Adabiyot – nurli soʻz

Men bolalikdan Bobur ruboiylarini yod olganman, keyin Navoiy gʻazallarini… Keyinchalik barcha zamondosh yetuk shoirlarni sevib oʻqidim. Hamid Olimjon, Gʻafur Gʻulom, Oybek sheʼriyati men uchun ijod maktabi boʻldi. Navoiy menga ustoz, pir oʻlaroq Sharq sheʼriyati eshigini ochdi. Rumiy, Attor, Hofiz, Bedil asarlarini asliyatda oʻqish baxtiga muyassar boʻldim. Dastlabki mashqlarim maktab devoriy gazetasida, talabalik yillarimda Buxoro pedagogika institutining koʻptirajli gazetasida bosilgan. Keyinchalik “Gazoprovod” sarlavhali sheʼrim “Sharq yulduzi”da, “Jamila” nomli kichik dostonim Zulfiya opaning tavsiyasi bilan “Yosh leninchi”da chop etildi.

Ilk sheʼriy toʻplamim “Olam kirar yuragimga” 1968 yilda nashr qilindi. Bu kitob haqida taniqli shoir Husniddin Sharipov maqtab taqriz yozgani, Shuhrat aka yozgan taqriz esa Moskvada, “Literaturnaya gazeta”da bosilgani yodimda. Soʻngra yillar osha bir necha sheʼriy kitoblarim dunyo yuzini koʻrdi: “Choʻqqilarga yogʻildi yogʻdu” (1971), “Tosh tugʻyon” (1973 y.), “Hasan va oy” (1974 y.), “Quyosh chashmasi” (1976 y.), “Dostonlar” (1978 y.), “Tafakkur” (1979 y.), “Qadah” (1980 y.), “Suvaydo” (1983 y.), “Umidli dunyo” (1988 y.), “Varaxsha” (1989 y.), “Asr bilan vidolashuv” (2007 y.), “Yana koʻnglimda uch oy” (2010 y.).

Oʻtgan yillar davomida badiiy tarjima bilan ham izchil shugʻullandim. Forsiydan Mavlono Jaloliddin Rumiyning olti kitobdan iborat “Masnaviyi maʼnaviy”sini, Shayx Fariduddin Attorning “Mantiqut tayr”, “Ilohiynoma”, “Asrornoma”, “Pandnoma”, “Bulbulnoma”, “Ushturnoma” asarlarini, buyuk sharq shoirlari bisotidan “333 ruboiy” kitobini, Abdurahmon Jomiyning ikki yuz gʻazali (“Gulshaningda soʻlmasin gul”)ni, Alisher Navoiy “Devoni Foniy”sidan ikki yuz gʻazal, oʻn qasida (“Foniy gulshani”)ni, Sotim Ulugʻzodaning “Firdavsiy” romanini, turk tilidan Hazrati Ali ibni Abutolibning sheʼriy devonini, ingliz tilidan Vilyam Shekspirning eng yetuk oʻn ikkita asari: “Hamlet”, “Makbet”, “Otello”, “Qirol Lir”, “Romeo va Julʼyetta”, “Yuliy Sezar”, “Koriolan”, “Venetsiya savdogari”, “Qish ertagi”, “Qirol Genrix IV”, “Antoniy va Kleopatra”si hamda sonetlarini, bolalar uchun turli mualliflarning “Muhammad alayhissalom qissasi”, “Muso alayhissalom qissasi”, “Iso alayhissalom qissasi”, “Budda qissasi”, “Akbar va Birbal” va “Shekspir hikoyatlari”ni, rus tilidan Aleksandr Pushkinning “Motsart va Salyeri” fojeasi, buyuk fransuz adibi Nikola Bualoning “Sheʼriy sanʼat” asarini, Yan Raynisning “Oltin tulpor”, Bartold Brextning “Sichuandan chiqqan mehribon” dramalarini, Fridon Xalvashining “Kumush yelkan” sheʼriy toʻplamini, Radiy Fishning “Jaloliddin Rumiy” romanini oʻzbek tiliga oʻgirdim. Ozarbayjon shoiri Baxtiyor Vahobzodaning “Faryod” dramasi va Fuzuliyga bagʻishlangan “Shabi hijron” dostonini oʻzbekchalashtirdim. Ming shukrki, sanayversam yana topiladi…

Ijodiy faoliyatim davomida bir necha yil Buxoro institutida chet ellar adabiyotidan dars berdim. Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Til va adabiyot institutida ishladim. Akademik Izzat Sulton rahbarligida ikki jildlik “Adabiyot nazariyasi”, ikki jildlik “Oʻzbek adabiy tanqidi tarixi” kitoblarini yozishda qatnashdim. “Lirik sheʼriyat”, “Tarixiy drama” degan ilmiy risolalarim nashr etildi.

