Izdoshlikmi yoki fikrdoshlik?

Shafiqa YORQIN

 

Amir ul-kalom Nizomiddin Alisher Navoiy qasidalari koʻp emas. Fors tilidagi “Tuhfat ul-afkor” qasidasi falsafiy fikrlari, badiiy sanʼatlari bilan yuqori choʻqqiga koʻtarilgan.

Koʻpincha, qasida, deganda madhiya va marsiyalar nazarda tutiladi, chunki gʻaznaviylar va saljuqiylar davrida Unsuriy, Farruxiy, Asjadiy, Zohir Faryobiy kabi mashhur qasidanavis shoirlar janrni badiiylik va goʻzallik nuqtai nazaridan sheʼrning eng yuqori choʻqqisiga koʻtargan boʻlsalar-da, amirlarni maqtash bilan chegaralanib qolganlari sababli, keyingi shoirlar ham qasidani shu mavzuga qaratdilar. Bora-bora qasida madhu sano vositasiga aylanib qoldi.

Madhiya qasidalar oʻziga xos tuzilishga ega. Unda, tagʻazzul, tashbib, nasib, guriz, qochish, asl mavzuga qaytish, daʼvoi husni talab, maxlas kabi ruknlar mavjud. Ammo, baʼzi bir ulugʻ shoirlar, jumladan, Nosir Xusrav Balxiy, Sanoiy Gʻaznaviylar qasidani tuzilish va mavzu nuqtai nazaridan butunlay oʻzgartirdi. Ular qasida shaklini tagʻazzul, guriz, husni talab kabi ruknlardan ozod qilib, matlaʼdan boshlab, koʻzda tutgan mavzuni yoritib berishga kirishdilar.

Shuningdek, qasidani koʻproq pandu nasihat, falsafa va hikmat, ahloqu odob, ilmu maʼrifat, tasavvufu irfon kabi mavzularga qaratdilar.

Amir Xusrav Dehlaviy ham qasidada keyingi toifadagi shoirlardan hisoblanadi. Shoirning “Lujjat ul-abror” (Daryoyi abror) nomli falsafiy, ijtimoiy qasidasi mavlono Abdurahmon Jomiy bilan Mir Alisher Navoiy diqqatini tortgan hamda “Lujjat ul-asror” va “Tuhfat ul-afkor” qasidalarining dunyoga kelishiga sababchi boʻlgan.

Jomiy va Navoiy zamondosh, fikrdosh edilar. Ikkala shoir ham Husrav Dehlaviyga ixlos qoʻyib, gʻazallariga nazira bogʻlab, nazmini har doim hurmat bilan tilga olganlar. “Lujjat ul-abror” qasidasiga nazira yozish shunday ixlos va hurmat natijasi, deyilsa toʻgʻri boʻladi. Chunki tatabbuʼ qilishga loyiq falsafiy, irfoniy, ijtimoiy qasidalar fors adabiyotida kam emas.

Maqola sarlavhasini, “Izdoshlikmi yoki fikrdoshlik”, deb qoʻyganimizga kelsak, “Lujjat ul-abror”, “Lujjat ul-asror” va “Tuhfat ul-afkor” qasidalari vazn, qofiya, radif jihatidan ham, olgʻa surilgan gʻoyalar nuqtai nazaridan ham bir-biriga oʻxshagan holda badiiy sanʼatlar, soʻz oʻyinlari, baʼzi fikrlarni olgʻa surish yoki bayon qilish uslubi nuqtai nazaridan farqlidir. Bu mavzuni bilib olish uchun uchala qasida matlaʼlari yetarli. Amir Xusrav qasidasi bunday boshlanadi:

 

Koʻsi shoh xoliyu bongi gʻulgʻulash dardi sar ast

Har ki qoneʼ shud xushku tar, shahi bahru bar ast.

 

Jomiy qasidasining matlaʼi esa bunday:

 

Kunguri ayvoni shah k-az kohi kayvon bartar ast

Rahnahoi don k-ash ba devor hisori din dar ast.

 

Navoiy bu matlaʼga javoban mana bunday yozadi:

 

Otashin laʼle ki toji xusravonro zevar ast

Axgari bahri xayoli xom puxtan dar sar ast.

