Bonapartning uylanishi

Dulat ISABEKOV

 

(Ikki pardali komediya)

QATNASHUVCHILAR:

Bonapart

Avgʻonbek

Ispaneli

Abdashim – Bonapartning otasi

Ultugʻan – Bonapartning onasi

Chapay – Bonapartning ukasi

Rollan

Ret

BekturViktor

Toshpoʻlat

Ommaviy sahna ishtirokchilari

 

Voqea shu kunlarda boʻlib oʻtadi.

 

Parda oldi

 

Yoqimli kuy eshitilib, parda oldida Chapay paydo boʻladi.

Chapay (u yoqdan bu yoqqa yurib). Ura! Bonapart akam kelinchak olib keladigan boʻldi. Barchangizni toʻyga taklif qilamiz. Albatta kelingizlar. Quvonchimizga sherik boʻlingizlar.

 

Nur soʻnadi.

 

BIRINCHI PARDA

 

Birinchi koʻrinish

 

Sahnaning ikki tomonidan erkak-ayol aralash katta-kichik yoshdagi odamlar chiqib, oʻrtada toʻplanishadi, ayollar yuzlarini chimdib, oʻzaro duv-duv gap qilishadi:

Butun urugʻimizni uyatga qoldiradigan boʻldi!

– Uyat ham gapmi, sharmanda boʻldik!

– Endi odamlarning yuziga qanday qaraymiz!

– Sharmandaliklar hali oldinda!

– Ha, nomusdan oʻladigan boʻldik!

– Bu kunimizdan oʻlganimiz yaxshi!

– Quda tomon eshitib qolsa, “tomosha”ning kattasi oʻshanda boʻladi!

 

Ispaneli bilan Avgʻonbekdan boshqa hamma ketadi,

Chapay paydo boʻladi.

 

Chapay (u yoqdan-bu yoqqa yurib). Ura! Bonapart akam kelinchak olib keladigan boʻldi. Barchangizni toʻyga taklif qilamiz. Albatta, kelingizlar. Quvonchimizga sherik boʻlingizlar.

Ispaneli. Xoy, bola, oting nima edi?

Chapay. Chapay.

Ispaneli. Senlar rostdan ham toʻyga tayyorgarlik koʻryapsanlarmi?

Chapay. Ha-da. Sizing uyingizga ham taklifnoma berib keldim.

Avgʻonbek. Shunaqa, de. Bizning uyga ham olib bordingmi?

Chapay. Yoʻq. Ulgurmayapman. Mana taklifnomangiz. (Taklifnomani uning qoʻliga tutadi.)

Ispaneli. Otang uydami?

Chapay. Men chiqib ketayotganimda uyda edi.

Avgʻonbek. Boʻlmasa sen bunday qil. Chopqillaganingcha uyga bor. Otang bilan onang hech qayoqqa ketmay tursin. Biz hozir boramiz. Oʻta zarur ish bor.

Chapay. Ispaneli amaki, tinchlikmi, nima boʻldi?

Ispaneli. Borgach aytamiz. Sen tezroq uyingga bor.

Chapay. Taklifnomalarni tarqatib yurgan edim…

Avgʻonbek. Bor, degandan keyin bor-da. Qanaqa bemaza bolasan! Aytganni qil. Taklif qogʻozlaringni keyin xam tarqatasan… Tarqatish lozim boʻlsa.

Chapay chopib ketadi.

Nur soʻnadi.

 

Ikkinchi koʻrinish

 

Bonapartlarning uyi. Ispaneli, Avgʻonbek, Retoqsoqol, Abdashim va Ultugʻan oʻtirishibdi.

 

Ret. Qani, boshlanglar. Ana u ikkovini chaqiringlar, kirsin bu yoqqa.

 

Abdashim bilan Ultugʻan kirishadi. Aybdor kishilardek, boshlari quyi egilgan, gʻamgʻin, unsiz kelib bir chekkaga oʻtirishadi.

 

Ret. Hoy, befarosat lapashanglar, bir oydan keyin uylanadigan bolalaringning sunnat qilinmaganligi rostmi?

Abdashim. Qilinmagan boʻlsa… endi…

Ret. Sunnat qilinmagani rostmi-yoʻqmi, mingʻillamay shuni ayt!

Abdashim. Rost boʻlsa rostdir. Kim tekshirib oʻtiribdi.

Ret. Hoʻ, befarosat! Aytib turgan gapiga qaranglar. Pirurgʻan!

Ispaneli. Hoy, Abdashim, bor-yoʻgʻi olti bolangning qaysi biri sunnat qilingan-u, qaysi qilinmagan – shuni bilmaydigan nima jin urdi seni!

Abdashim. Ish, ish deb… fursat boʻlmay… keyinchalik esdan chiqib ketibdi.

Avgʻonbek. Ish birgina sen emas, hammamizning boshimizda bor. Bu yerda oʻtirganlarning birontasi beish yurgani yoʻq.

Ispaneli. Mana bu Ret oqsoqolning oʻn bir oʻgʻli, yigirma uch nabirasi bor. Shularning birontasini sunnat qildirish esdan chiqmagan. Toʻgʻrimi, oqsoqol?

Ret. Bundan Xudo asrasin.

Ispaneli. Olti bola, deb, Xudo bergan olti farzandni, koʻp, deb yurgan bu noshukurga qaranglar. Ret oqsoqol sovxozning olti yuz qoʻyini boqib yurgan paytlarida sovliqlarning qaysi qochgan-u, qaysi biri qochmay qolgan – barini besh barmogʻidek bilardi. Toʻgʻrimi, oqsoqol?

Ret. Albatta.

Ispaneli. Ana, eshitdingmi? Olti yuz sovliq! Sen boʻlsang olti bolangga bosh boʻlolmay yuribsan.

Abdashim. Endi… Sovliq… Odam mol emas-ku.

Avgʻonbek. Vot imenno, odam mol emas. Sen esa molsan! Molsanlar!

Ultugʻan. Men hammi?

Avgʻonbek. Ha, sen ham. Ikkovingda ham oʻzlaringni oqlay oladigan vajlaring yoʻq.

Ultugʻan. Xoy, qaynijon, Prezidentimiz oʻz qoʻli bilan topshirgan oltin medalni olib kelanimda dasturxon tepasida oʻtirib ikkovimizni koʻklarga koʻtarib ardoqlagan, oltin yangam, asl ogʻam, deb maqtagan eding-ku. Oʻshandan beri nima oʻzgara qoldi?

Avgʻonbek (hovuridan tushib). Aytsam aytgandurman. Qotib qolgan fikr yoʻq. Bugungi gaplardan keyin fikr oʻzgarmay qolarmidi.

Ispaneli. Voy, tovba-a, bular oʻz ayblarini boʻyinlariga olish oʻrniga bizga davogarlik qilmoqchi, shekilli.

Avgʻonbek. Shuni ayt-a. Bolalaringga egalik qilmay shuncha yildan beri nima ish bitirib yuribsanlar?

Abdashim. Nega bunaqa deysan? Ular oʻz holicha oʻsayotganlari yoʻq-ku.

Ispaneli. Bunaqa qilib oʻstirganlaring bor boʻlsin. Bir bolangni sunnat qildirmaganligini nega eslaringdan chiqarib qoʻydinglar? Menga shuni ayt-chi.

Abdashim. Oʻzlaring bilasanlar, bolalar endi oʻsa boshlaganda perestroyka boshlanib ketdi.

Ispaneli. Perestroykaga qadar nima ish bitirdilaring?

Abdashim. Unga qadar ateizm avjida edi. Bolani sunnat qildirish – eskilik qoldigʻi, deb mullalarga qirgʻin keltirgan, sunnat qildirilgan bola komsomolga qabul qilinmasin, deb jar solgan oʻzlaring emasmi! Ret oqsoqol, siz aytaqoling, shunday boʻlgani rostmi?

Ret. E-e, nimasini aytasan, talay sovdalar boʻlib oʻtdi-ku. Endi Xudoning oʻzi yuzini teskari qilsin.

Ultugʻan. Yuqoridan topshiriq boʻldi, deb hammani besaramjon qilib kelgan oʻzlaringda ayb koʻp. Yuqoridan bizga aytishadi, biz senlarga aytamiz, deb tashabbus koʻrsatavergandan koʻra, ota-bobolarimizdan meros qolgan udumlarni asrab qolishga harakat qilsalaring boʻlmasmidi?

Avgʻonbek. Men ham shunday fikrdaman. Ateizmning qilichidan qon tomib turgan paytlarda ham dinga mustahkam boʻlgan kishilar musulmon yoʻlidan toymagan. Raykom sekretari Yesentoyning oʻzi uchta oʻgʻlini yarim kechada yashiriqcha Ret oqsoqolnikiga olib kelib, sunnat qildirib ketgan ekan. Shu rostmi, oqsoqol?

Ret. Ha, shunaqasi ham boʻlgan.

Ultugʻan. Eshitishimizcha, oʻsha Yesentoyning oʻzini ham bolalik chogʻida mana shu otamiz sunnat qilgan ekan.

Ispaneli. Bas qil, bunaqa beadab narsani gapirma!

Avgʻonbek (kulib). Oʻ-oʻ, otamiz zoʻr, hatto raykomnikini ham koʻribdi!..

Ispaneli. Bekorchi gaplarni toʻxtatinglar. Xoy, Abdashim, oʻsha kofir bolang qayoqda?

Abdashim. Tilingni tiy! Musulmonni kofir dema!

Ispaneli. Sunnat qilinmagan boʻlsa, nima deymiz?.. Chaqir uni. Oʻz ogʻzidan eshitaylik.

Ovozlar:

– Bonapartni chaqiringlar!

– Bonapart bu yoqqa kelsin!

Ispaneli. Bonapartmish! Yomon itning otini Boʻribosar qoʻyadi, deyishadi. Boshqa ot topilmagandek, mishiqi bolalaringga Bonapart deb ot qoʻyganlaringga balo bormi!

Ultugʻan. Voy-boʻ, shu bolam tugʻilganda unga Bonapart deb ot qoʻygan oʻzlaring emasmi. Fransuz degan el bor ekan, ularning ham, bizga oʻxshab, botirlari koʻp ekan. Oʻsha mamlakatga borib qolsang, Qoʻngrot, Noymon, Aragʻon degan familiyalar har qadamda uchrab turar ekan. Ular bizni hurmat qilib, avlodlarimiz nomlarini familiya qilib olayotgan ekan, nega biz farzandlarimizni ularning ismi bilan atamasligimiz kerak? Oʻz millating bilan oʻralashib qolish yaxshi emas, deb turib olgansanlar.

Ispaneli. Zamon shunaqa edi-da, yangajon. Mening otimni ham ota-onam Ispaneli deb qoʻyishibdi. Mana buning oti esa – Avgʻonbek. Bunga nima deysanlar?

Ultugʻan. Uchinchi oʻgʻlimga Xoshimin degan ot qoʻygan edilaring, pasport olish chogʻida yugurib-yelib yurib arang Qoʻyshiman deb oʻzgartirib oldim. Butun dunyodagi allaqachon vafot qilib ketishgan dohiylaru kazo-kazolalar hozir bizning qishlogʻimizda yurishibdi. Chapay deysizmi, Shors deysizmi… Bu Bonapartimiz qayoqda qoldi?

Ovoz. Mana, keldi.

 

Bonapart kiradi.

 

Avgʻonbek. Martabali Bonapart Abdashim oʻgʻli, mana, roʻparalaringizda turibdi.

Ispaneli. Hoy, chaqirganda nega tezda kela qolmaysan? Shuncha odamni kuttirib qoʻyib, qayoqda yuribsan?

Bonapart. Kommunizmning oddiy-texnika bazasini yaratyapmiz.

Ovozlar: – Nima dedi? – Bu bola nima deb aljirayapti?!

Bonapart. Ishda yuribman, deganim-ku.

Avgʻonbek. Shunaqa degin? Kommunizmning oddiy-texnika bazasi senga qarab qolgan boʻlsa, Xudo urgan ekan!

Avgʻonbek. Hoy, dovdir, kommunizm deganing allaqachon marhum boʻlib ketmaganmidi? Sen nima deb valdirab turibsan! Esing joyidami oʻzi?

Bonapart. Axir bizga shunaqa tarbiya bergan oʻzlarngiz-ku. Buni tezda unutib boʻlarmidi.

Avgʻonbek. Xoʻsh, nima ish qilayotgan edilaring?

Bonapart. Oldingi kuni Ruzveltning jarga agʻnab ketgan traktorini tortib chiqara olmayapmiz.

 

Qoʻlida gazeta ushlagan Bektur kiradi.

 

Bektur. (hech kimga eʼtibor bermagan holda). Ruzvelt! Cherchill! Bonapart! Shors! Oʻz bolalariga maʼnili bir ism qoʻya olmagan sodda qozogʻim-ey!.. Ispaneli, Eronbek! Iroqbek! Ha-ha-ha! (Chiqib ketadi.)

Ispaneli. Bu yigit nima qilib yuribdi?

Avgʻonbek. Uni hech kim chaqirmagan edi-ku, qayoqdan kelib qoldi?.. Nega kirdi-yu, nega chiqib ketdi?

Abdashim. Tanimadilaringmi? Oʻzimizning Bektur-ku. Qishlogʻimizning shoiri… Bechora bola… Qurilish sexida tuppa-tuzuk gʻisht teruvchi usta boʻlib ishlab yurardi, oʻtgan yili tomdan boshiga nimadir tushib, shikastlandi-yu, keyin birdan shoir boʻldi-qoldi. Endi yurishi mana bu…

Ispaneli. Xoʻp. Endi boshqa gap-soʻzlarni qoʻyib turaylik. Xoʻsh, Bonapart mirza, uylanishga tayyormisan?

Bonapart. Tayyorman.

Avgʻonbek. Nomaʼqulning nonini yebsan! Tayyor emassan.

Bonapart. Buning uchun qanday tayyorgarlik kerak? Esim joyida, oʻn ikki mucham sogʻ. Qalinmolining ham yarmisini berib qoʻygan boʻlsalaringiz. U qizni bir-ikki marta koʻrganman. Menga maʼqul, u ham meni unatib turibdi. Yana nima kerak?

Ispaneli. Buning, yana nima kerak, deyishiga qaranglar. Kerak boʻlganda qanday!

Bonapart. Masalan?

Ispaneli. Masalan, deydi-ya! Masalan… Hoy, Avgʻonbek, nima kerakligini bunga oʻzing aytaqol. Sen uncha-muncha narsaga uyalmaysan-ku.

Avgʻonbek. Boʻlmasa, gapni choʻzmaylik-da, toʻgʻrisini aytib qoʻya qolaylik. Biz quda tushib, toʻyga hozirlik koʻryapmiz. Sen esa… Sen hali ham sunnat qildirmagan ekansan. Shu rostmi?

Bonapart. Men qayoqdan bilay?

Ispaneli. Hoy, gumroh, buni sendan boshqa kim bilishi kerak? Men bilishim kerakmi?

Bonapart. Ota-onam…

Avgʻonbek. Uh! Buning aytib turgan gapiga qaranglar! Ota-onasimish! Otang bilan onang hech baloni bilmaydi. Miyalari aynib qolgan ularning.

Abdashim. Hoy, Avgʻonbek! Ogʻiz oʻzimniki, deb toʻgʻri kelgan narsani gapiraverasanmi! Sizlar aqlli-yu, bizlar ahmoq boʻlib qoldikmi-a!

Avgʻonbek. Oʻz bolangga oʻzing bosh boʻlolmay yurganingdan keyin, boshqa nima ham deymiz.

Ultugʻan. Hoy, qaynim! Oramizda oʻtirgan moʻysafid otamiz oldida odob saqlab indamay qoʻyaqolay desam, bizni odam safidan chiqarib yubording, miyalari aynib qolgan, deb haqorat qilyapsan! Xudoga shukur, olti oʻgʻil, uch qizni dunyoga keltirdim. Sizlar – xotining ikkovlaring majlis sayin: “Prezidentimizing qazoq xalqining sonini yigirma millionga yetkazish toʻgʻrisidagi daʼvatini amalga oshiraylik!” deb jar solasanlar. Aytishni senlar aytasanlar-u, tugʻishni biz tugʻyapmiz. Miyamiz aynigan boʻlsa aynigandir, lekin, senlarga oʻxshab lavozim talashib yurib yolgʻiz bola bilan qolganimiz yoʻq.

