Sharqning eng buyuk hukmdori

Insoniyat tarixida buyuk podshoh, sarkarda va jahongir sifatida iz qoldirgan ajdodimiz Amir Temur haqida yozilgan har bir ilmiy yo badiiy asar bugungi kishilar uchun ibratlidir. Turk yozuvchisi Dundar Alpning usmonlichada, hijriy 1330 (melodiy 1912) yilda Istanbulda bosilgan “Sharqning eng buyuk hukmdori” romani Temur mavzusida turkiy tillarda yaratilgan ilk romandir. Unda yosh Temurning yuksak shaxsiyati, insonparvarligi va bagʻrikengligi, xalqqa doimo yon bosgani va xizmat qilgani uchun davrining eng suyuk va buyuk xoqoniga aylangani koʻrsatib berilgan. Temurning shaxsiy hayotidagi va davridagi jasurliklar, sadoqat, yaxshilik, shafqat haqida oʻqirkanmiz, bundan taʼsirlanishimiz, fikru tuygʻularimizni, koʻnglimizni va tabiatimizni tarbiyalashimiz, oldingiga koʻra birmuncha oʻsishimiz muhaqqaqdir.


 

Soʻzboshi

 

Bir necha kun muqaddam “Sharq” teatrusinda “Temurlang”[2] nomli bir pyesaning tomoshaga qoʻyilishini eshitishim bilanoq men ham tarixini, oʻtmishini bu sahnalardan axtargan vatandoshlarim kabi oʻsha yoqqa oshiqdim.

Buyuk xoqon Temur bilan hashamatli Yildirim Boyazid orasidagi arzimas kelishmovchilik bois chiqqan urush va uning oqibatlarini betarafona muhokama etadirgan bir sahna oʻyinini kutardim. Biroq yanglish yozilgan tarixiy voqealarning yanglish talqinlari koʻrsatildi. Menimcha, muallif bu xato, biryoqlama bitilgan tarixni qabul qilgan va uni kengaytirib koʻrsatishni istagan bir shaxsdir.

Bu ikki daho orasidagi magʻlubiyat tarixlaridan, yaʼni vujudini qorason qoplagan muazzam usmonlilar imperatorligini qutqarmoq uchun taqdirning sanchigan nishtari achchigʻi bilan yozilgan tarixlarimizdan betaraflikni kutmoq oʻrinsizdir, zotan, ular muqoyasa etilmasdan bitilgandir. Ammo men yigirmanchi asrda yashab turib bundayin muhokamasiz, boʻxtonli tarixlarni, talqinlarni qabul qilolmayman, albatta.

Insoniyat tarixida buyuk podshoh, sarkarda va jahongir sifatida iz qoldirgan ajdodimiz Amir Temur haqida yozilgan har bir ilmiy yo badiiy asar bugungi kishilar uchun ibratlidir. Turk yozuvchisi Dundar Alpning usmonlichada, hijriy 1330 (melodiy 1912) yilda Istanbulda bosilgan “Sharqning eng buyuk hukmdori” romani Temur mavzusida turkiy tillarda yaratilgan ilk romandir. Unda yosh Temurning yuksak shaxsiyati, insonparvarligi va bagʻrikengligi, xalqqa doimo yon bosgani va xizmat qilgani uchun davrining eng suyuk va buyuk xoqoniga aylangani koʻrsatib berilgan. Temurning shaxsiy hayotidagi va davridagi jasurliklar, sadoqat, yaxshilik, shafqat haqida oʻqirkanmiz, bundan taʼsirlanishimiz, fikru tuygʻularimizni, koʻnglimizni va tabiatimizni tarbiyalashimiz, oldingiga koʻra birmuncha oʻsishimiz muhaqqaqdir.

Temurning Yildirim Boyazidga yozgan xatida turklar birligi borasidagi shohona taklif boʻlganligini va sulton Yildirimning, aytib oʻtganimizdek, kichik bir anglashilmovchilik yuzasidan unga yuborgan maktubidagi xitobida “daydi it” degan balandparvozona ibora qoʻllagani oraga nifoq solganini nazarga olsak, bor haqiqat oʻrtaga chiqadi. Shuncha yillardir ikki turkiy sulolaning chiqisholmasligiga, qardoshlarning kelisholmasligiga yagona sabab – ana shu kichik haqiqatning katta-katta boʻxtonlarga, magʻlubiyat alami bilan soʻylangan achchiq-achchiq haqoratlarga yoʻl ochgani emasmikin?

Temur va Yildirimning – biri gʻolib, biri magʻlub boʻlsa ham – usmonlilar saltanatiga koʻrsatgan xizmatlari siyosatchilar nazdida inkorsiz bir haqiqatdir.

Temur usmonlilar saltanatini bir xasta kabi jarrohliq taxtasiga yotqizdi. Biroq uni oʻldirmak uchun emas, balki qutqarmoq uchun bir qoʻlinigina kesdi.

Temur usmonlilar badanidan anchagina qonlar oqitdi, biroq bu qorasonga yoʻliqqan vujuddan jarrohlik jarayonida toʻkilgan qon va yiringdan boshqa narsa emasdi.

Temur usmonlilar koʻksidan bir necha yara ochdi, faqat bu ishni u usmonlilar jallodi boʻlmoq uchun emas, balki uning muhtasham hayotini, muqaddas mavjudiyatini qutqarmoq uchun bajardi. Vazifasi-da bir jarrohlik edi.

Butun tarixlarda istakli yo istaksiz oʻlaroq yozilganidek, Temurning maqsadi, fikri-zikri turkiylar birligiga xizmatdan iborat edi. Ana shuning uchun u bunchalar qonlar toʻktirdi, ana shuning uchun u buyuk va qutlugʻ bir qardoshi Yildirim Boyazid bilan urushga kirishdi, ana shuning uchun u Osiyoni boshdan-oyoq otda bosib oʻtdi va shu yoʻlda uning oti qonxoʻrga chiqdi, juda koʻp qiyinchiliklarga, yoʻqotishlarga chidadi.

Bu yoʻlda hech bir monelik, hech bir qudrat uni bu muqaddas azmidan qaytorolmadi, qaytarishga muvaffaq boʻlolmadi…

Voajab! Ne buyuk zot emish bu Temur! Vatani uchun, millati uchun chidab boʻlmas qiyinchiliklarga chidagan, fidokorliklar koʻrsatgan ulugʻ inson! Faqat millatini yuksaltmoq uchun qardoshi Yildirimni ham ayamagan qoʻmondon!

Bu, onasi uchun – vatani uchun shunchalar fidokorliklar qilgan buyuk Temurga shu muhtaram onaning avlodlari koʻrsatgan ehtirom shumi? Uning xizmatlariga munosabat, shukrona hadiyasi bumi?

Bu qanday qadrshunoslikki, onasini qutqarmoqqa oʻzini bagʻishlagan bir xaloskorni tuhmatlarga, haqoratlarga koʻmib tashlasalar…

Bu qanday koʻr ehtirosu intilishki, ikki xonadon orasida kichik bir tushunmovchilik natijasida vujudga kelgan kelishmovchilikni mangu davom ettirmoq istarlar…

 

* * *

Roʻmonimizning gʻoyasi Temurning hayoti va tutgan siyosatini koʻrsatmoqdir. Ana shu maqsadda qoʻlga qalam olarkanmiz, bildirilajak eʼtirozlar xayolga toldirdi va ikkilantirdi, biroq asardagi voqealar haqiqiy tarixiy hodisalarga mos ekanligini oʻylarkanmiz, kitobxondagi shubhalar ham quyosh taftidan erib bitgan muz parchalariday yoʻqolishiga qanoat hosil qildik-da, ishga kirishdik.

Temur haqidagi eʼtirozlarning eng kattasi uning “qonxoʻr”, “zolim” boʻlganligidir. Ammo bu oʻsha zamonda, u yashagan oʻrta asrlarda tabiiy hol ekanligini esdan chiqarmaslik kerak. Aslida, ayrim gʻarazkor tarixlarda yozilgani kabi bemaʼni, sababsiz zolimlikni Temurda topa olmasligingizga imonimiz komildir.

Endi ayting-chi, qaysi jahongir qonlar toʻkmagan, qaysi jangovar jonlarni oʻtda yoqmagan? Bugun eng madaniyatli deb tanilgan mamlakatlarda barcha zamonlarda ham koʻkka koʻtarilgan Napoleonlarga, Ikkinchi Frederiklarga, Dali Pyotrlaru Haniballarga toʻkkan qonlari uchun qandayin maʼzuriyat koʻrsata olurlar? Sulton Yovuzning Eronga yurishini muhaqqaq va siyosat taqozosi deya eʼtirof qilgan tarixchilar, ajabo, ne uchun Temurga eʼtiroz etaveradilar?

Deyishingiz mumkinki, Sulton Yovuz Eronga safari bilan usmonlining manfaatlarini qoʻriqladi, faqat Temur… gʻoyai aʼmoli turkiylarning birligi ekan, nechun bunga erisholmagan va nechun siyosati natijalarini kamoli muvaffaqiyat-la tarixga bittira olmagan?..

Maʼlumdirki, gʻoya va muvaffaqiyat boshqa-boshqa narsalardir.

Sulton Yovuzning islom birligi gʻoyasi bayrogʻi ostida Misrga yurish uyushtirganini, qaysi yoʻllar bilan qanday siyosiy natijalarga erishganini tarixdan bilamiz. Yovuzni, tutgan siyosatini yanada shuhratli qilgan uning Shahboldagi muvaffaqiyatidir. Shuning uchun Yovuzni dunyoning eng buyuk podshohi deyishadi.

Endi bir oʻylab koʻraylik: Napoleon Moʻsqoʻvni oldi, Prussiya qirolligʻini mahv etdi, Italiga qoʻshin tortdi – gʻoyasi, maqsadi bir lotin birligini vujudga keltirish emish.

Buni bajara olmagani holda qancha-qancha qon toʻkkanini, Moʻsqoʻvga yengilganini, qancha-qancha insonni qurbon berganini roʻkach qilib, nechun Napoleonni qonxoʻr deyishmaydi, tahqirlashmaydi – buni ham oʻylab koʻraylik.

Fransuzlar ham va yoxud Napoleondan yomonlik koʻrgan boshqa jabrdiyda qavmlar ham nega tarixlarda uni laʼnatlamaydi-da, usmonlilar oʻz tarixlarida Temurni nechun bunchalar kutkulashadi? Bu ham yetmaganidek, nechun teatru sahnalarida Temur qilmagan ishlarni qildi derlar, nechun Temur umrining hech bir davrida boshidan kechirmagan, koʻrmagan xayoliy voqealarni hayotiy deya gʻaddorlik eturlar.

Yoʻq! Muhtaram oʻquvchilarim, Osiyoda yashab oʻtgan, siyosat maydonida javlon urgan hukmdorlarni koʻz oʻngimizdan oʻtkazganimizda, Temur ham Sulton Yovuz kabi obidai harbiyadir – qahramonlik haykalidir!

Yildirim Boyazid bilan kurashga kirishiga sabab Temurning oʻzi emas, qismatdir; bu urush qazoi qadarning bir hukmidir. Bu hukmga Yildirimu Temur, tataru turk birgalikda bosh egishga majbur boʻldilar.

Temur hukumat hayotini muhofaza etmak uchun shundayin asoslar yaratgan va shundayin mustahkam bir davlat binosini vujudga keltirgan edikim, agar undan keyin kelganlar oʻsha yoʻlda xizmat etsalardi, u dohiyning tamalini qoʻymish u siyosat, u davlat abadiyan yashardi.

Davlatni boshqarish nuqtai nazaridan Temur buyuk bir boshlangʻichdir, hikmati hukumat bulogʻidir. Jahon xalqlari oʻz qirollarini, xonlari va podshohlarini Tangri yoʻlidagi bir manzil yoki Ollohning yerdagi soyasi deb bilgan bir zamonlarda Temur oʻzini boshqacha tutgan, insonlarni oʻziga sajda ettirishga qodir boʻlaturib bu ishni qilmagan, faqat davlatni oʻylagan. Keyingi davrlarda dunyoda shakllanayotgan milliy hokimiyatni oʻz davrida u kashf etgan; tuzuklari, siyosiy tutumlari bilan ulusiga qonun hukmronligini koʻrsatmoqqa intilgan. Temur dahosining yodgori boʻlmish qurultoy (majlisi maʼbuson – deputatlar kengashi) uning qiymatini, buyukligini koʻrsatuvchi bir tarixiy haqiqatdir. Temurning kimligini anglamak uchun birgina oʻsha shoh asarni – qurultoyni bilmak ham yetarlidir.

 

* * *

Temur hayoti aks etgan voqealar roʻmonimizni oʻqishga kirishgan oʻquvchilar koʻz oldilarida jonlanarkan, bundan ruhiy lazzat tuyushlari shubhasizdir. Qoʻlimizdan kelganicha tarixiy haqiqatlarni yoritishga va kitobxonni mamnun etishga intildik.

 

Dundar ALP

18 avgust 328[3]

Qiztoshi, Istanbul


 

  1. NOMAʼLUM OTLIQ

 

1350 melodiy yili. Turklarning asl vatani Movarounnahrda va uning tegrasida aholiga taskin beruvchi, tinchlikka chorlovchi bir ruh hukmron. Quyosh Turkiston sahrolarini qizdirib-qovurarkan, yorugʻ kengliklarda yurgan arslon yurakli jangovarlarning nayzalari uchida jilvalangan nurlar ular manglayidagi sharaf nishoni kabi yarqiraydi.

Husayn Kurtning bosh koʻtarishidan gʻazablangan, tomirlarida qoni qaynagan barcha qahramonlar oyoqqa qalqishdi, urushqoqlik hislari joʻsh urib, maydonga toʻplanishdi. Ular jaloyir xonadoni dongʻini yuksaltirgan ulugʻ vazir Qizgʻinning choparini kutishmoqda.

Nihoyat, quyoshning yoquvchi yogʻdulari ostida kumush tugʻini yaltillatib kelayotgan otliq – xabarini qichqirib bildirayotgan chopar ham koʻrindi. Uning hayqirigʻi vaziyatning nozikligini tasdiqlardi:

– Husayn Kurt yurtimizga bostirib kirdi! Onasini suygan qahramonlar, Tangrisini tanigan jangovarlar, millatini qutqarmoq istagan arslonlar, qurollaning! Ulugʻimiz Qizgʻin barcha turkiy xonlarini oʻz jangchilarini toʻplab, vatanni qutqarmoq uchun soʻgʻishga kirishini buyuradir!.. Qani, barcha qoʻliga qurol olsin!

Xalq orasida algʻov-dalgʻov yuz berdi. Choparning tovushini eshitgan har kishi oʻz uyiga borishga, qurollanmoqqa oshiqdi. Jarchi ilgarilar ekan, har oʻn odimda xabarini takrorlardi. Uni eshitgan botirlar oʻz makonlariga qarab yugurishar, chodirlari ustuniga osigʻliq oʻq-yoylarini, nayzalarini olib, urush kiyimlarini kiyishib, otlariga sakrab mingancha yigʻnoq maydoniga chopishar edi.

Ulus toʻplandi. El va beklar kengashdilar, vaziyatni muhokama qildilar. Yurtga bostirib kirgan Husayn Kurtga qarshi urushmoqqa qaror berildi.

Aslida-ku, urush boshlangandi.

Davlatining ichki tizimida oʻzgarish, islohot oʻtkazishga kirishgan Qizgʻin oʻz boshlagan ishi bilan mashgʻul ekan, oʻlkadagi boshqaruvning kuchsizlanganini gumon etgan Husayn Kurt fursatni qoʻldan chiqarmaslikka tirishdi.

Yurtga toʻsatdan bostirib kirgan Husayn Kurt zafar qozonishga qattiq umid bogʻlagandi. Zotan, Qizgʻinning oʻz idoriy ishlari bilan ovora ekaniga, shuning uchun unchalik qarshilik koʻrsata olmasligiga ham inonardi. Shu bois paytdan foydalanib, kuchiga kuch qoʻshib, birdaniga zarba beraturib, turklar oʻlkasini tamomiyla egallab olishga qaror qilgandi.

Uning bu harakati mamlakatda kuchli aks sado berdi: xalq barcha ishini tashladi, qoʻliga qurol olib, vatan mudofaasiga otlandi. Jangovar turklarning bosqinchi Husayn Kurtga nafrati kuchli edi, shuning uchun qarshi hujumlari ham dahshatli boʻldi. Shoqollar iniga suqilib kirganida qahrlangan arslonlar kabi turklarning ham gʻazabi qaynagandi. Ular birlashib shunday urush qilishdiki, yov bunga chiday olmasdan chekindi va tirqirab qochib qoldi. Ularni Xurosongacha quvlab borishdi. Movarounnahr askari Xuroson koʻksiga oʻtkir oʻqday sanchildi. Turk oʻrdusi Husayn Kurt qoʻshinini yanchib tashladi, zafar qozondi.

Biroq bu gʻoliblik osongina qoʻlga kirmadi. Oʻrdudagi har bir botir jonini tikib urushdi, bir koʻpi soʻgʻishlarda shahid tushdi. Qizgʻinning qoʻshini Turkistondagi turli turkiy urugʻlardan tuzilgandi. Ular orasida barloslardan chiqqan yosh, jasur bir jangchi ham bor, u Abu Taragʻayning oʻgʻli Temur edi.

 

* * *

Turkiylarning Xurosonga kirib borishidan uch kun oldin, erta tongda, katta Xuroson yoʻlida bir otliq koʻrindi. Suvoriy qushday uchib kelardi. Bomdod vaqtida ham u otdan tushishni, bir oz tin olishni oʻylamasdan, hamon argʻumogʻini yeldirib borardi… U chaqmoqdek shiddat bilan yoʻl bosarkan, vohalarni, choʻllarni, qiru tepalarni, togʻlarni otining tuyogʻi ostiga toʻplaganday oʻzini qudratli sezardi.

Keng dunyo uning toʻriq oti oyoqlari tagida kichkina bir maydonga aylangandi goʻyo. U qanotlangan sahobaday uchardi, uchardi, uchardi…

Ot chiqargan chang-toʻzon oʻtmishlarni pardalab, kelajakning porloq sahifalarini koʻrsatmoqchi boʻlganday moviy kengliklarga yuksalar, otliq esa hamon olgʻa intilar edi.

Kun yorisharkan, kimligi nomaʼlum bu otliq Xurosonga yetib bordi. Shahar chang va tutun bilan qoplangan, atrof yaxshi koʻrinmas, ufqni qora bulutlar egallagan edi. Husayn Kurtning odamlari bu otliqni payqashmadi, barcha oʻz ishi bilan mashgʻul edi. Bundan foydalangan nomaʼlum kishi bir uyga kirib oʻrnashdi. Soʻngra bozorga chiqib, xurosonliklar kiyadigan kiyim-kechaklardan sotib oldi. Ularni kiyib, posbonga uchrashdi. Posbonning qashshoq bir oiladan ekanligini u oldindan soʻrab-surishtirib, bilib olgandi.

Qorovullar toʻplanadigan choyxonaga kirgach, u oʻzini tanitmoq uchun ataylab haligi posbonning qarshisiga borib oʻtirdi. Unga sinchiklab boqarkan, samimiy suhbatlashdi va orada uni sinab koʻrdi. Oxirida uning koʻzlaridan, soʻzlaridan ochkoʻz kishi ekanligini, arzimas bir sovgʻa bilan bir qancha ishlarni bitirib olish mumkinligini angladi. Oʻzini tanitmasdan, yana oʻtirgan yerida soʻrab-surishtirishni davom ettirdi.

Nomaʼlum yigit kulimsiragancha suhbatlashib oʻtirarkan, tevarakdagilarni kuzatar, vaziyat haqidagi tasavvurini yanada toʻldirishga tirishar edi. Bir payt posbon baland ovozda sanʼatni yomonlab, yoqasini oliftalarcha silkab, igʻvo qozonini qizdirib, oʻsha kuni yuz bergan bir voqeani soʻylay boshladi. Tegradagilar unga shundaymi, degan maʼnoda qiziqsinib qarab, tinglashar edi. Nomaʼlum yigit ham uning soʻzlariga jon qulogʻini tutayotgandek yanada yaqinroq surildi. Qorovul eski suhbatdoshini topib olganday sevinib, zavq bilan gapni koʻpirtirar, unga qarab xitob qilar edi.

Nomaʼlum kishi suhbat asnosida qorovulni choy va qahva bilan siyladi. Bu unga moyday yoqdi. Oxiri posbon nomaʼlum yigitning qoʻlini qoʻliga olib, eski doʻstday dardlasha boshladi, unga butun hayot hikoyasini aytib berdi. Qorovul uning eʼtiborini tortish uchun bor hunarini koʻrsatmoqda edi. Koʻp soʻzlagan – koʻp chalgʻiydi, degan otalar soʻzi bor. Bu odam, laqmaligi yetmaganday, bir oz ahmoqroq ham edi. Suhbat soʻngida qorovul tamoman yumshab, gapga unaydigan holga keldi. Shunda nomaʼlum kishi:

– Modomiki, lutf etib, menga shunchalar qiymat berib… – deya kulimsirab, sinchkovlik bilan uning yuziga boqdi. Koʻz koʻzga tushgan asnoda “faqat…” deya taraddudlandi. Oldindan tayyorlab qoʻyilgan bir xalta aqchani unga berkitiqcha tutqazdi. Qorovul yeng ichida uzatilgan qizil xaltacha taftini tuyarkan, aqcha isidan mast boʻlib, soʻzini yoʻqotib qoʻydi. Bir ozdan keyin oʻziga kelib:

– Shu, men sal naridagi dalamda kechgacha ishlab, charchab qolaman, deng. Yoʻqchilik, yetishmovchilik yomon. Shunaqa paytlar boʻladiki, ishdan kech qolmaslik uchun umrimning eng qimmatli damlaridan ham voz kechishga toʻgʻri keladi… – deya chaynaldi.

– E, yashang! – dedi kulimciraganicha nomaʼlum yigit. – Modomiki, siz umringizning eng aziz onlarini shunaqa ishlarga bagʻishlarkansiz, eng muhimi, shundayin bir sohovatli inson boʻlaturib, nechun mendan yaxshiligingizni ayaysiz?

– Astagʻfurilloh, taqsir, unchalik emas-ov! Faqat boshimdan… – deya gʻudrandi, “boshimdan ajralib qolishdan qoʻrqaman”, deya olmadi.

– E, xudoyim-ey, qiziq odam ekansiz-ku, nima, menga ishonmaysizmi? – dedi nomaʼlum kishi, orada yashirincha yana nimadir uzatdi.

– Kechirasiz, taqsirim… – deya taraddudlandi qorovul va soʻzi kesildi. Chunki uning koʻzi nomaʼlum yigit qoʻlidagi qizil xaltachaga tushib qolgandi. Sevinchdan qorovulning yuragi oʻynab ketdi. Shoshilib: – Sizdayin saxiy va oliyhimmat zotning soʻzini ikki qilib boʻlarkanmi, bu insofdan emas! – deya xitob etdi. – Neni istasangiz, barchasi bosh ustiga! Qachonki qalʼa devori yoniga kelib, pastdan turib men gʻarib-faqirni chaqirsangiz, kifoya, darvoza kalitini burjdan tashlab yuboraman. Ichkariga kirib olgach, kalitni menga qaytarib berasiz, – dedi sirli qilib.

– Koʻp yaxshi! – dedi nomaʼlum yigit.

Shu bilan suhbat tugaganday boʻldi. Ikkovlon kechki paytda koʻrishmoqqa kelishib, oʻrinlaridan turishdi va ayrilishdi.

Nomaʼlum yigit turgan uyiga qaytgach, oʻz yurtini, sevgilisini oʻylab, yuragi siqildi. Hayajonini, ogʻir xayollar toʻlqinini bosish uchun yolgʻizlikni ixtiyor etib, anchagacha oʻylanib oʻtirdi. Butun ruhini ishq oʻti qoplab olgan, bu oʻtda yigitning borligʻi yonar, uning bu qaygʻuli holati gʻamga berilib, yerda choʻzilib qolgan arslonni eslatar edi.

Uning keng va haybatli koʻksi nafas olishiga mos tarzda koʻtarilib tushar, maʼyus yuzida jasur qalbining shiddatli tuygʻulari aks etar, bu koʻrinishi bilan u ertaklardagi oshiq qahramonlarga oʻxshab ketar edi. Yigit chindan ham oshiq edi. Ruhidagi ishq iztirobi shunchalik toʻlqinlangan ediki, ingrayotganini oʻzi ham sezmasdi. Bu achchiq va totli ishq ingroqlari nariroqda uxlab yotgan musofirlarni uygʻotib yuborishi mumkinligi ham xayoliga kelmasdi.

U ancha paytgacha oʻylanib, “uf” tortib, ixtiyorsiz ingranib yotdi va nihoyat, yarim kechasi uxlab qoldi.

 

  1. TUTQUNLIK

 

Ertasi kun erta tongda Xuroson qalʼasidan bir toʻp kishi tashqariga chiqdi. Ular orasida haligi nomaʼlum yigit ham bor edi. U ot ustida savlat toʻkib oʻtirar, jasur koʻrki bilan barchadan ajralib turardi.

Yigit qalʼa darvozasi qorovullari yoniga, burchakka yaqinlasharkan, oʻzini kutayotgan posbonga duch keldi. Salomlashib oʻtib ketmoqchi edi, kecha olgan sariq oltinlari totidan haligacha yayrayotgan qorovul unga yelimday yopishib oldi.

Taqsir, kechqurun qaysi soatlarda qaytasiz? – dedi u yaltoqlanib.

– Koʻramiz. Hozircha aniq emas, bir oz kech qolsam kerak, – dedi yigit.

– Shu yaqinda, huv anavi yerda dalasi, bogʻi bor muhtaram Saidali oqshom toʻrtlarda tashrif buyurmoqchi edilar-da… – deya chaynaldi qorovul sirli qilib.

– U zot kim oʻzi? – deya soʻradi yigit.

– Kechqurun unga sizdan gap ochgan edim, qalʼaga kirishlariga faqatgina men yoʻl ochib berolaman, dedi… – qorovul fikrini toʻla aytolmay qoldi, chunki yigit uning soʻzini boʻlib:

– Men bir oz kech qaytaman, – dedi-da, bu yerda koʻp turib qolish xavfli ekanini tuyib, qorovul oldidan tezroq oʻtib ketish uchun otini niqtadi.

Shu kuni oqshomgacha atrofga tarqalgan qoʻshinini qidirdi, ammo askarlar izini topolmadi. U qattiq oʻyga botgan, fikru xayolini bir chigal oʻrab olgandi. Bu chigal kechqurun soat toʻrtda kelib, kalitni unga beradigan Saidali bilan bogʻliq edi. U Saidalining qoʻlidan kalitni olmoqchi; biroq oʻzini unga ham, qorovulga ham tanitmoqchi emas edi. Hamma gap shunda. Agarda Saidali kalitni bermasa, u bilan talashishi kerak… Ish janjalga borib yetsa, sir ochilib qolmasligi uchun, uni albatta oʻldirishi lozim… Yigit shu qarorda toʻxtab, qalʼaning pana bir yeriga kelib berkindi.

Bir payt qarshidan yaxshigina kiyingan kishi koʻrindi. Har holda bu oʻsha boʻlishi kerak, deya koʻnglidan kechirdi yigit. U oʻz otini panada qoldirib, oldindagi otliq ortidan yurdi. Osmon bulutli, atrof qorongʻi, qoʻrqinchli edi. Xurosonliklar ustiga bir balo yogʻilayotganday, tevarak vahimali tumanga burkangan, gʻamgin tusda edi. Qorongʻida borayotgan bu ikki qoʻrqinchli kishidan orqadagisi oʻljasini kuzatayotgan usta ovchiga oʻxshardi. U otliqni kuzatib ilgarilarkan, koʻzlari porlar, bu oʻlja qoʻlidan qochib qutulolmasligini oʻylab, ichida sevinib qoʻyardi.

Otliq burchakda toʻxtab, pastdan yuqoriga – qorovulga qarata ovoz berdi.

Bu orada nomaʼlum yigit oʻzini ularga tanitmaslik uchun ust-boshini yechib, teskari kiyib oldi. Soʻngra burchakka yaqinlashdi.

Tepadagi qorovul kalitni haligi odamga otdi. Buni koʻriboq yigit unga yaqinlashdi va:

– Kechirasiz… – dedi. – Ruxsat bersangiz, men ham ichkariga kirsam…

– Yoʻ-oʻq! – dedi haligi odim. – Bunday soatda qalʼaga hech kim kirolmaydi! Kirish haqqi yolgʻiz menga berilgan.

– Kirish haqqidan men ham foydalanmoqchiman, – dedi yigit pinagini buzmay.

– Qanday foydalanmoqchi?! – dedi otliq achchigʻi chiqib.

Yigit unga talpindi va kalitni olmoqqa intilib:

– Ochqichni sizdan tortib olish yoʻli bilan! – dedi.

Biroq qarshidagi kishi yigitdan ham epchilroq ekan, kalitni avaylab choʻntagiga soldi-da, chaqqonlik bilan qilichini qinidan sugʻurdi. Yigit ham oʻq tezligida harakat qilib, arslonday koʻksini kerib, qilichini yalangʻochladi. Uniki qilich emas, xuddi chaqmoqday, momaqaldiroqday gurillab tovush chiqardi. Ikkisi oʻrtasida olishuv boshlanib ketdi. Yigit dushmanini yaralamoqqa, qarshidagi kishi esa uni oʻldirmoqqa shaylangan edi. U hujumni tobora kuchaytirarkan, yigit oʻzini himoyalashga intilar, hujumga uncha eʼtibor bermayotgan edi. Kurash rosa qizidi, chidash qiyinlashdi. Kalitli kishi yaralandi, yara alami va jon qoʻrquvsida yigitga tashlandi. Biroq u birinchi hujumida tirsagidan, ikkinchi zarbasida oyogʻidan va uchinchisida boshidan yaralandi. Yigit raqibini yerga agʻdardi, kalitni qoʻlga kiritib, bir zumda koʻzdan gʻoyib boʻldi.

Yigit panada qoldirgan otiga sakrab mindi-da, yelday uchira ketdi. Bir muddat yoʻl yurgach, tepasiga boqdi, koʻkda bir qora bulut koʻzga chalindi. Tong yorisha boshlagandi. Ufq oqararkan, yeru koʻkdagi har narsa aniq-tiniq koʻrinib qoldi.

Kutilmaganda bir toʻp otliq qiy-chuv solib oʻtdi. Ular vazir Qizgʻinning aygʻoqchilari edi. Otliqlar yigitni koʻrishlari bilanoq ortidan quvlashdi. Yigitga yaqinlashisharkan, birisi kamand otdi. Jasur otliq qoʻlga olindi. Boshi tuzoqqa tushganini anglagan yigit oʻzini mudofaa qilishni toʻxtatdi.

Otliqlar orasida shundayin tortishuv boʻlib oʻtdi:

– Shubhasizki, bu – urushqoq, mard kishi! Men oʻzimni shuncha jangchidan buningchalik himoya qilolmasdim, – dedi biri.

– Qoʻysang-chi, – dedi boshqasi. – Bunaqalarni koʻp koʻrdik. Bu birorta jangchi boʻlsa kerak. Yo turkiymikan?

– Turkiy boʻlmasa kerak, – dedi boshqa biri. – Turkiy boʻlsa, judayam jangovarlik, jangarilik koʻrsatardi. Kim ekan-a?

– Kim deydi-ya! E, ana, koʻzingni katta ochib qara, kiyimidan koʻrinib turibdi-ku, bu bir xurosonlik!..

Ular mana shunday tortishaturib asirni bogʻlashdi. Soʻngra xon huzuriga olib borishdi.

Ichkariga kirar-kirmas, yigit boʻsh qolgan qoʻli bilan choʻntagini kavlab, Xuroson darvozasi kalitini chiqardi-da, Qizgʻinga topshirmoqchi boʻldi. Jangchilar esa, yigit yonidan xanjarini sugʻurmoqchi, degan qoʻrquv bilan tutqunning ustiga yopirilishdi, qoʻlidagini olmoqqa intilishdi. Yigit toʻsatdan:

– Qizgʻin janoblari! Yetar endi!.. – deya baqirdi.

Vazir Qizgʻin uning tovushini eshitishi bilanoq oʻrnidan sapchib turdi. Askarlarga:

– Tegma! – deya buyurdi.

Soʻngra kalitga ishora qilib:

– U nima? – deya soʻradi.

– Xurosonning kaliti, – dedi yigit.

– Sen kimsan? – deya soʻroqni davom ettirdi Qizgʻin.

– Oldin meni kamanddan boʻshatishsin, – dedi yigit. – Keyin kimligimni bilib olaverasizlar.

Uni bogʻloqdan boʻshatishdi. Soʻngra u hammani hayratga solib ustidagi xurosoncha kiyimini yechdi. Oʻz urugʻiga – barloslarga xos belgini koʻrsatdi. Shunda barcha hayratdan baqirib yubordi:

– Amir Taragʻayning oʻgʻli Temur!..

 

* * *

Temurning qoʻshin askarlari joylashgan yerdan chiqib ketishi ham boshqacha boʻlgandi. Vazir Qizgʻinning qizi Oʻljay Turkanni olishga intilgan kishilar oʻzaro kurashib, bir-birovlaridan qizni qizgʻanishib, oʻchakishib, baʼzida janjal ham chiqarishar edi. Bir kuni, oʻrdu askarlari Xuroson yurishiga tayyorgarlik koʻrayotgan paytda, xushtorlar oʻrtasida yana toʻqnashuv yuz berdi. Ish shungacha borib yetdiki, bir yigit oʻldirildi. Shunda achchiqlangan vazir Qizgʻin vahshiy oshiqlar oʻrtasiga tushib:

– Nima boʻlyapti oʻzi? – deya baqirib berdi. Soʻngra: – Bir shartim bor, – dedi. – Hozir Xuroson safariga yoʻnalmoqdamiz. U yerga borganimizda, kimki Xuroson kalitini olib kelsa, qizim oʻshaniki…

Bu shart Oʻljayning barcha shaydolariga yoqib tushdi. Bari Xuroson safarini koʻzi toʻrt boʻlib kuta boshladi.

Oʻljay Turkanni anchadan beri sevib yurgan Temur uning kimgadir tegishini aqliga sigʻdirolmasdi, albatta, u biror chora istar, oʻylab, oʻyiga yetolmasdi. Ishq faryodi namlatgan porloq koʻzlari tolib xayolga botar, biroq dardiga davo topolmasdi. Zotan, u hali yosh edi. Yigirma yoshlardagi bu qahramon qanchalar sheryurak boʻlmasin, tajribasizlik uning eng katta kamchiligi, tadbirsizlik esa avf etilmas zaifligi hisoblanardi.

Toʻgʻri, Temur hali tajribasiz, issiq-sovuqni koʻp koʻrmagan yigit, ammo uning bir fazilati shu ediki, u keksalar soʻzini ikki qilmas, ularning oʻgitiga quloq tutardi…

Barloslar ichida tanilgan, Oʻgʻuz Arslon degan bir xizmatchi bor edi. Temur doimo u bilan maslahatlashar, tajribasidan foydalanardi. Uning tavsiyalariga koʻra ish tutganida, mudom muvaffaqiyatga erishardi.

Biroq boshiga ishq savdosi tusharkan, dono chol bilan maslahatlashishni qanchalar istasa ham, uning yoniga bormadi. Axir yigirma yoshli yigit ishqiy oʻy-tuygʻularini keksa odamga qanday qilib tushuntirardi…

Urushlarda arslon boʻlib tanilgan yosh qahramonning oshiqlik koʻchasiga kirib, bundayin chorasiz qiynalishlari ham Yaratganning bir moʻjizasidir balki.

Ishq, ishq! U qandayin quvvatki, eng metin ruhlarni ham sarosimaga soladi, eng kuchli vujudlarni ham zabunu xor eta oladi.

Eng ulugʻ loqaydlarga qarab tabassum etgan, eng kichik savdoyilarning otashin boʻzlashlariga parvo ham qilmasdan doimo, doimo qoʻrqinchli va sovuq yuz bilan boqqan bu ishq, birorta ham kishanlangan osiy qutulolmaydigan bu silsilayi samoviy naqadar buyukdir, yo rabbim!..

Mastu mustagʻriq zarbalari bilan ruhning eng teran nuqtalarini-da ezib-zadalagan, qalbning eng hassos torlarini nozik chertkisi bilan cherta-cherta uzib parchalagan bir ishqqa boʻysunmaslik… – oh, bu osonmi? Xususan, yosh bir yigit uchun-a… Yoʻq. Ana, Temur ham bu beomon gurzining zarbalari ostida ezilib, boʻyni bukilib, dunyo koʻrgan, tajribali Oʻgʻuz Arslon qarshisida zir-zir titrab turibdi…

Ruhining eng yarali nuqtasini ochishi kerak…

Bu yarani teshmoq esa ishq iztiroblarining abadiylashib qolish xavfi va qoʻrquvsini tugʻdirmoqdaki, bu Temurga maʼqul emas. Shu bois u ne deyishini bilmas, unsiz turardi…

– Nima boʻldi oʻzi, bolam? – deya chol undan soʻradi.

– E, hech…

– Tuzukmisan oʻzi? Juda tashvishli, qiynalgan koʻrinasan? Boshingga bir ish tushgan, shekilli. Qanchalar qoʻrqmas, kuchli, arslonyurak boʻlsang ham, tajriba va tadbirsiz muammolarni hal qilish qiyin. Qani, nima darding bor, menga ochiq aytaver, bolam.

– Toʻgʻri, ehtimol meni tajribasizligim ezayotgandir. Meni qiynab, ichimni yeb bitirayotgan dardni sizga albatta aytishim kerak…

– Yasha, boʻtam, qani, ayt. Tajriba turli jumboqlarni yechishda sarflanadigan kuch-quvvatdan ham muhimroqdir.

– Oʻtgan kungi janjalni eshitdingizmi? Anavi, vazir Qizgʻinning qizi Oʻljay Turkan tufayli chiqqan urush… Ulugʻ vazir bir shart qoʻydi, Xuroson kalitini kim unga keltirib bersa, qizi oʻshaniki emish. Endi allaqancha yigitlar Xurosonga yaqinlashuvimizni kutishmoqda, men ham… Shu ishni hal qilishning yoʻli bormikin? Agarda mendan oldin boshqa birov kalitni vazirga keltirib bersa, u holda oʻlganim yaxshiroq…

– Bolam, bu dardning ikki chorasi bor: biri – bu ishqdan voz kechish, ikkinchisi – kalitni qoʻlga kiritish. Bilaman va aminmanki, ishqdan voz kechib, soʻngra uning alamiga chidash juda qiyin. Demak, bu yoʻl maʼqul emas. Undan koʻra ikkinchi choraga bosh urmoq uygʻundir. Bu ish tajribali odam koʻzi bilan qaraganda oson koʻrinsa ham, aslida ancha mushkuldir…

– Osonmi, qiyinmi, menga baribir. Axir alamdan ogʻir emasdir, otaxon, yoʻlini ayting!

