El – ona timsoli, ona – el ramzi

Qoʻliga qalam tutgan shoir yoki adib yoʻqki, bu ulugʻ zotni vasf etmagan boʻlsin. Negaki, ona  murgʻak goʻdakni, “Tol beshikka tayanib, tol uyqudan uygʻonib…”, ming bir mashaqqat bilan oʻstiradi; bor mehrini berib tarbiya qiladi. Farzandi vujudiga kirgan tikan ona qalbida ogʻriq beradi. Jigarbandi nogoh qoqilsa, koʻngli qalqib ketadi. Qismat taqozosi bilan bolasi uzoqroqda yashasa, koʻzlari yoʻlda, qoʻllari duoda boʻladi: “Ollohim, nuridiydamni oʻz panohingda asra! Jigarbandimning iqbolini baland qil!” Ona oldidagi qarzdorlik tuygʻusi uni munosib darajada qadrlashga, eʼzozlashga undaydi. Ijod ahlida esa, bu tuygʻu yuz chandon ziyodroq boʻlishi tabiiy. Oʻzbekiston xalq shoiri Mirtemir sheʼriyati buning yorqin misolidir.

“Seni, bolaligim…” sheʼrida mana bunday yozadi:

 

Ona chiroyida barq urgan ziyo

Farzand yanogʻida boʻladi paydo.

Seni, bolaligim, men koʻrdim boya

Bahor diydorida ravshan – huvaydo.

 

“Ona yer”, degan naql bor. Tabiiyki, bu naqlda elimizning obrazli tafakkuri mujassam. Urugʻning gurkirab oʻsishi, hosil berishi yer sifatiga bogʻliq boʻlgani singari farzand kamolini koʻp jihatdan onaning maʼnan barkamolligi, ruhan yetukligi darajasi belgilaydi. Negaki, goʻdak ona vujudida shakllanadi, ona sutidan oziqlanadi. Dastlabki ikki misrada shoir xuddi shu teran haqiqatni hech bir shoirni takrorlamagan holda obrazli tasvirlashga erishgan. “Ona chiroyida barq urgan ziyo Farzand yanogʻida boʻladi paydo” – bu satrlarda ana shu hikmat, hayotning chuqur falsafasi talqin etilgan. “Seni, bolaligim, men koʻrdim boya Bahor diydorida ravshan – huvaydo” satrlari orqali shoir Onani bahorga tashbeh etadi. Ana shu toʻrt misrada shoir Ona – farzand – bahor – bolalik tushunchalari orasidagi uzviy bogʻliqlikni betakror badiiyat orqali ifodalaydi.

 

Erta tong salqini, quyosh kulgusi,

Shafaq latofati, buloq diydori,

Onalarning mehri, padar suygisi,

Hayot malohati – jilvang diyori!

 

Bu misralarda onalar mehri quyosh kulgusiga, shafaq latofatiga qiyoslanadi. Hayot malohati onalar mehri va padar suygisida ekani haqidagi badiiy umumlashmaga kelinadi. Umuman, “Seni, bolaligim…” sheʼri Ona obrazining oʻziga xos tasviri bilan alohida ajralib turadi.

“Xoltosh” sheʼrida shoir onasi qadriga yetmagan, xizmatini qilib, duosini olish oʻrniga koʻp aziyat yetkazgan Xoltosh obrazi vositasida mushtipar ona kechinmalarini, koʻngil iztiroblarini, ruhiy titroqlarini betakror talqin etishga erishgan:

 

Koni tashvish-ku bu tilsiz chaqaloq,

Eh, shoʻrlik ona.

