Zahmatkash olimning sharafli yoʻli

1972 yilning sentyabri. Milliy universitet oʻzbek filologiyasi fakulteti birinchi kursida hozirgi adabiy jarayon fanidan mashgʻulotlar boshlaganman. Oʻn yildan beri kamina olib boradigan bu kursning bosh vazifasi – filolog talabalarni joriy adabiy jarayon olamiga olib kirish, ularda soʻz sanʼati va adabiyotshunoslik, tanqidchilik yangiliklarini muntazam kuzatib borish, binobarin, adabiyot olami ichida yashash malakasini shakllantirishdan iborat. Odatga koʻra, ilk mashgʻulotni talabalarning bu boradagi saviya-darajasini aniqlashdan boshladim. Milliy, qolaversa, keyingi yillarda jahon adabiyotida yaratilib, el ogʻziga tushgan, shov-shuvlarga asos boʻlgan asarlar boʻyicha savollar chogʻi hammasi ravshan boʻladi-qoladi. Bu gal ham ayni shunday hol yuz berdi. Qoʻyilgan savollarning deyarli barchasiga javob uchun qoʻl koʻtargan uch-toʻrttagina talaba orasida kichik jussali, koʻzlari chaqnab turgan yigitcha eʼtiborimni jalb etdi. A.Soljenitsinning “Ivan Denisovichning bir kuni”, Ch.Aytmatovning “Oq kema”si, A.Muxtor, Shuhrat, O.Yoqubov, P.Qodirov romanlari, S.Ahmad, Oʻ.Umarbekov, Oʻ.Hoshimov, Sh.Xolmirzayev hikoya, qissalari, E.Vohidov, A.Oripov, R.Parfi, M.Ali sheʼriy toʻplamlari, O.Sharafiddinov, M.Qoʻshjonovlarning adabiy-tanqidiy maqola, kitoblari, “Literaturnaya gazeta”, “Sharq yulduzi”, “Oʻzbekiston madaniyati”, “Guliston” sahifalarida eʼlon etilayotgan asarlar, bahs-munozaralar – barcha-barchasidan xabardor bu talabaga ilk tanishuvdayoq mehrim tushib qoldi. Men auditoriyada oʻtirganlarga uni ibrat qilib koʻrsatdim, filologiya boʻyicha oliy taʼlim dargohiga qadam qoʻygan talaba shunday boʻlishi lozimligini, filologiya bu – soʻzga, soʻz sanʼatiga shaydolik – oshiqlik degani, adabiy asarlarni majburiyat yuzasidan emas, chin dildan sevib, qidirib topib oʻqiydigan, bu sohani qismat deb biladigan, unga hatto jonini, jahonini baxsh etishga tayyor odamdangina haqiqiy filolog – adabiyotshunos, yetuk murabbiy chiqishini bu gal ham boʻlgʻusi filologlarga uqtirdim. Surishtirib bildim: Hamidulla ismli bu yigit Andijon shahrida 1954 yil 20 avgustda maʼrifatli oilada dunyoga kelgan, maktabda oʻqib yurgan kezlaridayoq kitob shaydosi boʻlgan, filolog boʻlishni koʻngliga tukkan. Maktabni bitiriboq ToshDUning filologiya fakultetiga ariza topshirgan, ammo yetarli ball toʻplolmagan, bir yil mebel fabrikasida ishlab, ayni paytda, astoydil tayyorgarlik koʻrib ikkinchi yili universitet talabasi boʻlishga erishgan ekan…

Afsus, har galgidek bu kursga qabul qilingan 60-80 chogʻli filolog talabalar orasidan bitta, nari borsa, ikki-uchta ana shunday fidoyi chin filologlar chiqadi, xolos… Har xil yoʻllar bilan bu dargohga kirib qolgan, hatto keyinchalik bu soha boʻyicha ilmiy daraja, unvonlarga erishgan “uddaburon”larning esa qismati nima bilan tugaganini koʻrdik, koʻryapmiz… Ilohiy adolatni qarangki, fanning boshqa barcha sohalarida boʻlgani kabi filologiya jabhasida ham uning asl qiyofasini, kelajagini, daraja-miqyosini, avvalo, Olloh bergan chin isteʼdod, oʻz sohasiga cheksiz mehr qoʻygan fidoyi shaxslargina belgilaydi. Milliy universitetda kechgan oltmish yillik faoliyatim davomida topgan barmoq bilan sanarli ana shunday noyob xislat sohiblaridan biri – oʻsha ilk mashgʻulot chogʻi eʼtiborimin tortgan kichik jussali, koʻzlari chaqnagan shogird yigitcha – bugungi kunda 60 yoshni qoralab turgan taniqli adabiyotshunos olim, murabbiy Hamidulla Boltaboyev ekani bilan faxrlanaman.