Ispaneli. Bopladingiz, yanga. (Avgʻonbek k a). Ajab boʻldi, senga shu kerak edi! Bundan keyin er-xotin ikkoving mitinglarda nutq soʻzlashni qoʻyib, gapdan amaliy ishga oʻtarsanlar. (Kuladi.)

Ret. Ortiqcha gaplarni bas qilinglar! Asosiy masalaga oʻtinglar.

Avgʻonbek. Toʻgʻri, asosiy masalaga oʻtaylik. (Bonapart ga oʻgirilib). Demak, sunnat qilingan-qilinmaganingni oʻzing ham bilmaysan. Oʻ-oʻ, nodon! Buni bilish uchun donishmand boʻlish kerak ekanmi?

Ispaneli. Hoy, Avgʻonbek, halitdan beri gʻidi-bidi qilib oʻtirgandan koʻra tashqariga chiqib kela qolmaymizmi?

Avgʻonbek. Toʻgʻri aytasan. Shu paytgacha xayolimizga kelmaganiga hayronman. Qani, Bonapart! Tur oʻrningdan, oldimizga tush! Oʻzimiz koʻraylik-chi.

 

Avgʻonbek bilan Ispaneli Bonapart ni boshlab chiqib ketishadi.

 

Chapay. Ota, Bonapart akam uylanmaydigan boʻldimi?

Abdashim. Shoshmay tur, oʻgʻlim. Tashqariga chiqib ketishgan amakilaring nima deb kirisharkin, hamma narsa shunga bogʻliq.

Chapay. Ota, Bonapart akam uylanaqolsin. Qishlogʻimizning yarmisiga taklif qogʻozini tarqatib qoʻyganman. Ularga nima deymiz!

Abdashim. Sabr qil, bolam, sabr qil.

Chapay. Bonapart akamning qalligʻini men ham koʻrganman. Judayam chiroyli qiz ekan. Bu yilgi “Tuman malikasi” tanlovida birinchi oʻrinni olgan ekan.

Abdashim. Unda, bizni Xudo urdi, deyaver!

Chapay. Nega?

Abdashim. Goʻzallikda birinchi oʻrinni olib oʻtirgan qiz bunday xabarni eshitsa, obdon yuzi qora boʻlamiz-ku.

Ultugʻan. Birinchilikni olgan boʻlsa, nima boʻlibdi, osmondan tushmagan-ku! Uni oʻtgan yili bir toʻyda men ham koʻrganman… Unaqa koʻklarga koʻtarib maqtaydigan qomati ham yoʻq, qozoqning qadimgi qorapuchiq qizi. El ogʻzida, bu nomni qiziga tadbirkor otasi dunyo sochib sotib olib bergan, degan gap yuribdi.

Chapay. Yolgʻon! Odamlar xasad qilganlaridan shunaqa deyishadi. Juda chiroyli qiz.

Ultugʻan. Ha, mayli, chiroyli boʻlsa chiroylidir. Mening oʻgʻlimning ham hech kimdan kam joyi yoʻq.

 

Avgʻonbek bilan Ispaneli kirishadi.

 

Avgʻonbek. Rost ekan.

Ispaneli. Ha, sunnat qildirilmagan ekan.

Ret. Yigitning oʻzi qani?

Avgʻonbek. Oʻsha qizga uylanmaydigan boʻlsam, oʻzimni osib qoʻyaqolaman, deb ishiga ketdi.

Abdashim. Bu nima degani?!

Ultugʻan. Xotini qursin, bolamdan ayrilib qolamanmi! (Chopib chiqib ketadi).

Ispaneli. Hozirga qadar bilmagan narsamizni nimaga ham bugun bilaqoldik!

Abdashim. Nimani aytyapsan?

Ispaneli. Esankirab qolgan odamdek, “nimani” deysan-a! Kun boʻyi nima toʻgʻrisida bosh qotiryapmiz. Ana u bolangni dardini aytyapman.

Avgʻonbek. Eslaringizdan chiqib ketgan ekan, indamay yuravermaysizlarmi. Kelib-kelib ayni uylanadigan kunlarida eslaringizga kela qoldimi.

Abdashim. Bu gapni boshlagan oʻzlaring-ku! Bizlarga jonlaring achiydigan chin doʻst boʻlsalaring, ilgari qayoqda edilaring? Senlarga ishning bitgani emas, bitmagani maʼqul. Duv-duv gap tarqalsa – bas.

Ispaneli. Ob-boʻ, u yana bizga davo qila boshladi-ku. Men sening oʻrningda boʻlsam davo qilish emas, yerning tagiga kirib ketgan boʻlardim, bildingmi? Aybingni boʻyningga olib, indamay oʻtirishning oʻrniga yuzimizga chang solasan! Bizdan boʻlmasa-da, mana bu oqsoqoldan uyalsang boʻlardi!

Abdashim. Avlodimizning kattasi boʻla turib, bilmaganimizni bildirib oʻrgatmagan bu kishida ham ayb bor.

Avgʻonbek. Voy, nomard-ey!

Ispaneli. Sen endi bizni qoʻyib, oqsoqolga yopishmoqchimisan?! Tilingni tiy, gunohga botma!

Abdashim. Gunohga botadigan shariatni buzganim yoʻq.

Ispaneli. Shariatni buzmaganing shumi, yoshing ellikdan oshgan boʻlsa-da, hali Qurʼon oʻqishni bilmaysan.

Abdashim. Goʻyo sen oʻzing qoyil qilib yurgandek. Machitga tahorat olmay kirasan-u.

Ispaneli. Sen tahorat olgan-olmaganligimga qarab turadigan qoʻlimdagi obdasta edingmi? Chin musulmon ekansan, nega bolangni musulmon yoʻliga solishga chamang kelmadi?!

Avgʻonbek. Hoy, sen ikkovlaringa nima boʻldi, bekordan-bekorga gʻidi-bidi qilib qoldilaring?! Befoyda janjalni bas qilinglar!

Abdashim. Bemaʼni janjalni boshlagan oʻzlaring emasmi? U dedinglar, bu dedinglar, miyasi aynigan, dedinglar.

Ispaneli. Oʻzing namoz oʻqimasang, bolangni sunnat qildirmagan boʻlsang, yeganing kolbasa, ichganing aroq boʻlsa, kofir boʻlmay kim boʻlding!

Abdashim. Hoy, Ispaneli, odamning tilini qichitib, aytmoqchi boʻlmagan gapimni ayttirasan. Kopir, kopir deysan. Temir yoʻlning narigi tomonida yashaydigan oʻrislar oilasi bor, bilasanlar. Ularning sunnat-punnating bilan, namoz-pomozing bilan ishlari yoʻq. Shunday boʻlsa-da, binoyiday yashab kelishyapti. Bolalari esa poloponday suyimli. Qizlarining suluvligini aytmaysanmi…

Ret (uning gapni boʻlib). Hoy, nodon, nimalar deb valdirayapsan?! Birov sendan, kimning doʻzaxga tushishi-yu, kimning jannatga kirishini, kim chiroyli-yu, kim alvasti ekanligini soʻrab oʻtiribdimi?

Abdashim. Endi, soʻramasa aytmaymizmi? Sovxoz bekor boʻlgunga qadar rabochkomning raisi, partorg boʻlib, hammaga yoʻl-yoʻriq koʻrsatib yurgan ateistlar partiya bekor qilinishi bilan birdan xudojoʻy boʻlib qolganlariga nima deysizlar?

Ret. Boʻldi. Busiz ham gap koʻpayib ketdi. Xoʻsh, endi nima qilamiz, degan oʻydasizlar?

Sukut.

 

Ispaneli. Kelinchakni olib kelishga atigi bir oy qolganda nima qilish mumkin? Hozirga qadar qanday yurgan boʻlsa, shunday yuraversin. Uni tekshirayotgan hech kim yoʻq. Ateizmdan ham biron nishona qolishi kerak-ku.

Ret. Piching qilmasdan boʻladigan gapni ayt.

Avgʻonbek. Gapning toʻgʻrisi shuki, Bonapartni tez fursatda sunnat qilish kerak. Iloji boʻlsa bugundan qoldirmaganimiz maʼqul.

Abdashim. Bugun? Bonapartning oʻzi bunga koʻnmasa nima qilamiz?

Avgʻonbek. Koʻnadi. Koʻndirasan.

Abdashim. Hoy, aldab-suldab yotqizib qoʻyadigan yosh bola emas-ku.

Avgʻonbek. Qoʻl-oyogʻini bogʻlab, domlaning oldiga olib kelib yotqizish – sening majburiyating.

Abdashim. Bir oy… Bir oy davomida, Xudo oʻzi asrasin-u, tuzalmasa nima boʻladi?

Avgʻonbek. Tuzalmay jin uribdimi! Oʻz vaqtida biz ham uch kundan ortiq yotgan emasmiz-ku.

Abdashim. Bu, endi, oʻsha vaqtda edi, unda yosh edik…

Ispaneli. Xoy, ortiqcha gapni qoʻyib turinglar. Nari borsa, oʻn kun. Oʻn besh kun, ham deyaylik. Oʻn besh kunda u emas, operasiya qilib ulangan qoʻl ham bitib ketadi.

 

Nimanidir eslab, iljayib turgan Avgʻonbek sharaqlab kuladi.

 

Ret. Hoy, senga nima boʻldi, esing joyidami oʻzi?

Avgʻonbek. Uyat boʻladigan boʻldi-da.

Ret. Kimdan?

Avgʻonbek (kulishda davom etib). Ke… Kelindan. Nikoh kuniga qadar batamom bitib, yaxshi boʻlib ketsa-ku nur ustiga aʼlo nur…

Ret. Ahmoq kallaga bemaza fikr keladi, deydilar. Qiqirlashingni bas qil! Urugʻimiz shaniga dogʻ tushmasin desak, shu bugundan ishga kirishaylik. Ovulga oʻtov tikilsin. Tushga qadar bolangni musulmon qilish kerak.

BARCHA: – Toʻgʻri aytasan.

– Maʼqul.

– Abdashim, qani, chaqir bolangni.

Abdashim. Unga ishidan ruxsat beraqolarmikin…

Ispaneli. Hoy, bolang biron ishni qoyil qilib yuribdi, deysanmi. Jarga qulagan traktorni oʻzimizoq chiqarib beraylik.

Abdashim. Unda maʼqul. Kelishdik.

 

Yana qoʻlida gazeta ushlagan Bektur-Viktor paydo boʻladi.

 

Bektur. Toshpoʻlat tadbirkor oʻtgan haftada uch kunga choʻzilgan yigʻilishning qaroriga binoan ovulni obod qilish uchun nimalar lozimligini Globaning shaxsan oʻzi bilan maslahatlashish uchun oʻzimiz toʻplab bergan pul bilan Avstriyaga joʻnab ketdi. (Chiqib ketadi.)

Hamma hayron.

 

Avgʻonbek. Boyaqish bolaning miyasiga ogʻir zaxm yetgan ekan-da.

Ispaneli. Meningcha, bu bola ham sunnat qilinmagan.

 

Hovliqib Ultugʻan kiradi.

 

Ultugʻan. Oʻgʻlimiz bu oʻrtada yoʻq. Bunaqa sharmanda boʻlganimdan suvga choʻkib oʻlganim yaxshi, deb daryo tomonga ketayotganini koʻrishgan ekan!

Ispaneli. Kim koʻribdi?

Ultugʻan. Cherchill koʻrgan ekan.

Ispaneli. Oʻ-oʻy, senlarning Cherchillaring ham, Ruzveltlaring ham bor boʻlsin. Avgʻonbek, ketdik. Bonapartni tezda topib, bu yerga keltiraylik. Abdashim, senlar ovulning oʻrtasiga oʻtov oʻrnataveringlar. Ret oqsoqol, siz ustarangizni qayrayvering.

Ret. Mening ustaram hamisha qayrogʻli.

Ispaneli. Illo, birodarlar, Bonapartni sunnat qilganimizni oʻzimizdan oʻzga biron kimsa bilmasligi kerak.

Ultugʻan. Ish joyidan soʻrab kelgan odamlarga nima deymiz?

Ispaneli. Kasal boʻlib qoldi, deysizlar.

Abdashim. Qanaqa kasal?

Avgʻonbek. Shu ham gap boʻldi-yu. Hozir nima koʻp kasallarning turi koʻp. Grip, denglar, spid, denglar. Shunda tirik jon uylaringizga yaqinlashmaydi.

Abdashim. Hoy, tilingga chechak chiqqur, nafasing buncha sovuq! Oʻchir ovozingni!

Avgʻonbek. Abdashim, bunaqa qulay vaziyatdan sen ham foydalanib qolsang boʻlarmidi. Oʻgʻlingga qoʻshib seni ham yotqizaylik. Oʻylab koʻr.

Abdashim. Voy, muttaham, endi meni masxara qilmoqchimisanlar!

 

Avgʻonbek bilan Ispaneli xoxolab kulib chiqib ketishadi.

 

Nur soʻnadi.

 

Uchinchi koʻrinish

 

Oʻtov – kigiz uyning ichi. Bonapart toʻshakda yotibdi. Avgʻonbek bilan Ispaneli kiradi.

 

Avgʻonbek. Qalaysan?

 

Bonapart javob bermaydi.

 

Avgʻonbek. Men sendan, qalaysan, deb soʻrayapman. Javob bersang-chi!

 

Bonapart yana javob bermaydi.

 

Ispaneli. Qalaysan, hoy, itvachcha?!

Bonapart. Yotibmiz-ku.

Avgʻonbek. Yotganingni koʻrib turibmiz. Oʻzing qalaysan?

Bonapart. Nima qalayi bor? Yotibman.

Ispaneli. Bundoq, yaxshi boʻlayotganingni oʻzing sezyapsanmi?

Bonapart. Qaydam.

Avgʻonbek. Hoy, yotganingga ikki hafta boʻldi, qaydaming nimasi.

Bonapart. Bundan boshqa nima deyishim kerak?

Ispaneli. Bu bolaning sogʻayish niyati yoʻq, shekilli. Hoy, gumroh, qalligʻingni olib kelishga ikki hafta qoldi, xolos. Sening yotishing esa bu!

Avgʻonbek. Bonapart, bunaqa sulayib yotavermasdan, bundoq oyoqqa turishga harakat qilsang-chi, yigit kishisan, axir.

Bonapart. Harakat qilganimda nima qilishim kerak?

Ispaneli. Kalima keltir, arvohlarga sigʻin.

Bonapart. Sigʻinib yotibmiz-ku.

Avgʻonbek. Astoydil sigʻin. Chin niyat bilan tila tilagingni.

Bonapart. Uyat ishlarga arvohlarni aralashtirishning nima keragi bor.

Ispaneli. Bu gaping toʻgʻri.

Avgʻonbek. Topgan vajiga qaranglar. Balki ishdan qochib yotgandirsan? Boʻlmasa hozirga qadar sogʻayib ketmasliging mumin emas.

Ispaneli. Toʻgʻri aytding. Salqin uy, yumshoq toʻshak, tayyor ovqat… Yaxshisi, tuzalgan-tuzalmaganligini oʻz koʻzimiz bilan koʻraylik.

Avgʻonbek. Qanday qilib?

Ispaneli. Hoy, shunga ham aqling yetmaydimi? Ma, mana bu choyshabni yozib ushlab tur. Men oʻzim tekshirib koʻraman.

 

Avgʻonbek choyshabni qulochlab ushlab turadi. Ispaneli

choyshab ortiga oʻtadi. Ultugʻan kiradi.

 

Ultugʻan. Voy-ey, bular nima qilishyapti?!

Ispaneli. (choyshab ortidan chiqib). Hali tuzalmabdi! Bizning avlodga tortganida allaqachon bitib ketardi. Buning terisi togʻalariga tortganga oʻxshaydi.