Kechalari shundoq oʻtgandir uygʻoq,

Zoru parvona…

 

Ijodkor bu satrlarda “koni tashvish boʻlgan tilsiz chaqaloq”ni voyaga yetkazish ilinjida zoru parvona boʻlib, kechalarni bedor oʻtkazgan munis ona obrazini taʼsirchan ifodalaydi. Chaqaloqni yuvish, tarash, tunni tongga ulab beshik tebratish, oʻzi soʻlgʻin charchoq holda boʻlishiga qaramay, beshikka beun kulib qarash – bolasiga jonu dilini bagʻishlagan mushtipar ona ruhiyatini shoir ana shunday badiiy detallar orqali tasvirlaydi. Bu misralarda tinimsiz yigʻlayotgan chaqaloq, tebranayotgan beshik, ana shu beshikka tayanib, tunni bedor oʻtkazayotgan ona timsoli oʻquvchi koʻz oʻngida yaqqol namoyon boʻladi.

 

Eh, ona taqdiri, ona taqdiri,

Ogʻir nechogʻliq,

Hanuz yaralganmas ona tasviri,

Siynasi dogʻliq…

Mening hasratimda ketdi bevaqtroq,

Soʻndi sham kabi…

 

Shoirning mahorati shundaki, birinchidan, oz soʻzga koʻp maʼno yuklaydi, ikkinchidan, sifatlashlar, tashbehlar, tushkun ruhiyat tasviri orqali ifodaning taʼsir kuchi oshishiga erishadi. Bu satrlardan armon, iztirob, dard silqib turadi. Tabiiyki, soʻzning zamiridagi dard oʻquvchiga ham taʼsir etmay qolmaydi. Oʻquvchi koʻz oʻngida mushfiq ona siymosi namoyon boʻladi. Volidasini qadrlagani uchun shukronalik yoxud eʼzozlay olmagani bois oʻkinch va armon koʻnglini chulgʻab oladi. Zero, sheʼrdan murod ham shu. Sheʼr sheʼr uchun emas, axir. Oʻquvchining qalbiga taʼsir etmagan, tuygʻularini junbishga keltirmagan, tafakkurida evrilish paydo qilmagan, yangi orzular, idellar ogʻushiga olib kirmagan sheʼrni sheʼr deb boʻlmas. 

 

Sandiqda qolibdi atogʻliq belbogʻ.

Xoltosh tagʻin gang.

Yemay-ichmay balki jamgʻarmish uzoq…

Attang, yuz attang!

 

Ona har doim farzandi gʻamida kun oʻtkazadi, mudom uning tashvishi bilan yashaydi. “Sandiqda qolibdi atogʻliq belbogʻ” – chinakam milliy ruh ifodasi kuzatiladi bu misrada. Shoir oʻzbek onasining ruhiy olamini yorqin hayotiy detal orqali inkishof etadi. Ana shu misra ona orzusi, armoni, ruhiyati – barchasini oʻzida mujassam etgan. Zero, oʻzbek onasigina hech narsasi yoʻq bir sharoitda ham jigarbandining toʻyini koʻrish orzusida hech boʻlmasa bir belbogʻni koʻziga surtib asraydi. “Yemay-ichmay jamgʻarmish uzoq… Attang, yuz attang!”

Odamzod tabiatiga xos bir xususiyat bor: aksar hollarda mohiyatni kech anglaydi, voqelikdan kechikib xulosa chiqaradi. Haqiqatni anglagan, his etgan kezda esa, vaqt uchogʻi allaqachon oʻzga manzillarga yetgan boʻladi. Xoltosh ham xuddi shunday: oʻz vaqtida ona qadriga yetmaydi. Balki bu nuqson faqat ungagina tegishli emasdir. Ayrim insonlarni istisno qilganda, aksar farzandlar ana shu holga tushishi hayotiy haqiqat-ku, axir! Onani oʻz vaqtida qadrlagan, xokipoyini koʻziga surtib, eʼzozlay olgan odam, afsus, juda kam. Shu maʼnoda, Xoltoshni umumlashtiruvchi obraz, deyish mumkin.

 

… Mahallada tanho soʻqqabosh,

Doʻppi yarim, beparvo, beor.

Tirik boqim, beburd, bagʻri tosh,

Bor-yoʻgʻini oʻrtamish qimor.

