Nega yondim, nega chekingum?

Inson uchun dorulfanodagi ilohiy tortiqlardan biri – bu doʻst. Kimdir oʻz muhibiga yetishadi, kimdir umri davomida uni izlab oʻtadi. Tompson esa boshqalardan farqli oʻlaroq, juda erta abadiy doʻstlikka musharraf boʻldi. Ahamiyatlisi shuki, uning doʻsti tilsiz-zabonsiz-u, ammo boshqalardan koʻra koʻproq tillasha oladi. Koʻngil tubidagi hech kimga aytolmaydigan sirlarini ungagina ishonadi, demakki, dillasha oladi. Yillar davomida ikki doʻstning sadoqati sayqallanib, bir-birining kashshofiga aylanib bordi. Ular Tompson va Tabiat edi.

Ernest Seton Tompson 1860 yilning 14 avgustida Angliyaning Darem grafligi Saut-Shilds shahrida dunyoga keldi. Tompsonning oilasi 6 yoshligida Kanadaga koʻchib keladi. Otasi fermer boʻlib, oila aʼzolarining barchasi unga yordamlashar edi. Tompson esa koʻp vaqtini akasi bilan uylari yaqinidagi oʻrmonda oʻtkazardi. Jonivorlar, qushlar, hindular va shikor – mana bular uni oʻz bolaligi hamda adabiyot bilan bogʻlovchi koʻprik. Tabiat unga nafaqat yozish ilhomini, balki moʻyqalam sehrini ham inʼom etgandi. Tompsonning qalami bir mavzuga doimo sodiq – Tabiat: yozgani ham, chizgani ham shu. Javonidagi kitoblarning tashqi koʻrinishigina emas, mazmun-mohiyati ham hayvonot olamini oʻzida mujassam etgandi.

Ernest juda iqtidorli bola boʻlgan. U 6 yoshida gazetaning birinchi sahifasiga koʻzi tushganu unda chop etilgan qushlar va hayvonlar rasmlarini qirqib yigʻa boshlagan. Qobiliyatli bolakay boz ustiga oʻta oʻjar va qatʼiyatli ham edi. Koʻngli tusagan ishni qilmagunicha qoʻymasdi. Bir kuni kitob doʻkonida “Kanada qushlari” nomli asarni koʻrib qolib, rosa xarxasha qiladi. Tabiiyki, uni na narxi qiziqtirar, na ota-onasining yupatishlari qulogʻiga kirardi. Uch dollarni yigʻish uchun u quyonlarini sotadi, qoʻshnining daraxtini butab beradi, bir angliyalikka hasharotlar kolleksiyasini pullaydi, yetmagan sentlarini akasidan oʻgʻirlaydi: axir, ishqi tushgan kitobni olishi kerak-ku!

1876 yilga qadar boʻlajak yozuvchi London, Parij, Nyu-York shaharlaridagi sanʼat kollejida tahsil oladi va nihoyat, 19 yoshida Torontoda oʻqishini tamomladi. Bu vaqt davomida oʻzining hayvonot olamiga muhabbatini yumor orqali goʻzal boʻyoqlarda ifodalashga harakat qildi; qahramonlarining feʼl-atvori, kayfiyati, insoniyat bilan munosabati – bari-bari qogʻozlarga koʻchdi. Seton-Tompsonning adabiy qahramonlari bir-birini takrorlamas va muallif ularni boricha yaxshi koʻrardi. U oʻrmonu togʻlar, qiru dashtlar hayotini boʻy-basti bilan, hatto dahshatu shafqatsizliklari bilan yozishdan hayiqmasdi. Koʻp oʻtmay ular koʻplab hikoyalarga, keyin qissa va romanlarga mavzu boʻldi. Seton-Tompsonning ilk adabiy asari 1883 yilda “Oʻtloq hayoti” nomi ostida chop etiladi. “Yovvoyi hayvonlar, sizni qanchalar bilaman” (1898), “Ov ostidagi hayot” (1901), shuningdek, “Yovvoyi hayvonlar hayoti” nomli 8 jildlik kitobi (1925–1927) unga Kanada va Amerikada olamshumul muvaffaqiyat keltiradi. Badiiy asarlari, qahramonlari uchun rangtasvir ishini ham oʻzi bajarar, buning uchun 1890 yildan 1896 yilga qadar Parijda tasviriy sanʼat boʻyicha saboq olgan edi.

Oʻz ona yurtiga qaytgach, Greys Gallatin ismli mahalliy qiz bilan oila quradi. Sakkiz yil deganda orziqib kutganlari va ular turmushidagi yagona farzand – Ani Siton dunyoga keladi. Qizaloq oʻzi bilan birga er-xotin oʻrtasiga iliqlik, hayot quvonchlariyu goʻzalliklarini olib keladi. U ham otasi yoʻlidan borib, keyinchalik tarixiy va biografik asarlar yoza boshlaydi, koʻplab kitoblari bestsellerga aylanadi. Hayotlarining oʻttiz toʻqqiz yilini birga oʻtkazgan Greys va Ernest munosabatlari oxir-oqibat ajrim bilan yakun topadi. Oradan koʻp vaqt oʻtmay, Tompson koʻnglidagi ayolini qayta uchratadi. Julii M. Batri ham adabiyot sohasida faoliyat yuritar, ijodga oshno ayol edi. Ular turmushi davomida farzandli boʻlishmadi, 1938 yilda esa yetti yoshli Byulu Di ismli qizaloqni asrab olishadi.