Ultugʻan. Hoy, qaynim, uning togʻalarida nimang bor? Togʻalariga tortganida uch kunda otday chopqillab ketgan boʻlardi. Oʻz kamchiligini oʻzgalarga yopishtiradigan sodda qozogʻim-ey.

Ispaneli. Voy, yanga, siz qachon kira qoldingiz?

Ultugʻan. Sening aytadigan gaping mening qachon kelishimga bogʻliqmidi? Xudoga shukur, togʻalarining tuxumi toza. Aytishlaricha, oʻz vaqtida sening oʻzing ham yarim oydan ortigʻroq toʻshakdan turmagansan. Nuqson oʻzlaringda. Bizning ota-bobolarimizning bari botir kishilar boʻlishgan. Boʻriqboy bobomiz qolmoqlarga qarshi jangda bir qoʻli jarohatlanib, ikkinchi qoʻli bilan yuzga yaqin jangchini bir oʻzi qirib tashlagan ekan.

Ispaneli. Adirbek bobomiz esa yolgʻiz oʻzi qolmiqning ikki yuzdan ortiq askarini yer tishlatgan.

Bonapart. Gʻaroyib! Qozoqlarning ikki botir bobosi qolmiqlarning besh yuz askarini qirib tashlayveradigan boʻlsa, qanday qilib uch yuz yil davomida ularga qaram boʻlib kelganmiz?!

Avgʻonbek. Oʻzi toʻshakdan tura olmay yotibdi-yu, aytgan gapiga qarang-lar! Sening tezda tuzalmay yotganing ham mana shu qirchangʻi feʼling tufayli.

Bonapart. Mening feʼlimning bunga nima aloqasi bor? Afsonani gapirmay, toʻgʻrisini aytinglar, dedim-da.

Ispaneli. Rost-yolgʻon bilan ishing boʻlmasin. Sen avvalo tezroq sogʻayib, oyoqqa turib ketishni oʻyla.

Bonapart. Oʻylay, oʻylamay, bundan naf yoʻq.

Ispaneli. Naf boʻlmasa mana shunaqa choʻzilib yotaver. Bu yotishing boʻlajak kelinning qulogʻiga yetib borsa… U bechora orlanib, oʻlib qoʻya qoladi.

Bonapart. Boʻlmasa, nima qil deysizlar?.. Bunaqa sharmanda boʻlgandan koʻra boʻynimga tosh osib, suvga choʻkib ketmoqchi edim. Ikkovingiz otda quvib borib, qoʻl-oyoqlarimni bogʻlab sunnatga yotqizdingizlar. Yaxshi niyat bilan qilinmagan ishning oqibati shunaqa boʻladi.

Ispaneli. Bu obdon faylasuf boʻlibdi-yu, a! Lekin, aytib qoʻyay, bu yotishingda bir yilda ham tuzalmaysan. Bonapartmish! Yomon itning otini Boʻribosar qoʻyadi, deyishadi.

Ultugʻan. Hoy, ogʻzilaringga kelganini aytib, oʻgʻlimni haqorat qilavermanglar!

Ispaneli (xiringlab kuladi). Bechora fransuzlar Bonapartlarining qay ahvolda yotganini kelib koʻrishsa edi… Xa-xa-xa!

 

Tashqaridan ovozlar eshitiladi.

 

Ovozlar: – Hammalaringiz klubga toʻplaningizlar!

– Qishloq hokimini saylaymiz!

– Bironta odam qolmasin!

– Kelajagimiz oʻz qoʻlimizda!

– Yoppasiga saylovga!

Avgʻonbek. Bundan atigi yarim yil oldin hokim saylagan edik-ku, yana nima boʻlib qoldi?

Ispaneli. Kaftdek qishlogʻimizda oltita partiya bor. Shulardan biri boʻlmasa ikkinchisi yigʻilish oʻtkazib turadi. Har qaysi partiya oʻz vakilini nomzodlikka tavsiya qiladi. Boʻlayotgan ish shu.

Ultugʻan. Lekin bironta hokim qoʻnim topmayapti. Besh yilda olti marta hokim oʻzgardi. Eldan baraka ketib boryapti.

Avgʻonbek. Ayb hokimlarning oʻzlarida. Oddiy fuqaro boʻlib oramizda yurganlarida adolat uchun yoqa yirtishardi. Mansabga ega boʻlishlari bilan oldingi hokimdan qolgan-qutganini yemirishga kirishadi.

Ispaneli. Oltiga boʻlingan ovulning qaysi biriga yon bosishni bilmaysan kishi. Demokratiya degan bir balo paydo boʻldi-yu, odamlar ish qilishni qoʻydi. Qilt etsa koʻchaga chiqib, idora oldida toʻplanish odat boʻlib qoldi.

Bonapart. Bularning bari vaqtincha. Bari oʻtib ketadi, hamma narsa joy-joyiga tushadi.

Ispaneli. Hoy, mahmadona! Bu deyman, ikki haftadan beri gazeta oʻqib yotib siyosatchi boʻlib qolibsanmi? Bunday boʻladigan boʻlsa, yana bir oy yot. Lozim boʻlsa, ikki oy, mayli, uch oy ham deyaylik. Shundan soʻng “Bonapart” degan partiya uyushtirib, hokimlikka saylanishga harakat qil. Yana bir gap: hokimlik lavozimini egallash niyating boʻlsa, xotin olib nima qilasan?!

Ultugʻan. Hoy, bir-birlaringni kamsitib, gʻijillashavermasdan, odob bilan gaplashsalaring ogʻizlaring qiyshayib qoladimi! Mening bolamning boshqalardan kam joyi bor ekanmi? Oʻssin, ulgʻaysin, kimligini ana oʻshanda koʻrsatadi. (Bonapart ning boshini silaydi…)

Avgʻonbek. Gapingiz toʻgʻri, yanga. Bonapart hali yosh. Endigina sunnat qildirdik… (Kulishadi).

Ultugʻan. Ha, kulinglar, kulinglar. Senlarga kulgi kerak. Meni aytdi, dersanlar, bir kun kelib hammangga katta boshliq boʻladi. Bizning avlodimizdan besh boʻlis, ikki biy va bir ulugʻ sulton chiqqan.

Avgʻonbek. Shunaqa martabali avlodning farzandi boʻla turib qanday qilib “Belorus” traktori haydab yurgan Abdashim ogʻamizga turmushga chiqqansiz?

Ultugʻan. Kelib chiqishi kambagʻal oilalardan boʻlgan odamlarga turmushga chiqish martaba boʻlgan paytlar edi-da. Bironta qozoq, boyning bolasiman, deb hujjat toʻldirgan emas. Bobolarimdan tortib butun ajdodim gʻirt kambagʻal boʻlgan, deb yozishgan. Bugun qarasang, gado boʻlgan hech kim yoʻq, barining tagi boy, boʻlis, biy, botir, xon!

Avgʻonbek. Shulardan biri oʻzingiz, yangajon!

Ispaneli. Hoy, yigʻilishga boramizmi, bormaymizmi?

Avgʻonbek. Bormasak boʻlmaydi. Guruh-guruhga uyushgan odamlar qoʻlidan ish kelmaydigan qayoqdagi bir kimsani saylab yuborishlari hech gapmas. Aytgandek, Abdashim ogʻa qayoqda?

Ultugʻan. Haligina klubga ketgan edi.

Ispaneli. Saylov boʻlsa kekirdagini choʻzib ovoz bermay qolmaydi. Shunday qilib yurib oʻgʻlini sunnat qildirishni ham unutgan. Qani, kettik. (Bonapartga). Biz kelgunga qadar gazeta oʻqib miyangni achitavermay, arvohlarga sigʻinib yot. Besh boʻlis, ikki biy, bir ulugʻ sultonning xosiyati tegib qolar.

Ultugʻan. Xudo senlarga qirchangʻi tildan boshqa narsa bermagan. Kuydirgilar! Dab boʻlinglar! (Qoʻliga supurgi olib, ular sari intiladi).

 

Ispaneli bilan Avgʻonbek qochib chiqib ketishadi.

 

Nur soʻnadi.

 

Toʻrtinchi koʻrinish

 

Uchinchi koʻrinishdagi sahna. Ret, Ispaneli, Avgʻonbek, Abdashim, Ultugʻan oʻtirishibdi. Bonapart hamon toʻshakda yotibdi. Boshqa kishilar ham boʻlishi mumkin. Ularni atash shartmas.

 

Ispaneli. Masala murakkablashib boryapti, oqsoqol. Qudalarnikiga borishga oʻn kun qoldi, xolos. Bonapartning yotishi esa – bu, hali-beri tuzaladigan emas.

Ret. Oʻtgan safar aytganlarimni ishladilaringmi?

Abdashim. Barini bajo keltirdik, oqsoqol. Machitning imomi uch marta kelib, dam solib ketdi. Yosh mulla ham kelib, Qurʼon oʻqib ketdi. Bundan besh kun oldin oq tovuq soʻyib, qonladik, qora qoʻy soʻyib, goʻshtini beva-bechoralarga tarqatdik. Avliyoning qabriga olib borib, bir kecha tunadik. Tunning yarmida qabr ustida uch marta miltiq otdik. Kun sayin dasturxon yozib, Qurʼon oʻqitamiz, u qilamiz-bu qilamiz, deb toʻyga atab qoʻygan dunyomizni sovuryapmiz.

Ultugʻan. Buning ustiga hozirgi domlalar ham biznesmen boʻlib ketishgan, moʻmay pul bermasang, uyingga qadam bosishmaydi.

 

Ret unga oʻqrayib qarab qoʻyadi.

Abdashim. Lekin bizning otamiz unaqa emas.

Avgʻonbek. Doktorga ham bir karra koʻrsatib olsak boʻlarmidi…

Ultugʻan. Qishloqda bironta tuzukroq shifokor qolmadi-ku. Kasalxona allaqachon yopilgan. Birgina feldsher bor. Lekin u hech baloni bilmaydi.

Avgʻonbek. Rollanni aytyapsanmi? U odam doktori emas, mol doktori, degan gap tarqalibdi. Shu gap rost boʻlsa kerak-ov, ukol qilganda ninani qulochkashlab uradi-ku…

Ispaneli. Oʻtgan safargi yigʻilishda “Tavakkal” partiyasining aʼzolari uni boplab “savala”shdi-ku.

Avgʻonbek. “Xudoga shukur” partiyasining faollari oʻzlarining nomzodi hokim etib saylansa, birinchi navbatda kasalxonani tiklaymiz, deb odamlarni laqillatishdi-ku.

Ultugʻan. Bu gaplarni qoʻyib turinglar. Bari quruq safsata. Hokim boʻlib saylanguncha – qop-qop vaʼda. Besamar vaʼdalardan odamlar toʻygan.

Abdashim. Aytgandek, hali doktordan gap chiqdi-ku… Qaysi kuni nima qilarimni bilmay shoshganimdan maslahat soʻragani oʻsha feldsherlaringga borgan edim. “Bolangni kimga kestirgan boʻlsang, oʻshanga bor! – deb baqirib berdi. – Menga kestirganlaringda allaqachon yaxshi boʻlib ketardi. Baring nodonsanlar!” deb haydab chiqardi.

Avgʻonbek. E-e, bu turqi turganda, davolab oʻtirmaydi, shartta tag-tugi bilan kesib tashlay qoladi. (Hiringlab kuladi.)

 

Ispaneli unga joʻr boʻladi. Abdashim bilan Ultugʻan ham

ularga qoʻshilib kulishadi.

 

Ret. Oʻrinsiz hiringlashni bas qilinglar! Shu ham kulgili boʻldi-yu!

Ispaneli. Oqsoqol, hazil gap kulish uchun chiqarilgan, deyishadi. Olib qochdi bir gapga kulsak-kulibmiz-da. Buning uchun bizni gunohkor qilmang. Shu yigit sunnat qildirilganidan beri, doʻst boʻlgach, shu yerda oʻralashib yuribmiz. Bu Abdashimga ham malol kelayotgani yoʻq. Ammo, Xizr ota qahriga oldimi, qilinayotgan emlarning birontasidan naf boʻlmayapti. Baloning bari ekologiyadan. Iqlim aynigan, demoqchiman.

Ret. Niyat buzilgan, niyat!

Abdashim. Haromlik qilish niyatim boʻlmagan, birovning bir qatim ipini beruxsat olmaganman. Qaysi feʼlim tufayli bu koʻyga tushganimga oʻzim ham hayronman.

Ret. Bunga birgina sen emas, shu oʻtirganlarning bari sababchi. Hammang aybdorsan! Butun qishlogʻing bilan birga! Aytadigan gaplaring yolgʻon boʻlsa, Qurʼon oʻqiladigan dasturxonlaringda harom suv bilan harom taom qator tursa, “uvol”, “savob” degan soʻzlar unutilgan boʻlsa, arvoh haqida ogʻiz ochmaydigan imonsizlar koʻpayib ketayotgan boʻlsa, oʻzi bilmay bilganlarning gapiga kirmaydigan “dono”lar oramizda yurgan boʻlsa, otani oʻgʻil, onani qiz koʻzga ilmaydigan zamon boʻlsa – yer yuzini kasr va kasofatlar qoplaydi-da! Boshqa nima boʻlardi?! Zavol! Zavol! Xudoning bizga bergan bir javobi bu! (Oʻrnidan turib, chiqib ketadi.)

 

Uzoq sukut.

 

Ispaneli. Xoʻsh, endi nima qilamiz?

Avgʻonbek. Nima qilamiz, deganing nimasi?

Ispaneli. Yana nima amal bor, deganim-ku. Kelinni olib kelishga oʻn kungina qoldi.

Avgʻonbek. Oʻn kun oʻtgunga qadar hech boʻlmaganda mashinaga oʻtirib borib kelishga yarab qolar

Ispaneli. Bordi-yu, yaramasa-chi?

Avgʻonbek. Unda kuyov bola boʻlib oʻzing borasan.

Ispaneli. Nima deyapsan?! Esing joyidami? Men qanday qilib boraman?

Avgʻonbek. Yaxshilab yuvintiramiz, soqol-moʻylovingni silliq qilib qirdiramiz, koʻrkam qilib kiyintiramiz.

Ispaneli. Tanib qolishsa nima qilaman?

Avgʻonbek. Tanishmaydi. Tunda borib, tunda qaytamiz. Baxtimizga, u qishlokda elektr chirogʻi yoʻq, simlarini oʻgʻirlab ketishgan.

Ispaneli. Hoy, sen rostdan aytyapsanmi? Qizning yangalari, kuyovtoʻra keldi, deb oʻrtaga olishadi, choʻntaklarimni kavlashadi, dasturxon yozishadi. Birovni birov koʻrmaydigan tim qorongʻida oʻtirmasak kerak.

Avgʻonbek. Sen odamlarning yuziga qarama, boshingni egib oʻtir, gapir-ma, kulma. Umuman ovozingni chiqara koʻrma. Jimgina oʻtiraver.

Ispaneli. Kuyovbolamiz jinni ekan, deb oʻylashsinmi? Yaxshisi, oʻzing bor. Sen mendan uch yosh kichiksan. Qaddi-qomating ham Bonapartga oʻxshash.

Avgʻonbek. Yoʻq-yoʻq, boʻlmaydi.

Ispaneli. Nega boʻlmas ekan?

Avgʻonbek. Birinchi xotinim oʻsha qishloqdan. Ikkinchi xotinimning tugʻishganlari ham oʻsha yerda yashashadi. Tak chto, ular meni yetti qirning ortidan ham tanib olishadi.

Ispaneli. Uh-h, sening xotin olmagan joying qolmadi-ya!

Avgʻonbek. Oʻzing bitta xotin bilan qanoatlanib qolgan odamdek gapirasan-a!

Ispaneli. Xap, mana bola rosa boshimizni qotirdi-ku!

 

Yana gazeta koʻtargan Bektur-Viktor kiradi.

 

Bektur (oʻzicha gapiradi). Qozogʻiston chegarasidan 70-80 chaqirim narida Xitoyning Lobnor degan poligonida quvvati 55 kilotonnali yadro quroli portlatilib, ikkinchi marta sinov oʻtkazilibdi. Lekin Qozogʻiston hukumati ham, “Semey Nevada” tashkiloti ham bunga oʻz munosabatlarini bildirishmabdi. (Chiqib ketadi.)