– Bu ishni bajarish uchun, birinchidan, bu yerdan tezda yoʻlga chiqish va qoʻshindan oldin Xurosonga yetib borish kerak. Ketganingni hech kim bilmasligi uchun men seni kasal boʻlib qoldi, deya gap tarqataman. Sen Xurosonga yetiboq, darvoza qorovuli kunda-shundasiga aylangan choyxonaga borasan. Qorovul laqma, magʻzava odam. Oldiniga uning ezmaligiga chidab, gapini eshitib oʻtiraverasan – bu unga yogʻday yoqadi. Soʻngra choy, qand-qurs bilan siylab, u bilan yaqinlashib olasan. Bir necha kun oʻtgach, Saidali degan bir odamga tepadan turib kalit tashlagin, deya qoʻliga oltin toʻla hamyonni qistirasan. Keyin Saidalining qalʼaga kelishini va kalitni olishini kutib, berkinib kutasan. Saidali qorovuldan kalitni olgach, uni oʻldirasan va kalitni egallab, qoʻshinga qarab otingni uchirasan… Qani, bir koʻrayin-chi, arslon bolam, sen kim ekansan? – deya maslahat berdi chol.

– Men barlos yigitman! – dedi Temur.

 

* * *

Saidalini bitta kalit deya oʻldirishni Temur oʻz qahramonlik ruhiga singdirolmadi; uni olishuvda magʻlub etib, kalitni oldi-da, koʻzdan gʻoyib boʻldi. Hushsiz yiqilgan Saidali qalʼa devori tagidagi bir burchakda uzoq yotdi.

Tepada kalitni kuta-kuta toqatsizlangan qorovul pastga tushdi va boshqa kalit bilan darvozani ochib, burchakda yotgan Saidaliga koʻzi tushdi. Hushsiz yotgan yarali Saidali anchagina qon yoʻqotgandi.

Qorovul uni quchoqlab koʻtardi-da, ichkariga olib kirib, oʻz xonasiga yotqizdi. Uning yarasini yuvib, bogʻlash uchun xotinidan koʻmak istadi. U titrab-qaqshar, qalʼa kaliti yoʻqolganini anglaboq, esi chiqib ketgandi.

Kalitni topishi shart. Shuning uchun ham Saidalini joniday asraydi, hech kimga ishonmaydi endi. U oʻziga kelishi bilan kalit qayerdaligini, nima boʻlganini soʻraydi. Voqeani sir tutishni, hech kimsaga ogʻiz ochmaslikni tayinlaydi…

Saidali hamon boshidan oʻtgan dahshatli holat taʼsirida edi. Rosa toliqqandi. Yarasi ham bita boshladi. Ammo u hech oʻziga kelolmayotgandi. Koʻzi uyquga ilindi deguncha tush koʻrar, tushida qorongʻida oʻziga hujum qilgan kimsaning tovushini takror tuyar, u: “Men darvozadan kirishim kerak!” deya uni qoʻrqitardi.

Xullas, kutilmaganda boshiga kelgan oʻsha kulfat va siqilishlar tufayli Saidali hech oʻnglana olmayotgandi. Ruhsizligi uchunmi, yarasi ham bitay demasdi…

Turli dori-darmon va davolashlardan keyin, nihoyat, u bir oz oʻziga keldi. Qorovul darhol undan:

– Kalit qani? – deb soʻradi.

– Bilmayman. Men qayerdaman oʻzi?.. – dedi kasal.

– Senga nima boʻlganini bilmaysanmi hali?

– Yoʻq.

– Men seni qalʼa darvozasi yonidan topdim. Burchakda yotgan ekansan… Eslaysanmi?

– Ha, men… E, kalit qani? – dedi Saidali dovdirab.

– Sen mendan kalitni soʻraganding, toʻgʻrimi? – dedi qorovul.

– Toʻgʻri.

– Men senga kalitni tepadan tashlagandim…

– Ha, kalitni olganimni eslayapman… Oʻshanda yonimga bittasi keldi… Men bilan birga ichkariga kiraman, dedi…

– Keyin-chi?

– Men koʻnmadim. Kalitlarni tortib olmoqchiydi, bermadim…

– Juda yaxshi! Keyin nima boʻlganini eslaysanmi?

– U kiyinishidan oʻgʻriga oʻxshagan, qaroqchisifat kimsa edi… U birdan tashlanib qoldi, men ham qilichimni sugʻurdim…

– Yaxshi… Attang, nega menga xabar qilmading, axir odam degan hech qursa tepaga qarab baqiradi-da!.. E, mayli, boʻlar ish boʻpti, keyin nima qilding?

– U ham qilichini yalangʻochladi, olisha ketdik. Juda oʻtkir qilichboz ekan. Meni oldiniga qoʻlimdan… keyin sonimdan, soʻngra boshimdan yaraladi. Hushimni yoʻqotibman, keyin nima boʻlganini eslay olmayman.

– Men bu yerda seni kutdim, kelavermading. Baqirdim, chaqirdim, hech kimsa javob bermadi. Oxiri darvozani ochdim, qarasam, burchakda yotgan ekansan. Ichkariga olib kirdim…

– Atrofni qidirmadingmi, haligi odam biror narsa tushurib qoldirmaptimi? – deya soʻradi Saidali.

– Yoʻq, qaramadim. Ertaga tekshiraman, – dedi qorovul. – Ha, u ichkariga kirmadimikin? Husayn Kurt qalʼa kalitlarining yoʻqolganini eshitsa bormi, meni oʻldi deyaver!.. Ertaga vaqtli turib tevarakni bir tintib chiqaman. Ha, u kimsa yurak yutib ichkariga kirolmas-ov…

– Juda toʻgʻri!..

– U holda, demak, agarda kalit yoʻqolgan boʻlsa, buni mendan boshqa faqat siz bilasiz. Holbuki, sizni deb men shu jinoiy ishga qoʻl urgandim. Ikkimiz ham aybdormiz. Berilishi taqiqlangan narsaning olinishi ham jinoyatdir. Bu voqeani hech bir kimsaga bildirmang! Men u kalit oʻrniga yangi bir kalit yasattiraman, yopigʻliq qozon yopigʻligʻicha qolaveradi. Shunday qilib, men ham yeb turgan nonimdan ajralmayman, sizning jinoyat qilganingizni ham kimsa bilmaydi. Kasalligingizga biror joʻyali bahona oʻylab toparman. Kelishdikmi?

– Kelishdik. Gap bitta!

– Boʻldi, koʻnglimning tinchishi uchun shu soʻzingiz yetarli. Endi qalaysiz?

– Yaxshiman, xudoga shukr.

– Boshingizdagi jarohat ogʻirmi?

– Ha, shunaqa shekilli, boshqa yaralarimga qaraganda yomon qattiq ogʻriyapti.

– Ha, boshqa yaralaringiz unchalik emas…

– Ha, endi peshana ekan-da…

– Qaygʻuravermang, ikki-uch kunda tuzalib ketasiz.

– Inshoolloh.

– Xudoyi taolodan bitta tilagim bor – shu kalit topilsaydi, ishqilib.

– Xudo xohlasa, topilib qolar.

– Haligi oʻgʻri urib ketgan boʻlsa, qanday topamiz axir! – deya yana qorovulning figʻoni falakka chiqdi.

– E, qoʻyaversangiz-chi, biz yangisini yasattiramiz.

– Zotan shunga qaror qildik-ku.

– Toʻgʻri, toʻgʻri!..

Qorovul erta tongda atrofni tintib chiqdi. Toʻkilgan qonlarni yuvdi, qirtishladi, izlarni yoʻqotdi. Ammo kalit topilmadi.

Ertasiga tong otishi bilanoq ikkovi hayajonli suhbatga berilishdi.

– Atrofni turklar oʻrab olganmish…

– Qanday qilib, nega?

– Husayn Kurt hazratlari ularning yurtiga bostirib borgan edi-ku…

– E, ha, shungami?

– Ha, ular ham endi Xurosonni bosib olisharmish.

– Ey-voh, kunim bitibdi!

– E, qoʻysangiz-chi, vahma qilmang.

– Bilmaysizmi, turklar xastalarga tegmaydi, bu ularning eng muhim odatlaridan. Qari-qartang, xotin, bola-chaqalarga ham.

– Ha-a-a. Men-chi, urushmay yotaveramanmi?

– Oʻz joningizni oʻylasangiz-chi, urush boʻlsa, tuzalganingizdan keyin ham qochmas.

– Oʻh-h! Yo rabbiy!..

– Ha-ha, ishlar shunaqa. Sen, men va xotinimga qiyin. Chunki sen kasal, men qari, anavi xotin kishi boʻlgani sababli vatanimiz uchun urushmoqdan mahrummiz, ey-voh… – dedi qorovul.

– Afsus, afsus… – deya kasal ham qaygʻurib qoʻydi.

– E, mana shuning uchun koʻp xafaman-da.

– Qoʻy, ezilaverma. Ha, turklar bunda nima qilarkan oʻzi, bilmaysanmi?

– Yoʻ-oʻq, sen aytmasang, men qaydan bilay.

– Bu yerda toʻy qilarmishlar-ku?

– Shu yerda-ya, ichkari kirib, shuncha mol-holni talab olganlaridan, shuncha odamni qirgʻin qilgandan keyin, a?

– Aytdim-ku, axir, ular oʻzlariga qarshi chiqmaganlarga tegishmaydi.

– Qarshi chiqqanlarni nima qilishadi?

– Boshini kesadilar.

– Qanaqa toʻy qilisharmish oʻzi?

– Qiz chiqarisharkan.

– Kimni?

– Ulugʻ vazir Qizgʻinning qizi Oʻljayni.

– Kimga berishyapti?

– Temurga!..

 

III. DAHSHATLI HUKM

 

Oradan uch kun oʻtdi. Xurosonning pastqam koʻchalaridan biridagi vayrona, xarob uyda bir necha kimsa toʻplangan. Tashqaridan turklarning sevinchli naʼralariga, valineʼmatlari vazir Qizgʻin bergan toʻy nashʼasi bilan bir ovozdan qiyqirishlariga qarama-qarshi oʻlaroq bu yerda yigʻilganlar ruhidagi gʻayirlik, kinu adovat, koʻzlaridagi oʻch diqqatni jalb etardi.

Temurning shartni bajarishi, toʻyu bayrami kimlardir uchun motamga aylangandi. Bu xursandchilikdan raqiblar noxush edi, ular intiqom oʻtida yonib, bu yertoʻlada jamlanishgandi. Ichlaridagi hirs va hasad tomirlarini yorib chiqib, zaharli nayrang yiringlariga aylanib oʻrtaga toʻkilmoqda edi.

Haqqa va haqiqatga rozilik koʻrsatish oʻrniga unga qarshi turishmoqda, hatto uni yoʻq qilish uchun birikishib, guruh tuzishmoqda, voajab!

Yigʻilganlarning har biri foydasiz intiqom otashida qovurilardi. Ruhlari jahannam zaboniylari kabi gʻaddor, qalblari shaytoni rajimday zolim va oʻzlari haqu haqiqat nurlariga qarshi bosh koʻtargan osiylar edi.

Yuzlariga boqilsa, mirshablar basharasidagi sovuq dahshatdan boshqa narsa koʻrinmasdi. Faqat badnafslikning – nafsi ammoraning tajassumiga aylangan bir timsoli malʼuniya koʻlkasi bor. Qalblaridagi iymon ilohiy qudrat tarafidan olib qoʻyilganmikin deb oʻylaysiz. Koʻzlarida zarracha shafqat hissi, ongu tushunchalarida urvoqcha hamiyat tuygʻusi, soʻzlarida zigʻircha boʻlsa ham adolat fikri sezilmasdi…

Yigʻilish oʻtayotgan yer binoning yertoʻlasi boʻlib, qorongʻi va rutubatli edi. Yertoʻlaning koʻchaga qaragan tomonida ham, boshqa taraflarida ham deraza yo tuynuksimon biror teshik yoʻq. Qop-qorongʻu xonadagi bir xontaxta tegrasiga choʻkkan fitnachilarning hasad va hirs toʻla yuz-koʻzlari xira sham yogʻdularida arang-arang koʻrinardi.

Bu zulmat va zax oxirda oʻtirganlarning ajin bosgan tirish yuzlarida ruhlariga azob bergan hasadu kin xastaligining tasviri muhrlanganday. Shaytanat egallagan dillarida nadomat yo pushaymonlik hislariga oʻrin qolmagan. Iblisona qiyofalaridagi qoʻpollik va shafqatsizlik shundoqqina koʻzga tashlanib turardi.

Barchalari Noqis nomli amirlari buyrugʻiga qatʼiy boʻysungan holda bu yerda majburan oʻtirganlarini pisanda qilayotganday gʻoʻdayishgan; qilt etmasdan uning soʻzlariga quloq solishmoqda. Oʻzlarini uning har qanday buyrugʻini soʻzsiz bajarishga bagʻishlaganlaridanmi, ixtiyorsizlikdan ruhlari ezilgan, yelkalari choʻkib, qahrdan qunushib oʻtirishardi.

Intiqom alamiga toʻla koʻzlaridagi hiddat va vahshat otashi hech soʻnmaydiganday jonlarini oʻrtab-kuydirmoqda, yongan jonlarining oʻtli parchalari goʻyo atrofga dahshat boʻlib sochilmoqda edi.

Bu yoniq dahshat parchalari qorongʻilikda xuddi mushukning koʻzlari kabi yiltillab koʻrinardi; ammo, ming afsuski, bu shaytoniy yiltillashlar ularning ruhidagi ulkan zulmatni yorita olmaydigan darajada kichik va zaif edi.

Bu majlisning ahvoli ruhiyasi shundayin tuban, dahshatli, iblisona fitnaga toʻla. Qoʻrqinchli, sovuq sukunatni buzib ilk bor soʻz boshlagan kimsa shunday dedi:

– Xoʻp, modomiki u gʻolib keldi, boʻlar ish boʻldi. Ammo biz nechun undan oʻch olmasligimiz kerak?

– Ie, ogʻayni, uning nima aybi bor? Biror yomon ish qildimi yo? – dedi boshqa biri. – Agarda u emas, oramizdagilardan biri gʻolib chiqsaydi, u ham bizga oʻxshab oʻch olishni oʻylarmidi?

– U holda, menimcha, oʻlishi kerak boʻlgan boshqa kimsadir! Ayb oluvchida emas, beruvchidadir.

– Yoʻq! Menga qolsa, bu vaziyatda ayb oluvchida ham, beruvchida ham emas. Asl gunoh berishga mahkum etgan quvvatdadir…

– U holda?..

– U holda, hukm etgan u ekan, demak, jazosini tortadigan malʼun ham oʻshadir!

– Toʻgʻri!

– Toʻppa-toʻgʻri!..

– Unda kengashni davom ettiramiz va asosiy ishni hal qilaylik.

– Qani, qani…

– Uni biz chekkan alamlarning eng ogʻiriga bostirib oʻldirish kerak! Bizni yondirgan alamning eng zaharli oʻtida kuydirib oʻldirish lozim! Qani, ayting, qanday jazo beraylik?

– Oldiniga uni bir qoziqqa bogʻlab, qulogʻini, bir kun oralatib burnini, qoʻllarini, oyoqlarini kesish va och qoʻyish kerak!..

– E, bunaqasi ketmaydi, mumkin emas!

– Nega?

– Buning uchun avvalo uni qoʻlga tushirish, yaʼni yashirincha olib qochish kerak, biroq bu ish imkonsiz…

– Toʻgʻri… bu imkonsiz, bunday qilib boʻlmaydi.

– Unda oʻzingiz aytib qoʻya qoling…

– Menimcha, eng maʼqul yoʻl shu: kechasi chodirini bosib, uni oʻldirib, bilintirmay qochib qolish kerak.

– Koʻp yaxshi! Faqat biz istardikki, tez oʻlib qutulmasin-da, qiynalib oʻlsin!

– Qoʻysangiz-chi, doʻstim, qiynab-miynab oʻtiradimi, oʻlsin-yoʻqolsin-e!

– Yoʻ-oʻq, gapimiz gap: u qiynalib oʻlishi kerak! Axir biz u tufayli jahannam azobini tortdik-ku, ungayam toʻqqiz doʻzaxni koʻrsatib qoʻyish kerak!..

– Unda odamlarimiz bilan uni bosib, tutaylik-da, maydonga olib chiqib, rosa azoblab oʻldiraylik!

– Hay-hay, oʻzingizni bosing! Buning hech iloji yoʻq! Hozircha isyon boshlaganimizni sir saqlashimiz lozim. Deylikki, uni tuta olmadik va sirimiz ochilib qoldi – unda boshimiz ketadi-ku, axir!.. Shuning uchun, yaxshisi, har ishni imi-jimida bitira qolaylik.

– Maʼqul, unda bu ishni bajara oladigan kishini tanlashimiz darkor. Kimning qoʻlidan keladi, qani? Ichimizdan kim bu ishni boʻyniga oladi?

– Men yuzma-yuz urushaveraman-u, shu xanjar urishda mashqim pastroq…

– Men ham shunaqa…

– Sen-chi?

– E, nima qilamiz? Bu ishni birimiz bajarib, boshqamiz qarab tursak, bunaqasi ketmaydi!

– Ha, men bir narsani oʻylab topdim. Baringizga yoqadi bu. Anavi devorni moʻljallab oʻq otamiz, kim nishonga urolmasa, bu ishni oʻshanga topshiramiz. Boʻladimi?

– E, yashavor, boʻldi! Agarda ikki-uch kishi moʻljalga urolmasa, oʻzaro yana sinashadilar.

– Hech kim nishonga tekkizolmasa-chi?..

– Sinash takrorlanadi.

– Boʻldi, kelishdik.

Shu qarorga kelingach, yigʻilganlarning bari oʻrnidan turdi. Yoylariga oʻq joylab, devorga qarata mashq sifatida bir-bir ota boshlashdi…

Barchani hayajon bosgandi. Boshida ogʻiz koʻpirtirib soʻzlagan qahramonlar endi tulki kabi pisib qolgandilar. Oʻzlarining yaxshi oʻqotar ekanliklariga ishonsalar ham, mobodo, falokat bosib nishonga urolmasam-u shu ish menga qolsa, nima qilarkinman, degan qoʻrquv koʻngillarga oralagandi va birinchi boʻlib boshlashga hech kim shoshilmayotgandi.

Nihoyat, bir yigit oʻrtaga chiqdi, barcha uni olqishladi. U yoyini kerib, qoʻyib yubordi, oʻq nishonga tegdi. Oʻqchi gʻalaba naʼrasini otarkan, qalbidan toshgan sevinch toʻlqinlarini bosish uchun chetroqqa oʻtdi.

Ikkinchi… uchinchi… navbati bilan oʻq uzish davom etmoqda edi.

Oxiri ulardan bittasi – juda quturib, gunohkorni rosa qiynab oʻldirish kerak, deyayotgan yigit moʻljaldan yanglishdi. Undan keyin barcha oʻq otganlar nishonga urdi.

Shunday qilib, fitna majlisi ham tugadi, boʻlajak qotil ham aniqlandi. Endi qanday oʻldirishga kelishilsa, bas. Yigʻilganlar yana kengasha boshlashdi.

Boʻlajak qotil esa ularga aralashmas, bir chetda soʻppayib, qotib qolgan, qon qochgan sargʻimtir yuzi qaygʻuga botgan edi…

Ishning asosiy qismi hal etilgani uchun yelkalaridagi ogʻir yukdan qutulgan yigitlar mamnun holda masalani muhokama qila ketishdi.

– Bu ish qachon boʻlgani maʼqul?

– Qaytish paytida…

– Endi qaror qabul qilindi, faqat, majlisimiz boshida aytilganidek, bu ish juda ogʻir, qaqshatqich oʻlim bilan yakunlanishi kerak!

– Menga qolsa, buning hech keragi yoʻq, undan oʻchimizni olaylik-da, kifoyalanaylik…

– Ie, unda qarorimiz qaror emasmi?

– Qaror…

– Bunda necha kishimiz?

– Sakkiz kishi.

– Barimiz shu qarorni sir saqlashga ont ichamiz, rozimisizlar? Uni oʻldiradigan ogʻaynimizdan boshqa hamma qasam ichsin!

– Qasam ichamiz!

Shunday qilib, soʻnggi qaror ham qabul etildi.

– Yaxshi, endi tarqalaylik… – dedi fitnaboshi.

– Shu vazir Qizgʻin goʻrga kirgandan keyin uning kuyovi nima boʻlarkin, qani koʻramiz… – deya biri tishini gʻijirlatib qoʻydi.

Ha, fitnachilar tomonidan ikkinchi oʻldirilajak shaxs Temur edi.

 

  1. QALʼA ICHIDAN ZABT ETILADI

 

Turkiylarning Xuroson qalʼasini oʻrab olganlari haqida qorovul bilan xasta Saidali soʻylashib oʻtirganlarida, aslida, u ichidan egallanib boʻlayozgandi. Chunki oʻttiztacha askar qalʼaga kirib, oʻz ishlarini bajarishayotgan edi…

Ularning qalʼaga kirishi shunday yuz bergandi. Temur, kalitni vazir Qizgʻinga topshirgan kuni, ertalab undan qabul qilishini soʻradi, izn olgach, borib u bilan koʻrishdi. Xurosonni egallash rejasi tuzildi.

– Ulugʻ vazir! – dedi Temur Qizgʻinga. – Ruxsat etsangiz, avvalo qulingiz oʻttiz askarim bilan qoʻshindan ajralsam-da, oʻqday uchib Xurosonga yetib borsam…

– Maʼqul. Ammo sizning borishingizdan turklarning kelayotganini sezib qolgan Husayn Kurt tarafdorlari kerakli tayyorlikni koʻrib, bizga toʻsiq boʻlmasmikin?

– Ulugʻ vazir, izn bersangiz yetarli, bu askarlar bilan men kecha qorongʻusida, hech kimsaga bildirmasdan Xurosonga kirib boraman va ularni qalʼaga joylashtiraman…

– Keyin-chi?

– Ertasigayoq qoʻshinga qaytib kelaman va hujumni boshlaymiz…

– Ichkariga kirib olganlar nima qiladi?

– Ular kiyimlarini oʻzgartirib, shaharning har yogʻiga yoyilishadi va turkiylar haqida turli mish-mishlarni tarqatishadi…

– Qanaqa mish-mish?

– Masalan, turkiylar bu yerga kelibdir, ammo ular oʻzlariga tegmaganlarga hech qanaqa yomonlik qilmas emish va zotan, odatlari shunaqa emish, deya gap tarqatishadi. Yoki: turkiylar Xurosonda qilinadigan bir toʻyga tayyorgarlik koʻrishyaptiymish, toʻy kayfiyatida boʻlganlari uchun, hech kimning burnini qonatishmoqchi emasmish, deya ommaning qulogʻini qizdirishadi…

– Balli! Soʻngra?

– Avomni goh vahimaga soluvchi, goh sevintiruvchi shunaqa gaplar bilan ovutib, laqillatib turishadi-da…

– Natija nima boʻladir?

– Qoʻshinimiz jangga kirishi bilanoq ular ham qilichlarini yalangʻochlab, qalʼa ichida hujumga oʻtishadi, darvozalarni sindirib-buzib, ochishadi va askarlarimizning ichkariga kirishlari uchun yoʻl tayyorlashadi…

– Oʻgʻlim, agar sen ularning boshida turmasang, tartib bilan bir ish qilish qiyin. Yaxshisi, sen qalʼada turib, bir bayroq vositasida qoʻshinimizga hujum ishorasini bersang, soʻngra odamlaringga darvozalarni buzishni buyursang, ishimiz yanada silliq bitadi deb oʻylayman.

– Bunaqa qilsak ham boʻlaveradi, otajon. Faqat, oʻylashimcha, mening qoʻshin bilan birga yurish qilishim foydaliroqdir. Siz aytgan ishni boshqa birovga topshirsam boʻladimi…

– Mayli, oʻgʻlim, bilganingcha ish tutaver! Rejalaring juda maqbul!..

– Bu yerdagi askarlar juda intizom bilan harakat etishlari lozim…

– Koʻnglingni toʻq tut, sen aytganingday boʻladi…

– Eng muhimi, sizlarga bir otliq yuboraman, u aytgan tartibga koʻra yurish qilinsa, bas…

– Qanaqa tartib?

– Uning qandayligi mening qalʼa ichida bajaradigan baʼzi ishlarimga bogʻliq, keyin bildiraman…

– Juda yaxshi oʻylabsan, oʻgʻlim. Ruxsat, odamlaringni ol-da, yoʻlga tushaver!

– Xoʻp boʻladi, otajon!.. – dedi Temur va ulugʻ vazirga taʼzim qilib, chodirdan chiqa boshladi. Shu asnoda Qizgʻinning ovozi qulogʻiga chalindi, u:

– Arslon Temur! Men seni mingboshi qilib tayinladim! – dedi…

Ertasi kechki payt Xurosonda, Husayn Kurt qarorgohi atrofida notanish bir yigit aylanib yurardi.

Bu shaxs gʻoyatda ehtiyotkor va juda qoʻrqoq odamday qadam tashlar, baʼzan toʻxtab, tegrasiga quloq solar, mumkin qadar imi-jimida harakat qilishga intilar edi. Yelkasida xurjuni ham bor. Diqqat bilan qaragan kishi uning xurjunidagi yuk tobora ozayib borayotganini sezishi qiyin emas…

Bir oz yurgach, notanish yigit xurjunini yerga qoʻydi va egilib, izini yoʻqotish niyatidami, qoʻllari bilan tuproqni tekislay boshladi…

Anchagacha bu ish bilan mashgʻul boʻldi va nihoyat, xurjunini yana yelkasiga olib, qalʼa darvozasi tarafga yoʻnaldi. Bir muddat oʻtgach, xurjun boʻshadi. Ortiga qaytarkan, avvalgiday egilib, qoʻllari bilan tuproqni aralashtirib, yerni tekislab keldi.

Soʻngra xurjunni olib, yaqindagi bir uyga kirib, uni toʻlatib chiqdi. Yarim qolgan ishini davom ettirib, yana qalʼa darvozasi tomonga qarab harakat qildi… Ishini bitirib, koʻzdan gʻoyib boʻldi.

Anchadan soʻng yashirincha haligi ishlarni qilgan notanish yigit yonida bir otliq bilan qalʼa dorvozasi yoniga keldi. Qoʻlidagi kalit bilan darvozani ochdi. Egilishib, otning tuyoqlariga bogʻlangan kigizlarni yechishdi. Soʻngra notanish yigit otliqqa shivirlab, topshiriqlar bera boshladi:

– Dundar, endi sen bilan ajralishamiz. Shu yerdayoq otga osilgan xurjun tubini pichoq urib teshib qoʻyasan…

– Xoʻp boʻladi, mingboshi! Keyin-chi?

– Oʻngdagi xurjun boʻshagach, chapdagi xurjun tagini ham teshasan.

– Bosh ustiga, mingboshi!

– Xurjun ichidagi qayerda tugasa, oʻsha yerga belgi qoʻyasan-da, qoʻshinga qarab ot choptirasan…

– Soʻng vazir Qizgʻinning huzuriga kiraman…

– Shunday! Unga qoʻshinga yurish buyrugʻini berishini va oʻrduning belgi qoʻyilgan maydonga kelib kutishini aytasan.

– Bosh ustiga!

– Qaynotam, muhtaram qoʻmondonimizga hurmatimni bildir va aytganlarimni toʻla yetkaz!

– Buyrugʻingizni bajaraman! – dedi va otliq xurjunni teshib, yoʻlga tushdi.

Notanish yigit qoʻlini choʻntagiga suqib, nimalarnidir oldi va ilgari toʻxtagan joyidan otliq joʻnagan yergacha ularni koʻmib, tuproqni izlar bilinmaydigan qilib tekisladi.

Bu shoshilinch ishlar bitgach, endi bu makonda oʻzi qiladigan ish qolmagani uchun darvozani berkitib, kalitni qoʻyniga soldi-da, yoʻliga ketdi.

* * *

Shu voqeaning ertasiga ertalab butun Xurosonga mish-mish tarqalib, aholini hayajon bosdi.

Xuroson bozorlarida, choyxonalarida odamlar urushga tayyorgarlik haqida vahimali soʻzlarni aytishar, turli mish-mishlarni takrorlashar edi:

– Voy-boʻy! Turkiylar hamma yerni oʻrab olganmish…

– Askari juda koʻp emish, oʻzimizni qachongacha himoya qilarkinmiz, a…

– Oʻlgungacha…

– Ular oʻldiraveradilar, oʻldiraveradilar…

– E, oʻldirsa oʻldirsin!

– Bundan senga nima foyda? Kafandan boshqa senga ne tegardi?

– E, boʻlganicha boʻlar.

– Balki kafan ham tegmas.

– Nega?

– Chunki turklar urushda oʻlganlarni kafanlashmaydi.

– Nima boʻlganda ham biz vatanimizni mudofaa qilaveraylik-chi…

– Menga qolsa, mudofaa-pudofaani oʻylamagan yaxshi, oʻlishga shoshilish aqldan emas.

– E, ogʻayni, hammaning joni ham jon, nima, turklar bizga oʻxshagan odam emasmi?

– Bizga oʻxshaydi-ku, ammo farqi bor-da: bizlar zaif, ular kuchli.

– Nima boʻpti?

– E, qoʻlimizdan hech narsa kelmaydi!

– Hech narsa kelmaydi emish! Vatanimiz uchun oʻlish ham qoʻlimizdan kelmaydimi?

– Qanchalar vatanparvarlik qilsang-da, boshqalar ne ham derdi? Seni urgʻochisini qoʻldan chiqarmaslik uchun tirishgan arslonga oʻxshatadi xolos, shu.

– Bu gaplarni qoʻy. Xoʻsh, turkiylarning bu yerda nima ishi bor deb oʻylaysan?

– Ie, ogʻayni, turklarda ne gunoh, axir bizning Husayn Kurt ularga hujum qildi-ku, endi ular ham javobini qaytarmoqda-da.

– Hm-m… Sen mudofaa tarafdorimisan?

– Balki mudofaa qilish kerakdir, faqat oʻlgungacha emas.

– Toʻgʻri aytasan.

– Ana, gaplashganimiz yaxshi boʻldi. Sen ham menga oʻxshab oʻylarkansan.

– Zotan shunday oʻylashga majburmiz. Ammo urushga kirgandan keyin, biror daydi oʻq tegib qurbon boʻlsang, bunga ham koʻnish kerak, axir vatan uchun oʻlimdan qochish ayb-da!

– Holbuki, magʻlubiyat muhaqqaq!

– Unda jonga qasd qilmagan maʼqul. Oʻlib ketgandan kimga foyda axir.

– Avval aytganimday, bu vaziyatda turkiylar haqli: bizniki ularga hujum qildi, ular javob bermoqda, demak, haq ular tomonda boʻlgach, magʻlubiyatimiz ham aniq!

– Ha, sendan turklar bu yerda nima qilishmoqchi, deb soʻragandim…

– Oʻljay Turkanning toʻyini oʻtkazishar emish.

– Keyin-chi?

– Bilishimcha, keyin qaytib ketadilar…

– Shuncha ovoragarchilikdan nima foyda bor?

– Agarda tutib olishsa, Husayn Kurtning adabini berib qoʻyadilar. Tutilmasa ham, gʻoliblik ularga katta mukofot…

Bular suhbatlashib turisharkan, tushlik payti ham boʻlib qolgandi. Birdan qalʼada katta toʻpolon, shiddatli taraqa-turuq boshlandi, omma iniga choʻp suqilgan arilarday har tarafga toʻzgʻib qochdi, bir zumda shaharda qiyomat qoʻpdi. Yaralangan, yiqilgan, ezilgan, ingragan, yigʻlagan aholining parishon holidan turklarning qilichi solgan qoʻrquvdan – Xurosonning ruhi singani koʻrinib turardi.

Bu toʻs-toʻpolon qaydan chiqdi, bu vahima qaydan keldi, bu mahsharni kim keltirdi oʻzi?..

 

* * *

Temur qalʼa ichidagi bir uyni nishonga olib, uni portlatish uchun yer ostidan lahm qazib, uni tashqariga, darvoza yonigacha kelgan bir nuqtaga tutashtirgan edi. Bu nuqtani esa qoʻmondon Qizgʻin qoʻshini qoʻr toʻkkan maydonga ulagan edi. Bu yashirin portlatish yoʻliga borut toʻkib chiqilgandi. Unga oʻt berilgach, kutilmaganda darvoza atrofini, qalʼa ichkarisini portlash gumburlari qopladi, chaqmoq tushib, uylarni yoqqanday boʻldi; Husayn Kurtning odamlaridan allaqanchasi oʻldi.

Temur qalʼa kunchiqari burchagidagi bir tepaga chiqib, qoʻlidagi bayroqni hilpiratdi. Bu qoʻmondon Qizgʻin qoʻshiniga bir ishora edi. Shu onda qoʻshin turgan yerdan bir oʻt yonib, ilonday bilanglab, oʻqday uchganicha qalʼaga qarab yoʻnaldi va bir zumda shaharga kirdi.

Portlash yoʻllarining iplari oʻrgimchak toʻriday shaharning barcha darvozalariga va ulardan yana choʻzilib kelib maydondagi nishonga bogʻlangandi. Maydondagi katta portlash har yoqni ostin-ustun qilib yubordi…

Ha, Xuroson ahlining endi-endi mudofaa tayyorgarligini koʻrayotgan paytda, kutilmaganda yuz bergan bu mudhish voqeaning sababi, aslida, Temurning yarim kechasi hozirlagan portlatish yoʻli va unga Qizgʻin qoʻshini tomonidan oʻt berilishi edi.

Nima boʻlganini xalq bilmay qoldi, portlash shaharda qiyomat qoʻpganday vahima uygʻotdi.

Urush ham bir qiyomat emasmi, aslida? Bir qism gunohkor banda oʻzini qutqarolmaydigan darajada ojizu magʻlub va bir qism zavolli esa – qurollangan va gʻolib!.. Mahshar shu emasmi? Bir tarafda mamnun va masʼudlar, bir yoqda esa mahkum va giryonlar!..

Temurning ikkinchi ishoratidan soʻngra kamoli shavqu shiddat bilan qurollarini taqib, otlariga minishib, Xuroson qalʼasiga dovulday yopirilgan turkiylar oʻzlarining zafar qozonishlariga amin edilar. Ularning oʻqiga uchganlar, nayzasi va qilichi zarbidan oʻlganlar, otlari tuyoqlari tagida ezilib, yerda yumalab yotgan magʻlublar… Bu talotoʻpda esidan ayrilganicha jonini asrash uchun har yoqqa qochayotganlar, jasadlarni bosib, qon kechgancha yugurayotgan falokatzadalar… barchasi tinimsiz yugurmoqda, yoʻl-yoʻlakay urushmoqda, olishmoqda, yiqilmoqda, oʻlmoqda, qochmoqda… Xullas, vahimali bir hoy-huyu qonli bir dahshat toʻla fojiotki, koʻz bilan koʻrish boru soʻz bilan tasvirlash imkonsiz…

Bu paytda darvoza qorovuli bilan yarador Saidali uydan tashqariga chiqmasdan, nima boʻlishini kutib jim oʻtirishardi. Bir necha jangchi ularning makoniga ham bostirib kirdi. Ichkarida bir bechora xotin va yaradorni, taslim boʻlgan qorovulni koʻrishdi.

Ularga hujum qilish turkiylar odatiga yotligiga qaramasdan, baʼzi marhamatsiz askarlar bosqin va talon qilishdi. Uchalasini ham bogʻlamoqchi boʻlib turishgandi, shu asnoda orqadan bir tovush eshitildi:

– Turkiylar urush payti kasallaru xotinlarga, bolalaru qarilarga tegmaydirlar. Sizlar nima qilmoqdasiz?!

Askarlar tovush kelgan yoqqa qarashdi. Barchasi shalvirab, qoʻllari yonlariga osilib qoldi va mulzam holda salom berib, unga:

– Kechiring, ulugʻ mingboshimiz! – deya xitob etdilar.

 

  1. KUNDUZI URUSH, KEChASI TOʻY

 

Oʻsha kuni asr payti Xuroson zabt va asir etildi. Shahar tozalandi, tartibga solindi, oʻliklar koʻmildi.

Shu kechasi hech kimsa uxlamadi.

Bu tunda vazir Qizgʻinni oʻldirishga hukm etgan sakkiz isyonchining qarori amalga oshirilishi kerak.

Bu oqshom Xurosonning ishgʻol etilgan eng ulkan, hashamatli saroylaridan biri toʻyxonaga aylantirilgan va ziyofat boshlangan edi. Atrof yop-yorugʻ, ziyoga gʻarq; oy yogʻdulari goʻyo bu toʻyni bezamoqda; goʻzal, ochiq yuzli mohitob goʻyo fol ochib, tolening kulib boqayotganini bildirayotganday, Temurning porloq kelajagidan xabar berayotganday.

Oʻrtadagi gulxanlar shunchalar chiroyli yonardiki, osmondan qaralsa, yer samoga oʻxshab ketardi. Gulxanlarning har biri bir porloq yulduz kabi yonar, toʻyxona esa oy misoli yorqin va munavvar edi… Atrofda kuy-qoʻshiq yangrar, tantana ohangi, shavqu tarab, nashʼali koʻklam havosi hukmdor edi. Barcha qoʻmondonlar vazir Qizgʻinning qizi kelin boʻlgan bu kechada nihoyatda xursand, qoʻldan kelgancha oʻyin-kulgi qilib, toʻyni qizdirishga intilishardi. Ularning suhbatlarida, samimiy oʻtirishlarida turk xalqining ulugʻ va sodda tabiati koʻrinib turardi. Ular orasidagi yaqinlik va samimiyat toʻy tufayli yanada jonlanganday, yuksalganday edi.

Temur sevgilisi Oʻljay Turkanga qovushgan bu kechada, toʻyning sururu zavqidan taʼsirlanibmi, tonggacha uxlay olmadi. U xayolan bor-yoʻgʻini sevikli yoriga baxsh aylar, uning goʻzalligi bergan bu purnur, nashidali soatlarning har bir oniga oʻz hayotini hadya etar va yana madhu tavsifida judayam ojiz qolgani Oʻljay Turkan goʻzalligi koʻkiga termula-termula uning porloq yulduzlarini sanamoqqa boshlar va ulardan oʻylarida bir guldasta yasar edi…

Qalbining eng mahram nuqtalaridan toʻlib-toshib chiqqan muhabbat tuygʻularini hayajon bilan suyganiga anglatarkan, bu orada jangu jadallarni, oʻz qahramonliklarini hech tilga olmas, faqat ishqdan, faqat hissiyotdan, valhosil, yolgʻiz oʻzidan, ruhidan soʻzlar edi.

– Oʻljay, – derdi u, – senga boʻlgan sevgimning bergan alami qanchalar ayovsizligini bilasanmi?

– Bilmayman…

– Oʻh-h, bilmaysan, shundaymi?.. Yuragimda saqlagan ishqimni bilishing, his etishing uchun, avvalo, seni undan xabardor etishim kerak edi. Holbuki, men senga buni bildirmadim. Sen meniki, faqat oʻzimniki boʻlganingdan keyin koʻnglimni ochaman, deya oʻylagandim…

– Endi men seniki boʻldim, toʻgʻrimi?

– Ha, Turkan, ha! Endi sen faqat menikisan!..

