“Qobiliyat – bu cheksiz bardosh”

Buyuk fransuz yozuvchisi Gi de Mopassan 1850 yil 5 avgustda Turvil-syur-Arkes (hozirgi Quyi Sena)dagi Miromesnil qasrida dunyoga kelgan. Oʻz davrida Gyustav Flober va Emil Zolyalar bilan ijodiy aloqada boʻlgan Gi de Mopassan fransuz adabiyoti sahnasida “Hayot” (1883), “Azizim” (1885), “Pyer va Jan” (1887–1888) romanlari hamda “Doʻndiq” (1880), “Loyxoʻrak toʻgʻrisida ertaklar”(1883), “Orla”(1887) singari bir-biridan sermazmun novellalari orqali fransuz adabiyotida oʻz “soʻzi”ga ega boʻldi. Adib asarlarining eng muhim jihati realistik ruh bilan sugʻorilganligi edi.

Mopassanning oilasi XIX asr oʻrtalarida Lorendan koʻchib kelib, Quyi Senada joylashadilar. Otasi Gyustav de Mopassan 1846 yilda oliy tabaqa vakilasi hisoblanmish Lora de Puatvin bilan oila quradi. Ular nikohidan ikki oʻgʻil dunyoga keladi. Lora kelajakda ikkala oʻgʻlining hayotida oʻz ijobiy taʼsirini koʻrsatgan buyuk yozuvchi Gyustav Flober bilan doʻstlik rishtalarini bogʻlagan edi. Lora adabiyot olamidan yaxshi xabardor ayol boʻlib, klassika, xususan, Shekspir ijodiga mehri oʻzgacha edi. 1854 yilda oila Gavr yaqinidagi Blan de Grenvil-Imovil qalʼasiga joylashadilar. 1856 yil Gining ukasi Erve dunyoga keladi. Onasi Lora 1860 yilda yengil hayotning ortidan quvadigan eri Gyustav bilan ajrim imzolaydi va ikkala oʻgʻliga yolgʻiz oʻzi gʻamxoʻrlik qiladi.

Bolaligining qolgan yillarini Etretadagi dengiz qishlogʻida qad rostlagan “Vergilar” pansionida oʻtkazadi va aynan oʻzi yashagan atrof-muhit sabab tabiatga muhabbat ruhida oʻsadi.

Boʻlajak adib 1869 yili adabiyot yoʻnalishida bakalavrlikni tamomlab, onasi hamda Floberning maslahatiga koʻra, huquq sohasida oʻqish uchun Parijga joʻnab ketadi. Ammo toʻsatdan boshlangan franko-prussiya urushi uning rejalarini tubdan oʻzgarishiga sabab boʻladi. 1870 yilda armiyaga koʻngilli boʻlib yozilgan adib xizmatni harbiy boʻlim taʼminotida boshlab, keyinchalik artilleriya safiga oʻtadi va normand qoʻshinining germanlarga qarshi harakatida qatnashadi. Urushdan keyin xizmatni tugatish uchun oʻrniga odam yollab, Normandiyani tark etadi.

Mopassan oʻn yil davomida Parijda Dengiz floti va Xalq taʼlimi vazirligida xizmatchi vazifasida ishlaydi. U azobli kechalarini tinimsiz adabiy izlanishlar bilan oʻtkazadi. 1875 yil fevral oyida oʻzining birinchi ertagi “Kesilgan qoʻl”ni Jozef Prunye taxallusi ostida “Almanax” jurnalida nashr qildiradi.

Shu vaqt oraligʻida sogʻligʻidan tashvishlangan adib tibbiy koʻrikdan oʻtadi. Tahlil natijalari dahshatli kasallik – zaxmni koʻrsatardi. Bu kasallik adibning oʻlimiga qadar vujudini kemirgan.

U buyuk yozuvchi Flober rahnamoligi hamda himoyasi ostida adabiyot va jurnalistikaga kirib keladi. Ijodiy faoliyatini “Galliya”, “Parij Sadosi”, “Jil Bla”, “Figaro” gazetalarida maqolalar eʼlon qilish bilan boshlaydi. Keyinchalik boʻsh vaqtlarida romanlar va novellalar yozadi. Floberning koʻmagi ostida 1879 yili birinchi kitobi “Qadimgi davrlar tarixi” ning alohida 100 sahifasini nashr qildiradi.

Mopassan Emil Zolya bilan aloqa oʻrnatgan vaqtda, yaʼni 1880 yili naturalist yozuvchilar uyushmasi toʻplamida oʻzining ilk novellasi “Doʻndiq” bilan qatnashadi va bu asar tezda muvaffaqiyat qozonadi. Floberning fikricha, bu novella “oʻlmas shoh asar” deya baholanadi. Ammo xuddi oʻsha yili Floberning kutilmaganda gʻoyib boʻlishi sabab yosh adib oʻz taqdiri qarshisida yolgʻiz qoladi.

1880–1890 yillar oraligʻidagi 10 yillik adib hayotidagi eng sermahsul davr boʻldi: bu davr mobaynida adib 6 ta roman, 300 dan ortiq novella va koʻplab sarguzasht hikoyalarni nashr qildiradi.