Avgʻonbek (uning orqasidan). Yoʻqol-e! Nima qilarimizni bilmay garangsib oʻtirganimizda seniki ortiqcha boʻldi-ku!

Ispaneli. Bu bechorani davolatish kerak. Bonapartni uylantirib olgach, u bilan shugʻullanmasak boʻlmaydi, shekilli.

Avgʻonbek. Xoʻsh, nima qilamiz? Bir kunlik kuyov boʻlib borasanmi?

Ispaneli. Bundan oʻn yil oldin ayni kelinchakni olib keladigan kuni mast boʻlib, hushyorxonaga tushib qolgan Tozaqulning qayligʻini olib kelib bergan edim. Yana menga yuklanadimi bunaqa ish?

Avgʻonbek. Endi… tajribang bor… oʻrganib qolgansan, degandek…

Ispaneli. Shunda men bu qishloqdagi navbatchi kuyov yigit boʻlib qolamanmi? Yoʻq, meni kuyov deganga hech kim ishonmaydi. Oʻldirsalaring ham bormayman, gap tamom!

Avgʻonbek. Shoshma. Avval Bonapartni yana bir koʻrib kelaylik. Shu vaqtga qadar oʻrnidan turolmay yotgan boʻlishi mumkin emas.

Ispaneli. Borsak bora qolaylik. Yur. (Chiqib ketishadi.)

 

Nur soʻnadi.

 

P a r d a.

 

IKKINCHI PARDA

 

Toʻrtinchi koʻrinish

 

Oʻtovning ichi. Bonapart toʻshakda gazeta oʻqib yotibdi.

Avgʻonbek bilan Ispaneli kirishadi.

 

Ispaneli. Hali ham shu koʻyda yotibsanmi, nomard!

 

Bonapart javob bermaydi.

 

Avgʻonbek. Bu bizni koʻzga ham ilmayapti-ku! Hoy, vijdonsiz, hech boʻlmasa salomlashsang-chi!

 

Bonapart un chiqarmay yotaveradi.

 

Ispaneli. Agar shu haftada turishga chamang kelmasa, martabali imperator janoblari, ikkovimizdan birimiz borib, kelinchagingni olib kelib beramiz. Bunga nima deysan?

 

Bonapart javob bermaydi.

 

Avgʻonbek. Hammani tashvishga solib qoʻyib, bemalol taltayib yotishiga qara buning. (Ultugʻan kirib, uning gaplariga quloq solib turadi.) Meningcha, bu jonini koyitmaslikka oʻrganib, obdon yalqov boʻlib qolgan. Togʻalari uyquchi edi.

Ultugʻan. Yolgʻon. Togʻalari qush uyqu boʻlishgan. Kechga qadar bezdek boʻlib yotishdan zerikmaydigan oʻzlaring.

Ispaneli. Voy, tavba, odamning ogʻzini poylab turasizmi, nima balo. Qachon kela qoldingiz? Abdashim ogʻa qayoqda?

Ultugʻan. U yigʻilishga ilashib qolib, chiqolmay oʻtiribdi.

Avgʻonbek. Yigʻilishga ilashgani nimasi?

Ultugʻan. Ogʻalaring, hokim boʻlaman, deb oʻzini ovozga solib oʻtiribdi.

Ispaneli. Hokim boʻlmoqchi, deysizmi?!

Ultugʻan. Ha. Nimasiga hayron boʻlasanlar? Nima, Abdashimning kimdan kam joyi bor?

Ispaneli. Uni kamsitayotganimiz yoʻq, oʻz qarindoshimiz. Har qalay… yetti sinflik bilimi bor, xolos…

Ultugʻon. Rahbar boʻlish uchun bilimning hojati yoʻq. Oʻtgan zamonlarda biy-boʻlislar senlarga oʻxshab institut, texnikomni tamomlamayoq elni boshqarib kelishgan.

Ispaneli. Unda zamon boshqacha boʻlgan. Voy, tovba… Hali biz qaytib ketayotganimizda orqamizdan chiqib kelayotgan edi, shekilli?

Avgʻonbek. Bizga ham, biring boʻlim boshligʻi, biring rabochkom boʻlgansanlar, senlar ham oʻz nomzodlaringni saylovga qoʻyinglar, deyishdi. Bizning oʻz tirikchiligimiz bor, deb unamadik.

Ispaneli. Bolasining yotishi bu, u esa hokimlikka davogar boʻlib, talashib yotibdi! Voy, Xudoning qudrati, odamlarga nima boʻlyapti oʻzi? Qoʻllaridan keladimi-kelmaydimi, buni oʻylamas ekan.

Ultugʻan. Oʻtgan haftada Bonapartga ikki marta dam solib, uch ming tangani urib ketgan yosh domla bor-ku, ana oʻsha ham hokimlikka davogar emish.

Avgʻonbek. Astafirulloh…

Ultugʻan. Ogʻalaring, ovoz yetmay qolishi mumkin, ikkovini tezda aytib kel, deb meni senlarga joʻnatdi.

Avgʻonbek. Xoʻsh, navbatchi kuyov, nima deysan, boramizmi?

Ispaneli. Avval mana bu masalani hal qilib olaylik, keyin koʻramiz.

Avgʻonbek. Nimasini koʻramiz, bormaymiz, vassalom. Oʻzlari kimni maʼqul topsa, oʻshani saylayversinlar. Baribir oralarida hokimlikka loyigʻi yoʻq ekan.

Ultugʻan. Shunday qilib, oʻz qarindoshlaringni oʻzlaring etagidan tortaveringlar!

Ispaneli. Hoy, yanga, gapirsa, gapirdi, deysiz, Abdashimning hokimlikka nima aloqasi bor? Oʻz tashvishimiz oʻzimizga yetmaydimi? Oʻgʻlining yotishi mana bu! Hatto odam bilan soʻzlashuvdan qoldi. Yaxshisi, tez borib oʻzini chaqirib keling. Muhim ish bor.

Ultugʻan (Bonapart ning boshini silab). Oʻzim aylanay bolamdan! Hozir mazali shoʻrva pishirib beraman. (Chiqib ketadi.)

Ispaneli. Hoy, gazetangni qoʻyib tur-chi. (Uning qoʻlidagi gazetani tortib oladi.) Esi pas odamdek, bu yotishing nimasi-a? Bir nima desang-chi.

Bonapart. Nima deyman? Barini oʻzlaringiz aytyapsizlar-u.

Avgʻonbek (koʻrpa tagidan shisha olib). Hey, mana bu shisha bu yerda nima qilib yotibdi?

Bonapart. Suv-ku…

Avgʻonbek. Suv boʻlsa nimaga qoʻyningga solib yotibsan? (Shishaning tiqinini ochib, ichib koʻradi, yana ichadi, soʻng tilining uchi bilan mazasini tatib koʻrib) Hoy, aroq-ku buning! Nima balo, aroq ichib yotibsanmi, jin urgur?!

Bonapart. Tunov kuni, tez sogʻayasan, deb yigitlar qoldirib ketishgan edi.

Ispaneli. Voy, muttaham-ey! Ogʻzidan burqib aroq hidi kelib turibdi!

Bonapart. Ha, endi, bekorchi boʻlib yotgandan keyin…

Avgʻonbek. Bu qalaycha gazeta oʻqigʻich boʻlib qoldi, desam, gap bu yoqda ekan-da. Aroq hidi burqib turgan ogʻzini gazeta bilan berkitib yotar ekan. Bu turishingda bir yilda ham tuzalmaysan, bildingmi, bir yilda ham! (Aroqdan bir-ikki qultum yutadi.) Odam aroq deganni qoʻyinga solib yotadimi! Kir yuvadigan suvday issib ketibdi!

Ispaneli. Rostdan aroq ekanmi? Qani? (U ham aroqdan bir necha qultim ichadi.) Ertalabdan kechga qadar mast boʻlib yotadigan boʻlsang sogʻayib ketishing qiyin. Alkash!

Avgʻonbek. Otang klubda oʻz dardi bilan yurgan boʻlsa. Sening yotishing bu! (Yana aroqdan bir-ikki hoʻplaydi.)

Ispaneli. Ret oqsoqol gʻirt avliyo, bir narsani sezgan ekan. Harom ovqat bor yerga parishta yoʻlamaydi, degan edi. (Avgʻonbek ning qoʻlidan shishani olib, yana bir-ikki xoʻplaydi.)

Avgʻonbek. (Bonapart g a). Aroqni kim olib kelib bera qoldi?

Bonapart. Cherchill bilan Ruzvelt.

Avgʻonbek. Ha, aroqxoʻr hamtovoqlaring oʻshalar-da.

Bonapart. Oʻzlaringiz-chi?

Ispaneli. Rost aytasan, barcha ayb oʻzimizda. “Baliq boshidan…” deganlaridek,.. Endi barini oʻzimizdan boshlashimizga toʻgʻri keladi… Oʻzimizdan! Hay, bu yogʻi bir gap boʻlar… Avgʻonbek, kel, yaxshisi qoʻshiq aytaylik. Boʻlmasa yuragim naq tars yoriladi. (Qoʻshiq ayta boshlaydi.)

 

Chapay kiradi. Qoʻshiq toʻxtaydi.

 

Chapay. Avgʻonbek amaki, bir soatdan keyin teleekranda Kashpirovskiyning seansi boshlanar ekan. Butun qishloq shunga hozirlik koʻryapti. Klubdagi yigʻilish ham ertaga qoldirilibdi.

Ispaneli. Hokim boʻlaman, deb hovliqib yurgan otang qayerda?

Chapay. Ular ham shu yerga kelyapti. Tayyorgarlik koʻraverishsin, deb meni yuborishdi.

Avgʻonbek. Tayyorlansak tayyorlanaylik, bizdan nima ketdi… Oltinchi marta turmushga chiqayotgan ayol: “Bu bosh nimalarni koʻrmagan bosh”, degan ekan.

Ispaneli. Televizorni shu yerga olib kelish kerak. Bonapart ham tilasin tilagini.

Avgʻonbek. Bu yerda televizor ulanadigan rozetka yoʻq. Katta xonaga chiqamiz.

Ispaneli. Bonapart, qaddingni koʻtar. Kashpirovskiy degan tilsimchiga sajda qilamiz. Sen bahona biz ham uncha-muncha dardimizga shifo topsak, ajabmas. Avgʻonbek, sen Bonapart mirzaning bir qoʻltigʻidan koʻtar. Oʻ-oʻ, badnafs, shishani boʻshatibsan-ku!

 

Nur soʻnadi.

 

Beshinchi koʻrinish

 

Katta xona. Avgʻonbek, Ispaneli va Bonapart roʻparalarida turgan televizorga qarab oʻtirishibdi. Televizorning ekrani tomoshabinlarga koʻrinmaydi. Oʻsha tomondan taralayotgan mayin kuy tovushi sekinlashib, K a sh-

p i r o v s k i y ning ovozi eshitiladi.

 

KASHPIROVSKIYNING OvozI. “Men kasalliklarning nomini atmayman. Mening gaplarimdagi tilsim qudratining oʻzi kasalliklarni qidirib topadi. Odamning aʼzolarida bizga maʼlum boʻlmagan alohida quvvat bor. Men tanalaringizdagi ana shu quvvatni uygʻotaman. Uygʻongan quvvat esa odamning vujudidagi barcha kasalliklarni topib, ularga qarshi oʻzi kurashadi. Seans chogʻida sizlar hech narsani oʻylamangizlar, kasalliklaringizni unutsalaringiz ham boʻladi. Seansning quvvati bu holatda dardni oʻzi qidirib topadi. Men toʻgʻrimda nima oʻylasalaringiz oʻylayveringizlar. Men buni koʻnglimga olmayman. Men sizlarga faqat ezgulik tilayman. Sizlar hozir mudrab uyquga keta boshlaysizlar”.

Avgʻonbek bilan Ispaneli, K a sh p i r o v s k i yning gaplari taʼsiridami yoki hali ichilgan aroqning kayfidanmi, boshlari quyi egilib, mudray boshlaydi.

KASHPIROVSKIYNING OvozI. “Men buyruq beraman: bir, ikki, uch, toʻrt…”

Avgʻonbek (boshini koʻtarib, Bonapart ga). Qalay, taʼsir qilyaptimi?

Bonapart. Bilmadim.

Ispaneli. Bu dunyodan hech narsa bilmay oʻtib ketasan, shekilli. Oʻzing bilmasang, sen uchun men bilishim kerakmi?

Avgʻonbek. Obdon oʻranib olibsan-ku. Ochib yotsang-chi!

Ispaneli. Uyalma. Butkul erkaklar oʻtiribmiz-ku. Kashpirovskiy koʻrsin… Ha, balli, shunaqa koʻrsatib yot.

KASHPIROVSKIYNING OvozI. “Har qanday kasallikda ham ishonish zarur. Astoydil ishonsalaringiz, men aytadigan shifobaxsh soʻzlar hatto minglagan chaqirimlardan taʼsir qila oladi. Bu – ishonch kuchi, quvvat kuchi. Men sizlarga ishonaman. Men sizlarni hurmat qilaman. Men sizlarning salomatliklaringizni oʻylab, tun boʻyi mijja qoqmay chiqaman. Sezib turibman, tanalaringiz boʻshashib, uyqu elta boshladi. Koʻzlaringizni yumingizlar. Uxlangizlar. Xayolga choʻmib, moviy osmonda parvoz etingizlar… Endi uygʻota boshlayman. Oʻnga qadar sanayman. Bir, ikki, uch, toʻrt…”

Avgʻonbek. Bonapart, oʻzgarish bormi?

 

Bonapart javob bermaydi.

 

(Ispaneliga) Bu xurullab uxlab yotibdi-ku. Yur, joyiga olib chiqib yotqizaylik.

Ispaneli. Gumroh!.. Otasi ham uxlab qolibdi. Hoy, Abake, seans tamom boʻldi, boshingni koʻtar.

Abdashim (uyqu aralash gʻuldirab). “Tavakkal” partiyasi zaldan haydab chiqarilsin! Doloy!

Ispaneli (hiringlab kulib). Hoy, nodon, siyosatga aralashib nima qilasan!

 

Ultugʻan kiradi.

 

Ultugʻan. Qalay, shifo topadigan chamasi bormi?

Avgʻonbek. Boʻladi, yanga, boʻladi. Inimiz pixillab uxlab qoldi-ku. Xudo shu yoʻsinda shifo bersa ajabmas. Shifo topish uchun shisha kerak, yangajon, shisha!

Ultugʻon. Baloyi nafs! Ichib olgan koʻrinasizlar. U zaharlikni qayoqdan ola qoldilaring?

Avgʻonbek. Xudo shifo bersin, degan tilak bilan bir-ikki qultum yutgan edik. Biz bularni olib chiqib, yotqizib kirgunimizcha dasturxon yozib qoʻyarsiz. Katta toʻyni boshlayveraylik.

Ultugʻan. Bu xonadonning dasturxoni yigʻilganini qachon koʻrgansanlar! Ana u ayollar oʻtirishgan uyda hamma narsa tayyor.

Ispaneli. Baraka toping, yanga. Zotingiz asl-da. Yomon urugʻdan kazo-kazo zotlar chiqarmidi!

 

Ispaneli bilan Avgʻonbek Bonapart bilan Abdashim ni suyab eshik tomon yurishadi.

 

Abdashim. Yashasin “Xudoga shukur” partiyasi!

Avgʻonbek. Ha, yashasin, yashayversin!

 

Chiqib ketishadi.

 

Nur soʻnadi.

 

Beshinchi koʻrinish

 

Ommaviy sahna. Bu koʻrinish qayerda kechayotganligi nomaʼlum. Buni bilish shart ham emas. Odamlarning gʻola-gʻovuri eshitiladi.

 

Ovozlar: – Xaloyiq, tinchlaningizlar!

– Avstriyaga ketgan Toshpoʻlat omon-eson qaytib keldi. U hozir bizning ertangi kunimiz qanday boʻlishligini aytib beradi.