Temur bu soʻzlarni aytarkan, joʻshgan ruhining, yongan qalbining haroratiga chiday olmadi va goʻzal malagini quchdi, oʻpdi, soʻngra boshini uning tizzasiga qoʻyib, yuragini koʻrsatib:

– Men ham seniki! – dedi. – Tongda, shudringli chamanlarda oʻtirgan paytlarimda bulbullar sayrarkan, ular sening goʻzalligingni kuylayapti, deya rashk qilardim! Oftobning maxmur yuzidan oqqan xandali, gulgun yogʻdulari sening nozik chehrangga aziyat beradi deya, senga, sening parilarnikidan ham yumshoq va latif badaningga harorati savdosi-la xiyonat etadir, deya oʻrtanib-qizgʻanardim!..

Guldagi gulgun latofat sendan oʻgʻirlangandir deya, oy oʻzidagi oydinligu soflikni sendan olib aks ettirayotir deya, bahordagi yangidan jonlanish, tirilish sening diydoringdan hosil boʻlgan deya qizgʻanardim…

Bular va butun olam sening goʻzalliging tufayli goʻzallashayotganini va bundan oʻzimning mahrum ekanligimni koʻraturib, koʻp xafa boʻlardim, yigʻlardim… Urushdan, gʻavgʻodan, jangu jadaldan hech qaytmagan, seskanmagan bu qattiq koʻnglim sening savdoyi ishqing zolimligi qarshisida titrab, ojiz qolaverardi…

Tasavvur etki, tiz choʻkkanicha Tangrisiga yolvorayotgan bir gunohkor vaziyatida edim… Mana shunday, Turkan, sening uchun, faqat sen uchun men bu alam ostida har kuni ezildim, yillarcha iztirob chekdim… sening yuzingni koʻrolmaslik menga eng ogʻir jazo edi. U jazoni chekkan paytlarimda, oʻsha azobli hijron zindonida boʻgʻilgan zamonlarimda qalbimdagi faryod va iztirob, ruhimdagi afgʻonu ogʻular koʻksimni yoqar, qovurar, oʻzligimdan, oʻzimdan zarracha bir narsa qolmas va men butunlay senga aylanib qolardim va faqat seni oʻylardim…

– Nega?..

– Nega? Oʻh-h, jonim, nega, nechun? Qalbim chamanidagi alamlar, ishqlar, ruhlar tarannum etgan jonim bulbulining pinhona hijronini sening u tovush yetmas qulogʻingga eshittira olmaganim uchun! Ishqim dengizidagi ayriliq toʻlqinlarining zarbalari koʻnglimni yaralagan daqiqalarda kimsasiz, umidsiz, imkonsiz qolganim va bechora ruhimdagi qiynalishlarni senga, sening ruhingga sezdira olmaganim uchun! Borligʻim osmonini qoplagan bulutlar orasida oʻrtanarkanman, oydek yiroq yuzingni koʻrmoq ishtiyoqida yigʻlagan koʻzlarimdagi hijron dardini senga bildira olmaganim uchun!..

Nechun deysanmi? Zulmati hijronda ojiz qolganim uchun!

Nechun deysanmi? Bekasligim uchun!

Nechun deysanmi? Sensizligim uchun!

– Mana endi menga ega boʻlding…

– Ha! Senga yetishdim va qalbim chamanidagi ruhim bulbuli oʻz sirli qoʻshiqlarini senga aytmoqda endi. Xotiralarimni senga soʻylamoqdaman. Oʻh-h, xiralashgan koʻzlarim visoling nuri bilan toʻlib, avvalgiday porlay boshladi endi! Endi yuragimdagi qaygʻu oʻrnida gullar ochildi. Undan ingroqlar emas, shavqu surur sadolari yuksalmoqda. Koʻzlarimdagi sof ishqning shaffof yogʻdulari senga, sening qarashlaringdagi nurlarga borib tutashmoqda… Shunday qilib, oradagi butun hijron azoblari bitdi, visolning yorqin kunlari kelib yetdi! Qalbimdagi qora, mazlum bulutlar qolmadi, ruhimdagi jahannamiy otashlar soʻndi, ishqimdagi zindon havolari tarqaldi, koʻksimdagi savdo zaharlari yoʻqoldi va bularning bariga sabab sening porlagan tole oftobing, sening diydori husning…

– Demakki, endi eski gʻam-alamlaring yoʻq; demakki, bu kecha baxtlisan. U holda, nechun menga oʻsha dardu huzunlaringdan, qorongʻiliklaringdan, oʻlimlaringdan soʻylarsan?

– Oʻh-h! Ha, Oʻljay, ha, endi ular bari oʻtdi, endi baxtimiz bilan birga boʻlaylik! Oʻtmish bir tush, kelajak esa qorongʻulik. Shunday ekan, shu holu holatni, hozirgi onlarning topilmas zavqu shavqlarini, sururlarini qandaydir tushga, allaqanday qorongʻilikka fido etib boʻlarkanmi! Aslo!..

Ha, juda toʻgʻri, Oʻljay, juda toʻgʻri!..

Ikki sevishgan visol kechasida shundayin suhbatlashib oʻtirarkan, tong oqarinqirab, quyoshning zarrin ziyolari ufqni yorita boshladi… Tong goʻyo kelajakning porloq sahifalarini, gulgun tabassumlarini va Temur uchun tayyorlangan yorqin istiqbolni koʻrsatmoqchiga oʻxshardi… Shu bilan barobar, uning yuzida sargʻimtir bir kulumsash ham bor ediki, bu kecha oqshom bunda toʻy qilinarkan, boshqa bir yerda vazir Qizgʻinning qatliga qaror qilinganiga, tolening badbaxtligiga mudhish va samimiy ishorat, shafqat alomati edi…

 

  1. MASHʼUM KEChA

 

Xurosondan ortga qaytildi… Husayn Kurtni yengib, zafar qozongan oqshomda ona tomonidan jaloyirlarga mansub Oʻljay bilan Temurning toʻyi tantanalarini oʻtkazib, soʻngra yurtga ravona boʻlingan edi.

Urush tugashi bilanoq, yoqimsiz qon hididan qutular-qutulmas shoshilinch suratda oʻz holiga tashlab ketilgan vataniga qaytgan ulugʻ vazir Qizgʻin hazratlari darhol yoʻqligi zamonida yuzaga chiqqan masalalarni hal etishga, boshqaruv ishlarini mustahkamlashga kirishdi.

Endi har kuni tong oqargach, oʻrnidan turar, quyosh chiqqandan shomgacha hokimiyat idorasi bilan mashgʻul boʻlar, oy botgungacha oʻringa yotmas edi.

Qorongʻi bir kecha; vazir Qizgʻin oʻtirgan yerdan nariroqda yuzi-koʻzi oʻralgan bir kimsa sezdirmasdan, sharpaday kezib yuribdi…

Bolaligidan beri chodirda uxlashga oʻrgangan Qizgʻin uyquga tolarkan, haligi sharpa tovushsiz yaqinlashib, chodirning orqa tarafiga oʻtdi. Asta quloq tutdi, vazirning uxlayotganiga qanoat hosil qilgach, ichkariga kirish uchun chodir tagidan teshik ochdi.

Soʻngra nomaʼlum kishi atrofga quloq soldi, biror xavf yoʻqligini aniqlagach, ohista ichkariga emaklab kirdi va chodir ichini koʻzdan kechira boshladi…

Notanish kimsa ochgan teshik vazir Qizgʻin yotgan yerning yonida edi. Qora niyatli shaxs chodirda vazir va oʻzidan boshqa hech kim yoʻqligiga amin boʻlgach, qorongʻilikda qoʻli bilan oʻlchab, taxmin etilgan nishonga, vazir Qizgʻinning qoq yuragiga xanjarini sanchdi.

Mudhish zarbadan birdan uygʻonib, oʻrnidan sapchib turgan vazir qorongʻilikda nomaʼlum shaxs bilan boʻgʻisha ketdi. Qotil ishning pachava boʻlishi mumkinligini oʻylab, gʻazabi yanada qaynab-toshib, vazirga ikkinchi bor xanjar urdi…

Ikkinchi zarbani yegan keksa vazir ixtiyorsiz yerga choʻzilib qoldi, bir oz ingranib, tipirchilagach:

– Sen… kimsan?.. – deb soʻradi.

– Menmi? Sening qotiling! – dedi nomaʼlum shaxs.

– Nega… meni… oʻldirmoqchisan?..

– Qizingni bermaganing uchun!

– Sening… sheriklaring kim?..

– Qizingni istagan necha kishi boʻlsa – barisi!

– Unda… bari… mening amirlarimdan…

– Shunday, bari! Zotan, ertaga har biri oʻz odamlari bilan isyon boshlaydir!..

– Ey-voh, yuragim… Kim bor…

– Oʻl-e!..

Qotil shunday deya vazirga yana bir xanjar urdi.

Soʻngra, bu yerda turishga ortiq hojat qolmaganidan, chaqqon emaklab teshikdan oʻtdi-da, qorongʻilikda gʻoyib boʻldi.

Noxush tovushdan xavotirlangan Temur va Oʻljay shoshilib vazir Qizgʻinning chodiriga yetib kelishdi. Qizgʻin soʻnggi nafasini olarkan, Temurga qarab:

– Meni… oʻldirganlar… ertaga… sendan ayriladilar, – dedi. – Oʻgʻlim, oʻzingga… ehtiyot boʻl… Qizim… alvido… Oʻchimni… oʻchimni olingiz!..

Vazirning soʻnggi soʻzlari boʻgʻzidan xirillab chiqdi va qaygʻu bilan bosh egib turgan kuyovi Temur bilan qizi Oʻljay koʻz oʻngida toʻlgʻona-toʻlgʻona jon berdi. Bechora cholning boshi yostiqda qimirlamay qotib qoldi. Oʻljay va Temur shu onda ont ichdilar.

– Otamning oʻchini olasan-a, Temur? – dedi Oʻljay.

– Ha, oʻch olaman!

– Meni sevasan-a?

– Ha, sevaman!

– Sendan mening boshim uchun otamning oʻchini olishingni istayman!

– Ont ichaman: otamizning oʻchini olaman!

– Men ham ont ichaman: har doim sen bilan birgaman, har xususda yordamchingman…

– Otamizning oʻchini olmasdan qoʻymaymiz! Uni hecham unutmaymiz! Uning intiqomini olguncha faqat uning uchun yashaymiz!

– Ha, Temur, faqat uning uchun yashaymiz!

Ikkovlon ahdu qaror qilib turgan shu daqiqalarda qoʻlida mashʼala tutgan Oʻljayning ukasi chodirga kirib keldi va ahvoldan voqif boʻlgach:

– Toʻgʻri, Temur, faqat oʻch olish uchun yashash kerak, – dedi.

Mashʼala chodir ichini yoritarkan, Temur birdan baqirib yubordi:

– Hah!.. Olloh gunohkorlarni oʻz ayblarini berkitishda doimo yanglish yoʻllarga solmishdir. Ana, qotil shu yerda! Oh… m ana, qotil xanjarini otamizning koʻksida qoldirib ketibdi…

– Nima? Xanjarini-ya?..

– Ha.

Temur vazir Qizgʻinning koʻksidan xanjarni sugʻurib oldi, unga sinchiklab qaradi.

– Bu ulugʻ vazir Sulaymonga tegishli qurol, – dedi.

– Demak, qotil u!..

– Xanjarga va undagi yozuvga qaraganda, qotil u… faqat u yolgʻiz emas…

– Yaxshi, sheriklari kim deb oʻylaysan?..

– Bu ishni aniqlashtirishni bizning Oʻgʻuz Arslonga topshirish kerak. Tong otguncha hal qiladi.

– Ont ichamizki, ulardan dahshatli oʻch olurmiz!..

– Ha, mudhish intiqom olurmiz!..

 

VII. MUDHISH INTIQOM

 

Ertasi tongdanoq vazir Qizgʻinning qatl qilingani xabari yoyilar-yoyilmas qoʻshinda shunaqayam sarosima, talotoʻp boshlandiki, gʻurur va izzat nafslari zadalangan turklar Temurning yoniga yopirilib keldilar va oʻch olishga qasam ichib, uni qasos uchun tashviq va targʻib etdilar.

Bu chogʻda Temurning chodiriga toʻplangan beklar, mingboshilar va boshqa ulugʻlar qotilning va xoinlarning kimligini aniqlash niyatida Oʻgʻuz Arslon aniqlagan dalillar ustida muhokama yuritishmoqda edi.

– Bolam, – dedi Oʻgʻuz Arslon, – buyrugʻingizni bajarish uchun kiyimlarimni oʻzgartirib, boshqa qiyofada jangchilar orasiga bordim…

Hech narsani bilmaganday atrofni aylanarkanman, qorongʻida, bir katta tosh ortida berkinib turgan nomaʼlum shaxsning: “Kim u?!” deya baqirganini eshitdim.

Uning ovozi titrardi. Darrov hushyor tortdim, bir narsasi bor shuning, deya oʻyladim. “Menman”, dedim-da, sekingina unga yaqinlasharkanman, tanib qolmasligi uchun qorongʻiroq tarafga oʻtdim.

Qarshisida toʻxtab, koʻrdimki, Sulaymon turibdi! “Nima qilding, Sulaymon? Anavi ishni bitirdingmi?..” dedim shivirlab.

Shu soʻzimdan keyin uning koʻngli tinchib: “Ha! Bitirdim! Ammo mening ham ishim bitdi endi…” dedi.

U meni haliyam tanimagandi, oʻzining fitnachi sheriklaridan biri deya xayol qilgandi. Yuz-koʻzim belbogʻ bilan oʻralgani uchun soqolim koʻrinmasdi, chaqqon harakatlarim meni yosh koʻrsatardi.

“Oshnalarimizning xabari bormi?” dedim.

“Yoʻgʻ-e, qayoqda. Bu yerga oʻzim arang yetib keldim-ku”, dedi.

“Bu yerda hech kim yoʻq, tinch. Ularni ham chaqirsak boʻlmasmikin?”, dedim.

“Boʻladi…” dedi u.

“Kechqurun yigʻilish bor deb ayttirib yuborishgandi, biroq men borolmadim. Mana shu kuni tunda hukm bajarilishi kerakligini bildirishgandi, shuni oʻylab, agar ish oʻylaganimizday chiqmay qolsa, nima boʻlarkin, deya rosa qoʻrqdim-a… Shomdan beri shu atrofda daydib yuribman-da. Ammo oʻzingam juda chaqqon, har ishni sezdirmay qiladigan ustasan-da, qachon kelganingni bilmay qolibman…” dedim.

“Ha, nima demoqchiydim… Unda borib ularni chaqirib kelay. Bugungi yigʻilish qayda?” deb soʻradi u.

“Qoya Alp chodirida”, dedim.

U ketdi.

Men soʻngra chodirga borib, fitnachilarni koʻrdim…

Oʻgʻuz Arslon soʻzini tugatishi bilan Temur undan:

– Ular kimlar ekan? – deya soʻradi.

– Ulugʻim, siz ularning barini taniysiz…

– Yoʻgʻ-e! Kimlar?

– Bari sizning raqiblaringiz. Oʻljay Turkanni istab, quruq qolganlar, anavi gʻavgʻoda Oqa Kunduzni oʻldirib qoʻyib, qoʻli qonga belangan sakkiz jinoyatchi… Sulaymon oʻshalardan biri emasmidi?..

– Ha, endi anglayapman gap nimadaligini… Demak, Qizgʻin vazirni qizi uchun oʻldirishgan, shundaymi? U holda qotillarga omon yoʻq!.. – dedi Temur.

– Olloh yoʻlingni ochiq qilsin! – dedi Oʻgʻuz Arslon.

Temur oʻrnidan qoʻzgʻalgach, Oʻgʻuz Arslon ham uning ortidan ergashdi va chodirdan tashqariga chiqishdi. Askarlar darhol ularni oʻrab oldilar.

– Qotildan oʻch olishni istaymiz! – degan tovushlar yangradi.

Bunga javoban Temurning:

– Oʻch olingay! Otlaringizni minib, toʻplaning! – degan haybatli ovozi jarangladi.

Barcha sevinib tarqaldi va oqshomga yaqin urushga tayyor boʻlib toʻplanishdi. Temurning:

– Oʻch olish uchun, vazir Qizgʻinning intiqomi uchun olgʻa!.. – degan jasurona buyrugʻi eshitildi.

Ular ufqqa qarab uchib borisharkan, qarshidan bir otliq koʻrindi va yaqinlashib:

– Temur arslonni koʻrmoqchi edim, – dedi.

Uni Temurning yoniga olib borishdi. Otliq qoʻynidan chiqargan buyruqni Temurga topshirdi. Uni oʻqigan Temur amakisi hoji Sayfiddin Barlos, Boyazid Jaloyiriy, qutbulquttob Zayniddin Abu Bakr va Mirsaid Sharifdan iborat maslahatchilari bilan vaziyatni muhokama qilishga kirishdi. Ikki soatlik kengashdan keyin maslahatchilarini ergashtirib, bir tepalikka chiqdi va askarlarga qarata shunday dedi:

– Arslonlar, qahramonlar! Shu onda orqaga qaytmoq biz uchun muvofiqdir. Bu ishning toʻgʻriligini maslahatchilarim, mamlakatimizning donishmandlari boʻlgan shu zotlar ham tasdiqlashdiki, bu qarorda hikmat bor, – dedi.

Soʻngra otiga minib, yoʻlga chogʻlandi. Garchi bu tarzda qaytish baʼzilarga yoqmagan, mish-mish chiqargan boʻlsa ham, barcha askar otlanishib, uning ortidan ergashdilar.

 

VIII. QOTILLARGA NIMA BOʻLDI

 

Sulaymon kutilmaganda uchrab qolgan Oʻgʻuz Arslonning soʻzlaridan bir oz shubhalagandi, faqat oʻsha paytda qotillik iztirobida oʻrtanayotgani va esi unchalar oʻzida emasligi uchun uning kimligini oʻylab koʻrolmagandi. Bir muddat kutdi, lekin u tarafdan hech kimning kelmaganini va bu turishda kelmasligini ham anglab yetgach, bu yerda bir gap bor, deb qoʻydi. Darhol sergak tortib, turgan joyidan zaharli ilon kabi qoʻzgʻalib, boshini har yoqqa burib, tegrasiga iblisona koʻz tashladi-da, shipillaganicha yura ketdi…

Qoya Alpning chodiriga bordi. Eshik yonida turganicha ichkariga quloq tutdi. Chodirda uni kutayotganlar toqatsizlanib, oʻz gaplarini maʼqullashardi:

– Haliyam kelmadi-ya, ishqilib, bir falokat boʻlmasin-da…

– Qoʻysang-chi, doʻstim, har ishda shunaqa kechikish Sulaymonning eski odati-ku! Zotan, qoʻlidan nimayam kelardi…

– Ie, oʻylab gapiryapsanmi? Agar u shu paytda bu ishda biror xatoga yoʻl qoʻysa, biz juda koʻp narsa yoʻqotamiz!..

– E, azizim, bekorga xavotir olyapsiz. Kutaylik, yurgan odam, kelib qolar axir…

Zotan, bir jamiyat, qanchalar sobit va mustahkam boʻlmasin, agarda u yomonlik poydevori ustiga tiklansa, haqiqiy toʻgʻrilik gʻoyasiga tayanmasa, uning aʼzolari oʻrtasida nifoq chiqaveradi. Biri u deydi, biri bu deydi; biri u yoqqa, biri boshqa yoqqa tortadi… Ular doimo bir-birlariga qarshidirlar. Yaxshilikdan muddao yomonlik bilan musobaqaga kirishmoqdir…

Shunday qilib, Sulaymonning qotillik martabasiga erishuvi oshnalariga turlicha taʼsir qilgan, baʼzilari hasad qilib, halitdan uni chaynay boshlashgandi:

– Koʻraylik, qachon kelarkin? Oqshomdan beri kutyapmiz, tong ham oqardi, haliyam keladi!..

– Albatta keladi, qayoqqa borardi. Ishqilib, bizga xiyonat qilmasa boʻldi.

– Sen nima deyapsan oʻzi? Ogʻzingga qarab gapir!

– Menimcha, undan har narsani kutish mumkin.

– Bu nima deganing?

– Biz qasam ichgan paytimizda unga diqqat bilan qaraganmidingiz?

– Ha, esimda, turqi gʻoyat sovuq edi.

– Turqini qoʻyaveru, ont ham ichmagandi! Men oʻshandan beri bu ishning oxiri nima bilan tugarkin, deya bosh qotiraman.

– U holda, tagʻin qochib ketgan boʻlmasin?

– Balki qochgandir, balki xiyonat qilgandir.

– Yoʻq, oʻrtoqlar, yoʻq, u bunchalikka bormas. Sulaymon ehtimol sizlarga xiyonat qilar, biroq oshiqona intiqom soʻzidan qaytish hecham qoʻlidan kelmaydi! Undagi ishq jonsiz oltindan boshqa narsa emas: u faqat qilichday kesadi, faqat oʻldiradi, faqat u ishq buyrugʻini bajaradir!

Sulaymon chodir yonida turarkan, unga nomaʼlum bir odam uchragani va bu yerga u yoʻllaganini aytishga qaror qilgandi, biroq sheriklari uni koʻrishlari bilanoq, ogʻiz ochtirmasdan, soʻroqqa tutishdi:

– Ish bitdimi?

– Aytaqol, nima boʻldi?

– Qarshilik koʻrsatdimi?

– Seni tanidimi?

Soʻroq doʻli ostida qolgan Sulaymon, bularning ezmaligidan, vaqt ziqligidan siqilib:

– Doʻstlarim, – dedi pisandsizlik bilan, – sizlarga ishning qanday boʻlganini aytib berishga hozir vaqtim yoʻq. Qani, turing, hoziroq barimiz otga minib, yoʻlga tushamiz!.. Bu yerdan qochishdan boshqa chora qolmadi…

– Nima boʻldi oʻzi, tushuntirsang-chi!

– Nima boʻlardi, dard boʻldi! Sizlar bu yerda suhbatlashayotganingizda, chodir yonida bir sharpa soʻzlaringizni tinglab turganini koʻrdim. Tabiiyki, sizlar bunda ancha-muncha soʻzlarni gapirgansiz, u ham bekordan-bekorga tinglab turmagandir-ov… Albatta, bir maqsadi bor. Chuvimiz chiqmasdan otni qamchilaylik! Menimcha, Temur bu ishdan xabardor. Shuning uchun hammamiz Temurning oldiga boraylik, masalani boshqacha tushuntirib, hechqursa uning gʻazabidan qutulaylik… Zotan, shu ishni qilganimdan oʻzim ham pushaymonman, axir uni oʻldirdim nimayu oʻldirmadim nima, hech bir foydasi yoʻq, hech!..

Qoya Alp oʻrtaga otilib, uning soʻzini maʼqulladi:

– Toʻppa-toʻgʻri, bundan boshqa chora yoʻq, doʻstlar! Qochaylik, qutulaylik!

Bari chodirdan chiqishib, otlariga sakrab minishdi. Orqalaridan bir necha xizmatchilarini ham ergashtirib, malʼun bir toʻda holida otlarini uchirtirib, qocha boshladilar.

* * *

Quyoshli bir kun. Samoda, unda-bunda oppoq bulut parchalari kezib yuribdi. Yerda esa, nomiga boʻlsa-da, biror koʻlka degan moʻjiza koʻzga tashlanmaydi.

Har yoq quyosh haroratidan yonmoqda, jaziramada qovurilmoqda. Oʻrdugohdan yarim kunlik masofa uzoqlikdagi Tugʻluq Temurning poytaxtida esa kamoli azmu iqbol ila shodumonlik hukmron.

Tugʻluq Temur samoviy va behishtiy taxtida oʻtirarkan, allakimni intizor kutayotgani, sabrsizlanayotgani va siqilayotgani koʻrinib turardi.

Xizmatchilardan biri kelib, uning huzuriga kirmoqchi boʻlgan ikki-uch kishining muntazir ekanligini bildirdi. U izn berdi. Xizmatchi chiqib ketdi va bir muddatdan soʻng qaytib:

– Kirsalar boʻlurmi? – dedi.

– Bunga keltir ularni! – dedi Temur Tugʻluq.

– Bosh ustiga!

Xizmatchi shunday deya tashqari chiqdi va soʻngra ichkariga Sulaymon, Qoya Alp va boshqa fitnadoshlar kirib kelishdi. Tugʻluq Temur xizmatchilariga:

– Bizni yolgʻiz qoʻying! – deya buyurdi.

– Bosh ustiga! – deya xizmatchilar tashqariga chiqib ketishdi.

Yolgʻiz qolishgach, Tugʻluq Temur kelganlarni soʻroqqa tutdi:

– Nima boʻldi? Nega bunaqa toʻdalanib keldingiz?

Doʻstlari sen bir nima de, deganday Sulaymonga qarashdi.

– Taqsir, – dedi Sulaymon, – biz bilan birga besh yuz kishi keldi, Temurdan qochishga majbur boʻlib qoldik…

– Nega?

– Temur qilgan ishimizdan xabar topibdir…

– Demak, bu ishda mening ham qoʻlim borligini u biladir?

– Yoʻq, taqsirim! Temur sodda bir yigit. Uning bu ishdan xabardorligi shundaki, uning odamlaridan birisi tasodifan biznikilarning chodirda gaplashib oʻtirganini eshitib qolgan va qotilning bizlardan ekanini sezgan; u borib Temurga shuni bildirgan, xolos.

– Demakki, Temurni men haliyam qoʻgʻirchoqday oʻynata olaman. U holda, shuni bilaturib, bu yerga kelmogʻingizdan maqsadingiz – meni ham fosh etmoq, siz bilan birgaligimni koʻz-koʻzlamoq, shundogʻmi?

– Yoʻgʻ-e, taqsir, biz bu yerga faqat marhamatingizga sigʻinib, sizdan panoh tilab keldik! Tabiiyki, himoyatingizdan umidvormiz…

– Hozircha sizga izn berdim. Men bilan birga boʻlsangiz (faqat buni hech kim bilmasligi kerak), yaqinda vazir Qizgʻin zamonida sarkashligini boshlagan yerlardagi aholini oʻzimga tobe etmoq, boshqa baʼzi yerlarni ham itoatimga olmoq va avvalgi qudratu shavkatimga erishmoq uchun katta yurishga kirishurman. Oʻshanda bizga qoʻshilishga imkoningiz bor.

– Rahmat, taqsir!

– Temurga esa hech bir gʻarazim yoʻq. Faqat, koʻramiz, kelajakda davron boshimizga nelarni solgay.

– Taqsir, uning sizga qarshi isyon koʻtarishi aniq…

– Oʻshanda koʻramiz!

Tugʻluq Temur shunday deya bir ishorati-la xizmatchini chorlab, kelganlarni kuzatib qoʻyishni buyurdi. Ular chiqib ketganidan keyin:

– Ana, ishlar mundoq boʻpti, Qizgʻin bobo! – deya mamnun jilmaydi. – Sen bosib olgan yerlarimni qaytib olish uchun hech nedan qaytmayman! Hech ne, hech kim bunga mone boʻlolmas! Agarda kuyoving Temur ham menga qarshi zarracha osiylik qilsa, bosh koʻtarsa, boshi ketadir, eh!..

Soʻngra yana xizmatchini chorladi. Unga:

– Eng chaqqon choparlarimdan birini tezda bunga yubor! – deya amr etdi.

Bir ozdan soʻngra ichkariga chopar kirib keldi. Tugʻluq Temur huzurida arzi ehtirom ayladi. Tugʻluq Temur suyanib oʻtirgan yostigʻi ostidan bir hamyonni olib, unga uzatdi va shunday dedi:

– Hoziroq otga min! Uchganingcha qoʻshinga yetib bor! Temurga uchrash. Qaynotasining oʻldirilishi munosabati bilan unga va xotini Oʻljay Turkanga taʼziyamni bildir. Movarounnahr oʻlkasi boshqaruvini unga topshirganimni yetkaz! Turgan yeridan hech yoqqa jilmasin. Men urush boshlayapman, undan anchagina xizmatlar talab qilurman. Tez yoʻlga tush!..

– Bosh ustiga! Bu soʻzlarni faqat Temurga aytaymi?

– Ha, faqat Temurga ayt!

Chopar sulton Tugʻluq Temurning etaklarini oʻpib, tashqariga chiqdi. Sulton derazadan uning otiga minib, oshiqich yoʻlga tushganini koʻrdi.

 

* * *

Moʻgʻul sarkardasi sulton Tugʻluq eski moʻgʻul otalaridan oʻtgan qonidagi oʻjarlik, shahdu shiddat bilan Olmaliqdan Samarqand ustiga yurdi.

Tugʻluq Temur, barcha rejalarini unutib qoʻygan rassomday ish tutganicha yoʻlida uchragan har narsani yoqib, yiqitib, tevarakka dahshat sochib borardi.

Uning askarlari shu yerlik turklardan tashkil topgandi. Oralarida musulmonlikka uncha ahamiyat bermaydiganlari, talonchilar ham uchrab turardi. Biroq bari Tugʻluq Temurga sadoqatli, uning bir amriga qonini, jonini fido qiladigan, unga hayoti bilan bogʻlangan jangovarlar edi.

Temur amridagi vazir Qizgʻinning askarlari, sulton Tugʻluq qoʻshinining bu muvaffaqiyatli, oʻljaga boy yurishini koʻrar-koʻrmas, ogʻizlarining suvi qochib, darhol istilochilar yoniga ot qoʻydilar.

Ular orasida Temurning amakisi hoji Sayfiddin Barlos bilan Boyazid Jaloyiriy ham bor edi. Temur ularning bu ishidan judayam xafa boʻldi. Bu rejasiz harakat, har yerni bosish va talashga yoʻnaltirilgan gʻaddorona yurish natijasida Tugʻluq Temur, bir payt kelib, oʻz tigʻini yosh Temurga qaratishi ham mumkin edi…

Shularni oʻylarkan, Temur mashvaratchilaridan qutbulaqtob Zayniddin Abu Bakr va naqshbandiy tariqati mansubi Said Shariflar maslahatiga kirib, vaqtincha qaynotasining qotillariga qarshi urushdan voz kechdi, sulton Tugʻluq Temur bilan esa iloji boricha yaxshi munosabat oʻrnatishni munosib koʻrdi. Bu ikki usta maslahatchi vositasida oʻzini Tugʻluq Temurga sodiq koʻrsatishga, paytdan foydalanib, oʻz ahvolini tartibga keltirishga intilib, sultonning yaqinlari bilan aloqa bogʻladi va ancha-muncha muvaffaqiyatga ham erishdi. Sulton aygʻoqchilari orqali aniqlangan sirlarni Temurga ham bildirib turardi. Temur beriladigan aqcha va tortiqlarni orttira-orttira sultonning odamlarini qoʻlga kiritgani kabi bora-bora Tugʻluq Temurni ham oʻziga ogʻdirib oldi…

Bular, tortiqlar uchun sarflangan aqchayu oltinlar tariqat kishilaridan, vaqflardan yigʻilib kelardi. Temurni dindor aholi yaxshi koʻrardi va uni doimo qoʻllab-quvvatlardi. Temur ham ularning husni nazarini jalb etishga, koʻnglini olishga intilardi. Shu tariqa u kirishgan har ishida yutuqlarga erisha boshladi.

Bir kuni, Temur xos maslahatchilari bilan kengash qilarkan, soʻz aylanib shu gaplarga taqalgach, bir maslahatchisi oʻta ishonch bilan shunday dedi:

– Sultonning ahvoli qanaqaligini bilish uchun ularning vaziyatini koʻz oʻngimizga keltirish kifoyadir, deb oʻylayman.

– Bu xususda men ham ayni fikrdaman, – dedi Temur. – Harholda Tugʻluq aldandi.

– Qanaqasiga aldanadi?

– E, shunaqayam aldandiki, hatto qaynotamning qotillarini himoyatida tuta kelgani ham menga maʼlum emasligiga ishonadir, deb oʻylayman.

– Menimcha, sultonning bunaqa aldanishi mumkin emas, bu ehtimoldan uzoq narsa. Tugʻluqning bunchalar ahmoqlikka borishini xayolimga ham keltirolmayman. Ammo siz bunga muvaffaq boʻla bildingizmi, agarda shu ishni bajargan ersangiz, amalga oshishini imkonsiz koʻrganim va qoyil qolganim bu muvaffaqiyatga qanday noyil boʻldingiz?

– Qanday boʻlardi, bu jarayon oʻz-oʻzidan yuzaga keldi. Sultonning odamlari nufuzimni juda yuksak tasavvur etishardi va ustunligimu boyligimdan koʻzlari qamashardi. Oltinu tortiqlarim yurak-yuraklariga kirib borgandi. Xonga ham hadiyalarni hech ayamasdan yubordim. Mana endi kim yaxshi, Temur yaxshi, har xususda fikrimni soʻraydi, raʼyimga qaraydi, koʻpincha men aytganday ish tutishni maqbul koʻradi. Muvaffaqiyat qozonish uchun amalga oshirgan oʻsha hiylalarni menga siz oʻrgatgandingiz-ku, axir. Har ishda, doimo dindorlardan, ularning taʼsiridan va koʻz qamashtiruvchi siymu zardan, hadiyalardan foydalan, deya siz maslahat bergandingiz-ku!

– Boʻldi, qoʻlga tushdik, biz taslim! Faqat bu qadar oz vaqt ichida bunchalar katta muvaffaqiyatga erisha olishingiz xayolimizga ham kelmagandi.

– Siz u yoʻl-yoʻriqni, dushmanga qarshi hiylani bilardingiz. Faqat qanday amalga oshirishni aniq bilmasdingiz. Mobodo, siz mening oʻrnimda boʻlsaydingiz, bu ishni yuzaga chiqarish uchun fursat topolmay boshingiz qotardi. Bunga ikki baravar koʻp fursat berilgandayam muvaffaqiyat qozonmoq osonmas. Bir siyosiy hiylani amalga oshirish uchun kunlar emas, balki yillar ham oz. Oʻychi oʻyini oʻylaguncha tavakkalchi ishini bitiradi. Bunaqa ishda har doim jasorat, tavakkalchilik, oldin hujum uyushtirish katta ahamiyatga molik. Men xuddi shunday qildim. Oʻlgunimcha mana shunday yoʻl tutishga qaror qilganman va oʻlgunimcha muvaffaqiyat qozonishga umidvorman. Ruhim, fikrim ham urushni boshqaradigan qoʻllarim kabi kuchli va metin boʻlishi kerakligini bilaman!

– Juda soz! Qutlaymiz! Sizning bu yutuqlaringiz biz uchun ham sharafdir!

– Yana shunisiyam borki, sulton Tugʻluq har neki xususda mening qarashimni yo maslahatimni soʻragan boʻlsa, unga aytgan soʻzlarim bilan uning hukumati va manfaatini emas, oʻz muvaffaqiyatlarimni koʻzladim.

– Oʻh-oʻ! Bunga qanday erishdingiz?

– Masalan, har doim menga bergan amrlarini bajarganimni bildirarkan, fikru zikrimni uning vatanimdan, Movarounnahrdan chiqib ketishiga qaratardim. Hech oʻylab koʻrdingizmi, Mahmudshoh bu yerlarga oʻz-oʻzicha kelib qoldimi, Tugʻluq uni oʻz tashabbusi bilan bunga joʻnatdimi?

– Ne bilaylik, qani, oʻzingizdan eshitaylik…

– Bu ishni oldindan pishirdim. Yurtimizda yetishgan, bu oʻlkaning sharoitini yaxshi biladigan, oʻz urugʻimdan boʻlgan Mahmudshoh Barlosni sultonga tavsiya etdim. Uning qoʻmondonlikka koʻtarilishiga rosa harakat qildim va niyatimga yetdim. Uning bu martabaga erishuviga bu oʻlkadagi ahvolni yaxshi bilishi omil boʻldi.

– Sizning timsolingizda shu vatanni qutqarish uchun yuborilgan ulugʻ xaloskor shaxsni koʻrmoqdaman va qasam ichamanki, shu ondan oʻlgungacha siz va sizning muvaffaqiyatlaringiz uchun xizmat qilaman!

– Rahmat! – deya Temur dono maslahatchilariga ehtiromini izhor etdi.

Shunday qilib, Temur urugʻdoshi Mahmudshohni qoʻmondonlikka tayinlagan kunlarda sultonga baʼzi xirojlarini toʻlay olmagan mulk egalari sarosimaga berilib, bor-budlaridan ayrilib qolish qoʻrquviga tushgan, yotib qolguncha, otib qol qabilida ish tutib, qipchoq bosqinchilari ustiga hujum uyushtirishgan va qipchoqlar orsida talotoʻpu isyon chiqarishgan edi.

Sulton bu qoʻzgʻolonni bostirish uchun Movarounnahrdan keladigan daromadga koʻz tutayotgandi. Holbuki, Tugʻluq istasayu istamasa, bu oʻlkani idora eta oladigan eng maqbul shaxs Temur edi.

Temur ham ulamoning hurmatini, ham aholining muhabbatini qozongandi. Jassorati, mahorati tufayli hukumat amaldorlari va sulton nazdida katta mavqega ega edi.

Sultonning buyrugʻiga koʻra Temur Movarounnahrga voliy etib tayinlandi va qoʻliga hokimlik muhri, amriga oʻn ming kishilik qoʻshin topshirildi.

 

  1. FALOKAT

 

Yeru koʻkni qalin tuman va koʻzni koʻrmas bir zulmat qoplagan, mudhish, qoʻrqinchli kecha… Zaminu samovotni toʻldirgan bu boʻgʻiq havodan qandaydir falokatning sassiq qoʻlansasi anqiydi, shamollar oʻlim badboʻyini keltirayotganday, atrofda bir jahanamiy qorongʻulik hukmfarmo…

Mana shunday vahimali, zim-ziyo tunning qorongʻu zindonida, uning qora qumlarida vishillab sudralgan ilonlar kabi ikki-uch kishining izgʻib borayotgan sharpasi seziladi…

Bu yerlar Temur hokimlik qilayotgan Movarounnahr oʻlkasi chegarasiga yaqin bir makon. Bu qum vohasida kichik-kichik tepaliklar koʻzga tashlanadi. Tepaliklar panasida pisib yotadigan qaroqchilar bundan ahyon-ahyonda oʻtadigan yoʻlovchilarni tunab, qashqirlarday kun kechirishadi. Haligi qorongʻilikda timirsklanib yurganlar itlarnikiday oʻtkir koʻzlari bilan tuman ichida bir otliq kelayotganini ilgʻashdi. Darhol oldindan tayyorlangan pistirmaga yashirinib uni kuta boshlashdi. Otliq esa hech narsadan xabarsiz yoʻlida davom etardi…

Haligi pistirma yonidan oʻtayotganida boʻyniga allanarsa kelib tushganini sezdi…

Qaroqchi uning boʻyniga kamand otgandi. Otliq bechora gupillab yerga yiqildi, nima boʻlayotganini bilolmay ham qoldi, oʻzini u yoqqa-bu yoqqa urdi, tipirchiladi, biroq koʻksiga va boʻyniga urilgan ikki-uch xanjar zarbasidan keyin manguga tinchidi-qoldi.

