirman, yana takror,

Seningdirman, seningdirman.

 

 

Bir tomchi yosh

 

Choʻqqidan bir kichik tosh yumalasa,

Togʻni qulatgudek suron qiladi.

Koʻzingdan bir tomchi yosh yumalasa,

Togʻday yuragimni vayron qiladi.

 

Agar koʻksim uzra qulasa birdan,

Tutmoqqa qodirman togʻlar toshini.

Hayhot, koʻtarolmam kipriklaringdan

Uzilgan bir qatra qaygʻu yoshini…

 

 

Armon

 

Kecha kerak boʻlding,

Bolalik chogʻim!

Senga qoʻl uzatdim,

Yoʻq,

Yetolmadim.

Oshkora gʻirromlik qildi

Oʻrtogʻim,

Men: bor, oʻynamayman,

Deb ketolmadim…

 

 

Sadoqat

 

Keksa qayragʻochning

Ildizin ochib,

Tortdilar qoʻsh arqon solib belidan.

Lekin u tuproqqa panjasin sanchib,

Sira qoʻzgʻalmasdi

Ungan yeridan…

Nihoyat gurs etib yerga quladi,

Butab, soʻng koʻtarib ketdilar, biroq –

U oʻz panjasida olib joʻnadi

Yashagan yeridan

Bir siqim tuproq.

 

 

* * *

Siz mening osmonim, mohitobimsiz,

Mohitobim emas, oftobimsiz,

Ishonchim, quvonchim, yupanchim, yana

Sogʻinchim, oʻkinchim, iztirobimsiz.

 

Siz mening qalbimsiz, qalbimdagi sheʼr,

Bitmoq orzu qilgan bosh kitobimsiz.

Sevgim, umrim, yana umrim davomi,

Baxtim, rohatimsiz va azobimsiz.

 

Sizdan shodlik koʻrib koʻzlarimda nur,

Alam cheksam mayli, shunga ham shukur,

Bu dardli dunyoda, yaxshiki, borsiz,

Borligingiz uchun sizga tashakkur.

 

 

Vatan qadri

 

Chashma qoshida tiniq suv

Qadrini bilmas kishi,

Sayr etib gulshanda gulni

Koʻziga ilmas kishi.

 

Vah, bu ne gʻaflatki, inson

Koʻksida tutmish vatan,

Kim vatan ichra vatanning

Shukrini qilmas kishi.

 

Yurt nedir, yurt dogʻi nedir,

Yurtdan ayrilgan bilar,

Anglaguvchi yurt firoqin

Yurtda topilmas kishi.

 

Ey vatandoshim, eshit

Boburu Furqat nolasin,

Besabab anduh tigʻida

Bagʻrini tilmas kishi.

 

Bilma, farzandim, vatan hajrini,

Lek qadrini bil –

Kim vatan qadrini bilmas,

Angla, komilmas kishi.

 

 

Yangi yil tilagi

 

Qadaming muborak boʻlsin, yangi yil,

Umrim daftarining sheroz yili boʻl.

Umid Manzilini bizga yaqin qil,

Yuksalish yoʻlining ogʻoz yili boʻl.

 

Bahor yomgʻir boʻlib barakangni soch,

Yozda oftob boʻlib tole yuzin och,

Kuzing toʻkin kelsin, baxting borivoj,

Ozod vatanimga parvoz yili boʻl.

 

 

Erkin VOHIDOV,

Oʻzbekiston Qahramoni,

Oʻzbekiston xalq shoiri

 

“Yoshlik”, 2016-12

https://saviya.uz/ijod/nazm/shu-yurtga-oglon-bol-oglon-bol-oglon/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x