Aslini olganda, Hamidullaga men oʻzimni ustoz deyishdan biroz iymanaman. Toʻgʻri, talabalik yillari uning diplom ishiga, soʻng sirtqi aspirantlik kezlari nomzodlik dissertatsiyasiga rasman ilmiy rahbar boʻlganman; diplom ishi uchun mavzu sifatida oʻz davrida qizgʻin bahslarga asos boʻlgan “Soʻnggi bekat” romani (Sh.Xolmirzayev asari), soʻng nomzodlik dissertatsiyasi uchun esa “Hozirgi oʻzbek nasrida uslubiy izlanishlar (70-yillar)” muammolarini tavsiya etganman. Diplom ishi, nomzodlik dissertatsiyasi ustidagi ish jarayonida, ochigʻi, rahbar sifatida bu shogirdga yoʻl-yoʻriq koʻrsatishga zarurat boʻlgani yoʻq; tadqiqot mavzusiga oid adabiy manbalar, ilmiy adabiyotlardan tortib, ish rejasiyu unda koʻtariladigan muammolargacha – barchasini oʻzi mustaqil hal etgan, ayrim masalalar boʻyicha oramizda bahslar boʻlib oʻtgan, xolos. Talabalik davri yakunida “Soʻnggi bekat” romani ustidagi ilk ilmiy qadami, aspirantlik yillari mahsuli – 70-yillar oʻzbek nasridagi uslubiy izlanishlarga oid tadqiqoti mavzuga oid qator nozik kuzatish, oʻziga xos tahlil, talqinlari bilan  adabiy-ilmiy jamoatchilik eʼtiborini qozondi. Qarangki, 1982 yili himoya qilingan nomzodlik dissertatsiyasi oradan oʻn yil oʻtib, 1992 yili “Nasr va uslub” nomi ostida kitob holida chiqdi. Mazkur tadqiqotda oʻtgan asrning 70-yillari nasrimizda yuz bergan uslubiy tendensiyalar, uch yoʻnalishdagi (“izchil realistik”, “liro-romantik” va “ramziy-majoziy”) izlanishlar haqidagi kuzatishlar oʻzimizdagina emas, xorijlik adabiyotshunoslar orasida ham qiziqish uygʻotgani eʼtiborga sazovordir.

Nomzodlik dissertatsiyasi ustida ishlagan chogʻlari Hamidulla sobiq ittifoq, qolaversa, jahon adabiy jarayoni bilan yaqindan tanishdi. O.Yoqubovdan tortib, Erkin Aʼzamgacha boʻlgan isteʼdodli yozuvchilar ijodiy yoʻlini sinchiklab kuzatdi, bugina emas, ayniqsa, oʻziga zamondosh-tengdosh adabiy avlod – X.Sultonov, X.Davron, M.Yusuf, X.Doʻstmuhammad, Sh.Rahmon, M.Muhammad Doʻst, T.Murodlar bilan yaqindan doʻst tutindi, ana shular muhiti ichida nafas oldi. Men bundan buyon ham bu ukamiz oʻzim kabi ayni shu ijodiy jarayon ustida yangidan-yangi tadqiqotlarni davom ettirsa kerak, degan umidda yurardim. Ehtimol, kamina singari nomzodlikni yoqlab, Milliy universitetdagi ustozim O.Sharafiddinov asos solgan oʻzbek adabiy tanqidchiligi maktabi muhitida ish boshlaganligim, 26 yil hozirgi oʻzbek adabiyoti kafedrasiga mudirlik qilganligim, faqat bir maskanda qoʻnim ish olib borganim tufayli bir yoʻldan borgandirman…