– Necha yilardan beri kutyapmiz. Umuman, qishlogʻimizning kelajagi bormi-yoʻqmi?

– Kutib olingizlar, Globa bilan maslahatlashib qaytgan Toshpoʻlat qarshilaringizda turibdi.

– Barakallo!

– Salomat boʻl, Toshpoʻlat!

– Xoʻsh, kelajagimiz qanday ekan?

Toshpoʻlat. Kelajagimiz ajoyib, zoʻr. Turmushimiz farovon, boy-badavlat hayot kechirar ekanmiz.

Ovozlar: – Aytganing kelsin!

– Ogʻzingga moy!

– Xoʻsh, buning uchun biz nima qilishimiz kerak ekan? Globa nima maslahat berdi?

Toshpoʻlat. Mehnat qilish kerak, dedi.

Ovozlar: – Nima-a?

– Nima javob qildi deding?

– Takrorla-chi.

Toshpoʻlat. Mehnat qilish kerak, dedi.

Ovozlar: – Oʻ, nomard!

– Oʻ, befarosat!

– Bola-chaqaning nasibasidan ayirib pul yigʻib, dunyoning bir chekkasiga joʻnatganimizda, bilib kelganing shu boʻldimi?!

– Mehnat qilish kerakligini Globasiz ham bilamiz.

– Yigʻib bergan pullarimizni qaytarib bersin!

– Aytib turgan gapiga qaranglar buning! Oʻ-oʻ, muttaham!

– Qishloqdan haydash kerak uni!

– Choʻl-dalaga olib borib tashlanglar!

 

Toshpoʻlat qochadi, gʻazabga kelgan odamlar uni quvlab chiqib ketishadi. Avgʻonbek, Ispaneli, Abdashim, Ultugʻan yolgʻiz qolishadi.

 

Abdashim. Dunyo telba-teskari boʻlib ketdimi, deyman! Baraka qolmadi-ku!

Avgʻonbek. Yoʻq hamma narsa qadimgidek. Oʻzimiz sababchimiz bariga, oʻzimiz aybdormiz.

Ispaneli. Haligi Toshpoʻlat Globaga bordimi-yoʻqmi, gap bunda emas. Oʻzi ichidan chiqarib aytgan boʻlsa ham, gapida jon bor.

Ultugʻan. Yigʻilishlaring ham, Globalaring ham bor boʻlsin. Ana u bolamning ahvoli qalay?

Rollan kirib keladi.

 

Ispaneli. Rollan?! Hoy, kechasi nima qilib adashib yuribsan?

Ultugʻan. Kel. Salomatmisan?

Rollan. Meni mol doktori deb yurgan qaysi biring?

Ispaneli. Xudo asrasin. Bunaqa deb nimamiz bor?

Avgʻonbek. Shunaqa degan boʻlsak, ogʻzimiz qiyshayib qolsin.

Abdashim. Tilimiz kesilsin.

Rollan. Gap bundoq, birovni yomonlamay, orqavarotdan gʻiybat qilmay, har kim oʻz ishini qiladigan boʻlsin! Aks holda mana bu shpris bilan hammangizga ukol qilib, qotirib tashlayman! Tushinarlimi?

Ovozlar:

– Albatta.

– Tushunmay oʻlibmizmi.

Rollan. Sunnat toʻgʻrisida gapiradigan boʻlsam, jarohatga mikrob tushgan. Buni mengina emas, oddiy mol doktori ham biladi. Gapning qisqasi, Bonapartlaring batamom sogʻayib ketdi. Uch kun surunkasiga kechasi kelib, davoladim. (Eshik tomonga oʻgirilib), Bonapart! Kir, ota-onang bilan qarindoshlaringga koʻrin.

 

Egniga oq xalat kiygan Bonapart kiradi.

 

Ultugʻan. Oʻngimmi, tushimmi?! Doktor qaynim, ming rahmat senga. Endi biz bilan birga oʻtirib tamaddi qil.

Rollan. Rahmat. Hozir vaqtim yoʻq, boradigan joylarim bor. Boshqa safar kelarman.

Abdashim. Xohlasang, biz bilan birga qudalikka yur.

Rollan. Ha, aytgandek, noxush boʻlsa-da, aytay. Boʻlajak qudalaringiz, bizni aldashibdi, deb qattiq xafa boʻlishibdi va nomusga chiday olmay Sirdaryoning narigi tomoniga koʻchib ketishibdi.

Abdashim. Koʻchgani nimasi?

Ultugʻan. El-yurtga obdon masxara boʻlibmiz-da.

Abdashim. Odamlarga nima deymiz endi?

Ultugʻan. Yarmisini berib qoʻygan qalin molimiz nima boʻladi?

Rollan. Qiz, bunaqa sharmanda boʻlganimdan suvga choʻkib oʻlganim yaxshi, deb daryoga chopib ketayotgan chogʻida arang ushlashib, uyga olib kelib qamab qoʻyishibdi.

Ultugʻan. U bechora ham bizning bolamizning ahvoliga tushgan ekan-da.

Avgʻonbek. Bu ikkovining taqdiri bir degan gap. Bunday odamlarning bir-biriga muhabbati boqiy boʻladi.

Abdashim. Yopiray, endi nima qilamiz?

Rollan. Borib, qulluq qilib, tiz choʻkib, uzr soʻrangizlar. Balki kechirishar.

Abdashim. Shundan boshqa ilojimiz ham yoʻq.

Rollan. Men boray. Sizlarga omad tilayman. (Chiqib ketadi)

 

Qolganlar Bonapart ni oʻrtaga olishadi.

 

Avgʻonbek. Qani, u yoq-bu yoqqa yur-chi.

 

Bonapart u yoqdan bu yoqqa yuradi.

 

Ispaneli. Sakrab koʻr-chi.

 

Bonapart kursiga chiqib, yerga sakraydi.

 

Avgʻonbek. Barakalla. Shuncha kun bekor yotmabsan… Kuyov boʻlib borishingga endi ishonch hosil qilgandirsan.

Ispaneli. Uf-f! Xudoga shukur-ey.

Avgʻonbek. Ertaga ikkovimiz ikki otga minib, biy dalaga borib, poyga qilib qaytamiz. Nima deysan?

Bonapart. Siz nima desangiz – shu.

Abdashim. Ertangi yigʻilish nima boʻladi?

Ispaneli. Yigʻilishingni qoʻy, yaxshisi, Ret oqsoqol uchovimiz qishloqdan qochib ketgan qudalarimizning oyogʻiga bosh urib, kechirim soʻragani boramiz.

Ultugʻan. Unda yana sovgʻa-salom tayyorlashimiz kerak boʻladi.

ISPAELI. Albatta.

 

Yana Bektur – Viktor paydo boʻladi.

 

Bektur. Amerikaning Baltimor shahar sudi qozoq qizi Galiya Asanovani, odam oʻldirishda ishtirok etgan, degan qalbaki aybnoma bilan umrbod qamoqqa hukm qilibdi. Qozogʻistonliklar qizimizni himoya qilish u yoqda tursin, sud jarayoniga mutlaqo aralashmagan. Markazdagi yuqori tashkilotlaru ziyolilarimiz vakillari ham bu haqda lom-mim demay qolavergan… Koʻzingni och, qozogʻim! Uygʻon, qozogʻim! (Chiqib ketadi.)

Ispaneli. Boshimiz gʻovlab, garangsib turganimizda, bu Bektur-Viktor yana qayodan kelib qoldi?!

Avgʻonbek. “Uygʻon, qozoq!” deydi-ya! Nima, uxlab yotgan ekanmizmi!

Abdashim. Mening oʻyimcha, joʻn odammas u. El oralab yurgan Xizr boʻlishi ham mumkin.

Avgʻonbek. Topgan gapingizni qarang-u, bunaqa zamonda Xizr nima qilsin. Ular allaqachon bezib ketishgan.

ir nima qilsin. Ular allaqachon bezib ketishgan.

Abdashim. Har qalay odam oʻylanib qolar ekan-da.

Ispaneli. Hozir boshqa narsa haqida oʻylash kerak. Shunday qilib, ertaga yoʻlga chiqadigan boʻldikmi?

Abdashim. Hozirgina shunga kelishdik-ku.

Avgʻonbek. Xoʻsh, Bonapart Abdashim oʻgʻli! Xotin olishga tayyormisan?

Bonapart. Oʻsha qiznimi?

Avgʻonbek. Oʻsha qiznimi, degani nimasi! Nima sen uchun oʻshami, boshqami – bari birmi?

Bonapart. Yoʻq, albatta.

Avgʻonbek. Boʻlmasa nimaga soʻrayapsan?! Boʻpti. Endi ertangi kunga hozirlik koʻraylik.

 

Nur soʻnadi.

 

Parda oldi

 

Yoqimli kuy eshitilib, parda ortidan Chapay chiqib keladi…

 

Chapay (u yoqdan-bu yoqqa yurib). Ura! Bonapart akam kelinchak olib keladigan boʻldi! Barchangizni toʻyga taklif qilamiz. Albatta kelingizlar! Quvonchimizga sherik boʻlingizlar!

 

Nur soʻnib, parda tushadi.

 

 

T a m o m

 

 

Qozoq tilidan

Muhammad XAYRULLAYEV

tarjimasi

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

1977 Y.

 

 

BIRINCHI PARDA

Birinchi koʻrinish

 

Erkatoylarning uyi. Ona dazmol bosish bilan mashgʻul, Munira kitob oʻqib oʻtiribdi. Erkatoy kiradi. Kayfiyati yomon.

ONA. Voy, shoʻrim! Nima balo, yerga yotib agʻnagan-misan?! Afti-basharangga qarab boʻlmaydi… Sen kachon koʻchadan odamsiyoq boʻlib kirasan?!.. Xoyna-xoy yana mushtlashgan boʻlsang kerak?

ERKATOY (boshini xam qilib). Ha.

MUNIRA. Oyi, Erkatoyingizning qulogʻiga gap kirmaydi. Bir marta yaxshilab kaltaklasangiz, oʻylab ish qiladigan boʻladi. Erkatoy-Erkatoy, deb taltaytirib yubordilaringiz.

ONA. Unday dema, qizim. Biz seni kaltaklab katta qilmadik-ku.

MUNIRA. Men – qiz bolaman. Qiz bolalarni esa urishmaydi. (Erkatoyga) Burningni art!

Erkatoy yengi bilan burnini artadi.

Yengingga emas, roʻmolchangga art, tentak!

ERKATOY. Roʻmolcham yoʻq.

MUNIRA. Yolgʻon gapirma! Ertalab oyimlar choʻnta-gingga solib qoʻygan. Oʻz koʻzim bilan koʻrganman.

ERKATOY. Yoʻqotib qoʻydim. Tushib qolibdi.

ONA. Yoʻqolgan boʻlsa yoʻqolgandir. Mayli, bosh-koʻzingdan sadaqa… Yaxshisi, sen menga ayt-chi, kimga oʻxshab bunaqa urishqoq boʻlding, a? Tunov kuni ham, mushtlashdim, deb tuproqqa qarilib kirding.

ERKATOY. Oʻzi birinchi boʻlib boshladi-da…

ONA. Adangga aytmasam boʻlmaydi shekilli.

ERKATOY. Yoʻq, aytmang, adamlar xafa boʻladi.

ONA. Bu gaping ham toʻgʻri. Boʻlmasa, endi mushtlash-mayman, deb soʻz ber.

ERKATOY. Soʻz beraman.

ONA. Gapingga ishondim-a! (Muniraga) Men hozir adanglarning ishxonasiga oʻtaman. Mehmonga bormoqchimiz. ( Toza shim va koʻylak keltirib Erkatoyga beradi.) Bor, yuvinib, kiyimlaringni almashtirib ol. Shoʻxlik qilmay uyda oʻtir. (Chiqib ketadi.)

MUNIRA. Sinfdoshim keladi…”Maynavozchilik qilmayman. Umuman, bu xonaga kirmayman”, deb soʻz ber. Boʻlmasa hammasini adamlarga aytib beraman.

ERKATOY. Sinfdoshingiz qiz bolami?

MUNIRA. Sen uchun nima farqi bor buning.

ERKATOY. Axir kimligini bilishim kerak-ku.

MUNIRA. Pul beraman. Muzqaymoq olib yeysan.

ERKATOY. Kimligini aytmasangiz bu yerga kirib, oʻtirib olaman. Xoxlaganimni qilaman. Va-a! (Tilini chiqarib koʻrsatadi.)

MUNIRA. Hoʻ, qaysar! Rustamjon degan sinfdoshim. Birgalikda dars tayyorlaymiz. Boʻldimi?

ERKATOY. Boʻldi.

MUNIRA. Qorangni ham koʻrsatmaysan.

ERKATOY. Koʻrsatmayman.

MUNIRA. Bor, xonangga kirib, darsingni qil. Men uyni yigʻishtirishim kerak.

ERKATOY (keta turib). Quloqlari qanaqa? Oʻtgan safargi sinfdoshinga oʻxshagan shalpongquloq emasmi?

MUNIRA. Galvars! (Oyogʻidagi shippagini yechib, unga otadi.)

Erkatoy chap berib, chiqib ketadi.

Chiroq oʻchadi.

 

 

 

Ikkinchi koʻrinish

 

Karvaot, yozuv stoli va kitob javoni bilan jihozlangan xona. Erkatoy ochiq deraza oldida turibdi.

ERKATOY (oʻzicha). Bugun chap oyogʻim bilan turganman shekilli. Hisobdan “uch” oldim – bir, Zokir qitmir bilan mushtlashib, koʻylagimni yirtdim – ikki, oyimlardan tanbeh yedim – uch. Mana, endi kun boʻyi zerikib uyda oʻtiraman. Na kuchuk bor bu uyda, na – kuchuk. Shu ham uy boʻldi-yu!

Tashqaridan vizillagan tovush eshitilib, tabora yaqinlashadi. Erkatoy qulogʻini dik qilib, oʻsha tomonga koʻz tikadi. Deraza oldida kiftidagi parragi vizillab aylanib turgan Doʻmboqvoy paydo boʻladi.

DOʻMBOQVOY ( qoʻshiq aytadi).

Doʻmboqvoyman, Doʻmboqvoy,

Butun jahon – vatanim.

Bolalarni sevaman,

Ular mening jon-tanim.

Oʻzbekiston – hur diyor,

Menga juda yoqadi.

Oʻgʻil-qizlar xushchaqchoq,

Doim kulib boqadi.

Jinim suymas yomonni,

Yolqovlarga xushim yoʻq.

Boʻlsin, deyman, odolat,

Shundan oʻzga ishim yoʻq.

Motorim bor, parragim.

Koʻkda parvoz etaman.

Doʻstlarimga yordamga

Zumda borib yetaman.

Bolakay, shu yerda ozgina oʻtirsam maylimi?

ERKATOY (tili buralib). Bu… bu… mayli… marhamat.

DOʻMBOQVOY. Oting nima?

ERKATOY. Otimmi?… Otim… asli ismim – Fayzulla. Adam bilan oyimlar Erkatoy deb chaqirishadi.

DOʻMBOQVOY. E-e, odamda bitta ism boʻlishi kerak. Mana, mening ismim – Doʻmboqvoy, tomda yashaydigan Doʻmboqvoy.

ERKATOY. Qiziq…

DOʻMBOQVOY. Nimasi qiziq? Dunyodagi eng chiroyli, xushbichim odam – bu men! Uqdingmi?

ERKATOY. Uqdim. Men sizdan…

DOʻMBOQVOY.”Siz” demaysan.

ERKATOY. Oyim bilan adamlar, oʻzingdan kattani “siz” degin, deb oʻrgatishgang.

DOʻMBOQVOY. Agar qarshi boʻlmasang, biz doʻst boʻlamizdHa, doʻst boʻlamiz. Yuragim sezib turibdi. Nima deysan? Qarshi emasmisan?

ERKATOY. Qarshi emasman.

DOʻMBOQVOY. Balli. Oʻzim ham shunday deb oʻylagan edim… Nima demoqchi edim? Ha, doʻstlarning bir-birlarini “siz” deyishini yoqtirmayman. Uqdingmi?