 

Uchala qasidada ham shoirlar boshidanoq shohni ogohlantiradi, shohlik shon-shavkati, zeb-ziynati dardisar va xom-xayol ekanligini uqtiradi, unga koʻngil qoʻymaslik, u bilan magʻrurlanmaslik zarurligini aytadi. Ammo shoirlarning har biri, fikrini oʻziga xos uslub, oʻziga xos soʻz sanʼatlari bilan bayon etadi.

Amir Xusrav matlaʼining birinchi va ikkinchi misralari orasida mustahkam robita oʻrnatilmagan. Chunki birinchi misrada qatʼiy qilib, shohlarning nogʻorasi boʻsh, gʻulgʻulasi bosh ogʻrigʻi, deb aytilsa, ikkinchi misrada hoʻl va quruqqa qoneʼ kishi, bahru barr, yaʼni yeru suv podshohidur, deb hukm chiqariladi. Bu ikki misrada faqat xushku tar, bahru barr orasida tazod sanʼati mavjud, ammo hoʻlu quruqqa qoneʼ kishi qanday qilib, bahru barr podshohi boʻlishi mumkinligi isbotlab berilmaydi.

Jomiy matlaʼini ham juda goʻzal va mustahkam deb, baho bera olmaymiz. Chunki unda ham har ikki misra orasida mantiqiy robita yuzaga kelmagan. Shohlar qasri kungurasi, din qoʻrgʻonining raxnasi (teshigi), deb ifodalagan boʻlsa ham buning dalilu isboti keltirilmagan. Shuningdek, birinchi misra sustroq voqe boʻlgan, chunki shoh ayvonining kungurasi, din qoʻrgʻoni devoriga raxna solsa ham osmon qasridan yuqoriroq, deb aytiladi.

Navoiy matlaʼi Xusrav va Jomiy matlaʼlaridan ancha ustun turadi. Bu daʼvoimiz isboti quyidagilardan iborat:

  1. Navoiy qasidasi matlaʼida, birinchi va ikkinchi misra orasida uzilmas mantiqiy robita mavjud. Birinchi misra ikkinchi misraga yoʻl ochib beradi, ikkinchi misra birinchi misrani izohlaydi va har ikkala misra bir-birini qoʻllab-quvvatlaydi. Qizil laʼl, olovga oʻxshaydi. Olov xom narsalarni pishirish uchun qoʻllanadi, laʼlning joyi tojda va tojning joyi boshdadir. Albatta, xom xayollar ham boshda boʻlgani sababli, olov va xom xayol bir joyda boʻlishi kerak. Bu ikki misra orasida maʼno va badiiylik nuqtai nazaridan uzilmas mustahkam robitani uzish mumkin emasligi, bu matlaʼ oʻta mohirlik bilan yozilganidan dalolat beradi.
  2. Navoiy matlaʼini sheʼriy sanʼatlar majmui deyish mumkin, chunki laʼl va otashda tashbeh, laʼl, toj va zevarda maroʼat un-nazir, toj bilan shohda tanosib sanʼatlari mavjud. Otashin laʼl tashbehida tashbeh harflari yoʻqligi tashbeh kuchini oshiradi. Chunki laʼl otashga oʻxshaydi demaydi, balki laʼlning oʻzini olov, deb beradi. Demak, shu sababli u baligʻ (etuk) tashbehlardan hisoblanadi. Shuningdek, ikki misrada axgar puxtan (choʻgʻ va pishirish) orasida mantiqiy tanosub boʻlsa, xom va puxtan (xom va pishigʻ) orasida tazod sanʼati mavjud. Ikkala misrani bir-biriga solishtirib qaralsa, birinchi misra mubtado, ikkinchi misra xabar, birinchisi laff, ikkinchisi nashr, deb ham aytish mumkin.