Taqdir, non-nasiba ekan, Hamidullaning ilm-fan, mehnat yoʻlidagi kechmishi oʻzgacha, xiyla murakkab tarzda kechdi. Ukamiz 1977 yili universitetni imtiyozli diplom bilan tugatib, oʻz sohasi emas, Xalq xoʻjaligi institutining tayyorlov boʻlimida ish boshladi, oradan koʻp oʻtmay, Xalq xoʻjaligi institutining Qoʻqon filialiga, soʻng Andijon filialiga ishga oʻtdi. Oʻz sohasi – hozirgi oʻzbek adabiyotshunosligi qolib, talabalarga oʻzbek va rus tillaridan dars berdi; soʻng ularning yoniga partiya tarixi va falsafa qoʻshildi, boz ustiga, rus guruhlarida rus tilida dars berishga majbur boʻldi. Nihoyat, olti yildan soʻng sirtqi aspiranturani tugatib, nomzodlik ilmiy darajasiga erishgach, Choʻlpon nomidagi Andijon Tillar istitutida qoʻnim topdi, bu yerda ham zamonaviy oʻzbek adabiyotidan fan nomzodi darajasini olgan olim rus va xorijiy xalqlar adabiyoti kafedrasi mudiri sifatida rus folkloridan tortib, rus va jahon adabiyoti tarixi, nazariya boʻyicha rus tilida dars olib borishga majbur boʻldi. Mana shu 17 yillik murakkab muhitda ham quvonchli, ham chigal savdolar boshiga tushdi. Ayrim gʻalamislarning fitna, tahdid, taʼqiblariga qaramay, 1996 yil 7 dekabrda “XX asr boshlari oʻzbek adabiyotshunosligi va Fitratning ilmiy merosi” mavzusi boʻyicha doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyat bilan himoya qilishga erishdi.

70-80-yillari zamonaviy oʻzbek nasri muammolari ustida astoydil tadqiqot olib borgan, ayni shu qaynoq adabiy muhit ichida yurgan yosh olim nega birdan XX asr boshlari, boz ustiga, eng murakkab, qaltis siymo Fitrat ijodiy merosi tadqiqi sohasiga oʻtdi, degan haqli savol tugʻiladi. Mustabid tuzum qurbonlari boʻlmish buyuk adabiy siymolardan Qodiriyning omadi yurishib, 50-yillar oxiri, 60-yillardayoq ijodiy merosi xalqqa qaytarila boshlaydi; ammo uning ikki safdoshi – Choʻlpon bilan Fitrat rasman oqlangan boʻlsa-da, ijodiy merosini roʻyobga chiqarish, ular haqidagi bor haqiqatni aytish oʻta mushkul kechdi, faqat 80-yillar oxiriga kelib bu sohaga yoʻl ochila boshladi. Mana shu xayrli tashabbusni boshlovchilaridan biri  – Hamidulla ukamiz boʻlib chiqdi.

Bu “pismiq” iniginam hatto mendan ham bir haqiqatni sir saqlab yurarkan. Talabalik davrining birinchi yilida unga yotoqxona tegmay, ijara uyi izlab yurganida, baxtli tasodifni qarangki, buyuk alloma Fitratning singlisi Mahbuba aya ixtiyoridagi xonadondan vaqtincha panoh topadi, bir-ikki hafta yashashga rozilik bergan opamizga ukamiz yoqib qolib, u bir yil shu dargohda turish sharafiga muyassar boʻladi. Oʻsha kezlari nafaqada boʻlgan opamizga tirishqoq, ilmga chanqoq, arab yozuvidagi manbalarni bemalol oʻqiy oladigan dastyor odam kerak edi. Bu kezlarda onaxon jon-jahdi bilan akasi merosini yigʻish, yuzaga chiqarish xayoli bilan band edi. Hamidulla opamizning oʻng qoʻliga aylanadi, uning yonida oʻtirib muntazam noyob manbalar mutolaasi bilan shugʻullanadi; bir yillik ijara hayotidan keyin ham xonadon sohibasi bilan bu boradagi ilmiy-ijodiy hamkorligini davom ettiradi; shu tariqa Hamidullaning “pinhona” fitratshunosligi shakllanadi.