Yoʻltoʻsarlar shoʻrlik oʻlikning ust-boshini tintib koʻrishdi, qoʻynidan bir oz pul va maktub chiqdi. Xat arab yozuvida, bu oʻlkada toladan ishlab chiqarilgan qogʻozga bitilgan edi. Qotillar yoʻlovchining oʻligini sudragancha oldindan tayyorlab qoʻyilgan chuqurga olib kelib tashlashdi va birpasda uni koʻmib, jinoyat izini bekitishdi. Soʻngra jasad koʻmilgan yerni har ehtimolga qarshi yana bir bor koʻzdan kechirib, oʻljasini tinchitgan qashqirlarday qorongʻilikda, tuman orasida gʻoyib boʻlishdi. Bir oz yurishgach, qurbon ketgan odamning otini yetaklab olgan qaroqchi:

– Yana qancha yuramiz, tong otib qoldi-ku, – dedi.

– Toʻxtash yoʻq! – dedi boshqasi. – Temurning yerlaridan chiqib ketguncha yurishga majburmiz.

– Ha, shunday qilganimiz tuzuk. Shunday ish tutishimiz ancha xavfsizroq va qutulishning yoʻli ham shu.

Yoʻlda davom etishdi. Bir muddat oʻtgach, uchinchi kimsa shunday dedi:

– Bu kechani shu atrofda, eronlik Xizrning uyida oʻtkazsak, nima deysizlar? Uning joyi Temurning yerlaridan tashqarida. Menga qolsa, shunday qilish kerak.

– Juda yaxshi. Oʻziyam itday charchadik. Manavi jonivorning ham bizga foydasidan koʻra zarari tegdi, hech yoʻlimiz unmadi.

– Kelishdik. Qani, oʻsha yoqqa joʻnadik!

Qaroqchilar gʻayrat bilan yoʻl bosib, oʻn daqiqadan soʻngra eronlik Xizrning uyiga yetib borishdi.

Darvozani taqillatib, ochdirishdi va ichkariga kirishdi. Eronlik Xizr ham yoʻltoʻsarlarga oʻxshagan, qorongʻida kun oʻtkazadigan zaharli ilonlardan edi. Faqat u qaroqchilardan aqlliroq edi, oʻqish-yozishni bilardi. Bu xilvat, gadoytopmas makonga hiylagarlikda yanada yetuklikka erishish va ziyrak koʻzlardan uzoqroqda turish niyatida kelib qolgandi. U bunaqa ahmoq qaroqchilardan bir nechasini har barmogʻida oʻynatardiyu, biroq bu nayrangini yonidagi biror kimsaga sezdirmasdi.

Eronlik Xizr yoʻltoʻsarlarni qani-qani qilib, kutib oldi va xonaga olib kirib oʻtqazarkan:

– Shu kechasi ov baroridan kelibdi-yov, koʻzimga juda boyiganday koʻrinyapsizlar, – dedi sinchiklab.

– E, goʻr boʻlarmidi, – dedi qirriq qaroqchi. – Qanchalik boyiganimiz maʼlummas, hali oʻljaga tuzuk-quruq qaramadik ham. Koʻraylik-chi, kishi boshiga qanchadan tegarkin?

– E, oling unda, men taqsim qila qolay! – dedi Xizr.

Yoʻltoʻsarlar oʻljalarini cholning oldiga toʻkishdi. Yigʻilgan narsalar orasida haligi maktub ham bor edi. Qariya xatga ziyraklarcha koʻz tashlab, oʻgʻrilarga bildirmasdan darhol uni bir yoqqa ajratib qoʻydi. Oʻrtadagi oʻljani, pullarni taqsimladi, soʻngra maktubni qoʻliga olib:

– Shuyam meniki boʻlsin! – dedi. – Bilasizki, men shunaqa narsalarga qiziqaman. Oʻzi bundayin eski-tuski qogʻozning sizlarga hech keragi yoʻq, deb oʻylayman.

– E, otaxon, olaver! – dedi bir qaroqchi.

– Zotan, biz uni tashlab yubormoqchiydik, – dedi boshqasi.

– Bizga foydasi yoʻq qogʻozning nima keragi bor, ortiqcha yuk! – dedi uchinchisi.

– Toʻgʻri! – dedi chol. – Sizlar uchun bu tashlab yuboriladigan kerkaksiz narsa, ortiqcha yuk! Ammo men uni Eronga yuborsam, biror qimmatga ega boʻlishi mumkin. Shu boisdan, uni menga berganingiz uchun sizlarga tashakkur bildiraman.

– E, otaxon, shu seniki, olaver!

– Gapirishgayam arzimaydi-ku bu! E, ezvordilaring-da…

– Xoy, quloqni yeding-ku, nega baqirasan?!

– Oʻchir! Nega tomogʻingni yirtasan. Boʻgʻib qoʻyaymi yo!..

Qaroqchilar oʻrtada taqsim qilingan oʻljaga qanoat qilmasdan, birbirovinikidan koʻz uzolmay, feʼllari aynib turgandi, darhol dahanaki jangga kirishdilar. Sal boʻlmasa yoqalashib ketishardiyu, Xizr:

– E, qoʻyinglar, oʻzlaring joʻmard odamlarsizlar, arzimas narsaga jiqillashmanglar, – deya ularning shashtini qaytardi. – Bilaman, menga jonlaringniyam fido qilasizlar. Boʻpti, men endi chiqayin, sizlar ham dam olinglar.

Xizr qaroqchilarni oʻz holiga tashlab, xonasiga kirdi-da, qoʻynidan maktubni olib, indamasdan koʻz yugurtirdi. Soʻngra birdan:

– Ey-voh, Temur! Boshingga falokat tushibdi-ku!.. – deya hayqirib yubordi.

 

  1. MAKTUBNING SIRI

 

Temurning favqulodda iqtidor egasi ekanligini anglagan va uning kelajagi uchun xizmatini ayamaslikni vaʼda qilgan ikki zot bor edi: ularning biri naqshbandiylar tariqatiga mansub Said Sharif, ikkinchisi Temurning bosh maslahatchisi, qutbulaqtob Zayniddin Abu Bakr edi…

Bu ikki zot barcha odamlari bilan birgalikda Temurning istiqboli uchun xizmat qilishardi va uning iqboli uchun kuyunishib, jonbozlik koʻrsatishardi.

Bir oycha oldin, bu ikki zot Temur hayotidagi muhim masalalar mavzusida maslahatlashib oʻtirib, tortishib ham qolishgandi. Oʻshanda Said Sharif:

– Temurning bunchalar qisqa vaqtda hokim boʻlishi taqdirdan. Uning tolei shunaqa, menimcha. Ammo har narsaga tayyor turish ham kerak. Zotan, har qanaqa odam taqdiridagi saodatdan yuz oʻgira olmaganidek, peshonasiga yozilgan falokatdan ham qutulolmaydi va yoʻq toleni bor qilish qiyin… – dedi. – Mening fikrim shu: agar taqdir loyiq koʻrsa, Temur buyuk bir sulton boʻlsa boʻlaveradir. Mabodo, taqdiri boshqacha ersa, biz qancha xizmat qilmaylik, qancha urinmaylik, hech ish chiqmaydir…

– Toʻgʻri, juda toʻgʻri! Faqat tadbirda qusurga yoʻl qoʻymaslik darkor! Ehtimolki, taqdir oʻsha saodatga erishish uchun tadbirni shart etib qoʻygandir. U holda Temurning muvaffaqiyati uchun nechun harakat qilmasligimiz kerak? Nechun falokatga yoʻliqsa-yoʻliqaversin, deya indamay oʻtirishimiz lozim? Temurning podshoh boʻlishi taqdirda yozilmagan ersa, unda kichik bir muvaffaqiyat tufayli shundayin hokimlikka tayinlanishiga ne deyilur?..

– Voqean, bu hokimlik uning kelajakka otgan ilk odimidir! Faqat toleining porloq nurlaridan koʻzi qamashsa, Chingizona qahramonlik xayolotiga berilib ketsa, u vaqtda magʻlub boʻlur. Zotan, uning kurashi endi boshlanmoqda, u endigina maydonga tushdi…

– Oʻylashimcha, Temur butun umrini xalqning hukmdori boʻlib oʻtkazadir. U butun tashabbusoti, ijrooti – qiladigan ishlarining hisobini berishni, xalq oldidagi masʼuliyatini doimo nazari eʼtiborga olmishdir. Yana shulkim, uning gʻoyasi va vatan istiqboli uchun tasavvur aylagan loyihasi borkim, albatta, unda Buxoro va Naxshab tomonlarning birlashuvi ham mavjud…

– Juda yaxshi-da! Faqat maqbul vaziyat hanuz pishib yetilmagan, u loyihadagi ishlarni amalga oshirish uchun Temur hali koʻp sabr etmogʻi kerak!

– E, boʻlmasa-chi… Tabiiyki, sabr etmoq yaxshidir. Temur ham shu yoʻl tarafdori.

– Bu ishlar amalga oshishi bilanoq, mana, koʻrasiz, turkiylar va moʻgʻullar bilan Chingizxon oʻrtasida tuzilgan bitim hukmlari oʻz kuchini yoʻqotadir. Chingizxon qoʻl ostidagi muqaddas Chin saltanati ham avvalgi quvvati va eʼtiboridan ayriladir, parchalanadir, ana undan keyin Osiyoda bir necha kichik davlatlarning paydo boʻlishiga hech kimsa monelik eta olmaydir!

– Buni koʻp yaxshi aytdingiz. Fikru qarashlarimizda oʻxshashlik, birlik borligi kabi Temurning mulohazalari va tushunchalari ham biznikiga monand va ittifoqdir, u ham koʻp narsani bizdek oʻylaydir. Zotan hech bir zamon, oʻzingizga ham yaxshi ayonkim, Temur ulamoning nasihatindan qochmadi, doimo bizlarni oʻziga maslahatchi deb bildi.

– Toʻppa-toʻgʻri. Bu xususda Temurdan koʻnglim toʻq. Har bir ishga oqilona tadbir ila yondoshayotgani ham buning dalili emasmi axir? Men uning oʻziga ham iqboli balandligidan, kelajagi porloqligidan soʻylagandim. Ammo oldindagi yuksak maqsad shoshqaloqlikni koʻtarmaydi, buni unutmaylik.

– Toʻgʻri, bu azim maqsadga vosil boʻlmoq uchun birgina jasoratning oʻzi yetmas. Bir oz diqqat bilan harakat qilinsa, sabrni yoʻlboshlovchi va yoʻldosh etsa, har holda, Temur koʻzlagan gʻoyasiga erishgay, inshoolloh.

– Toʻgʻri, Xudo xohlasa, shundoq boʻlgay. Xususan, yana bir masala bor. U ham boʻlsa, aholining eʼtiborini qozonmoq, uning mehru hurmatiga erishmoq. Muhimi, buyuk gʻoyalar yoʻliga tushgan zot eng avval egallashi shart boʻlgan yana bir narsa borki, bu oʻyin atalur! Qachon, kim bilan, qanday oʻyin qilishni oʻrganib olgach, boshqa ishlar yengil koʻchgay. Chunki u qayerga bormasin, yoʻldoshlar va yordamchilar boʻlgay. Qayerdaki biror xatar yo falokat yopishsa, uni qutqaradigan, hech qursa, bitta odam topilgay. Ana endi shu narsaga diqqat qiling: yuqoridagi holatlarda vaziyat, chegara aniq. Ammo buni urush bilan muqoyasa etmoq mumkin emas. Urushda juda koʻp odam qatnashadi. Koʻpchilikning eʼtiborini qozonmoq – shu jihatdan muhim.

– Afkori umumiyni, el eʼtiborini qozonmoq uchun Temur imkoni qadar fidokorlik koʻrsatmoqda. Biroq uning bizdan kutayotgan fidokorliklari boshqachadir…

– Yaʼni, qanaqa?..

– Ayni shu xususda unga yordam qilishimizni istaydir…

– Qandayin koʻmak bera olurmiz?

– Qoʻldan kelganicha-da…

– Ishoningki, bu borada hech narsadan xabarim yoʻq…

– Unchalik emas, loqaydsiz, xolos.

– Yoʻgʻ-e! Temur hazratlari mafkurada, odamlar orasida yuksak mavqega qay tariqa erishgaylar – men buni qaydan bilayin? Bu oʻrinda mening qanday xizmatim boʻlishi mumkin…

– Taqsirim! Kamina qulingiz ikki-uch kundirki, koʻcha aylanib, el tiliga quloq tutdim, bu yurtda ancha-muncha doʻstlarim, tanish-bilishlarim bor, ular bilan suhbatlashdim. Bariga Temurning fazilatlaridan soʻyladim. Endi eng ishonchli doʻstlarimga butun oʻlkada shu ish bilan shugʻullanishlarini tavsiya qilgaymen. Boshqa tanish-bilishlarga ham Temurni shunday maqtayinki, ularning tilidan ham Temur tushmay qolsin.

– Juda soz! Men ham siz bilan birga ishga kirishaveraman-da?

– Hay-hay-hay, taqsirim, oʻzingizni urintirib nima qilasiz? Men yillarcha yelib-yugurib, kuyib-pishib yuzaga chiqaradigan ish sizning shunchaki bir ogʻiz soʻzingiz bilan bitadi. Hozirgi vaziyatda sizning birgina soʻzingiz kifoya.

– Qanaqa soʻz?

– Ha-ha, birgina soʻzingiz yetarli. Biz oldin Temurga siyosatda dinning taʼsir kuchidan foydalanishni uqtirgandik, toʻgʻrimi?

– Toʻgʻri.

– Temurning siyosiy nufuzga erishmogʻi uchun qilinadigan ishlar xususida mening pishgan fikrlarim bor. Diniy tomondan eʼtibor topishi uchun esa, mamlakatimizda dinu diyonatda, ulamolar orasida oliy mavqe va maqom sohibi boʻlgan, avom ommayu butun xalq etagini oʻpadigan sizday zotning olijanoblarcha himmati kifoyat etar!

– Astagʻfurilloh… Men siz aytgan gaplarni uddalashim uchun nimalar qilishim kerak, shuni bilmayroq turibman-da… Axir men siz kabi siyosat maydonida ulgʻaymadimki, bunaqa ishlarni osongina bajaraversam…

– Taqsirim, buning hech oson-qiyini yoʻq. Zoti oliylari, ozgina himmat bilan bu ishni qila olasiz.

– Qanaqasiga?

– Yaʼni, lutf etsangiz-da, muridlaringizning har biriga Temurning fazilatlaridan va dinu diyonat yoʻlida jonfidoliklariyu kuyib-pishganidan soʻylasangiz va ularning koʻz oʻngida uni yuksaltsangiz – ana shu bilan, ishoningki, Temur hazratlari uchun qilinadigan eng katta xizmatni himmat-la bajargan boʻlasiz.

– Agarki bunchalik ekan, unda ikkovimizning maʼnaviy farzandimizga aylangan Temur uchun bundayin arzimas xizmatni hech paysalga solmasdan bajargaymen…

– Rahmat, taqsirim, inshoolloh, bu ishni oxiriga yetkazgaymiz…

– Inshoolloh…

Shunday deya Temurning ikki ustozi oʻzaro kelishib oldilar.

Zayniddin Abu Bakr Temurga bu gaplarni yetkazgach, u oʻz istiqboli uchun ilk urugʻlar ekilganini anglab, ustozidan:

– Endi kimning oldiga borursiz? – deya soʻradi.

– Olmaliqda mening bir ustozim bor, gʻoyatda muhtaram, obroʻli zot. Uning huzuriga boraman, etagini oʻpaman, duo olaman. Soʻngra qaytib, kerakli odamlar bilan birma-bir koʻrishish uchun safarga chiqqanim yaxshi, deb oʻylayman. Bu mevali daraxtni kim ekkanini kimsa bilmas…

– Ishqilib, oʻzingizni ehtiyot qiling. Borgan yeringizda uzoq qolib ketmang…

– Siz unaqa shoshilmang. Peshonaga yozilganini koʻramiz, hechdan koʻra kech avlo.

– Yaxshi. Shu vatanni qutqazish uchun harakatni bir kun boʻlsayam oldinroq boshlaganim durust.

– Maʼqul. Endi men boray…

Zayniddin Abu Bakr oʻsha kundanoq ishga kirishdi.

Said Sharif ham muridlariga gʻoyatda ahamiyatli, taʼsirli vaʼzu nasihatlar qildi. Ikkalasining urinishlari ham bir xilda yaxshi natijalar berdi.

Zayniddin Abu Bakr safarga ketgandan keyin Temurga undan bir necha maktub keldi. Doimo Temurning kelajagi uchun qaygʻurgan ustozning xatlari aqlu oʻgitga toʻla edi, ularda Temurning qanday xatti-harakat qilishi kerakligi ochiq-oydin koʻrsatilgandi. Shuning uchun ham Temur maktublardan ayri yasholmay qoldi.

Bir kuni ikki-uch kishi vodiyda ketarkan, qon izlariga koʻzlari tushdi. Ular izdan borib, qabrni ochishdi va oʻldirilgan odam jasadini Temurga olib kelishdi.

Temur oʻlikni tanidi: u Zayniddin Abu Bakr bilan oʻzi orasida xat tashib yurgan xabarchi edi. Darhol qotillarni topish borasida buyruq berdi. Maʼlum boʻlishicha, qotil qaroqchilar chegarada yashaydigan eroniyning uyida qoʻnoq boʻlishgan, soʻngra oʻzaro janjallashib qolishgan, ish bir-birlarini oʻldirishgacha borib yetgan. Faqat bittasi yaralangan holda qutilib qolganmish, biroq qayerga ketgani mavhum.

Temur Zayniddin Abu Bakrning xati Tugʻluq tarafdorlari qoʻliga tushsa qanday falokatlar yuz berishini oʻylarkan, buni sir tutishga qaror qildi. Eronli kishini qidirtirib toptirolmagach, ustoziga xabarchi yoʻllab, vaziyatning nozikligini tushuntirdi va soʻnggi xatini qaytadan yuborishini soʻradi. Ertasiga maktubni oldi, oʻqidi va unchalar tahlika yoʻqligini anglab, koʻngli tinchidi, bu masalalaga ortiq eʼtibor qilmaslikni ep koʻrdi…

Xullas, eroniy Xizrning qoʻliga tushgan maktub shu edi…

Bu voqeadan uch kun oʻtib, Tugʻluq Temur oʻz saroyida Qizgʻin vazirning qotillari bilan suhbatlashdi. Bu fitnachi iblislarning har biri unga Temurni rosa yomonladi, turli yolgʻon-yashiqlarni soʻylab, hatto uni xoinga, qoʻlidan ish kelmas landavurga chiqarib, sulton koʻz oʻngida Temurni yerga urdilar:

– Sultonim, siz bizga ishoning, shu ketishda Temur taxtu hukmronligingiz uchun balo-qazoga aylanadi! Biz qullaringiz uni bolaligidan beri bilamiz, u yaramas, sotqin, ipirisqi odam! Temurning saltanatga, sizga sadoqat koʻrsatishi puch gap! Sultonimizning eng ojiz qullaridan biri sifatida shuni arz etayki, unga qanchalar lutfu marhamat koʻrsatsangiz ham, uni qanchalar suysangiz va qanchalar yaxshilik qilsangiz ham, bularning barchasiga javobi gʻaddorlik va nonkoʻrlik boʻlishini koʻrursiz…

– Men Temurni siz aytganchalik odam deb oʻylamasmen, – dedi sulton Tugʻluq.

– Ana, attangu afsus deydigan joyi shunda-da, sultonim! Biz-ku, mayli, otning qashqasimiz: ishimiz yashirin, qonli va tahlikali. Sultonim, agar u haqda yaxshi fikringiz bor boʻlsa, hech shubhasiz, bu oʻrinsiz fikr tezda yoʻqqa chiqajak! Agarda unga zarracha ishonchingiz bor ekan, bilingizki, bu judayam achinarli holdir. Chunki u badkirdor hech qanaqa yaxshi fikrga loyiq emas, u gʻirt xoin, sadoqatsiz bir manfaatparast!..

Shunda Tugʻluq Temur suhbatga aralashmay jim turgan Qoya Alpga qarab:

– Siz nima deysiz? – deb soʻradi.

– Menimcha, har gap ochiq aytildi. Ammo men ularning Temur kuchli emas, degan soʻziga qoʻshilolmayman.

– Shunday deng? Temur qanday odam, deb mendan soʻralsa, Temur favqulodda kuchli odam degan boʻlardim. Aytish mumkinki, Movarounnahr oʻlkasini idora eta oladigan amirlar orasida eng nodiri u, undan yaxshisi yoʻq…

Shu payt xizmatchi kirib, bir eroniyning sulton huzuriga kirish uchun izn soʻrayotganini bildirdi. Bu yerdagi barcha amirlar tashqariga chiqib ketgach, sulton eroniyning oʻz huzuriga keltirilishini amr etti.

Eroniy kirishi bilan sulton undan:

– Mendan nima tilaging bor? – deya soʻradi.

– Janobi oliylari bilan bir xususda maslahatlashmoqchi edim. Atoqli kishilaringizdan bittasining sizga xiyonatini isbotlaydigan bir maktub qoʻlimga tushib qoldi. Shu xatni sizga sotmoqchiman…

– Juda soz! Qanaqa maktub ekan?

– Janobi oliylari, maktub mana, ichida yozilgan gaplar juda muhim. Faqat pulini bermaguningizcha ularni bilolmaysiz…

– Tilagingni ayt!

– Janobi oliylari, ozgina…

– Boʻlarini ayt!

– Sardorlikka tayinlasangiz devdim…

– Boʻldi, sen bugundan boshlab sardorsan!

– Xudo umringizni uzun qilsin, sultonim…

– E, gapni choʻzma, maktubni ber! Nega yana toʻnkaday qimirlamay turibsan?

– Sultonim, yana bir talabim bor edi-da…

– Soʻyla, nima deysan?

– Janobi oliylari, oilamni Erondan bu yoqqa koʻchirib kelish va ularning bunda yashashini taʼminlash uchun ming oltinga ehtiyojim bor-da…

– Ming oltin seniki, qani, maktubni ber endi!

– Ulugʻ sultonim, yana kichkinagina bir tilagim bor edi…

– E, loʻliday tilanding – da, yana nima kerak senga oʻzi?

– Anavi kuni yarador boʻlib qoʻlga tushgan qaroqchining gunohidan kechsangiz…

– Tushunarli…

– Ming rahmat, janobi oliylari!..

Tugʻluq sulton xizmatchini chaqirdi. Unga:

– Bu odamga ming oltin ehson etilsin, sardorlikka tayinlansin, kechagi kuni qoʻlga olingan qaroqchi ozod qilinsin va unga topshirilsin, – deya buyurdi.

– Bosh ustiga, zoti oliylari! – dedi xizmatchi.

Eroniy maktubni ikki qoʻllab Tugʻluq Temurga uzatarkan:

– Sultonim, mana maktub, – deya taʼzim qildi.

Xizmatchi va eroniy tashqariga chiqishdi.

Tugʻluq Temur maktubni oʻqib, oʻylanib qoldi. Unda shu soʻzlar bitilgandi:

“Temur, oʻgʻlim!

Sabr qil, bolam, hukmdorlik fani shartlaridan biri sabr va sabotdir. Boshqa bir sharti esa, oʻzingni koʻrganingni koʻrmayotganday qilib tutmoqdir. Yanayam toʻgʻrisi, bilganingni bilmaganday boʻlib koʻrinmoqdir.

Zayniddin”.

Xatning maʼnosi ayon. Sulton Tugʻluq bu satrlarda oʻziga qarshi biror xiyonat yo yomonlik belgisini ilgʻamadi.

Bir muddat oʻtgach, u sal avval chiqib ketgan fitnachilarni huzuriga chaqirtirdi va maktub bilan ularni tanishtirdi. Bu xatda oʻziga zarar keltiruvchi hech nima sezmaganini aytarkan, Temurdan shubhasi borligini shaʼma qilishni ham unutmadi.

Yonidagi fitnachilar fursatni boy bermaslikka tirishib, shosha-pisha Temurni yomonlay boshlashdi.

– Zoti oliylari, biz sizga aytuvdik-ku, axir, uning chayonligini…

– Uning basharasini ochib tashlaganimizga qaramay, Temurning xoinligini isbotlab bersak ham, siz uni himoya qilayotgan edingiz-a, sultonim!..

– Undoq esa, men ham Movarounnahr hokimligini oʻgʻlim Ilyosxoʻjaga berdim! – deya fikrini tamoman oʻzgartirdi sulton. – Amrim shu, bugunoq hukmdorlik yuritish uchun yoʻlga chiqsin!

Har biri oʻz manfaati uchun yelib-yugurgan, har ishdan oʻziga biror narsa undirib oʻrgangan fitnachilar bu buyruqdan hayron boʻlib qolishdi. Tugʻluq Temurning xayolida esa “hovuchi qon toʻla tugʻilgan” degan ibora charx urardi va ichida bu soʻzni takrorlardi, ammo buni atrofidagi odamlar eshitmayotgandi, albattta.

Sulton huzuridagi fitnachilarga qattiq qarab:

– Hovuchi toʻla qon tugʻilgan kim oʻzi? Kim boʻlishi mumkin? – deya soʻradi.

Sultonning vajohatidan, bu kutilmagan soʻroqdan barcha vahimaga tushib, zir-zir titradi va bari bir ogʻizdan:

– Temur, zoti oliylari! – deya javob berishdi.

Bu javobda yashirin bir maʼno bor edi, ammo buni sulton ham, fitnachi beklar ham bilishmasdi.

 

  1. SULTON TUGʻLUQNING BUYRUGʻI

 

Chigʻatoy mamlakati hukmdori sulton Tugʻluqning oʻgʻli Ilyosxoʻjaning boshiga ham birdan baxt qushi qoʻnib, Movarounnahrga hokim etib tayinlandi.

Temur oʻzining sulton nazaridan qolganini anglar-anglamas darhol hushyor tortdi va ustozi Zayniddin Abu Bakrga yanada qattiqroq bogʻlanib, faqat uning oʻgitlari va maslahatlari boʻyicha ish tutmoqqa kirishdi.

Masalan, ustozi yozgan va Tugʻluq sulton qoʻliga tushib qolgan oʻsha maktubning takroriy nusxasidagi ikkinchi oʻgitga, yaʼni hukmdorlik shartlaridan yana biri “oʻzingni koʻrganingni koʻrmayotganday qilib tutmoqdir. Yanayam toʻgʻrisi, bilganingni bilmaganday boʻlib koʻrinmoqdir” deyilgan maslahatga amal qildi.

Temur shuning uchun ham hokimlik va hukumat ishlarini loqaydgina tark etdi va oʻzini faqat harbiy sohaga bagʻishladi.

Holbuki, Ilyosxoʻja Movarounnahrga yoʻnalarkan, fitnachi beklar guruhini ham birga olib keldi. Talonchilik qilib yashashga oʻrgangan bu odamlar vahshiyona gʻayrat bilan mamlakatni oʻmarishga kirishib ketishdi.

Qiynalgan aholi arzu shikoyatlarini aytib, har qancha faryodu figʻon koʻtarmasin, bu zolim oʻgʻrilar zulmidan qutulish mumkin boʻlmayotgandi.

Ilyosxoʻja esa, qoʻli bogʻliq qoʻgʻirchoqday, har qanday hokimiyat va nufuzdan mahrum edi.

Fitnachi va yagʻmochi beklar guruhi xuddi qoʻy podasiga yopirilgan och qashqirlarday tinmasdan xalqni qiyratardi, ular kirmagan eshik, talamagan uy qolmagandi. Ilyosxoʻja bu boʻri galasi xalq qonini toʻkayotgan maydonda qoʻlidan hech ish kelmaydigan jonsiz qoʻriqchiga aylangandi…

Agarda harbiy hokimiyat Ilyosxoʻja qoʻliga oʻtgan taqdirda ham, baribir u oʻzi yonida olib kelgan tarafdorlariga qarshi qilich koʻtara olmasdi.

Ilyosxoʻja oʻlkani toʻldirgan buncha faryodu shikoyatlarni eshitgani, ilgʻagani bilan yigʻlayotgan chorasizlarga, yeru yurtsiz qolganlarga, vatani talangan va vayron etilgan bu zavolli xalqqa koʻmak koʻrsatishga imkonsiz edi… Yoʻlidan adashgan yoʻlovchiday nima qilishini bilolmay garang edi.

Bir tarafda – yordam beradi, degan umidda oʻzi bilan birga olib kelgan anavi boshibuzuq, talonchi beklar; ular endi uning soʻziga kirmay qoʻyishgan, itoatsiz va isyonchi toʻdaga aylangan edilar.

Bir tomonda esa – aynigan, chirigan boshqaruvchi – umaro; ular Ilyosxoʻjaning soʻzini eshitishadi-yu, eshitmaganga olishadi, hokimiyatni idora etishda Temurdan oʻtib ketay, deya bergan buyruqlarini bajarishmaydi, faqat oʻz foydalarini koʻzlab ish tutadilar…

Bechora Ilyosxoʻja ikki masjid oʻrtasida tahoratsiz, ovorayu sarson yugurayotgan, ammo birortasiga ham kirolmayotgan benamozga oʻxshardi.

Biroq Temurni yordamga chaqirishni oʻylasa ham chaqira olmas, bunga gʻururi yoʻl qoʻymasdi. Fitnachi beklar guruhining oʻgʻirligu talonchiliklariga esa qarshilik koʻrsatolmas, kuchi yetmasdi.

Ustiga-ustak, qachondir otasining huzurida xijolat boʻlishini oʻylarkan, qoʻrquvdan asabi buzilib, vujudi isitmada yonganday oʻrtanib, dir-dir titrardi…

Nihoyat, bir hiyla oʻylab topdi: butun bu yomonliklar, talonchiliklar va oʻgʻirliklarni Temurning ustiga agʻdaradi-qoʻyadi!..

Ilyosxoʻja Temurning nomidan bir maktub tayyorlatdi-da, maslahatchilarini huzuriga chaqirtirdi.

– Ana endi barcha muammo hal boʻladi!.. – dedi.

– Qanday tarzda, zoti oliylari?

– Bir oz avval huzurimga bir darvesh kirdi, juda muhim hujjat keltiribdi, yolgʻon emasligi koʻrinib turibdi…

– Qanaqa hujjat ekan, oliy hazrat?

– Oʻlkamizda isyon va gʻavgʻo chiqargan boshi buzuqlarga doir hujjat!

– Siz zoti oliylarining bir kuni albatta muammolarni mana shunday hal qilishingizni oldindan sezgandik, barcha qullaringiz buni bilib yurardik…

– Ha, bu safar ham gʻavgʻolarni kim tashkil etganini aniqladim.

– Kim ekan?..

– Bu mamlakatda barqarorlik, tinchlik va farovonlik hukmron, xalq huzur ichida yashayotgan, kimsaning mushugini birov pisht demayotgan bir paytda…

– Haqqost rost, zoti oliylari, toʻppa-toʻgʻri!

– Buni men bilgandim, bunchalar dod-voyning sababini ilgʻagandim. Xalq osilyapti-kesilyapti, talanyapti, ezilib ketdi degan gaplarning hammasi yolgʻon!.. Qani, qani birorta misol keltiringlar-chi? Yolgʻon emasmi axir bu boʻhtonlar, tuhmatlar?..

Ilyosxoʻjaning bu yolgʻonchiligiga amirlar ichidan faqat bir kishi eʼtiroz bildirdi:

– Xalqning noroziligi, shikoyatu faryodlari bu gapning toʻgʻriligiga dalilu isbot emasmi?

– Kim u, qaydan chiqdi bu telbanamo gap!.. Ularning u isbotlari, u dalillarining barchasi yolgʻon! Xalqning hech qanaqa dardi yoʻq, axir, bundan ham yaxshi hayot boʻladimi, ayting, baraka topgurlar! Bunaqa igʻvo gaplarni chiqarayotganlar – anavi alamzada Temurning odamlari…

– Yopiray!.. Rostdan-a?

– Haqqost rost! Qoʻlimdagi hujjat buning isbotidir! Mana, bu Temurning xati, bu xatni men uydirganim yoʻq…

Maslahatchilar toʻplanishib, maktubni oʻqishdi. Unda shu soʻzlar bitilgandi:

“Endilikda men oʻzimni hech narsani bilmayotganday tutmoqdamen va zimdan muhim bir ishga kirishib, Ilyosxoʻjaning oʻz tobelari tomonidan oʻldirilishini kutmoqdamen”.

Zoti oliylari, agar bu Temurning amri ersa, buni otangizga bildirishingiz kerak, yoʻqsa, hayotingiz havf ostida demakdir…

– Men ham otamga bu haqda nima deb yozsam ekan, deya sizlarni maslahatga chaqirdim. Fikrlaringizni ayting.

– Janobi oliylari, bu masalani judayam tez otangizga bildirishingiz lozim! Uning oʻlimini talab eting!..

– Toʻgʻri, sultonimiz amr etsinlar, biz bu yerda uning boshini kesaylik!

– Bagʻoyat toʻgʻri, uning oʻlimini tilash munosibdir…

Shu paytgacha bir qarorga kelolmayotganday turgan Ilyosxoʻja nihoyat:

– Maʼqul, men uning oʻlimini talab qilaman, – dedi. – Koʻramiz, otam ne derkin.

Majlis tugab, yigʻilganlar tarqalgach, Ilyosxoʻja otasi Tugʻluq sultonga xat bitdi. Unda shu gaplarni yozdi:

“Bu yerga kelar-kelmas eski hokim Temurning qarshiligiga uchrab, boshim fitnayu gʻavgʻodan chiqmay qoldi. U tinmasdan xalqni isyonga tashviq etmoqda va mamlakatda qoʻzgʻolon koʻtarmoqqa intilmoqda. Bu falokatlarning oldini olish uchun Temurni oʻlimga buyurishingizni soʻraymen, deb

Ilyosxoʻja”.

 

* * *

Bu voqeadan uch kun oʻtgach, Temur mavjud vaziyatni tahlil etarkan, mamlakatni ortiq bu holda boshqarib boʻlmasligini anglab, bu bosh-boshdoqlikka chek qoʻyish kerak, degan qarorga keldi. Zotan, oʻz kuchini, nufuzini koʻrsatishning payti kelgandi. Yerli turkiy aholiga bosqin uyushtiraverib, joniga tekkan ayrim urugʻlarga hujum qilib, ularning adabini berib qoʻydi va mazlum ommani ular zulmidan qutqarishga erishdi.

Butun xalq Temurni olqishlay boshladi, ommaning undan mamnunligi tillarda doston boʻldi. U esa sevingan xalqning hurmatu maqtovlariga javoban:

– Temur ham Tangrining bir quli… – deya tavoze koʻrsatar, millatga xizmat etish burchi ekanligini taʼkidlar edi.

Bunga sari unga el mehri ortgandan-ortib borardi.

Temurni haddan ziyoda yaxshi koʻrguvchi olimu ulamo uning urushdagi zafaru muvaffaqiyatlaridan xursandliklarini ichlariga sigʻdirolmas, omma toʻplangan har yigʻnoqda uni maqtashar, uni Abu Mansur deya ulugʻlaylik, deya xitob aylashardi. Said Sharif Jurjoniyning naqshbandiy muridlari ham xalq orasida uning fazlu qahramonliklaridan soʻylashardi, natijada Temurning obroʻsi oshib, shuhrati keng yoyilib bormoqda edi. Fitnachiyu qaroqchilarga aralashib qolgan kimsalar ham, hatto raqiblari ichida ham Temur toʻgʻrisida favqulodda samimiy, yaxshi fikrlar tarqala boshlagandi.

Temur Movarounnahrdagi oʻz oʻrnini mana shunday zafarli muvaffaqiyatlar bilan mustahkamlab olgan bir chogʻda, sulton Tugʻluq huzuridan yoʻlga chiqqan bir otliq argʻumogʻini toʻxtamasdan uchirib borar, togʻu toshlardan, darayu vodiylardan, tepalardan oshib, qush kabi manzilga intilmoqda edi.

Otidan, oʻzining badanidan ter quyilayotganiga qaramasdan, u hovliqib oshiqar, ot jonivorni yanada tezroq chopishga undab, gʻaddorlarcha ayovsiz qamchilardi. U ana shunday tezlik va shiddat bilan ogʻir yoʻllardan ham yengilgina oʻtib borardi… Suvoriyning bu shavqu shiddati goʻyo barcha makonlarni hayratga solganday, ular uni quchoq ochib kutib olayotganday edi. Biroq hovliqqan otliq bir yerda qoʻnim topishni istamas, makondan makonga shoshilar edi…

Bu shaxs sulton Tugʻluq xizmatiga yangi kirgan, qalbi toza, yosh, kuchli va jasur, feʼli toʻgʻri odam edi. U Movarounnahrga, koʻzlagan maskaniga yetgach, soqchiga amirni koʻrmoqchi ekanligini aytdi. Soqchi esa uni Temurning huzuriga yetakladi. Chunki Ilyosxoʻjaning oti boru oʻzi yoʻqday edi, bechora mamlakat hokimi atalsa ham, zarracha obroʻsi qolmagandi. Agar u oldin Temurning oʻlimga buyurilishini istab, otasiga maktub yozmagandaydi, yuz bergan voqealardan soʻngra, hech shubhasiz, Tangri taolodan Temurning jahannamga joʻnatishini tilardi… Ilyosxoʻja Temurni shunchalar yomon koʻrib qolgandi; aslida, uning koʻnglini hasadu nafratga toʻldirgan, esidan ogʻdirayozgan sabab Temur emas, uning qozongan gʻalabalari, erishgan muvaffaqiyatlari edi…

Xullas, soqchi xabarchini Ilyosxoʻjaning emas, Temurning huzuriga olib bordi. Zotan, xabarchi Ilyosxoʻjani tanimasdi, u amirni koʻrmoqchiman, der-demas, darhol Temurning oldiga kiritganlari uchun, uni hokim deya oʻylab, qoʻynidagi maktubni Temurga uzatdi.

Temur xatni ochmasdan turib undan:

– Qaydin kelursen? – deb soʻradi.

– Sultonning yonidan, – dedi xabarchi.

– Bu sultonning buyrugʻimi?

– Ha.

– Juda soz! Chiqaver…

Shunday deya Temur xatni ochib oʻqidi. Unda shunday yozilgandi:

“Oʻgʻlim,

Sen istaganingday Temurning oʻlimiga buyruq berildi. Hukmni bajarish esa senga havola.

Tugʻluq Temur”.

 

XII. TAKAL BAHODIRNING QOʻShINI

 

Oradan oʻn-oʻn besh kuncha oʻtdi; Takal Bahodir qoʻl ostidagi oʻn ming askar bilan Turkiston janubidagi togʻlar ichidagi ogʻir yoʻllardan oʻtib borardi…

Takal Bahodir – Sulton Tugʻluqning eng atoqli umarosidan biri, koʻp janglarda zafar qozongan yosh qoʻmondon, arslon kabi kuchli shaxs.

Uning qoʻshinidagi askarlarning aksari urushlarda pishgan, ayrimlari qaroqchilar toʻdasidan chiqqan, tanlangan, xalq ichida dongʻi ketgan yagʻmochi qahramonlardan iborat edi.

Tugʻluq Temur bir kuni Takal Bahodirni huzuriga chaqirtirdi.

– Seni gʻoyat muhim bir jangga yuboraman, ammo albatta gʻalaba qozonishing shart! – dedi.