Beqaror Tompson bir joyda muqim turmas, goh oʻrmonda, goh Shimoliy Amerika choʻllarida qoʻnim topardi. Biroq hech qachon katta shaharlarda uzoq yasholmagan: Kanada va Amerikaning ovchilari, fermerlari, hindulari va eng asosiysi jonivorlari uni qayerda boʻlmasin oʻziga ohanrabodek tortardi. Kanada maʼmuriyati “davlat tabiatshunosi” lavozimiga loyiq topishi Tompsonga hayvonot olamini chuqur oʻrganishi uchun katta imkoniyat yaratdi. Koʻrgan-kechirganlari, sayohatlari natijasida “Yovvoyi hayvonlar hayoti” nomli 8 tomdan iborat 40ga yaqin kitob nashr ettirdi. Bir necha asarlarini hindular va eskimoslar turmush tarzi, xalq ogʻzaki ijodi, urf-odatlari, marosimlariga bagʻishladi. Hindular hamda yovvoyi hayvonlar – tabiatning bu ikki inʼomi mushtarak holda ajoyib va qiziqarli avtobiografik asar – “Yovvoyi odamchalar”ning dunyoga kelishiga sabab boʻldi. Ernestning, shuningdek, “Kemiruvchilar tarixi” (1900), “Qayin poʻstlogʻi” (1902), “Oʻrmon haqida kitob” (1912) asarlari kitobxonlar eʼtiboriga havola etiladi.

1906 yili uning hayotida oʻzgarishlar roʻy berdi: boy-skaut [1]lar harakati asoschisi lord Baden-Pauell bilan tanishdi. U bilan hamkorlikda tabiat hamda hayot muvofiqligini ilgari suruvchi gʻoyani targʻib qildi. Bu harakat butun umri, faoliyatining ajralmas boʻlagiga aylandi. Seton-Tompson oʻzini murabbiy sifatida ham namoyon eta oldi. “Pionering” taʼlim tizimi asoschisi sifatida uning nomi hanuz yodga olinadi. Mazkur tizim F. Kuperning mashhur “Pionerlar” romani asosiga qurilgan boʻlib, u yovvoyi tabiatni oʻrganish uchun turli noodatiy usullarni oʻzida jamlagandi. Jumladan, maskirovka (yashirinish), taktik oʻyinlar, sayohat, koʻchat oʻtkazish, bogʻlar yaratish kabi amaliy mashgʻulotlar nazariyotchi murabbiylar uslubidan farq qilar va yaxshi samara berardi. Adib zoologiyaga oid qator asarlar ham yozdi. Ilm-fanga qoʻshgan hissasi uchun AQSH ilmiy tadqiqotlar instituti tomonidan “Eliot” oltin medali bilan taqdirlandi. U birgina narsadan qoʻrqardi: u ham boʻlsa, yovvoyi hayvonlar bemaqsad va behuda qirib yuborilsa nima boʻladi?! Mana shu tashvish uni tinimsiz ijod qilish, ilmiy asarlar yozishga undardi. Jonivorlarni muhofaza qilish, tabiatni asrab-avaylash, uning qadr-qimmatini yoshlarga tushuntirish uchun Kanadada “Oʻrmonchilik Ittifoqi”ni tashkil etadi.

1908 yili AQSHda uning ilgʻor tajribalari besoʻroq ommalashtira boshlandi. Bundan ikki yil avval esa ishonib yurgan doʻsti, general Baden-Pauell Tompsonning gʻoyalarini oʻgʻirlab, oʻz muallifligida kitob chiqargandi. “Bolalar uchun skauting” nomli asarga koʻzi tushdi-yu doʻsti ismini koʻrib, Tompsonning rangi dokaday oqarib ketdi. Bu ikki holat uni umuman boshqa odamga aylantirib yubordi: hukumatdan alamzada, doʻstining bu ishini esa xiyonat deb bilgan Ernest endi hech kimga ishonmas, odamlarga qoʻshilmas edi. Shundan soʻng, jamoat ishlariga aralashmay, odamlardan qochadigan, tashabbuskorlik koʻrsatmaydigan boʻlib qoldi. Uning endi bolalar bilan mashgʻulot olib borishga ham, oʻz mablagʻiga kichik tabiat qoʻriqxonalari tashkil etishga ham hafsalasi qolmagandi…

Butun umrini tabiatni kuylashga, uning ochilmagan sir-asrorlarini kashf etishga bagʻishlagan, ayni vaqtda yozuvchi, rassom, murabbiy sifatida mashhur boʻlgan tabiat jonkuyari Ernest Seton-Tompson 1946 yilning 23 oktyabrida Nyu-Meksiko shtatining Santa-Fe shahrida yorugʻ dunyoni tark etdi.

 

Sevara ALIJONOVA tayyorladi.

 

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–8


 

[1] XX asr boshlarida dastlab Angliyada, soʻng boshqa baʼzi burjua davlatlarda tuzilgan harbiy-siyosiy xarakterdagi bolalar tashkiloti.

https://saviya.uz/hayot/mashhurlar-hayoti/nega-yondim-nega-chekingum/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x