Xullas, oʻzim yozganlarim va tarjimalarni qoʻshib hisoblasa, kitoblarim soni qirqdan oshsa kerak. Ularning adadi masalasi oʻzingizga maʼlum. Masalan, “Suvaydo” va “Umidli dunyo” kitoblarim har biri yigirma ming nusxada bosilgan. “Jaloliddin Rumiy” romani qirq besh ming nusxada nashr etilib, oʻn kunda sotilib bitgan. Bu gaplar bugun afsonaga oʻxshaydi. Oʻrni kelganda aytay, hozir kitob nashri va kitob savdosini koʻngildagidek deb boʻlmaydi. Toshkentda toʻrt ming soʻmga sotilayotgan kitobni viloyatlarda oʻn ming soʻmga sotishadi…

Adabiyotning jamiyat hayotida tutgan oʻrni bagʻoyat buyuk. Bu gapni oʻzim adabiyotchi boʻlganim uchun aytayotganim yoʻq. Yelkamda yetmish yillik tajriba bor. Ana shunga suyanib aytayapman. Dunyodagi barcha fanlar bir taraf, adabiyot bir taraf. Barcha fanlar taningga xizmat qiladi, adabiyot joningga, ruhingga. Xoʻsh, ruh nima? Ruh – sening insonliging. Hamma narsa parvarishga muhtoj boʻlganidek, ruhing, insonliging ham parvarishga muhtoj. Uni yuvib, tarab turish kerak. Yoʻqsa, tubanlashib ketadi. Kostyum kiyib, galstuk taqqan olifta hayvonga aylanib qolishing hech gapmas. Bu yuvib-tarashni kim qiladi? Adabiyot, albatta. Adabiyot insonni kiroyi inson boʻlishiga oʻrgatadi. Hoy, sen zoti sharifsan, Allohning yerdagi vakilisan, insonligingni unutma, nazaringni baland tut, faqat nafsing uchun yashama, hayvon darajasiga tushib qolma, deb ogohlantirib turadi. Shu maʼnoda, adabiyot – maʼnaviyat fani, bobolarimiz iborasi bilan aytganda, ilmi adab… Adab – bu oʻrinda keng qamrovli tushuncha, inson qiyofasini belgilovchi omil. Qariyalar duoda farzandlariga sogʻlik va umr barobarida Yaratgandan adab soʻrashadi. Xullas, kishi kim boʻlishidan qatʼiy nazar, masalan, buyuk olim, yetak mutaxassis, yirik davlat arbobi, mohir sanʼatkor, usta dehqon, mashhur sportchi boʻlishidan ham oldin sohibadab, yaʼni, yaxshi inson boʻlishi lozim. Adabiyot ana shu vazifaga xizmat qiladi.

Bugun texnika taraqqiyoti tufayli dunyo uyimizga kirib keldi. Televizor tugmasini bosasiz, vassalom: Parij, London, Nyu-York, Rim, Qohira, Istanbul, Tehron, Moskva, Dehli, Pekin qarshingizda tizilib oʻtaveradi. Dunyoning vaziyatini oʻz koʻzingiz bilan kuzatasiz. Dunyoda hamma narsa bor, faqat nur yoʻq, ertangi kundan umid yoʻq. Inson zoti tirikchilik koʻyida zir yuguradi. Kambagʻallar non topsam deydi, boy-badavlatlar bir kun boʻlsa ham ayshimni surib qolsam deydi. Dunyoga nega keldi, nega ketadi, bu narsa xayoliga ham kelmaydi. Yeb-ichib, mol-bisot toʻplasa, bas… Insonni bir lahza boʻlsa ham toʻxtatib, hay, holingga nazar sol, bu ahvolda qayoqqa borasan, deb ogohlikka, yaʼni, insonlikka undovchi kuch – adabiyot…

 

Ey Navoiy, olam ahlida tamahsiz yoʻq kishi,

Har kishida bu sifat yoʻqdir, anga boʻlsin sharaf.

Sen agar tarki tamah etsang, ulugʻ ishdir bukim,

Olam ahli barcha boʻlgay bir taraf, sen bir taraf…

 

Mavlono deydiki,

 

Zindagi omad baroyi bandagi,

Zindagi bebandagi sharmandagi…

Yaʼni, hayot, tiriklik senga Allohga banda boʻlish, chinakam inson boʻlishing uchun berildi. Bas, shundoq ekan, bandalikdan, insonlikdan mahrum boʻlib yashash – sharmandalikdir.

Xullas, adabiyot – insonshunoslik degani. Biz yerni, osmonni, undagi bor jismlarni bilsagu oʻzimizni, nechuk inson ekanligimizni, Yaratgandan tayin etilgan insoniy burchimizni bilmasak, holimizga voy… Hamisha va hamma sohada aql va insofni bayroq qilish insoniy burchimizdir. Adabiyot insonni aql va insofga undaydi.