Sheʼrni sheʼr qiladigan narsa gʻayri haqiqiy, yaʼni majoziy tasvirdir. Shoirning xayolida yaratilgan tasvir, qanchalik gʻayri haqiqiy, yaʼni majoziy boʻlsa, badiiyligi va tasviri oʻshancha kuchliroq boʻladi. Navoiyning matlaʼida shunday tasvir laʼldan yasalgan choʻgʻ boʻlsa, ikkinchi majoziy tasvir xayolning xomligi, uchinchi tasvir, xom xayolni laʼl alangasi yordamida pishirish, toʻrtinchi tasvir tojni choʻgʻi lovullab turgan oʻchoq, deb tasavvur qilishdir. Albatta, soʻnggi tasvirni shoir ochib bermaydi, ammo tojning koʻrinishi ham, oltindan yasalgani ham, unda yonib turgan laʼlning choʻgʻi ham oltin oʻchoqni eslatadi.

Navoiyning ona tili dari boʻlmasa ham “Tuhfat ul-afkor” qasidasida soʻz oʻyinini nihoyatda mahorat bilan koʻrsatgan. Matlaʼda (jim va xe) harflari olti marta (toj, xusrav, axgar, xom, xayol, puxtan soʻzlarida) keltirilgan.

Jomiy ikki misradan iborat bir matlaʼda besh marta soʻzlarni qisqartirishga majbur boʻlgan. Birinchi misrada “kungura” soʻzini, “kungur” “shoh” soʻzini “shax”, “ki az”soʻzini “k-az” qilib qisqartirgan boʻlsa, ikkinchi misrada “ki ash” soʻzini “kash” va “andar” soʻzini “dar” qilib qisqartiradi. Xusrav ham “shoh” soʻzini har ikki misrada “shah” qilib qisqartirgan. Soʻzlarni qisqartirish va talaffuzni oʻzgartirish katta ayb hisoblanmasa-da, yetuk shoirlar matlaʼda koʻproq kuch sarflab, soʻzlarni yaxshilab tanlash zaruratini sezib, sheʼr matlaʼsini nuqsonsiz qilishga urinadilar. Navoiyning qasidasida ham soʻz qisqartirish mavjud, lekin matlaʼ bayti aytib oʻtilgandek, nafaqat aybsiz, nuqsonsiz, balki juda chiroyli, adabiy sanʼatlarga boy shoh bayt va matlaʼlardan hisoblanadi.

Mazmunga eʼtibor bersak, Amir Xusrav (102 baytli) qasidasida shoh, mufti, faqih, munajjim, hokim kabilarni ayblaydi, himmat, xokisorlik, faqirlik, rostlik, mehnatsevarlik, javonmardlik, saxovatni targʻib etib, har qanday yomon niyatni qoralab, kishilarni yaxshi yoʻlga yoʻllaydi. Jomiy (100 baytda) Xusrav kabi muftiy, faylasuf, hakim, munajjim kabilarni ayblasa, Xusrav targʻib qilgan fazilatlarni targʻib qilib, man etgan amallarni man etadi. Shuningdek, oʻz qasidasini Xusrav qasidasiga oʻxshatib yozgani va uni “Lujjat ul-asror”, deb nomlanishi qasidaning yaratilish tarixini (880) “farax” soʻzidan hosil qilish mumkinligini bayon qiladi, ammo Jomiy oʻz qasidasida tavozeni targʻib etsa ham oʻzini Xusravdan yuqoriroq qoʻymoqchi boʻladi:

 

Hamchu fikri bikru Xusrav zodaast az lutfi tabʼ,

Dar kamoli xubi in yak xoxar, on yak xoxar ast.

Ey baso xoxar, ki bo xoxar chu gardad jilvagar,

Dar jamol akbar buvad, harchand dar sol asgʻar ast.

 

Yaʼni, bu ikki qasida, kamol va goʻzallikda ikki opa-singilga oʻxshaydi, ammo singil (Jomiy qasidasi), jamolda opasi (Amir Xusrav qasidasi)dan ulugʻroqdir. Yana shuni ham aytib oʻtish kerakki, Jomiy qasidasida uch-toʻrt joyda soʻkish soʻzlari joy olgan.