Yarim tunda kelar: “Ona… Oshshsh!”

 

“Onalarning obrazi oʻzi bitta, – deb yozadi Oʻzbekiston Qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripov. – Lekin shakl-shamoyili, ismi har xil boʻlishi mumkin. Millati ham, boringki, dini ham har xil boʻlishi mumkin. Lekin hamma onalarning fazilati bir xil. Umuman, hamma dinda, millatda ona degan kasb bitta. Ona – bu mehr degani. Ona farzand uchun yashaydi, afsuski, farzand ona uchun yashamaydi. Shunday katta farq bor. Ona bolasi uchun doim tayyor turadi. Lekin farzandni esa, albatta, ona uchun qurbon boʻladigan tarzda fidoyi qilib tarbiyalash kerak”[1].

Mirtemirning sanʼatkorligi shunda koʻrinadiki, u “tirik boqim” Xoltosh va kuygan ona ruhiyatini qaygʻuli boʻyoqlarda tasvirlaydi. Shoir “Toqati toq, nursiz koʻzda yosh, Hasratida qaddi yoy, bemor” singari sifatlashu tashbehlarni keltiradi. Sheʼrdagi har bir soʻz, jumla, ohang onaizor ruhiyatini teran ifodalashga qaratilgan. Oʻzbek onasi har qanday musibatga bardosh berishi mumkin, lekin bolasi sabab el ichida uyatli boʻlib qolsa, bunga toqat qila olmaydi. Yillar yukidan shundoq ham egilgan qaddi battarroq egiladi, koʻngli butunlay choʻkib qoladi, yorugʻ olam zimistonga aylanadi. “Tokay gʻalva, tokay bu bardosh Koʻtararmi bundoq yukni nor?” misralari ana shu ruhiy holatni bor murakkabligi, bor ziddiyatlari bilan aks ettirgan.

 

Koshki, qoʻysa daydishni Xoltosh,

Sayoq koʻngli topsaydi qaror,

Toʻy-tomosha qilsam…bir yuvosh

Kelin tushsa, kunday begʻubor…”

 

Xoltoshning onasi – sabr timsoli. Shoir onaning umidvor kayfiyatini, har qanday ogʻir sharoitda ham quvvat topa olgan ruhini oʻzbekona orzuga bogʻlab talqin etadi: “Toʻy-tomosha qilsam… bir yuvosh Kelin tushsa, kunday begʻubor...” Milliy ruhning betakror tasviri – Mirtemir sheʼriyatining asosiy fazilatlaridan ekani ana shu birgina misoldan ham yaqqol ayon boʻlib turibdi.

Ona qoʻshnisi Hojarning suluv, qalamqosh keliniga,  tanti, beozor oʻgʻliga havas bilan qaraydi. Ona oʻylarida oʻzbek onasiga xos toza samimiyat bor; hasad emas, havas mujassam. Farzandi ham shunday boʻlishini orzu qiladi, holidan kuyinadi, xulqi yaxshilanishidan umidvorligini izhor etadi: “Oh, loaqal boʻlsa sartarosh, Yigit umri oʻtmasa bekor”. Lekin nadomatlar boʻlsinki: “Toshni talqon qilolgudek yosh, Kasbi qimor, olam boʻldi tor. Tengdoshlari bir-bir ishga bosh, Bu hali ham qimorga xumor…”

Xoltosh singarilar, garchi yosh jihatdan oʻsayotgan boʻlsa ham aql koʻzgusini gʻubor bosgani bois esi kirmagan farzand – ota-ona umriga egov. Qavmu qarindosh ham undan bezor. Onaizorning koʻzyosh toʻkib aytgan oʻgitlari zarracha ham kor qilmaydi.

Ona uchun farzandi zavolini koʻrishdan ham ogʻir musibat boʻlmaydi. Yuqoridagi misralarda ona ruhiyati, tubsiz armoni oʻquvchi ongiga, ruhiga selday oqib kiradigan tarzda taʼsirchan ifodalangan.