ERKATOY. Uqdim.

DOʻMBOQVOY. Yoshing nechchida?

ERKATOY. Sakkiz yarim yoshdaman. Sizning, kechirasiz, sening yoshing nechchida?

DOʻMBOQVOY. Toʻgʻrisini aytsam, qirchillama yoshdagi yigitman.

ERKATOY. Nima ish qilasan?

DOʻMBOQVOY. Qiladigan ishim koʻp.

ERKATOY. Yoʻ-oʻq, masalan, mening oyim doktor, kasalxonada ishlaydi. Adamlar katta zavodda injener. Sen-chi?

DOʻMBOQVOY. Menmi? Men doktorman, injenerman, rassomman, shoirman. qoʻshiq toʻqiyman, oʻzim aytaman, sanayversam – odoq boʻlmaydi.

Chiroyliman, xushbichim,

Erkin qushdek ozod, hur.

Tomda uyim-makonim,

Doʻmboqvoyman men mashhur!

Zoʻr doktorman, injener,

Koʻp dovyurak uchuvchi,

Shoir, rassom-chizuvchi,

Mohir usta-quruvchi!

Qalay, zoʻrmi?

ERKATOY. Qoyil! Sheʼr ham yozar ekansan-da.

DOʻMBOQVOY. Yozganda qandoq! Radio, televizorsharda oʻqiladigan sheʼrlarning koʻpisini men toʻqiganman. Shoirman, dedim-ku!

ERKATOY. Nega seni hech qachon televizorda koʻrmaganman?

DOʻMBOQVOY. Ovozimning mazasi yoʻq. Xullas, men toʻqiyveraman, ular oʻqiyveradi. Yozishni bilmayman, xolos. Savotim yoʻq. Shuning uchun ham meni, tugʻma talant, deyishadi. (Kitob javonidagi oʻyinchoqqa ishora qilib) Ana u nima?

ERKATOY. Bugʻ bilan yuradigan mashina. Adamlarning sovgʻasi.

DOʻMBOQVOY. Ana xolo-os! (Sakrab polga tushadi va oʻyinchoqni qoʻliga oladi.) Hozir yurgizamiz.

ERKATOY. Tegma. Buzib qoʻyasan. Uni faqat adamlar yurgiza oladi.

DOʻMBOQVOY. E-e, adangmi yoki tomda yashaydigan Doʻmboqvoymi, farqi nima? Bunaqa mashinalar boʻyicha dunyodagi eng zoʻr mutahassis bu – men. Adangga shunaqa de. (Oʻyinchoqning u yer-bu yerini buraydi.) Hozir ishlaydi. (Oʻyinchoq “pat-pat” tovush chiqaradi. Doʻmboqvoy xursand boʻladi.) Mana buni, rostakam “pat-pat”, desa boʻladi. Dunyoda zng zoʻr mutahassis…(Oʻyinchoq portlaydi. Zavqlanib) Portladi! Oʻlay agar, portlab ketdi. Zoʻr-a!

ERKATOY (yigʻlamsirab). Endi adamlarga nima deyman?!

DOʻMBOQVOY. Parvo qilma, oʻrni toʻlib ketadi. Xotirjamlik, faqat xotirjamlik. Men senga bundan yaxshiroq mashina beraman.

ERKATOY. Sen-a?

DOʻMBOQVOY. Boʻmasam-chi. Tomda yuzga yaqin mashina bor. Tanlaganingni olasan.

ERKATOY. Tomda, deysanmi?

DOʻMBOQVOY. Ha, tomdagi uyimda.

ERKATOY. Shunaqa koʻpmi?

DOʻMBOQVOY. Har qalay ellik-oltmishga yetib qoladi.

ERKATOY. Vu-uy, zoʻr-ku! Koʻrsam boʻladimi7

DOʻMBOQVOY. Nega boʻlmasin.

ERKATOY. Ammo adamlar xafa boʻladigan boʻldi-da.

DOʻMBOQVOY. Xotirjamlik, faqat xotirjamlik. Adangga shunaqa de. Oʻzim gaplashgan boʻlardim-u, vaqtim yoʻq-da.

ERKATOY. Baribir kelganing yaxshi boʻldi. Yana kelasanmi?

DOʻMBOQVOY. Kel, desang, “vij-j” qilib kelaveraman. Men uchun “puf” degandek gap. Shoshma-shoshma. (Divanning bir chekkasida turgan qoʻlfonarga ishora qilib) Ana u qora narsa nima? Qoʻlfonar emasmi?

ERKATOY. Ha, qoʻlfonar.

DOʻMBOQVOY (fonarni qoʻliga olib). Buni qara-ya, xuddi shunaqasini qidirib yurgan edim. (Fonarni yoqib koʻradi.) Rostdan yonar ekan. Erkatoy, sen kechalari tomda yurmaysan. Shundaymi?

ERKATOY. Shunday.

DOʻMBOQVOY. Demak, bu senga mutlaqo kerak emas. Menga ber.

ERKATOY. Oyimlar…

DOʻMBOQVOY (uning gapini boʻlib). Men senga bundan zoʻrrogʻini beraman.

ERKATOY. Mayli.

Eshikning qoʻngʻirogʻi jiringlaydi.

DOʻMBOQVOY. Men ketaqolay.

ERKATOY. Shoshmay tur. Opamning sinfdoshi boʻlsa kerak. (Eshik tirqishidan qaraydi.) Oʻshanga oʻxshaydi.

DOʻMBOQVOY. Meni mehmon qilsang boʻlarmidi…

ERKATOY. Jon-jon deb mehmno qilardim-u,… Lekin…

DOʻMBOQVOY.”Lekin2ing nimasi? Yoki uyolaringda biron mazali narsa yoʻqmi?

ERKATOY. Nega boʻlmasin. Faqat opam u yerga chiqishimni maʼn qilib qoʻygan. Qoramni koʻrsatmayman, deb soʻz berganman.

DOʻMBOQVOY. Bu qanaqasi boʻldi! Erk, degani, mustaqillik, degani shumi! Yoʻq, bunga yoʻl qoʻya olmayman! Opangni qayta tarbiyalayman.

ERKATOY. Sen-a?

DOʻMBOQVOY (koʻrsatkich barmogʻini peshanasiga qadab, u yoqdan bu yoqqa yuradi). Xalal berma, oʻylayapman. (Karavot ustiga tashlab qoʻyilgan choyshabga ishora qilib) Bu nima?

ERKATOY. Choyshab.

DOʻMBOQVOY. Toʻgʻri. Bizga keragi ham shu. Dunyodagi eng zoʻr oʻylab topqich bu – Doʻmboqvoy! (Choyshabni qoʻliga oladi.)

ERKATOY. Uni nima qilmoqchisan?

DOʻMBOQVOY. Hozir opang bilan oʻsha shalpangquloq bolaning adabini berib qoʻyaman.

ERKATOY. Shalpangquloq emas. Eshik tirqishidan koʻrdim.

DOʻMBOQVOY. Bekorlarni aytibsan. Dars tayyorlagani qiz larnikiga keladigan bolalarning bari shalpangquloq boʻlishadi… Hozir boplaymiz.

ERKATOY. Axir men soʻz berganman.

DOʻMBOQVOY. Qoramni koʻrsatmayman, deb soʻz berganmiding?

ERKATOY. Ha.

DOʻMBOQVOY. Juda yaxshi. Ular seni koʻrishmaydi. Sen esa… Ularning nima qilib oʻtirishganini koʻrishni xoxlaysanmi?

ERKATOY. Rostini aytsam, judayam koʻrgim kelyapti.

DOʻMBOQVOY. Choyshabni ustingga yopib olsang ular choyshabni koʻrishadi, seni esa – yoʻq. Uqdingmi? Men ham choyshabning ostiga kirib olaman. ( Choyshabga burkanib) Kel, chodirimga kirib ol.

Har ikkalasi choyshab tagiga kirib, kulishadi.

DOʻMBOQVOY. Xotirjamlik, faqat xotirjamlik.

Ular choyshabga burkanganlari holda eshik tomon yurishadi. Choyshab tagida bir yonib – bir oʻchayotgan nur paydo boʻladi.

Chiroq oʻchadi.

 

 

 

Uchinchi koʻrinish

 

Nim qorongʻi xonada Munira bilan Rustamjon divanda eshikka teskari qarab oʻtirishibdi. Choyshabga oʻranib olishgan Doʻmboqvoy bilan Erkatoy kirishadi.

DOʻMBOQVOY. Xona qorongʻi ekan. Bu ayni muddao.

Ular asta yurib Munira bilan Rustamjonga yaqinlashishadi.

RUSTAMJON. Munira, seni bitta oʻpsam maylimi?

MUNIRA. Uyat boʻlmaydimi?

RUSTAMJON. Televizorda doim oʻpishadi-ku.

MUNIRA. Mayli, oʻpaqol.

RUSTAMJON (uning yuzidan oʻpadi.) Endi sen meni oʻp.

Birdan qoʻlfonar yoqilib ularni yoritadi. Har ikkalasi sapchib oʻrinlarpidan turishadi. Doʻmboqvoy bilan Erkatoylarning xoxolab kulganlari eshitiladi. Choyshab tagidagi oyoqlar chopib chiqib ketishadi.

MUNIRA (oʻziga kelib). Bu bezori ukamning ishi. Hozir boplab taʼzirini beraman.

Eshik orqasidan Doʻmboqvoy bilan Erkatoyning xoxolab kulganlari eshitiladi.

RUSTAMJON. Ular bir kishi emas…

MUNIRA. Boshqasi kim boʻldi ekan? Tovba…

Chiroq oʻchadi.

 

 

 

Toʻrtinchi koʻrinish

Birinchi koʻrinishdagi sahna. Erkatoy bilan Ona ovqatlanib oʻtirishibdi.

ERKATOY. Rahmat, oyijon. Shirin boʻlibdi.

ONA. Osh boʻlsin, oʻgʻlim.

ERKATOY. Oyijon, men sizni bir odam bilan tanishtirsam nima deysiz?

ONA. Qanaqa odam ekan?

ERKATOY. Ajoyib odam: chiroyli, xushbichim, aqlli…

ONA (uning gapini boʻlib). Voy, buncha maqtab yubording. Kim ekan oʻsha odaming? Aytaqol.

ERKATOY. Tomda yashaydigan Doʻmboqvoy.

ONA. Odam mushik emaski, tomda yashasa.

ERKATOY. Doʻmboqvoy dunyodagi eng eng yoqimtoy, xushchaqchoq odam.

ONA (kulib). Oʻylab topgan gapingga qara-yu!

ERKATOY. Aytsam, Zokir qitmir ham ishonmadi. Afsona, deydi… Rost aytyapman, oʻlay agar…

ONA. Qasam ichishga odatlanma, oʻgʻlim. (Oʻylanib turib) Mayli, tanishtiraqol.

ERKATOY (xursand boʻlib, oyisini oʻpadi). Oyijon, siz dunyodagi eng zoʻr, eng chiroyli, eng aqlli ayolsiz!

ONA (kulib). Rahmat, oʻgʻlim.

ERKATOY. Men sizni juda-juda yaxshi koʻraman.

ONA. Men ham seni yaxshi koʻraman, oʻgʻlim.

ERKATOY. Oyijon, katta boʻlganimda sizga uylansam, nima deysiz?

ONA (kulib). Voy, tentak-ey… Sen katta boʻlguningcha men qarib qolaman. Sen, xudo xoxlasa, oʻzingga oʻxshagan yosh, chiroyli, aqllim qizga uylanasan. Endi bor, darslaringni qil.

ERKATOY. Xoʻp, oyijon. (Oʻz xonasiga kirib ketadi.)

Chiroq oʻchadi.

 

 

 

Beshinchi koʻrinish

 

Ikkinchi koʻrinishdagi sahna. Gʻira-shira qorongʻi tushgan payt. Erkatoy kitob-daftarlarini stol ustiga yozib qoʻyib damba-dam deraza oldiga borib, tashqariga qaraydi.

ERKATOY (oʻzicha). Kelmayapti-ku! Boshqa kelmasa-ya… Zokir qitmir aytganidek, afsona boʻlib chiqsa-ya!… Yoʻq, Doʻmboqvoy rostakam bor. Oʻzim koʻrdim, gaplashdim… Bugʻ mashinasini portlatib yubordi. Bularni oʻylab topganim yoʻq-ku.

Tashqarida deraza oldida Doʻmboqvoy paydo boʻladi.

DOʻMBOQVOY. Kuk-ku!

ERKATOY (xursand boʻlib). Doʻmboqvoy!.. kelganingni sezmay qolibman.

DOʻMBOQVOY. Ataylab motorni oʻchirib qoʻydim-da. Mensiz nimalar yeb oʻtirganingni bilmoqchi edim.

ERKATOY. Kelganing biram yaxshi boʻldiki. Rahmat.

DOʻMBOQVOY. Rahmatingni keyin aytasan. Avval yaxshgilab mehmon qil.

ERKATOY. Seni oyimlar bilan tanishtirmoqchiman. Nima deysan?

DOʻMBOQVOY. Jon-jon deyman.

ERKATOY. Men hozir. (Shoshib chiqib ketadi.)

Doʻmboqvoy koʻrsatkich barmogʻini peshanasiga qadab, bir zum oʻylanib turib, chiroqni oʻchiradi. Eshik ochilib, ostonada Erkatoy bilan Ona paydo boʻladi.

ONA. Chiroqni yoqmaganmiding? (Chiroqni yoqadi.) Qani oʻsha tomda yashaydigan odaming?

ERKATOY. Xotirjamlik, faqat xotirjamlik. Doʻmboqvoy! Bilaman, yashirinib olgansan. (Onasiga) Dunyoda eng xushchaqchoq odam, demabmidim. (Stol va karavot taglariga qarab olib, hayron boʻladi.)

ONA. Endi u haqda ogʻiz ocha koʻrma!

ERKATOY (yigʻlamsirab). Hozirgina shu yerda edi…

ONA. Uni miyangdan chiqarib tashla. Oʻrtoqlaringga ham gapirib, kulgi boʻlib yurma. (Chiqib ketadi.)

Erkatoy serrayib turganicha qoladi. Tashqarida, deraza oldida Doʻmboqvoy paydo boʻladi.

DOʻMBOQVOY. Ku-ku!

ERKATOY. Oyimlarning oldida yolgʻonchi boʻldim. Parvo qilma. Oʻrni toʻlib ketadi. Xotirjamlik, faqat xotirjamlik.

ERKATOY. Nega qochib qolding?

DOʻMBOQVOY. Axir men uncha-muncha odamlardan emasman. Oyinglar meni bu kiyimda koʻrsa, nima deb oʻylaydi?! Buning ustiga kasalman. Isitmam baland – oʻttiz-qirq daraja, kam emas.

ERKATOY (kaftini uning peshanasiga qoʻyib). Hech ham isitmang yoʻq.

DOʻMBOQVOY. Qanaqa bemaza bolasan oʻzing! Nima, boshqa odamlarga oʻxshab kasal boʻlishga haqqim yoʻqmi mening?!

ERKATOY. Nima, kasal boʻlging kelyaptimi?

DOʻMBOQVOY. Ha-da. Toʻshakda isitmalab, olov boʻlib yotishni xoxlayman. Uqdingmi? Dunyoda eng ogʻir bemor bu – men!

ERKATOY. Oyimlar doktor…

DOʻMBOQVOY (uning gapini boʻlib). Men-chi? Dunyoda eng zoʻr doktor men boʻlaman. (Karavotga yotib oladi.) Sen mening oyim boʻlib yonimda oʻtirasan, dori-darmonlar berib davolaysan.

Erkatoy uning yoniga borib oʻtiradi.

Yoʻq, avval olib kir.

ERKATOY. Nimani?

DOʻMBOQVOY. Dorilarni.

ERKATOY. Aptekadanmi?

DOʻMBOQVOY. Xoy, qanaqa merov bolasan?! Nima, uylaringda qulpinay murabbosi yoʻqmi?

ERKATOY. Bor.

DOʻMBOQVOY. Behi murabbosi-chi?

ERKATOY. Murabbo emas, shinni bor. Ozgina qolgan.