Navoiy birinchi baytdan boshlab shohga hujumni boshlaydi. Ikkinchi, uchinchi, toʻrtinchi va beshinchi baytlarda ham shu maqsaddan qaytmaydi, muddoi masal sanʼati yordamida mazmunni yaxshiroq ochib berishga harakat qiladi. Shohdan qoʻrqmagan, shoh qulidan qoʻrqmasligi aniq. Shuning uchun shohning salbiy tomonlarini aytgandan soʻng sadr, hokim, shayx, voiz, faqih, qozi, munajjim, sifla, tardoman, dalli, zolim kabilarni qattiq tanqid qiladi va aksincha, ishq, faqir, irfon, mardlik, xokisorlik, rostlikni maqtab, targʻib etadi. Qasidaning bir qismi Jomiyga bagʻishlanadi, nomlanish dalili va yozilgan tarixi qayd etilib, duo bilan tugatiladi.

Xusrav, Jomiy va Navoiy muddaoi masal sanʼatidan keng foydalanganlar. Ammo, Navoiy muddaoi masalni har bir baytda qoʻllaydi. Uning masalalari quyidagi shakllardan iborat:

Muddao isboti uchun tajnis sanʼati vositasida soʻzlarning shakl va maʼnosidan foydalanadi. Misol uchun, “Oqibatni oʻylamagan shoh, mulkni vayron qiladi”, degan gap isboti uchun “Xusrav” soʻzidan foydalanadi. Chunki Xusravning maʼnosi podshohdir, ammo oqibatsiz xusrav, shakl nuqtai nazaridan “xusr” boʻladi va “xusr” soʻzi nuqson, kamchilik, ziyon va buzilish maʼnosini ifodalaydi:

 

Shah, ki yod az marg n-orad z-oʻst vayronai mulk,

Xusravi beoqibat xusri bilodi kishvar ast.

 

Shuningdek, safar va asfar, nahs va najas, abir va anbar, faqih va fiqx, qurb va aqrab, dur va davr, qasr va qaysar, qof va foqih soʻzlaridan ushbu maqsad yoʻlida foydalanadi.

Muddao isboti uchun talmeh sanʼati orqali tarixiy va diniy hikoyatlarga ishora qiladi. Masalan: jom va jam, Xizr va obihayot, Xaybar hisori, arab asirlari, Sanjar va Marvning obodligi, Ibrohim va Ozar hikoyalari hamda Paygʻambar (S. A. V.)ning “Alfaqru faxri” kabi hadislariga ishoralar mavjud.

Muddao isboti uchun hammaga quyoshdek maʼlum yorugʻ haqiqatni keltiradi. Masalan, Gunbadi xazroning (osmon) ishi toʻkishdir, deydi, isboti uchun eng sodda, hamma biladigan misol kifoya. Xinoning bargi yashil, ammo amali qizartirish, deydi:

 

Gunbadi xazro ki xunrezist feʼlash, dur nest,

Bargi xino axzar omad, lek rangash ahmar ast.

 

Mard kishi oldida fano va baqo orasidagi masofa bir manzildir, desa, isboti uchun oftob Mashriqdan Magʻribgacha uzun masofani bir kunda bosib oʻtishini misol qilib beradi:

 

Mardro yak manzil az mulki fano don to baqo,

Mehrro yakroʻza roh az Boxtar to Xovar ast.

 

Shuningdek, yalangʻoch kishi qishda qaltiragani, uxlayotgan kishi uyquda soʻzlaganda uygʻoqlar kulgisi qistagani, tuya uchun sahroda quruq tikan xurmodek shirin ekani, ipak qurti ipakka oʻralib oʻlishi, marmar toshi suvdan mavj topmasligi, sham orasidagi ip uzunroq boʻlganda qirqilishi, dur qiymati bayzodan (tuxum) ancha ortiqligi kabi haqiqatlar misol boʻlib, Navoiy muddaolari isboti uchun xizmat qiladi.

Muddao isboti uchun barchaga ayon boʻlgan gapni emas, balki xoslarga maʼlum haqiqatni oʻzi koʻrib mushohada qilgan voqealarni masal oʻrnida keltiradi. Masalan, yosh bolalar oʻyini (folizbozlik) dehqonning folizidan tubdan farqli ekanligi, bolalikda oʻrganilgan narsalar, qarilikda esda qolishi, daf (doira, childirma) yorilsa uning chambari maymunni oʻynatish uchun qoʻllanishi, sichqon tuxumni qanday oʻgʻirlashi kabi voqealarga ishora qiladi. Aytib oʻtilgan soʻnggi masal juda qiziqarli. Bunday hodisani koʻp kishilar koʻrmagan va hatto eshitmagan. Men ham Navoiyning bu hodisaga ishorasini tushunmaganligim sababli koʻp kishilarga murojaat qildim. Oxiri bir kishi voqea qanday yuz berishini aytib berganidan soʻng quyidagi bayt maʼnosini angladim:

 

Zillat omad hosili xoin, ki mushon chun kunand,

Bayza duzdi on yake, zanbarkash in yak zanbar ast.

