AKBAR Jaloliddin Muhammad

AKBAR Jaloliddin Muhammad (1542.14.10, Amarkot —1605, Agra yaqinidagi Sikandra qishlogʻi) — Hindistondagi boburiylar saltanati hukmdori (1556-y. dan). Boburning nabirasi, Humoyunning oʻgʻli, 13 yoshida taxtga oʻtirgan (1556-y. 15 fev.). Dastlab vaziri turkman Bayramxon otaliq yordamida taxtni boshqargan, soʻngra balogʻat yoshiga yetgach, mamlakatni qattiqqoʻllik b-n idora eta boshlagan. Saltanatini kengaytirish uchun muttasil kurashgan. Akbar davrida Boburiylar saltanati shimda Balxdan tortib jan. da Godovari daryosigacha (Kashmir va Afgʻoniston hududlari b-n), gʻarbda Arabiston dengizidan sharqda Bengaliya qoʻltigʻigacha boʻlgan ulkan hududni qamrab olgan. Markazlashgan saltanat tuzish maqsadida 1574-y. dan ichki islohotlar oʻtkazishga kirishadi: qoʻshin ustida nazoratni kuchaytiradi va uni qayta tashkil etib, yangidan qurollantiradi, mamlakatni yangi maʼmuriy tumanlarga boʻladi. Nikoh rishtalari orqali Rajput knyazliklari bilan aloqalarni mustahkamlagan. Rajputlar otliq qoʻshini Akbar qoʻshinining asosini tashkil qilgan. Yirik yer egalari — jogirdorlarning oʻzboshimchaligiga qarshi bir qancha chora-tadbirlarni oʻtkazgan, 1574-y. dehqonlar, sarkardalarga yer inʼom etish oʻrniga xazinadan ularga maosh toʻlashni, mamlakatdagi yerlardan soliq toʻplashni oʻz xizmatchilari zimmasiga yuklagan. Akbar aholi orasida diniy jihatdan oʻzaro birdamlikka erishish maqsadida hindlarni yuqori mansablarga tayinlay boshlagan va yangi din — «dini ilohiy» joriy etgan. Bu din oʻzida islom, hinduizm, parsizm va jaynizm dinlarining qorishmasidan iborat boʻlgan. Akbar dunyoviy va diniy hokimiyatni oʻzida mujassamlashtirgan. Bu dinga eʼtiqod qilganlar Akbarning marhamatiga sazovor boʻlganlar. Keyinchalik Akbar vafotidan soʻng bu yangi din kichik bir mazhabga aylanib qolgan. Akbar dehqonchilik va savdoga katta eʼtibor bergan, Yevropa mamlakatlari bilan ham savdo-sotiq olib borgan. Akbar ilm-fan, sanʼatga ham homiylik qilgan. Akbarning vaziri va doʻsti Abulfazl Allomiy A. saltanati tarixiga oid «Akbarnoma» asarini yozib qoddirgan. Akbar buyuk davlat arbobi, quvvai hofizasi kuchli, jasur, iqtidorli sarkarda boʻlgan.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x