– Urushda gʻalabaga erishish tole va qismatga bogʻliqdir, sultonim, – dedi u.

– Nima qilib boʻlsayam shu jangda yutib chiqishing shart! – deya taʼkidladi sulton.

– Bizning qoʻlimizdan keladigani shuki, jangda zafarga erishish uchun ehtiyotlik bilan harakat qilib, bor hiylayu jasoratimizni ishga solib, yurishni boshlashdir…

– Men senga jang deyapman! Bu urush oliy maqsad yoʻlida qilinmoqda, shuni yaxshi bil!

– Bu urush kimga qarshi oʻzi?

– Janubdagi togʻlarni makon etgan qabila va urugʻlarga qarshi.

– Ularni tor-mor etgandan soʻng ne boʻladi?

– Albatta, u yerlar seniki boʻlmaydi, sening vazifang – u qavmni yo asir olishing va yoxud qirib tashlashing, qisqasi, magʻlub etishing shart! Faqat shuni bajarasan, qolgani bilan ishing boʻlmasin, tushundingmi? – dedi Sulton Tugʻluq.

– Ha. Bu ishni bajaraman, ammo baʼzi shartlarim bor… – dedi qoʻmondon Takal Bahodir.

– Yoʻq! Menga shart-part dema! Bir amir urushda qiladigan ishini shart-sharoit demasdan bajarishga majbur! Bajarasan, tamom-vassalom!

– Albatta bajaraman, sultonim!

– Vazifangni obdon bilib olding, qani, endi ishga kirish!..

Takal Bahodir sulton huzuridan chiqqanidan keyin urushga tayyorgarlikni xayoligayam keltirmadi, bemalol ayshini surib yotaverdi. Hukmdor ikki-uch kun kutganidan keyin, uning nega jangga ketmaganini surishtirish uchun odamlariga amr berdi. Takal Bahodir esa, kimsaga koʻrinmas, berkinib olib, joʻnashi kerak boʻlgan bu ofatu gʻavgʻoga borishni xohlamaganini sezdirib qoʻyishni istardi. Nihoyat, bir kuni sultonning odamlari Takal Bahodirni topishdi. Tutilgan joyida uni qisti-bastiga olishdi. Maʼmurlardan biri unga:

– Ie, bir qahramon qoʻmondonga sultoni amr etsa, u buyruqni jon-jon deb bajarmaydirmi? Sening shu qiligʻing joizmidir? – dedi.

Yana biri:

– Haqiqatan ham, sultonning amriga itoatsizlik etib, katta gunoh qildingiz! – dedi.

– Buning sizlarlarga hech bir aloqasi yoʻq, ishingiz boʻlmasin. Ha, endi Tugʻluq Temur hazratlari meni chaqirtirdilarmi? – deya soʻradi Takal Bahodir.

– Ha, taqsir!

– Yaxshi, sizlar ketavering, men oʻzim boraman…

– Afsuski, bu amringizni bajara olmaymiz…

– Nechun? Mening soʻzimga kirmasdan, yomon ish qilayotganingizga aqlingiz yetmayaptimi, a? Mendek bir qoʻmondonning buyrugʻiga itoat etmasdan, sizlarni oʻldirishga haqqi-huquqi boʻlmagan bir kattakonning amriga boʻyinsunganingiz, bilingki, mudhish bir ayb! Holbuki, men, bir oʻylab koʻring axir, meni oʻldirmoq va yoʻqotmoq huquqiga va tushunchasiga ega boʻlolmagan bir odamning oldiga shu churuk askarlar bilan qanday bora olurman va bu xususda, Sulton Tugʻluqni-ku qoʻyaturing, hatto shu jahonning jahongiri buyurganda ham, uning uhdasidan qanday chiqa olurman…

– Toʻgʻri aytayapsiz, taqsir, gapingizda jon bor…

Avvaliga Takal Bahodirga oʻdagʻaylab, uni sultonning oldiga borishga zoʻrlagan kaltafahmlar endi “juda toʻgʻri aytayapsiz, taqsir” degan soʻzni takrorlaganlaricha uning fikrini tasdiqlashga oʻtishdi. Takal Bahodir fikrini davom ettirib:

– Sulton Tugʻluq nechun boshqasini yubormadi? A?.. Chunki sizdan boshqa bu ishni qiladigan biror kimsani topolmadi! Tuushundingizmi?.. Ha, faqat birgina Temur bor edi, biroq u ham… Ha, mayli. Ana endi siz ham koʻrib turibsizki, u bu gʻavgʻoni hal etish uchun munosib bir qoʻmondonni tanlashga majburdir! Xoʻsh, axvol shunday ekan, nechun menga askar tanlashga ruxsat bermayapti?!.

– Soʻzlaringiz juda toʻgʻri, taqsir… – deya chuldurashdi vakillar.

– Unda chiqing-da, keting! Men ham boraman…

– Yoʻq, taqsir, biz bu yerdan hech qayoqqa ketolmaymiz…

– Xoʻp, unda ayting, sulton meni nega chaqirtiryapti?

– Sizning nega jangga ketmaganingizni soʻramoqchi…

– Yaxshi. Modomiki, masala shu arzimagan gap ustida ekan, sizlar endi bunda qolmang, joʻnang, men ham ortingizdan boraman…

– Biz sizsiz hech qayga borolmaymiz, taqsir…

– Nechun?

– Chunki sizni qayerdan topsak ham darhol sulton huzuriga olib borish bizga topshirilgan… Hech narsa bunga mone boʻlolmas, sizni kimsa qutqarolmas…

– Men sizdan qutulishni juda yaxshi bilaman…

– Bizni oʻldirgandan keyin balki qutularsiz…

Takal Bahodir nihoyat borishdan boshqa chora yoʻqligini anglaganday bir ohangda:

– U holda, mayli, qani, ketdik, – dedi. Uchovlon yoʻlga tushdilar va sulton huzuriga yetib bordilar. Sulton ikki vakilga bir hamyondan oltin ehson qilganidan keyin, endi boraveringlar, deya amr etdi va Takal Bahodirga boshdan-oyoq razm soldi. Soʻngra zardali tovushda:

– Asir va yoxud bizga sigʻinganlardan keltirmadingmi? – deya soʻradi.

– Qanaqasiga, hazratim? – deya oʻzini goʻllikka soldi Takal Bahodir.

– Yoʻqsa, magʻlub boʻldingmi?

– Qayerda?

– Seni jangga yuborgandim, toʻgʻrimi?

– Toʻgʻri…

– Nima qilding?

– Men jangga bormadim…

– Nechun?

– Chunki koʻrib-bilaturib oʻzimni ajalga urmayman, u qadar aqlsiz, tentak emasman.

– Sulton senga amr etmoqda!

– Sulton menga amr etmoq haqqiga ega ekan, men ham shonli bir oʻlim topmoq, bu imkondan foydalanmoq huquqiga noilman. Sultonim, bir qoshiq qonimdan kechib, oʻylab koʻring axir: yagʻmogarlikdan boshqa bir ish qoʻlidan kelmaydigan sahroyi xalqni men qay usulda idora etib, u bilan qanday jangga kiraman? Buning uchun zoti oliylariga baʼzi shartlarim bor, degandim, afsuski, tinglamak istamadingiz; amringizni bajarishni ortga surmakdan maqsadim esa, ayni daqiqalardagi suhbat boʻluvini taxmin etib, buni kutayotganim edi…

– Shartlaringni soʻyla, – dedi sulton insofga kirib.

– Jangga boradigan askarlarni oʻzim tanlayman…

– Juda soz. Bor, qoʻshinning ichiga kirib, istaganingni tanlab olaber.

– Xoʻp boʻladi, sultonim…

– Oʻn ming kishini amringga beraman…

– Ikki mingta askarni tanlab olsam, menga oʻsha yetarlidir, sultonim, ular bilan oʻz vazifamni bajara olurman…

– Juda yaxshi, unda boraver, Tangri yoʻlingni bersin…

Tugʻluq Temur shu soʻzlarni aytishi bilanoq Takal Bahodir uning etagini oʻpdi. Sulton tashqaridan bir xizmatchisini chaqirdi.

– Qoʻmondonga bir ot, urush anjomlari bilan oʻn ming oltin berilsin! – dedi.

Shunday qilib, Takal Bahodir janubdagi togʻliklarga qarshi yurishga kirishdi. Togʻ-toshlik, qiyalik tor yoʻllardan qoʻl ostidagi qoʻshinini tanlangan ikki ming askarining mahorati bilan bir amallab olib oʻtdi.

Tepalardan oralab, qoyaliklarga yaqinlashib borisharkan, birdaniga guvillagan dahshatli tovush taralib, oyoqlari tagidagi yer silkinib yorildi, barcha vahimayu chang-toʻzon ichida qoldi. Zilzila falokatidan qutulib, hayajonlari bosilib, yana yoʻlga tushdilar. Hujumga kirishdilar. Ammo bu safar xira chang-toʻzonga emas, yarqiragan qattol qilichlarga duch keldilar. Askar tumtarqay qochdi. Shu kulfatli damlarda Takal Bahodir koʻksidan qilich zarbasi yeb, qoni oqqanicha yerda yumalab yotardi…

Urushda togʻliklar zafar qozondi. Jang maydonida muzaffarlik nashidasi ila kezisharkan, ayrimlari yaradorlarini va qurbonlarini tashib-toʻplamoqqa kirishgan edi.

Takal Bahodir ingranib, yarim hushsiz yotgan yerga bir notanish jangovar yaqinlashdi. Yovqur tovushda:

– Sen bu qaroqchilarning boshligʻimisan? Sulton Tugʻluq menga qarshi seni yuborganmidi? – deya soʻradi.

– Ha, – deya Takal Bahodir notanish shaxsga oʻgirilib qaradi.

– E, Takal, sen-a, sen menga qarshi jang maydoniga tushdingmi hali!.. Shundaymi? – deya gʻazab-la soʻradi.

Takal Bahodir qarshisidagi kishini tanir-tanimas, uni quchoqlab koʻrishmoqqa chogʻlandi, ammo boshini sal koʻtara oldi, xolos – koʻp qon yoʻqotgandi, majolsizlikdan boshi shilq etib yana yerga tushdi. Notanish jangovar yaqinlashib, egilib, uni mehr-la bagʻriga oldi…

Takal Bahodir uning qulogʻiga shivirlab, afsusu pushaymonini anglatmoqqa tirishdi:

– Qondoshim, senga qarshi qurol koʻtarish… biroq men bilmagandim… kechir meni… – derkan, ogʻzidan qoni keldi. Hiqillab, nafasi tiqilarkan, soʻnggi soʻzi otilib chiqdi: – Alvido, Temur…

 

 

XIII. OʻLIM HUKMIDAN SOʻNG

 

Sulton Tugʻluq tarafidan bitilgan oʻlim hukmining favqulodda Temurning qoʻliga tushib qolgani xalq orasida u haqdagi gap-soʻzlarni koʻpaytirdi, uning shuhratini oshirib yubordi. Zotan Temur qonuniy hukmdor boʻlgan Tugʻluq sultonga doimo sodiq edi, hech qachon itoatsizlik koʻrsatmagandi… Chunki Temurning oʻzi toʻgʻri va odil odam edi, jinoyat va pastkashlikdan judayam hazar qilardi, agarda sharʼiy hukmdorga qarshi bosh koʻtarsa, el ichida obroʻsizlanishini yaxshi bilardi. Shuning uchun ham u har zamon odamgarchilik yoʻlida sobit edi.

Ammo endi vaziyat boshqacha tus olgandi. Agarda isyonga bosh urib darhol qochmasa, oʻldirilishi kunday ayon. Zotan oʻlim hukmi bitilmish. Ammo isyondan keyingi vijdon azoblarini koʻtarib yashash ham bor… Hech qursa bir tasalli topilar degan niyatda u ulugʻlar bilan maslahatlashdi. Naqshbandiy ulamodan biri Said Sharifga murojaat qilib:

– Holatim sizga ayon, oʻzimni saqlash uchun bir ayb yo isyon etsam, jazoga mustahiq boʻlurmanmi? – deya soʻradi.

– Shu ahvolingda jazoga tortilmaysan, chunki jonni tahlikaga qoʻyish sharʼan joiz emas. Xususan, agarda sen qochmasang, oʻldirilasan. Shu bois qochganing maqbuldir, – dedi Said Sharif.

– Qanday…

– Qanday boʻlsa boʻlsin… Qochish, isyon, yaʼni boʻysunmaslik… qoʻzgʻolon…

– Hozirchalik qoʻzgʻolon koʻtarishga imkon yoʻq. Ammo qochish… ha, qochish ham – boʻysunmaslik-ku? Bundayin isyonga haqqimiz bormi?

– Nega boʻlmasin, bor. Barlos sulolasining nufuzi va haq-huquqini ulardan qaytib olish, barloslar urugʻini kuchaytirish sizlarning haqqingiz va vazifangiz emasmi?

– Bunga hozirda haqqim boʻlgani kabi kelajakda ham haqqim bormi?

– Oxiratgacha haqqingiz bor!

– U holda, men bu maqsad yoʻlida oʻzimni, butun umrimni bagʻishlayman! Biroq siz bu ishda menga yordam berasizmi? – deya soʻradi Temur muhtaram ulamodan.

– Albatta. Biz bu yerda yuksalishingizning taʼmini uchun qulay vaziyat yaratishga urinamiz… – dedi Said Sharif.

Shunday qilib, sulton Tugʻluq bilan aloqa uzilganidan keyin, Temur qilichidan boshqa hech nega suyanmaslikka qaror berdi. Takal Bahodirni magʻlub etganidan soʻng uch yilga yaqin umri qahramonlarcha jang maydonlarida kechdi. Koʻrsatgan harbiy jasorati va mahorati bilan Movarounnahrda va hatto Eron taraflarda oliy shuhratlar qozondi. Nomi tildan-tilga oʻtib, mashhuri zamon qahramonga aylandi. Shu bilan birga, avvalgi qadrdonlaridan ayrilmadi, bergan soʻzlariga sodiq qoldi, ulamolar va Movarounnahr xalqi bilan ham aloqayu munosabatini yanada jipslashtirdi. Bular tufayli uning shavkati ortgandan-ortdi.

 

* * *

Shu paytlarda Temur Samarqanddagi ulamo Alishohdan maktub oldi. Bu xat Temurning istiqboli nazarda tutilib yozilgandi. Temurning koʻzlari istiqlol nashʼasidan charaqlab, oʻzini qoʻyarga joy topolmay qoldi. Azbaroyi hayajonlanganidan, koʻngli kelajak xayollari bilan qaynab-toshib, ehtiyotkorlikni ham unutib, rafiqasini otining orqasiga mindirdi-da, Samarqand yoʻliga tushdi.

Tumanli havo atrofga rutubat va nam yoyar, koʻkda oq bulutlar u yoqqa-bu yoqqa yengil-yengil uchar, oftob esa, rutubatli hovurga oʻralganicha, baʼzan kulib yuz ochar, baʼzan paxtaday bulutlar orasiga kirib ketar edi…

Kecha yoqqan yomgʻir yerlarni, xususan Turkistonning serhosil, qizgʻish tuprogʻini loy daryosiga aylantirgan, yurish oʻta qiyinlashgan, oyoqqa yopishayotgan palaxsa-palaxsa loy odim otishga monelik qilar edi.

Otining orqasiga xotinini mindirib olgan Temur shundayin rasvo kunda, loyga botib boʻlsa-da, kerakli manzilga yetib borish uchun oshiqmoqda.

Ot ham charchadi. Rafiqasida istirohat istagi paydo boʻlganini sezgan Temur otidan tushdi. Xotinini ham yerga indirib, otni oʻtlasin uchun ozod qoʻyib yubordi. Soʻngra qarshidagi daraxtzor sari yoʻnaldi.

Ot yomgʻirdan soʻng tirilgan, yarqirab yashnagan oʻtloqda yayrab oʻtlab yurarkan, Temur va xotini oyoqlarining chigilini yozib, dam ola boshlashdi. Bir oz suhbatdan soʻngra choʻzilishdi va koʻzlari ilindi.

Yarim soat oʻtmay noxushlanib uygʻonishdi; atrofda sharpalar kezib yurganini, otning olib ketilganini sezishdi. Birdan allakimlarning shundoqqina boshlariga kelib, tikka turganligini koʻrishdi. Bir kimsa sovuq tovushda:

– Oʻrningdan tur! – deya buyurdi.

Temur va rafiqasi oyoqqa turmoqqa intilishdi, biroq tipirchilab-tipirchilab holdan toyishdi. Zotan oyoq-qoʻllari bogʻlangan, qimirlashga majollari ham qolmagandi. Shunda Temur ularga qarata:

– Bizdan nima istaysizlar oʻzi? – deya soʻradi.

Ammo unga hech kim javob bermadi. Vujudiga chirmalgan kamand iplari boʻynini tobora siqib bormoqda edi. Notanish bosqinchilar toʻsatdan Temur bilan xotinini yelkalariga olib, bir oz yurishdi; asirlarni xurjun misoli osiltirib otlarga ortdilar-da, ulovlariga minib, yoʻlga tushdilar.

Hech bir gap-soʻz, churq etgan tovush eshitilmasdi. Azob-uqubatli yoʻldan soʻng boshliqlarining huzuriga olib kirishdi. Burchakda kekkayib oʻtirgan qaroqchilar boshligʻi bir mulkdor boy edi. Uning baqraygan va alang-jalang koʻziga qaraganda, shahvatparast, xotinboz kimsa ekanligi koʻrinib turardi. Boy Temurga tepadan qarab, kamoli gʻurur bilan:

– Bu kiming boʻladi? – deya soʻradi.

– Rafiqam, – dedi Temur.

– Qaydan kelyapsanu qayga borasanlar?

– Biz samarqandlikmiz. Bir oz sayohat qilmoqchi boʻlib, aylanib chiqqan edik…

– Hozir qayga boryapsanlar?

– Samarqandga qaytyapmiz.

– Unda, xoʻsh, bizning otlarimiz oʻtlab yurgan dalada nima uchun toʻxtab, otlaringizni bebosh qoʻyib yubordingiz?

– Bu mulk sizniki ekanligini bilmovdik…

– Nega bilmaysizlar?..

Boy shu soʻzlarni ayta turib, imlab, oʻz odamini chaqirdi, unga Oʻljayni koʻrsatib, qulogʻiga nelardir deya pichirladi.

– Xoʻp, boʻladi, – dedi xizmatchi.

Boy nariroqdagi odamlariga qarab:

– Buni tashqariga olib chiqing! – deya buyurdi.

Temur jon-jahdi bilan qarshilik koʻrsatishga urinsa-da, eplay olmadi. Atrofdagi temir panjali yovuzlar bechoraning bogʻliq qoʻllaridan tutib, sudray-sudray chodir tashqarisiga olib chiqishdi.

Bir muddat tashqarida kutib turishgach, ichkaridan eshitilgan buyruqqa koʻra, Temurni boshqa bir chodirga olib kirishdi va yuztuban yotqizib qoʻyishdi.

Temur xotinining yolgʻiz qolganini oʻylarkan, yuragi sanchidi va zoʻrgʻa oʻrnidan turib, chodir eshigigacha bordi. Tashqarida, bir necha ayol qurshovida rafiqasining oʻtib ketayotganini koʻrdi. Bir zum koʻz koʻzga tushdi, Oʻljay imo bilan bir oz sabr qilishi lozimligini anglatdi. Shunda birdan Temurning boshi aylanib, chodir ichida yiqilayozdi…

Bundan salgina avval, boyning chodirida u bilan yolgʻiz qolgan Oʻljay Turkan esa, hech narsa yuz bermaganday, qarshisidagi kimsaga loqayd, irodasiga hokim, viqor bilan jim turar edi. Bundan ozorlangan boy gʻazabini xizmatkorlariga sochib:

– Bu xotinning qoʻllarini nega yechmaysanlar? – deya oʻshqirdi.

– Taqsir, bu eridan ham yomon, ehtiyot boʻlish kerak! – dedi bir xizmatchi.

– Yech, eshshaklar! – deya boʻkirdi boy. – Shunday chiroyli vujud, oppoq qoʻllar kamand iplari orasida ezilishi toʻgʻrimi?

– Xoʻp, taqsir, mana, hozir yechamiz…

Xizmatdagilar ayolning qoʻllarini boʻshatisharkan, qattiq vahimada bir-birlariga alanglab qoʻyishardi. Ularning koʻzlaridagi qoʻrquv mashʼalasi juda katta gunohlarga botganliklarini, qotilliklar qilganliklarini koʻrsatib turardi. Ular titrab-titrab kamand iplarini yechishdi va xudparast, oʻzicha magʻrur boshliqlarining amrini kuta boshlashdi. Bari tilanchiday boʻyni bukik, mute edi. Nihoyat:

– Sizlar endi joʻnang! – deya buyurdi boy.

Hamma chiqib ketdi. Qaroqchilar boshligʻi va Oʻljay yolgʻiz qolishdi. Boy unga hurmatini bildirayotganday iltifot koʻrsata boshladi. Bu Temurning rafiqasiga umid berdi, nimalar qilish mumkin, deya oʻyga toldi. Oʻzi va umr yoʻldoshi bu bedavolar qoʻlidan qutulishi kerak. Manavi ahmoq vositasida bu ish osonlasharmikin? Turkan odobsiz kimsaning och qarashlari va shahvat toʻla koʻzlarini nazardan qochirmasdan oʻylanarkan, bosiq tovushda, sirli qilib:

– Kechasini kut… – dedi. – Hammasi yaxshi boʻladi. Sen aysh-ishrat tayyorgarligini koʻraver…

Bu soʻzlarni eshitgan boy birdan tentaksirab, jinni boʻlayozdi. Soʻngra es-xushini yigʻib, darhol xizmatchi ayollarni chaqirdi.

– Bu xotinni olib borib, nima desa, aytganini qiling! – deya ularga buyurdi.

– Xoʻp, taqsir…

– Hurmatini joyiga qoʻyinglar, boʻlmasa koʻrasanlar, a!..

– Bosh ustiga, taqsir! Bosh ustiga…

Soʻngra ichlaridan bittasini chaqirib:

– Qani, menga qara-chi sen… – dedi pastroq tovushda.

– Buyuring, boy ota, – dedi xizmatchi ayol.

– Sen kechqurunga uzum sharobi tayyorla! Yonida kerakli ichkiliklarni ham unutma. Joʻna endi!..

Barcha chiqib ketdi.

…Xuddi ana shu paytda, ana shu holatda Oʻljay Turkan va Temur bir-birini koʻrib qolishdi va xotin eriga ishora bilan kerakli gapni anglatdi.

 

Ichkilik va boshqa kerakli yeguliklarni tayyorlash buyurilgan xizmatchi qiz boyning xotini tomon oshiqdi.

– Boy ota janoblari bu kecha judayam chiroyli bir xotin bilan ishrat qilmoqchilar, – dedi hovliqib.

– Nima?! Nima deding?

– Judayam chiroyli xotin…

– Oʻsha xotin oʻlgur hozir qayda?

– Xizmatkor ayollar bilan birga, sayrda…

– Tez borib ayollarga ayt, uni olib kelishsin!

– Bosh ustiga!..

Bechora qiz yugurib borib ularni topdi va bu amrni arz etdi. Oʻljay bu soʻzlarni eshitar-eshitmas, darhol oʻzicha bir reja tuzdi. Uni pishitarkan, nima qilish kerakligi haqida bir qarorga keldi. Barcha boyvuchcha oyimning chodiriga qarab yoʻnaldi. Ichkariga kirilganda, Oʻljay beparvo yurib oldinga oʻtdi. Boyning xotini unga dushmaniga qaraganday olayib, hirsu gʻazab bilan tikilib turardi. Oʻljay viqor bilan bedavo xotinga koʻz tashladi, bepisand ohangda:

– Lutfan tinglasangiz, sizga baʼzi gaplarni arz etmoqchiman, – dedi.

– Yaxshi, qani, ayting-chi, – dedi boyning xotini.

– Yolgʻiz boʻlishimiz kerak. Amringizni kutaman…

Boyning xotini oʻylanqirab qoldi, ikkilandi, ammo bir Oʻljayning qaddi-qomatiga, bir oʻziga zimdan qarab, xavotirga tushdi va choʻzib oʻtirmasdan, koʻnmaganini anglatiboq:

– Soʻzingizni yolgʻiz menga aytasizmi? – deya oʻsmoqchiladi.

– Ha.

– Yonimga kelib, maxfiyona soʻylashingiz mumkin.

– Yoʻq, boʻlmaydi. Shunday gaplar borki, past ovozda aytish mumkin emas. Shu uchun lutfan iltimosimga quloq bering.

Boyning xotini xizmatkorlarga qarata:

– Chiqinglar, har kim oʻz ishiga… – dedi.

Yolgʻiz qolishgach, ikki ayol bir-biriga sinchkovona nazar soldilar. Oʻljayning qarashlari mehribon, taraddudli edi. U muloyim tovushda:

– Xonim, gaplarimni yuragingizda sir qilib saqlashga soʻz berasizmi? – deya soʻradi undan.

– Ha, men yolgʻon gapirmayman, or-nomusli, tag-tugli odamlardanmiz.

– Men kimman, bilasizmi?

– Yoʻq, bilmayman…

– Men esa sizni tanidim. Menga yaxshilab qarang…

Shu lahzagacha boyning xotini qarshisidagi ayolni tanimagandi. Ammo tikilibroq qararkan, ha-ha, endi uni esladi. Birdan dovdirab, oʻzini yoʻqotgancha:

– E-e… siz… siz… siz bu yerda… – deya yutinib, mulzamlikdan qizargan boyning xotini oʻzining eski valineʼmatini, Turkanni tanib qoldi. – Kechirasiz, bu yerda nima ishingiz bor edi?.. Xususan, xizmatkordan olgan xabarimga qaraganda boshqacharoq…

– Ha, shunday. Ering meni yoqtirib qoldi. Gap tashlab koʻrdi. Erim Temur qarshidagi chodirda bogʻlab qoʻyilgan, yotibdi. Uni qutqarish uchun eringga kechqurungi aysh-ishratga vaʼda berdim, cholgʻu va ichkiliklar tayyorlanishi kerakligini, uni xursand qilishimni bildirdim. Xullas, shunaqa gaplar. Bir balo qilib uni uxlatib, erimni qutqaraman…

– Xonim, oʻzi bu yerga nimaga kelgandinglar? – deya soʻradi boyning xotini.

– Samarqandga ketayotgandik, – dedi Oʻljay Turkan. – Yoʻlda xordiq chiqaraylik deb toʻxtagandik. Uxlab qolibmiz. Uygʻonganda, oʻzimizni odamlaringiz oyogʻi ostida, kamand tuzogʻida koʻrdik. Bizni ering huzuriga olib kelishdi. Mana, Samarqanddan, Alishoh imzosi bilan xat…

Shunday deya, Oʻljay Turkan qoʻynidan olgan maktubni sobiq xizmatchisiga koʻrsatdi. Soʻng yana qoʻyniga solib qoʻydi.

– Endi rejamizni oʻylaylik. Qani ayt-chi, bu yerdan qanday qochsak boʻladi? – soʻradi Turkan.

– Ne bilay… – deya boyning xotini taraddudlandi.

– Sen bizga ikkita yaxshi chopadigan ot tayyorlay olasanmi?

– Bu oson gap-ku.

– Boʻpti. Yaxshi. Yana bir narsa kerak… Ikkita qurol topasan. Bitta yoʻl koʻrsatuvchi ham.

– Xonim, koʻnglingiz toʻq boʻlsin. Ikki ot, qurol tayyor deyavering. Oʻzim sizlarga yoʻl koʻrsatuvchilik qilaman. Chunki bu borada boshqalarga ishonish xatodir, oxiri falokat boʻlishi mumkin…

– Rahmat senga. Unda oqshomni kutamiz…

– Bosh ustiga.

– Ha, bizniki qarshidagi chodirda, demak… Qanday qilib qutqarasiz? Qorovullar bormikin?

– Bu ishga kechqurun kirishmogʻimizni hisobga olganda, menimcha, ikki qorovulni oʻldirish kerak boʻladi…

– Kerak boʻlgach, shunday qilinadi-da.

– Agarda qarshilik koʻrsatishmasa, bogʻlaymiz, xolos…

– Ha, mayli.

– Shu, eng sodiq kanizaklarimdan bittasi bor. Uni chaqirib, bu ishda erining yordamini talab etsam, qanday boʻlarkin?..

– Sening ering shuni istayotganday qilib aytilsa, u odam ot va qurollarni olib keladi, kanizak borib aytsa, bas. Ammo sezib qolmasin-da, ishqilib…

– Juda yaxshi.

– Xoʻp, u ish oson, ammo bu gaplarni Temurga qanday bildiramiz? – soʻradi Oʻljay Turkan.

– Uni siz bildirishingiz kerak, – dedi boyvuchcha. – Hozir borib, eringiz bilan gaplashmoqchi ekaningizni boy otaga aytib, izn istaysiz, bir oz ishva bilan, albatta. Oʻshanda u chiday olmaydi va ruxsat beradi.

– Juda soz! Kanizakni chaqir. Birinchidan, boy otani koʻrmoqchi ekanimni ayt, soʻngra meni taqsirning huzuriga olib borish kerakligini buyur. Men ketganimdan keyin esa, sen bu tomondagi ishlarni bajar. Maylimi?

– Bosh ustiga, xonim.

Boyvuchcha tashqariga chiqib, turqi gezarganicha, Oʻljay boy otani koʻrmoqchi ekanini aytdi va kanizaklar chodiriga kirdi. Barcha oʻrnidan qoʻzgʻoldi. U eng sodiq kanizagiga:

– Faqat sen bunda qol, farishtam, – dedi.

– Xoʻp boʻladi.

Boyning xotini Oʻljay tomonga qarab:

– Sizni kutishmoqda, xonim, ketishingiz mumkin, – dedi sovuq bir ado bilan.

– Iloyo, kam boʻlmang, – dedi Oʻljay minnatdorona tovushda va joriyalar tarafga yurdi.

Oʻljay va xizmatchi ayollar birgalikda chodirdan chiqishdi. Narigi chodirga yaqinlashganlarida, joriyalardan biri boyga xabar berdi. Boy ota darhol yonidagilarga ruxsat etib, Oʻljay xonimga:

– Buyursinlar, – dedi.

– Taqsir, sizni bezovta qildim, maʼzur tutgaysiz, – dedi Oʻljay viqor bilan.

– Yoʻgʻ-e, parizoda, neni amr etmoqchilar, buyuring! – dedi boy erib ketib.

– Hech bir amrimiz yoʻq, taqsir, aksincha… – dedi muloyim ohangda Oʻljay xonim. – Aylanib yurib, rafiqangiz oldiga borgan edik. Koʻp sovuq qarshiladilar. Shuning uchun chodirlarida oʻtirolmadik… Yonlarida jonim siqildi…

– Ha, endi, bizning oyimcha shunaqalar, bilaman. Afsus… Men sizni zeriktirib qoʻymayapmanmi, xonim?

– Bilmadim… Yoʻgʻ-e…

– Koʻnglingizdagini ochiq aytavering, xonim.

– Sizdan kichik bir iltimosim bor edi…

– Nima ekan?

– Agarda ruxsat etsangiz…

– Qani-qani, aytavering…

– Mening xotirim uchun…

– E, dangal aytavering, hech tortinmang…

– Erimning yoniga qisqa fursatga olib borishsa, bir koʻrishsam degandim…

– E-e… u boʻlmaydi. Boʻlmaydi!

– Sizdek ulugʻ inson uchun dunyoda boʻlmaydigan bir ish bormiki… Men dunyoda bunday ish borligini taxmin ham qilolmayman! Shuning uchun, davlatlari soyasida, bu xususda menga bir iltifot etishlarini soʻrayman…

– Qanchalar sizning iltimosingizga bosh egsam ham, soʻrayotgan ishingizga izn berishim mumkin emas!

– E-e, shuyam sizday odam uchun bir ish boʻldimi, hazratim! Bir bor jahlingizdan tushsangiz, menga shafqat etsangiz va bir bechoraning koʻnglini olishim uchun ruxsat bersangiz…

Oʻgʻriboshi boy xayolga toldi. Bundayin yoqimli muomaladan keyin bosh silkib, xonimning gaplarini maʼqulladi. Oʻyga choʻmib oʻtirarkan, bir ozdan soʻngra boshini koʻtardi-da, Oʻljay xonimning qaddi-qomatiga termulganicha, yuziga qarab, mast boʻlganday:

– Xoʻ-oʻp… – dedi.

Boy tashqaridagi qorovullardan bittasini chaqirdi.

– Xonimni tutqunning yoniga olib bor, – dedi unga. – U bilan koʻrishsin. Birov ularni bezovta qilmasin.

– Xoʻp, taqsirim! – dedi qorovul.

Oʻljay xonim boyga:

– Rahmat, minnatdorman, – deya tashakkurini bildirdi. Soʻngra qorovul bilan birga tashqariga chiqishdi.

Temur qamalgan chodirga borishdi. U yerda, bogʻlangan holda yumalab yotardi.

Bu makondagi xalq turkiyda qoʻpol gaplashardi, shirin saroy tilidan va forsiydan voqif emasdi. Shuni koʻzda tutib, fikrimiz atrofdagilarga anglashilmasin deya, Temur va Oʻljay qorovulga ham ahamiyat bermasdan, forsiyda soʻzlasha boshladilar. Oʻljay eriga:

– Qalaysiz? Oʻzingizni qoʻlga oling, kechqurun qochamiz, men ishni yoʻlga qoʻydim, – dedi. – Ammo siz ham ehtiyot boʻling, sezdirmaslikka harakat qiling…

– Boʻpti, – dedi Temur. – Ammo… bu ishni sen qanday eplading?

– Hozircha buni uqtira olmayman, vaqtimiz ziq. Keyin bilib olarsiz…

– Shu odamni yoʻqotsak-chi?.. – dedi Temur qorovulni nazarda tutib.

– Yoʻqotamiz… – dedi Oʻljay. Soʻngra qorovulga parvosiz bir tovushda: – Siz birpasga tashqariga chiqib turing, – dedi.

– Xoʻp, bosh ustiga, – dedi qorovul xonimga jilmayib. Soʻngra u Temurga bir koʻz olaytirib boqdi-da, tashqariga yoʻnaldi.

Oʻljay bor gapni Temurga qisqacha qilib tushuntirdi. Choʻntagidan uyqu dorisini chiqarib:

– Mana, buni piyolaga solib eritsam, u ablahni besh daqiqada uxlatishiga shubham yoʻq! – dedi.

– Yaxshi, ammo bu yerdagi qorovulni nima qilamiz? – deya Temur xotiniga maslahatomuz boqdi.

– Boshqacha hiyla topolmasak, oʻldirishga majbur boʻlamiz, harholda. Koshki shunday qilmasak…

– Eh, odamlar, odamlar… – dedi Temur boshini saraklatib. – Ont ichamanki, bu chekilgan azob-uqubatlarning qanaqaligini boshqalarga ham koʻrsatib qoʻyaman hali…

– Xayr endi, – dedi Oʻljay. – Tong otar-otmasdan kelamiz. Tayyor turing. Oyoq tovushlariga quloq tuting…

– Yasha, xotin, – dedi Temur mamnun tovushda. – Yaxshi bor.

Ha, vazir Qizgʻinning oʻlimidan keyin Temur va Oʻljay orasida er-xotinlikdan tashqari, boshlariga tushgan ayrim fojealar tufayli boshqacha yaqinlik va samimiyat yuzaga kelgan edi. Ota-ona, qondoshlik-qarindoshlik munosabatidan koʻra ham oʻrtalarida bir uzilmas mehr ipi yaralgandiki, qisqasi, ikovlon dunyoda bir-birlari uchun hamma narsaga qodir edilar. Shuning uchun har bir masala ustida bir tanu bir jonday harakat qilishlari tabiiy edi.

Ikkisining ham maqsadi, gʻoyasi vazir Qizgʻinning qotillarini ushlash, jazolash va uning nomu shonini qayta tiklash edi.

Oʻljay Turkan chodirdan chiqarkan, toʻppa-toʻgʻri boyvuchchaning chodiriga qarab yurdi. Oqshom choʻka boshlagandi. Ana endi Oʻljay rejasini amalga oshirishi kerak.

Oʻljay boyning xotini yoniga kirarkan:

– Qalay, hamma ish bitdimi? – deb soʻradi.

– Ha, bitdi, – dedi boyvuchcha.

– Rahmat, menga eski paytlardagidek hurmatingni koʻrsatganing uchun minnatdorman, – dedi Oʻljay. – Ma, manavini ol, ichkiliklarga qoʻsharsan, uyqu dorisi.

– Buni ichkilikka qanday aralashtirayin?.. – dedi xavotirli tovushda boyvuchcha.

– Ikki-uch tomchi yetib ortadi. Koʻproq qoʻshilsa ham, hech zarari yoʻq.

– Xoʻp… E-e, ana kelyapti, men borib ishni bajarayin – dedi boyvuchcha va tashqariga yoʻrgʻaladi.

Ayni shu paytda chodirga boy kirib keldi. U toʻgʻri Oʻljayga yaqinlashmoqchi edi, u boyni gʻoyatda yumshoq qiyofa va iltifot ila qarshilab, uni soʻriga oʻtqazib, dasturxonga ayshu ishrat uchun kerakli buyumlarni keltira boshladi. Kanizaklar ularni joy-joyiga qoʻyarkanlar, boy Oʻljayni soʻroqqa tutdi:

– Koʻrishdingizmi?

– Ha, taqsir. Sizdan juda minnatdorman. Esonlik bilan, amringizga xilof harakat etmasdan koʻrishdik. Kamand iplari tufayli yuzaga kelgan yaralarni koʻrdim, ammo ip bogʻlarini yecholmadim… – deya afsuslandi Oʻljay. Soʻngra ichkarida suzilgan sharobdan bir piyolani qoʻliga olib, boyga uzatdi: – Oling, taqsir!

Boy erib ketdi. Oʻrnidan turib sharobni qoʻliga oldi. Shavq bilan:

– Oldin siz iching, men sizga ichiraman! – dedi.

– Yoʻgʻ-e, siz hurmatli zotsiz, siz oldin shuni iching, xotirim uchun… – dedi Oʻljay. – Sizdan keyin men ham ichaman…

– Voy dod! – deya boy xitob etdi. – Amr eting, ichurmiz!..

Birinchi piyolani ichirgandan keyin Oʻljay chuqur nafas oldi va qadahni toʻldirib, oʻzini ichayotganga solib, sharobni koʻksidan pastga toʻkib yubordi.

– Bu orada cholgʻuchilarimiz yoʻqmi? – deya oʻsmoqchiladi Oʻljay.

– E-e, hammasi bor! Raqqosalarimiz ham hoziru nozir, gʻadagʻang! – dedi boy mamnun tovushda.

– Lutfan ularni bu goʻzal majlisga chaqirtirsangiz, – dedi Oʻljay.

– Bir ogʻiz soʻzingiz, – dedi boy. Soʻngra ovozini koʻtarib: – Cholgʻuchilar, raqqosalar kelishsin! – deya buyurarkan, esnay boshladi.

Oʻljay Turkan uning hozirdan uxlab qolishini istamaganidan, ortiqcha tirgʻalib, bemazalik qilmasligi uchun bir oz sarxushu xumor boʻlishini orzulab oʻtirardi. Mashshogʻu oʻyinchilar kelishdi, bir oz oʻyin-kulgu qilishdi. Boyning koʻzlari tobora yumilib bormoqda edi.