 

Yaʼni, xiyonatkor kishilarning hosili (oqibati) zillat va pastlikdan boshqa narsa emas. Buning misoli sichqon siymosida koʻrinadi. Ular tuxumlarni oʻgʻirlaganda, biri zanbar va boshqasi zanbarkash boʻladi. Sichqon qanday qilib zanbar va zanbarkash boʻladi? Savolga bunday javob topdim: tuxumni oʻgʻirlash uchun ikki sichqon bir-biriga yordam beradi. Biri orqasi bilan yerga yotib, tuxumni qorniga chiqaradi va oyoqlari bilan tuxumni koʻksida qisib turadi. Ikkinchisi esa uning dumidan tishlab sudrab uyasiga olib boradi. Yaʼni birisi zanbar boʻlib, tuxumni koʻksiga ortadi, ikkinchisi zanbarkash boʻlib uni tortadi.

Navoiyning “Tuhfat ul-afkor” qasidasi ana shunday qiziqarli hikoyalar, masallar va boshqa adabiy sanʼatlari bilan Xusrav va Jomiyning “Lujjat ul-abror” va “Lujjat ul-asror” qasidalaridan ustunroq turadi. Bunday ustunlikni isbotlash uchun yuqoridagilardan tashqari quyidagilarni aytib oʻtish kerak:

  1. Amir Xusrav matlaʼi unchalik kuchli emas va misralar orasida mantiqiy robita yoʻq, degan edik. Navoiy ham ana shu kamchilikni bilib, Xusrav qasidasining matlaʼini tazmin qiladi, yaʼni har bir misrani baytda ikkinchi misra qilib qoʻyadi, bir-bir misra ularga qoʻshib, uzilgan robitani mustahkam bogʻlab turadi:

 

Lozimi shohi naboshad xoli az dardi sare,

“Koʻsi shah xoliyu bongi gʻulgʻulash dardi sar ast”

Bo dahoni xushku chashmi tar qanoat kun az on-k,

“Har ki qoneʼ shud ba xushku tar shahi bahru bar ast”

 

Navoiyning qoʻshgan misralari Xusrav misralarini maʼno nuqtai nazaridan kuchaytirgani yaqqol koʻrinib turibdi.

  1. Navoiy Sulton Sanjar Saljuqiyni Marv binokori, yaʼni Marv shahriga asos solgan kishi deb baholaydi, ammo Jomiy Sanjarning hirsdan ochilgan ogʻzi Marv tuprogʻidan toʻldi, deb malomat qiladi:

Navoiy:

 

Mulki dil piri javonro hast obodon zi ishq,

Bonii Marvi kuhan Sanjar zi nav xam Sanjar ast.

 

Jomiy:

 

Shud dahoni xirsi Sanjar pur vale az xoki Marv,

In suxan bishnav ki Marve az dahon Sanjar ast.

 

  1. Nuqsonda ham biror foyda bor, degan gapni Navoiy quyidagi misol bilan isbotlab beradi:

Navoiy:

 

Ey baso nuqson, ki dar zimnash buvad yak navʼ sud,

Chun dafi loʻli darid az bahri maymun chanbar ast.

 

Yaʼni, nuqsonda ham biror foyda bor. Loʻli doirasining chanbari maymunni oʻynatish uchun kerak boʻladi.

Xusrav shu maʼnini quyidagi baytlar bilan anglatadi:

 

Hech zishte nest, k-oʻro xubii hamroh nest,

Zangii shabrangro dandon chu dar azhar ast.

