Tomas ELIOT
AFRIKADA XALOK BOʻLGAN HINDLARGA
Odamning taqdiri – oʻzining jonajon
qishlogʻida
Uyi – oʻlan toʻshagida, xotin bergan rizqin yeb;
Kunbotar pallasida, choʻkib zinapoyaga
Nabiralari va qoʻshni nabiralariga boqqan
nigohlarida,
Hovlida chugʻurlashib oʻrtoq-oʻrtoq oʻynashar.
Chandigʻi koʻp, lek beziyon boʻlgan odamning
Bisyor boʻlar suhbat chogʻi uygʻonguvchi xotiralari
(Salqin chogʻmi va yoki iliq – bu tomoni iqlimga bogʻliq)
Begonalar haqida, begona yo oʻrtoq boʻlishib
oʻzga yerda qanday jang qilganlari.
Yoʻq, aslo aniq emas odamzotning qismati,
Bir odamga Vatan boʻlar har qanday yurt
Boshqaga begona. Ammo qayda oʻlsang mardlarcha,
Peshonangga yozgani shu, endi oʻsha yerliksan.
Oʻsha qishloq – sening qishlogʻing.
Oʻsha zamin sizniki ham bizniki emas edi –
ammo bizning Midlendda
Va sizning Beshdaryoda qabriston bir xil.
Uyiga qaytganlar siz haqda ham bir xil soʻzlasin, mayli
Ulugʻ maqsad yoʻlidagi harakatlar haqida,
Oʻsha samaralar haqida birday sizga ham, bizga ham
Anglamoq yoʻq toki Mahsharga qadar
Harakatlar samarasi oʻzi ne ekanin.
NENSI AMMAM
Nensi Ellikott xonim,
Yaylovda ot chopib, payxon ayladi,
Doʻnglarda ot chopib, yakson ayladi –
Yangi Angliyaning taqir doʻnglarin,
Itlar galasini ergashtirgancha
Yaylovlar tomondan chopib oʻtdi u.
Nensi Ellikott xonim –
Kashanda, ustasi yangi raqslarning,
Koʻpda xushlamaslar uni xolalar,
Ammo biladilar, zamon zayli shu.
Oynavand tokchada posbon turishar
Metgyu va Uoldo – nomus nozirlari,
Oʻzgarmas qonunning xizmatkorlari.
XELEN XOLAM
Xelen Slingzbi xonim, erga tegmagan xolam,
Yashardi moʻjaz uyda, serhasham maydondagi.
Bir boshiga toʻrt malay.
Samolar sokin edi u olamdan oʻtganda,
U umrini oʻtkazgan koʻchalar jim-jit edi.
Poygakda oyoq artdi dafn idorasi sohibi
U-ku yaxshi biladi, avval ham boʻlgan shunday.
Uyning pardalarin tortib qoʻydilar.
Avvalgiday berildi sarxil yemish itlarga,
Ammo tezda harom oʻldi toʻtiqush, biroq,
Hamon chiqillardi kamin uzra Drezden soatlari.
Malay oʻtirardi mehmonxonada
Tizzasiga olib oqsochni, u qiz
Qanday boodob edi bekaning borligida.
* * *
Koʻzlar, koʻz yosh toʻla, koʻringay menga,
Misli tuman ichra, –
Bu yerda, oʻlimning xayoliy saltanatida
Oʻshal koʻzlar boʻlur namoyon,
Ammo koʻz yoshlarni koʻrolmasman hech, –
Shudir mening jazoyim.
Shudir mening jazoyim –
Koʻrolmasman yoshli koʻzlarni,
Ularning tik nigohlarini,
Koʻrolmasman muqarrar oʻlim
Saltanatin poygagi qadar,
Yana qayda, shu yerdagiday,
Yalt etgaydir bir lahza koʻzlar,
Oniy lahza miltillar koʻzyosh,
Bizni mazah qilmoqlik uchun.
* * *
Chor tarafdan aylandi shamol,
Qoʻngʻiroqni tebratdi alhol
Bir hayot tomon koʻtarilar u, bir mamot.
Bu yerda – oʻlimning xayoliy saltanatida
Adash janglarning, xavotirga solar aks sado
Bu nima – tushmi boshqa yo:
Qorayib borayotgan daryo yuzida
Yigʻlayotgan yuzlar ayon boʻldilar?
Nari sohilida qora daryoning
Dushmanlarni koʻrdim, qoʻlida qilich.
Chin oʻlim daryosin ul qirgʻogʻida
Qoʻlda qilich Doʻzah suvoriylari.
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–9
https://saviya.uz/ijod/nazm/kozlar-kozyosh-tola-korinar-menga/