Shu chogʻda Oʻljayning xayoliga bir reja keldi, tajriba uchun uni sinab koʻrishni maqbul bildi.

– Taqsir, bir narsa aytsam, shu, erim ham oʻyin-kulguni, zavqli kecha hayotini juda yoqtiradi. Uyam bir bechora banda, kun boʻyi tortgan azobu uqubatlari alamini pasaytirish uchun uni shu yerga chaqirsak, ne deysiz? – dedi viqoru noz aralash.

– Nima deysan?! – dedi boyning koʻzlari chaqchayib.

– Ha, endi… Sizning mehru shafqatingizdan xursand boʻlganimdan, aytdim-qoʻydim-da…

Boy Oʻljayning bundayin hurmatkorona soʻzlaridan mumday erib ketdi. Bepisand ohangda:

– Tutqunni olib keling! – deya buyurdi.

Tashqarida bu soʻzlarni eshitgan posbonlar chodirning eshigiga yugurib kelishdi, notoʻgʻri eshitgan boʻlmaylik tagʻin, degan xayolda:

– Nima dedingiz, boy ota? Ne amringiz bor?.. – deya soʻrashdi.

– E, ovsarlar, nima deyapsanlar? – deya boy qahr va hiddat toʻla tovushda baqirdi. – Tutqunni darhol keltiring!!!

– Xoʻp, taqsir! – deya qorovullar chopib ketishdi.

Ular Temur asir yotgan chodirga kirishdi. Oldiniga uni bezovta qilib, bir oz qiynashdi. Soʻngra boyning huzuriga olib borish uchun oʻrnidan turgʻazishdi. Shunda Temur, nima boʻlayotganini tushunmasdan, boshqa yerga ketgisi kelmasdan, bir oz qarshilik koʻrsatdi. Oʻgʻrilar uning tirgʻalishiga ahamiyat bermasdan, qiynab-siqtab haram chodirga olib borishdi. Bogʻlogʻliq holda boyning huzuriga kiritishdi. Temur shoshib qolgandi, “Nima boʻldiykin? Bilib qoldimikin?”, – deya ichida oʻylab, xavotir-la oʻrtandi.

Ichkariga kirar-kirmas, Oʻljayga koʻzi tushdi. Qoʻllari boʻshatildi. Qorovullar tashqariga chiqishdi. Temur dasturxonga, aysh-ishratga daʼvat etildi.

Ana xolos!.. Temur nimalar boʻlayotganini bilmoq uchun Oʻljayga qaradi. Xotini uni ishora bilan tinchlantirdi. Demak, hammasi joyida…

Oʻljay sharob ichayotganday koʻrinsa-da, aslida, ichkilikni sezdirmasdan pastga toʻkayotgandi. Boy tinimsiz ichar, shirakayf, majolsiz, uyqusiragan koʻzlarini ochishga tirishib, pirpiratar edi. Ashulachilaru mashshoqlar, oʻyinchilar zavqu shavq-la oʻyin-kulguni avjga chiqarishmoqda.

Tun ham yarimladi. Oʻljay sharob toʻla piyolani boyning boʻgʻziga taqarkan, uning soʻljaygan holatidan besh daqiqadan keyin oʻlikday uyquga ketishini sezib, u yerdagilarni haydashga amr berdirdi. Hamma chiqib ketdi.

Chodirda boy va xotini, Temur bilan Oʻljay, yaʼni toʻrt kishi qolishdi.

Boy ogʻir uyquga choʻmdi…

Nihoyat, kechaning oyoqlagani, tong oqarayotgani sezildi. Oʻljay boyvuchchadan:

– Ketishga hamma narsa tayyormi? – deya soʻradi.

– Xoʻp desangiz, atrofni bir tekshirib chiqay, – dedi bir oz xavotirlanib boyning xotini. – Keyin sizlarni olgani kelaman.

Oʻljay uning fikrini maʼqullab bosh silkadi. Boyvuchcha sharpasiz chiqib ketdi. Temur va Oʻljay boyning holiga boqib, sassiz kulib qoʻyishdi. Besh daqiqacha oʻtgach, boyvuchcha qaytdi va:

– Tinchlik, hech bir monelik yoʻq, sekingina joʻnab ketaveramiz, – dedi.

– Qani, beri kel-chi, – dedi unga Oʻljay mehri tovlanib. Qoʻynidan bir tizim marjon chiqardi, ammo shu chogʻda nenidir yerga tushirganini sezmay qoldi. Marjonni boyvuchchaga tortiq etarkan: – Manavi mendan senga esdalik. Doim eslab yurgin. Boʻptimi? – dedi.

Boyning xotini minnatdorlik bildirdi.

Birgalikda chodirdan chiqishdi va ehtiyotkorlik bilan orqada turgan otlarga minishdi. Boyvuchcha kunchiqar tarafni koʻrsatib:

– Samarqand shu yoqda, – dedi.

Otlar qoʻzgʻaldi. Ammo endigina oʻgʻrilar makonidan uzoqlashishar ekan, chodirdan chiqqan bir kimsa ularni koʻrib qoldi. U sheriklarini oʻshqirib uygʻotdi. Beshta oʻgʻri otlariga minib, qochoqlar ortidan quvlashga tushdilar. Ana endi falokat boshlangandi.

Jangovar va jasur Temurning bir oʻzi maydonda oʻn kishiga, Oʻljay ham kamida besh kishiga bas kela olsa ham, bu yerlarda ortiqcha vaqt yoʻqotib, olishib oʻtirish fursati emasdi. Ikkovlon otlarini chuh-chuhlab yanada tezlatishdi. Orqadagilar ham quvlashdan voz kechmoqchi emasdi chogʻi, ular-da ulovlariga qamchi bosdilar…

Oʻzlari oʻgʻrilar qoʻliga tushgan yerga yaqinlasharkanlar, orqadan quvlab kelayotganlardan bittasi qochqinlarga yetib oldi. Temur qilichini yalangʻochlab, unga tashlandi. Zarbadan uning qilichi yerga otilib ketdi, oʻzi qattiq yaralanib, dumalab qoldi. Ayni chogʻda Oʻljay shartta otidan sakrab tushib, yaradorning belidagi arqonni yechib, uni bogʻladi. Bu ish muvaffaqiyatli tugagandi. Ammo ikkinchi oʻgʻrining yetib kelishi yoʻlovchilarni shoshiltirib qoʻydi.

Qochqinlarga yetishgan qaroqchi ot ustida olishmoqni ep koʻrmay, darhol yerga tushdi va qilichini sermab, hujumga oʻtdi. Temur qaroqchining zarblaridan qalqon bilan himoyalanish jarayonida, poylab turib, uni oyogʻi bilan bir tepdi. Raqib yiqilarkan, chap qoʻli tagida qolib, yumalab ketdi va qayta qoʻzgʻolmadi.

Orqadagi oʻgʻrilarning ikkitasi baravar yetib kelishdi va birlashib hujumga kirishdilar. Soʻngra biri Temurga, boshqasi Oʻljayga tashlandi. Temur kutilmaganda qaroqchining otiga qamchi soldi. Ot qochishga chogʻlanib, yulqinib qoʻzgʻalarkan, egasi chapdastlik bilan yerga tushdi va oniydan hamla etdi. Afsuski, u raqibiga yaqinlasha olmasdan boshidan qilich zarbi yedi va choʻzilib qoldi. Temur esa, nariroqda qaroqchi bilan olishayotgan Oʻljayga yordamlashmoqqa oshiqdi. Holbuki, Oʻljay raqibi bilan bir oz olishgach, kutilmaganda otini uning ustiga bostirib haydab, ogʻzi-burnini qonga boʻyab, abjagʻini chiqarib ulgurgan edi.

Orqadan quvalab kelayotgan boshqa qaroqchi bu vaziyatni koʻrib, taqqa toʻxtadi. Bir muddat taraddudlanib turdi-da, soʻngra otini ortga burib, uchira ketdi va ufqqa yoyilgan siyrak oq bulutlar orasiga singiganday koʻzdan yoʻqoldi…

 

XIV. OʻZINGDAN BALO ChIQSA

 

Temur va Oʻljayni quvlab, olishuvdan yolgʻiz tirik qaytayotgan suvoriy choshgoh paytida oʻz makoniga yetib keldi.

Boyning xotini Farishta ham tutqunlarni joʻnatgandan keyin, goʻyo hech narsa yuz bermaganday, oʻz chodiriga kirib, uxlab qolgandi.

Ertasiga kechagi kayfu maxmurlikdan keyin boshi ogʻrib uygʻongan boy atrofga alanglab, xumor koʻzlarini yirib-yirib Oʻljayni qidirdi. Topolmagach, gʻazabga mindi. Xotinini, xizmatchi ayollar va raqqosalarni chaqirtirdi. Asirlarning qochganidan barchasi xabarsiz edi. Boy ularga:

– Nimani qoʻriqladinglar oʻzi?! Shu yerda emasmidingiz yo?! – deya oʻshqirdi.

Biri unga javoban, sekingina:

– Taqsir, siz ket, deya buyruq berganingizdan keyin biz chiqib ketgandik. Chodirda mehmonlar bilan siz qolgandingiz… – dedi.

Bu soʻzlarni eshitarkan, badtar gʻazabi qaynagan boy ensasi qotib, yerga boqdi. Koʻziga bir qogʻoz ilashdi. Darhol egilib oldi. Bu Alishoh tarafidan Temurga yozilgan maktub edi. Oʻqidi, unda: “Temur, tezda Samarqandga kel. Alishoh” degan soʻzlar bitilgandi.

– Ha-a… – deya ogʻir soʻlish oldi boy. Soʻngra: – Bilindiki, qoʻlimizga tushgan Temur ekan. Endi u Samarqandga ketmoqda, shundaymi? E-e, u jononni men unga berib boʻpman!.. Hali koʻradiganini koʻradi u! – deya baqirdi.

Shu asnoda bir otliq kelganini xabar qilishdi. U shitob bilan boyning huzuriga olib kirildi.

– Nima gap? – deya toʻngʻillab soʻradi boy.

– Taqsir, shu, erta bilan endi uygʻongandim… – deya chaynala boshladi u.

– Tez gapir! – oʻshqirdi boy.

– Tong oqararkan, ikki otliqning chopib ketayotganini koʻrib qoldim…

– Xoʻp, keyin?

– Biroz sinchiklab qarasam, kecha qoʻlga tushgan asirlar ekan.

– Undan keyin nima qilding?

– Chodirdagi sheriklarimni uygʻotdim, birgalashib quvib ketdik…

– Of-farin!

– Ammo, taqsirim…

– E, odamga oʻxshab tez-tez gapirsang-chi!

– Urushdik…

– Yaxshi-ku!

– Avval birimiz, soʻngra boshqamiz, undan keyin ikkitamiz ularga yetib borib, hujum qildik…

– Juda soz! Demak, qochoqlarni ushlab keltirdingiz, ha-a, qani, olib kiring ularni huzurimga!

– Yoʻq, taqsir, kechirasiz, keltirolmadik.

– Nima boʻldi?

– Ular bilan olishib, yengolmadik… rasvo boʻldik, yengildik, hamrohlarimdan faqat men tirik qoldim, xolos… Mana, qaytib, taqsirimga bildiray deya qarshingizda qoʻl qovushtirib turibman…

– Yaxshi qilibsan, – dedi boy oʻylanib. Soʻngra: – Tezda otimni tayyorlang! Men ketishim kerak. Hamma ishga sen qarab turasan, – dedi xizmatkorga. – Hali shoshmay tur sen, Temur! Agar oʻsha ayol senga xotin boʻlsa, otimni boshqa qoʻyaman!..

Xizmatchilar boyning otini keltirishdi. U uloviga mindi-da, yoʻlga tushdi. Xat ham choʻntagida. Zudlik bilan Samarqand tomonga yoʻnaldi. Oqshom payti shaharga kirib bordi.

Ertasiga sulton Tugʻluq tarafdorlari bilan birga Temurni qidira boshladi. Kun boʻyi soʻrab-surishtirgach, Temur va xotinining Samarqandga kelmaganligiga ishonch hosil qildi.

Tong otgach, ular baribir shu yerga keladi-ku, deya oʻyladi va yashirincha kutishga qaror berdi. Oʻsha kuni ham, undan keyingi kunlarda ham Temur bilan rafiqasini maxfiyona axtarishda davom etdi. Biroq na oʻsha kuni, na ertasiga, na indiniga va na undan soʻnggi ayyomda Temurga oid hech bir xabar eshitmadi, hech bir iz va yo alomatga duch kelmadi.

Temur esa, bu muddatda oʻzi oldinlari ham yashirinib yurgan bir gʻorga xotini bilan birga berkinib olgandi. Allaqancha tarafdorlarini bu gʻorga chaqirtirib, qurol-aslahayu otlarni badastur qilib, choʻldagi arslonlar toʻdasi yangligʻ tevarakka dahshat socha boshlagandi. Bu vaqt ichida u yoʻlida uchragan ayrim sahro turkmanlari bilan qaqshatqich jang olib bordi, ularni ham, boshqa baʼzi bebosh toʻdalarni ham olishuvlarda yer bilan yakson aylab, soʻngra magʻlublarni kechirib, koʻnglini ovlab, yengilgan guruhlaru toifalarni oʻz yoniga tortib, kuch-quvvatini oshirib oldi. Bu mintaqada u shundayin dong taratarkan, Temur haqdagi vahmali mish-mishlar ortgandan ortar, uning tarafdorlari ham koʻpaygandan koʻpayib borar edi.

Shunday qilib, Movarounnahrda turkiylar, eronliklar va Xuroson xalqi asta-sekinlik bilan Temurga boʻyin egayotgan, uning qudrati oʻsayotgan bir davr boshlangandi. Masalan, atrofdagi tojik qaroqchilar boshligʻi Muborakxon oʻz odamlari bilan birga ilk kelib qoʻshilganlardan edi. Oʻshanda Temurning qoʻli ostidagilar soni ikki yuz kishiga yetgandi.

Temur yigʻilgan jangovarlar bilan birga anchagina ishni amalga oshirish mumkinligini moʻljallab, barcha bilan kengashmoq niyatida qurultoy tartib etdi. Bu yigʻinoqda yaqinlaridan Oʻgʻuz Arslon, qaynogʻasi Husayn, Muborakxon, Sher Bahrom va boshqa allaqancha dono insonlar bor edi. Temur vaziyatga oid fikrini shunday ifodaladi:

– Oʻylashimcha, biz hozirgi quvvatimiz bilan emas, balki kelajakda bizga qoʻshiladigan tarafdor kuchlar yordamida Samarqandni egallashimiz kerak.

– Qanday tarafdor? – deya oʻsmoqchiladi Muborakxon. – Samarqandda bizga qancha odam qoʻshilishi mumkin?

Oʻgʻuz Arslon uning bu savoliga shunday javob berdi:

– Taxminan xalqning yarmi.

– Unday boʻlsa, bu yerda turishimiz xato-ku? Ammo ular rejalaringizdan xabardormi?

Temur endi soʻzga aralashib:

– Yoʻq, ularning xabari yoʻq, – dedi. – Ammo biz ishni boshqacha hal eturmiz. Birinchidan, biz Samarqandga yurarkanmiz, siz odamlaringiz bilan Buxoroga borasiz. Siz Buxoro yoqdagi qishlogʻu ovullardagi odamlar bilan, men Samarqand atrofidagi insonlar bilan uchrashamiz. Ularni fikrimizga, yoʻlimizga ishontirib, bir qarorga kelamiz. Keyin sizga ishorat beraman. Birgalikda butun jete xalqiga, yaʼni sulton tarafdori boʻlgan chigʻatoylarga va ularning voliysi Ilyosga hujum qilamiz. Xudo xohlasa, Movarounnahrni qoʻlga kiritamiz. Qani, endi bir Qurʼon oʻqib, duo etaylik.

Temurning qaynogʻasi yonida turgan Sher Bahrom:

– Men bu ishlarga rozimasman, qarorga ham qoʻshilmayman, – dedi. – Ammo qarshilik ham qilmayman. Modomiki, qurultoy qarori shunday ekan, men endi Hindistonga joʻnay qolay, – deya chiqib ketdi.

Biroq birgina Sher Bahromning Temurdan ayrilishi uning uchun katta bir yoʻqotish emasdi. Shuning uchun u qatʼiy, ishonchli tovushda:

– Qani, biz ham Samarqandga qarab yuramiz! – deya hayqirdi.

Qaynogʻasi Husayn esa, Temurga qingʻir qarab, xoinona ohangda, ichida: “Xoʻp, qani, yurib koʻraylik-chi”, – deya gʻudrandi.

Ayni chogʻda, Oʻljay ham eri Temurning manfaatlarini oʻylab oʻzicha rejalar tuzmoqda, tarafdorlarni koʻpaytirish uchun tanish-bilishlarini ishga solib, tadbirlar koʻrmoqda edi. Zotan Temur, Samarqand xalqi bilan koʻrishmasdan oldin, bir necha kechani katta opasi Turkan Oqaning uyida oʻtkazdi. Ana shu vaqt orasida kelajakda raqibu yovlariga beradigan zarbalarini obdan oʻylab pishirarkan, boshqa bir yoqda Oʻljay ham oʻz odamlari bilan gʻayrat koʻrsatib, aholi ichida Temur xususida yaxshi fikrlar uygʻotib ulgurgan edi. Allaqancha inson Temur va xotini Oʻljayning fazilatu iqtidorini tasdiq aylab, ularning muxlisiga aylangandi. Ular Tugʻluq sultonning Temurga qilgan muomalasini insofsizlik deb bilishardi. Shunday qilib, vaziyatdan unumli foydalangan Temur Samarqandda ikki ming tarafdor toʻplay olgan edi…

Temur omma orasida bunchalik eʼtibor qozongan holda, har ishga shay turarkan, u bir yondan xotini va ulamoning-da diniy isyon chiqarishlarini kuta boshladi. Ammo ochiqdan-ochiq bu ishlarga berilib ketgan Temur, qarangki, orqasidan tushgan josuslarni payqamay qoldi. Bir kuni unga notanish bir kishining koʻrishmoqchi ekanini bildirishdi. Temur uni keltirishlarini buyurdi.

– Siz kimsiz? – deya soʻradi undan Temur.

Notanish kimsa uning savoliga javob bermasdan:

– Sizga aytadigan baʼzi soʻzlarim bor edi, shunga keldim, – dedi. – Bundayin ochiqdan-ochiq boʻysunmaslik, isyonu ixtilolardan voz kechmagingiz muvofiqdir.

– Nechun?

– Chunki sizni bugun sultonga chaqishadi. Yo bu yerdan chiqib ketasiz, yoxud oʻlim hukmini boʻyinga olasiz, boshqa yoʻl yoʻq.

– Holbuki, menga tobe odamlarning barchasi sodiqdirlar…

– Ha-ha, sodiqlar, hatto qaynogʻangiz ham! – deya kesatdi notanish kimsa. – Faqat u dushmanlaringiz yonida!

– Demak, Husayn menga qarshi… – dedi Temur oʻylanqirab. – Shundaymi? Unday boʻlsa…

– Ha! Ana shu holat, xiyonat va parokandalik haqidagi shum xabarlarni sulton tarafdorlari xalq orasiga yoyib boʻldi. Shuning uchun aholi ichidan endi oʻzingizga hech bir koʻmakchi topolmasligingizga aminman.

– Yaxshi. Olloh sizga salomatlik bersin! – dedi Temur uning chiqib ketishiga ishorali ohangda.

Qaynogʻasi Husaynning dushmanlar tomonga oʻtib ketgani Temurning huzurini qochirib, ahvoli ruhiyasiga qattiq taʼsir qilgandi. Nahotki birorta ishonib boʻladigan odam yoʻq, deya koʻnglidan kechirdi u.

Temur oʻsha oqshom zodagonlar orasidan oʻziga yaqin ellikta otliqni tanladi-da, u makondan qochdi va tashqaridagi kuchlarini ham bir yerga toʻplab, har ehtimolga qarshi, mudofaaga shay turishni munosib koʻrdi.

 

  1. TEMURNING QAYNOGʻASI HUSAYN DUSHMANLAR

ORASIDA

 

Temur qaroqchi boyga asir tushib, oʻrtadan gʻoyib boʻlgan kunlarda, uning odamlarini Husayn oʻz taxti itoatiga olib, hokimiyatu amriyat totini totgan edi. Ammo Temur qaytadan maydonga chiqib, ish yurita boshlagach, Husayn hukmronlikni yana unga majburan berib, oʻzini yaqin tutsa-da, oʻshandan boshlab yurak-bagʻri kin, hasad, adovat otashida oʻrtanib yurgandi.

Sher Bahromni urushga qoʻshilmaslikka tashviq etgan Husayn Temurning porloq kelajagiga mone boʻlish uchun xilma-xil hiylayu rejalar tuzishga kirishdi. Shuning uchun Temur bilan bir yoʻlda yurdi, uning orqasidan ergashib, Samarqandga ham yetib keldi. Bu yerda apil-tapil Temurning dushmanlari bilan uchrashdi. Ular bilan birlashdi. Dushmanlar boshligʻiga yoʻliqishdan oldin Temur va Oʻljayni asir etgan boyning yoniga bordi. Unga fitnali ohangda:

– Bilasanmi, Temur bu oqshom Samarqandga keldi, – dedi.

– Rostdanmi? Har kuni kutayotgandim-a, qayoqqa ketdiykin deb, – dedi boy quvonib. – Demak, hozir Samarqandda, shundaymi?

– Ha.

– Unday boʻlsa, tezda sulton Tugʻluqqa xat yozish kerak!

– E, albatta-da!

– Unda men aytib turay, sen yoz!

– Boʻpti, – dedi Husayn. Soʻngra qoʻliga qalam va qogʻoz oldi. – Qani, aytaver, men yozaman.

Shunday qilib, Husayn, ehtimolki, Temurning mahviga sabab boʻladigan bir maktubni bitishga kirishdi.

“Sultonimiz!

Temur bu yerda xalqni isyonga tashviq qilmoqda. Falokatning oldini olmoq uchun bu yerga biroz askar yuborilishi munosibdir…

Bir necha imzo.”

Xat chopar orqali shoshilinch ravishda sultonga joʻnatildi va oʻsha kundan boshlaboq Temur maxfiyona koʻz ostiga olindi. Hasadgoʻy raqiblarning maqsadi Temurni Samarqandda yolgʻiz, askarsiz holda bir burchakka pistirib, yoʻq qilish edi.

Mana, endi ular qoʻshindan yordam kutishmoqda…

Kunlarning birida, Temurga tarafdor boʻlmasa-da, xolis bir kishi boy bilan Husayn oʻrtasidagi quyidagi suhbatni tasodifan eshitib qoldi.

– Bu oqshom xabar kelishi kerak edi, – dedi Husayn.

– Nega kech qoldiykin, a? – dedi boy.

– Bilolmadim, shu…

– Zudlik va intizom bilan yuborilishi zarur oʻsha ozgina askarning munchalik kechikishi Temurning zafariga sabab boʻladi! – deya baqirdi qaroqchiboshi boy bilagʻonlarcha.

– Toʻgʻri, buni sulton hisobga olish kerak edi, – dedi Husayn uni ayyorlarcha maʼqullab.

– Albatta-da! – dedi boy. Soʻngra oʻsmoqchilab soʻradi: – Ammo siz, Temurning qaynogʻasi boʻlaturib, nimaga undan juda xafasiz, nega unga qarshisiz?

Husayn uning savoliga javob bermasdan, oʻzini soʻroqqa tutdi:

– Siz unga nechun dushmansiz?

– Chunki men uni asir etgandim, qoʻlimdan simobday qutuldi. Qochib meni ahmoq qildi. Endi kimligimni unga koʻrsatib qoʻymoqchiman!

– Ammo Temurni qoʻrqitish oson emas.

– Uni qoʻrqitish uchun shu kechadan boshlab ishga kirishmoq kifoyadir, – dedi qaroqchiboshi pisandsiz tovushda.

– Qanday qilib axir? – dedi shoshib qolgan Husayn.

– Qanday, deysiz-a? Bu oson ish. Zotan Temurning xalq orasidagi fitnali ishlari sultonning qulogʻiga yetib borgan. Shu bois, uning tarafdorlari jazoga tortiladi, degan bir mish-mish chiqarasiz. Xalq undan soviydi va bechora Temur yolgʻiz qoladi!

– Demak, shu kechadanoq ishni boshlaymiz, shundaymi?

– Ha! Bu oqshom Temur uchun tolesizlikning boshlanishidir, zavol kechasidir!..

Gʻaroyib bir tasodif tufaylidan bu suhbatni eshitib qolgan oʻsha turkman, qarangki, oʻsha kuni bir ulamo vaʼz oʻqigan davrada ham qatnashib, uning tilidan Temurning Olloh tomonidan yuborilgan bir sohibqiron ekanini tuydi… Hayratga tushdi va toʻppa-toʻgʻri Temurning oldiga borib, bor gapni unga aytdi. Shunday qilib, Temur uchun bir shomi gʻaribon, tolesizliklarining boshlanishi, zavol kechasi boʻladigan tun, aksincha, bir iqbol kechasiga aylandi…

 

XVI. OQSOQ TEMUR

 

Oʻgʻri-qaroqchilar toʻdasining fitnasi va chaquvi tufayli sulton qoʻshinining Samarqandga bostirib kelayotgani borasida Oʻgʻuz Arslon Temurga xabar berdi. Ikki eski qadrdon oʻrtasida shunday suhbat boʻlib oʻtdi:

– Demak, meni Samarqandda bosib, qoʻlga olishmoqchi, shundaymi? – deya soʻradi Temur.

– Ha! – deya tasdiqladi Oʻgʻuz Arslon. – Rejayu maqsadlari shundaymish. Oʻsha yerdaligimizda sulton Tugʻluqqa xabar berilganmish.

– Unday boʻlsa, hujumni qaytarmoqqa tayyor turishimiz kerak.

– Har holda…

– Agarda eplay olsak, barcha qaroqchi toʻdalarning boshliqlarini bir amallab Chigʻatoy saltanatiga qarshi qoʻyishimiz shart! – dedi Temur shiddatli tovushda. – Ammo buni uddalay olarmikanmiz-yoʻqmi, bilmadim-da…

– Uddalaysan, boʻtam! – dedi Oʻgʻuz Arslon otalarcha komil ishonch bilan. – Chunki ulardagi miskinlikni senda hech koʻrmadim, sen juda gʻayratlisan! Har qanday muzaffariyatning onasi faoliyatdir!

– Ha, zafar qozonmoq uchun tirishib ishlash kerak. Faoliyat esa, intizomga bogʻliqdir. Gʻayrat va intizom bilangina kishi yutuqqa ega boʻla oladi.

– Toʻppa-toʻgʻri!

– Zafarimiz yoʻlida biror harbiy hiylani oʻyladingizmi? – deya soʻradi Temur.

– Yana bir oz oʻylab, pishitishim kerak… Oʻzingda biror reja bormi? – deya oʻsmoqchiladi Oʻgʻuz Arslon.

– Tayyorlab qoʻyganman!

– Qani, eshitaylik…

– Avvalo boy berilgan fursatni qayta qoʻlga kiritish lozim va har qanaqa hujumni bartaraf etishga tayyor turish kerak!

– E, yasha, bu fikring juda toʻgʻri! Buning uchun, birinchidan, Movarounnahrni egallab, u yerni barcha kurashning markaz qarorgohiga aylantirmoq darkor…

– Yoʻq, – dedi Temur qadrdon maslahatgoʻyining soʻzini boʻlib. – Qoʻl ostimdagi bir toʻda bebosh jangovarning yurtimni besaranjom qilishiga yoʻl qoʻyolmayman.

– Illo bu yer boʻlishi farzu shart emas, boshqa bir tarafni markaz etib tanla, ixtiyoring. Nega bu ishda tortinyapsan, ne bir mushkilpisand bor bunda?

– Chunki kelajakda bu oʻlka, bu xalq mening amrimda boʻladi, oʻzimga qarashli yurtu elni qoʻriqlamoq, asramoq esa mening bosh vazifamdir, shunday emasmi?

– Juda toʻgʻri, boʻtam, haqlisan.

– Shunday qilib, menga qoʻshilganu qoʻshilmagan, taraf-taraf boʻlib kelisholmay yurgan qavmu urugʻlarni toʻplab, birlashtiriboq, darhol janubga – Xurosonga va soʻngra afgʻonlar tomonga yurish uyushtiraman, u yerlarni va Qandahorni zabt etib, oʻsha mintaqani butun harakatlarim markaziga aylantirmoq muvofiqdir deb oʻylayman…

– Qaroru fikrlaring juda mantiqli, sharoitga uygʻundir, boʻtam, – dedi Oʻgʻuz Arslon uning teran rejasini maʼqullab.

Oʻsha kundan boshlab Temur rejasiga koʻra harakat etib, oʻz kelajagining binosini qurishga kirishdi. Faoliyati shunchalar favqulodda va tabiiy ediki, muvaffaqiyat va zafarlari haqidagi shov-shuvlar atrofdagi viloyatu oʻlkalarga keng yoyilib, dahshatu gʻulgʻula soldi.

Temur Xurosonni zabt aylab, Qandahor viloyatini ham egallab, muzaffariyat chogʻi xonchodirida oʻtirarkan, bir otliqning u bilan koʻrishmoqqa izn istayotgani bildirildi. Suvoriy uning huzuriga kirib:

– Temur hazratlari sizmisiz? – deya soʻradi.

– Ha, – dedi Temur unga sinchkov boqib.

– Meni Siyiston amiri yubordi, mana bu uning sizga yozgan maktubi, – deya chopar bosh egib, xatni uzatarkan, taʼzim qildi.

Temur xatni oldi. Ochib, oʻqimoqqa tutindi. Daqiqa sayin uning rang-tusi oʻzgarar, yuzi goh oqarib, goh qizarar, jahli chiqib, intiqom hissu hayajonida toʻlgʻonar edi.

– Boʻpti, unga salomimni ayting! – dedi Temur xatni oʻqib boʻlarkan.

Xizmatchini chaqirib, choparni tashqariga yoʻlladi.

Ular chiqib ketgach, Temur oʻzicha shunday dedi:

– Buning soʻzlaridan katta bir falokatu baloning hidi kelmoqda! Ammo, koʻraylik-chi, qaysimiz kuchli: senmi yo menmi?..

Ajabo, bu maktubda nelar bitilgandi? Bu qaysi falokat jarchisi ekan? Qanday baloning qoʻlansa hidi ekan?..

Siyiston hokimi oʻz atrofidagi yerlarning Temurning kuchli qoʻshini tarafidan bosib olinganini koʻrib, endi qanday harakat qilish lozimligini bilolmay hayron edi. Qarshi kurashsinmi yoki boshqa yoʻli ham bormi? Temurning kunlarning birida Siyistonga hujum qilishi tayin. Shuni koʻzda tutgan holda rejayu tadbirlarni pishitish kerak. Hokim shularni oʻylarkan, ulamo va maslahatchilarini chaqirib, ular bilan kengashdi.

– Temurning futuhot yoʻlida naqadar tez ilgarilayotganini koʻrib turibsizlar, – dedi u. – Dovul kabi esib, duch kelgan viloyatlarni bosib, xalqini boʻysundirmoqda. Shu ketishda bu yerlarni ham ost-ust etib, oʻziga tobe aylagay… Shuning uchun sizlardan soʻramoqchiman: xoʻsh, bu baloga qarshi qanday harakat qilganimiz maʼqul?

 

– Taqsir, biz uchun eng xayrlisi Temurni ittifoqqa daʼvat etmoqdir. – dedi bir ulamo.

– Ammo unga qanday qilib biz bilan ittifoqchi boʻling, deymiz? Axir Temur bundan, mendan qoʻrqishdi, degan maʼno chiqarmaydimi? Bizga yanada qattiqroq koʻz tikmaydimi? – deya hokim oʻz shubhalarini bayon etdi.

– Nega unday qilsin? Agar biz doʻst boʻlaylik, desak, bu qoʻrquvdanmas-ku. Boshqa sabablari ham bor-da…

Shunda vazir soʻzga aralashib:

– Biz oʻylagan boshqa sabablarni Temur xayoliga ham keltirmasa kerak, – deya shubhasini ayon etdi.

– Nechuk? – deya soʻradi hokim.

– Chunki unga koʻrsatiladigan bu yaqinlikni, yaʼni ittifoqqa daʼvatni oldinroq bildirganimizda, balki u oʻylab koʻrardi va taklifimiz shoyoni diqqat boʻla bilardi, ammo…

– Xoʻsh, endi-chi?

– Endi bu ish mumkin emas. Chunki uning kuch-quvvvati ortib, oʻziga ishonch hosil qilgandan soʻngra biz unga ittifoq taklif etmoqdamiz. Endi uning uchun bu taklif hech bir maʼnoyu qimmatga ega emas. Bir iltimos, xolos.

– Unda… iltimosga hozirchalik majbur emasligimizni aks ettiruvchi bir maktub yuborsak, ne deysizlar? – dedi nochor hokim.

– Maʼqul! Juda soz…

– Qanday ohangda, nimalarga urgʻu berib yozsak…

– Masalan, sizni himoyamizga olamiz, degan taklifni bildirsak ham unga yoqar balki…

– E, juda bop-ku!..

Vaziru vuzaro, maslahatchilarning bari bu fikrga koʻnishdi, hokim shunday mazmunda xat bitilishini buyurdi.

– Darhol bir xabarchi yuborib, xat bilan Temurni daʼvat qilaylik, – dedi hokim.

Qalam va qogʻoz keltirildi, quyidagicha maktub bitildi:

“Temur,

Sizning Chigʻatoy xoni qarshisida kuchsiz ekanligingizni koʻrib-bilib turibmiz. Shunga binoan, bizning himoyamizga kirishingizni tavsiya eturmiz va himoyachi qoʻllarimizni sizga uzatmoqdamiz.

Siyiston hokimi.”

Chopar keldimi? – soʻradi hokim. – Ha, chopar, sen bu maktubni zudlik bilan Qandahor shahriga borib, Temurga yetkaz!

Xabarchi xatni olib, yoʻlga ravona boʻldi.

Kengash davom etdi. Temurga qanday muomala qilish, qanday qarshi turish yoʻllari axtarilgan bu yigʻin anchaga choʻzildi. Bahs paytida bir kishi shunday dedi:

– Oldiniga biz, agar Temurni ittifoqchi boʻlishga daʼvat etsak, uni xafa qilib qoʻyamiz, deya tortingandik, ammo endi yanada bejo ish qilib qoʻydik, deyman-ov. Zotan Temur ayni vaziyatda kuchli-qudratli va magʻrur, shu bois unga “himoyamizga olamiz” degan taklifimiz juda ogʻir botadi, oʻylashimcha…

– Toʻppa-toʻgʻri! Endi uning gʻazabiga duchor boʻlamiz! Biz tomonga bostirib kelishi oppa-ochiq!.. – deya vahimaga berildi bir ulamo.

– U holda nima qil deysizlar? – dedi ensasi qotgan hokim.

– Hozirdanoq urush tayyorgarligi va tadorigini boshlamoq eng muvofiq ishdir…

– Ha, boʻlar ish boʻldi, endi buni tuzatish mumkin emas. Choramiz yoʻq.

– Afsus, biz baloni oʻzimiz chaqirdik…

– Shundayku-ya, ammo bu balo baribir bir kun boshimizga kelardi.

– Xullas, endi tayyorgarlikni koʻraverish kerak.

– Gaplaring toʻgʻri, urushamiz! – deya ogʻir soʻlish oldi hokim. Soʻngra buyurdi: – Qani, endi boraveringlar, harbga tayyorgarlik koʻrilsin! Temurni yarashiqli qilib kutib olishimiz kerak!

Siyiston hokimi ana shu alpozda majlisini tugatdi.

Temur xatni olgandan keyin yana bir gapdan xabardor boʻldi. Yaʼni, Chigʻatoy sultoni Tugʻluq Temur vafot etgan, oʻrniga oʻgʻli Ilyosxoʻja tayinlangan edi. Temur bu voqealarni eshitib, sevindi va zavqu shiddat bilan odamlarini toʻplab, rejalar tuzishga kirishdi.

Nihoyat, butun mahoratini, harbiy hiylasini ishga solib, koʻngli toʻq holda, jangovar qoʻshini bilan Siyistonga qarab yurdi.

Siyiston hokimi avvalgi soʻzidan qaytgan edi. U qilgan ishining oʻz-oʻzicha bir hiylaga aylanishini va Temurni gʻaflatda qoldirib, tuzoqqa tushirishni oʻylab, askarlari bilan shahar tashqarisidagi pistirmada kutmoqda edi.

Temur ham anoyi emas, u josuslarining ustaligi natijasida bu holdan xabar topgan va unga koʻra tadbir olgan edi. Yaʼni, qoʻshinini ikkiga boʻlib, bir qismini oʻz qoʻmondonligi ostida saqladi. Boshqa qismini esa, ikkiga ajratib, biriga Muborakxonni, unisiga esa qaynogʻasi Husaynni boshliq etib tayinladi. Rejaga koʻra, Muborakxon va askarlari shaharni orqa tarafdan oʻrab, uni bosib oladi. Oʻzining qoʻshini har ikki boʻlikka zarur paytda yordam koʻrsatadi, faqat orqa tomonda sokin harakat qiladi, xuddi zaxiradagi cherik kabi…

Shaharning orqa tarafidan yashirincha kelayotgan Muborakxon askarlarini Siyiston hokimi jangchilari payqamay qolishdi.

Harakatdagi qoʻshinning oldida otliq Temur haybat toʻkib borar, ammo tashqaridan qaraganda, hech qanaqa urush tayyorgarligi yo kayfiyati yoʻqday koʻrinar edi.

Ikki taraf qoʻshini yuzma-yuz kelgach, Siyiston askari choʻchibroq hujumga oʻtdi va urush boshlandi. Temurning zoʻrgʻa oʻzini tiyib turgan bebosh askarlari birdan raqib ustiga yopirildi, shafqatsiz hamlalar natijasida boshlar kesildi, vujudlarga oʻqu qilich sanchildi, har yon qonga boʻyaldi. Insonlar vahshiyona junbush-la qassoblik hunarini namoyish etishardi. Ust-boshlari qonlar ichida yugurishardi, ikki tomon ham hirs bilan bir-birovlarini mahv etmoq qasdida hujum qilardi…

Temurning qoʻshini magʻlub boʻlayotganday koʻrinardi.

Cherik sekin-sekin orqaga tisarila boshladi. Ammo Temur bir harbiy hiyla ishlatib, chekinishni toʻxtatishga erishdi. U toʻsatdan askarlar oldiga oʻtib, qilichini sermaganicha hayqira-hayqira hujumga kirishdi.

Ana, zafar ham koʻrinayozgan edi. Afsuski, bu omadsiz jangda Temur oyogʻidan qattiq yaralandi. Siyiston lashkari Temurning qoʻshini oldiga tushib, qochib borardi. Shu payt narigi tarafdagi Muborakxonning jangovarlari ularning yoʻlini toʻsdi. Dahshatli olishuvda Siyiston askarlari ikki tosh orasida qolganday ezilib, yoʻq boʻldi.