Ziddiyatli, kishi ongiyu ruhiga toʻfonday taʼsir qiladigan ruhiy iztirob­lar tasviridan soʻng shoir mana bu tarzda poetik xulosa chiqaradi:

 

Koshki, men ham boʻlsam aytguli shoir,

Bir armonim bor:

Onalarga atab yaratgum oxir –

Sheʼrdan choʻng yodgor.

 

Darhaqiqat, Xoltosh qismati misolida Mirtemir taʼsirchan bir sheʼriy qissa yarata olgan. Bu qissa hayotda yoʻlini yoʻqotgan barcha xoltoshlar, shuningdek, jami jigarxun onalar armonining mungli talqinidir. Bu hol shoirning chindan ham onalarga atab “sheʼrdan choʻng yodgor” yaratganiga dalil boʻla oladi.

“Sen ona…” sheʼri obraz yorqinligi jihatidan ham, ona – ayol ruhiyatining betakror tasviri nuqtai nazaridan ham alohida ahamiyatga ega. Sheʼrda Alisher Navoiy, Zahiriddin Bobur singari ulugʻ mutafakkirlar, Mahmud Torobiydek ozodlik harakati yoʻlboshchilarining dunyoga kelishi ham ona degan moʻtabar nom bilan chambarchas bogʻliq ekani zikr etiladi:

 

Alisherga alla aytib uxlatgan

                                       Sen – ona.

Ogʻushida Bobur kamolga yetgan

                                       Sen – ona.

Torobiyni ogʻir jangga joʻnatgan

                                       Sen – ona.

Olamni nurida munavvar etgan

                                       Sen – ona.

 

Keyingi satrlar esa, ona ruhiyati tasvirining tiniqligi, taʼsirchanligi bilan alohida ajralib turadi. Shoir talqinicha, onaning yigʻisi dunyoni tit­ratadi, kulgisi saodat parvarish etadi. Mazkur sheʼr urush yillarida yozilgan. Aslida, urushdan eng koʻp aziyat chekkan ham, urush sababli nuridiydasidan ayrilib, iztirob girdobida qiynalgan ham, birinchi navbatda, onalar boʻlgan. Onalar koʻngliga tahlika solgan oʻsha suronli yillarning iztiroblari Mirtemirning mana bu misralarida, ayniqsa, taʼsirchan ifodalangan:

 

Yagona oʻgʻlingni joʻnatding jangga,

Boʻl bardam, ona!

Onaday oshiq yoʻq Ona-Vatanga,

Muhtaram ona…

 

Mirtemir ijodda milliy adabiy anʼanalar, sheʼriy madaniyat ufqlarini kengaytirishga intildi va buni muvaffaqiyat bilan ado etdi. Ona mavzusidagi sheʼrlari ham ushbu fikrni tasdiqlaydi. Hayot kezlarida onani munosib darajada qadrlab, xizmatini qilish, duosini olib, roziligiga erishish – ulugʻ saodat. Lekin, taassufki, bunga hamma ham birday muyassar boʻlavermaydi. Shu maʼnoda, Mirtemirning “Onaginam” sheʼri zohiran biografik xarakterga ega boʻlib koʻrinsa-da, aslida umumlashma xususiyat kasb etadi. Bu esa, sheʼrni real voqelikning ifodasi deb qarash u qadar toʻgʻri emasligini koʻrsatadi. Unda real voqelik va badiiy umumlashma sintezlashgan deyilsa, toʻgʻriroq boʻladi.

