Jonrid Abdullaxonov (1929–2015)

Adabiyotimizga oʻtgan asrning 50-yillarida bir guruh isteʼdodli yosh ijodkorlar kirib keldi. Ular orasida Jonrid Abdullaxonovning ham oʻziga munosib oʻrni bor. U 1929 yili Namanganda oddiy mehnatkash oilasida dunyoga kelgan.

Beshafqat urush uning murgʻak taqdiriga ham oʻz changalini solgan. Avvaliga onasi Shahribonu hamshira sifatida frontga ketib, yil oʻtmay, undan qoraxat kelgan. Koʻp oʻtmay otasi Muhiddin Abdullaxonov jangga ketib qaytmagan. Bor-yoʻgʻi 14 yoshga kirgan Jonrid taqdir soʻqmoqlaridan oʻtib, Namangandan Toshkentga piyoda yoʻl oladi.

Jonrid Abdullaxonov avval Oʻrta Osiyo Davlat universitetining jurnalistika fakultetini, soʻng Moskvadagi Oliy adabiyot kursini tugatdi. Bir tomondan Oydin, Said Ahmad, Hamid Gʻulom, Hakim Nazir, Turob Toʻla, ikkinchi tomondan Konstantin Paustovskiy, Stepan Zlobin kabi adiblar unga ustozlik qildilar. Radio va televideniyedagi hamda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasidagi ijodiy muhit uning yozuvchi boʻlib shakllanishida maktab vazifasini oʻtadi.

Jonrid Abdullaxonovning birin-ketin “Maktabdoshlarim” (1952) nomli birinchi sheʼriy toʻplami, “Hikoyalar” (1956), “Toʻyga kelinglar” (1960), “Tong yorishgan sohilda” (1962) kabi hikoyalar toʻplamlari nashr etildi. Ularda yosh nasllarning, tengdoshlarining hayoti, muhabbati, tashvish va intilishlari oʻz ifodasini topdi. Uning “Gulchehra” (1962) qissasi yoʻl xususida, qurilish-bunyodkorlik haqida edi. Adibning birinchi yirik epik asari ‒ “Yoʻl” (1964) romani ham xuddi shu bunyodkorlik, inson tashvishlari, hayot kechinmalari haqida hikoya qiladi. Shundan soʻng muallifning ketma-ket “Borsa-kelmas” (I-II kitob, 1978–1980), “Xonadon”, “Suiqasd” (1991) kabi romanlari chop etildi.

“Toʻfon” ishchilar sinfi hayotidan hikoya qilsa, “Borsa-kelmas” romanida Orol dengizi muammosi, ona tabiat muhofaza masalalari oʻz ifodasini topgan. “Suiqasd” romanida esa mehnatkashlarning haqqiga xiyonat qilgan, jamiyatni maʼnaviy-iqtisodiy inqirozga olib kelgan, yulgʻich, poraxoʻr va koʻzboʻyamachilarning aft-angori fosh etilgan. Xuddi shunday holat adibning “Tergov” (2000) romanining ham magʻziga singdirib yuborilgan. Adibning “Oh, oʻsha koʻzlar” (2002) toʻplamidan soʻnggi yillarda yaratgan hikoyalari, hangoma va xotiralari oʻrin olgan.

 

“Oʻzbek adiblari” (S. Mirvaliyev, R. Shokirova. Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti, 2016) kitobidan.

https://saviya.uz/hayot/tarjimai-hol/jonrid-abdullaxonov-1929-2015/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x