Nihoyat, 80-yillar oxiriga kelib, oshkoralik deb atalgan bir vaziyatda Hamidulla Fitrat olamiga dadil qadam qoʻya boshlaydi, 1987 yil oktyabr-dekabr oylari ­­M.V Lomonosov nomidagi Moskva Davlat universitetida  malaka oshirish chogʻi markazdagi ulkan adabiyotshunoslar G.Pospelov, Ye.Xalizev, L.Klimovichlar bilan hamkorlik oʻrnatish asnosida poytaxtdagi kutubxona, arxivlardagi Fitrat ijodiy merosiga oid manbalar bilan yaqindan tanishish, ulardan nusxa olish sharafiga muyassar boʻldi. Shu tariqa Fitrat olamiga shoʻngʻib ketadi. Birin-ketin “Abdurauf Fitrat” (1992), “Qatagʻon qilingan ilm” (1996), “Abdurauf Fitrat – adabiyotshunos” (1996), “Fitratning ilmiy merosi” (1996) kitoblari nashr etila boshlandi. Nihoyat, 1996 yil 7 dekabrda “XX asr boshlarida oʻzbek adabiyotshunosligi va Fitratning ilmiy merosi” mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasini himoya qilishga muvaffaq boʻladi. Qodiriy, Choʻlpon haqidagi haqiqatni yuzaga chiqarish bobida I.Sultonov, M.Qoʻshjonov, O.Sharafiddinov, N.Karimovlar qanchalar jonbozlik koʻrsatgan boʻlsalar, Hamidulla ham safdoshlari qatori fitratshunoslikda katta jonbozlik koʻrsatdi; bu xayrli tashabbus, shijoat doktorlik dissertatsiyasi himoyasi bilan cheklanib qolgani yoʻq, olimning bu boradagi koʻlamli faoliyati hamon izchil davom etayotir. “Fitrat va jadidchilik” (2007) maqolalar toʻplami Fitrat merosiga yangi asr adabiyotshunosligi nuqtai nazaridan yondashishning chiroyli namunasidir. Bevosita H.Boltaboyev muharrirligi, tarjimasi ostida adibning “Muxtasar islom tarixi” (1992), “Adabiyot qoidalari” (1995), “Aruz haqida” (1997), “Munozara” (1998) singari asarlari alohida kitob holida chop etildi; shuningdek, 2000-2010 yillar oraligʻida  “Maʼnaviyat” nashriyotida allomaning besh jildlik Tanlangan asarlari Hamidullaning tabdil, tarjima, soʻz boshi va izohlari bilan nashr qilindi. Eng soʻnggi muhim tashabbus – Fitratning 1927 yili chop etilgan noyob kitobi “Eng eski turk adabiyoti namunalari” (2008), 1928 yili chiqqan “Oʻzbek adabiyoti namunalari” (2013), yana oʻsha ukamiz Hamidullaning soʻz boshilari bilan “Mumtoz soʻz” nashriyotida qayta chiqishi savob ish boʻldi.

Milliy universitet rahbariyati, oʻzbek filologiyasi fakulteti ilmiy jamoasi taklifi bilan Hamidullaning 1998 yilda bu moʻtabar oʻquv dargohiga professor lavozimiga ishga kelishi olim hayotida, ilmiy-ijodiy faoliyatida yangi bosqichni tashkil etdi. Oradan bir yil oʻtib, u oʻzbek mumtoz adabiyoti kafedrasi mudiri etib tayinlandi. Isteʼdodli, sergʻayrat olim bu masʼul lavozimda gʻayrat-shijoat bilan ishga kirishib, atoqli ustoz Gʻulom Karimov anʼanalarini yangi bosqichda shijoat bilan davom ettirdi. Bu yillari “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi” qabul qilingan, unga koʻra yangi tizim – bakalavriat va magistratura bosqichining Davlat standartlarini tayyorlash, oʻquv rejalari va dasturlarini tuzish harakati ketayotgan, mumtoz adabiyot boʻyicha tubdan yangilangan oʻquv dasturi yaratish, magistratura bosqichi uchun yangi mutaxassislik fanlarini tavsiya etishdek dolzarb vazifalarni hal etish lozim edi. Hamidullaning saʼyi harakati bilan  “Adabiyotshunoslik metodologiyasi”, “Adabiyotshunoslik va struktual metodlar”, “Tasavvuf va mumtoz poetika asoslari”, “Mumtoz tarixiy poetika”, “Nazariy poetika”, “Adabiyotshunoslik tarixi” oʻquv kurslarining reja va dasturlari ishlab chiqildi; ayni paytda, ana shu oʻquv kurslar boʻyicha oʻquv qoʻllanmalari yaratishga kirishildi. Qisqa fursat ichida “Islom tasavvufi manbalari (Tasavvuf nazariyasi va tarixi)” (2005), “Sharq mumtoz poetikasi” (2006, 2008) nomi bilan atalgan salmoqdor oʻquv kitoblari chop etildi. Professor H.Boltaboyev tomonidan tayyorlangan, akademik N.Ibrohimov, A.Rustamov, shuningdek, N.Komilov, I.Haqqulov, B.Nazarov, S.Olimov, M.Komilovdek yetuk mutaxassislarning nigohi, sinchkov tahriridan oʻtib nashr etilgan har ikkala kitob ham talabalar, qolaversa, xos kitobxonlar uchun munosib tortiq, tashna qalblar uchun ayni maʼnaviy obi hayot boʻldi. “Islom tasavvufi manbalari” va “Sharq mumtoz poetikasi” kitoblarining 2007 yili Respublika oliy taʼlim mutaxassislari orasida yilning “Eng yaxshi darsligi va oʻquv adabiyoti muallifi” tanlovida 1-oʻrinni egallab, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining maxsus mukofoti bilan taqdirlangani tasodifiy emas.

