Begoyim Xolbekova (1962)

Begoyim Xolbekova 1962 yilning 7 aprelida Andijon viloyati Jalolquduq tumanidagi “Oyim” qishlogʻida tugʻildi. Andijon Davlat tillar instituti xorijiy tillar fakultetining ingliz-fors tillari boʻlimida tahsil oldi (1979–1984). Mehnat faoliyatini Shahrixon shahridagi 4-oʻrta maktabda (1984–1997) boshlab, ingliz tilidan dars berdi. Keyinchalik Andijon shahridagi “Xalqlar Doʻstligi” nomli 1-gimnaziyada oliy toifali ingliz tili oʻqituvchisi (1997–2004), Andijon Davlat tillar instituti xorijiy tillar fakultetida katta oʻqituvchi (2004–2010) vazifalarida xizmat qildi. 2010 yildan Andijon Davlat universiteti xorijiy tillar fakultetida katta oʻqituvchi lavozimida tadqiqotchi-doktorant vazifasida ishlab keladi.

Oʻquvchilik yillaridan “Ona qishloq”, “Naychi doʻstimga”, “Dehqon amakim” kabi dastlabki sheʼrlari, “Chumoli va qurbaqa” kabi masallari bilan matbuotda koʻrinib, eʼtibor qozona boshlagan shoiraning “Diydor shirin” nomli birinchi kitobi 1982 yilda nashr etildi. Yurtimiz mustaqillikka erishgandan soʻng shoira ijodida ham faollik sezildi. Ona yurt sogʻinchi, istiqlol, farzandlar mehri, sevgi-muhabbat mavzularida bir-biridan goʻzal sheʼrlar bitib, “Muhabbat muhri” nomli navbatdagi majmuasini eʼlon qildi (2011). Begoyim Xolbekova tarjima sohasida ham samarali ijod qilmoqda. U Robert Byornsning (Shotlandiya) “Yor koʻnglining qiroliman” (2011) va Jeyms Joysning (Irlandiya) “Chirmovgul” (2010) nomli sheʼriy toʻplamlarini ingliz tilidan ona tilimizga oʻgirdi. Shuningdek, shoira milliy sheʼriyatimiz namunalarini dunyoga targʻib etishda xam faollik koʻrsatmoqda. U “Qalbim sizga intiladi” deb nomlangan tarjimalar toʻplamida 18 nafar oʻzbek shoirining sheʼrlaridan namunalarni ingliz tiliga tarjima qildi (2011). Oʻzbekiston xalq shoiri Zulfiya tavalludining 100 yilligi munosabati bilan uning saylanma asarlarini oʻzbekchadan inglizchaga oʻgirib, “I was love…”, yaʼni”Men ishq edim…” degan nomda nashr ettirdi (2015).

Begoyim Xolbekova “Eng ulugʻ – eng aziz”, “Vatan uchun yashaylik!” Respublika ijodiy tanlovlari mukofotlariga sazovor boʻlgan.

 

“Oʻzbek adiblari” (S. Mirvaliyev, R. Shokirova. Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti, 2016) kitobidan.

https://saviya.uz/hayot/tarjimai-hol/begoyim-xolbekova-1962/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x