DOʻMBOQVOY. “Ozgina” deganing qancha?

ERKATOY. Yarim banka.

DOʻMBOQVOYNa chora… dunyoda isitma tushiradigan eng zoʻr dori bu – murabbo. Nega angrayib turibsan?! Olib kirmaysanmi!

ERKATOY (eshik tomon yurib, toʻxtaydi). Qaysi birini?

DOʻMBOQVOY. Ikkalasini ham olib kir. Mening kasalim ogʻir. Shuning uchun ikki xil dori ichishim kerak. Uqdingmi?

ERKATOY. Uqdim. (Chiqib ketadi va tezda ikkita banka koʻtarib kiradi). Mana.

DOʻMBOQVOY. Endi oyijonim boʻlib boshimda oʻtirasan. Ichaqol, deb yalinasan. Avval behi shinnisini ogʻzimga quyasan. Koʻzimni ochmagunimcha quyaverasan. Uqdingmi? (Yotgan joyida ogʻzini ochadi.)

ERKATOY. Uqdim. (Bankadagi shinnini uning ogʻziga quya boshlaydi, Doʻmboqvoy koʻzlarini ochmaydi. Shinni tamom boʻladi.) Dorini shunaqa koʻp ichadimi?

DOʻMBOQVOY. Har qanday dorini kuniga uch mahal ichish kerak. Uyingga har kuni uch martadan qatnab yuramanmi. Endi qulpinayni quy ogʻzimga.

ERKATOY (bankadagi qulpinay murabbosini uning ogʻziga quyib). Mana, boʻldi.

 

DOʻMBOQVOY. Ogʻzimni artishga sochiq tayyorlab tursang boʻlmasmidi, qanaqa onasan oʻzing!

ERKATOY (qoziqdagi sochiqni olib, unga uzatadi). Bu boʻsh bankalarni oyimlar koʻrsa, nima deydi?!

DOʻMBOQVOY. Parvo qilma, oʻrni toʻlib ketadi.

ERKATOY. Doʻmboqvoyga ichirdim, desam ishonmasligi – turgan gap.

DOʻMBOQVOY. Xotirjamlik, faqat xotirjamlik. Bankalarni oying koʻrmaydi. Ularni oʻzimiz bilan olib ketamiz.

ERKATOY. Nima, men ham boramanmi?

DOʻMBOQVOY. Borasan. Uyimni koʻrsataman.

ERKATOY. Ur-ra-a!.. Biroq… sen kasalsan-ku…

DOʻMBOQVOY. Isitmam tushdi. (Deraza rahiga koʻtarilib) Qani, ustimga chiq.

ERKATOY (uning yelkasiga chiqib). Yiqilib ketmaymanmi?

DOʻMBOQVOY. Sendaqa bolalar son-mingta, bittaga kamaycha – hech narsa qilmaydi.

ERKATOY (xafa boʻlib). Hali shunaqami?!

DOʻMBOQVOY. Hazillashdim. Mahkam quchoqlab ol meni. Xotirjamlik, faqat xotirjamlik. Ketdik.

Parrak vizillab aylanadi.

Chiroq oʻchadi.

 

 

 

Oltinchi koʻrinish

 

Koʻpqavatli binoning tomi. Osmonda toʻlin oy porlab turibdi Chordoqdan tomga chiqiladigan, kichkina doʻkon shaklidagi qurulma, televizor antennalari koʻrinib turibdi. Doʻmboqvoy bilan Erkatoy avvaylab yurib kelishadi.

ERKATOY ( atrofga qarab, zavq bilan). Vuy, zoʻr-ku! (Toʻsatdan oyoqlari tayib ketadi.)

DOʻMBOQVOY (uni arang ushlab qoladi). Ehtiyot boʻl, demabmidim!

ERKATOY. Nega hamma yoqda gulxanlar yonyapti?

DOʻMBOQVOY. Gulxan emas, sumalak pishirishyapti.

ERKATOY. Sumala-ak?!

DOʻMBOQVOY (qoʻshiq aytadi).

Tovlanadi rangba-rang

Koʻk yuzida kamalak.

Dosh qozonda qaynaydi

“Biqir-biqir” sumalak.

Oy koʻrindi doʻngalak

Pishaqolgin sumalak.

Shifobaxshsan, toʻyimli.

Mazalisan, suyumli.

ERKATOY (lablarini yalab). Ogʻzimning suvi qochib ketdi. Yaxshi qoʻshiq ekan.

DOʻMBOQVOYBuni ham oʻzim toʻqiganman.

ERKATOY. Bir piyola sumalak boʻlsa, mazza qilib yeb olardim.

DOʻMBOQVOY. Hali pishmagan. Boʻlmasa bir togʻorasini olib kelib berardim. Ertaga yeysan. Uyinga qozoni bilan koʻtarib boraman.

Choqaloqning yigʻisi eshitiladi.

ERKATOY. Mushuklar koʻp shekilli?

DOʻMBOQVOY. Bunaqa tomlarda mushuk nima qiladi.

ERKATOY. Miyovlashyapti-ku.

DOʻMBOQVOY. Jim. (Quloq soladi.) Choqaloq yigʻisi bu…

Ovoz kelgan tomonga yurishadi Hu ana u derazaga qara. Jajjigina choqaloq bigʻillab yigʻlab yotibdi. Bir oʻzi. Becharaning yonida hech kim yoʻq

ERKATOY. Ota-onasi qayerda ekan?

DOʻMBOQVOY. Sening oying bilan adangga oʻxshab mehmongami, teatrgami ketishgan-da.

ERKATOY. Yolgʻiz oʻzini qoldirib-a?!

DOʻMBOQVOY. Shunaqa ota-onalar ham bor dunyoda. Yoʻq! Men bunga yoʻl qoʻya olmayman! Oʻsha uyga kiramiz. (Ketishadi.)

Chiroq oʻchadi.

 

 

 

Yettinchi koʻrinish

 

Kichchikkina xona. Karavot belanchakda choqaloq yigʻlab yotibdi. Ochiq derazadan Doʻmboqvoy bilan Erkatoy kirishadi.

DOʻMBOQVOY (choqaloqni qoʻliga olib). Lu-lu-lu… Lu-lu-lu.

(Choqaloq yigʻidan toʻxtaydi.)Koʻrdingmi?! Choqaloqlarning tilini hech kim menchalik bilmaydi.

ERKATOY. Chiroyli choqaloq ekan.

DOʻMBOQVOY. Lu-lu-lu…

Choqaloq yana yigʻlaydi.

ERKATOY. Qani, menga ber-chi. (Choqaloqni qoʻliga olib, bagʻriga bosadi.)

Choqaloq bir zumga toʻxtaydi, soʻng yana yigʻlaydi. Qorni

ochgan boʻlsa-chi?

DOʻMBOQVOY. Hozir… Bir zumda toʻydiramiz. (Muzxonadan kolbasa oladi.) Mana.

ERKATOY. Choqaloqlar kolbasa yeyishmaydi-ku.

DOʻMBOQVOY. Muzxonada boshqa hech narsa yoʻq… Nima qilamiz?

ERKATOY. Sut kerak.

DOʻMBOQVOY. Halitdan beri shunaqa demaysanmi! Hozir. Ikki daqiqada sut boʻladi. Sumalak pishirilayotgan hovlida sigir koʻrganman…(Derazaga qarab) Lekin bu derazaga sigir sigʻmaydi-da. (Oʻylanib turib) Topdim. (Derazadan chiqib ketadi.)

Erkatoy choqaloqni ovutmoqchi boʻlib u yoqdan bu yoqqa yuradi, alla aytadi.

Alla, jonim, alla,

Shirin, jajji choqaloq.

Erkatoyim, asalim.

Uxla, mitti boqaloq.

Ogʻziga soʻrgʻich kiydirilgan shishada sut koʻtarib Doʻmboqvoy kiradi.

DOʻMBOQVOY. Mana, soʻrgʻichi ham bor.

Erkatoy shishaga qoʻl uzatadi.

Yoʻq, oʻzim ichiraman. (Ichiradi.) Ana, tinchidi-qoldi. (Gʻurur bilan) Dunyodagi eng zoʻr “tez yordam” bu – tomda yashaydigan Doʻmboqvoy!

ERKATOY. Bir zumda qayerdan olib kelding?

DOʻMBOQVOY. Ochiq turgan derazalardan birida koʻrgan edim.

ERKATOY. Oʻgʻirlabsan-da!

DOʻMBOQVOY. Qarzga oldim.

ERKATOY. Qachon qaytarasan?

DOʻMBOQVOY. Ahmoq emasman.

ERKATOY. Axir bu…

DOʻMBOQVOY (uning gapini boʻlib) Saboq boʻladi. Ochiq derazada narsa qoldirish bu – bemaʼnilik.

ERKATOY. Uxladi shekilli.

DOʻMBOQVOY (shishani choqaloqning yoniga qoʻyib). Endi ularni qanday jazolashni oʻylashim kerak. (Barmogʻini peshanasiga qadab u yoqdan bu yoqqa yuradi.)

ERKATOY. Kimni aytyapsan?

DOʻMBOQVOY. Jim tur. Oʻylayapman. (Yurishda davom etadi va bir necha soniyadan soʻng bir toʻgʻram kolbasani choqaloqning qoʻliga tuttiradi, bir yaprogʻini stolda turgan choynakning jumragiga osib qoʻyadi, ikkinchi yaproq kolbasaga vilka sanchib, taqsimcha yonida qoldiradi.)

ERKATOY. Bu nima qilganing?

DOʻMBOQVOY. Hali koʻrasan.

Eshik orqasidan sharpa eshitiladi.

ERKATOY (shivirlab). Kimdir keldi.

DOʻMBOQVOY. Ketdik.

Deraza orqali chiqib ketishadi. Chiroq soʻnadi. Ayol kishining dodlagani eshitiladi.

Ovoz. Voy, dod!… Uyimizga ajina kiribdi!

Doʻmboqvoy bilan Erkatoyning xoxolab kulganlari eshitiladi.

Parda tushadi.

 

 

 

IKKINCHI PARDA

Sakkizinchi koʻrinish

 

Beshinchi koʻrinishdagi sahna. Erkatoy bilan Doʻmboqvoy oʻtirishibdi. Erkatoy sumalak yeyish bilan mashgʻul.

ERKATOY (kosadan bosh koʻtarib). Oʻzing yemaysanmi?

DOʻMBOQVOY. Bir qozonini yeb olganman. (Qornini nagʻara qilib chaladi.) Mana.

Telefonning jiringlagani eshitiladi.

ERKATOY (bir zum quloq solib turib). Jiringlayversin. Xotirjamlik, faqat xtirjamlik. Uyda hech kim yoʻq, leb oʻylashadi. Mening ham boshqalarga oʻxshab koʻchada oʻynab yurishga haqqim bormi?

DOʻMBOQVOY. Boʻlganda qandoq.

ERKATOY (qoshiqni yalab). Zoʻr ekan. Men sumalakni yaxshi koʻraman. Nega har kuni pishirishmaydi, a?

DOʻMBOQVOY. Oʻzi qoidasi shunaqa: faqat Novruz bayramida pishriladi. Boʻlmasa atalaga oʻxshab qolar ekan… Zerikib ketyapman. Ozgina shoʻxlik qilgim kelyapti.

ERKATOY. Yana biron narsa oʻylab topgandursan-da?

DOʻMBOQVOY. Axir men dunyoda eng zoʻr oʻylab topqichman. ERKATOY. Nima topding?

DOʻMBOQVOY. Arvoh boʻlmoqchiman.

ERKATOY. Qanaqa arvoh?

DOʻMBOQVOY. Keyin bilasan.

ERKATOY. Soviq choy bor. Olib kiray. (Chiqib ketadi.)

Doʻmboqvoy javondan qaychi olib, choyshabni qirqib ikkita teshik “koʻz” hosil qiladi, soʻng odamning basharasini chizadi. Choynak koʻtarib Erkatoy kiradi.

ERKATOY. Bup-butun choyshabni dabdala qilibsan-ku! Buning nimasi!

DOʻMBOQVOY. Xotirjamlik, faqat xotirjamlik. (Choyshabni yopinib u yoqdan bu yoqqa yuradi.) Arvohga oʻxshadimmi?

ERKATOY. Bilmasam, Arvohingni koʻrmagan boʻlsam.

DOʻMBOQVOY. Koʻchaga chiqib, odamlarni qoʻrqitamiz.

Eshikning zulfini shiqirlayda va boshi egilgan simning uchi koʻrinadi.

DOʻMBOQVOY. Oʻgʻrilar. Hozir qoʻngʻiroq qilgan ham oʻshalar boʻlishi kerak.

ERKATOY. Endi nima qilamiz?!

DOʻMBOQVOY. Xotirjamlik, faqat xotirjamlik. Men senga aytsam, ayni muddao boʻldi. Chiroqni oʻchir. Avval yashirinib olamiz, soʻng…

Erkatoy chiroqni oʻchiradi. Ular yashirinishadi. Eshik ochilib Olgʻir bilan Qingʻir kirishadi.

OLGʻIR. Qingʻirvoy, sen oshxonaga oʻt. Kumush qoshiqlari boʻlsa, olib chiq. Bozori chaqqon ularning.

QINGʻIR. Xoʻp boʻladi. (Oshxonaga oʻtib ketadi.)

OLGʻIR (javonning oldiga kelib). Tilla taqinchoqlar mana bu yerda boʻlsa ajabmas. (Gʻoladonlarni birma-bir ochib) Oʻzim oʻylagandek. Mana… mana…(Tilla taqinchoqlarni olib, stolga qoʻyadi.)

QINGʻIR (oshxonadan qoshiq va vilkalar koʻtarib chiqib). Bor ekan. Mana. (Tilla taqinchoqlarni koʻrib) Ofarin! Bekorga Olgʻir deyishmaydi seni.

OLGʻIR. Pul ham boʻlishi kerak. Albatta boʻlishi kerak.

Xursand boʻlib qoʻshiq aytishadi.

Qoʻshiq

Yoshu qari, erkak-ayol,

Barcha-barcha bezor bizdan.

Beshafqatmiz ayov bilmas,

Barcha topar ozor bizdan.

Oqpadarmiz, yoʻq otamiz,

Puldir – ota ham onamiz.

 

Kunduz uyqu, kartabozlik,

Tunda sanqib yurish bizdan.

Omad kelsa oʻmaramiz,

Ayshimizni surish bizdan.

Oqpadarmiz, yoʻq otamiz,

Puldir – ota va onamiz

Xunuk tovush eshitilib, Olgʻir bilan Qingʻirning tepasida ar “arvoh” paydo boʻladi /.

OLGʻIR bilan QINGʻIR. Voy, dod!.. Arvoh! (Bir-biriga urilib-surilib chiqib ketishadi.)

Doʻmboqvoy bilan Erkatoy qornilarini ushlab kulishadi.

ERKATOY (taqinchoqlarni yigʻishtirib). Rahmat, Doʻmboqvoy. Sen rostakam ajoyib odamsan.

DOʻMBOQVOY. Endi biron narsa yeb olsak boʻlarmidi.

ERKATOY. Boʻladi. Albatta boʻladi.

Chiroq oʻchadi.

 

 

 

Toʻqqizinchi koʻrinish

 

Sakkizinchi koʻrinishdagi sahna. Eshik oldida chamadon paydo boʻlgan. Xonada Ona bilan Erkatoy.

ERKATOY. Qachon ketasiz?

ONA. Adanglar, mashina olib kelaman, degan edi… Erkatoy, Munira opang imtihonlari bilan boʻlib, uyga kech qaytayapti. Seni yolgʻiz qolmasin, deb uyga enaga yalladik. Oʻgʻlim, enaganing gapiga quloq sol. Shoʻxliklaringni qoʻyib tur. Tarbiya koʻrmagan bola, deb oʻylamasin.

ERKATOY. Xoʻp, oyijon.

Eshikning qoʻngʻirogʻi jiringlaydi.

ONA. Enaga keldi shekilli. (Eshikni ochadi.)

Enaga kiradi.

ENAGA. Mana, biz keldik.