Maʼlumki, Sharq mumtoz poetikasi keng qamrovli tushuncha, u arab, fors va turk tillaridagi manbalar bilan cheklanmay, hind, xitoy, yapon, koreys kabi oʻnlab xalqlar adabiy-nazariy tafakkuri tajribalarini ham oʻz ichiga oladi. Mazkur qoʻllanmalarning birinchi kitobida islom tasavvufi, aniqrogʻi, islom tafakkuri taʼsirida shakllanib rivoj topgan, arab va fors tillaridagi manbalarning oʻzbekcha tarjimalari berilgan. Ikkinchi kitobda esa hind, xitoy, yapon, koreys tilidagi manbalarning eʼlon etilishi rejalashtirilgan. Keyingi ming yillik davomida oʻzbek mumtoz adabiyoti rivoji birinchi galda ayni shu arab, fors va turk adabiyoti, badiiy, falsafiy tafakkuri bilan uzviy aloqada, hamkorlikda kechganligi kunday ravshan. Demak, mazkur oʻquv qoʻllanmaning ayni shu tarzda tashkil topishi teran mantiqiy-ilmiy asosga ega.

Farobiydan tortib, to Fitratga qadar ming yillikda yaratilgan gʻoyat boy ilmiy-adabiy manbalarni berishda maqbul yoʻl tanlangan – ham mumtoz poetika tabiatini, ham zamonaviy poetika nazariyasi tajribalarini nazarda tutgan holda ular “Badiiy soʻz tabiati, shoirlik taʼrifi”, “Surat (shakl) va maʼno birligi”, “Adabiy turlar, sheʼr navlari”, “Sheʼr tuzilishi va aruz ilmi”, “Badiiy sanʼatlar”, “Qofiya ilmi”, “Til odobi, badiiy nutq va uslub” kabi tizimlarga solingan. Mazkur manba va talqinlar kitobi kamtarona tarzda “oʻquv qoʻllanmasi”, “majmua” deb atalsa-da, ayni paytda, jiddiy ilmiy tadqiqotlar mahsuli, hosilasidir. Undagi muqaddima, boblar oldida berilgan mualliflar haqidagi muxtasar maʼlumot, mavzuga oid keng talqin va sharhlar, kitob oxiridagi batafsil izohlar, shuningdek, ismlar, istilohlar koʻrsatkichi yuksak ilmiy saviyada ado etilgan. Ushbu kitobdagi manba va talqinlar ham mumtoz poetika masalalarini, ham zamonaviy adabiyot nazariyasi muammolarini teran tushunuvchi nazariyotchi olim zahmatining natijasidir. Tasavvur qilib koʻring-a, olim “Islom tasavvufi manbalari” kitobida foydalangan “Asarlar koʻrsatkichi”da 200 dan ortiq, “Sharq mumtoz poetikasi”da esa 150 ga yaqin manbalar roʻyxatini keltiradi. Oʻz-oʻzidan ravshanki, muallif keltirilgan manbalarning barchasini sinchiklab oʻrgangan.

