Aziz Abdurazzoq (1928–2007)

Aziz Abdurazzoq 1928 yili Toshkentda tugʻilgan. Oʻrta maktabni tugatgandan soʻng madaniy-oqartuv bilim yurtida tahsil olgan. Moskvadagi M. Gorkiy nomidagi Adabiyot institutida oʻqigan. U koʻp kasbdoshlari kabi jurnalist sifatida gazeta va jurnallarda faoliyat koʻrsatdi.

Shoirning ijodi oʻtgan asrning 50-yillaridan boshlangan boʻlib, birinchi sheʼriy toʻplami 1959 yili “Doʻstlarimga” nomi bilan chop etiladi. Shundan soʻng “Yana bahor” (1961), “Mavj” (1965), “Bodom gulladi” (1965), “Lirika” (1970), “Aziz odamlar” (1975), “Shoʻx yomgʻir” (1977), “Qalb nuri” (1978) kabi toʻplamlari nashr etildi. “Qalb nuri” toʻplami shoirning 50 yilligi munosabati bilan saylanma tarzida eʼlon qilingan.

Aziz Abdurazzoq “Oʻroq va xanjar” sheʼrida: “Yonmoqdamen, yonmoqdamen, bu ayondir, doʻstim boʻlsang, xalal berma, sen ham yongin” ‒ deya zamondoshlarini yaratishga, bunyodkorlikka chorlagan. Oʻzbekiston xalq shoiri Turob Toʻla aytganidek: “Aziz sheʼrlaridan non hidi keladi, oʻzi kezib oʻtgan bogʻlar, dala-dashtlar hidi keladi”.

Aziz Abdurazzoq bolalar uchun ham ijod qildi. Uning bolalar uchun “Oh, qanday shirin” (1977), “Qiz va lola” (1979), “Tap-tap elak” (1981) kabi qator asarlari chop etilgan. Ularda begʻubor yoshlik manzaralari goh quvnoq, goh kulgili, goh kinoyali tarzda oʻz ifodasini topgan.

Kattalar uchun yozilgan asarlarida oʻzbek xalqining milliy xususiyatlarini ifodalovchi hazil-mutoyiba baʼzan achchiq kinoya bilan almashib turadi. Kitobxonga katta zavq-shavq bagʻishlashdan tashqari, uni hushyorlikka, shijoatga chorlaydi.

Shundan soʻng uning “Yostiqdan chiqqan ertaklar” (1988), “Bogʻda bitgan ertaklar” (1989), “Toʻrt ogʻayni botirlar” (1989), “Ming chinor” (1995) sheʼriy toʻplamlari bosilib chiqqan.

Aziz Abdurazzoq tarjimon sifatida M. Lermontov, T. Shevchenkolarning ayrim sheʼrlarini hamda amerikalik mashhur shoir G. Longfelloning “Gayavata haqida qoʻshiq” dostonini oʻzbek tiliga tarjima qilgan.

 

“Oʻzbek adiblari” (S. Mirvaliyev, R. Shokirova. Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti, 2016) kitobidan.

https://saviya.uz/hayot/tarjimai-hol/aziz-abdurazzoq-1928-2007/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x