Sheʼrning boshlanishida shoir lirik qahramon ruhiyati tasvirini kuchaytirib ifodalovchi gʻashlik tushunchasiga urgʻu beradi. Uning “tovonga chaqir tikanakdek botguvchi, bedavo sizlovuqday sizlatguvchi” ekaniga eʼtibor qaratadi. “Jigarimni qiymalab ahyon-ahyon chuchvaraga tukkuvchi” – bu  sifatlash  gʻashlik lirik qahramon ruhiyatini batamom chulgʻab olganini koʻrsatadi. Oʻquvchida bu gʻashlikning sababini bilishga boʻlgan qiziqish tuygʻusi kuchaya boradi. Bu soʻzlar keyingi misralarda tasvirlanajak holatlarga muqaddima kabi taassurot qoldiradi:

 

Tovonimga chaqir tikanakday botguvchi –

gʻashlik,

Bedavo sizlovuqday sizlatguvchi –

gʻashlik.

Jigarimni qiymalab ahyon-ahyon,

Chuchvaraga tukkuvchi –

gʻashlik.

 

Ona tilimizning ifoda imkoniyati nechogʻliq keng ekaniga Mirtemir sheʼr­lari yorqin misol boʻla oladi. Shoir lirikasida til ham, obraz ham, badiiy tasvir vositalari ham chinakam oʻzbekona. Sizlovuq, sizlatmoq – boshqa shoirlar ijodida bunday soʻzlarni topish qiyin. Yana bir muhim jihati, shoir soʻzni majburan tiqishtirmaydi, aksincha, soʻzlar uzukka qoʻyilgan koʻzdek fikrga ziynat beradi. Tabiiy ohangi bilan koʻngillarga oqib kiradi, dil torlaringizni chertib yuboradi. 

Mirtemir – sanʼatkor shoir. Tabiiyki, mahorat oʻz-oʻzidan paydo boʻlmaydi. Keyinroq, shoirning oʻzi bunday deb yozgan edi: “Sheʼr – bu yurak degani, qalbning saʼy-harakati va tugʻyonlari degani, sheʼr obraz va obrazli fikrlash degani”[2]. Ana shu tushunchaga sodiq qolgan Mirtemir ona haqidagi sheʼrida inson qalbini hayajonga soladigan yorqin, mukammal, eng muhimi, odamni oʻylashga, tafakkur qilishga daʼvat etadigan obrazli tasvirlar yaratdi. Mana bu misralar oʻquvchining ruhiy olamini agʻdar-toʻntar qilishga, uning qalbida buyuk zot – ona oldida oʻz vaqtida ado etilmagan qarzdorlik tuygʻusini uygʻotib yuborishga qodir:

 

Tizzasiga bir nafas bosh qoʻyishimga

                                        koʻzim yetsaydi,

Onalik mehriga obdon toʻyishimga

                                        koʻzim yetsaydi,

Oq sutingni oqlay, deyishimga

                                       koʻzim yetsaydi,

Menda gʻashlik netardi?

 

Shoir oʻquvchi shuuriga kuchli taʼsir etadigan hayotiy detallarni benihoya oʻrinli qoʻllash borasida ham mohir. “Menda gʻashlik netardi?” der ekan, oʻz fikrini “Yantoq oʻtinidek, Tamaki tutunidek, Tong paytida tarqalgan badbaxtlik tunidek – Cheksiz fazolarga tarqab ketardi!” deya obrazli va taʼsirchan ifodalaydi.  

Adabiyotshunos Farhod Hamroyev yozishicha: “Mirtemir badiiy izlanishlarining tadrijiy rivoji oʻsha davr oʻzbek adabiyoti taraqqiyotining umumiy qonuniyatlarini – ijodda realistik tamoyillarning qaror topishidan tortib ularning yangilanishigacha boʻlgan jarayonlarni oʻzida aks ettirdi”[3]. Bu fikr tahlil etilayotgan “Onaginam” sheʼriga ham toʻla taalluqlidir. Shoir realistik tasvir metodida har jihatdan taʼsirchan, badiiy barkamol, dunyo adabiyotining eng sara namunalaridan zarracha ham qolishmaydigan asarlar yaratish mumkinligini oʻz sheʼrlari orqali isbot qila oldi. Bunga shoir ijodidan koʻplab misollar keltirish mumkin. Jumladan, mazkur “Onaginam” sheʼrida muallif mana bunday satrlarni ijod qila olgan: 

 

Soʻnggi yoʻlga oʻzim kuzatolmaganim –

Togʻday zil.