Mazkur kitoblarda jamlangan islom tasavvufi, mumtoz adabiyotimiz poetik tafakkuri manbalari bilan tanishib chiqqanda, tabiiy ravishda kitobxon koʻnglida milliy iftixor tuygʻusi joʻsh uradi: ota-bobolarimiz ming yillar muqaddam jahon ilgʻor tafakkuri bilan tanish boʻlganlar, ayni paytda, jahon adabiy-estetik bisoti xazinasiga munosib ulush qoʻshganlar. Shunisi xarakterliki, XXI asrda Ovropa va jahonning boshqa mamlakatlarida yaratilgan va yaratilayotgan zamonaviy ruhdagi eng yangi adabiyot, sanʼat nazariyasiga oid kitoblardan ham ayni Sharq mumtoz poetikasiga oid maxsus boblar munosib oʻrin olmoqda. Qisqasi, H.Boltaboyevning mazkur oʻquv qoʻllanmalarida ilgari surilgan bosh konsepsiya Gʻarb va Sharq mumtoz poetikasi mohiyat eʼtibori bilan yaxlit poetik adabiy tafakkur jarayoni ekanligini tasdiqlashga qaratilgan.

Nihoyat, olimning koʻp yillik mashaqqatli ilmiy izlanishlari natijasi oʻlaroq uch jilddan iborat fundamental “Adabiy-estetik tafakkur tarixi” maydonga keldi. Mazkur tadqiqotning Mahkam Mahmudov bilan hamkorlikda yaratilgan 1-jildi “Qadimgi davr” 2013 yili “Mumtoz soʻz” nashriyotida chop etildi. Ikkinchi, uchinchi jildlari ham, asosan, yozib tugatilgan, hozirda nashr ishlari ketmoqda. Mazkur tadqiqot jahon adabiyotshunosligi va estetik tafakkurining ibtidosidan tortib, hozirgi kunga qadar bir necha ming yillik tarixini oʻzida mujassam etadi; aniqrogʻi, unda jahon adabiy tafakkuri sifatida tan olingan estetik qarashlar tadqiqi oʻrganilgan. Muayyan davr, millat yoki alohida buyuk shaxslar tomonidan yaratilgan ilmiy-nazariy hodisalar yaxlit umumbashariy tafakkur hodisasi sifatida taqdim etilgan. Sharq, Gʻarb adabiy-estetik tafakkuridagi mushtarak va farqli jihatlar, uning sabab va oqibatlari mohiyati ochib berilgan. Mazkur ishda oʻtgan asr poyonida rus tilida yaratilgan 9 jildlik “Umumjahon adabiyoti tarixi” tajribalari ham nazarda tutilgan, ayni paytda, mualliflar nazariy muammolarga oʻziga xos tarzda yondashganlar; jahon adabiyotshunosligi va sanʼatshunosligining boy tajribalariga, eng soʻnggi tahlil va talqin yoʻllariga tayanganlar. Qisqasi, mazkur tadqiqotda jahon estetik tafakkuri tarixini yangi asr talablari va darajasi nuqtai nazaridan qayta idrok etish nazarda tutilgan. Tadqiqotning bosh maqsad va vazifalari quyidagilardan, yaʼni:

– jahon adabiy-estetik tafakkuri tarixini global koʻlamda tadqiq etish;

– adabiy-nazariy tafakkurdagi davriy bosqichlar mohiyatini aniqlash;

– Sharq va Gʻarb tafakkuridagi mushtarak va farqli jihatlarga tipologik yondashish;

– ilmiy muammoga munosabatda shoʻro adabiyotshunosligi va jahon adabiy-nazariy tafakkuri nisbatidagi konseptual xususiyatlarni kuzatish; oxir-oqibat, ilgʻor jahon tafakkuri yoʻlining ustuvor ekanligini eʼtirof etishdan iborat.

Aminmanki, jami 65-70 bosma taboqdan iborat mazkur salmoqdor tadqiqotning har uch jildi toʻla nashrdan chiqqach, unga toʻla-toʻkis baho berish imkoni tugʻiladi; hozirdanoq baralla aytish mumkinki, ana shunday umumjahon miqyosidagi koʻlamli yaxlit ilmiy adabiy-estetik tafakkur tarixini ona tilimizda yaratishga intilishning oʻziyoq tahsinga sazovor ilmiy jasoratdir.