Yaʼni, zishtlarni (xunuk) ham biror chiroyi boʻladi. Tundek qaro zangini (qora tanli) tishlari durdek oqdir. Amir Xusrav ushbu baytning birinchi misrasida zishtning chiroyli joyi boʻladi, deb yaxshi mavzuni koʻtaradi, lekin qora tanli kishilarni “zangi shabrang”, deydi. Yaʼni daf va chanbardan Amir Xusrav bunday mazmun chiqaradi:

 

Dil ki shud bemor ummedi buvad to qolab ast,

Daf, ki shud surox gʻarboli buvad to chanbar ast.

 

Yaʼni, yurak kasal boʻlsa ham jism tirik qolsa umid bor. Daf – childirma chanbaridan gʻurbol yasash mumkin. Xusravning bu bayti koʻp sheʼrlardagi haqiqatlarga qarshi turadi, chunki qolip, yaʼni jism asl emas, balki jon va yurak asldir. Qolip buzilsa, yaʼni qoʻl-oyoq qirqilsa, koʻz koʻr, quloq kar boʻlsa yashash mumkin, ammo yurak urmasa, toʻxtab qolsa va yoki jon chiqib ketsa, qolipning hech keragi boʻlmay qoladi.

  1. Navoiy, bir ishni yaxshi va yomon bir xil bajarmaydi, yaxshi yaxshilikka, yomon yomonlikka olib boradi, degan mavzuni quyidagicha ifodalaydi:

 

Zolimu Odil na yaksonand dar taʼmiri mulk,

Xuk digar dar shiyori mulku dehqon digar ast.

 

Yaʼni, zolim va odil oʻrni mulkni obod etishda birdek emas. Masalan, yovvoyi toʻngʻiz yerni kavlab payhon qiladi, ammo dehqon yerni shudgor qilib ekin uchun tayyorlaydi.

Jomiy shu mazmunni bunday ifoda qiladi:

 

Komilu noqis na yaksonand dar qati umur,

On chi az shamshir meshoyad, na kori xanjar ast.

 

Yaʼni, komil va noqis ishni bajarishda birdek emas, shamshir qiladigan ishni xanjar qilolmaydi. Jomiyning bu baytida ikkinchi misra birinchi misra izoh va isbotida yordam berolmaydi. Shamshir va xanjar oʻldirish, zarar yetkazish uchun qoʻllaniladi. Shamshirni faqat shakliga qarab, komil deyish mantiq nuqtai nazaridan toʻgʻri kelmaydi.

Yuqorida aytib oʻtilganga oʻxshash bir qancha baytlar Navoiy, Jomiy, Xusrav qasidalarida mavjud. Har birini izohlash, maqolani choʻzib yuborishi mumkin. Xulosa qilib aytadigan boʻlsak, Amir Xusrav birinchi boʻlib “Lujjat ul-abror” qasidasini yozdi. Keyin Jomiy “Lujjat ul-asror”ni yaratdi. Navoiy bu ikki qasidani chuqur oʻrganib, ulardagi noaniq joylarni tiniqlashtirishni, yangi mavzularni olib kirishni, soʻz sanʼatlari va majoziy tasvirlar yordamida mazmunni kuchli va taʼsirli etishni oʻziga maqsad qilib qoʻydi. Darhaqiqat, Navoiyning “Tuhfat ul-afkor”(Fikrlar tuhfasi) qasidasining baytlari soni ozroq boʻlsa ham chuqur maʼno va goʻzal ifodasi bilan oʻziga xos yuksak oʻrinda turadi. Shuning uchun bu qasidani taqlid emas, balki fikrdoshlikning yangi bir mahsuli, deyish toʻgʻri boʻladi.

Orif shoirlar komil Inson boʻlishni oʻzlariga maqsad qilib qoʻyganlar. Har doim komil inson izlaganlar va insonni komillik sari olib borishga intilganlar. Amir Xusrav Dehlaviy, Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiylar ham “Lujjat ul-abror”, “Lujjat ul-asror”, “Tuhfat ul-afkor” qasidalarini ana shu muqaddas gʻoya yoʻlida inson fazilatini oshirish va uni komillik sari yoʻllash uchun yozganlar.

 

Tabdil qiluvchi: Abdurasul ESHONBOBOYEV

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2016–9

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/izdoshlikmi-yoki-fikrdoshlik/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x