Abadiyatday cheksiz armon boʻlib qoldi dilimda,

onaginam!

Odam boʻldimmi menam?

 

Shoir soʻzni juda ham nozik his etadi. Ona tilimizning beqiyos ifoda  imkoniyatlarini oʻz lirik asarlarida bor boʻyi bilan koʻrsatishga intiladi. “Odam boʻldimmi menam?” – taassufning yuqori chegarasini mujassam etgan bu soʻzlar chin maʼnoda oʻzbekona. Bunday soʻzlar oʻquvchi koʻngliga chuqur kirib boradi. Natijada, sheʼr muxlisi oʻz-oʻzini taftish qila boshlaydi. Oʻzidan oʻtgan qusurlarni yodga oladi. Buyuk siymo – onasi oldida munosib darajada ado etolmagan burchi qalbini oʻrtaydi, vujudiga titroq soladi, vijdonini qiynashga tushadi.

 

Ha, odam sanashar meni elimda.

Senga qilolmagan xizmatim,

Sen deb chekolmagan zahmatim –

Jindak zehnim, jindak sheʼrim, jindak gʻazalxonligim

Onalik mehriga toʻymagan mehrim,

jindak yaxshilik va yomonligim

Meni odam sanagan elimga baxshida,

jafodiyda onaginam!

 

Afsus-nadomatlar odam koʻnglini gʻuborlardan, zanglardan tozalaydi. Biroq inson faqat oʻzigagina tegishli boʻlgan iztiroblar girdobida qolib ketmasligi zarur. Ijodkorning ijodkorligi, shoirning shoirligi shundaki, u oʻzini el bilan birga his etadi. El gʻami unga anduh, el quvonchi unga shodlik hadya etadi. “…jindak yaxshilik va yomonligim Meni odam sanagan elimga baxshida”, degan toʻxtamga kelishi buning yorqin isbotidir.

El nazari va ota-ona nazari bir-biriga uygʻun, biri ikkinchisini taqozo etuvchi tushunchalar. Elga ona nisbati berilishi, “Ona el” deyilishi zamirida ham ana shu teran hikmat mujassam. Shoirning “Elga xizmatim senga xizmatim emasmi” deyishi sababi ham shunda. Chunki el – ona timsoli, ona esa – el ramzi: 

 

Elga xizmatim – senga xizmatim emasmi axir,

El meni farzandim demasmi axir!

 

“Rozi boʻl, odam sanalay menam…” – bu xulosa milliy ruh ifodasi, pok­langan koʻngilning oʻzbekona samimiy izhori. Zero, ona roziligi oʻzbek uchun eng muqaddas tushunchalardan biri, odamiylikning bosh shartidir. Ona rizosiga, el rizosiga muyassar boʻlmoq xalqimiz uchun sharaflar ichra eng oliy sharafdir. Mirtemirning ona mavzusidagi sheʼrlari ana shu toza tuygʻu, milliy ruh betakror talqin etilgani bilan yangi zamon oʻzbek sheʼriyati rivojida alohida mavqega ega.  Bu sheʼrlar tahlili shoirning ona timsolida elni, el deganda esa onani tushungani haqidagi muhim xulosaga olib keladi.

 

Nurboy JABBOROV

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016–9

 


[1] Oripov A. “Sharq yulduzi” jurnali oʻquvchilari savollariga javoblar. – Tanlangan asarlar. 6-jild, Toshkent, “Sharq”, 2010, 243-bet.

[2] Mirtemir. Saylanma. Toshkent, “Maʼnaviyat”, 2012, 6-bet.

[3] Hamroyev F. Yangroq tanbur sadosi. – Mirtemir. Saylanma. Toshkent, “Maʼnaviyat”, 2012, 8-bet.

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/el-ona-timsoli-ona-el-ramzi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x