Oʻzbek mumtoz adabiyoti kafedrasiga mudirlik qilgan kezlari H.Boltaboyev yangi oʻquv darsliklari, dasturlari, qoʻllanmalari ustida ishlash, fundamental tadqiqotlar olib borish bilan barobar Respublika va jahon miqyosidagi ilmiy anjumanlar, jamoat ishlarida faol ishtirok etdi, chunonchi, 1999-2000 yillari Tokio Davlat universitetida Turkiston  tadqiqotlari markazi granti aʼzosi; 2009 yil maydan – Koreya Respublikasi Markaziy Osiyo tadqiqotlari markazi va “Revi of Central Asian Studies” jurnal tahririyati aʼzosi; 2009 yil 3 mayda Turkiya Jumhuriyati 18 mart universiteti (Chanoqqalʼa) faxriy doktori; 2012 yil apreldan Xalqaro Estetika va erkin sanʼat ijtimoiy akademiyasi (Rossiya FA, Moskva) aʼzosi; 2013 yil noyabrdan Chingiz Aytmatov nomidagi Issiqkoʻl forumi aʼzosi; 2000-2008 yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Fan va texnologiyalar markazida filologiya fanlari boʻyicha Ekspertlar kengashi raisi, 2001-2006 yillari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi Filologiya fanlari boʻyicha Ekspertlar kengashi aʼzosi; 2007-2011 yillari Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Alisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot instituti, Toshkent Davlat Sharqshunoslik instituti qoshidagi ixtisoslashgan ilmiy kengash aʼzosi; 2008-2011 yillari Nizomiy nomidagi Toshkent Davlat pedagogika universiteti qoshidagi ixtisoslashgan kengash aʼzosi; 2011-2013 yillari Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi Tanqid va adabiyotshunoslik Kengashi raisi vazifalarini ado etib keldi.

Xalqaro va mamlakat miqyosidagi ilmiy anjumanlarda u 50 dan ortiq maʼruzalar bilan chiqishlar qilgan, xorijiy nashrlarda 10 dan ortiq ilmiy maqolalari eʼlon etilgan; matnshunoslik, noshirlik, masʼul muharrirlik, dissertatsiyalarga ilmiy rahbarlik va rasmiy opponentlik kabi ishlarining son-sanogʻiga yetish qiyin; u 2008 yil 15 iyundan Oʻzbekiston Axborot va matbuot agentligi “MUMTOZ SO`Z” MCHJ nashriyoti taʼsischisi va direktori sifatida faoliyat koʻrsatayotir; oʻtgan qisqa fursat ichida mazkur nashriyotda mumtoz va zamonaviy adabiyotimizga oid oʻnlab noyob adabiy manbalar, yetuk adabiy siymolar hayoti va ijodiga oid teran tadqiqot, adabiy-tanqidiy maqola, suhbat, xotiralar toʻplamlari chop etildi. Ular allaqachon keng adabiy-ilmiy jamoatchilik eʼtirofiga sazovor boʻldi.

Bu tinib-tinchimas, sergʻayrat, serqirra, sinchkov olim – ijodkor, murabbiy ukamiz bilan qirq yildan ortiq hamkoru hamnafas, hamjihat boʻlish baxti nasib etganidan bir umrga shukronalar aytaman; shu yillar davomida bitilgan, oʻzim uchun aziz tuyulgan barcha asarlarim qoʻlyozmalarini uning nigohidan oʻtkazib, soʻng nashrga taqdim etganman, qator kitoblarim uning muharrirligi va soʻzboshisi bilan chop etilgan; bir qator hamkasb, shogirdlar qatori Hamidulla bilan ikki bor adabiy-ilmiy suhbat oʻtkazganmiz, “Jahon adabiyoti”, “Tafakkur” jurnallarida chiqqan, soʻng kitoblarimga kirgan “Yangi nazariy tamoyillar va yangilanayotgan adabiy jarayon”, “Bugungi adabiyotda estetik ideal va qahramon muammosi” ustida kechgan joʻshqin ilmiy-ijodiy muloqotlar jarayonini hayotimdagi eng qizgʻin, ham mashaqqatli, ham zavqli onlarimdan, deb bilaman.

Ilm-fan, taʼlim-tarbiya yoʻlida qirq yillik boy tajriba sohibi – zahmatkash ukamiz, doʻstimizni oltmish yoshlik toʻyi bilan qutlar ekanmiz, hozirgi shashti hech qachon soʻnmasligini, unga hayotda hamisha omad yor boʻlishini tilab qolamiz.

 

Umarali NORMATOV

 

“Sharq yulduzi”, 2014–5

https://saviya.uz/ijod/publitsistika/zahmatkash-olimning-sharafli-yoli/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x