Bu muzaffariyat Temurga ancha qimmatga tushdi, umr daftariga oʻchmas, achchiq bir xotira oʻlaroq muhrlandi. Gʻalaba nishoni, yaʼni oyogʻidagi yara sababli oqsoq boʻlib qoldi. Shu tufayli Oqsoq Temur – Temurlang sifatida dunyoga dong taratdi, bu nishon uning uchun abadiy bir obidai zafardir.

 

XVII. MOVAROUNNAHR HUKMDORLIGI VA TEMURNING

TAXTGA ChIQISHI

 

Maʼlumki, bir oʻlkaning sultoni bor ekan, boshqa bir odamning saltanatga egalik qilishga urinishi turkiylar odatiga ziddir. Shu bois Temur ham Ilyosxoʻjaning oʻlimidan soʻngra chigʻatoylardan Kobulshohga tobe boʻlishni qabul etgandi, inchunun uning saltanat uchun iddao qilishi mumkin emasdi. Bir kuni u bu masalani oʻrtaga qoʻyish uchun maslahatchilarini, ulamoni chaqirtirdi.

– Mening saltanatni idora qilishim xususida qandayin fikru kengash berasizlar? – dedi ularga qarata.

– Taqsir, bu oʻlkani qutqarish uchun Olloh tomonidan yaratilgan bir qahramonsiz, sohibqironi zamonsiz! Sultonlik sizning haqqingizdir! – dedi bir maslahatchi.

– Ammo bu turkiylarning qadimiy odatlariga ters-da, – dedi Temur.

– U holda, Chigʻatoy eli hukmdorlarining tasarrufi va idorasi ostida boʻlmagan Balx shahrida sizning taxtga chiqishingiz ayni muddaodir! – dedi bir ulamo.

– Maʼqul, rahmat sizlarga, – deya Temur kengashchilariga minnatdorlik bildirdi.

Bu maslahatga muvofiq ish tutildi. Ulamolar raʼyiga qarab, Balx shahrida turkiylar anʼanasiga muvofiq bir marosim oʻtkazildi va turkiylarning moʻgʻullar asoratidan qutqaruvchisi Temur Movarounnahr hukmdori deya eʼlon etildi. Ulamo fatvosi amalga oshgach, hech qanday unvon, imtiyoz va na-da boshqa bir narsa istamay, yolgʻiz hukmdor nomiga aqcha bostirgan Temur eski moʻgʻul odatlarini bekor qilib, oʻrniga islomiy qoida va anʼanalarni joriy eta boshladi. Masalan, Chingizxon yasa – yosoqlari oʻrniga tuzuk va shariatga koʻra ish tutishga intildi.

Ha, Temur hukmdor deb eʼlon qilindi. Biroq bu ishdan oʻziga qarashli odamlar va arkoni davlat orasida ham xursand boʻlmaganlar bor edi. Ulardan biri – qaynogʻasi Husayn edi. Bu bechora odam ota merosiga ega chiqolmasligini angladi. Buning oldini olishga rosa urindi. Ammo butun hiylayu nayranglariga qaramasdan, Temurning roʻparasida ojizu nochor qoldi. Oxirida Temur hukmdor deb eʼlon ham qilindi va shunda Husayn pochchasidan hajga ketishga ruxsat talab etdi. Temurdan izn olingach, hozirlik koʻrib, odamlari bilan birga yoʻlga tushdi…

Biroq Husayn yoʻlda oʻldirildi. Qotillar asli Temur tarafdorlari edi. Chunki ular, Temur Husaynni kechirgan boʻlsa-da, bu odamning qanchalik xoinlik qilganligini, uning hajga yoʻnalgan harakati ham, aslida, xiyonat yoʻlidagi bir urinish, hiyla ekanligini yaxshi bilishardi.

Husaynning asl niyatini Temur ham payqagandi. Shuning uchun, uning oʻldirilganini eshitgach, unchalik achinmadi va:

– Oqibatda jazosini oldi, – deb qoʻya qoldi.

 

* * *

Temur hukmdor boʻlmay turib asl vatani Turkistonni bosqinchilardan qutqarish uchun oʻzini qoʻllab-quvvatlovchi bir kuchga, bir dalilu hujjatga ehtiyoji bor edi, buni istagan, izlagan edi. Bularga ham erishdi. Ana endi u mamlakatini qutqarish yoʻlidagi muqaddas va jiddiy ishga kirishdi. Har tomondan toʻp-toʻp kelgan turkiy qavmlar uning safiga qoʻshilishar, ularning ulugʻlari Temurning yonida oʻlguncha birga boʻlajaklarini, u bilan bir yoʻlda ekanliklarini bildirib, bayʼat etishar edi. Temur ularga lutfu muruvvat, nazokat va mehribonlik koʻrsatardi. Qoʻlidagi bor-yoʻgʻini xarjlab, odamlarga tortiq aylab, ularni quvontirar, oʻziga rom etar edi. Masalan, boʻrkini Tugʻluq Barlosga, kamarini Sayfiddinga sovgʻa qilgandi…

Samarqand safaridan oldin aynib, undan ayrilgan Sher Bahrom degani ham oxiri pushaymon boʻlib, Temurning oyogʻiga bosh urib keldi. Unga Temur yana yaxshilik va nozik muomala koʻrsatdi, sharmandalik tamom unutildi. Xullas, Sher Bahrom ham vatanni qutqazishda Temurga madadkor boʻlishini aytib, qasamyod qildi.

Temur oʻz hukmdorligini kuchaytirish uchun tobealarini koʻpaytirishga va oʻlkani kengaytirishga majbur edi. Uch yil tinimsiz urinishlardan keyin bebosh toʻdalarni Sirdaryoning u yogʻiga surib yubordi. Turkiston va Olmaliq shahridan boshqa chigʻatoylarga bogʻliq hech narsa qolmadi. Buning ustiga, Temur Movarounnahr daromadini qaynogʻasi Husaynga berib, Kesh va Andxoʻy shaharlarini oʻziga qoldirib, Buxoro va Samarqandni vazir Qizgʻinning meroschilariga bogʻlab, ularni oʻziga oʻrinbosar tayin etib, idorasini mustaqil qilib oldi…

 

* * *

Ha, oʻshanda Samarqandda yuz bergan voqeadan soʻng Temur shubhaga tushgandi. Uni qaynogʻasi Husaynning xiyonat qilib-qilmagani oʻylantirayotgan edi. Husaynni chaqirdi, birgalikda ustod Shamsiddinning mozoriga borishdi. Temur muqaddas dargohda turib, Husaynga:

– Doʻst boʻlib qolamiz, a? – dedi.

– Ha, bergan soʻzimga sodiqman va hech bir zamon ahdimda qusur boʻlmagay, – dedi Husayn.

Temur baribir qaynogʻasiga ishonchi yoʻqligini tiliga chiqardi:

– Husayn, senga hech ishongim kelmaydi-da…

Shundan keyin Husayn Temurni azbaroyi ishontirishga tirishib, Qurʼonga uch bor qoʻl sunib, tavof etib, qasamyod qildi.

Mozordan qaytishdi.

Ammo Husayn baribir ahdini buzdi, fitnaga bosh urdi. Bir kuni ishonchli odami Sher Bahromni chaqirib, oʻz rejalari haqida maʼlumot berib, undan yordam istadi.

– Sher Bahrom, – dedi u kin toʻla tovushda, – bilasanki, Temur egallagan amirlik aslida meniki boʻlishi kerak edi. Chunki bu hokimiyat otamdan meros qolgan… Ammo Temur bu kuchni qaydan oldi, bilolmayman!

– Temur bu maqomga oʻzining oʻtkirligi, aqlu gʻayrati bilan erishdi. Siz undan ota merosini ola bilasizmi? – deya sinchkov koʻzlarini unga tikdi Sher Bahrom.

– E, shu dardda yuribman-ku! Nima qilib boʻlsa ham hokimiyatni undan qaytarib olishim shart! – deya jonlandi Husayn. – Oh, nima qilish kerak, a? Sendan ayrilgandan keyin, Samarqandga borgan paytimda, u yerda oʻtirib, sulton Tugʻluqqa xatni men yozdim-ku, oʻz qoʻlim bilan… Eh, qaniydi qoʻshin paytida yetib kelsaydi-da, Temur kunini koʻrsaydi!

– Ammo josuslikning jazosini ham tortishingiz mumkin edi, – dedi kesatib Sher Bahrom.

– Buyam toʻgʻri… Ha, mayli. Temur zotan mendan shubha qilardi. Oʻtgan kuni qasam ichirdi, goʻyo men qasam-pasamdan qoʻrqadiganday. Eshitishimcha, Shohquli unga hukmdor boʻlishingiz kerak, deganmish. Temur hukmdor boʻlarmish, a! Qani, hukmdor boʻlsin-chi, unga bir oʻyin koʻrsatamanki…

– Qanaqa oʻyin? – ensasi qotib soʻradi Sher Bahrom.

– E, bilmaysan-da, xumpar, bu yoqda koʻp ishlar bor! – dedi Husayn makkorona, mamnun ohangda. – Katta odamlardan birini oʻzimga ittifoqchi qildim. Temur hukmdor boʻlgan kuni ertalab ichilgan sharbatdagi zahar taʼsirida asfalosofilinga ketadi! Qalay, Bahrom, yaxshimi?

– Juda yaxshi, taqsir, – dedi Sher Bahrom bir oz oʻylanqirab. – Ammo, deylikki, oʻsha ogʻudan Temur vafot qilgudek boʻlsa, oʻzingizning bir qotil sifatida jazoga tortilmasligingizni qaydan bilasiz? U holda siz hokim emas, mahkum boʻlib qolasiz-ku! Menimcha, bu fikrdan voz kechganingiz maʼqul.

– Yoʻq, hech qachon voz kechmayman!

– Shoyad buni Temur eshitguday boʻlsa…

– U vaqt oʻlgan kunim! – dedi qatʼiy tovushda Husayn.

– Menga qolsa, bu ishdan voz keching, qoʻrqing… – dedi Sher Bahrom unga achinib.

– Kimdan? Sendanmi?

– Ha, mendan, – dedi kesatib Sher Bahrom. – Zotan Temurning fazilatlari qarshisida shaytoniy amallar yoʻq boʻlishga mahkumdir, bu bir haqiqat… Gapning indallosini ayting, oʻzi mendan nima istaysiz?

– Arzimas bir xizmat. Temur ichadigan sharbatga zaharni aralashtirish!..

– Yoʻq! Men bunday qilmayman. Aksincha, Temurga borib, nimalar boʻlayotganini ochiq-oydin aytaman! – dedi Sher Bahrom gurillagan tovushda va shartta oʻrnidan turib, chiqib ketdi. Husayn jismonan undan kuchsizligi tufayli yoʻlini toʻsishga jurʼat etolmadi.

Sher Bahrom shu ketgancha toʻppa-toʻgʻri Temurning oldiga bordi. Unga uchrab, hayajon-la soʻzga kirishdi:

– Taqsir, sizga oʻtmishdagi isyonimning sababini aytolmagandim, mana endi aytaman. Buning sababi Husayn! Siz Samarqandda ekaningizda, sizni bostirib-qoʻlga olish uchun sulton Tugʻluq tarafidan bir boʻlik lashkar yuborilgan edi, keyinroq siz bundan xabar topgandingiz, biroq sababini bilmasdingiz. Bu ish qaynogʻangiz Husayn yozgan bir maktub tufayli sodir boʻlgandi. Endi, endi esa, yana bir chakki voqea yuz beradiki… bu – dahshat!..

Temur Sher Bahromning bundayin holini koʻrib, darhol yoniga keldi va taskin berib:

– Nima boʻldi oʻzi, buncha vahima qilasan? – deya soʻradi.

– Hukmdorligingiz eʼlon qilingan kun sizni zaharlashmoqchi.

– Bilaman, – dedi Temur xotirjam tovushda.

– Bilasizmi?

– Ha. Faqat sen qoʻrqma, hech narsa boʻlmaydi. Oʻzingni xotirjam tut.

Sher Bahrom Temurning huzuridan koʻngli taskin topib chiqib ketdi.

Ikki kun oʻtgach, xalq orasida Husaynning Sher Bahromni oʻldirganligi haqida gap tarqaldi. Barcha aslzodalar bu qilvir ishi uchun Husayndan nafratlandilar, Temur tarafiga oʻtib, unga tobe boʻldilar. Temurning ilk hukmdorlik pillapoyalari tarixi ana shu hodisalarga tutash shaklda yozila boshlangandi.

Shunday qilib, Husayn Temurni zaharlashga oid rejasini amalga oshirolmadi. Qarasa, qoʻlidan hech bir ish kelmaydi – buni anglagandan keyin, yopigʻliq qozon yopigʻligʻicha qolsin, degan ilinjda, Temurdan hajga ketish uchun izn istagan edi…

Temur Husaynning yoʻlda oʻldirilganini eshitgach, yuqoridagi gaplarni eslab, “Oqibatda jazosini oldi”, degan edi.

 

* * *

Temur hukmdor boʻlganida taxminan oʻttiz yetti, juda boʻlsa qirq yoshlarda edi. Hokimiyatni qoʻlga olishi bilanoq, ilk faoliyati mamlakat ichki ishlarini yoʻlga qoʻyish, eski zolimligini tark etmagan katta mansabdorlarni taʼsirsiz holga keltirish, oʻz gʻaddorligini tashlamagan boshibuzuqlarni mansabdan chetlatish boʻldi. Zotan Temur hech bir zamon ilonni qoʻynida saqlash niyatida emasdi.

Shundan keyin u oʻlka janubidagi ommani itoatiga olib, turmushni tartibga soldi. Kayxusravu Iskandar qoʻl urolmagan bir ishni bajarishga kirishdi: yaʼni, turkistonlik bir bekning oʻgʻli Yaksart daryosini kechib oʻtib, bu atrofni oʻz hukmiga tobe etdi.

Besh yil mobaynida u otdan tushmadi, turkiylarning qadimiy oʻlkasida bir necha yurishlar uyushtirdi. Sulton Qamariddinning qizini nikohiga oldi. Shunga qaramay, Oʻljay xotun unga hech bir vaqt rashk qilmadi. Chunki bu ishlar Temurning martabasini yuksaltirish uchun qilinayotgandi. Temur maqomda qanchalar yuksalsa, otasi vazir Qizgʻinning oʻchini olish shunchalar qulaylashadi. Zotan Temurning bir yil ichida egallagan yurtlari bu yogʻi Sirdaryodan Amudaryogacha, u yogʻi chinlar chegarasidan tortib rus oʻrmonlarigacha tutashib qolgandi. Galdagi eng muhim moʻljali Xuroson edi. Jangovarlik yoʻlining ilk yillarida fath etishga tirishib, koʻp zahmat chekib-da zabt etilmagan bu oʻlka unga qarshi yovqurona haybatini saqlab kelayotgandi. Bu yurt juda katta boylikka, noyob gilamlaru qurol-aslaha korxonalariga, qimmatli dehqonchilik mahsulotlariga ega edi. Nihoyat, endilikda ulkan quvvatga erishgan Temur Xuroson hukmdori Gʻiyosiddin ustiga mahobat bilan yopirilib bordi va bu sarvat oʻlkasini oʻziga tobe etdi.

 

XVIII. TIKBOSHLI JAHONGIR NASLI

 

Temur Turkiston, Amudaryo va Xorazm tomonlarni zabtu fath etib, butun bu mintaqani qilichiga boʻysundirgach, endilikda Qipchoq oʻlkalariga toʻgʻridan-toʻgʻri yoʻl ochilgan edi.

Chigʻatoy turklaridan tashqari, Chingizxon sulolasiga mansub turkiy xonlar ichida birinchi boʻlib islomiyatni qabul etgan Joʻjixon qavmi ham Qipchoq dashtlarida yashab kelardi. Ammo musulmonlik bu tomonlarda nomigagina mavjud boʻlib, aholi orasida, turmushda islomiy odatlar koʻrinmasdi. Bu sulolaning idorasi ostida turli qavmlar bor edi. Joʻjiylar har sohada islomdan oldingi hukmdorlariga tobelik davridagi hayot tarzlarini davom ettirishardi. Bu muhitda xilma-xil qavmu urugʻlarning oʻziga xos anʼanalari, qonun-qoidalari va odatlari saqlanib qolgandi. Joʻjiylar hokimiyatlari ichida yashayotgan katta-kichik, turli elatlardan boju soliq undirishar va ularning tinchligu muhofazasini taʼmin qilishar edi. Faqat shunisi ham borki, bu qorishiq elu elatlar oʻrtasidagi kichik bir ziddiyat yoki toʻqnashuv juda katta kelishmovchilikka sabab boʻlishi, nifoqqa aylanishi oson edi.

Islomiyatga nisbatan loqaydlikni va avvaldan beri rioyat qilingan turmush tarzini davom ettirganlari uchun Joʻjixon sulolasi oʻziga tobe joylarni saqlab qolishga muvaffaq boʻldi. Bu sulola Edil daryosi atrofida, Saroy shahri tevaragida hukmlarini yuritishardi. Joʻjining beshinchi oʻgʻli Shaybon Edil daryosining orqa tarafi va Qubon tomonlarda hukmron edi.

Qrimda esa, Tugʻay Temur degan zot hokim edi.

Saroyda Berdibek nomli bir valiahd voliylik qilardi.

Bulardan faqat Berdibek farzandsiz edi va 1360 yilda vafot etgandi. Uning sulolasiga mansub qarindoshi Oʻrus Saroyda hukumatni egallashga tashabbus etdi va bunga muvaffaq boʻldi.

Toʻxtamish Oʻrusga hasad qilardi, uning dongʻini eshitar-eshitmas darhol arkoni davlatni toʻplab, majlis oʻtkazdi. Bu yigʻinda hukumat ishlariga aqli yetadigan yetuk ulamodan tashqari, Toʻxtamishning har amrini karomat bilib, uning nazariga tushish uchun har qanday qabih ishga tayyor manfaatparast yaloqilar, hokimiyatda zulmga yoʻl ochadigan axloqsiz maddohu gʻaddorlar ham bor edi. Toʻxtamishning hasad va kini qaynab-toshib, soʻzga kirishdi:

– Hammangiz yaxshi bilasizki, Edil oʻlkasi bizga qaraydi. U bizning sulolamizga xos bir mulkdir. Bu yerlar bizga ajdodimizdan qolgan. Shuning uchun bu vatanni saqlab qolish biz uchun qutlugʻ burchdir. Sizlar nima deysiz? Bundayin muqaddas vazifa faqat bizning sulolamizga berilgan ekan, Oʻrusning bu oʻlkada tajovuzkorlarcha ish tutishi munosibmi?

Anjumandagi laganbardorlardan bittasi – vakillar boshligʻi darhol uning soʻzini ilib ketdi:

– Toʻgʻri, hazratim! Biz, barcha vakillar guruhi, bizni shu maqomga yuksaltirgan iqtidorimizga tayanib aytamizki, Oʻrusning kelishmasdan, bundayin tajovuzkorona ish yuritishga zarracha haqqi yoʻq! Bunday nomaʼqul ishga qoʻl urgani uchun butun Joʻji ulusi unga qarshi turishimiz, egallagan maqomidan haydab, haddini bildirib qoʻyishimiz kerak! Bu bizning haqqimiz va burchimizdir, zotan…

Shu payt yigʻindagi bir vakil bu fikrlarga qarshi chiqib, shunday dedi:

– Menimcha, bunaqa yoʻl tutmaganimiz bizga munosibroqdir. Joʻji sulolasiga mansub bir xotinning eri boʻlgan kishi, yaʼni Oʻrus ham hokimiyatni idora etsa, buning bir maʼzuri yoʻqdir, deyman.

– Ie, bunaqa ketishda joʻjilar hokimiyatdan ayrilib qoladi-ku? – dedi vakillardan yana biri.

Shu payt kuchli vazirlardan bittasi, nihoyat sabri tugaganday bir ohangda:

– Yoʻq, taqsir, unday emas, – dedi. – Xoʻsh, Oʻrusning oilasida tugʻiladigan xonzoda Joʻji sulolasidan hisoblanmaydimi? Bu oʻlka muvaqqat bir zamon mobaynida boshqa bir sulola mansubi tomonidan idora qilinsa ham, oxirida hukmdorlik yana oʻsha joʻjilarda qolmaydimi?

Shunda Toʻxtamish vazirga tashlanib qoldi:

– Yoʻq, bu toʻgʻri emas! Koʻraylik-chi, boshqa bir naslga mansub Oʻrus butunlay idorani qoʻlga olgach, oʻgʻlini merosxoʻr qilib tayinlaydimi, yoki boshqa xotinidan boʻladurgan bolasiga munosib koʻradimi?..

– U hokimiyatni birovga berib qoʻymas-ov…

– Unda yanada yaxshi, taqsirim! Ana shunda muzokara va haq talab qilish uchun kelishmovchilik darvozasi keng ochiladi!

– Yoʻq! Boʻlmaydi. Bordiyu oʻsha paytda idoramiz va hokimiyatimiz zaiflab qolguday boʻlsa… – dedi bir ulamo. – Oʻshanda masalani kim hal qiladi?

– Ey, chol! – dedi Toʻxtamish gʻazablanib haqiqatgoʻy keksa vaziriga. – Koʻnglingda bir gap bor, qani, ochiq ayta qol.

– Men nima derdim, hukmdorim, – dedi vazir. – Hozir ham undan kuchli emasmiz-ku axir…

– Ie, nimalar deyapsan oʻzi? Bir itga haddini bildirib qoʻyishga qurbimiz yetmaydimi? – dedi gʻazablangan Toʻxtamish.

Shu chogʻda maddoh mansabdorlardan bir nechasi tilyogʻlamalik bilan soʻzga aralashdi, Toʻxtamishni ulugʻlab, Oʻrusxonni yerga urdi. Ulardan biri:

– Gaplaringiz juda toʻgʻri, – dedi. – Menimcha ham, Oʻrusday hukumatni yangi qoʻlga olgan, idoriy ishlarga begona bir odam bizdan qoʻrqishi kerak-da!..

Toʻxtamishxon ulamosi bilan bu tarzda kengashib boʻlgach, oʻzining keskin qarorini bildirdi:

– Bugundan boshlab Oʻrusga qarshi urush ochamiz!

– Toʻppa-toʻgʻri, xonim! Nihoyatda toʻgʻri!.. – deya yigʻindagi koʻpchilik uning qarorini quvvatladi.

– Boʻpti, endi tarqaling, – dedi Toʻxtamishxon. – Urush tayyorligi koʻrilsin! Bizning qarorimizga qoʻshilmaganlarga aytinglar, jang boshlanganda, ular ham yonimda boʻlsin va kimning kuchli ekanini oʻz koʻzlari bilan koʻrsin!..

 

* * *

Uzundan-uzoq mojarolar va kelishmovchiliklardan keyin Oʻrus bilan Toʻxtamish orasida dahshatli urush boshlandi. Har ikki taraf ham maydonda askariy shijoat va jasorat koʻrsatishga kirishdi. Oʻrtada qilich va qalqonlarning darang-durung tovushidan boshqa hech narsa yoʻqday goʻyo. Ikki taraf ham nafrat va kin bilan bir-birlariga hujum qilar, bir-birini mahv etish uchun tirishar edi. Jangohda qon daryoday oqardi, devsifat kishilarning jasadlari yer bilan bitta boʻlib yumalab yotardi.

Toʻxtamish yonidagi keksa vazirdan oʻsmoqchilab:

– Ha, chol, urush qalay ketyapti? – deya pisandsiz soʻradi. – Sen aytganday, askarimizda Oʻrusni magʻlub etish uchun kuch yoʻq ekanmi?

– Yoʻq, taqsir, – dedi vazir pinagini buzmay.

– Nechuk?

– Taqsir, birinchi gʻolibiyatga unchalik ishonmasangiz yaxshi boʻlardi, – dedi u.

Ayni shu chogʻda Toʻxtamish huzuriga yetib kelgan chopar qoʻshinning chap tarafidagi askarlar tum-taraqay qochganini bildirdi. Xon bu kuchsizlangan nuqtani jonlantirish uchun darhol buyruq berdi. Soʻngra alamini choldan olmoqchiday unga oʻshqirdi:

– Sen shum soʻzlaring bilan qoʻshinimning ruhiy jangovarligini zaiflatyapsan! Nari ket-e, falokat! Otingga mingan holda buyrugʻimni kut!..

Vazir yaqinlashayotgan muvaffaqiyatsizlikni oldindan sezganday bir qiyofada:

– Taqsir, menga qolsa, ikki ot tayyorlab turaman… – dedi.

– Yoʻqo-o-ol! – deya oʻdagʻayladi Toʻxtamish. – Haddingdan oshma, oʻlging kelib qoldimi yo!?.

– Xudo umr bersin, xon hazratlari, – dedi muloyim tovushda keksa vazir va oʻgirilib, undan uzoqlashdi. Qoʻshinning orqa tarafiga oʻtib, qochish uchun ikki ot tayyorlab, falokat onlarini kuta boshladi.

Urushmas, bir qiyomat qoyim boʻldi. Ikki tomon ham hech qoʻrquvsiz qilich oʻynatib, dushmanini mahv etishga jiddu jahd etardi. Har taraf oʻlik… oʻlgan, oʻldirgan, ingragan, yigʻlagan, zorlangan, pisgan, pistirgan, yaralangan, ezilgan, qochgan askarlar bilan toʻla… Ikki tepadagi xonlar atrofida yugurgan, baqirgan beklar… Cherik esa, yanada koʻproq oʻldirish uchun qonsiragan, oʻchli koʻzlarini olaytirib, kimsa kimsani tanimasdan, bir-birining qonini toʻkib, olishib yotibdi…

Oxiri Toʻxtamish odamlarining sekin-sekin magʻlubiyatga uchrayotgani ayonlashdi. Toʻxtamish oʻz askarlarini harchand matonat va jasoratga undasa-da, bu mahshariy gʻavgʻoda ortga qaytishdan boshqa chora koʻrinmadi. U qoʻshinini magʻlublikdan qutqaza olmadi. Oʻrusxon askarlari hujumga oʻtib, bostirib kelmoqda edi.

Bir payt, hech kutilmaganda, Oʻrusxon cherigidan birisi qoʻlidagi qilichini oʻynatib, yildirimday Toʻxtamishning shundoqqina qarshisida toʻxtadi va toʻsatdan bir zarba urdiki, xon jonsiz yerga agʻdarilib tushdi. Askar kelgan tezligida ortiga qaytib, koʻzdan gʻoyib boʻldi…

Nariroqda bu mudhish manzarani kuzatib turgan keksa vazir ildam kelib, jasadni bir otga ortdi va boshqa otga oʻzi minib, uni yetakda tutganicha sharq tomonga yoʻnaldi…

Bu paytda, Toʻxtamishning narigi yoqda qolgan vaziru vuzarosi undan aynib, Oʻrusga tarafdor boʻlib qolishgandi. Keksa vazirning holu harakatini kuzatib turganlar esa, unga achingan ohangda:

– Hayho-o-ot!.. – dedilar. – Bechora miyasi achigan chol!..

 

 

* * *

Oradan ikki kun oʻtgan. Odamlar qon bilan boʻyalgan maydonni koʻzdan kechirishmoqda. Baʼzilar oʻliklarni yotgan yeridan olib, chuqurlarga koʻmish bilan band. Tirik qolganlar esa, marhum safdoshlarga nisbatan bu dunyodagi oxirgi vazifasini ado etib, ular bilan vidolashmoqda.

Gʻolib askarlar orasida yuzidan hech ishdan qaytmasligi koʻrinib turgan, oʻch olish otashida yonayotgan bir jangovar ham bor ediki, u nimanidir yoʻqotganday olazarak kezib, muhim bir narsani axtarmoqda edi. U koʻp izlandi, ammo axtarganini topolmadi. Maʼyuslanib orqaga qaytar ekan, Toʻxtamishning sobiq vakillari va endilikda Oʻrus tarafdori boʻlib, yovlariga malaylik qilayotgan pastkashlarga duch keldi.

Ulardan biri undan:

– Nimani qidiryapsin, Toshtugʻay? – deb soʻradi.

– Hech narsani qidirganim yoʻq! – dedi u.

– Qoʻysang-chi, sen aniq nimanidir axtarib yuribsan, – deya u yana oʻsmoqchiladi.

 

– Yoʻq, oʻzim shunday aylanib yuribman, – dedi zarda bilan Toshtugʻay. – E, yashirmay qoʻyaqol! Birortasini oʻldirding shekilli, intiqom olish uchun…

– Ha, oʻldirdim! Yana ne deysizlar?

– Biz ne derdik… kimni qidiryapsan oʻzi?

– Toʻxtamishni!

– U ketdi.

– Nima-a?! Ketdimi? Qoʻlimdan qutulibdi-da, shundaymi? Men ham orqasidan bormasam, otim Toshtugʻay boʻlmasin!

– Nima qilasan uning orqasidan borib, endi u – hech kim!

– E, sizlar nimaniyam bilardingiz. Mayli, aytaqolay: Oʻrusxon uning jasadini olib kel, deb meni yuborgandi. Kecha uni bir zarb bilan oʻldirgandim. Oʻlmagan ekan-da, ablah, qochibdi! Ha, mayli, qayoqqayam qochardi. Qani, koʻray-chi, qoʻlimdan qutularmikin? Xoʻsh, hozir Toʻxtamish qayerga ketgan boʻlishi mumkin? Yonida kim bor edi?

– Bir keksa vaziri bor edi, xolos. Uni tanimaysan. Birgalikda ketishdi. Ammo Toʻxtamish sogʻmidi, oʻlikmidi, buni bilmaymiz.

– Qayerga ketganligini bilolmadik-da… – deya biri mingʻirladi.

Nariroqda turgan kimdir bu soʻroqqa shunday javob berdi:

– Temurning oldiga ketdi!

Soʻngra bu odam:

– Keksa vazirning sharqqa qarab ot chuhlaganini koʻrdim va tong yorugʻida shoshganicha “Menga Temurni koʻrsat!” deya baqirganini eshitdim, – deya qoʻshimcha qildi.

Shunda hamma vahimaga koʻmildi, qoʻrquvli bir tovush yangradi:

– Unda endigi voqealar dahshatli boʻladi!

 

 

XIX. QOPLON HUZURIDA

 

Oʻsha voqealardan oʻn yil keyinroq, Temur soʻrida dabdaba va mahobat bilan oʻtirarkan, bir kishi huzuriga kirmoqchi ekanligi xabar qilindi.

– Olib keling! – deya buyurdi u.

Qabuliga keltirilgan odam egilib-bukilib, suqulib Temurning etagini oʻpdi va:

– Temur hazratlari! – dedi. – Toʻxtamishxonga askar berib, yordam etganingizni eshitib…

– Nima boʻpti, xoʻsh? – dedi Temur uning soʻzini kesib, – yolgʻiz askargina emas, aqcha ham berganman. Bundan tashqari, Turkiston, Oʻtror, Jaran tomonlarning gʻarbini ham unga berdim. Xoʻsh, nima boʻpti?

– Toʻgʻri, muhtaram xoqonim! Ana shu siz askar va oʻlka amirligini bergan odamingiz…

– U odamga nima qipti?

– Sizga bu xatni uning qilmishlari qanday ekanligini bildirib, yaxshi bir ish qilish niyatida olib keldim…

– Toʻgʻrisini aytsam, gaplaringdan bir maʼno chiqarolmadim. Oʻzing ayt, Toʻxtamish sultonga nima boʻldi? Men bilmayman, bilolmayman, xoʻsh, u nimalar qilyapti?

– Hazratim, yordamlaringiz va himoyangiz tufayli Qipchoq hukmroni boʻlgan Toʻxtamish ham sizga tobe boʻlgan edi, holbuki…

– Hozirda ham tobedir!

– Yoʻq…

– Nechun?

– Chunki hozirda u isyonga tayyorlanmoqda!

– Ha-a… Shundaymi? Nima qilyapti?

– Siz bilan sadoqat bogʻlarini uzib, Ozarbayjonga hujum qilmoqchi yoki qiladi!

– Yoʻgʻ-e… Toʻxtamishdan buni kutmagandim. Uni ikki bor tahlikalardan qutqardim. Bir marta Oʻrus askarlarining quv-quvidan, bir gal esa, oʻzimning qahrimdan…

– Nima, kechirib yubordingizmi?

Ha. Oʻzing kimsan?

– Kim boʻlardim, uni oʻldirishga ont ichgan bir odamman! Bilasizmi oʻz vaziri boʻlgan keksa otamni Toʻxtamish nima qildi? Bilmaysiz-da… O-o-o-o… bu yerga, sizning huzuringizga uni yuborgan mening otam edi! Oldinroq otam unga Oʻrus bilan jangga kirishmaslikni va hirsu ochkoʻzlikka magʻlub boʻlmaslikni nasihat qilgandi. U soʻz tinglamadi. Urushdi. Urushda men Oʻrus tomonda, otam esa uning tarafida edi. Zotan men Oʻrusga uning kallasini olib kelishga vaʼda bergandim. Otamning yoʻqligida Toʻxtamishga hujum qildim va bir zarbada yerga qulatdim. Oʻldi deb oʻylagandim, joni qattiq ekan… Jangdan soʻng otam uni bir otga ortib, sizga keltirmoq uchun yoʻlga chiqqan va bir qishloqqa olib borib, davolagan. Toʻxtamish ikki oydan keyin tuzalgan. Soʻngra endi qayerga borishlarini soʻragan. Otam sizning huzuringizga kelib, tobe boʻlishi munosibligini uqtirgan. U esa, haliyam ochkoʻzligidan, alamidan qutulolmay, yana muhorabadan soʻylagan. Otamning bu boradagi fikrini soʻragan. Otam unga, jang qilmasayding, yaxshiroq boʻlardi, degan. Biroq shu soʻzlarni aytishi bilanoq boshiga tushgan qilich zarbidan oʻlgan…

– Keyin Toʻxtamish bu ishidan pushaymon boʻlgandir-a?

– Ha, pushaymon boʻlgan, ammo otamning oʻlimiga emas… – dedi marhum vazirning oʻgʻli. Soʻngra, bir oz oʻylanqirab turib, shunday dedi: – Otamning fikrlari toʻgʻri ekanligiga qanoat keltirib, oʻzicha taslim boʻlib yoʻlga chiqqan va sizning huzuringizga kelgan… Mana, Toʻxtamish shunday odam!

– Biroq sen ham undan kam emassan! – dedi Temur. – Uni oʻldirishga qasd etib, bu ishni amalga oshirolmagansan.

– Yoʻq, men undayin emasman. U soʻziga sodiq emasdi, hiylalar qilardi. Oʻsha yoʻlda edi. Men esam, dinimni va oʻlkamni sevganim uchun, yurtim manfaatini oʻylab, uni oʻldirishga qaror berganman.

– Xoʻsh, birinchi zarbang oʻlka nafʼi uchun ekan, keyingi qilgan hujumingning maʼnisi nedir?

– U hujum, ayonki, bir qotilni – otamning qotilini oʻldirish, undan ilohiy intiqom olmoq uchun edi.

– Yaxshi. Oting nima edi?

– Toshtugʻay.

– Sendan xursandman, Toshtugʻay. Toʻxtamishni qoʻyib tur. Qon hidi, intiqom otashi bilan yonayotirsan. Men bu holatning qanday ekanligini yaxshi bilaman. Chunki men ham intiqom orqasidan koʻp chopdim… Xudo xohlasa, bir kun yana huzurimga kelasan. Oʻshanda ikkalamiz undan oʻch olish saodatiga erishamiz. Hozircha sabr et.

 

  1. TEMURNING MOʻSQOʻVA YURISHI

 

Bir necha oy oʻtgach, Temurning askarlari keng Yoyiq-Oʻrol taraflargacha yetib bordi. Turkiston togʻlari va janubiy Sibirni qurshagan ufq qip-qizil… Vodiyda gʻurub hokim. Oftob borliq muhitni kunbotar yogʻdusiga koʻmgan, sargʻaytirgan… Qorongʻulik xabarchisi koʻrshapalaklar uchishadi, kishining ich dunyosi qorayib-titraydi…

Qarshida – cheksizlikka uzangan osmon. Chetlari koʻkka tutash qop-qora va haybatli oʻrmonlar bir zulmat sahrosini eslatadi. Daraxtlar orasidan uvillab-guvillab oqqan shamol dengiz toʻlqini kabi shovillaydi…

Bugun kunduzi yuz bergan Yoyiq maydonidagi urushda Temur qoʻshinlari zafar qozondi. Qocha boshlagan Toʻxtamish askarlarini uning cherigi Moʻsqoʻvagacha quvib bordi, ammo xonning oʻzini tuta olishmadi. Toʻxtamish janubiy Rusiyaga qochgan va u yerda berkinib olgandi.

Qoʻshini huzuriga qaytgach, Temur yonida oʻtirgan Toshtugʻayga yuzlandi:

– Topilmapti-ku, – dedi. – Endi ne deysan?

– Ne derdim, hazratim, – dedi Toshtugʻay. – Oʻzlari zafardan mastu zavqiyob boʻlaversinlar. Biz esa, keyinroq, oʻljani tutganimizda, inshoolloh, qonini toʻkib, bundayin baxtiyorlikka yetishurmiz.

– Rejang qanday?

– Men sizga aytsam, bir yoʻlini qilib, Toʻxtamishni qoʻlga tushirish mumkin.

– U ham boʻladi, xudo xohlasa. Faqat koʻraylik-chi, falak-u davron ne koʻrsatarkin? Endi men bilan Samarqandga qaytasan, – dedi Temur.

Toshtugʻay Toʻxtamishning isyoni xususida xabar keltirgach, Temur oʻylanib qolgandi. Zotan isyonni bostirishga tayyorgarchiligi yoʻq edi. Shu bois Toshtugʻayni yana kutishga undab:

– Toʻxtab turaylik-chi, bir gap boʻlar, – deya tinchlantirdi.

– Xoʻp, sabr qilaylik. Siz sabr soyasida maqsadingizga yetishasiz, ammo men…

– Mening maqsadga yetishuvim sening ham maqsading emasmi?

– Ha, toʻgʻri, hazratim, bir tomondan shunday, ammo…

– Ammo nima?

– Hazratimning maqsadlari Toʻxtamishning oʻzini yoʻq qilish, yaʼni, uning zararu yomonliklaridan qutulmoq, shundaymi?

– Shunday.

– Mening vazifam uning zararlari bilan birga vujudini ham yoʻq qilishdir! Ahdimga koʻra, shundagina mening niyatim amalga oshadi.

– Hozircha sabr qilmogʻimiz maqbuldir.

Temur bu suhbat asnosida vaziyatni Toshtugʻayga yaxshilab anglatdi va undan sabriga suyanib, qasos chogʻini kutish vaʼdasini oldi.