Ovrupolik faylasufning bir gapini oʻqib qoldim. “Bilim deb hikmatdan, axborot deb maʼrifatdan ayrildik” deydi u. Darvoqe, dunyoni axborot bosib ketdi. Matbuotda ham, radioda ham, televizorda ham har kuni takror: oʻt olib ketdi, suv bosib ketdi, toʻfon, vulqon, zilzila, halokatu falokat… Koʻchalarda ur-sur, toʻpolon, xalq bir taraf, mirshablar bir taraf… Faqat xabar, axborot, informatsiya. Tahlil yoʻq, nega shundoq boʻlayapti, degan savol yoʻq, voqea-hodisaning tub mohiyatiga qiziqish yoʻq. Xullas, faylasufning kuyinganicha bor.

Men adabiyotimizda Sharq adabiyoti anʼanalari davom etishini istardim. Sharq adabiyotining magʻzini tashkil etadigan narsa – hikmat. Xoʻsh, hikmat nima? Hikmat – mohiyat, aniqrogʻi mohiyatga yetaklovchi fikr.

“Masnaviyi maʼnaviy”da yuzlab hikoyatu rivoyatlar bor. Bittasini aytib beray. Bir darvesh uzoq bir shaharda mashhur avliyo yashashini eshitib, uning ziyoratiga otlanibdi. Yoʻl yurib, yoʻl yursa ham moʻl yurib, dashtu sahrolar osha avliyoning manziliga yetib, uning eshigini qoqibdi.

“Hay, kim?” ovoz beribdi bolaxona darichasidan ayol kishi.

“Men falon yurtdan hazratimning ziyoratlariga kelgan darveshman” debdi musofir.

“Ovora boʻlibsan, darvesh, – debdi ayol. – Men uning xotiniman. Dunyoda ikkita ablah boʻlsa, bittasi oʻsha. Dunyoda ikkita benomus, aldoqchi boʻlsa, bittasi oʻsha shaytoni lain. Ziyoratingga arzimaydi u”, deya bor haqoratu malomatlarni yogʻdirib, erining boshiga magʻzava toʻkibdi. “Kelgan yoʻlingga qayt”, deb gapini tugatibdi.

Darvesh hang-mang boʻlib qolibdi. Eʼtiroz etmoqchi boʻlib ogʻiz juftlabdiyu yana oʻzini tiyibdi. “Mayli, nima boʻlsa ham koʻray, chaqiring”, deb oyoq tirabdi.

“U uyda yoʻq, chiqib ketgan”, debdi ayol.

Shunda darvesh chor-nochor eshikdan yiroqlashib, toʻrt-besh qadam nari ketibdi. Bir odam uchrabdi. “Mabodo falon avliyoni koʻrmadingizmi?” soʻrabdi darvesh undan. “Koʻrdim, – debdi haligi kishi, – oʻtin tergani oʻrmonga ketdi”.

Darvesh oʻrmonga qarab yuribdi. Bir payt oʻrmondan avliyo chiqib kelibdi. Arslonga oʻtin ortib, ustiga oʻzi oʻtirib olganmish. Yoʻgʻon bir ilonni qamchi qilib, boshi uzra aylantirib kelayotganmish.

“Hay, darvesh! – debdi yiroqdan. – Koʻnglingdan nima gaplar kechganini aytaymi?”

“Ayting”, debdi darvesh.

“Shundoq avliyo odam shunday johil xotin bilan qanday tirikchilik qilarkin?” deb oʻylading.

“Toʻgʻri”, debdi darvesh.

“Oʻylab qara, bir xotinning javriga chiday olmasam, nechuk avliyo boʻldim? Oʻshaning javriga chidadimki, arslonni eshshak qilib, ustiga oʻtin ortib, ilonni qamchi qilib yuribman”, debdi avliyo.

Xoʻsh, bu rivoyat bilan Mavlono nima demoqchi? Haligi ayol – shunchaki ayol emas, dunyo. Mavlono aytmoqchiki, bu dunyoga keldingmi, bas, u seni ayab oʻtirmaydi. Mashaqqatlarga duchor qiladi, boshingga tahqiru haqoratlar yogʻdiradi. Ana shunga chiday olsang, marra seniki, bir nimaga erishasan. Chidamasang, naryogʻini oʻzingdan koʻr. Ha, dunyoni chidaganga chiqargan. Mana, sizga rivoyat zamiridan kelib chiqadigan hikmat.

Adabiyotimizni hikmat ruhi tark etmasin deyman.