ONA. Oʻgʻlim. Tanishing…

ENAGA (uning gapini boʻlib). Hojati yoʻq. Oʻzimiz tanishib olaveramiz. Siz sanatoriyangizga ketavering.

ERKATOY. Men, xushbichim, chiroyli, yosh enaga boʻlsa kerak, deb oʻylagan edim.

ONA. Xoy, oʻgʻlim…

ENAGA. Hechqisi yoʻq. Siz tashvishlanmang, til topishib ketamiz.

ONA. Bolalarni yaxshi koʻrsangiz kerak, a?

ENAGA. Boʻlmasam-chi. (Erkatoyga qarab) Gapga kiradigan odabli bolalarni, albatta.

ONA. Mening Erkatoyim sal shoʻxroq.

ENAGA. Zarari yoʻq. Bir-ikki kunda ipakdek muloyim boʻlib qoladi.

ONA. Oʻgʻlim, bor, qoʻllaringni yuvib kirib, nonushta qilib ol.

ERKATOY. Xoʻp, oyijon. (Chiqib ketadi.)

Eshikning qoʻngʻirogʻi jiringlaydi.

ONA. Hozir. (Eshikdan tashqariga qarab) Hozir tushaman.

ERKATOY (ichkaridan chiqib ). Kelishdimi?

ONA. Aqlli bola boʻlib yur. (Enagaga) Erkatoyimni sizga, sizni xudoga topshirdim. Xayr. Yaxshi qolingizlar. (Chamadonni koʻtarib chiqib ketadi.)

Erkatoy stolga borib oʻtiradi, quymoqqa qoʻl choʻzadi.

ENAGA (quymoqni oʻz oldiga tortib). Senga mumkin emas.

ERKATOY. Nega?

ENAGA. Qorning ogʻriydi.

ERKATOY. Oyimlar, toʻyganingcha yeyaver, deydilar-u.

ENAGA. Endi yemaysan. Oying yoʻqligida kasal boʻlib qolishingni istamayman. Tushindingmi? Senga guruch boʻtqa pishirib beraman.

ERKATOY. Guruch boʻtqa yemayman. Yomon koʻraman.

ENAGA. Bir-ikki kun och qolsang shunaqa yeysanki…

Erkatoy payt poylab tarelkaga qoʻl uzatadi. Buni koʻrib qolgan Enaga uning qoʻliga shap etib uradi. Erkatoy yigʻlaydi.

ENAGA. Bas qil! Gʻingshigan bolalarni yomon koʻraman. (Quymoq solingan tarelkani deraza rahiga olib borib qoʻyadi.) Kiyimlarimni almashtirib olay. (Eshik tomon bir necha qadam bosib toʻxtaydi va bir deraza rahida turgan quymoqqa, bir Erkatoyga qarab) Sen oʻz xonangda oʻtirib tur.

ERKATOY. Hali nonushta qilganim yoʻq-ku!

ENAGA. Men senga nima dedim? Kiyimlarimni almashtrib olgach boʻtqa pishirib beraman. Qani, tur oʻrningdan. (Erkatoyni oʻz xonasiga kiritib, eshikni qulflab chiqib ketadi.)

Chiroq oʻchadi.

 

Oʻninchi koʻrinish

 

Toʻqqizinchi koʻrinishdagi sahna. Ochiq derazadan Doʻmboqvoy bilan kitob koʻtargan Erkatoy kirishadi.

DOʻMBOQVOY (xona shigin tortib koʻradi. Eshik ochilmaydi). Hozir boplab saboq berib qoʻyamiz. Sen kitob oʻqigan boʻlib oʻtiraverasan. Uqdingmi?

ERKATOY. Uqdim.

DOʻMBOQVOY. Mana bu quymoqni esa maza qilib yeb olamiz.

ERKATOY. Tagʻin mendan koʻradi-da.

DOʻMBOQVOY. Bu gaping ham toʻgʻri. Quymoq yeyishga ulguramiz hali. Xotirjamlik, faqat xotirjamlik. (Derazadan chiqib ketadi.)

Xirgoyi qilib Enaga kiradi va Erkatoyni koʻrib bir zum qotib qoladi.

ENAGA. Xoy, qanday chiqaqolding?!

ERKATOY. Nima dedingiz? Tushinmadim.

ENAGA. Xonangga qamab qoʻygan edim-ku…

ERKATOY. Qamab qoʻygan boʻlsangiz, oʻsha yerda oʻtirmasmidim.

ENAGA ( eshikni tortib koʻradi. Yelka qisib, oʻzicha). Tovba-a…(Boshini ushlab koʻradi, soʻng Erkatoyga) Koʻr-chi. isitmam bormi-yoʻqmi…

ERKATOY (uning peshanasiga kaftini qoʻyib) Isitmangiz baland. Oʻttiz-qirq, kam emas.

ENAGA. Voldirama! Sen mishiqi nimani bilarding! (Quymoqqa koʻzi tushib) Buning uchun seni maqtasi boʻladi. (Tarelkani koʻtarib stol oldiga boradi va, Erkatoyga teskari qarab oʻtirib, quymoqni yeyaboshlaydi.)

Deraza ortidan Doʻmboqvoyning”kuk-ku”si eshitiladi, soʻng uning oʻzi koʻrinadi. Tarelkadan ikki dona quymoqni gumdoq qilib gʻoyib boʻladi. Enaga qoʻlidagi quymoqni yeb boʻlib, deraza oldiga boradi.

ENAGA. Xoy, ikkita quymoq qayoqqa ketdi? Aniq bilaman: oltita qolgan edi! Sen olmadingmi?

ERKATOY. Qimirlamay yoningizda oʻtiribman-u.

ENAGA. Musichalar olib ketishgan.”Kuk-ku”lashganini eshit – gan edim.

Erkatoy kuladi.

Nega kulasan?

ERKATOY. Boʻlmasa yigʻlashim kerakmi? Yigʻlagani qoʻymadingiz-ku.

ENAGA. Boʻldi, bas qil! (Tarelkadan bir dona quymoq olib, joyiga borib oʻtiradi.) Hozir boʻtqa pishirib beraman.

Derazadna ikkita qoʻl koʻrinadi va qolgan uchta quymoqni olib, gʻoyib boʻladi. Enaga yana deraza yoniga boradi.

ENAGA. Voy, qolgan uchtasi ham yoʻq! Nima balo, bu uyda jin-pin bormi?!

Doʻmboqvoyning sigir boʻlib moʻragani eshitiladi.

ERKATOY. Qoʻshnining sigiri yeb ketgandir.

ENAGA. Sigir deganni bogʻlab qoʻyishmaydimi! Qanaqa bemaʼni qoʻshnilar! (Derazadan boshini chiqarib qaraydi. Qoʻrqib ketganidan oʻzini orqaga tashlab qichqirib yuboradi.)

Erkatoy battar kuladi.

ENAGA. Xoy, tirmizak, meni mayna qilyapsanmi?! Osmonu falakda sigir nima qiladi. Ajabo… Nega angrayib qolding? Bor, xonangga kir. Polni artishim kerak.

Erkatoy oʻz xonasiga kirib ketadi.

Chiroq oʻchadi.

 

 

 

Oʻnbirinchi koʻrinish

 

Beshinchi koʻrinishdagi sahna. Xonada Erkatoy oʻtiribdi. Derazadan Doʻmboqvoy uchib kiradi.

DOʻMBOQVOY. Ha, yana qamab qoʻydimi?

ERKATOY. Yoʻq. Pol yuvyapti. “Unday qilma!” “Bunday qilma!” Jonimga tegdi.

DOʻMBOQVOY. Oʻtgan kungi saboq yetarli boʻlmabdi-da. Boʻlmasa tarbiyalashni davom ettiramiz.

ERKATOY. Yana nima qilmoqchisan?

DOʻMBOQVOY. Shoʻxlik qilamiz, jigʻiga tegamiz. Hozir… (Derazadan chiqib ketadi.)

Bir necha soniyadan soʻng eshikning qoʻngʻirogʻi jiringlaydi. Enaganing ovozi eshitiladi.

ENAGANING OvozI. Hozi-ir… Kim?… Hech kim yoʻq-ku… Xoy, eshikni jiringlatgan kim?… Qiziq…

Yana bir necha soniyadan soʻng eshikning qoʻngʻirogʻi qayta jiringlaydi. Erkatoy kuladi.

ENAGANING OvozI. Tovba-a… Kimdir meni mayna qilmoqchi boʻlyapti shekilli. Xoy, Erkatoy, beri qara.

Deraza oldida Doʻmboqvoy paydo boʻladi.

DOʻMBOQVOY. Qani, tez bu yoqqa chiq.

Erkatoy derazadan oshib, Doʻmboqvoy bilan birga gʻoyib boʻladi. Enaga kiradi.

ENAGA. Xoy, qani san? (Shoshib deraza oldiga boradi.) Osmonga uchib ketmagandir. (Derazadan bosh chiqarib qaraydi, soʻng karavot tagiga engashadi. Shu payt yana eshikning qoʻngʻirogʻi jiringlaydi.) Mana, endi qoʻlga tushiraman kim boʻlsa ham. (Qaddini gʻoz tutib chiqib ketadi.)

Erkatoy derazadan oshib tushib, qoʻliga kitob olib, joyiga oʻtiradi.

ENAGANING OvozI. Biron tirik jon koʻrinmaydi.

Enaga kiradi va Erkatoyni koʻrib hang-mang boʻlib qoladi.

ENAGA. Qayoqdan paydo boʻlib qolding?!

ERKATOY. Bu nima deganingiz?

ENAGA. Hozirgina kirib chiqdim. Yoʻq eding.

ERKATOY. Qiziqmisz. Qachondan beri kitob oʻqib oʻtiribman-u!

ENAGA. E, xudo, nimalar boʻlyapti!

ERKATOY. Nima deyapsiz?

ENAGA. Uylaringda jinmi, arvohmi – borligi aniq. Ha, kecha ham ovozini oʻz qulogʻim bilan eshitgan edim.

ERKATOY. Sigirning moʻrashini aytyapsiz shekilli.

ENAGA. Bu osmonoʻpar uylaringda sigir-buzoq nima qiladi. u oʻshaning ovozi.

ERKATOY. Arvohlarni koʻrganmisiz?

ENAGA. O-o, koʻrgan boʻlsam koshki edi. Televizorga chiqib, arvohlar toʻgʻrisida suhbat qilib berardim. (Birdan) Voy, shoʻrim! Qozonimning tagi olib ketgan boʻlsa-ya! (Shoshib eshik oldiga boradi. Eshik ochilmaydi. Choʻntaklarini kavlashtirib kalit axtaradi.) Esim qurmasin. Qulflamagan edim shekilli. Ha, aniq bilaman, qulflamadim. Kalit stol ustida turgan edi… Demak…

ERKATOY. Demak, arvoh qulflab qoʻygan.

ENAGA. Toʻgʻri aytasan. Demak, arvoh shu yerda. Endi televizorga chiqishim aniq. (Eshikni taqillatib) Xoy, sadaqang ketay, eshikni ochaqol. Qozonimga qaray. Ochaqol, hazilingni keyin qilarsan. (Eshik orqasidan taqir-tuqur tovush eshitiladi.) Bilib turibman, oʻsha yerdasan. Boʻlaqol.

Eshik ochilib, Munira kiradi

ENAGA. Voy, oʻzimizning Munira-ku.

MUNIRA. Eshik zulfini kim surib qoʻydi?

ENAGA. Buzilgan shekilli, baʼzan shunaqa boʻlyapti.

MUNIRA. Hozir yana ketaman. Shoshib turibman. (Chiqib ketadi.)

ENAGA (Erkatoyning oldiga kelib). Bu voqealar sir boʻlib ikkimizning oʻrtamizda qolsin, xoʻpmi?

ERKATOY. Mayli.

MUNIRANING OvozI. Enaga, yeydigan biron narsa bormi?

ENAGA. Hozir, qizim, hozir. (Erkatoyga) Men televizorga chiqmagunimcha hech yeimga ogʻiz ocha koʻrma. Aqlli bolasan-ku. Hali ikkovimiz quymoq pishirib yeymiz. (Chiqib ketadi.)

Chiroq oʻchadi.

Oʻnikkinchi koʻrinish

 

Sakkizinchi koʻrinishdagi sahna. Erkatoy bilan Enaga murabboga quymoq botirib yel oʻtirishibdi.

ENAGA. Erkatoy, sen, umuman, yomon bolaga oʻxshamaysan.

ERKATOY. Siz ham men oʻylagandek, yomon odam emas ekansiz.

ENAGA. Hali shunaqa opoq-chapoq boʻlib ketaylikki… Soviq tushib qoldi. Issiqroq kiyinib ol, shamollab qolma tagʻin. (Ochiq turgan deraza oldiga boradi.) Erkatoy, beri kel.

ERKATOY. Nima? (Deraza oldiga boradi.)

ENAGA (osmonga ishora qilib). Ana u qovoqariga oʻxshab vizillab uchib kelaytgan narsani koʻryapsanmi?

ERKATOY. Hech narsa koʻrayotganim yoʻq.

ENAGA. Men aniq koʻrib turibman. Bu oʻsha. (Shoshib derazani yopadi, stolni surib eshikka taqab qoʻyadi.) Chiroqni oʻchir. Tez boʻl!

Erkatoyning xonasida xunuk ovoz eshitiladi.

Ovoz. Qaymoqxoʻrlar! Ochapatlar!

Bir nafasdan soʻng xonda uchib yurgan “arvoh” paydo boʻladi. Enaga dodlab u yoqdan bu yoqqa yeladi. Birdan tarillagan tovush tinib,”arvoh” tap etib yerga tushadi.

DOʻMBOQVOYNING OvozI. Eh, mator ishdan chiqdi.

ERKATOY (chiroqni yoqib, choyshabga oʻralib yotgan Doʻmboqvoyning tepasiga boradi). Biron yering ogʻrib qolmadimi?

DOʻMBOQVOY (yotgan joyidan turib). Yoʻq…

ERKATOY. Xotirjamlik, faqat xotirjamlik.

ENAGA. I-ya! Odam ekan-ku!.. (Doʻmboqvoyga yaqinlashib) Arvoh boʻlmay oʻl-e! Yuragimni olding-ku, noinsof! Arvohman, degin!

DOʻMBOQVOY. Yoʻq, tomda yashaydigan Doʻmboqvoyman…

ENAGA. Topgan gapingni qara-yu. Qani, Doʻmboq, endi tuyogʻingni shiqillatib qol-chi bu yerdan!

DOʻMBOQVOY. Quymoq yemasdan-a?

ENAGA. Quymoq nimaligini koʻrsatib qoʻyaman sen bezoriga! (Giribonidan tutib, eshik tomon sudraydi.) Tezroq joʻnab qol, boʻlmasa…

ERKATOY. Xolajon! Bezori emas. U mening doʻstim.

ENAGA. Shunaqami?… Shoshma-shoshma… (Bir nafas oʻylanib turib) Boʻldi. Barini televizordan bolalarga gapirib beraman. Zoʻr eshittirish boʻladi.

ERKATOY. Toʻgʻri. Doʻmboqvoy yaxshi odam.

DOʻMBOQVOY. Xushbichim, chiroyli…

ENAGA. Sen-a?! (Sharaqlab kuladi.)

Doʻmboqvoy bilan Erkatoy unga qoʻshilib kulishadi. Uchovlashib uzoq kulishadi.

DOʻMBOQVOY. Dunyodagi eng aqlli, eng xushchaqchoq, eng yaxshi odamlar bu – enaga xola, Erkatoy va tomda yashaydigan Doʻmboqvoy!

Xor

HAMMA. Doʻst boʻlaylik, ahil, inoq,

Shodu xurram yashaylik.

Qoʻlni qoʻlga berib, birga

Koʻp davonlar oshaylik.

 

Aql, odab, bilmda ham

Ilgʻor safda yuraylik.

Ozod, erkin bu oʻlkada

Davri-davron suraylik!

 

Parda

 

Qozoq tilidan Muhammad XAYRULLAYEV tarjimasi

 

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–10

https://saviya.uz/ijod/dramaturgiya/bonapartning-uylanishi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x