1881 yil adib oʻzining ilk novellalar toʻplamini “Telye uyi” nomi ostida nashr qildirdi va yaqin ikki yil ichida uning ikkinchi nashri ham chop etildi. 1883 yilda Mopassan 1877 yilda boshlagan “Hayot” romanini yozib tugatdi. Bu roman bir yilda 25 ming nusxada sotuvga chiqariladi. Roman toʻgʻrisida Lev Tolstoy shunday yozadi: “Bu roman fransuz adabiyotidagi “Xoʻrlanganlar” romanidan keyin ikkinchi shoh asardir”.

1884 yil oktyabr oyida adib “Azizim” nomli mashhur romanini yozib tugatadi. U shungacha yaratgan barcha novellalaridagi rang-barang kuzatishlarini aynan “Azizim” romanida jamlagan. Bu asar toʻgʻrisida Mopassanning oʻzi shunday deydi: “Azizim – bu men!” 1887–1888 yillar oraligʻida yozuvchi navbatdagi “Pyer va Jan” romanini yaratadi.

Mopassan sogʻligi zaifligiga qaramay, Jazoir, Italiya, Angliya, Sitsiliya boʻylab uzoq muddatli sayohatlar qiladi, gazetalar uchun yangidan-yangi reportajlar tayyorlaydi. Talvasali hayoti davomida vujudini sekin-asta qamrab olayotgan kasallikni unutish uchun kengliklarga ehtiyoj sezadi.

Soʻnggi yillar tamomila yolgʻiz hayotga beriladi. U bora-bora oʻzini ham jismonan, ham ruhan yomon his qilar, maslahatlar, muolajalarga qaramasdan ahvoli yengillashmasdi. Shu sababdanmi, adib eng soʻnggi kuchini ham asar yozishga sarfladi. 1889 yilda “Kuch” nomli asar nashrdan chiqdi. Shu yil may oyida adib “Bizning qalb” nomli soʻnggi asarini yozishga kirishadi. Kiborlar jamiyatining axloqiy masalalari aks etgan bu asar 1890 yil may va iyun oylarida “Ikki dunyo” jurnalida nashr qilindi. Oradan bir oy oʻtib, 1890 yilning avgust oyida “Begona qalb” nomli asar ustida ish boshlaydi. 1891 yilda esa “Angilus” nomli yana bir asarni yozishga kirishadi. Ammo har ikki asarni ham tugata olmaydi. 31 dekabrda doktor Kazalisga yozilgan xat Mopassanning eng soʻnggi vidolashuv xati boʻlib qoldi.

1891 yilda Mopassan oʻzining adabiyotdagi faoliyati toʻgʻrisida Joze Mariya de Eridiyaga shunday yozgan edi: “Men adabiyotga yashindek kirib keldim va uni momaqaldiroq singari tark etaman”.

Mopassan “Qobiliyat bu cheksiz bardosh demakdir” deb yozgan edi. Adib yaratgan asarlarning mavzulari hayotidagi kechmishlari, rang-barang tajribalar bilan chambarchas bogʻliq. Mopassanning ona yurti Normandiya oʻzining takrorlanmas manzarasi bilan uning asarlarida muhim oʻrin tutadi (“Hayot”dagi qishloq, dengiz, shahar koʻrinishlari va uning aholisi – dehqonlar, zamindorlar yoxud kichik zodagonlar). Ammo Normandiya yozuvchi asarlarida tasvirlangan yagona joy emas, xususan, Parij ham “Azizim” romanida voqealar rivojining markazida turadi. Bundan tashqari, 1870 yildagi urush va germanlarning bosib olishi boshqa bir muhim mavzu boʻlib, adib undan “Doʻndiq”, “Fifi xonim”, “Ikki doʻst”, “Milon ota”, “Jinni” asarlarida foydalanadi. Asarlariga insonparvarlik ruhini singdirishda, asosan taqdir qurboni boʻlgan (“Hayot”, “Mitti Rok”, “Mis Are” asarlarida, xoʻrlangan (“Doʻndiq”, “Fifi xonim”, “Telye uyi”da) ayollar hamda oila va farzandlar (“Pyer va Jan”, “Dalalarda”, “Bola”, “Oila”) obrazlari muhim oʻrin tutadi.

Mopassan asarlarida ruhiy tushkunlik, uning ortidan muqarrar keladigan ruhiyat tanazzuli va nihoyat, oʻlim tushunchalari keng talqin etiladi.

Bu bevosita yozuvchining oʻz ruhiy holati va kasalligi bilan izohlansa, ajab emas. Biroq Mopassan XIX asr fransuz hayotining turfa manzaralarini shunday aniq va tiniq tasvirlaydiki, mazkur jihat uni dunyoning buyuk revlist adiblari qatorida sanashga asos beradi. Darhaqiqat, Gi de Mopassan ijodi hamon qalblarni toʻlqinlantirib kelayotgan bezavol ijoddir.

 

Mahmadiyor ASADOV tayyorladi.

 

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–8

https://saviya.uz/hayot/mashhurlar-hayoti/qobiliyat-bu-cheksiz-bardosh/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x