Amirqul Karim (1960)

Amirqul Karim 1960 yil 2 sentyabrda Qashqadaryo viloyati, Shahrisabz tumanidagi Yangi qishlogʻida tugʻildi. 1977 yilda oʻrta maktabni tugallab, bir muddat “Eskianhorkanalqurilish” trestida ekskavatorchi boʻlib ishladi.

1979 yilda Toshkent davlat universiteti (hozirgi OʻzMU)ning jurnalistika fakultetiga oʻqishga kirib, 1983–1985 yillarda oʻqishni Leningrad davlat universitetida davom ettirdi. 1994 yilda Hindiston Javoharlaʼl Neru universitetining Ommaviy axborot vositalari institutini tugatdi.

Mehnat faoliyatini “Turkiston” gazetasida boshlab (1985–89), “Yosh kuch” jurnalida boʻlim boshligʻi (1989–91), Oʻzbekiston Milliy axborot agentligida xodim, boʻlim boshligʻi (1991–1996), Xalqaro axborot tahririyati Bosh muharriri, Oʻzbekiston Milliy matbuot markazi raisi (1996–2003), ayni vaqtning oʻzida Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi, “Hurriyat” gazetasi Bosh muharriri (2002–2003) vazifalarida ishladi. 2003 yildan Xalqaro “Oltin meros” xayriya jamoat fondi Boshqaruvi raisi vazifasida faoliyat yuritadi.

1975 yildan matbuotda sheʼrlari, tarjima va publitsistik maqolalari bilan ishtirok etib keladi.

“Kuzda gullagan daraxt”, “Oq tunlar”, “Shabnam terayotgan quyosh”, “Ilinj”, “Sening gullaring” kabi sheʼriy toʻplamlar muallifi. “Shabnam terayotgan quyosh” (“Yangi asr avlodi”, 2011) sheʼriy kitobi ana shu toʻplamlar majmuasidir. 2015 yilda uning “Buyuklik yoʻli”, “Koʻk qushlari”, “Tarixning uzilgan parchasi” kabi sheʼriy va publitsistik asarlari chop etildi. U “Amir Temur oʻgitlari” (1990) kitobi mualliflaridan biri.

Amirqul Karim tarjima sohasida ham faoliyat yuritib, V. Cherevanskiy, J. Steynbek, V. Visotskiy, Basyo sheʼrlarini ona tilimizga tarjima qildi.

Bulardan tashqari, “Basyo yurti moʻjizalari”, “Mukammal insonni izlab” nomli publitsistik maqolalar turkumini, Alisher Navoiy, Bobur sheʼriyati, zamonaviy oʻzbek shoirlari ijodi haqidagi qator maqolalarini eʼlon qildi.

Uning Vatan, ona yurt, insoniylik, sevgi va sadoqatni madh etuvchi sheʼrlari asosida qoʻshiqlar ham yaratilgan.

Amirqul Karim ijodiy va ijtimoiy faoliyati tufayli bir necha marotaba Oʻzbekiston Jurnalistlar ijodiy uyushmasining “Yilning eng yaxshi jurnalisti” mukofotini olgan, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining “Vatan uchun yashaylik!” tanlovi gʻolibi (2012) boʻlgan.

 

“Oʻzbek adiblari” (S. Mirvaliyev, R. Shokirova. Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti, 2016) kitobidan.

https://saviya.uz/hayot/tarjimai-hol/amirqul-karim-1960/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x