Aruz – ming yillik sheʼriyatimizning yetakchi, bosh yoʻli. Uning yurak-qon tomiri. Men aruzda bitgan sheʼrlarim, yaʼni, gʻazallar, muxammaslar, ruboiylar, dostonlarimni saralab, bir kitob qildim. Asror Samad soʻz boshisi ila nashr etildi. “Shoirning aruz kitobi” rukni ostida… Istagim, har bir oʻzbek shoirning aruz kitobi boʻlsin. Aruz bizning qonimizda, jonimizda. Mumtoz navolarimizga qanot bagʻishlagan aruz emasmi? Bas, uni sevaylik, oʻrganaylik. Aruzda qalam tebratib, goʻzal manzumalar yarataylik.

Toʻgʻri, har bir jabhada yangilanish – hayot qonuni. Qolaversa, “Kimki yashab, yangilanadi, oʻsha mangu yashab qoladi”, deydilar ahli bilgichlar. Toʻlqin ortidan toʻlqin kelmasa, daryo sassiq koʻlga aylanadi. Avlod ortidan avlod kelmasa, jamiyat tanazzulga yuz tutadi. Adabiyot ham shunday. Izlanish, yangilanish – doimiy jarayon. Ammo yangilanish boshqalardan toʻgʻridan-toʻgʻri nusxa koʻchirish evaziga boʻlmasligi, adabiyot oʻzining tabiiy ildizlaridan uzilib qolmasligi kerak.

Keyingi yillarda yapon uchliklari – xakkularni tarjima qilish urf boʻldi. Oʻqidim, yomon emas. Ammo nimadir yetishmaydiganday. Topdim, qofiya, ohang yetishmayapti. Bir tarjimonga shu haqda aytsam, yapon sheʼriyatida qofiya yoʻq deb qoldi. Fikrimni tushuntirishga harakat qildim. Oʻzbek tili – qofiyali til, bu uning tabiati. Boshqa tillardan oʻgirilgan sheʼr ana shu tabiatga boʻysunishi kerak, dedim. Baribir fikrimga qoʻshilmadi. Aytmoqchimanki, qofiyali qilib oʻgirganda, u ohang kasb etar, jaranglar edi. Shu qofiyasiz holida esa u, ustoz Mirtemir aytmoqchi, sheʼr emas, qora soʻz… Yoki shoir Nikolo Bualo yozadi:

Goʻzal ohanglarsiz sheʼriyat oʻlik,

Soʻzlar soʻlgʻin boqar, satrlar soʻnik.

Yana bir aytmoqchi boʻlganim: kitob nashri va kitob savdosini mukammal tarzda yoʻlga qoʻyish kerak. Yangi milliy kutubxona qurilyapti, bundan benihoya xursandmiz. Endi shunga muvofiq ravishda davlat kitobni oʻz qanoti ostiga olmogʻi darkor. Kitob – maʼnaviyatimiz gavhari, uni maishiy-isteʼmol mollari bilan bir qatorga qoʻyib, bitta tarozida tortib boʻlmaydi. Shundoq qilaylikki, bizda kitob kulti boʻlsin. Shundoq qilaylikki, yaxshi kitob yozgan yozuvchi yaxshi haq ola bilsin, tirikchilik deb boshqa ishlarga chalgʻimasin.

Suhbatimizga xotima oʻrnida yana Mavlonoga murojaat qilmoqchiman.

“Bu dunyoning tuni va zulmati oʻtadi. Undan qolajak narsa – soʻzning nuri, – deydi Mavlono. – Chunonchi, paygʻambarlar umri kechdi, biroq soʻzlarining ziyosi barhayot va mangu tirikdir”.

“Insonning vujudi bir uyum goʻngga oʻxshaydi. Ammo ana shu goʻng azizdir. Chunki uning bagʻrida podshoning uzugi bor” – deydi yana Mavlono.

Podshoning uzugi bu – inson koʻngli demak. Shu oʻrinda, ikki olamni men bitta koʻngil uchun yaratdim, ikki olam bitta koʻngilga sigʻadi, ammo bitta koʻngil ikki olamga sigʻmaydi, degan hadisni ham eslang…

Adabiyot – inson koʻngli deb atalmish ilohiy moʻjizani madh etuvchi nurli soʻzdir. Men mana shu nurli soʻz ichida ekanim uchun Yaratganga shukrlar qilaman. Va yana bir shukronam: uch qizim, bir oʻgʻlim, besh nabiram bor. Kasblari turli-tuman: shifokor, rassom, muhandis, iqtisodchi. Ammo ularning hammasi adabiyotni sevishadi, ardoqlashadi.

 

 

 

Jamol KAMOL,

Oʻzbekiston xalq shoiri

 

“Yoshlik”, 2011 yil, 10-son

https://saviya.uz/hayot/suhbat/adabiyot-nurli-soz/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x