Mulla Abbos Faransaviy Toshkandiy – jadid ziyolisi timsoli


Post Views:
132

Turk-musulmon dunyosining yo‘lboshchisi Ismoil Gasprinskiyning adabiy asarlari jamoatga hali u qadar yaxshi tanish emas. Ismoil Gasprinskiy g‘oya va fikr odami bo‘libgina qolmay, ayni zamonda roman va hikoyachi, adabiyotning nazariy muammolari va tanqidchilik sohasida ham samarali faoliyat olib borgan adabiyotchi hamdir.

Gasprinskiy “Tarjimon” gazetasidagi faoliyati davomida bir qancha taxalluslardan foydalandi. U eng ko‘p foydalangan taxalluslaridan biri Mulla Abbos Faransaviydir. Ismoilbey ushbu imzo ostida bir qator roman va hikoyalarini e’lon qildi. Ular: “Farangiston maktublari”, “Dor ur-rohat musulmonlari”, “Sudan maktublari”, “Xotinlar o‘lkasi”, “Mulla Abbos ila tasodif uchrashuv – Gul Bobo ziyorati” va boshqalar.

…Gasprinskiy adabiy asarlari qahramoni toshkentlik Mulla Abbos ismli bir yigit. Sayohatga chiqmasidan oldin 22 yoshda bo‘lgan Mulla Abbos otasi vafotidan keyin katta boylikka merosxo‘r qoldi. U otasidan ayrilib, bu dunyoda yoliz qolganidan so‘ng, dunyo kezib, sayohat qilmoqchi bo‘ldi. “…Yurt kezmoq, sayohat qilmoq – ulug‘ bir darsxonada dars olmoq maqomida” deb o‘ylagan Mulla Abbos barcha ishlarini tashlab, yo‘lga chiqdi. U Toshkent madrasalaridan birida diniy tahsil ko‘rgan. Dunyoviy ilmlardan behabar. Dini islomda muqaddas hisoblangan joylarni ziyorat qilish niyatida yo‘lga chiqqan Mulla Abbos u yoq, bu yoqdan eshitib, Yevropaga ishqi tushdi.

“Mol-davlatga ega, sog‘-salomat bo‘lgan mo‘min bir musulmon Hijozga, mamoliki muqaddasiyaga yo‘l tutsa, men bo‘lsam ko‘zimni bir yumib, ochganda, zolim falakning hukmi bilan o‘zimni Farangistonda ko‘rsam bo‘ladimi!… Nima ham qila olardim! Peshonaga bitilgani shu bo‘lsa, Xudoga shukur qilaman!” deb yozadi u birinchi maktubida.

U yerga borishdan maqsad esa “eski kitoblardan Yevropada zamoni arabu turkdan qolgan azizlar va qadamjolar borligini bilib, ularni ziyorat etmoq ” edi…

…Odessada tanishgani Jozefina unga “chalma va sudrama choponni tashlash kerak. Farangistonda bunday kiyim kiyilmaganligi bois har kishining ko‘zi sizda bo‘ladi. Tomosha bo‘lasiz. Farangcha kiyinsangiz, bemalol yurasiz, kimsa tanimaydi, e’tibor qilmaydi!” degan so‘ziga “yo‘q, yo‘q, Jozefina xonim, ikki ko‘z emas, qirq ko‘z bilan qarasinlar, chalmamni ham, choponimni ham tashlamayman! …Tabdili qiyofat lozim bo‘lsa, Farangiston sayohatidan voz kechishi”ni aytadi. Istanbulliklar kiyimi va fas kiyish taklif qilinganda esa “boshlaridagi faslarini olib tashlang, biror farangdan farqi yo‘q. Musulmon ekanliklari faqatgina fasdan ma’lum… Men Turkistonlikman, bilsinlar, ko‘rsinlar…” degan Mulla Abbos haqiqiy vatanparvar ekanligini isbotlaydi…

…“Yevropa ilgarilari musulmonlardan olgan darslari samarasi o‘laroq hozirgi darajalariga yetishdilar. Bular musulmon emas, ammo, ko‘p hollari islom qoidalariga asoslangandek tuyuladi”. Mushohada qiladi Mulla Abbos. Yevropada “barchaning o‘qish-yozish va ilm olishi, “ilm jumlaga farz” hukmiga ko‘ra odat…Bu qoida islom qoidasi. Lekin, musulmonlar orasida qo‘llanilmaganligi sababli… yuz musulmondan o‘n beshi o‘qir-yozar, yuz fransuzdan o‘n besh nodon topilmaydi”

…Teatr haqida boshlangan mulohaza o‘sha vaqtdagi musulmon olamida bo‘layotgan yana bir bahsli mavzu, ayollar va hijob masalasiga ulanib ketadi: “Har nima bo‘lsa marhamat va ne’mat deb bilaman. Hyech ham ochilmasinlar, demayman: lekin bunday gavjum jamoa orasida bunday yurmoqni ham munosib ko‘rmayman”…

…Mulla Abbos Odessa shahrida ko‘rgan teatr tamoshasiga munosabati quyidagicha:

Bir o‘yin tamom bo‘ldi. O‘yinchilar, xotin va er kishilar, o‘pishib, quchoqlashib ichkariga kirib ketdilar… Charshof tushdi. …Tamosha yomon emas, o‘yin mazmuniga ko‘ra, ko‘p vaqt safarda bo‘lib, uyiga qaytgan er, albatta, xotini va rafiqasini sog‘inadi. Aytgan she’r va ashulalari muhabbatlariga doir bo‘lsa kerak, albatta. Lekin, sabrsizlik qildilar. Parda tushar-tushmas, o‘pisha boshladilar… O‘pishmoq xato emas. Er va xotin bir-biri uchun ne’matdir. Lekin, bunday ishlar yolg‘iz qolganda bo‘lishi kerak. Bunday oshkoralik yarashmaydi. Gul ila bulbul yo yarim kechada, yo sahar mahali sevishadilar. Sas uzoq ketsa-da, muhabbat, sevinch masturdir…

Quyida maqolani to‘liq o‘qishingiz yoki (pdf ko‘rinishida) yuklab olishingiz mumkin.

Ismail_Gasprinskii_and_Jadidism

ISMOIL GASPRINSKIY VA TURKISTONDA JADIDCHILIK

Zaynobidin Abdirashidov
O‘zbekiston Milliy Universiteti, O‘zbek filologiyasi fakulteti, Matnshunoslik, milliy uyg‘onish va xozirgi o‘zbek adabiyoti kafedrasi katta o‘kituvchisi

https://shosh.uz/uz/mulla-abbos-faransaviy-toshkandiy-jadid-ziyolisi-timsoli-2/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x