Temur ogʻir-bosiq, yetti oʻlchab bir kesadigan odam boʻlgani uchun va shu bilan birga, Toshtugʻayning yolgʻon soʻzlashi ehtimolini ham koʻzda tutib, darhol falon qilamiz, demadi. Oʻzini beparvo koʻrsatib, holatni teran oʻrgandi, bu orada vaqtdan ham yutdi. Toʻxtamish muvaqqat zafar kayfi bilan oʻzini yoʻqotib turgan paytda u boʻlajak urush taraddudini koʻrdi. Soʻngra azmu jazm ila Turkistonga qarab yurdi…

Shunday qilib, Oʻrol togʻlaridagi, Yoyiq daryosi qirgʻogʻidagi maydon jangida Temur gʻalaba qozondi. Qonli urushdan soʻngra, qoʻshinning qattiq charchagani hisobga olinib, bu makonda dam olishga qaror berildi. Oqshom tusharkan, chodirlar yangidan tikildi. Temur Toʻxtamishni quvib ketganlarning qaytishini kutmoqda. Uning gap-soʻzlaridan intiqom olishni kechiktirmoqchi ekani sezilib turibdi. Xullas, bu kecha shu yerda qolishdi. Erta bilan, quyosh hali ufqning qizargan dudoqlaridan oʻpmay turib, yurtga qaytish buyrugʻi yangradi. Ulkan oʻrdu qora bulutday qoʻzgʻolib, Samarqandga qarab yoʻl oldi.

 

XXI. INTIQOM

 

Endi turkiy qavmlari ichida Temurga qarshi kurashayotgan birgina Toʻxtamish qolgandi, xolos. Boshqa hech bir tahlika yoʻq, shunga binoan Temur bu odamni mahv etishni oʻzining va saltanatining tinchligini saqlash uchun eng kerakli ish deb hisoblardi.

U Toshtugʻayni qoʻyib yuborish niyatida emas. Chunki Toʻxtamishning tek turmasiligini bilardi, yana odam va askar toʻplab, oʻziga qarashli yerlarga hujum uyushtirishi mumkinligini taxmin qilardi.

U arqonni uzun tashladi va toʻrt yil kutdi. Toʻrtinchi yilning oxirlarida Toʻxtamish qaytadan bosh koʻtarib, nonkoʻrlik yoʻliga kirganini uning oldidan kelgan xabarchidan bilib oldi.

– Hazrat, – dedi xabarchi, – ular qishlogʻimizga kelgandayoq qilmagan vahshiyligu odobsizliklari qolmadi!..

– Nimalar boʻldi?

– Hazrat, ular uylarni buzib, yetimlarning boshini kesdi! Hayvonlarni chavaqladilar, keksalarni boʻgʻib oʻldirdilar!

– Keksalarniyam oʻldirishdimi?

Temur xabarchidan bu gaplarni eshitarkan, gʻazabdan sochlari tik boʻlib, hurpaydi. Chunki turkiylar odatiga koʻra keksalarga urushda daxl etilmas, ular doim qoʻriqlanar edi. Toʻxtamish bu odatni buzgandi.

– Ha, hazratim! Eng dahshatlisi, xotinlar koʻchalarda qip-yalangʻoch qilib haydaldi!

– Nima deding?!

– Ha, hazratim, shunday. Qancha kasal, nogiron, yarador boʻlsa, barchasi turli qiynoqlar bilan oʻldirildi.

– Nogironlar ham-a?

– Ha! Qanchalar ojizu bechoralar ot quyrugʻiga bogʻlanib, toshu tuproqda sudratildi…

– Soʻngra?

– Soʻngra ne boʻlardi, hazratim, endi bu taraflarga qarab yurishdi.

– Qayerdan yoʻlga chiqishdi?

– Darbanddan. Hozirda Ozarbayjonga hujum boshlash arafasida turishibdi.

– Ha-a, endi bu zolimga haddini bildirib qoʻyish kerak! – dedi Temur salmoqlab. – Barcha xiyonatu yomonliklarining xunini endi toʻlaydi, men undan oʻch olaman! Hozirgacha bu ishni qilsaydim, qanchadan-qancha keksalaru yetimlar, nogironlar, ayollar, ojizu bechoralar balki oʻlimdan omon qolarmidi? Endi oʻshalar uchun ham intiqom olmogʻim kerak! Eh, bu odamlar, odamlar… Nechun bir zolimga qarshi birlashib, gʻolibiyat chorasini qidirishmaydi? Nechun oʻzlariga bechoralik, xorlik vasfini loyiq koʻrishadi? Agarchandiyki, ular bitta-bitta holda kuchsizu bechora ekanlar, ha, bitta-bitta oʻq yeb qirilgandan koʻra birlashib, ezilishdan qutulishga intilsalar boʻlmaydimi? Yaʼnikim, bir-biriga oʻxshash oʻqlar bitta qilib bogʻlansa, sinmagani kabi, ular ham birgalikda ezilishdan qutulishadi. Ortiq ezilmaydilar. Ana shunday ezilmaslik imkoni bor ekan, nechun bunchalik miskin, jasoratsiz, takasaltang va tanbal boʻlishadi?! Nechun? Axir men ham hukmdor boʻlmay turib kim edim? Yosh bola, bechora bir yigit. Shunday mehnat qildimki, maqsadim yoʻlida gʻayrat bilan shundayin tirishib intildimki, bugunda bu saltanatga, hukmronlikka ega boʻldim. Mana, men ham hatto nogiron-ojizman, oqsoqman, ammo meni ezolmaydilar! Nechun qarshimda boʻyin egadilar, qani ayt-chi, xabarchi? Ha, mayli. Mana, qara, ularni oʻldirgan Toʻxtamish ham mendan qanchalar qoʻrqadi! Nechun? Chunki men peshona teri toʻkib doim zahmat chekaman, chunki men doʻstlarim bilan birlashib, dushmanlarim yengolmaydigan holga kelmoqdaman! Ha, men yovlarimni ezaman, yoʻqotaman, oʻldiraman!

Xoʻsh, nechun oʻldirmas ekanman? Nega ezmas ekanman? Nechun yoʻq qilmas ekanman?

Men ezib-oʻldirmasam, ular meni oʻldirishadi. Mahv etmasam, ular meni mahv etadilar.

Yoʻ-oʻq, men ular qarshisida hech qachon boʻyin egmayman! Chunki men adolat va haq yoʻlidan bormoqdaman. Avval qilganimday, mana endi ham, bundan keyin ham barcha bilan, hatto dushmanlarim bilan ham birlashib, raqiblarni ezmoqqa, oʻldirmoqqa va yoʻq qilmoqqa jahd etajakman! Chunki bu mening haqqim va vazifamdir! Mana, hozir ham ishonamanki, yovini oʻldirganda gunoh yoʻq. Gunoh – oʻlganda, ezilganda!

Ha, shunday. Bundan keyin intiqom olish uchun yashayman, birgina ishim shu boʻladi. Hozirgacha koʻplarini afv etib, gunohlaridan oʻtdim, ammo bundan soʻng kechirish yoʻq! Haq doimo gʻolib keladi, men bunga ishonaman. Shu davrgacha koʻplarga sovgʻalar berib iltifot koʻrsatdim. Evaziga ne koʻrdim? Salgina oʻzlariga kelib, jonlanishlari bilanoq, meni yanchib tashlash uchun quturishadi, oʻzim qoʻllariga bergan oʻqlar bilan meni oʻldirishga intilishadi! Xoʻsh, men ana shundayin nonkoʻr sotqinlarning nimasiga rahm etay, insof qilay, lutfu marhamat koʻrsatay? Nechun kechirib, gunohidan oʻtayin? Qilichim ostida ezilsanlarki, minbaʼd haqsizlik qilishmasin! Xoinlarni, dushmanlarini ezmagan eziladi. Ha, ezishni mendan oʻrganishsin!

– Hazratim, lutfu marhamat koʻrsating.

– Xoʻsh, endi askarlarimni urushga tayyorlab, jangga kirishaman! Ammo sizlar uchun emas, sizlarni qutqarish uchun emas, faqat olamga saboq va ibrat berish uchun boʻladi bu ishlar! Lekin shu Toshtugʻay qanchalar sabrli bir inson ekan, a! He, ofarin, deyman unga! Men oraga tushmasaydim, munofiq va sotqin Toʻxtamishni u allaqachon oʻldirardi. Menga hurmati tufayli qancha sabr etdi-ya…

– Hazrat…

– Menga Toshtugʻayni olib keling!

Xabarchi izn istamoqchi, yana “hazratim” demoqchi edi, Temurning haybatidan larzaga tushib, soʻzi ogʻzida, jim qoldi va u buyruq berarkan, sekingina tashqariga chiqdi.

Temur endi ichkarida bir yonartogʻ misoli guvillab, haybatli ovoz chiqarardi, chunki asabi buzilib, hayajonu gʻalayonda oʻrtanmoqda edi. U Toʻxtamishning qaytib kelishini taxmin qilgandi, faqat bu oʻlka xalqining u zolimdan qoʻrqishini, vahimaga tushishini xayoliga ham keltirmagandi. Shu bois, vaziyatdan saboq olib, oʻzicha shunday ahdu paymon qilib, qaror berdiki, bundan soʻng insof, avfu marhamat degan narsalarni emas, yolgʻiz bir narsani – adolatni oʻylaydi.

Shu payt ichkariga Toshtugʻay kirib keldi.

– Hazratim, meni chaqirtirgan ekansiz, – dedi qoʻl qovushtirib.

Temur hayajonli tovushda:

– Xabaring bormi? Toʻxtamishing kelayotgan emish, men senga aytgan edim-a… – deya sekingina pichirladi.

– Ha, hazratim, yarador it bir yerda tinch turolmaydi, – dedi Toshtugʻay. – Ammo bu gal jonimni koyitgan boshqa bir ish bor. Buni qarang-a, Toʻxtamish bosib oʻtgan yerlarini yoqib, buzib, yiqitgani holda, hamma ojizlar uning qarshisida bosh egib turishadi! Xalqning bu ishiga, miskinligiga, odamzotning bu ojizligiga judayam achchigʻim keladi! Ulugʻim, menimcha, har kimning, uygʻoq xalqning fikri sizga oʻxshab yuksak, oliyjanob boʻlishdir. Shunga binoan, oʻzini ojiz va bechora bilgan, marhamat tilaganlar dunyoda koʻp emas. Oʻylashimcha, bu insonlarning umumiy tabiatiga xos bir nuqsondir.

– Qanaqa umumiy tabiat, Tugʻay? – deya hayron boʻldi Temur. – Bu qanday taʼbir? Seningcha, demak, bashariyat komilan miskinmi? Agar u faqat oʻzini bilib-oʻzini oʻylasa, mafkurasini birlik fikri bilan harakatga keltirmasa, dushmanga qarshi birlashib, uni yoʻqotish yoʻlida ittifoq tuzmasa, u oʻz kelajagini saqlab qololmaydi-ku axir? Yaʼni, koʻp zamonlarda boʻlganidek, oʻz yaqinlari, aka-ukasi uning qonini soʻradi, oʻz qarindoshlariyu safdoshlari uni mahv etib, yer bilan yakson qiladi!

– Toʻppa-toʻgʻri, arslon xoqonim! – deya Toshtugʻay Temurning otashin soʻzlarini hayajon bilan quvvatladi. – Faqat mana shu fikrlarni, bu eng kerakli mafkurani avomu ommaga qanday tushuntirish lozim.

– Ishning bu tomoni ham bor – dedi oʻylanqirab Temur. – Ha, bu ishning oson yoʻlini topgandayman…

– Qanday ekan?

– Menimcha, qay oʻlkani fath etsam, u yerda bir gʻolibiyat dostoni, mahobatli bir obida barpo etmoq darkor. Deylikki, yovlardan ming kishi mahv etilsa, yuz ming qirildi, deya ovoza va mish-mish chiqarib, odamzotni qoʻrqitmoq, ana shu yoʻl bilan xalqni oʻziga keltirib, esankiratib, soʻngra esini yigʻishga majbur qilmoq.

– Oʻshanda balki…

– Xoʻsh, nima deysan? Yoʻ-oʻq, bunaqasi ketmaydi. Men ana shunday yolgʻon bilan jahonga qoʻrquv solsam.

– Insoniyat baribir koʻzini ochmaydi, ammo tilanib-elanib kelib, gadoyday boʻyin egadi!

– Oʻ-oʻ, juda topib aytding-da!

– Bu ishlardan maqsadingiz ne oʻzi, tushunmayapman.

– Natijada!

– Nimaning natijasida?

– Axir bir dushman menga yengilib, boʻyinsungandan keyin, uni yonimga olib, vazifa berib, istagan ishimni amalga oshirishga majbur etaman va oxirida…

– Ammo dushmanni bu tushuncha va holatga qanday qilib olib kelasiz?

– Uni hech zoʻrlamayman, yonimda birga yurganidan keyin, men bilan bir ishni qila boshlagach, menga oʻxshab fikr yuritadi-da. Ana shu tarzda dushmanni menday oʻylashga oʻrgataman.

– Ishqilib, Olloh muvaffaq aylasin. Ammo u holda sizga qarshi chiqqan boshqa yovlarga ham indamasdan, yumshoq muomala koʻrsatish majburiyati hosil boʻladi-ku?

– Yoʻq, men yovlarga shafqat qilmayman! Men oʻz ishlarim bilan dunyoga, afkori umumiyaga dars berib, bashariyat ichidan kekkayib chiqqan turli bebosh qoʻmondonu sultonlarga oʻz haddini bildirib qoʻymoqchiman, xolos. Toki ular ham menday boʻlishsin!

– Agar bu ishlarga muvaffaq boʻla olsangiz…

– Yumshoq yuraklik va avf qilish hislarimni qalbimda saqlab, ichimda yigʻlab, koʻzyoshlarimni kimsaga koʻrsatmay yursam, gʻoya yoʻlida tinimsiz intilsam, albatta bunga erishaman!

– Bundan bosh maqsadingiz nima, hazrat?

– El aro ittifoq va birlikni vujudga keltirish.

– Kimga qarshi?

– Din dushmanlariga qarshi.

– Bu ittifoq kimlardan iborat boʻladi?

– Turkiylardan, ha, barcha turkiylardan!

 

* * *

Toʻxtamish bir zamonlar Movarounnahr xalqi orasida turkiy qavmlarning birdan-bir qahramoni sifatida tanilgan edi. Temur buni yaxshi bilar, uni oʻz yoʻlidagi asosiy tahlika deb hisoblagani uchunmi, hamma narsani bir yonga yigʻishtirib, faqat Toʻxtamishga dars berib qoʻymoqqa qaror qilgandi. Ha, u oʻziga moneʼ kuchni, yaqqol koʻrinib turgan baloni yoʻq qilishga ahd etgandi.

Uning kelajakka bogʻliq yuksak va buyuk tasavvurlari, rejalari, bajarajak buyuk amallari bor. Ularga erishmoq, oliy orzulariga qovushmoq, askarlik sharafini tuyish, gʻalaba zavqini totish lozimgina emas, balki shart edi. Ochkoʻz va nonkoʻr Toʻxtamish Temurning yordamu lutflariga javoban gʻoyat sarkashlik va kufroni neʼmat ishlar koʻrsatdi, buning uchun uni jazolash, haddini bildirib qoʻyish bir tomon, ammo bundan-da muhimi, oʻz amri ostidagi xalqni kelgindilar zulmidan qutqarish, ularning intiqomini olish, xususan, Toshtugʻayning otasi, keksa vazirning ham oʻchini olib, arvohini shod etish ayni farz edi.

Shunday dahshatangiz bir baloning chorasini hozirdanoq koʻrish, uni mahv etish – Qipchoq yurtidagi ikkiyuzli, johil dinsizlarning islomiyat va shariat oldidagi magʻlubiyati demak edi. Shuni bilaturib, unga qarshi kurashmasa, uni yoʻqotmasa, bu katta nuqson Temur tiklayotgan, shariat anʼanalari ila mustahkamlanayotgan bir davlatning yiqilishiga ham olib borishi mumkin edi. Zotan butun faoliyatida oʻzining turkiy jangovarligiga va islomiyatga suyangan Temur buni yaxshi bilardi.

Xullas, bu galgi hujum dahshatliroq va vahshatliroq boʻlishi koʻrinib turardi.

Temur yashin tezligida chopqinga tayyorlandi. Soʻngra amri ostidagi qoʻshin bilan darhol yoʻlga chiqdi. Bu cherik toʻpi shundayin uchib borardiki, jangovar karvon oyoqlari ostidagi ulkan zamin goʻyo kichrayib qolganday tuyulardi.

Temur taxtiravonda oʻtirganicha yonidagi Toshtugʻay bilan suhbatlashib borardi.

– Bu safargi zarbimiz oʻta dahshatli va shiddatli boʻladi!

– Inshoolloh, xoqonim!

– Qalay, endi intiqomdan umidvormisan, Tugʻay?

– Xoqonim menga doim sabr qil dedilar-ku.

– Ha-a!

– Shuning uchun sabr qilmoqdaman.

– Balli, sabr etish va natijani koʻrish lozim. Faqat oldin mening soʻzlarimni diqqat bilan tingla.

– Jon qulogʻim bilan eshitaman, hazrat.

– Bu gal ularni tumtaraqay qilib qochiramiz va ezib tashlaymiz!

– Xon yana qochib qolsa-ya?

– Sen quvasan.

– Xoʻp boʻladi, rahmat! – deya Toshtugʻay oʻch olishga ruxsat tekkanidan minnatdorlik bildirdi.

– Bir boʻlik senga quvishda yordam beradi.

– Xoqonim, izningiz bilan, u boʻlikni boshqa kishining izmiga bersangiz, men bir oʻzim quvib, otam intiqomini oʻzim olsam, degandim…

– Boʻladi. Ammo nechun koʻmakchi boʻlikni istamayapsan?

– Chunki qoʻl ostimdagilar biror nojoʻya ish qilib qoʻyishi ham mumkin-da.

– Yoʻgʻ-e?

– Yoki orzungizga xilofan, askarlarni boshqa tomonga joʻnatib yuborish zarurati tugʻilib qolar…

– Balki.

– Va yoki, ixtiyorimdagi lashkar mening fikrimga teskari harakat qilib qoʻyish ehtimoli ham bor.

– Koʻngling toʻq boʻlsin, Tugʻay. Hech bir amringga moneʼlik qilishmaydi, fikringga qarshi chiqishmaydi.

– Toʻgʻri, taqsir, moneʼlik qilishmasa-da, moneʼlikka sabab boʻlib qoladilar-da.

– Bor gaping shumi?

– Ha, taqsir. Xullas, yonimdagi askarlar dushmanimdan oʻz istaganimday oʻch olishimga xalaqit berishadi.

– Xoʻp, Toshtugʻay, aytganingday boʻlsin. Ammo uning kallasini menga olib kelasan.

– Boʻpti! Kallani oldin Oʻrus xazratlariga olib bormoqchi edim, ammo endi sizga olib kelishga soʻz beraman.

– Soʻz va ahdingda turarsan, degan umiddaman.

Shu payt bir chopar taxtiravonga yaqinlashib, Temurga qarata:

– Toʻxtamish ikki soatlik bir yerda ekan, – dedi.

Bu xabardan soʻng Temur amirlar va beklarni chaqirib, maslahatlashdi va shunday amr berdi:

– Qoʻshin shu yerda toʻxtab, bir muddat tin olsin. Yov tomonga kuzatuvchilar, koʻzchilar yuborilsin. Ular atrofni tekshirib, vaziyat xususida xabar joʻnatib turishsin!

Temurning toʻrt tirgakli chodiridan tashqari yoʻl uchun tayyorlangan bir ustunli, muhtasham qubbali chodiri ham bor edi. Barcha chodirlar qurildi. Temur beklarni oʻz chodiriga daʼvat etdi.

– Bir oz muddatdan soʻng urushni boshlaymiz, – dedi u. – Toʻxtamishni taniysizlarmi?

– Yoʻq, taqsir – degan ovozlar taraldi.

Darhaqiqat, umaro va yuksak mansabli beklar ham Toʻxtamish haqida eshitishgan boʻlsa-da, oʻzini koʻrishmagan, tanishmas edi.

– Nahotki ichlaringda birorta ham uni taniydigan odam yoʻq?

– Taqsir, qulingiz… – dedi beklardan birining yosh xizmatchisi, Hazar Qoya degan yigit.

Temur unga:

– Unda seni Toʻxtamishni quvlaydigan boʻlikka qoʻmondon etib tayinlayman. Uni quvib borib tutasan! Agar biror daqiqa uning ortidan ayrilsang, oʻzingdan koʻr! – dedi.

Baʼzi vakillar va beklarga qoʻl ishorati bilan taʼkidlab:

– Sen oʻng tomonni, sen esa soʻl tarafni boshqarib borasan! – deya buyurdi. – Men markazda boʻlaman.

Shu chogʻ tashqaridan, bir chopar keldi, deya xabar berishdi.

– Kirsin! – dedi Temur.

Ichkariga oldingi marrani kuzatib-tekshiruvchi koʻzchilarning boshligʻi kirdi.

– Nima gap? – deya soʻradi Temur undan.

– Taqsir, Toʻxtamish hech narsadan xabarsiz, oʻrdusi bilan shu tomonga kelmoqda.

Temur shartta oʻrnidan turdi.

– Qani, yuringlar! – deya barchani chorlaganicha tashqariga yoʻnaldi.

U oqsoqlanganicha, arslon kabi savlat bilan chodirdan chiqdi. Yonida turgan oʻng qoʻl qoʻmondoniga qarab:

– Lashkaringga buyur, darhol jangga hozirlansin! – dedi.

– Bosh ustiga! – deya qoʻmondon chopib ketdi.

Temur oldinda, boshqa ulugʻ harbiylar uning ortidan yura boshlashdi. U atrofga koʻz tashladi. Oʻng tomonda ulkan bir tepalik bor edi. Tepalik ular turgan vodiyni oy kabi oʻrab olgandi. Toʻxtamish orqadan kelib, oʻsha yerda dam olishga majbur edi. Temur shularni oʻylarkan, Toshtugʻayga qarata:

– Sen anavi, oʻngdagi tepa ustida quvuvchi askarlar bilan birga pistirmada kutib yot! – deya buyurdi. – Kerak paytda dovulday qoʻzgʻolib, oʻzingni koʻrsatishga gʻayrat qil!

– Bosh ustiga! – dedi Toshtugʻay va buyruqni bajarishga shoshdi.

Temur soʻl tarafdagi qoʻmondonga burilib:

– Sen shu chap yonbagʻirdagi daraxtlar orasiga berkin, qalqon boʻlasanlar! – dedi.

Oʻsha paytda oʻng qoʻl qoʻmondoni shoshganicha qaytib keldi.

– Lashkar urushga shay! – dedi.

– Yaxshi, – dedi Temur xotirjam tovushda. – Sen ham askaring bilan anavi oʻng yondagi daraxtzorga kirib ol! – deya buyurdi unga. – Qani, hamma oʻz ishini bajarishga otilsin!

Shu ondan boshlab har kim yengil va chaqqon harakatlar bilan oʻz burchini uddalashga kirishdi.

Haybatli oqsoq arslon amiru umarosi bilan qoʻshinning jang oldidagi holatini koʻzdan kechirib chiqdi. Bir soat mobaynida barcha askar buyurilgan nuqtalarga joylashdi. Koʻrinishda Temurning markazdagi lashkari koʻzga tashlanardi, xolos. Ular ham bir oz oldinga siljib, oysimon tepaning oʻng uchidan burilgach, bir qismi panalikda gʻoyib boʻldi…

Shu asnoda dushmanlar ham koʻrinib qoldi.

Toʻxtamish eng orqada kelardi. Bir toʻda qaroqchilar guruhi alohida, ildam harakat qilayotgani koʻzga tashlanmoqda…

Qipchoq lashkari yonbagʻirning oʻrtasiga yetib keldi. Bu paytda Temur qoʻshini bilan ularni orqadan oʻrab olgan edi. Birdan markaz lashkar orasidan taralgan karnay-surnayning jangovar tovushi yeru koʻkka, yuraklarga joʻshtiruvchi larza soldi. Shu chogʻda Temurning oʻng va soʻldagi askarlari yashin tezligida harakatga kirishdi.

Toʻxtamish vahimali ovozlarni eshitib, shoshib qoldi, tahlikaning ne qadarligini chamalay olmasdan, bir oz sarosimaga tushdi. Atrofga koʻz yugurtirarkan, oʻrab olinganini angladi. Toʻsatdan piyodalar hujumga oʻtdi. Temur askarlari markazdan, oʻngu soʻldan zarba bermoqda edi.

Shu payt Toshtugʻay oʻngdagi tepadan oʻz boʻligi bilan otilib chiqdi, urushayotgan ikki qoʻshin orasiga yorib kirib, Toʻxtamishga yaqinlashish, uni qoʻlga olish taraddudiga tushdi.

Har ikki tarafdan taralayotgan urush sadolari shiddatlanib borardi. Toʻxtamish qoʻshini pastdagi pistirma yoʻldan qochishga urinar, ammo yana Temur askarlariga duch kelib, talmovsiragan holda mahv boʻlmoqda edi. Toʻxtamish ishlar orqaga ketganini fahmladi va qavatidagi yovarlari bilan birgalashib qochmoqa tutindi, oʻzini ochiq yonga urdi. Yuz kishidan elliktachasini qurbon berib, keyin, uh, qutuldim, deya umidlanib qocharkan, narigi tomondagi askarlari oʻlim-la panjalashib, qon toʻkmoqda edi.

Toshtugʻay pistirmada yotgan joydan yarim soatlik masofadagi bir yerdan oʻtib borarkan, Toʻxtamish orqadan kelgan bir dagʻdagʻali tovushni tuydi:

– Qayerga qochsang-da, oʻlim seni topadi!

Toʻxtamish ot jilovini sal tortib, ilkis ortiga boqdi.

Uni quvib kelayotgan Hazar Qoya guruhi bir zumda koʻrinmay qoldi. Shu asnoda Toshtugʻay ham yov iziga tushib, koʻzdan gʻoyib boʻldi.

Taʼqib boʻlinmasi hujum qilmasa-da, Toʻxtamish jon qoʻrquvsida otini qichaganicha qushday uchib borar, ufqda bir nuqtaday koʻzga chalinar edi. Ammo uning orqasidan izma-iz quvlab borayotgan, nuqta misoli koʻrinayotgan yana bir kishi ham bor edi. Hazar Qoya boʻligi-da bor kuchini ishga solib, olisdagi oʻsha ikki kishini koʻzlab ot choptirishmoqda.

Berigi tarafda esa urush davom etmoqda, jon bozori qizigandan qizib yotar edi. Toʻxtamish lashkari qoʻmondonning qochganini sezib, umidsiz talvasada qoldi va ayrimlar qilichlarini yerga tashladi. Ana shunda orqadan bir qahrli ovoz eshitildi:

– Ur! Ur-a!

Temurning bu buyrugʻi askarlarni yanada joʻshdirib yubordi va ular yovni shafqatsizlarcha mahv etishga kirishdilar. Toʻxtamish cherigi qochishga tutindi. Yogʻiy Sibirgacha quvib-qirib borildi, oxirida bittayam askar qolmadi.

Temurning qoʻshini zafar qozondi. U muzaffar lashkarni koʻzdan kechirarkan, kimlar omon qolib-qolmaganini aniqlash maqsadida yoʻqlama boshlatdi.

– Oʻng va soʻl qoʻl askarlari hamda qoʻmondonlari!

Soʻl qoʻl lashkarining qoʻmondoni chopib oldinga chiqdi.

– Sogʻ qoʻl qoʻmondoni shahid boʻldi, – dedi.

– Unda sen, soʻl qoʻl qoʻmondoni, askarga buyur, tin olsin!

– Bosh ustiga, xoqonim!

– Darrov chodirlar qurilsin… Xoʻsh, quvguvchi guruhdan qanday xabar bor?

– Xoqonim, hozircha hech bir darak yoʻq.

– Mayli. Chodirlar tikilsin! Quvguvchi boʻlikning qaytishini kutamiz. Barcha lashkarning istirohati taʼminlansin!

Temur buyruq berib boʻlgach, koʻzlarini ufqqa qadadi. Begʻubor, oʻtkir nigohi u tomondagi bir nuqtaga taqaldi va yonidagilarga:

– Qarang, birov kelmoqda, – dedi.

Hamma oʻsha tarafga qaradi.

– Toʻgʻri, kimdir kelyapti… – dedilar.

 

* * *

Shunday qilib, berigi tarafda Toshtugʻay taʼqib qoʻli, yaʼni quvuvchi askar boʻligidan ajralib, toʻsatdan gʻoyib boʻlgandi. Taʼqib qoʻli ufqda elas-elas koʻzga chalinayotgan ikki nuqta ortidan quvlab borardi. Ilgaridagi otliqlardan biri Toʻxtamish, biri Toshtugʻay edi.

Rosa quvlashdi, rosa chopishdi. Ot kuchi qanchalik boʻlsa, oʻshanga munosib uchishdi, ammo oxiri otlari shu holga keldiki, bechora jonivorlar goh munkib ketar, goh majolsiz oyoq tirab, taqqa toʻxtab qolardi.

Nihoyat batamom holdan toydilar. Toshtugʻay uchun Toʻxtamishni tutadigan vaziyat yuzaga keldi. U belidagi kamandni yechib, oldinda qochmoqqa tirishayotgan Toʻxtamishga otdi va uni bandi etib, oʻziga qarab tortdi. Shu holda ham ucharga shay ot uzangilari Toʻxtamishning oyoqlaridan chorasiz ayrildi. Orqadan kelgan Toshtugʻay otini qichab, raqib ulovining yolidan tutib toʻxtatdi. Toʻxtamish tugab-bitgandi.

Toshtugʻay otidan tushib, Toʻxtamishni dast koʻtarib, ulovidan indirdi va yerga yotqizib qoʻydi. Yonidagi teri suvdonini ochib, dushmanining ogʻziga suv tomizdi. Biroz kutdi. Sal oʻziga kelgan Toʻxtamish sapchib oʻrnidan turdi va qilichini yalangʻochlab, unga tashlandi. Toshtugʻay ham onida qilichini sugʻurib, u bilan olisha ketdi. Olishuv qizigandan qizidi. Toshtugʻay bir-ikki hamladayoq Toʻxtamishni oʻldirishi mumkin edi, ammo oʻchini sekin-sekin olib, uzoq kutilgan intiqom lazzatini simirmoq istardi. Birdan uning koʻzlari Toʻxtamish boʻynidagi kamand bogʻlariga qadaldi va juda ustalik bilan bir siltab, raqibini ortga tisarilishga majbur etdi. Endi maqsadga yetgandek edi. Chunki ortiga tistirilgan Toʻxtamish boʻynidagi ipning bir uchi Toshtugʻayning oyoqlari ostida qolgandi. Kamand bogʻini bosib turgan Toshtugʻay qarshisidagi Toʻxtamish muvozanatini yoʻqotib, yerga yumalab tushdi.

– Hayhot, oʻldim endi! – deya umidsiz baqirdi Toʻxtamish.

– E, nega oʻlasan? – dedi tahqiromuz ohangda Toshtugʻay.

– Magʻlub boʻldim…

– Har magʻlubiyat oʻlim bilan jazolanmaydi.

– Bilmadim.

– Nega bilmaysan? Qani, bir gaplashaylik-chi, bilib olarsan.

Toshtugʻay dushmanini kamand ipi bilan chirmab bogʻlagach, uning qoq roʻparasiga oʻtirdi. Uzoqlarga bir koʻz otdi, ufqda haliyam hech kim koʻrinmasdi.

– Seni hozirning oʻzidayoq oʻldirishim yoki tiriklayin koʻmib tashlashim mumkin, – dedi Toshtugʻay.

– Qoʻlingdan kelganini qil.

– Menga aytadigan soʻnggi soʻzing bormi?

– Mendan ne istaysan oʻzi? Qancha aqcha kerak?

– Qancha berasan?

– Xohlaganingcha.

– Xoʻp, belingda qancha aqcha boʻlsa, barini menga topshirib, yana shuncha beraman, deya vaʼda etsang, qoʻyib yuboraman.

– Xoʻp, sen aytganday boʻlsin! Ammo meni qayerdan topasanu aqchani qanday olasan?

– Uni menga qoʻyib ber, qanday boʻlmasin haqqimni olaman!

– Qanday qilib?..

– Bu juda oson. Chunki sen qayda boʻlsang, men ham oʻsha yerda boʻlaman-da…

– Bu mumkin emas. Chunki seni Temur qidirtiradi, qayda ekanligingni eshitib, ikkimizning bir yerda ekanligimizni bilib qolsa, ikkovimizni ham…

– Meni Temur tanimaydi-ku!

– Ie, shundaymi? Sen Temurning askari emasmisan?

– Yoʻq.

– Unda… kimga tobesan? Kimning askarisan?

– Toʻxtamishning!

– A-a! Men Toʻxtamishman-ku!?

– Yoʻq, men seni tanimayman. Sen Toʻxtamish emassan, Temursan! Toʻxtamish hozir jangda… Sen Temursan, Toʻxtamishdan qochib yuribsan.

– Aslo unday emas!

– Ha, aytganday… Ha, sen yo Oʻrus ustiga ochkoʻzlarcha yurish qilgan Toʻxtamishmisan? Shundaymi?

– Ha.

– Oʻsha keksa vazirini oʻldirgan Toʻxtamish, a?

– Ammo u…

– Nima ammo?!

– Hozir u narsalarni eslashdan ne foyda bor, axir?

– Oʻzimcha eslab qoldim-da… Qani, rostini ayt-chi, oʻsha keksa vazirni nega oʻldirding?

– Bilmadim.

– Unda men ham seni oʻldiraman!

– Nega axir?

– Negaligini bilib olasan! Sen meni aqcha bilan aldamoqchisan-da, a? Meni pastkash bir manfaatparast deb oʻyladingmi? Bilib qoʻy: men – sen oʻldirgan oʻsha keksa vazirning oʻgʻli Toshtugʻayman!

– Alʼomon!.. Meni kechir…

– Kechirmoq yoʻq! Yur-chi, qani.

– Ne qilasan?

– Joningni menga taslim et!

Toshtugʻay yonidagi toʻrvani ochib, undan bir dona non oldi, suvdonini ham ochdi.

– Yot! – dedi unga nafrat bilan. – Sen uchun bu oxirgi ziyofat: non, suv. Istagim shuki, buni yotgan yeringda yeysan! Luqmalar halqumingdan oʻtadimi, koʻray-chi?

– Olloh rizosi uchun…

– Tek tur, it! Tilingni tiy, sen Ollohni tanimaysan!

Toshtugʻay Temurning huzurida islomni qabul qilgan, toʻgʻri va odil yigit edi. Toʻxtamish luqmani sekin-sekin yerkan, vaqtdan yutib, balki qutulib ketarman, degan umidda Toshtugʻayga boqdi. Biroq uning intiqom toʻla koʻzida oʻz ajalini koʻrdi, barcha umid foydasizligini angladi va taqdirga tan berib, jimgina choʻzildi. Shu payt Toshtugʻay bir sakrab Toʻxtamishning koʻksiga mindi, toʻsatdan raqibining qoʻlidagi xanjarni koʻrib qoldi. Bir hamlada qurolni tortib oldi va belidagi arqonni yechib, uni yaxshilab oʻrab-chirmab bogʻlab, oʻlikday qilib yana yerga yotqizib qoʻydi. Haligi xanjar bilan Toʻxtamishning ogʻzini yirib ochib, oldindan tayyorlangan non boʻlagini tiqdi. Toʻxtamishning ogʻzi nonga toʻlib, yopilmay qoldi. Toshtugʻay bir qoʻli bilan uning boshini bostirib, ikkinchi qoʻli bilan suvdondagi suvni non ustiga toʻkdi. Non Toʻxtamishning ogʻzida shisha boshlarkan, Toshtugʻay oʻrnidan turdi.

Shu payt quvuvchilar qismi bu yerga yetib keldi. Toʻxtamish nafas ololmay jon halpida talpinar, tinimsiz hiq-hiqlar edi…

XXII. QIPCHOQ SAFARINING SOʻNGI

 

Temurning koʻziga ufqda koʻringan qora quvuvchi boʻlikning unga yuborilgan chopari edi. U ikki soat ot choptirib, hukmdorning huzuriga yetib keldi.

– Nima gap? – deya soʻradi undan Temur.

– Xoqonim, Tuman yaqinlariga yetib borildi, Toʻxtamish qoʻlga olinib, oʻldirildi, – dedi xabarchi.

– Ha, balodan qutulibmiz. Toshtugʻay qani?

– Lashkar bilan birga kelmoqda.

– Juda soz, – dedi Temur. Soʻngra yonidagilarga qarorini bildirdi:

– Bu oqshom shu yerda qolamiz.

Kechasi taʼqib qismi bilan birga Toshtugʻay ham qaytib keldi.

Ertasiga yurtga qaytish boshlandi.

Bu urushda, aslida, unchalik katta zararu ziyon koʻrilmadi. Soʻgʻish natijasida Qipchoq mintaqasining bir tarafi, oʻsha davrda yangigina oʻsayotgan ruslar oʻlkasi ulkan Chin va Movarounnahr mamlakatlari oʻrtasida yakkalanib, nochor holatga tushib qoldi.

Qoʻshin qaytdi.

Nogʻora va karnay-surnay ovozi avjlandi. Temur taxtiravonida savlat toʻkib oʻtirardi, orqadan esa saf-saf lashkar kelmoqda. Shu asnoda Toshtugʻay Temurning taxtiravoniga yonashib keldi va:

– Xoqonim, sizga bir sovgʻa bor, – dedi.

– Qanaqa sovgʻa?

– Koʻrsatayinmi, hazrat?

– Qani.

– Mana, xoqonim. – deya Toshtugʻay qoʻlidagi oʻrogʻlik narsani unga peshkash etdi.

Temur sovgʻani ochib koʻrib, xotirjam jilmayib qoʻydi.

– Koʻp yaxshi! – dedi. Soʻngra buyurdi: – Oʻrdu toʻxtasin!

Xoqonning amri darhol qoʻshin boʻylab tarqaldi va barcha toʻxtadi.

– Kallani nayza uchiga bogʻlab, Toshtugʻayning qoʻliga beringlar! – deya buyurdi Temur.

Buyruq bajarildi.

Qoʻshin qoʻnib oʻtgan har yurtda xalq Toʻxtamishning ahvolini koʻrar, hayrat qilar va ibrat olar edi. Muzaffar cherik bir shahardan oʻtib ketayotganda, olomon orasidagi bir bola onasiga:

– Onajon, qoʻrqib ketyapman… – dedi.

– Qoʻrqma, bolam, – dedi ona. – Qoʻrqmaki, Toʻxtamish kabi zolimlar qoʻlidan qutulishning yoʻli shu! Shunday boʻlishi kerak.

Temurning falsafasidagi hikmat oʻsha onaning ana shu bir ogʻiz soʻzida oʻz ifodasini topgandi.

Lashkar yoʻlida davom etmoqda. Qipchoq safari ana shunday yakunlangan edi. Temur bu haqda oʻylarkan, chuqur nafas oldi. Zotan, u boʻlajak katta yurish oldidan bir ozgina tin olmoq uchun fursat ham qozongan edi…

 

Turk tilidan Sobir SAYXON va Tohir QAHHOR tarjimasi

 

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–4


 

[2] Gʻarbda Temur xoqon Temurlang nomi bilan mashhur boʻlgani uchun muallif shunday yozgan; biz tarjimada Temur deb oldik (tarj.).               

[3] Hijriy 1328, milodiy 1910 (tarj.).

https://saviya.uz/ijod/nasr/sharqning-eng-buyuk-hukmdori/

5 1 голос
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x